Qattiq va suyuq radioaktiv chiqindilarni toʻplash, qayta ishlash, saqlash va konditsiyalashda hamda gazsimon radioaktiv chiqindilar bilan muomalada boʻlishda xavfsizlik talablarini tasdiqlash toʻgʻrisida (3901-son)
16.07.2026
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qoʻmitasining
Qarori
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2026-yil 16-iyulda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 3901]
Oʻzbekiston Respublikasining “Atom energiyasidan tinchlik maqsadlarida foydalanish toʻgʻrisida”gi Qonuni hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 24-dekabrdagi PF-224-son “Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi sohasida davlat nazoratini takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Farmoniga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qoʻmitasi qaror qiladi:
1. Qattiq va suyuq radioaktiv chiqindilarni toʻplash, qayta ishlash, saqlash va konditsiyalashda hamda gazsimon radioaktiv chiqindilar bilan muomalada boʻlishda xavfsizlik talablari ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Ekologiya va iqlim oʻzgarishi milliy qoʻmitasi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Atom energiyasi agentligi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oʻzbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi va Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi bilan kelishilgan.
3. Mazkur qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Rais A. RAFIQOV
Toshkent sh.,
2026-yil 30-iyun,
48-son
Kelishildi:
Тexnik jihatdan tartibga solish agentligi direktori A. JUMANAZAROV
2026-yil 15-iyun
Ekologiya va iqlim oʻzgarishi milliy qoʻmitasi raisi A. ABDUXAKIMOV
2026-yil 8-iyun
Favqulodda vaziyatlar vaziri A. IKRAMOV
2026-yil 14-may
Fanlar akademiyasi prezidenti SH. AYUPOV
2026-yil 8-may
Atom energiyasi agentligi direktori A. AXMEDXADJAYEV
2026-yil 4-may
Sogʻliqni saqlash vaziri A. XUDAYAROV
2026-yil 28-aprel
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qoʻmitasining 2026-yil 30-iyundagi 48-son qaroriga ILOVA
Qattiq va suyuq radioaktiv chiqindilarni toʻplash, qayta ishlash, saqlash va konditsiyalashda hamda gazsimon radioaktiv chiqindilar bilan muomalada boʻlishda
XAVFSIZLIK TALABLARI
Mazkur Xavfsizlik talablari yadroviy qurilmalar, radiatsiyaviy manbalar, qattiq va suyuq radioaktiv chiqindilarni saqlash punktlarida qattiq va suyuq radioaktiv chiqindilarni toʻplash, qayta ishlash, saqlash hamda konditsiyalash, shuningdek gazsimon radioaktiv chiqindilar bilan muomalada boʻlish jarayonlarida radiatsiyaviy va yadroviy xavfsizlikni taʼminlashga qoʻyiladigan talablarni belgilaydi.
Ushbu Xavfsizlik talablari quyidagi radioaktiv chiqindilar bilan muomalada boʻlishga nisbatan tatbiq etilmaydi:
radioaktiv rudalarni qazib olish va boyitish natijasida hosil boʻladigan qattiq radioaktiv chiqindilarga;
tarkibida tabiiy radionuklidlar miqdori yuqori boʻlgan mineral va organik xomashyoni qazib olish hamda qayta ishlash natijasida hosil boʻladigan qattiq radioaktiv chiqindilarga;
radioaktiv moddalar bilan ifloslangan hududlarni reabilitatsiya qilish natijasida hosil boʻladigan qattiq radioaktiv chiqindilarga;
foydalanilgan yopiq ionlashtiruvchi nurlanish manbalariga.
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Xavfsizlik talablarida quyidagi tushunchalar qoʻllaniladi:
atom energiyasidan foydalanish sohasidagi normalar va qoidalar — atom energiyasidan foydalanish obyektlarining va mazkur sohadagi faoliyatning xavfsizligi talablarini belgilovchi normativ-huquqiy hujjatlar hamda texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar;
ekspluatatsiya qiluvchi tashkilot — Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tashkil etilgan hamda yadroviy qurilma va (yoki) saqlash punkti uchun masʼul etib tayinlangan hamda oʻz kuchlari bilan yoki boshqa yuridik shaxslarni jalb etgan holda yadroviy qurilmani va (yoki) saqlash punktini ekspluatatsiya qilishga qodir boʻlgan yuridik shaxs;
radiatsiyaviy manbalar — tarkibida radioaktiv moddalar mavjud boʻlgan yoki ionlashtiruvchi nurlanish chiqaradigan, yadroviy qurilmalar jumlasiga kirmaydigan majmualar, qurilmalar, apparatlar, uskunalar va buyumlar;
radioaktiv chiqindilar — foydalanish uchun moʻljallanmagan, yoʻl qoʻyilishi mumkin boʻlgan eng koʻp miqdordan oshadigan faollik darajasiga ega radionuklidlarni oʻz ichiga olgan har qanday agregat holatidagi materiallar va moddalar;
radioaktiv chiqindilarni konditsiyalash (bundan buyon matnda konditsiyalash deb yuritiladi) — radioaktiv chiqindilarni koʻmish uchun yaroqli boʻlgan va radioaktiv chiqindilarni koʻmish uchun maqbullik mezonlariga muvofiq boʻlgan fizik shakl va holatga keltirish boʻyicha texnologik jarayonlar;
yadroviy qurilmalar — atom elektr stansiyalari, tadqiqot yadro reaktorlari, kritik va subkritik yadroviy stendlari boʻlgan inshootlar hamda majmualar, yadroviy yoqilgʻidan va yadroviy materiallardan foydalanish hamda ularni tashish uchun moʻljallangan qurilmalar.
2-bob. Qattiq va suyuq radioaktiv chiqindilarni toʻplash, qayta ishlash, saqlash va konditsiyalash, shuningdek gazsimon radioaktiv chiqindilar bilan muomala boʻlishda xavfsizlikni taʼminlashning umumiy talablari
2. Ekspluatatsiya qiluvchi tashkilot tomonidan qattiq va suyuq radioaktiv chiqindilarni toʻplash, qayta ishlash, saqlash va konditsiyalash, shuningdek gazsimon radioaktiv chiqindilar bilan muomalada boʻlish jarayonlarida quyidagi xavfsizlik talablari taʼminlanadi:
Radioaktiv chiqindilar bilan muomalada boʻlishning xavfsizlik talablariga (roʻyxat raqami 3694, 2025-yil 28-oktabr) rioya qilish;
xodimlar va aholining ionlashtiruvchi nurlanishdan oladigan dozalari SanQvaM 0193-06 “Radiatsiya xavfsizligi normalari (RXN-2006)” va “Radiatsiya xavfsizligini taʼminlashning asosiy sanitariya qoidalari (RXTASQ-2006)”da belgilangan doza chegaralaridan oshmasligi hamda nurlanishning oqilona erishish mumkin boʻlgan eng past darajada saqlanishi;
texnologik va iqtisodiy omillarni hisobga olgan holda qattiq va suyuq radioaktiv chiqindilar hajmi va faolligini kamaytirish;
radiatsiyaviy avariyalarning oldini olish hamda ular yuzaga kelganda oqibatlarini cheklash va bartaraf etish boʻyicha zarur tashkiliy hamda texnik choralarni koʻrish;
qattiq va suyuq radioaktiv chiqindilarni konditsiyalash va koʻmishga tayyorlash;
ionlashtiruvchi nurlanish manbalari bilan bogʻliq faoliyatni qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda olingan litsenziya asosida amalga oshirish.
3. Qattiq va suyuq radioaktiv chiqindilarni toʻplash, qayta ishlash, saqlash va konditsiyalashda, shuningdek gazsimon radioaktiv chiqindilar bilan muomalada boʻlishda xavfsizlikni taʼminlashga qaratilgan tashkiliy hamda texnik chora-tadbirlarni belgilashda quyidagilar hisobga olinadi:
hosil boʻlish manbai;
hajmi;
agregat holati;
fizik va kimyoviy xossalari, shu jumladan ularning organik yoki noorganik tabiati;
radionuklid tarkibi, radionuklidlarning umumiy va solishtirma faolligi, shuningdek ularning yarim yemirilish davri;
qattiq radioaktiv chiqindilarning morfologik tarkibi;
suyuq radioaktiv chiqindilarning kimyoviy tarkibi;
qayta ishlash, konditsiyalash, tashish va saqlash usullari;
radioaktiv moddalarning fizik xususiyatlari va kimyoviy tarkibi;
yadroviy xavfli boʻlinuvchi radionuklidlar miqdori;
tozalanadigan gazsimon radioaktiv chiqindilar hajmi;
gazsimon radioaktiv chiqindilarning umumiy hajmiy faolligi qiymatlarining oʻzgarish diapazoni;
atmosfera havosiga chiqariladigan hamda hisobga olinishi va normalashtirilishi lozim boʻlgan radionuklidlar hajmiy faolligining eng kam qiymatlari;
aerozollar (tuman, tutun, chang) mavjudligi;
inert radioaktiv gazlar mavjudligi;
molekulyar, aerozol va (yoki) uchuvchan shakldagi, shu jumladan organik birikmalar koʻrinishidagi radioaktiv yod mavjudligi;
radioaktiv moddalarning bugʻ-gaz aralashmalari mavjudligi;
portlash xavfi mavjud boʻlgan va yonuvchi moddalar mavjudligi;
harorat va nisbiy namlik;
aerozol zarrachalarining dispers tarkibi va massa konsentratsiyasi;
radionuklidlarning gazsimon shakllari (fraksiyalari), shuningdek aerozol zarrachalarining suvda yoki uskunada mavjud boʻlishi mumkin boʻlgan boshqa suyuqliklarda eruvchanligi;
uskunaning ichki yuzalarida qattiq zarrachalar choʻkmasini hosil qilishi mumkin boʻlgan moddalar va (yoki) aerozol zarrachalar mavjudligi;
kimyoviy agressiv moddalar mavjudligi;
yongʻin va portlash xavfi.
