“Raqamli hukumat” tizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida (PQ-257-son)
08.07.2026
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
qarori
“Raqamli Oʻzbekiston — 2030” strategiyasiga muvofiq “Raqamli hukumat” tizimini rivojlantirishda yagona platformaviy yondashuvni hamda davlat axborot tizimlarining idoralararo integratsiyasi va texnologik muvofiqligini taʼminlash, ularning axborot xavfsizligi va kiberxavfsizlik darajasini oshirish, shuningdek, davlat organlari va tashkilotlarining raqamli yechimlarini yaratish va rivojlantirish xarajatlarini maqbullashtirish hamda samaradorligini oshirish maqsadida qaror qilaman:
I. Maqsadlar
1. Quyidagilar Yagona integratsiyalashgan raqamli platforma (keyingi oʻrinlarda — Platforma)ni joriy etishning asosiy maqsadli koʻrsatkichlari etib belgilansin:
(a) 2028-yil yakuniga qadar davlat organlarining kamida 5 mingta maʼmuriy funksiyasini raqamlashtirish;
(b) davlat axborot tizimlarini ishlab chiqish va ekspluatatsiya qilish xarajatlarini kamida 30 foizga qisqartirish;
(v) 2030-yil yakuniga qadar Platforma maʼlumotlari va namunaviy servislar asosida Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida sunʼiy intellekt asosida koʻrsatiladigan xizmatlar ulushini 10 foizga yetkazish;
(g) qogʻoz shaklidagi hujjat aylanishidan voz kechish, vazirlik va idoralarni qogʻozsiz ish yuritishga hamda idoralararo elektron hamkorlikka oʻtkazish;
(d) kamida 100 ta tahliliy modullarning muhim ijtimoiy-iqtisodiy koʻrsatkichlarning joriy tahlili asosida maʼlumotlarga asoslangan qarorlar qabul qilish amaliyotini joriy etish.
II. “Raqamli hukumat” tizimini rivojlantirishda platformaviy yondashuvni taʼminlash
2. Belgilansinki, Platforma quyidagilarni taʼminlashga xizmat qiluvchi “Raqamli hukumat” tizimining texnologik elementi hisoblanadi:
(a) davlat axborot tizimlarini yaratish, rivojlantirish, qoʻllab-quvvatlash va ularning kiberxavfsizligini taʼminlashda yagona arxitektura, standartlar, texnologik va tashkiliy yondashuvlarni qoʻllash;
(b) qayta foydalaniladigan raqamli komponentlar va servislardan foydalanish orqali davlat axborot tizimlarini ishlab chiqishni tezlashtirish, standartlashtirish va xarajatlarni qisqartirish;
(v) davlat maʼlumotlarini markazlashgan holda boshqarish, shu jumladan, maʼlumotlarni yigʻish, tasniflash, zaxiralash, saqlash va ulardan foydalanish;
(g) davlat xizmatlarini koʻrsatishda toʻlovlar, yigʻimlar, bojlar va boshqa majburiy toʻlovlarni qabul qilish uchun toʻlov infratuzilmasi faoliyatini taʼminlash.
3. Raqamli texnologiyalar vazirligi:
(a) 2026-yil 1-avgustga qadar raqamli hukumat va davlat maʼlumotlarini boshqarish sohasidagi yetakchi xalqaro konsultantlarni konseptual va texnologik yechimlarni mustaqil ekspertiza qilish, shuningdek, ilgʻor xalqaro tajriba va standartlarni inobatga olgan holda Platformaning loyiha-texnik va arxitektura hujjatlarini ishlab chiqishga jalb etsin;
(b) 2026-yil 1-dekabrga qadar Davlat xavfsizlik xizmati bilan birgalikda Platformada maʼlumotlar almashinuvi, xavfsizlik va davlat raqamli servislarini ishlab chiqish boʻyicha yagona texnologik standartlarni ishlab chiqsin;
(v) 2027-yil 1-iyulga qadar Platformaning ishlab chiqilishini taʼminlasin.
