Bond omborlari faoliyatini tashkil etish va ular orqali tovarlarni sotish tartibi toʻgʻrisida (388-son)
16.07.2026
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI VAZIRLAR MAHKAMASINING
QARORI
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasida elektron tijorat sohasini yanada rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratishga doir chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2026-yil 13-apreldagi PQ-136-son qarori ijrosini taʼminlash, shuningdek, tovarlarni bond omborlari orqali sotishni yoʻlga qoʻyish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar:
Bond ombori faoliyatini tashkil etish va amalga oshirish tartibi toʻgʻrisidagi vaqtinchalik nizom 1-ilovaga muvofiq;
Maxsus elektron savdo platformalari orqali jismoniy shaxslarga tovarlarni chakana sotish tartibi toʻgʻrisidagi vaqtinchalik nizom 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Belgilansinki:
Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Bojxona qoʻmitasi bond omborlari reyestrini shakllantirish va yuritish boʻyicha vakolatli organ hisoblanadi;
Oʻzbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi Maxsus elektron savdo platformalari reyestrini shakllantirish va yuritish boʻyicha vakolatli organ hisoblanadi.
3. Tovarlar isteʼmolchiga yetkazib berilgunga qadar ularni jismoniy shaxslarga sotish jarayoni toʻgʻrisidagi maʼlumotlar real vaqt rejimida monitoring qilib borilishini taʼminlash maqsadida ushbu qarorning 2-bandida koʻrsatilgan reyestrlarga kiritish uchun ariza berilgan kundan eʼtiboran ikki oy muddatda:
Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Bojxona qoʻmitasi oʻz axborot tizimlarini — bond omborlari operatorlarining axborot tizimlari bilan;
Oʻzbekiston Respublikasi Soliq qoʻmitasi oʻz axborot tizimlarini — maxsus elektron savdo platformasining axborot tizimlari bilan integratsiya qilinishini taʼminlasin.
4. Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — iqtisodiyot va moliya vaziri J.A. Qoʻchqorov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2026-yil 16-iyul,
388-son
Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 16-iyuldagi 388-son qaroriga 1-ILOVA
Bond ombori faoliyatini tashkil etish va amalga oshirish tartibi toʻgʻrisida
VAQTINCHALIK NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom bond ombori faoliyatini tashkil etish, unga qoʻyiladigan talablar hamda bond omboriga tovarlarni joylashtirishda bojxona nazorati va rasmiylashtiruvini tashkil etish tartibini belgilaydi.
2. Bond omboriga joylashtirilgan tovarlarga Oʻzbekiston Respublikasining tashqi iqtisodiy faoliyat sohasidagi qonunchilik hujjatlari va ushbu Nizom asosida belgilangan tartiblar, taqiqlar va cheklovlar qoʻllanadi.
3. Mazkur Nizomda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
bond ombori — xorijiy tovarlarni “erkin ombor” bojxona rejimida bojxona nazorati ostida saqlash hamda rezidentlar va norezidentlar tomonidan maxsus elektron savdo platformalari orqali jismoniy shaxslarga notijorat maqsadlarda oʻz ehtiyojlari uchun chakana sotishga moʻljallangan, binolar va (yoki) ochiq maydonlar, shu jumladan, erkin ombor hududini oʻz ichiga olgan maxsus jihozlangan va belgilangan joy;
bond ombori operatori — mazkur Nizom talablariga muvofiq bond omboriga joylashtirilgan tovarlar bojxona nazorati ostida turgan tovar maqomini yoʻqotguniga qadar ularni saqlash boʻyicha xizmatlar koʻrsatuvchi va mazkur tovarlar uchun javobgar boʻlgan Oʻzbekiston Respublikasi rezidenti — yuridik shaxs;
bond omborlari reyestri — Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Bojxona qoʻmitasi (keyingi oʻrinlarda — Bojxona qoʻmitasi) tomonidan shakllantiriladigan bond omborlari roʻyxati;
ombor boshqaruv tizimi — bond ombori operatorining bond omboriga kelib tushgan, saqlanayotgan, sotilgan, qaytarilgan va ombordan chiqariladigan tovarlar harakatini takrorlanmaydigan shtrix-kod yoki boshqa identifikator orqali hisobga oluvchi va bojxona organlari axborot tizimlari bilan integratsiya qilingan axborot tizimi;
tovar egasi — tovarlarni qabul qilib oluvchi va oʻzi haqidagi maʼlumotlar transport hujjatlarida koʻrsatilgan shaxs.