4. Yadroviy qurilmalar, radiatsiyaviy manbalar va qattiq va suyuq radioaktiv chiqindilarni saqlash punktlarining (bundan buyon matnda saqlash punktlari deb yuritiladi) loyiha hujjatlarida ular bilan muomalada boʻlish jarayonlarining radiatsiyaviy xavfsizligini taʼminlashga qaratilgan loyiha yechimlari nazarda tutiladi.
5. Qattiq va suyuq radioaktiv chiqindilar bilan muomalada boʻlish uchun moʻljallangan ishlab chiqarish xonalari radiatsiyaviy xavf darajasi, radioaktiv ifloslanish ehtimoli hamda bajariladigan texnologik jarayonlarning xususiyatlarini hisobga olgan holda funksional zonalarga ajratiladi.
6. Qattiq va suyuq radioaktiv chiqindilarni toʻplash, qayta ishlash, saqlash va konditsiyalash, shuningdek gazsimon radioaktiv chiqindilar bilan muomalada boʻlishda portlash va yongʻin xavfining oldini olishga qaratilgan tashkiliy hamda texnik chora-tadbirlar yongʻin xavfsizligi talablariga muvofiq belgilanadi.
7. Yadroviy qurilmalar, radiatsiyaviy manbalar va saqlash punktlari uchun atom energiyasidan foydalanish obyektlarining (bundan buyon matda obyekt deb yuritiladi) loyiha hujjatlarida radiatsiyaviy avariyalarning oldini olish, ularning rivojlanishini cheklash hamda oqibatlarini kamaytirishga qaratilgan muhandislik-texnik yechimlar nazarda tutiladi.
Mazkur loyiha yechimlari xodimlar, aholi va atrof-muhitni ionlashtiruvchi nurlanishning zararli taʼsiridan himoya qilishni, radioaktiv moddalarning nazoratsiz tarqalishining oldini olishni hamda obyektning xavfsiz ekspluatatsiyasini taʼminlashi zarur.
Obyektlar radiatsiyaviy nazorat, avariyaviy ogohlantirish, muhandislik himoyasi va boshqa xavfsizlik tizimlari bilan jihozlanadi.
8. Tarkibida boʻlinuvchi yadroviy materiallar mavjud boʻlgan qattiq va suyuq radioaktiv chiqindilar bilan muomalada boʻlishda amalga oshiriladigan yadroviy qurilmalar, radiatsiyaviy manbalar va saqlash punktlarining loyiha hujjatlarida atom energiyasidan foydalanish sohasidagi normalar va qoidalarga muvofiq yadroviy xavfsizlikni taʼminlashga qaratilgan tashkiliy hamda texnik chora-tadbirlar nazarda tutiladi.
9. Tarkibida boʻlinuvchi yadroviy materiallar mavjud boʻlgan gazsimon radioaktiv chiqindilar bilan muomalada boʻlishda yadroviy xavfsizlikni taʼminlash maqsadida quyidagi tashkiliy hamda texnik chora-tadbirlar amalga oshiriladi:
gazlarni tozalash tizimlarining quvurlarida (havo oʻtkazgichlari) va filtrlash uskunalarida boʻlinuvchi yadroviy materiallarning toʻplanishiga yoʻl qoʻyiladigan normativ koʻrsatkichlarni loyiha hujjatlari hamda atom energiyasidan foydalanish sohasidagi normalar va qoidalarga muvofiq belgilash;
gazlarni tozalash tizimlarining quvurlari (havo oʻtkazgichlari) va filtrlash uskunalarida boʻlinuvchi yadroviy materiallarning toʻplanishini nazorat qilish;
gazlarni tozalash tizimlarining quvurlari (havo oʻtkazgichlari) va filtrlash uskunalarida boʻlinuvchi yadroviy materiallarning belgilangan normativ koʻrsatkichlardan ortiq miqdorda toʻplanishiga yoʻl qoʻymaslik.
10. Qattiq va suyuq radioaktiv chiqindilarni toʻplash, qayta ishlash, saqlash va konditsiyalash, shuningdek gazsimon radioaktiv chiqindilar bilan muomalada boʻlish uchun moʻljallangan asbob-uskunalarni loyihalash va tayyorlashga, shuningdek yadroviy qurilmalar, radiatsiyaviy manbalar hamda saqlash punktlarida radioaktiv chiqindilar bilan muomalada boʻlishni taʼminlovchi tizimlar va ularning elementlarini loyihalash hamda xavfsizlik boʻyicha tasniflashga qoʻyiladigan talablar atom energiyasidan foydalanish sohasidagi normalar va qoidalarga muvofiq boʻlishi lozim.
11. Ekspluatatsiya qiluvchi tashkilot qattiq va suyuq radioaktiv chiqindilarni toʻplash, qayta ishlash, saqlash va konditsiyalash jarayonlarida ularning fizik, kimyoviy hamda radiatsiyaviy tavsiflarini, shu jumladan radionuklid tarkibini, umumiy va solishtirma faolligini aniqlash hamda ularni nazorat qilish maqsadida oʻlchash vositalari, laboratoriya tahlillari va nazorat usullaridan foydalangan holda texnologik nazorat tashkil etiladi.
12. Qattiq va suyuq radioaktiv chiqindilar hamda konditsiyalangan radioaktiv chiqindilarning nazorat qilinadigan koʻrsatkichlari, ularni nazorat qilish usullari va vositalari atom energiyasidan foydalanish sohasidagi normalar va qoidalar talablariga muvofiq obyektning loyiha va ekspluatatsiya hujjatlarida belgilanadi.
Nazorat natijalarini rasmiylashtirish, hisobga olish va saqlash tartibi, shuningdek qattiqva suyuq radioaktiv chiqindilar bilan muomalada boʻlish jarayonlarini nazorat etishni tashkil qilish va amalga oshirishga oid talablar obyektning sifatni taʼminlash dasturida nazarda tutiladi.
13. Ekspluatatsiya qiluvchi tashkilot tomonidan gazsimon radioaktiv chiqindilar bilan bogʻliq ishlarni amalga oshirishda bosim, harorat, radionuklid tarkibi va faolligi, shuningdek gazlarni tozalash hamda shamollatish (ventilyatsiya) tizimlarining ishlash samaradorligini oʻlchash, qayd etish va nazorat qilish imkonini beruvchi texnik vositalardan foydalangan holda texnologik parametrlarning boshqarilishi va monitoringi taʼminlanadi.
14. Ekspluatatsiya qiluvchi tashkilot tomonidan qattiq va suyuq radioaktiv chiqindilarni toʻplash, qayta ishlash, saqlash va konditsiyalash jarayonlarida radiatsiyaviy nazorat tashkil etiladi va amalga oshiriladi.
Bunda radiatsiyaviy nazoratning hajmi, usullari, nazorat qilinadigan koʻrsatkichlari hamda davriyligi SanQvaM 0193-06 “Radiatsiya xavfsizligi normalari (RXN 2006)” va “Radiatsiya xavfsizligini taʼminlashning asosiy sanitariya qoidalari (RXTASQ 2006)” hamda atom energiyasidan foydalanish sohasidagi normalar va qoidalar talablariga muvofiq belgilanadi.
15. Suyuq radioaktiv chiqindilarni toʻplash, qayta ishlash, saqlash va konditsiyalash jarayonlarida quyidagilarga yoʻl qoʻyilmaydi:
suyuq radioaktiv chiqindilarning xavfsizlikka salbiy taʼsir koʻrsatadigan nazoratsiz fizik yoki agregat holati oʻzgarishlariga;
boshqarib boʻlmaydigan ekzotermik kimyoviy reaksiyalarning yuzaga kelishiga.
16. Qattiq va suyuq radioaktiv chiqindilarni toʻplash, qayta ishlash, saqlash va konditsiyalash, shuningdek gazsimon radioaktiv chiqindilar bilan muomala boʻlish uchun moʻljallangan uskunalar, quvurlar, konteynerlar va xonalar ularni dezaktivatsiya qilish imkoniyatini hisobga olgan holda loyihalanishi lozim.
Uskunalar, quvurlar, konteynerlar va xonalarning ichki yuzalari agressiv muhit taʼsiriga chidamli, radionuklidlarga nisbatan past sorbsiya xususiyatiga ega hamda dezaktivatsiya qilish vositalari taʼsiriga chidamli materiallardan tayyorlanishi kerak.
