Aholiga koʻrsatilayotgan davlat xizmatlarini takomillashtirish hamda fuqarolar uchun qoʻshimcha qulayliklar yaratish chora-tadbirlari toʻgʻrisida (PQ-265-son)
15.07.2026
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
qarori
Yangi Oʻzbekistonda “inson uchun” tamoyili asosida inson huquqlari ustuvorligini taʼminlash, davlat xizmatlarini koʻrsatishni yanada yaxshilash orqali fuqarolarning ovoragarchiligini kamaytirish va ularga qoʻshimcha qulayliklar yaratish maqsadida qaror qilaman:
I. Mulkiy huquqlarni rasmiylashtirish tartibini takomillashtirish
1. Adliya vazirligi hamda Kadastr agentligining 2027-yil 1-yanvardan boshlab quyidagilarni joriy etish toʻgʻrisidagi takliflari maʼqullansin:
(a) koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish paytida huquq egasi oʻz vaqtida roʻyxatdan oʻtkazuvchi organga murojaat etmaganligi aniqlanganda maʼmuriy javobgarlik chorasi qoʻllamasdan kechiktirish muddatidan kelib chiqib roʻyxatdan oʻtkazish uchun oshirilgan stavkalarda toʻlov undirish tizimini joriy etish;
(b) soliq toʻlovchiga xususiy mulk huquqi asosida tegishli boʻlgan turar joy meros tartibida yoki yaqin qarindoshidan hadya sifatida olingan boʻlsa, ushbu turar joyni sotishdan olingan daromadga soliq solinmasligi uchun belgilangan muddatni vasiyat qiluvchi yoki hadya qiluvchining mazkur turar joyga boʻlgan mulk huquqi davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan sanadan boshlab hisoblash.
2. Belgilansinki, taqiq yoki xatlov qoʻyilgan turar joyga garovga oluvchining roziligisiz yashash va turgan joyi boʻyicha roʻyxatdan oʻtkazishga ruxsat beriladi. Bunda roʻyxatdan oʻtkazilayotgan shaxs mulkdorning (garovga oluvchining, taqiqni qoʻyishga yoki yechishga masʼul organning) ichki ishlar organlariga qilgan murojaati asosida uning roʻyxatdan oʻtkazilganligi bekor qilinishiga avvaldan rozilik berishi zarur.
II. Elektron davlat xizmatlari ommabopligini oshirish va fuqarolar uchun qoʻshimcha qulayliklar yaratish
3. 2026-yil 1-oktabrdan boshlab Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida (keyingi oʻrinlarda — Yagona portal) quyidagi xizmatlar joriy etilsin:
(a) jismoniy va yuridik shaxslarga oʻziga mulk huquqi asosida tegishli boʻlgan koʻchmas mulk obyektlari va avtomototransport vositalarini garovga yoki ipotekaga qoʻyishga, shuningdek, ularni begonalashtirishga taqiq qoʻyish yoki uni bekor qilish. Bunda taqiq jismoniy shaxslar tomonidan Face-ID vositasida identifikatsiyadan oʻtgan holda, yuridik shaxslar tomonidan esa ularning muassislari (ishtirokchilari, aksiyadorlari) umumiy yigʻilishining qarori asosida elektron raqamli imzo orqali qoʻyiladi;
(b) fuqarolarning oʻz nomiga rasmiylashtirilgan va foydalanilayotgan telefon raqamlari va bank kartalari toʻgʻrisida maʼlumot olish va ushbu jarayonni boshqarishning quyidagi imkoniyatlarini yaratish:
(i) telefon raqamini muayyan muddatga nofaol holatga oʻtkazish (faollashtirish) va oʻzi foydalanmayotgan telefon raqamlariga xizmat koʻrsatishni toʻxtatish haqida arizalar kiritish;
(ii) telefon raqami ulangan pulli xizmatlar haqida maʼlumot olish;
(iii) bank kartalarini bloklash (yopish) haqida emitentga arizalar yuborish;
(v) fuqaroning nomiga yangi notarial harakat rasmiylashtirilganda avtomatik tarzda uni Yagona portal orqali xabardor qilish va ular hisobini yuritish.