4. Bond ombori faoliyatini amalga oshirishga erkin ombor faoliyatini litsenziyalash tartibi asosida hamda belgilangan tartibda bond omborlari reyestriga kiritilgan taqdirda ruxsat etiladi.
5. Bond omboriga joylashtirilgan tovarlar bilan quyidagi operatsiyalar bajarilishi mumkin:
maxsus elektron savdo platformalari orqali jismoniy shaxslarga sotiladigan chet el tovarlarini saqlash;
tovarning oʻzgarmas holatda but saqlanishini taʼminlash operatsiyalari;
tovarlarni sotish va tashishga tayyorlash boʻyicha operatsiyalar, shu jumladan, saralash, partiyalarni shakllantirish, qadoqlash, qayta qadoqlash, markirovkalash (aksiz markalaridan tashqari) va shu kabi boshqa operatsiyalar;
oddiy yigʻish operatsiyalari.
Bond omboriga joylashtirilgan tovar bilan jismoniy shaxslarga notijorat maqsadlarda oʻz ehtiyojlari uchun maxsus elektron savdo platformasi orqali chakana savdo operatsiyalarini amalga oshirishga yoʻl qoʻyiladi.
2-bob. Bond ombori faoliyatini tashkil etish tartibi
6. Bond omborlari reyestriga kiritish talablari:
bond ombori joylashgan hududda amaldagi litsenziyaga ega erkin ombor mavjudligi;
maxsus elektron savdo platformasi bilan oʻzaro hamkorlik yoki sheriklik toʻgʻrisida shartnoma mavjudligi;
bojxona organlarining axborot tizimlari bilan integratsiya qilingan, nazorat qilinadigan tovarlar bond omboriga kelib tushgan paytdan boshlab bojxona nazoratidan chiqarilguniga qadar ularning barcha harakat jarayonlarini toʻliq nazorat qila oladigan avtomatlashtirilgan elektron hisob yuritish tizimining mavjudligi;
mulk huquqi, egalik qilish, foydalanish yoki ijara huquqlari asosida umumiy maydoni kamida 15 000 kvadrat metr boʻlgan yaxlit erkin omborga ega boʻlish.
7. Bond ombori faoliyatini tashkil etish uchun yuridik shaxs ushbu Nizomga ilovaga muvofiq Bojxona qoʻmitasiga yozma yoki elektron shakldagi arizani va ushbu Nizomning 6-bandida belgilangan talablar bajarilganini tasdiqlovchi hujjatlarni yuboradi.
8. Bojxona qoʻmitasi ariza kelib tushgan kundan boshlab 10 ish kuni ichida arizani va unga ilova qilingan hujjatlarni koʻrib chiqadi hamda ariza beruvchiga uni bond omborlari reyestriga kiritish yoki kiritishni rad etish toʻgʻrisida javob xatini yozma yoki elektron shaklda yuboradi.
9. Bond ombori ushbu Nizomning 6-bandida belgilangan talablarga javob bermasa va uning operatori ushbu Nizomda belgilangan majburiyatlarni bajarmasa, Bojxona qoʻmitasi bond omborini bond omborlari reyestridan chiqaradi.
Bond ombori bond omborlari reyestridan chiqarilgan sanadan eʼtiboran ularda saqlanayotgan tovarlarga vaqtincha saqlash bojxona rejimida turgan tovarlar sifatida qaraladi hamda tovarlarni saqlash uchun bond omboriga joylashtirishga va ularni sotishga yoʻl qoʻyilmaydi.
Vaqtincha saqlash bojxona rejimida turgan tovarlar Oʻzbekiston Respublikasi Bojxona kodeksi talablari asosida umumbelgilangan tartibda bojxona rasmiylashtiruvidan oʻtkaziladi.