17. Qattiq va suyuq radioaktiv chiqindilarni toʻplash, qayta ishlash, konditsiyalash va saqlash, shuningdek gazsimon radioaktiv chiqindilar bilan bogʻliq ishlarni amalga oshirishda foydalaniladigan oʻlchash vositalari metrologik tekshiruvdan oʻtkazilgan boʻlishi lozim.
18. Qattiq va suyuq radioaktiv chiqindilarni toʻplash, qayta ishlash, saqlash va konditsiyalash jarayonlarida hosil boʻladigan hamda atmosfera havosiga chiqariladigan gazsimon radioaktiv chiqindilar atom energiyasidan foydalanish sohasidagi normalar va qoidalar talablariga muvofiq tozalanadi.
19. Qattiq va suyuq radioaktiv chiqindilarni toʻplash, qayta ishlash, saqlash va konditsiyalash uchun moʻljallangan xonalar ishchi zona havosi hamda atrof-muhitning radioaktiv ifloslanishining oldini olishni taʼminlaydigan shamollatish tizimi (ventilyatsiya) bilan jihozlanadi.
Shamollatish tizimi (ventilyatsiya) ekspluatatsiya davomida doimiy soz va ishga yaroqli holatda saqlanishi kerak.
20. Qattiq va suyuq radioaktiv chiqindilarni radioaktiv boʻlmagan chiqindilar bilan aralashtirish, ularni birgalikda toʻplash, qayta ishlash, saqlash va konditsiyalashga yoʻl qoʻyilmaydi.
21. Qattiq va suyuq radioaktiv chiqindilar oraliq saqlash muddati tugaguniga qadar Radioaktiv chiqindilarni koʻmish boʻyicha maqbullik mezonlari va talablariga (roʻyxat raqami 3734, 2025-yil 23-dekabr) muvofiq konditsiyalanadi hamda koʻmishga tayyorlanadi.
22. Ekspluatatsiya qiluvchi tashkilot qattiq, suyuq va gazsimon radioaktiv chiqindilar bilan muomalada boʻlishda quyidagilarni taʼminlaydi:
radioaktiv moddalar va radionuklidlarning atmosfera havosi, yer usti va yer osti suvlari hamda tuproqqa nazoratsiz tarqalishiga yoʻl qoʻymaslikni;
qattiq va suyuq radioaktiv chiqindilarni ularning agregat holati, radionuklid tarkibi, radiatsiyaviy faolligi va yarim yemirilish davriga koʻra alohida toʻplash va saqlashni;
qattiq va suyuq radioaktiv chiqindilar hajmi va radiatsiyaviy faolligini oqilona erishish mumkin boʻlgan eng past darajagacha kamaytirishni;
qattiq va suyuq radioaktiv chiqindilarni saqlash hamda qayta ishlashga moʻljallangan inshootlar atrof-muhitdan izolyatsiya qilinishini hamda gazsimon radioaktiv chiqindilar uchun gazlarni tozalash tizimlarining uzluksiz ishlashini.
23. Gazsimon radioaktiv chiqindilar bilan muomalada boʻlishda quyidagi tashkiliy va texnik chora-tadbirlar amalga oshiriladi:
vodorodning portlash xavfini yuzaga keltiruvchi konsentratsiyalari hosil boʻlishining oldini olish uchun zarur texnik vositalar va usullarni qoʻllash (agar bunday konsentratsiyalar hosil boʻlish ehtimoli mavjud boʻlsa);
tortish-puflash qurilmalarining (gaz puflagichlar, shamollatish (ventilyatsiya) agregatlari, ventilyatorlar, kompressorlar, ejektorlar) unumdorligini boshqarish va tartibga solish vositalarini nazarda tutish;
gazsimon radioaktiv chiqindilarni tozalash jarayonini toʻxtatmagan holda filtrlovchi va yutuvchi elementlarni almashtirish yoki qayta tiklash imkonini beruvchi zaxira tizimlarini joriy etish;
bokslar, kameralar, javonlar, kanyonlar hamda boshqa shunga oʻxshash qurilmalardan, shu jumladan taʼmirlash va profilaktika ishlari vaqtida chiqariladigan havoning mahalliy gaz tozalash tizimlari orqali tozalanishini taʼminlash;
filtrlar va yutuvchilarning samaradorligiga taʼsir etuvchi muhit parametrlarining (harorat, namlik, gaz oqimi tezligi) barqarorligini taʼminlash;
obyektni loyihalashda havo oʻtkazgichlarining uzunligini qisqartirish, ularning issiqlik izolyatsiyasini nazarda tutish hamda gazsimon radioaktiv chiqindilarni isitish yoki sovutish choralarini koʻrish.
24. Gazsimon radioaktiv chiqindilar bilan muomalada boʻlishda tozalash uskunalarida faollashtirilgan koʻmir sorbent sifatida qoʻllanilganda, uning alangalanishi hamda yongʻin tarqalishining oldini olish, shuningdek yongʻin sodir boʻlganda uni oʻz vaqtida aniqlash va bartaraf etishni taʼminlovchi tashkiliy hamda texnik chora-tadbirlar nazarda tutilishi zarur.
25. Texnologik radioaktiv puflamalar (texnologik uskunalardan chiqariladigan radioaktiv bugʻ-gaz aralashmalari hamda gazsimon va (yoki) aerozol holatidagi radioaktiv moddalar) atom energiyasidan foydalanish sohasidagi normalar va qoidalar talablariga muvofiq tozalanadi.
Texnologik radioaktiv puflamalar quvurlarini umumiy shamollatish (ventilyatsiya) tizimining yigʻma shamollatish (ventilyatsiya) qutilariga ulashga faqat mazkur puflamalar qattiq va suyuq radioaktiv chiqindilar bilan bogʻliq ishlarni amalga oshirish uchun moʻljallangan uskunalarda tozalangandan soʻnggina yoʻl qoʻyiladi.
3-bob. Qattiq va suyuq radioaktiv chiqindilarni toʻplashda xavfsizlik talablari
26. Qattiq va suyuq radioaktiv chiqindilarni toʻplash obyektning loyiha va ekspluatatsiya hujjatlarida belgilangan maxsus ajratilgan va jihozlangan xonalar, maydonlar yoki inshootlarda amalga oshiriladi.
Ekspluatatsiya qiluvchi tashkilot qattiq va suyuq radioaktiv chiqindilarni qayta ishlash, saqlash va konditsiyalashga tayyorlashni, shuningdek radioaktiv moddalarning atrof-muhitga nazoratsiz tarqalishiga yoʻl qoʻyilmasligini taʼminlaydi.
27. Qattiq radioaktiv chiqindilarni toʻplashda ularni keyinchalik xavfsiz qayta ishlash, tashish, saqlash va konditsiyalash imkonini beradigan sigʻimlar yoki konteynerlardan foydalaniladi.
28. Suyuq radioaktiv chiqindilar keyinchalik qayta ishlash texnologiyasini hisobga olgan holda quyidagi turlar boʻyicha alohida toʻplanadi:
noorganik suyuq radioaktiv chiqindilar;
organik suyuq radioaktiv chiqindilar (yogʻlar, boshqa organik suyuqliklar, ularning emulsiyalari va eritmalari);
filtrlovchi materiallardan hosil boʻlgan pulpa va shlamlar.
29. Tarkibida yarim yemirilish davri 15 sutkadan kam boʻlgan radionuklidlar mavjud qattiq va suyuq radioaktiv chiqindilar ulardagi radionuklidlarning solishtirma faolligi SanQvaM 0193-06 “Radiatsiya xavfsizligi normalari (RXN 2006)” va “Radiatsiya xavfsizligini taʼminlashning asosiy sanitariya qoidalari (RXTASQ 2006)”da belgilangan radioaktiv chiqindilarni radioaktiv chiqindilar toifasiga kiritish talablaridan past darajaga tushguniga qadar oraliq saqlash joylarida saqlanadi.
30. Portlash yoki yongʻin xavfiga ega qattiq radioaktiv chiqindilar boshqa turdagi qattiq radioaktiv chiqindilar bilan aralashtirilmasligi, alohida toʻplanishi hamda ularning fizik-kimyoviy xossalarini hisobga olgan holda xavfsiz sharoitlarda saqlanishi lozim.
31. Suyuq radioaktiv chiqindilarni bevosita hosil boʻlgan joyida toʻplash imkoniyati mavjud boʻlmaganda ular atom energiyasidan foydalanish sohasidagi normalar va qoidalar talablariga muvofiq maxsus yigʻish tizimi orqali yigʻiladi.
Maxsus yigʻish tizimidan foydalanish imkoniyati mavjud boʻlmaganda suyuq radioaktiv chiqindilarni yigʻish uchun germetik konteynerlardan (yigʻgichlar) foydalanishga yoʻl qoʻyiladi.
32. Suyuq radioaktiv chiqindilarni xoʻjalik-maishiy oqova suvlarni chiqarish tizimiga, ishlab chiqarish va jala oqova suvlarini chiqarish tizimlariga, suv obyektlariga, yutuvchi oʻralarga, quduqlarga, sugʻorish va filtrlash maydonlariga hamda yer yuzasiga oqizishga yoʻl qoʻyilmaydi.
33. Qattiq va suyuq radioaktiv chiqindilarni toʻplash tartibi atom energiyasidan foydalanish sohasidagi normalar va qoidalar hamda ushbu Xavfsizlik talablari asosida obyektning loyiha va ekspluatatsiya hujjatlarida belgilanadi.
