Avtomobil yoʻllarini qurish, rekonstruksiya qilish va taʼmirlashda laboratoriya sinovlarini amalga oshirish toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida (3904-son)
18.07.2026
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI TRANSPORT VAZIRINING
BUYRUGʻI
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2026-yil 18-iyulda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 3904]
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 14-iyundagi PF-94-son “Maʼmuriy islohotlar doirasida transport sohasida davlat boshqaruvini samarali tashkil qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi hamda 2025-yil 8-sentabrdagi PF-161-son “Islohotlarni huquqiy jihatdan taʼminlash samaradorligini oshirish hamda ijtimoiy munosabatlarni tartibga solishda vazirlik va idoralarning masʼuliyati va tashabbuskorligini kuchaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmonlariga muvofiq buyuraman:
1. Avtomobil yoʻllarini qurish, rekonstruksiya qilish va taʼmirlashda laboratoriya sinovlarini amalga oshirish toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur buyruq Oʻzbekiston Respublikasi Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasi hamda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oʻzbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi bilan kelishilgan.
3. Ushbu buyruq rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran uch oydan keyin kuchga kiradi.
Vazir I. MAXKAMOV
Toshkent sh.,
2026-yil 22-iyun,
4-son
Kelishildi:
Texnik jihatdan tartibga solish agentligi direktori A. JUMANAZAROV
2026-yil 15-iyun
Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vaziri Sh. XIDOYATOV
2026-yil 4-iyun
Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasi rahbari S. ESHQUVVATOV
2026-yil 8-may
Oʻzbekiston Respublikasi transport vazirining 2026-yil 22-iyundagi 4-son buyrugʻiga ILOVA
Avtomobil yoʻllarini qurish, rekonstruksiya qilish va taʼmirlashda laboratoriya sinovlarini amalga oshirish toʻgʻrisidagi
NIZOM
Ushbu Nizom avtomobil yoʻllarini qurish, rekonstruksiya qilish va taʼmirlashda bajarilgan ishlarning, yoʻl qurilishi sohasiga doir qonunchilik hujjatlari, texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar, shaharsozlik normalari va qoidalariga hamda loyiha talablariga (bundan buyon matnda yoʻl qurilishiga oid hujjatlar deb yuritiladi) muvofiqligini aniqlash boʻyicha laboratoriya sinovlarini amalga oshirish tartibini belgilaydi.
1-bob. Umumiy qoida
1. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
sinash laboratoriyasi — sinashni amalga oshiruvchi yuridik shaxs yoki uning tarkibiy boʻlinmasi;
laboratoriya sinovlari — avtomobil yoʻllarini qurish, rekonstruksiya qilish va taʼmirlashda bajarilgan ishlarning, jumladan qoʻllanilgan materiallar va konstruksiyalarning yoʻl qurilishiga oid hujjatlarga muvofiqligini aniqlash jarayoni;
akkreditatsiya — muvofiqlikni baholash organlarining muayyan faoliyat sohasida muvofiqlikni baholashga doir ishlarni bajarishga vakolatliligini akkreditatsiya organi tomonidan rasman tasdiqlash;
buyurtmachi — obyektlarni qurish, rekonstruksiya qilish, taʼmirlash va buzishning amalga oshirilishini taʼminlovchi, shuningdek shu maqsadlarda loyiha-qidiruv, ekspertlik, qurilish-montaj va nazorat ishlarini bajarish uchun tegishli tashkilotlar bilan shartnomalar tuzuvchi jismoniy yoki yuridik shaxs;
pudrat tashkiloti — buyurtmachi tomonidan amaldagi qonunchilik asosida belgilangan hamda shartnomada koʻrsatilgan ishlarni belgilangan muddatda bajarish va topshirish majburiyatini olgan yuridik shaxs.
2-bob. Avtomobil yoʻllarini qurish, rekonstruksiya qilish va taʼmirlashda sinash laboratoriyasini jalb qilish
2. Avtomobil yoʻllarini qurish, rekonstruksiya qilish va taʼmirlashda bajarilgan ishlarning sifati ustidan pudrat tashkiloti tomonidan doimiy ravishda laboratoriya nazorati taʼminlanadi.