3-bob. Tovarlarni respublika hududiga olib kirish va bond omboriga joylashtirish tartibi
10. Bond omboriga joylashtiriladigan tovarlar istalgan transport turi orqali respublika hududiga olib kirilishi mumkin. Bunda ushbu tovarlar umumbelgilangan tartibda chegara bojxona postidan olib oʻtiladi va bond omboriga yetkaziladi.
11. Transport vositalarining manzilga yetib borgani bond ombori operatori yoki uning vakolatli shaxsi tomonidan Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 20-avgustdagi 531-son qarori bilan tasdiqlangan Bojxona nazorati ostidagi tovarlarga nisbatan yuk operatsiyalarini amalga oshirish tartibi toʻgʻrisidagi nizom talablari asosida tasdiqlanadi.
12. Axborot tizimida transport vositalarining bond omboriga yetib kelgani tasdiqlanishi bilan tovarlarning toʻliq saqlanishini taʼminlash boʻyicha javobgarlik bond ombori operatoriga oʻtadi.
13. Bond omboriga yetkazilgan tovarlar boʻyicha tovar egasi tomonidan ular yetkazilgan vaqtdan eʼtiboran 15 kalendar kun mobaynida bojxona organlariga “erkin ombor” bojxona rejimiga joylashtirish uchun bojxona yuk deklaratsiyasi (keyingi oʻrinlarda — BYD) taqdim etiladi.
Bunda BYD quyidagi qoʻshimcha xususiyatlarni inobatga olgan holda toʻldiriladi:
a) 1-grafa. “Deklaratsiya turi”.
Grafaning birinchi boʻlmasida “IM” belgisi koʻrsatiladi.
Grafaning ikkinchi boʻlmasida Bojxona rejimlari tasniflagichiga muvofiq “73” kodi koʻrsatiladi.
Grafaning uchinchi boʻlmasida “BO” belgisi koʻrsatiladi;
b) 31-grafa. “Yuk joylari va tovar tavsifi”.
Grafada har bir tovar boʻyicha uning identifikatsiya kodi koʻrsatiladi;
v) 49-grafa. “Ombor nomi”.
Grafada erkin omborni taʼsis etish uchun berilgan litsenziya raqami va sanasi koʻrsatiladi.
14. Bond omboriga joylashtiriladigan va undan olib chiqiladigan barcha tovarlar uchun taqdim etiladigan deklaratsiyalarda qoʻshimcha ravishda tovarlarni chakana sotishda qoʻllanadigan oʻlchov birlikdagi miqdori (dona, juft, komplekt) koʻrsatilishi shart.
15. Bond omboriga tovar miqdori va harakatini masofadan turib nazorat qilish imkonsiz boʻlgan, chakana sotish uchun qadoqlanmagan, tortiladigan yoki oʻlchanadigan barcha tovarlarni joylashtirish taqiqlanadi.
16. Bond omboriga yetkazilgan tovarlarni deklarant tomonidan koʻzdan kechirishga hamda BYD taqdim etilmaguniga qadar tovarlar bilan yuk operatsiyalarini amalga oshirishga yoʻl qoʻyilmaydi (bond ombori operatori tomonidan ombor boshqaruv tizimida tovarlarni identifikatsiya qilish, har bir tovar birligi boʻyicha takrorlanmaydigan identifikatsiya kodlarini shakllantirish bilan bogʻliq tovarning nomi, miqdori, vazni, qiymati, holati va qadogʻini oʻzgartirmaydigan operatsiyalar bundan mustasno).
17. Taqdim etilgan BYD bojxona organlari tomonidan Xavflarni boshqarish tizimi (keyingi oʻrinlarda — XBT) orqali belgilangan yoʻlaklar asosida rasmiylashtiriladi va tovarlarga nisbatan notarif tartibotlar qoʻllanilmaydi hamda ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlar mavjud ekanligi bojxona organlari tomonidan tekshirilmaydi (fitosanitar nazorati ostidagi tovarlar bundan mustasno).