4-bob. Qattiq va suyuq radioaktiv chiqindilarni qayta ishlashda xavfsizlikni taʼminlash
34. Ekspluatatsiya qiluvchi tashkilot qattiq radioaktiv chiqindilarni qayta ishlash natijasida ularning hajmini kamaytirishi va (yoki) ularning radioaktiv chiqindilar bilan keyingi xavfsiz muomalasini taʼminlaydigan shaklga keltirishi lozim.
35. Ekspluatatsiya qiluvchi tashkilot suyuq radioaktiv chiqindilarni qayta ishlash natijasida ularning fizik-kimyoviy xossalarini oʻzgartirish, radionuklidlarni suyuq fazadan ajratib olish va (yoki) konsentrlash hamda suyuq radioaktiv chiqindilarni barqaror qattiq shaklga oʻtkazish orqali radionuklidlarning atrof-muhitga tarqalish ehtimolini kamaytirishi kerak.
36. Qattiq radioaktiv chiqindilarni yoqish, piroliz, presslash, maydalash (fragmentlash), qayta eritish (metall qattiq radioaktiv chiqindilar uchun) yoki loyiha hujjatlarida nazarda tutilgan va xavfsizlik jihatidan asoslantirilgan boshqa usullar bilan qayta ishlash natijasida hosil boʻlgan radioaktiv chiqindilarning keyinchalik saqlash, tashish, konditsiyalash va koʻmishga topshirish imkonini beruvchi tavsiflari Radioaktiv chiqindilarni koʻmish boʻyicha maqbullik mezonlari va talablariga (roʻyxat raqami 3734, 2025-yil 23-dekabr) muvofiq boʻlishi lozim.
37. Qayta ishlash uchun topshirilayotgan qattiq va suyuq radioaktiv chiqindilar obyektning ekspluatatsiya hujjatlarida belgilangan tartib hamda hajmda kirish nazoratidan oʻtkaziladi.
38. Qattiq radioaktiv chiqindilarni yoqish va (yoki) piroliz usuli bilan qayta ishlash uchun moʻljallangan uskunalar quyidagi texnik vositalar bilan jihozlanadi:
yoqish va toʻliq yonish jarayonlarining asosiy parametrlarini, shu jumladan harorat, bosim (siyraklanish), shuningdek gaz tozalash tizimidagi bosimlar farqini nazorat qilish vositalari;
yoqish va (yoki) piroliz jarayonida hosil boʻladigan gazlarni zararli (ifloslantiruvchi) va radioaktiv moddalardan atom energiyasidan foydalanish sohasidagi normalar va qoidalarda belgilangan yoʻl qoʻyiladigan tashlamalar darajasigacha tozalashni taʼminlovchi tizimlar;
yoqish va (yoki) piroliz jarayonida hosil boʻladigan hamda atmosfera havosiga chiqariladigan gazlar va aerozollarning radionuklid tarkibi hamda hajmiy faolligini nazorat qilishni taʼminlovchi texnik vositalar;
yoqish va (yoki) piroliz jarayonlarini avtomatik yoki avtomatlashtirilgan boshqarish tizimlari;
asbob-uskunalar va xonalarni dezaktivatsiya qilish vositalari;
yongʻin haqida xabar berish va yongʻinni oʻchirish tizimlari.
39. Qattiq radioaktiv chiqindilarni yoqish va (yoki) piroliz usuli bilan qayta ishlashda texnologik jarayon parametrlarining qiymatlari yonish mahsulotlari hamda piroliz natijasida hosil boʻladigan gazlarning keyingi toʻliq oksidlanishini taʼminlashi lozim.
40. Yondiriladigan qattiq radioaktiv chiqindilar tarkibida termik ishlov berish jarayonida yoʻl qoʻyiladigan darajalardan ortiq miqdorda agressiv, zaharli yoki boshqa xavfli moddalar hosil boʻlishiga olib kelishi mumkin boʻlgan polivinilxlorid va boshqa organik materiallarning miqdori cheklanishi lozim.
Yondirish va (yoki) piroliz qilish uchun yuboriladigan qattiq radioaktiv chiqindilar tarkibida portlash yoki yongʻin xavfini keltirib chiqaruvchi zaharli va kimyoviy faol moddalarning yoʻl qoʻyiladigan miqdori obyektning loyiha hujjatlarida belgilanadi.
Qattiq radioaktiv chiqindilarni radioaktiv boʻlmagan chiqindilar bilan birgalikda yoqish va (yoki) piroliz qilishga yoʻl qoʻyilmaydi.
41. Yondirish va (yoki) piroliz qilish uchun yuboriladigan qattiq radioaktiv chiqindilar tarkibida portlash yoki yongʻin xavfini keltirib chiqaruvchi zaharli va kimyoviy faol moddalarning yoʻl qoʻyiladigan miqdori obyektning loyiha hujjatlarida belgilanadi.
Monolitlangan kul qoldiqlarining sifat koʻrsatkichlari atom energiyasidan foydalanish sohasidagi normalar va qoidalarda qattiq shaklga keltirilgan radioaktiv chiqindilar uchun belgilangan talablarga muvofiq boʻlishi zarur.
42. Qattiq radioaktiv chiqindilarni presslash usuli bilan qayta ishlashda quyidagi texnik vositalar mavjud boʻlishi lozim:
chang va radioaktiv aerozollarning tarqalishini oldini olish vositalari;
presslanadigan qattiq radioaktiv chiqindilardan ajralib chiqadigan namlikni chiqarish va yigʻish tizimlari;
presslangan qattiq radioaktiv chiqindilarni konteynerlarga joylashtirish vositalari;
presslash jarayonining texnologik parametrlarini avtomatik va (yoki) avtomatlashtirilgan tarzda boshqarish tizimlari.
43. Quyidagi xususiyatlarga ega qattiq radioaktiv chiqindilarni presslashga yoʻl qoʻyilmaydi:
namlik miqdori 1 foizdan ortiq boʻlsa;
pirofor va portlash xavfi mavjud boʻlgan moddalar mavjud boʻlsa;
tarkibida presslash jarayonida oʻzini oʻzi taʼminlovchi zanjirli yadroviy boʻlinish reaksiyasi yuzaga kelishi mumkin boʻlgan miqdorda yadroviy xavfli boʻlinuvchi radionuklidlar mavjud boʻlsa.
Qattiq radioaktiv chiqindilarni radioaktiv boʻlmagan chiqindilar bilan birgalikda presslashga yoʻl qoʻyilmaydi.
44. Qattiq radioaktiv chiqindilarni qayta eritish usuli bilan qayta ishlashda quyidagi texnik vositalar nazarda tutiladi:
eritish jarayonining asosiy parametrlarini, shu jumladan eritish pechidagi haroratni nazorat qilish vositalari;
eritish qurilmasidan chiqarilayotgan gazlar va aerozollarning radionuklid hamda kimyoviy tarkibini nazorat qilishni taʼminlovchi texnik vositalar;
eritish jarayonining texnologik parametrlarini avtomatik va (yoki) avtomatlashtirilgan tarzda boshqarish vositalari;
asbob-uskunalar va xonalarni dezaktivatsiya qilish vositalari;
yongʻin haqida avtomatik xabar berish va yongʻinni oʻchirish vositalari.
45. Qattiq radioaktiv chiqindilarni germetik yopilgan idishlardan chiqarmasdan qayta eritishga yoʻl qoʻyilmaydi.
46. Radionuklidlar bilan ifloslangan metall chiqindilarni qayta eritish jarayonida hosil boʻladigan qattiq radioaktiv chiqindilar, shu jumladan shlaklar, ishlatilgan oʻtga chidamli materiallar, gaz tozalash tizimida ushlab qolinadigan changlar hamda ishlatilgan gaz tozalash filtrlari ushbu Xavfsizlik talablariga muvofiq yigʻiladi, saqlanadi va konditsiyalanadi.
47. Qattiq radioaktiv chiqindilarni maydalash (fragmentlash) usuli bilan qayta ishlashda xodimlarni himoya qilish, shuningdek havo muhitining radioaktiv chang va aerozollar bilan ifloslanishini oldini olish uchun SanQvaM 0193-06 “Radiatsiya xavfsizligi normalari (RXN 2006)” va “Radiatsiya xavfsizligini taʼminlashning asosiy sanitar qoidalari (RXTASQ 2006)” hamda atom energiyasidan foydalanish sohasidagi normalar va qoidalar talablariga muvofiq texnik vositalar nazarda tutilishi lozim.
Metall qattiq radioaktiv chiqindilarni keyingi xavfsiz muomalaga tayyorlash maqsadida ularni dezaktivatsiya qilish imkoniyati nazarda tutilishi kerak.
48. Suyuq radioaktiv chiqindilarni bugʻlatish usuli bilan qayta ishlashda quruq qoldiq tarkibidagi kimyoviy komponentlar oʻrtasida boshqarib boʻlmaydigan ekzotermik reaksiyalar yuzaga kelishining oldini olish maqsadida tarkibida erigan tuzlar miqdori yuqori boʻlgan suvli eritmalarni toʻliq suvsiz holatga keltirishga yoʻl qoʻyilmaydi.