Bunda ushbu bajarilgan ishlarning sifatini nazorat qilish pudrat tashkilotining sinash laboratoriyasi yoki shartnoma asosida jalb etiladigan tashkilot tomonidan laboratoriya sinovlarini oʻtkazgan holda amalga oshiriladi.
3. Ichki nazorat pudrat tashkiloti tomonidan kamchiliklarni oʻz vaqtida aniqlash hamda ularni bartaraf etish va oldini olish boʻyicha choralar koʻrish maqsadida amalga oshiriladi.
4. Avtomobil yoʻllarini qurish, rekonstruksiya qilish va taʼmirlashda bajarilgan ishlarning bosqichma-bosqich laboratoriya sinovidan oʻtkazilishi va uning toʻliqligi, toʻgʻriligi, ishonchliligi va obyektivligi ustidan ichki nazoratni taʼminlash uchun pudrat tashkiloti masʼul mutaxassisni belgilaydi.
5. Buyurtmachi tomonidan avtomobil yoʻllarini qurish, rekonstruksiya qilish va taʼmirlashda bajarilgan ish hajmlarini pudrat tashkilotidan qabul qilib olishda yoʻl qurilishiga oid hujjatlarga muvofiqligi va sifati taʼminlanganligini aniqlash uchun sinash laboratoriyasi jalb qilinadi.
Bunda ushbu sinash laboratoriyasi akkreditatsiyadan oʻtgan boʻlishi va uni jalb qilish Oʻzbekiston Respublikasining “Davlat xaridlari toʻgʻrisida”gi Qonuniga muvofiq amalga oshiriladi.
6. Buyurtmachi tomonidan pudrat tashkilotining sinash laboratoriyasini yoki u tomondan jalb etilgan sinash laboratoriyasini jalb qilinishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
7. Buyurtmachi va pudrat tashkilotining laboratoriya sinovlari natijalari yuzasidan ular oʻrtasida nizoli holatlar yuzaga kelganda, ushbu sinovlarda ishtirok etmagan akkreditatsiyadan oʻtgan sinash laboratoriyasi tomonidan qayta sinovlar oʻtkazilishi mumkin.
3-bob. Sinash laboratoriyasining vazifalari, huquqlari va majburiyatlari
8. Avtomobil yoʻllarini qurish, rekonstruksiya qilish va taʼmirlashda bajarilgan ishlarni laboratoriya sinovlaridan oʻtkazish mazkur Nizomning 1-ilovasiga muvofiq amalga oshiriladi.
9. Sinash laboratoriyasi avtomobil yoʻllarini qurish, rekonstruksiya qilish va taʼmirlashda bajarilgan ishlarning har bir bosqichida ularning yoʻl qurilishiga oid hujjatlar talablariga muvofiqligini laboratoriya sinovlari orqali aniqlaydi.
Bunda laboratoriya sinovi natijalari mazkur Nizomning 2-ilovasiga muvofiq shaklda sinov bayonnomasi bilan rasmiylashtiriladi.
10. Sinash laboratoriyasining vazifalari quyidagilardan iborat:
avtomobil yoʻllarini qurish, rekonstruksiya qilish va taʼmirlashda bajarilgan ishlarning, jumladan qoʻllanilgan materiallar (asfaltbeton, beton va boshqa qorishmalar), konstruksiyalar va buyumlarning yoʻl qurilishiga oid hujjatlar hamda loyiha hujjatlariga muvofiqligi yuzasidan laboratoriya sinovlarini oʻtkazish;
oʻtkazilgan laboratoriya sinovlarining natijalari yuzasidan sinov bayonnomalari va hisobotlarini rasmiylashtirish.
11. Sinash laboratoriyasi quyidagi huquqlarga ega:
avtomobil yoʻllarini qurish, rekonstruksiya qilish va taʼmirlashda bajarilgan ishlarni laboratoriya sinovlaridan oʻtkazish uchun namunalar olish;
avtomobil yoʻllarini qurish, rekonstruksiya qilish va taʼmirlashda bajarilgan ishlarni laboratoriya sinovlaridan oʻtkazish natijalari boʻyicha aniqlangan nomuvofiqliklar yuzasidan shartnoma tuzilgan tomonga taklif kiritish.