Tovarlarning texnik jihatdan tartibga solish, sanitariya va veterinariya sohasidagi qonunchilik hujjatlari talablariga muvofiqligini taʼminlash boʻyicha javobgarlik bond ombori operatoriga yuklanadi.
4-bob. Tovarlarni bond omboridan chiqarish tartibi
1-§. Bond omboridan respublika hududiga chiqariladigan tovarlarni rasmiylashtirish tartibi
18. Maxsus elektron savdo platformasi orqali jismoniy shaxslarga notijorat maqsadlarda oʻz ehtiyojlari uchun chakana sotilgan chet el tovarlari bojxona organlariga taqdim etilgan va rasmiylashtirilgan joʻnatmalar deklaratsiyasi asosida bond ombori hududidan chiqariladi.
Bunda joʻnatmalar deklaratsiyasi bojxona organlariga tovar egasi yoki uning nomidan bojxona brokeri tomonidan taqdim etiladi.
Mazkur bandning birinchi xatboshisida nazarda tutilmagan boshqa hollarda tovarlar bond omboridan Oʻzbekiston Respublikasi Bojxona kodeksi talablari asosida umumbelgilangan tartibda bojxona rasmiylashtiruvidan oʻtkazish orqali olib chiqiladi.
19. Qonunchilik hujjatlarida belgilangan bojxona toʻlovlari toʻliq toʻlanib, joʻnatmalar deklaratsiyasi rasmiylashtirilgandan soʻng tovarlarni chiqarishga ruxsat etiladi.
Bunda bojxona toʻlovlari tovar egasi tomonidan taqdim etilgan joʻnatmalar deklaratsiyasi maʼlumotlaridan avtomatik shakllangan umumiy shakldagi bojxona kirim orderi (keyingi oʻrinlarda — BKO) asosida undiriladi.
BKO 1-grafaning uchinchi boʻlmasida “BO” belgisi koʻrsatiladi.
Qonunchilik hujjatlarida belgilangan bojxona toʻlovlarini toʻlash boʻyicha majburiyat maxsus elektron savdo platformasi operatoriga yuklanadi.
20. Tovar boʻyicha taqdim etilgan joʻnatmalar deklaratsiyasi yoki BYD rasmiylashtirilgan kundan eʼtiboran mazkur tovarlar uch kun ichida bond ombori hududidan olib chiqilishi kerak.
21. Joʻnatmalar deklaratsiyasi tovarni chiqarishga ruxsat berilgunga qadar tuzatilishi yoki bekor qilinishi mumkin.
Joʻnatmalar deklaratsiyasi asosida rasmiylashtirilgan va chiqarilgan tovarlar Oʻzbekiston tovari maqomini oladi.
Ushbu tovarlar uchun rasmiylashtirilgan joʻnatmalar deklaratsiyasini bekor qilishga va tovarlarni bond omboriga qayta joylashtirishga yoʻl qoʻyilmaydi hamda undirilgan bojxona toʻlovlari qaytarilmaydi.
2-§. Bond omboridan xorijiy mamlakat hududiga chiqariladigan tovarlarni rasmiylashtirish tartibi
22. Maxsus elektron savdo platformasi orqali xorijiy mamlakat hududidagi jismoniy shaxslarga chakana sotilgan tovarlar bojxona organlariga taqdim etilgan joʻnatmalar deklaratsiyasi asosida rasmiylashtiriladi.
Bunda joʻnatmalar deklaratsiyasi bojxona organlariga tovar egasi yoki uning nomidan bojxona brokeri tomonidan taqdim etilishi mumkin.
23. Joʻnatmalar deklaratsiyasi asosida rasmiylashtirilgan tovarlar bond ombori operatori tomonidan bond ombori hududidagi maxsus joyda saqlanadi va ushbu tovarlar jamlanmasiga rasmiylashtirilgan tranzit deklaratsiyasi orqali chegara bojxona postiga yuboriladi.
24. Joʻnatmalar deklaratsiyasi asosida rasmiylashtirilgan chet el tovarlari chet el tovari maqomini saqlab qoladi.
Ushbu tovarlar uchun rasmiylashtirilgan joʻnatmalar deklaratsiyasini bekor qilishga va tovarlarni bond omboriga qayta joylashtirishga yoʻl qoʻyilmaydi.