49. Suyuq radioaktiv chiqindilarni bugʻlatish natijasida hosil boʻlgan tuz konsentratlarini saqlash va konditsiyalash tizimlariga uzatishda quvurlar hamda uskunalarda choʻkindilar toʻplanishining oldini olish boʻyicha tashkiliy va texnik chora-tadbirlar koʻrilishi kerak.
50. Suyuq radioaktiv chiqindilarni qayta ishlash natijasida hosil boʻlgan tozalangan suvlardagi radionuklidlar konsentratsiyasi SanQvaM 0193-06 “Radiatsiya xavfsizligi normalari (RXN 2006)” va “Radiatsiya xavfsizligini taʼminlashning asosiy sanitar qoidalari (RXTASQ 2006)” hamda atom energiyasidan foydalanish sohasidagi normalar va qoidalarda belgilangan talablarga muvofiq boʻlganda bunday suvlardan yadroviy qurilmalar, radiatsiyaviy manbalar va saqlash punktlarining texnologik ehtiyojlari uchun takroran foydalanishga yoʻl qoʻyiladi.
51. Suyuq radioaktiv chiqindilarni yoqish va (yoki) piroliz usuli bilan qayta ishlashda foydalaniladigan texnik vositalar ushbu Xavfsizlik talablarining 38-bandiga muvofiq boʻlishi lozim.
52. Suyuq radioaktiv chiqindilarni yoqish va (yoki) piroliz qilish texnologik jarayonining parametrlari yonish va (yoki) piroliz mahsulotlari ushbu Xavfsizlik talablarining 39-bandiga muvofiq maksimal darajada oksidlanishi zarur.
53. Yondiriladigan suyuq radioaktiv chiqindilar tarkibidagi portlash yoki yongʻin xavfini keltirib chiqaruvchi, zaharli hamda kimyoviy faol moddalarning yoʻl qoʻyiladigan miqdori ushbu Xavfsizlik talablarining 40-bandiga asosan obyektning loyiha hujjatlarida belgilanadi.
54. Suyuq radioaktiv chiqindilarni yoqish va (yoki) piroliz qilish natijasida hosil boʻlgan kul qoldiqlari ushbu Xavfsizlik talablarining 41-bandida belgilangan talablarga muvofiq konditsiyalanishi lozim.
55. Suyuq radioaktiv chiqindilarni qotirish usuli bilan qayta ishlashda quyidagilar hisobga olinadi:
suyuq radioaktiv chiqindilarning fizik va kimyoviy xususiyatlari;
suyuq radioaktiv chiqindilarni yoki tarkibidagi radioaktiv moddalarni monolit tuzilmada (matritsali material) immobilizatsiya qilish uchun qoʻllaniladigan radioaktiv boʻlmagan materiallarning xususiyatlari;
konditsiyalangan suyuq radioaktiv chiqindilarni saqlash, tashish va koʻmish usullari;
suyuq radioaktiv chiqindilarni koʻmish boʻyicha belgilangan maqbullik mezonlari.
56. Suyuq radioaktiv chiqindilarni sementlash, bitumlash, polimer matritsaga kiritish va shishalash usullari bilan qotirish jarayonlarining texnologik parametrlari radionuklidlarning matritsa hajmi boʻylab bir tekis taqsimlanishini hamda bir xil tarkib va xususiyatlarga ega barqaror kompaund hosil boʻlishini taʼminlashi lozim.
57. Suyuq radioaktiv chiqindilarni sementlash, bitumlash, polimer matritsaga kiritish va shishalash usullari bilan qotirish natijasida hosil boʻlgan konditsiyalangan radioaktiv chiqindilar ushbu Xavfsizlik talablarining ilovasidagi 1 — 4-jadvallarda belgilangan sifat koʻrsatkichlariga muvofiq boʻlishi zarur.
58. Suyuq radioaktiv chiqindilarni sementlash usuli bilan qotirishda tarkibida zaharli moddalar hosil boʻlishiga olib keluvchi yoki sement matritsasi bilan kimyoviy reaksiyaga kirishuvchi moddalar mavjud boʻlgan suyuq radioaktiv chiqindilarni qayta ishlashga yoʻl qoʻyilmaydi.
59. Sement kompaundini konteynerlarga qadoqlashda uning toʻkilishini oldini olish uchun quyidagi texnik vositalar mavjud boʻlishi lozim:
sement kompaundi uchun moʻljallangan konteynerni mahkamlash va toʻgʻri joylashtirilishini nazorat qilish vositalari;
konteynerning sement kompaundi bilan toʻldirilishini nazorat qilish vositalari;
qotmagan sement kompaundi mavjud boʻlgan konteynerni toʻldirish joyidan texnologik saqlash joyiga koʻchirishda sement kompaundining toʻkilishiga yoʻl qoʻymaydigan qurilmalar.
60. Suyuq radioaktiv chiqindilarni bitumlash usuli bilan qotirishda quyidagilar bajarilishi lozim:
matritsa materiali sifatida alangalanish harorati 200 °C dan yuqori boʻlgan bitumdan foydalanish;
tarkibiy qismlari bitum bilan boshqarib boʻlmaydigan kimyoviy ekzotermik reaksiyaga kirishadigan, shuningdek gazsimon zaharli yoki portlash va yongʻin xavfi boʻlgan moddalar hosil qiladigan suyuq radioaktiv chiqindilarni bitumlashga yoʻl qoʻyilmasligi;
hosil boʻlgan bitum kompaundi sifatining yomonlashishiga yoʻl qoʻyilmasligi.
61. Bitumlash usuli bilan qotirishga yuboriladigan suyuq radioaktiv chiqindilar tarkibidagi tuz konsentratlari quyidagi talablarga muvofiq boʻlishi lozim:
kuchli oksidlovchilar, shu jumladan uch valentli metallarning nitratlari va kaliy permanganat miqdori quruq qoldiq massasining 5 foizidan oshmasligi;
ammoniy nitrat miqdori quruq qoldiq massasining 12 foizidan oshmasligi;
pH qiymati 6,5 dan 12,0 gacha boʻlgan oraliqda boʻlishi;
solishtirma faolligi belgilangan ruxsat etilgan qiymatlardan oshmasligi.
62. Bitum kompaundini konteynerlarga qadoqlash jarayonida uning xonaga toʻkilishining oldini olishga qaratilgan tashkiliy va texnik chora-tadbirlar ushbu Xavfsizlik talablarining 59-bandida belgilangan talablarga muvofiq amalga oshiriladi.
63. Suyuq radioaktiv chiqindilarni polimer matritsaga kiritish usuli bilan qotirishda chiqindi tarkibidagi moddalar va polimer matritsa komponentlari oʻrtasidagi kimyoviy oʻzaro taʼsir natijasida quyidagi holatlar yuzaga kelishi mumkin boʻlgan suyuq radioaktiv chiqindilarni qayta ishlashga yoʻl qoʻyilmaydi:
boshqarib boʻlmaydigan kimyoviy ekzotermik reaksiyalar yuzaga kelishi, gazsimon zaharli moddalar yoki portlash va yongʻin xavfi mavjud moddalar hosil boʻlishi;
polimer kompaundi sifat koʻrsatkichlarining yomonlashishi.
64. Suyuq radioaktiv chiqindilarni shishalash usuli bilan qotirishda quyidagilarga yoʻl qoʻyilmaydi:
suyuq radioaktiv chiqindi tarkibidagi moddalar shishalash jarayonida boshqarib boʻlmaydigan kimyoviy ekzotermik reaksiyaga kirishishi natijasida gazsimon zaharli moddalar yoki portlash va yongʻin xavfi mavjud moddalar hosil boʻlishi mumkin boʻlgan suyuq radioaktiv chiqindilarni shishalashga yoʻnaltirish;
hosil boʻlgan shishasimon kompaund sifat koʻrsatkichlarining ushbu Xavfsizlik talablari ilovasida belgilangan qiymatlardan yomonlashishi.
Shishalashga yuboriladigan suyuq radioaktiv chiqindilar tarkibidagi plutoniy konsentratsiyasi 0,03 g/dm³ dan oshmasligi lozim.
65. Shishasimon kompaundni konteynerlarga qadoqlashda toʻkilishning oldini olish va qadoqlash jarayonining xavfsizligini taʼminlash uchun ushbu Xavfsizlik talablarida belgilangan umumiy texnik vositalar bilan bir qatorda quyidagilar nazarda tutilishi lozim:
toʻkish quvurini yopish uchun zaxira (dublyaj) qurilmasi;
qadoqlash jarayonida toʻkilgan shishasimon kompaundni xavfsiz olib tashlash imkonini beruvchi texnik vositalar.
66. Obyektning loyiha va ekspluatatsiya hujjatlarida quyidagilar belgilanadi va asoslantiriladi:
shishasimon kompaundni saqlashda uning chegaraviy harorati, bunda mazkur harorat yadroviy qurilma, radiatsiya manbai va saqlash punktining normal ekspluatatsiyasi, shuningdek normal ekspluatatsiya buzilishi, shu jumladan loyiha avariyalari sharoitida ham tegishli kompaundning shishalanish haroratidan kamida 100°C past boʻlishi;
shishasimon kompaund haroratining belgilangan chegaraviy qiymatdan oshmasligini taʼminlovchi chegaraviy issiqlik ajralish darajasi.