4. Raqamli texnologiyalar vazirligi Adliya vazirligi va tijorat banklari bilan birgalikda 2026-yil 1-sentabrga qadar Yagona portalda fuqarolar uchun oʻz xizmatlarini taklif etayotgan tijorat banklarining virtual toʻlov kartasini tanlov asosida ochish va oʻzining bank plastik kartasini biriktirish, ushbu kartalar orqali davlat xizmatlari uchun toʻlovlarni amalga oshirish, shuningdek, ortiqcha yoki notoʻgʻri toʻlangan mablagʻlarni yoxud davlat xizmatini koʻrsatishni kechiktirganlik (asossiz rad etganlik) uchun toʻlovlarni avtomatik tarzda oʻzining kartasiga qaytarish imkoniyatini joriy etsin.
5. Belgilansinki, fuqarolardan Yagona portalda virtual toʻlov kartasini ochish, uni tegishli tijorat banklarining infratuzilmasidan foydalangan holda mablagʻ bilan toʻldirish va virtual toʻlov kartasidagi pul mablagʻlarini oʻziga tegishli bank plastik kartalariga oʻtkazish uchun komissiya toʻlovlari undirilmaydi.
6. Voyaga yetmagan shaxslar oʻz huquqlarini mustaqil ravishda amalga oshirish yuzasidan sudlarga murojaat qilishda davlat bojini toʻlashdan ozod qilinsin.
7. Adliya vazirligi Bolalar ombudsmani va Ijtimoiy himoya milliy agentligi bilan birgalikda ikki oy muddatda voyaga yetmagan shaxslar oʻz huquqlarini mustaqil ravishda amalga oshirish yuzasidan kelib chiqadigan daʼvolar boʻyicha davlat bojini toʻlashdan ozod etishni nazarda tutuvchi qonun loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
III. Proaktiv davlat xizmatlari koʻrsatishni kengaytirish
8. 2026-yil 1-oktabrdan boshlab, jismoniy shaxsning familiyasi, ismi va otasining ismi, tugʻilgan sanasi kabi birlamchi maʼlumotlari oʻzgarganda oʻzida ushbu maʼlumotlarni aks ettiruvchi davlat organlariga tegishli axborot tizimlaridagi maʼlumotlarga avtomatik tarzda idoralararo elektron hamkorlik yoʻli bilan oʻzgartirishlar kiritish amaliyoti yoʻlga qoʻyiladi. Bunda:
(a) birlamchi maʼlumotlarni oʻzgartirgan adliya organi bu haqda “Elektron hukumat” tizimining idoralararo integratsiyalashuv platformasi orqali ushbu maʼlumotlar bilan ishlovchi davlat organlariga xabarnomalar taqdim etadi va tegishli elektron shakldagi hujjatlarga fuqarolarning qoʻshimcha arizalarisiz oʻzgartirish kiritadi;
(b) jismoniy shaxsga Yagona portal orqali uning birlamchi maʼlumotlari oʻzgarganligi haqida real vaqt rejimida maʼlumotnoma beriladi;
(v) jismoniy shaxsning birlamchi maʼlumotlari oʻzgarganligi haqidagi maʼlumotnoma asosida shaxsni tasdiqlovchi hujjatlar qayta rasmiylashtirib beriladi.
9. Birlamchi maʼlumotlar oʻzgarganda avtomatik tarzda oʻzgartirish kiritiladigan maʼlumotlar roʻyxati 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
10. Adliya vazirligi Markaziy bank, Ichki ishlar vazirligi, Kadastr agentligi bilan birgalikda 2026-yil 1-noyabrga qadar koʻchmas mulk obyektlari va avtomototransport vositalariga qoʻyilgan taqiqni kreditlar toʻliq soʻndirilganda proaktiv shaklda yechishni yoʻlga qoʻysin.