Qonunchilik hujjatlarida respublika hududidan olib chiqiladigan tovarlarga bojxona toʻlovlari toʻlanishi nazarda tutilgan holatlarda bojxona toʻlovlari toʻliq toʻlanib, joʻnatmalar deklaratsiyasi rasmiylashtirilgandan soʻng tovarlarni chiqarishga ruxsat etiladi.
25. Tovar boʻyicha taqdim etilgan joʻnatmalar deklaratsiyasi yoki BYD rasmiylashtirilgan kundan eʼtiboran uch kun ichida tovar bond ombori hududidan olib chiqilishi kerak.
5-bob. Ishtirokchilarning huquqlari
26. Bojxona nazorati va rasmiylashtiruvini amalga oshirishda bond ombori operatori va tovar egasi quyidagi huquqlarga ega:
bojxona organlarining bojxona nazorati va rasmiylashtiruvi jarayonidagi noqonuniy xatti-harakati yuzasidan shikoyat qilishga;
tovarlarning bojxona nazorati va rasmiylashtiruvi jarayonlari yuzasidan bojxona organlaridan qonuniy tushuntirishlar olishga;
joʻnatmalar deklaratsiyasini shakllantirish va bojxona organlariga taqdim etish imkoniyati mavjud boʻlgan, bojxona organlari axborot tizimlari bilan integratsiya qilingan elektron dasturlardan foydalanishga hamda ushbu elektron dastur orqali joʻnatmalarning holati va belgilangan xavf darajasi haqida maʼlumot olishga;
tovarlarning bojxona nazorati va rasmiylashtiruvi hamda ushbu jarayonda qoʻllanadigan elektron dasturlar boʻyicha takliflar berishga;
ular tomonidan taqdim etilgan joʻnatmalar deklaratsiyasi rasmiylashtirilgan sanadan boshlab bir oy muddatda yuklab olish hamda qogʻozda yozma shaklini chop etishga.
Bond ombori operatori uchun qonunchilik hujjatlari bilan boshqa huquqlar ham belgilanishi mumkin.
27. Bojxona nazorati va rasmiylashtiruvini amalga oshirishda bojxona organi xodimi quyidagi huquqlarga ega:
taqdim etilgan joʻnatmalar deklaratsiyasida nomuvofiqliklar aniqlanganda, bojxona xizmati organlari, huquqni muhofaza qiluvchi organlar, xorijiy davlatlar yoki xalqaro tashkilotlardan olingan maʼlumotlar hamda tezkor-qidiruv natijalari asosida belgilangan xavfni kamaytirish choralarini oʻzgartirish va qoʻshimcha tadbirlarni amalga oshirish;
aniqlangan xatolik yoki nomuvofiqliklar (tafovutlar) holatlari sabablarini oʻrganish maqsadida taqdim etilayotgan elektron hujjatlarga qoʻshimcha hujjatlarni talab qilish;
agar oʻrganish davomida qonunchilikda nazarda tutilgan jinoyat alomatlari mavjudligi aniqlansa, tergovga qadar tekshiruv harakatlarini olib borish;
tovarlarni qonunchilik hujjatlari asosida koʻzdan kechirish;
vakolatli shaxslardan koʻzdan kechirish uchun tovarlarni, shuningdek, zarur hujjatlarni taqdim etishni talab qilish;
bojxona nazoratidan oʻtkazish maqsadida tovarlar hamda boshqa buyumlardan namuna va nusxalar olish;
tovar egasi, bond ombori operatori va maxsus elektron savdo platformasidan bojxona maqsadlari uchun zarur boʻlgan maʼlumotlarni olish;
bojxona haqidagi qonunchilik hujjatlarining buzilishiga doir materiallarni belgilangan tartibda koʻrib chiqish hamda vakolatli shaxslarni qonunchilik hujjatlariga muvofiq javobgarlikka tortish.