5-bob. Qattiq va suyuq radioaktiv chiqindilarni saqlashda xavfsizlikni taʼminlash
67. Obyektning loyiha hujjatlarida qattiq va suyuq radioaktiv chiqindilarni xavfsiz saqlash boʻyicha tashkiliy va texnik chora-tadbirlar, shu jumladan ularni keyinchalik qayta ishlash yoki chiqarib olish imkonini beruvchi, radiatsiyadan himoyalangan hamda izolyatsiyalangan idishlarda vaqtincha saqlash tartibi belgilanadi.
68. Qattiq va suyuq radioaktiv chiqindilar SanQvaM 0193-06 “Radiatsiya xavfsizligi normalari (RXN 2006)” va “Radiatsiya xavfsizligini taʼminlashning asosiy sanitariya qoidalari (RXTASQ 2006)” hamda atom energiyasidan foydalanish sohasidagi normalar va qoidalar talablariga muvofiq radioaktiv moddalarning atrof-muhitga tarqalishining oldini oluvchi muhandislik toʻsiqlari tizimi bilan jihozlangan joylarda saqlanishi lozim.
69. Qattiq va suyuq radioaktiv chiqindilar saqlanadigan joylarning konstruksiyasi hamda konstruksiya materiallari saqlash joyining xizmat muddati davomida, biroq yadroviy qurilmalar, radiatsiyaviy manbalar va saqlash punktlari uchun obyektning ekspluatatsiya hujjatlarida belgilangan muddatdan kam boʻlmagan davr mobaynida ionlashtiruvchi nurlanishdan himoya qilishni hamda radioaktiv chiqindilarni ishonchli izolyatsiya qilishni taʼminlashi lozim.
Suyuq radioaktiv chiqindilarni saqlash uchun moʻljallangan sigʻimlar joylashtiriladigan xonalar gidroizolyatsiya qilingan hamda korroziyaga chidamli materiallar bilan qoplangan boʻlishi, bunda gidroizolyatsiya qilingan qismning sigʻimi idishlardagi barcha suyuq radioaktiv chiqindilarni toʻliq qabul qilish imkonini taʼminlashi zarur.
Qattiq va suyuq radioaktiv chiqindilarni saqlash uchun moʻljallangan sigʻimlarning konstruksiyasi ularga texnik xizmat koʻrsatish va taʼmirlashni, shuningdek radioaktiv chiqindilar oʻramlarini keyinchalik xavfsiz chiqarib olish imkoniyatini taʼminlashi kerak.
70. Juda past faollikka ega boʻlgan qattiq radioaktiv chiqindilarni saqlash joylaridan tashqari, qattiq radioaktiv chiqindilarni saqlash joylarida quyidagi texnik vositalar mavjud boʻlishi lozim:
omborning ichki yuzalarini dezaktivatsiya qilish vositalari;
qattiq radioaktiv chiqindilar va ularning oʻramlarini koʻzdan kechirish, texnik koʻrikdan oʻtkazish hamda saqlash joyidan chiqarib olish imkonini beruvchi vositalar;
saqlash joyida hosil boʻladigan namlikni yigʻish va chiqarish tizimlari;
shamollatish (ventilyatsiya) tizimi;
xonalarda radiatsiya nazoratini amalga oshirish vositalari.
71. Yuqori faol qattiq radioaktiv chiqindilar saqlanadigan joylarda quyidagilar boʻlishi lozim:
ekvivalent doza quvvati yuqori boʻlgan sharoitlarda qattiq radioaktiv chiqindilar konteynerlarini masofadan boshqarish vositalari;
saqlash joyi havosining haroratini nazorat qilish tizimlari;
saqlash joyi havosidagi vodorod konsentratsiyasini nazorat qilish vositalari;
saqlash joyi havosidagi radionuklidlar konsentratsiyasini nazorat qilish vositalari;
issiqlik ajratuvchi qattiq radioaktiv chiqindilar uchun issiqlikni olib chiqish (sovutish) tizimlari.
72. Suyuq radioaktiv chiqindilarni saqlash joyining sigʻimi suyuq radioaktiv chiqindilarni qayta ishlash hamda qisqa yashovchi radionuklidlarning tabiiy parchalanishi uchun zarur boʻlgan muddat davomida ularni xavfsiz saqlash imkonini taʼminlashi lozim.
73. Suyuq radioaktiv chiqindilarni saqlash uchun moʻljallangan sigʻimlar joylashtirilgan xonalarda quyidagi texnik vositalar mavjud boʻlishi lozim:
sigʻimlardan sizib chiqishni aniqlovchi signalizatsiya tizimlari;
sizib chiqqan suyuq radioaktiv chiqindilarni yigʻish va xavfsiz chiqarib olish (yoki qayta uzatish) tizimlari;
shamollatish (ventilyatsiya) tizimi;
radiatsiya nazoratini amalga oshirish vositalari;
xonalarni dezaktivatsiya qilish vositalari.
74. Organik suyuq radioaktiv chiqindilar saqlanadigan sigʻimlar joylashtirilgan xonalar yongʻin signalizatsiyasi va yongʻinni oʻchirish tizimlari bilan jihozlangan boʻlishi lozim.
Tarkibida oksidlovchi moddalar mavjud boʻlgan organik suyuq radioaktiv chiqindilarni boshqa organik suyuq radioaktiv chiqindilar bilan birgalikda saqlashga yoʻl qoʻyilmaydi.
75. Suyuq radioaktiv chiqindilarni saqlash uchun moʻljallangan sigʻimlar quyidagi texnik vositalar bilan jihozlangan boʻlishi lozim:
suyuq radioaktiv chiqindilarni qabul qilish, qayta ishlash va konditsiyalash qurilmalariga uzatish hamda sigʻimlarni boʻshatish uchun moʻljallangan quvurlar va quvur armaturalari;
texnologik parametrlarni (harorat, bosim va sigʻimdagi sathni) nazorat qilish vositalari, shu jumladan sigʻimdagi sathning belgilangan yuqori qiymatdan oshganligi va sizib chiqish holatlari haqida signal beruvchi tizimlar;
portlash va yongʻin xavfi mavjud boʻlgan gazlar hamda bugʻlar konsentratsiyasini nazorat qilish vositalari va ularning belgilangan chegaraviy qiymatlardan oshishi haqida signal beruvchi tizimlar (bunday gaz va bugʻlar hosil boʻlishi mumkin boʻlgan sigʻimlar uchun);
eritmalar, shlamlar va sorbentlarni bir sigʻimdan boshqasiga uzatish uchun moʻljallangan uskunalar va quvurlar;
sigʻimlardan suyuq radioaktiv chiqindilar toshib ketishining oldini oluvchi qurilmalar;
texnologik puflash tizimlari;
sigʻim ichidagi bosimning oshishi yoki vakuum hosil boʻlishi natijasida sigʻimning shikastlanishining oldini oluvchi himoya qurilmalari.
76. Suyuq radioaktiv chiqindilarni saqlashda quyidagi texnik vositalar mavjud boʻlishi lozim:
suyuq radioaktiv chiqindilardan reprezentativ namunalar olish imkonini beruvchi vositalar;
qiyin eriydigan choʻkindilar va yotqiziqlar hosil boʻlishi mumkin boʻlgan sigʻimlarda ularning hosil boʻlishining oldini oluvchi vositalar;
choʻkindilar va shlamlarni olib tashlash vositalari.
77. Suyuq radioaktiv chiqindilarni saqlash idishlarida yadroviy qurilmalar, radiatsiyaviy manbalar va saqlash punktlari uchun obyektning loyiha hujjatlarida belgilangan ekspluatatsiya muddati davomida tuz choʻkindilarining hosil boʻlishiga yoʻl qoʻymaydigan hamda saqlash idishlaridan ishonchli va xavfsiz foydalanishni taʼminlaydigan suv-kimyoviy rejim saqlanishi lozim.
Suyuq radioaktiv chiqindilarni saqlash idishlaridagi suv-kimyoviy rejim korroziya jarayonlarining yuzaga kelishiga yoʻl qoʻymasligi lozim.
78. Yuqori faol suyuq radioaktiv chiqindilarni saqlashda quyidagi holatlarning oldini olishni taʼminlaydigan qoʻshimcha texnik vositalar mavjud boʻlishi lozim:
suyuq radioaktiv chiqindilar haroratining loyiha hujjatlarida belgilangan chegaraviy qiymatdan oshishi;
idishning boʻsh hajmida yonuvchan va portlash xavfini tugʻdiruvchi gazlar hamda bugʻlar konsentratsiyasining loyiha hujjatlarida belgilangan chegaraviy qiymatlardan oshishi.
79. Yadroviy qurilmalar, radiatsiyaviy manbalar va saqlash punktlari uchun obyektning loyiha hujjatlarida avariya holatlarida hamda avariya oqibatlarini bartaraf etish jarayonida suyuq radioaktiv chiqindilarni qabul qilish va vaqtincha saqlash uchun moʻljallangan zaxira sigʻimlari nazarda tutilishi lozim.