Sinash laboratoriyalari qonunchilikda belgilangan boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
12. Sinash laboratoriyasi quyidagilarga majbur:
avtomobil yoʻllarini qurish, rekonstruksiya qilish va taʼmirlashda bajarilgan ishlarni laboratoriya sinovlaridan oʻtkazish natijalari boʻyicha sinov bayonnomalari va hisobotlarini rasmiylashtirish;
akkreditatsiyadan oʻtkazilgan laboratoriyalar sinov bayonnomalarining (ishlab chiqarishdagi laboratoriyalar ichki ehtiyojlari uchun oʻtkazgan sinovlari bundan mustasno) “e-akkreditatsiya” axborot tizimida roʻyxatga olingan holda rasmiylashtirish;
ish jurnallari va daftarlarini belgilangan tartibda yozma va elektron ravishda yuritib borish;
laboratoriya sinovlarini yoʻl qurilishiga oid hujjatlarga muvofiq toʻliq, haqqoniy va vakolat doirasida amalga oshirish.
Sinash laboratoriyalari qonunchilik hujjatlariga muvofiq boshqa majburiyatlarga ham ega boʻlishi mumkin.
4-bob. Yakuniy qoida
13. Mazkur Nizom talablarining buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlariga muvofiq javobgar boʻladilar.
Avtomobil yoʻllarini qurish, rekonstruksiya qilish va taʼmirlashda laboratoriya sinovlarini amalga oshirish toʻgʻrisidagi nizomga 1-ILOVA
Avtomobil yoʻllarini qurish, rekonstruksiya qilish va taʼmirlashda bajarilgan ishlarni laboratoriya sinovidan oʻtkazish
JADVALI
Izohlar:
* har bir texnologik qatlamda kamida 3 nuqtada, yoʻl poyining oʻqi boʻylab va qirgʻoqdan 0,5 — 1,0 metr masofada, yoʻl poyining kengligi 20 metrdan ortiq boʻlganda esa ular orasidagi oraliqlarda, koʻtarma balandligi 3 metrgacha boʻlganda kamida 200 metr oraliqda va koʻtarma balandligi 3 metrdan ortiq boʻlganda kamida 50 metr oraliqda laboratoriya sinovlari amalga oshiriladi.
** qoplamaning chetidan yoki yoʻl oʻqidan kamida 0,5 metr masofada joylashgan qismidan, qoplamaning eni 7 metrdan kam boʻlganda 1 km.gacha uchta, qoplamaning eni 7 metrdan keng boʻlsa har 7000 m2 maydondan uchta namuna olinadi va laboratoriya sinovlari amalga oshiriladi.
sinov natijalari boʻyicha uchta namunaning birida (2 333 m2 qoplamada) loyiha va yoʻl qurilishiga oid hujjatlarga mos kelmasa, ushbu namuna olingan maydondan qoʻshimcha uchta namuna olinadi. Laboratoriya sinov natijalariga muvofiq ushbu maydondagi (2 333 m2) qoplamaning sifatliligi yoki sifatsizligiga baho beriladi.
asfaltbeton qoplamaning zichlanganlik koeffitsiyenti (K) A va B turdagi qoplamaning pastki qatlami uchun K — 0.98 dan, yuqori qatlam uchun K — 0.99 dan, V, G va D turlari uchun K — 0.98 dan, sovuq qorishmalardan tayyorlangan asfaltbeton uchun K — 0.96 dan, boshqa qoplamalar (yoʻlaklar, trotuarlar, maydonchalar, velosiped yoʻlaklari) uchun — K 0.93 dan kam boʻlmasligi kerak (chaqiq tosh-mastikali asfaltbeton va polimer chaqiq tosh-mastikali asfaltbeton qorishmalari bundan mustasno).
Avtomobil yoʻllarini qurish, rekonstruksiya qilish va taʼmirlashda laboratoriya sinovlarini amalga oshirish toʻgʻrisidagi nizomga 2-ILOVA
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.07.2026-y., 10/26/3904/0763-son)