4. Belgilansinki:
(a) davlat axborot tizimlarida shakllantiriladigan maʼlumotlar davlat axborot resursi deb eʼtirof etiladi va ushbu maʼlumotlar Platforma doirasida boshqariladi;
(b) 2027-yil 1-iyuldan boshlab:
(i) davlat axborot tizimlari Platforma doirasida uning namunaviy raqamli komponentlaridan foydalangan holda yaratiladi va rivojlantiriladi, bundan davlat sirini, davlat ahamiyatiga ega boʻlgan va bank sirini tashkil etuvchi maʼlumotlarni qayta ishlashga moʻljallangan hamda harbiylashtirilgan tuzilmalar va huquqni muhofaza qiluvchi organlarning axborot tizimlarini ishlab chiqish mustasno;
(ii) yangi davlat axborot tizimlarini ishlab chiqish va amaldagi tizimlarni modernizatsiya qilish hamda davlat axborot tizimlarining idoralararo hamkorligi va integratsiyasi Platformaning namunaviy servislari va komponentlaridan foydalangan holda amalga oshiriladi;
(iii) davlat organlari va tashkilotlari tomonidan Platformaning funksionalini takrorlovchi davlat axborot tizimlarini yaratish va rivojlantirish taqiqlanadi;
(v) Platforma doirasida davlat axborot tizimlari axborot xavfsizligi va kiberxavfsizlik sohasida belgilangan tartibda xulosa olish sharti bilan yaratiladi va rivojlantiriladi;
(g) Platformani yaratish va faoliyatini yuritish doirasida:
(i) Raqamli texnologiyalar vazirligiga — Platformani rivojlantirish sohasida davlat siyosatini yuritish, standartlar va texnologik talablarni ishlab chiqish hamda tasdiqlash vakolati berilsin hamda ularga qatʼiy rioya etilishini muvofiqlashtirish va nazorat qilish vazifasi yuklansin;
(ii) Raqamli hukumat loyihalarini boshqarish markaziga — Platformaning arxitektura yaxlitligini, unda yagona standartlarning qoʻllanilishini hamda davlat axborot tizimlarini Platformaga oʻtkazishni taʼminlash vazifasi yuklansin;
(iii) davlat organlari va tashkilotlariga — davlat axborot tizimlarini Platformaning namunaviy raqamli servislari va komponentlaridan foydalangan holda ishlab chiqish, maʼmuriy funksiyalarni raqamlashtirish, kompozit elektron davlat xizmatlarni va qogʻozsiz ishlash modelini joriy etish vazifasi yuklansin;
(d) “Davlat axborot tizimlarini yaratish va qoʻllab-quvvatlash boʻyicha yagona integrator — “UZINFOCOM” MCHJ (keyingi oʻrinlarda — Yagona integrator) — Platformaning texnik operatori va tizimli integratori hisoblanadi hamda Platformani ishlab chiqish, joriy etish, ekspluatatsiya qilish va texnik qoʻllab-quvvatlash ishlarini amalga oshiradi, Platformaning axborot xavfsizligi va kiberxavfsizligini taʼminlaydi.
5. Quyidagilar:
(a) Yagona integratsiyalashgan raqamli platformani ishlab chiqish va joriy etish boʻyicha “yoʻl xaritasi” 1-ilovaga muvofiq;
(b) 2026 — 2028-yillarda Yagona integratsiyalashgan raqamli platformaning tarkibiga kiruvchi davlat axborot tizimlari roʻyxati 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
6. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga koʻra 2027-yil 1-yanvardan boshlab:
(a) davlat organlari tomonidan ichki hujjat aylanmasi, qarorlar qabul qilish va kelishish hamda davlat xizmatlarini koʻrsatish Platforma va uning raqamli komponentlaridan foydalangan holda elektron shaklda amalga oshiriladi;
(b) Platforma doirasida davlat organlari va tashkilotlarining axborot tizimlari oʻrtasida maʼlumot almashinuvini osonlashtirish maqsadida ochiq integratsiya (Open API) tamoyili joriy qilinadi.