IV. Reklama sohasidagi munosabatlarni tartibga solish
11. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq fuqarolarning reklama qoʻngʻiroqlari va xabarnomalariga oid huquqlari himoyasini kuchaytirish maqsadida 2026-yil 1-noyabrdan boshlab:
(a) mobil aloqa vositalari orqali SMS-xabarnomalar yoʻli bilan tovar (ish, xizmat)larni taklif (reklama) qiluvchi har qanday yuridik va jismoniy shaxslar faqat shaxsning yozma yoki elektron roziligini olgandan soʻng ushbu harakatlarni (reklamani) amalga oshiradi;
(b) mobil aloqa vositalariga reklama qoʻngʻiroqlari va SMS-xabarnomalarni joʻnatish xizmatini koʻrsatuvchi yuridik shaxslar oʻzlarining axborot tizimlarini Shaxsga doir maʼlumotlar bazalarining davlat reyestrida roʻyxatdan oʻtkazgandan keyin tegishli xizmatlarni koʻrsatishiga yoʻl qoʻyiladi;
(v) reklama qoʻngʻiroqlari va xabarnomalarini telekommunikatsiya tarmoqlari (mobil aloqa) orqali soat 18.00 dan 09.00 gacha tarqatish taqiqlanadi;
(g) mobil aloqa operatorlariga oʻzlari tomonidan tarqatiladigan reklama qoʻngʻiroqlari va xabarnomalarini abonent soʻroviga koʻra toʻliq yoki qisman bloklash majburiyati yuklatiladi;
(d) mazkur bandda belgilangan talablarga rioya etmaslik reklama hamda shaxsga doir maʼlumotlar toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzish hisoblanadi va tegishli choralar koʻrish uchun asos boʻladi.
12. Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasi Markaziy bank hamda manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda 2026-yil 1-sentabrga qadar quyidagilarni nazarda tutuvchi normativ-huquqiy hujjat loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin:
(a) jismoniy shaxslarga moʻljallangan kredit, muddatli toʻlov, nasiya savdoga oid har qanday reklamada tovarning (ishning, xizmatning) joriy qiymatiga nisbatan qancha summa qoʻshib toʻlanishi kerakligi, yakuniy qiymati qancha boʻlishi xususidagi maʼlumotlar boʻlishi shartligi;
(b) moliyaviy xizmatlar reklamasi yoki ular haqidagi reklama tarzidagi axborot, agar tegishli shartnoma tuzilayotgan paytda aniqlash mumkin boʻlmasa, reklama qilinayotgan xizmatlarning kelgusidagi samaradorligi kafolatlari yoki vaʼdalariga ega boʻlmasligi.
V. Qaror ijrosini tashkil etish, taʼminlash va nazorat
13. Davlat xizmatlarini takomillashtirish hamda fuqarolar uchun qoʻshimcha qulayliklar yaratish boʻyicha chora-tadbirlar rejasi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
14. Ichki ishlar vazirligi 2026-yil 1-dekabrga qadar ilgʻor xorijiy tajribani oʻrgangan holda shaxsga doir maʼlumot hisoblanadigan aniq axborot (axborotlar majmui) roʻyxatini ishlab chiqsin va belgilangan tartibda tasdiqlasin.
15. Mazkur qarorning 2-bandida belgilangan qoidani tegishli qonunchilik hujjatlari va idoraviy koʻrsatmalar qabul qilinishini kutmasdan mazkur qaror normalari kuchga kirgan paytdan eʼtiboran soʻzsiz va toʻgʻridan toʻgʻri amalda qoʻllash taʼminlansin.
16. Adliya vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda uch oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
17. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsan javobgar etib Bosh vazir oʻrinbosari J.A. Qoʻchqorov va adliya vaziri A.D. Tashkulov belgilansin.
18. Qaror ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun masʼul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2026-yil 15-iyul,
PQ-265-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 15-iyuldagi PQ-265-son qaroriga 1-ILOVA
Birlamchi maʼlumotlar oʻzgarganda avtomatik tarzda oʻzgartirish kiritiladigan maʼlumotlar
ROʻYXATI
Izoh. Mazkur roʻyxatning 1 — 3-bandlaridagi maʼlumotlar axborot tizimida oʻzgaradi va bu kelgusida shaxsni ushbu hujjatlarni qayta rasmiylashtirish majburiyatidan ozod etmaydi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 15-iyuldagi PQ-265-son qaroriga 2-ILOVA
Davlat xizmatlarini takomillashtirish hamda fuqarolar uchun qoʻshimcha qulayliklar yaratish boʻyicha
CHORA-TADBIRLAR REJASI
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 15.07.2026-y., 07/26/265/0740-son)