Bojxona organi xodimi qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
6-bob. Ishtirokchilarning majburiyatlari
29. Bojxona nazorati va rasmiylashtiruvi jarayonida quyidagilar bond ombori operatorining majburiyatlari hisoblanadi:
tovarlarni saqlash va sotishda barcha xavfsizlik qoidalariga rioya etish;
bond ombori hududi va bojxona nazorati zonasiga ruxsat etilmagan (ombor xodimlari boʻlmagan, tovarlarga nisbatan vakolatga ega boʻlmagan) shaxslarni kiritmaslik;
bojxona organlari tomonidan tasdiqlangan texnologik sxema asosida tovarlarni bojxona nazoratidan oʻtkazish uchun barcha zarur texnik vositalar bilan jihozlash va bojxona rasmiylashtiruvini amalga oshirish uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish;
bond omborida saqlanayotgan tovarlarni bojxona rasmiylashtiruvi yakunlanmasdan yoki bojxona organlarining ruxsatisiz chiqarib yuborishga, tovarlarni boshqasiga almashtirishga yoxud mazkur hududda tovarlar bilan taqiqlangan operatsiyalar amalga oshirilishiga yoʻl qoʻymaslik;
tegishli axborot tizimlari orqali bond omborlarida saqlanayotgan va sotilgan tovarlar boʻyicha real vaqt rejimida shakllanib boruvchi hisobot shaklini bojxona organlariga taqdim etib borish;
bond omboriga joylashtirilgan tovarlar bojxona organining ruxsatisiz berib yuborilgan yoki yoʻqolgan, bojxona toʻlovlari toʻlanishi uchun bond ombori operatori javobgar boʻladigan, bojxona haqidagi qonunchilik hujjatlarida nazarda tutiladigan boshqa holatlarda bojxona toʻlovlarini toʻlash.
Bond ombori operatoriga qonunchilikda belgilangan boshqa majburiyatlar ham yuklanishi mumkin.
30. Bojxona nazorati va rasmiylashtiruvi jarayonida quyidagilar tovar egasining majburiyatlari hisoblanadi:
bojxona organlariga oʻz vaqtida BYD va joʻnatmalar deklaratsiyasi taqdim etilishini taʼminlash;
deklaratsiyalangan tovarlarni belgilangan muddatlarda chiqarib yuborish.
Tovar egasiga qonunchilikda belgilangan boshqa majburiyatlar ham yuklanishi mumkin.
31. Bojxona nazorati va rasmiylashtiruvini amalga oshirishda quyidagilar bojxona organlarining majburiyatlari hisoblanadi:
deklaratsiyalash va rasmiylashtiruv davomida Xavfni boshqarish tizimining topshirigʻidagi bojxona operatsiyalarini bajarish;
xavfni kamaytirish choralarini oʻzgartirish natijasida bojxona koʻrigini oʻtkazish zarurati mavjud boʻlganda, bu toʻgʻrisida tovar egasini xabardor etish;
tovar egasining bojxona nazorati va rasmiylashtiruvi boʻyicha taqdim etgan yozma murojaatlarini koʻrib chiqish;
oʻz xizmat vazifalarini bajarish natijasida oʻziga maʼlum boʻlib qolgan tijorat siri hisoblangan axborotni hamda shaxsga doir konfidensial maʼlumotlarni oshkor etmaslik, qonunda belgilangan hollar bundan mustasno.
Bojxona organiga qonunchilikda belgilangan boshqa majburiyatlar ham yuklanishi mumkin.
7-bob. Yakunlovchi qoidalar
33. Bond omboriga joylashtirilgan tovarlar maxsus elektron savdo platformasi orqali ikki yil muddatda sotilmagan taqdirda, ushbu muddat yakunlangandan soʻng bir oy mobaynida umumbelgilangan tartibda reeksport, yoʻq qilish, davlat foydasiga voz kechish yoki bojxona toʻlovlarini toʻlagan holda erkin muomalaga chiqarish bojxona rejimlaridan biriga joylashtiriladi.
34. Mazkur Nizom talablarini bajarishdan kelib chiqadigan har qanday nizo va kelishmovchiliklar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda hal qilinadi.