80. Suyuq radioaktiv chiqindilarni saqlash uchun moʻljallangan zaxira sigʻimlarining minimal hajmi loyiha hujjatlarida belgilanadi va asoslantiriladi.
81. Past faol suyuq radioaktiv chiqindilarning kichik hajmlari (umumiy hajmi 0,2 m³ dan kam boʻlgan suyuq radioaktiv chiqindilar) ularni saqlash yoki qayta ishlash uchun moʻljallangan joylarga topshirilgunga qadar ushbu maqsad uchun jihozlangan xonalarda saqlanishi lozim.
Mazkur xonalarning joylashuvi, jihozlanishi hamda kichik hajmdagi suyuq radioaktiv chiqindilarni saqlash sharoitlari SanQvaM 0193-06 “Radiatsiya xavfsizligi normalari (RXN 2006)” va “Radiatsiya xavfsizligini taʼminlashning asosiy sanitar qoidalari (RXTASQ 2006)” talablariga muvofiq boʻlishi lozim.
82. Saqlash vaqtida radionuklidlarning saqlash joyidan tashqariga chiqishi va atrof-muhitga tarqalishi ehtimoli mavjud boʻlgan qattiq radioaktiv chiqindilarni saqlash joylari atrofidagi hududda yer osti suvlaridan namunalar olish uchun nazorat-kuzatuv quduqlari mavjud boʻlishi lozim.
Nazorat-kuzatuv quduqlarining soni va joylashuvi yadroviy qurilmalar, radiatsiyaviy manbalar va saqlash punktlari uchun obyektning loyiha hujjatlarida belgilanadi hamda asoslantiriladi.
83. Past faol qattiq radioaktiv chiqindilar ekspluatatsiya qiluvchi tashkilotlarning obyektlarida ushbu Xavfsizlik talablari hamda SanQvaM 0193-06 “Radiatsiya xavfsizligi normalari (RXN 2006)” va “Radiatsiya xavfsizligini taʼminlashning asosiy sanitariya qoidalari (RXTASQ 2006)” talablarini inobatga olgan holda ishlab chiqilgan obyektning loyiha yoki texnologik hujjatlarda belgilangan saqlash joylarida saqlanishi lozim.
Past faol qattiq radioaktiv chiqindilarni saqlash joylarining joylashuvi, muhandislik-texnik vositalar bilan jihozlanishi hamda saqlash sharoitlari SanQvaM 0251-08 “Radioaktiv chiqindilar bilan muomalada boʻlishning sanitariya qoidalari” talablariga muvofiq boʻlishi lozim.
84. Qattiq va suyuq radioaktiv chiqindilarni saqlash tartibi yadroviy qurilmalar, radiatsiyaviy manbalar va saqlash punktlari obyektlarining ekspluatatsiya hujjatlarida atom energiyasidan foydalanish sohasidagi normalar va qoidalar hamda ushbu Xavfsizlik talablariga muvofiq belgilanishi lozim.
85. Suyuq radioaktiv chiqindilarni saqlashda radiatsiya nazorati hamda suyuq radioaktiv chiqindilarni saqlash tizimining monitoringi, shuningdek suyuq radioaktiv chiqindilarni saqlashda xavfsizlikni taʼminlashni tartibga soluvchi atom energiyasidan foydalanish sohasidagi normalar va qoidalar talablariga muvofiq geologik muhit va yer osti suvlari holatining monitoringi amalga oshirilishi lozim.
Radiatsiya nazorati va monitoringni amalga oshirish hajmi, usullari, tartibi hamda davriyligi, shu jumladan suyuq radioaktiv chiqindilar saqlanadigan joy atrofida kuzatuv quduqlarini qurish zarurati, ularning soni va joylashuvi suyuq radioaktiv chiqindilar saqlanadigan joyning xavfsizligini baholash natijalari asosida obyektning loyiha va (yoki) ekspluatatsiya hujjatlarida belgilanadi hamda asoslantiriladi.
Monitoring dasturi obyektning normal ekspluatatsiyasi hamda normal ekspluatatsiya buzilishi va loyiha avariyalari sharoitlarida xavfsizlikni baholash boʻyicha bajarilgan prognoz hisob-kitoblari natijalariga muvofiq boʻlishi lozim.
6-bob. Qattiq va suyuq radioaktiv chiqindilarni konditsiyalashda xavfsizlikni taʼminlash
86. Ekspluatatsiya qiluvchi tashkilot qattiq va suyuq radioaktiv chiqindilarni konditsiyalash jarayonida hosil boʻladigan konditsiyalangan radioaktiv chiqindilarning Radioaktiv chiqindilarni koʻmish boʻyicha maqbullik mezonlari va talablariga (roʻyxat raqami 3734, 2025-yil 23-dekabr) muvofiqligini taʼminlashi zarur.
87. Yadroviy qurilmalar, radiatsiyaviy manbalar va saqlash punktlari obyektlarining loyiha hujjatlarida qattiq va suyuq radioaktiv chiqindilarni konditsiyalash usullari va texnik vositalari, shuningdek konditsiyalangan radioaktiv chiqindilarning tavsiflarini nazorat qilishning usullari hamda vositalari atom energiyasidan foydalanish sohasidagi normalar va qoidalar hamda ushbu Xavfsizlik talablariga muvofiq belgilanishi va asoslantirilishi lozim.
88. Qattiq radioaktiv chiqindilarni konditsiyalash usullari va vositalarini tanlash quyidagilarni hisobga olgan holda amalga oshiriladi:
konditsiyalanishi lozim boʻlgan qattiq radioaktiv chiqindilarning fizik, kimyoviy va radiatsiyaviy tavsiflari;
qattiq radioaktiv chiqindilarni koʻmish uchun belgilangan maqbullik mezonlari.
89. Qattiq radioaktiv chiqindilarni toʻplash, tashish, saqlash va (yoki) koʻmib tashlash uchun moʻljallangan konteynerlarning konstruksiyasi hamda tayyorlanadigan materiallari va ularning xususiyatlari yadroviy qurilmalar, radiatsiyaviy manbalar va saqlash punktlari obyektlarining loyiha hujjatlarida asoslantirilishi lozim.
90. Konditsiyalangan past, oʻrta va yuqori faollik darajasiga ega qattiq hamda suyuq radioaktiv chiqindilarni saqlash va koʻmish uchun moʻljallangan konteynerlarning atom energiyasidan foydalanish sohasidagi normalar va qoidalarda hamda Radioaktiv chiqindilarni koʻmish boʻyicha maqbullik mezonlari va talablarida (roʻyxat raqami 3734, 2025-yil 23-dekabr) belgilangan qoidalarga muvofiqligi baholanadi.
91. Konteynerning konstruktiv materiallari uning tashqi yuzasini dezaktivatsiya qilish imkoniyatini taʼminlashi lozim.
92. Konteyner koʻmishgacha boʻlgan kutilayotgan saqlash davri davomida oʻz butunligini saqlashi hamda qattiq va suyuq radioaktiv chiqindilar joylashtirilgan konteynerdan radionuklidlarning va (yoki) ionlashtiruvchi nurlanishning atrof-muhitga tarqalishiga yoʻl qoʻymasligi lozim.
Konteyner quyidagi imkoniyatlarni taʼminlashi lozim:
saqlash muddati yakunida radioaktiv chiqindilar joylashtirilgan konteynerni saqlash joyidan xavfsiz chiqarib olish;
konteyner yaxlitligi buzilganda yoki qoʻshimcha himoya talab etilganda uni qoʻshimcha konteynerga joylashtirish;
qattiq va suyuq radioaktiv chiqindilar joylashtirilgan konteynerni koʻmish joyiga tashish;
qattiq va suyuq radioaktiv chiqindilarni koʻmish jarayonida konteyner bilan xavfsiz muomalada boʻlish va uni koʻmish inshootiga joylashtirish.
93. Konditsiyalangan qattiq va suyuq radioaktiv chiqindilar joylashtirilgan konteynerlar uchun Radioaktiv chiqindilarni koʻmish boʻyicha maqbullik mezonlari va talablariga (roʻyxat raqami 3734, 2025-yil 23-dekabr) muvofiq pasport rasmiylashtiriladi.
7-bob. Gazsimon radioaktiv chiqindilar bilan muomalada boʻlish uchun moʻljallangan tizimlar (elementlar)
94. Gazsimon radioaktiv chiqindilarni tozalash uskunalarida qoʻllaniladigan filtrlovchi materiallar va sorbentlar namlik, harorat, radiatsiya, organik erituvchilar bugʻlari, ishqorlar va kislotalar taʼsiriga, shuningdek gaz oqimi parametrlarining oʻzgarishiga chidamli boʻlishi lozim.
95. Gazsimon radioaktiv chiqindilar bilan ishlashga moʻljallangan tozalash uskunalarini tayyorlashda qoʻllaniladigan konstruksion materiallar quyidagi talablarga muvofiq boʻlishi lozim:
radioaktiv moddalarni kam sorbsiyalovchi xususiyatga ega boʻlishi;
dezaktivatsiya qiluvchi eritmalarning taʼsiriga chidamli boʻlishi.