7. Belgilansinki, 2026-yil 1-avgustdan boshlab:
(a) Platforma doirasida ishlab chiqiladigan va modernizatsiya qilinadigan davlat axborot tizimlarining maʼlumotlarini joylashtirish, saqlash va qayta ishlash faqat davlat bulutli infratuzilmasi va (yoki) “Raqamli hukumat” tizimining maʼlumotlarni qayta ishlash markazida amalga oshiriladi, bundan davlat siri, davlat ahamiyatiga ega boʻlgan sirni tashkil etuvchi maʼlumotlar, harbiylashtirilgan tuzilmalar va huquqni muhofaza qiluvchi organlarning axborot tizimlari, axborot xavfsizligi va kiberxavfsizlik talablariga javob beruvchi davlat maʼlumotlarni qayta ishlash markazlari mustasno;
(b) Platforma doirasida amalga oshiriladigan davlat axborot tizimlarini geozaxiralash va uzluksiz ishlashini taʼminlash faqat davlat maʼlumotlarni qayta ishlash markazlarida amalga oshiriladi;
(v) tijorat banklari, birjalar, toʻlov va kredit tashkilotlariga Markaziy bankning axborot xavfsizligi va kiberxavfsizlik sohasidagi talablariga rioya qilgan holda davlat maʼlumotlarni qayta ishlash markazlarining texnik quvvatlaridan foydalanishga ruxsat etiladi;
(g) davlat organlari va tashkilotlari, ustav fondi (ustav kapitali)da davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq boʻlgan xoʻjalik jamiyatlarining hamda ular muassisligidagi korxonalarning yangi axborot tizimlarini ishlab chiqish, maʼlumotlarni qayta ishlash markazlarini yaratish yoki server uskunalarini xarid qilish loyihalari “Raqamli Oʻzbekiston — 2030” strategiyasini amalga oshirish boʻyicha muvofiqlashtirish komissiyasi ruxsati bilan amalga oshiriladi.
Bunda yangi axborot tizimlari Platforma faoliyatini tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjat qabul qilingunga qadar amaldagi tartibda ishlab chiqiladi;
(d) “Raqamli hukumat” tizimining maʼlumotlarni qayta ishlash markaziga belgilangan tartibda Yagona kiberxavfsizlik uzelining zaxira bogʻlamasi va Yagona kiberxavfsizlik operatorining agregatsiya qurilmalari joylashtiriladi.
III. Hududlarda raqamli boshqaruv tizimini joriy etish
8. Toshkent shahri Mirzo Ulugʻbek tumanining vaziyatlar markazida inson omilini istisno etgan holda hududning ijtimoiy-iqtisodiy jarayonlarini real vaqt rejimida boshqarish imkonini beruvchi “Aqlli tuman” platformasi joriy etilganligi hamda ijobiy natijalar koʻrsatganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
9. Raqamli texnologiyalar vazirligi:
(a) “Raqamli hokimlik” dasturiy kompleksini “Aqlli tuman” platformasi asosida takomillashtirsin hamda unda quyidagilarni inobatga olsin:
(i) hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy holatini monitoring va tahlil qilish, jumladan, aholi murojaatlari tahlili, iqtisodiy va investitsiya koʻrsatkichlari, ekologik holati, qurilish va kommunal xizmatlar boʻyicha koʻrsatkichlar hamda geofazoviy maʼlumotlar, hududiy obyektlar va xarita qatlamlarini yagona raqamli maydonda jamlash va tahlil qilish imkonini beruvchi “Rahbar paneli” moduli;
(ii) mahallalar kesimida aholini qiynayotgan muammolarni oʻrganish va asosiy yoʻnalishlar boʻyicha rivojlanish holatini aniqlash orqali fuqarolarning yashash darajasi va farovonligini oshirish boʻyicha chora-tadbirlarni belgilash imkonini beruvchi “Inson qadri indeksi” moduli;
(iii) davlat organlari, xoʻjalik jamiyatlari, boshqa idora va tashkilotlarning hududiy boʻlinmalari kesimida sohaga oid obyektlar, ularning joylashuvi, maʼmuriy-hududiy chegaralari, manzil va atribut maʼlumotlari hamda boshqa manbalardagi statistik maʼlumotlarni yagona raqamli xarita asosida jamlash, tahlil qilish va qayta ishlash imkonini beruvchi geoportal;
(iv) sunʼiy intellekt texnologiyalari asosida ishlovchi, tuman, mahalla va sohalar kesimida vaziyatni real vaqt rejimida aks ettiruvchi, rahbariyat soʻrovlari boʻyicha tezkor maʼlumot, xulosa va takliflarni shakllantiruvchi “Hokimning virtual assistenti” moduli;
(b) “Raqamli hokimlik” dasturiy kompleksini 2026-yil yakuniga qadar Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlar markazlari hamda Toshkent shahrida, 2027-2028-yillarda respublikaning qolgan tuman va shaharlarida bosqichma-bosqich joriy etilishini taʼminlasin.