35. Ushbu Nizom talablarini buzgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradilar.
Bond ombori faoliyatini tashkil etish va amalga oshirish tartibi toʻgʻrisidagi vaqtinchalik nizomga ILOVA
Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 16-iyuldagi 388-son qaroriga 2-ILOVA
Maxsus elektron savdo platformalari orqali jismoniy shaxslarga tovarlarni chakana sotish tartibi toʻgʻrisida
VAQTINCHALIK NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom Oʻzbekiston Respublikasining “Elektron tijorat toʻgʻrisida”gi, “Elektron hujjat aylanishi toʻgʻrisida”gi qonunlari va boshqa normativ-huquqiy hujjatlar talablariga muvofiq tovarlarni bond omboridan maxsus elektron savdo platformalari orqali jismoniy shaxslarga sotish tartibini belgilaydi.
2. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
bond ombori — xorijiy tovarlarni “erkin ombor” bojxona rejimida bojxona nazorati ostida saqlash hamda rezidentlar va norezidentlar tomonidan maxsus elektron savdo platformalari orqali jismoniy shaxslarga notijorat maqsadlarda oʻz ehtiyojlari uchun chakana sotishga moʻljallangan, binolar va (yoki) ochiq maydonlar, shu jumladan, erkin ombor hududini oʻz ichiga olgan maxsus jihozlangan va belgilangan joy;
buyurtmalarni topshirish punkti — maxsus elektron savdo platformasi orqali sotib olingan tovarlarni topshirish, qabul qilish, yetkazib berish, joʻnatish, saqlash va qaytarish uchun moʻljallangan logistika infratuzilmasi obyekti (Oʻzbekiston Respublikasi hududida joylashgan noturar joy);
maxsus elektron savdo platformasi — bond omboriga joylashtirilgan tovarlarni sotish uchun moʻljallangan hamda qonunchilik hujjatlari bilan belgilangan talablarga mos keladigan elektron savdo platformasi turi;
Maxsus elektron savdo platformalari reyestri — Oʻzbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi (keyingi oʻrinlarda — Agentlik) tomonidan shakllantiriladigan maxsus elektron savdo platformalari roʻyxati;
operatsion ombor — maxsus elektron savdo platformasi operatorining xaridor buyurtma bergan paytdan boshlab, uni xaridorga joʻnatishgacha boʻlgan davrda tovarni saqlash, qadoqlash, markirovkalash, saralash va joʻnatish (qabul qilish) uchun moʻljallangan noturar binosi.
2-bob. Tovarlarni maxsus elektron savdo platformalari orqali jismoniy shaxslarga bond ombori orqali chakana sotishni tashkil etish tartibi
3. Maxsus elektron savdo platformalari reyestriga kiritish talablari:
a) Oʻzbekiston Respublikasining yuridik shaxsi shaklida davlat roʻyxatidan oʻtkazish;
b) Oʻzbekiston Respublikasining shaxsga doir maʼlumotlar toʻgʻrisidagi qonunchilik talablariga rioya etilishini taʼminlash;
v) quyidagilardan iborat infratuzilmaning mavjudligi:
onlayn nazorat-kassa mashinasi yoki virtual kassa;
respublika hududi boʻyicha yetkazib berish xizmatini koʻrsatuvchi tashkilot (tashkilotlar) bilan shartnomaning mavjudligi yoki butun mamlakat boʻylab buyurtmalarni yetkazib berishni taʼminlaydigan, yuk tashish uchun moʻljallangan oʻzining (mulk, ijara yoki lizing huquqi asosidagi) transport vositalarining mavjudligi;
mulk huquqi, egalik qilish, foydalanish yoki ijara huquqlari asosida bond omboriga ega boʻlishi yoxud bond omborlari reyestriga kiritilgan operatorlar bilan ombor xizmatlarini koʻrsatish boʻyicha shartnomaga ega boʻlish;
respublika hududi boʻyicha shahar va tumanlarda buyurtmalarni topshirish punktlari, shuningdek, operatsion omborlar (shu jumladan, saralash markazlari (agar mavjud boʻlsa) va boshqa logistika infratuzilmasi mavjudligi.