96. Gazsimon radioaktiv chiqindilar bilan muomalada boʻlish uchun moʻljallangan tizimlarning elementlari, jumladan filtrlari, ushbu elementlarga texnik koʻrikdan oʻtkazish, taʼmirlash va almashtirish ishlarini bajarish imkoniyatini taʼminlaydigan tarzda hamda SanQvaM 0193-06 “Radiatsiya xavfsizligi normalari (RXN 2006)” va “Radiatsiya xavfsizligini taʼminlashning asosiy sanitariya qoidalari (RXTASQ 2006)”ni inobatga olgan holda loyihalanishi va joylashtirilishi lozim.
97. Gazsimon radioaktiv chiqindilar bilan muomalada boʻlishga moʻljallangan tozalash uskunalari, shu jumladan aerozol filtrlari, filtr-adsorberlar va barbotaj qurilmalari quyidagi talablarga muvofiq boʻlishi lozim:
ekspluatatsiya davomida shamollatish (ventilyatsiya) agregatlari tomonidan hosil qilinadigan siyraklanish tozalash uskunasining maksimal aerodinamik qarshiligini yengib oʻtishni taʼminlashi;
gazsimon radioaktiv chiqindilarni tozalash samaradorligi butun ekspluatatsiya muddati davomida loyiha hujjatlarida belgilangan darajadan past boʻlmasligi.
98. Gazsimon radioaktiv chiqindilarni tozalash samaradorligining loyihada qabul qilingan qiymatlari yadroviy qurilmalar, radiatsiyaviy manbalar va saqlash punktlari obyektlarining loyiha hujjatlarida asoslantirilishi lozim.
99. Gazsimon radioaktiv chiqindilar bilan muomalada boʻlishga moʻljallangan tizimlarda havo oqimlari parametrlarini hisoblashda filtr yuzasida aerozol zarrachalarining toʻplanishi natijasida uning filtr qarshiligining ortishi inobatga olinishi lozim.
100. Gazsimon radioaktiv chiqindilar bilan muomalada boʻlish tizimlari filtrlari orqali havoni radioaktiv aerozollardan tozalash koeffitsiyentini hisoblash quyidagilarni hisobga olgan holda amalga oshirilishi lozim:
aerozol zarrachalarining oʻlchami tozalash uskunasi ishlab chiqaruvchisining hujjatlarida koʻrsatilgan eng qiyin ushlanadigan (eng yuqori oʻtuvchanlikka ega) zarrachalar oʻlchamiga teng deb qabul qilinishi (tozalash samaradorligi qiymatlari va zarracha oʻlchamlari loyiha hujjatlarida keltirilishi lozim);
texnologik jarayonning issiqlik-texnik va aerodinamik parametrlari eng noqulay ekspluatatsiya sharoitlarini hisobga olgan holda tanlanishi.
101. Gazsimon radioaktiv chiqindilar tarkibidagi radioaktiv yodni ushlab qolish uchun moʻljallangan adsorberlar atom energiyasidan foydalanish obyektlarining normal ekspluatatsiyasi hamda normal ekspluatatsiya buzilishi sharoitlarida radioaktiv yodning turli kimyoviy birikmalarini ushlab qolishni taʼminlashi lozim.
102. Gazsimon radioaktiv chiqindilar tarkibidagi radioaktiv yodni tutib qolishga moʻljallangan adsorberlar va boshqa qurilmalarni hisoblashda quyidagilar inobatga olinishi lozim:
foydalanilayotgan sorbentlarning ekspluatatsiya sharoitidagi sorbsiya sigʻimi;
adsorberlarga (qurilmalarga) ularning butun ekspluatatsiya davri davomida tushadigan radioaktiv yodning umumiy miqdori.
103. Gazgolderlar va radioxromatografik gaz tozalash tizimlari inert radioaktiv gazlarni ushlab qolishni hamda loyiha hujjatlarida belgilangan tozalash koeffitsiyentini (gazsimon radioaktiv chiqindilarni qayta ishlash qurilmasiga kirishdagi radioaktiv moddalar konsentratsiyasining ushbu qurilmadan chiqishdagi konsentratsiyaga nisbatini) atom energiyasidan foydalanish obyektining barcha loyihaviy ish rejimlarida taʼminlashi lozim.
Inert radioaktiv gazlarni radioaktiv parchalanish sodir boʻlguniga qadar tutib qolish va vaqtincha saqlashga moʻljallangan radioxromatografik tizimlarni hisoblashda quyidagilar inobatga olinishi zarur:
sorbentlarning ekspluatatsiya sharoitlaridagi (harorat, namlik) sigʻimi;
inert radioaktiv gazlarning adsorbsion ushlab qolish tizimida boʻlish vaqti.
104. Gazsimon radioaktiv chiqindilar bilan muomalada boʻlishga moʻljallangan tizimlar va ularning elementlari ishga yaroqliligi hamda loyiha hujjatlarida belgilangan texnik tavsiflarga muvofiqligi boʻyicha, shu jumladan yadroviy qurilmalar, radiatsiyaviy manbalar va saqlash punktlarida yuzaga kelgan avariyalar oqibatlari bartaraf etilgandan soʻng tekshirilishi lozim.
105. Har bir filtr yoki sorbent partiyasi ishlab chiqaruvchining pasportiga ega boʻlishi va unda asosiy parametrlar hamda ushbu filtr yoki sorbentlarni sinovdan oʻtkazish natijasida olingan quyidagi koʻrsatkichlar keltirilishi lozim:
filtrlar uchun — nominal sarfdagi qarshilik, aerodinamik qarshilik, eng qiyin ushlanadigan (eng yuqori oʻtuvchanlikka ega) zarrachalar uchun tozalash samaradorligi (zarracha diametriga bogʻliq samaradorlik egri chizigʻining minimumiga mos keluvchi zarracha oʻlchami);
sorbentlar uchun — sorbent moʻljallangan moddalarni ushlab qolish samaradorligi, agar sorbent radioaktiv yodni ushlab qolish uchun moʻljallangan boʻlsa molekulyar yod va metilyodidni (alohida-alohida) ushlab qolish samaradorligi.
106. Aerozol filtrlari, filtr-adsorberlar va filtr-absorberlar nominal havo sarfining uch baravarigacha oshishiga bardosh berishi hamda oʻz funksional xususiyatlarini saqlashi lozim.
Havo sarfi nominal qiymatga qaytarilgandan soʻng tozalash samaradorligi obyektning loyiha hujjatlarida belgilangan darajadan past boʻlmasligi lozim.
107. Aerozol filtrlari va sorbentlarga loyiha hujjatlarida belgilangan ishchi haroratdan yuqori haroratlarning taʼsiri toksik moddalarning hosil boʻlishi va ajralib chiqishiga olib kelmasligi kerak.
108. Belgilangan ekspluatatsiya resursi tugagan filtrlardan foydalanishga yoʻl qoʻyilmaydi. Bunday filtrlarni chiqarib olish, saqlash va utilizatsiya qilish atom energiyasidan foydalanish sohasidagi normalar va qoidalar hamda SanQvaM 0193-06 “Radiatsiya xavfsizligi normalari (RXN 2006)” va “Radiatsiya xavfsizligini taʼminlashning asosiy sanitariya qoidalari (RXTASQ 2006)” talablariga muvofiq amalga oshirilishi lozim.
109. Tozalash uskunalari uchun radiatsiyaviy va texnologik nazorat usullari hamda vositalarini, shuningdek texnologik jarayonlar parametrlarini qayd etish tizimlarini belgilashda quyidagilar inobatga olinishi lozim:
gazsimon radioaktiv chiqindilar oqimlarining parametrlari;
issiqlik-texnik va aerodinamik parametrlar — bosim (siyraklanish), gaz oqimiga qarshilik, harorat va namlik;
portlash xavfi mavjud moddalar, jumladan vodorod konsentratsiyasi (agar ular gazsimon radioaktiv chiqindilar tarkibida mavjud boʻlsa);
tozalash uskunasining samaradorligi;
tozalash koeffitsiyenti.
110. Gazsimon radioaktiv chiqindilarni tozalash jarayonida tozalash koeffitsiyentini davriy oʻlchash usullari va vositalari, shuningdek tozalash uskunasining samaradorligini aniqlash uchun texnologik nazorat vositalari mavjud boʻlishi lozim.
111. Texnologik nazorat usullari va vositalari nazorat qilinadigan parametrlarni ularning mumkin boʻlgan barcha oʻzgarish diapazonida oʻlchashni taʼminlashi lozim.
112. Gazsimon radioaktiv chiqindilarning nazorat qilinadigan koʻrsatkichlari roʻyxati, ularni nazorat qilish usullari va vositalari, shuningdek nazorat natijalarini rasmiylashtirish va saqlash tartibi Atom energiyasidan foydalanish obyektining toʻliq “hayotiy” davri mobaynida sifatni taʼminlashning umumiy dasturiga qoʻyiladigan talablarga (roʻyxat raqami 3770, 2026-yil 9-fevral) muvofiq boʻlishi lozim.
8-bob. Yakuniy qoida
113. Mazkur Xavfsizlik talablarini buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javobgar boʻladilar.
Qattiq va suyuq radioaktiv chiqindilarni toʻplash, qayta ishlash, saqlash va konditsiyalashda hamda gazsimon radioaktiv chiqindilar bilan muomalada boʻlishda xavfsizlik talablariga ILOVA
