Mamlakatimizdagi ayrim togʻ tizmalari, togʻlar, choʻqqilar, daralar, dovonlar va gʻorlarning nomlarini davlat tili qoida va meʼyorlariga muvofiqlashtirish hamda ularga yangi nom berish toʻgʻrisida (376-son)
09.07.2026
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasining “Davlat tili haqida”gi va “Geografik obyektlarning nomlari toʻgʻrisida”gi qonunlariga muvofiq mamlakatimizdagi ayrim togʻ tizmalari, togʻlar, choʻqqilar, daralar, dovonlar va gʻorlarning nomlarini davlat tili qoida va meʼyorlariga muvofiqlashtirish hamda ularga yangi nom berish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Nomi davlat tili qoida va meʼyorlariga muvofiqlashtirilgan hamda yangi nom berilgan ayrim togʻ tizmalari, togʻlar, choʻqqilar, daralar, dovonlar va gʻorlar roʻyxati ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Belgilab qoʻyilsinki, normativ-huquqiy hujjatlar, xaritalar, ish yuritish hujjatlari va xizmat yozishmalarida ushbu qaror bilan tasdiqlangan nomlardan foydalaniladi.
3. Ekologiya va iqlim oʻzgarishi milliy qoʻmitasi ikki oy muddatda:
Urbanizatsiya va uy-joy bozorini barqaror rivojlantirish milliy qoʻmitasi huzuridagi Kadastr agentligi va Turizm qoʻmitasi bilan birgalikda togʻ tizmalari, togʻlar, choʻqqilar, daralar, dovonlar va gʻorlar nomlarining davlat tili qoida va meʼyorlariga muvofiqlashtirilishi hamda ularga yangi nom berilishi munosabati bilan tegishli hujjatlar, xaritalar, maʼlumotlar bazalariga oʻzgartirishlar kiritilishini;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari bilan birgalikda togʻ tizmalari, togʻlar, choʻqqilar, daralar, dovonlar va gʻorlarga oʻrnatilgan peshlavhalar hamda axborot koʻrsatkichlaridagi yozuvlarning davlat tili qoida va meʼyorlariga muvofiq lotin yozuviga asoslangan oʻzbek alifbosida yozilishini taʼminlasin.
4. Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi va Oʻzbekiston Milliy axborot agentligiga ushbu qarorning mazmun-mohiyati va ahamiyatini ommaviy axborot vositalarida keng yoritish tavsiya etilsin.
5. Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari A.J. Ramatov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2026-yil 9-iyul,
376-son
Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 9-iyuldagi 376-son qaroriga ILOVA
Nomi davlat tili qoida va meʼyorlariga muvofiqlashtirilgan hamda yangi nom berilgan ayrim togʻ tizmalari, togʻlar, choʻqqilar, daralar, dovonlar va gʻorlar
ROʻYXATI