4. Maxsus elektron savdo platformalari reyestriga kiritish uchun yuridik shaxs ushbu Nizomga ilovaga muvofiq Agentlikka yozma yoki elektron shakldagi arizani va ushbu Nizomning 3-bandida belgilangan talablar bajarilganini tasdiqlovchi hujjatlarni yuboradi.
5. Agentlik ariza kelib tushgan kundan boshlab 10 ish kuni ichida arizani va unga ilova qilingan hujjatlarni koʻrib chiqadi, uni bond omborlari reyestriga kiritish yoki kiritishni rad etish toʻgʻrisida javob xatini ariza beruvchiga yozma yoki elektron shaklda yuboradi.
6. Maxsus elektron savdo platformasi Oʻzbekiston Respublikasi hududida tovarlarni sotish boʻyicha uchinchi shaxslarning (maxsus elektron savdo platformasida joylashtiriladigan tovarlar sotuvchilarining) agenti (subagenti, komissioneri) sifatida, shuningdek, oʻzining (ham oʻzi ishlab chiqargan, ham qayta sotish uchun xarid qilingan) tovarlarining sotuvchisi sifatida ham ishtirok etishi mumkin.
7. Maxsus elektron savdo platformasi ushbu Nizomning 3-bandida belgilangan talablarga javob bermasa, Agentlik maxsus elektron savdo platformasini Maxsus elektron savdo platformalari reyestridan chiqaradi.
8. Sotuvchi maxsus elektron savdo platformasi operatori tomonidan belgilangan talablarga muvofiq maxsus elektron savdo platformasida roʻyxatdan oʻtkaziladi.
9. Jismoniy shaxslar tomonidan tovarlar maxsus elektron savdo platformasi orqali xarid qilinib, Oʻzbekiston Respublikasining isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda qaytarilgan taqdirda:
tovarlar bond omboriga qaytarilmaydi va kelgusida mahalliy bozorda sotish maqsadida maxsus elektron savdo platformasining operatsion omboriga kirim qilinadi;
qaytarilgan tovar boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetiga toʻlangan bojxona toʻlovlari qaytarilmaydi;
ushbu tovarlar bond ombori operatori, maxsus elektron savdo platformasi operatori va sotuvchi oʻrtasida tuzilgan shartnomaga (kelishuvga) asosan tasarruf etiladi.
3-bob. Maxsus elektron savdo platformalari operatorlarning majburiyatlari
10. Maxsus elektron savdo platformasi operatorining majburiyatlari quyidagilardan iborat:
sotilgan tovarlar uchun jismoniy shaxslar bilan shartnoma asosida (shu jumladan, ofertaga qoʻshilish orqali) hisob-kitoblarni amalga oshirish;
jismoniy shaxslarga sotiladigan tovarlar toʻgʻrisidagi zarur maʼlumotlarni kuzatib borish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Soliq qoʻmitasining axborot tizimlari bilan integratsiya qilish.
11. Operatsion omborga joylashtirilgan tovarlar bilan quyidagi operatsiyalar amalga oshiriladi:
tovarni saqlash operatsiyalari;
tovarlarni sotish va tashishga tayyorlash operatsiyalari, jumladan, saralash, partiyalarni shakllantirish, qadoqlash, qayta qadoqlash, markirovkalash (aksiz markalaridan tashqari) va boshqa shunga oʻxshash operatsiyalar;
oddiy yigʻish operatsiyalari.
Qonunchilik hujjatlariga muvofiq operatsion omborga joylashtirilgan tovarlar bilan ayrim operatsiyalarni amalga oshirishga taqiqlar va cheklovlar belgilanishi mumkin.
4-bob. Yakunlovchi qoidalar
12. Ushbu Nizom talablarini bajarishda kelib chiqadigan har qanday nizo va kelishmovchiliklar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda hal qilinadi.
13. Ushbu Nizom talablarini buzgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradilar.
Maxsus elektron savdo platformalari orqali jismoniy shaxslarga tovarlarni chakana sotish tartibi toʻgʻrisidagi vaqtinchalik nizomga ILOVA