10. Belgilansinki:
(a) Raqamli hukumat loyihalarini boshqarish markazi “Raqamli hokimlik” dasturiy kompleksining egasi hisoblanadi, uning maqsadli yoʻnalishlari va funksional rivojlanishini belgilaydi hamda hududlarda joriy etilishi, davlat organlari va tashkilotlari bilan oʻzaro integratsiya qilinishini muvofiqlashtiradi;
(b) Yagona integrator “Raqamli hokimlik” dasturiy kompleksi doirasida:
(i) axborot tizimlarining hududlarda toʻliq joriy etilishi, ularning texnik-dasturiy hamda oʻquv-uslubiy jihatdan taʼminlanishini tashkil etish, shuningdek, dasturiy kompleksning uzluksiz faoliyat yuritishi va bosqichma-bosqich takomillashtirib borilishini taʼminlaydi;
(ii) davlat organlari va tashkilotlarining maʼlumotlar bazalarini “Raqamli hokimlik” dasturiy kompleksiga integratsiya qilish, oʻzaro axborot almashinuvini yoʻlga qoʻyish hamda axborot tizimlarining kiberxavfsizligini taʼminlaydi;
(v) mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlariga “Raqamli hokimlik” dasturiy kompleksi komponentlari funksionalini takrorlovchi davlat axborot tizimlarini yaratish taqiqlanadi;
(g) “Raqamli hokimlik” dasturiy kompleksi doirasida ishlatiladigan server quvvatlari, maʼlumotlarni saqlash va qayta ishlash resurslari, shu jumladan, sunʼiy intellekt texnologiyalari asosidagi tahlil, prognozlash va “Hokimning virtual assistenti” modulining ishlashini taʼminlash uchun zarur grafik protsessor (GPU) resurslari belgilangan tartibda Raqamli texnologiyalar vazirligi tomonidan ajratiladi.
11. Belgilansinki:
(a) mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlariga “Raqamli hokimlik” dasturiy kompleksini joriy etish, takomillashtirish, texnik qoʻllab-quvvatlash, server quvvatlari, maʼlumotlarni saqlash va qayta ishlash resurslari, shu jumladan, sunʼiy intellekt modullari uchun ajratilgan grafik protsessor (GPU) resurslaridan foydalanish boʻyicha Yagona integrator bilan oylik abonent toʻlovi asosida toʻgʻridan-toʻgʻri shartnomalar tuzishga ruxsat beriladi;
(b) “Raqamli hokimlik” dasturiy kompleksini joriy etish doirasida tashkil etiladigan vaziyatlar markazlarida axborot xavfsizligi, jismoniy muhofaza, kirish-chiqishni nazorat qilish, videokuzatuv, tashrif buyuruvchilarni roʻyxatga olish va xodimlarning vakolatlarini cheklash boʻyicha maxsus rejim joriy etiladi;
(v) “Raqamli hokimlik” dasturiy kompleksini joriy etish uchun zarur boʻlgan vaziyatlar markazi zallari, operator xonalarini qurilish-montaj va texnik taʼminlash ishlari, loyihalashtirish, aloqa kanallari, videodevorlar, ishchi oʻrinlar va boshqa dasturiy-apparat majmualari bilan jihozlash tegishli mahalliy hokimliklar tomonidan oʻz mablagʻlari va qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi.
12. Quyidagilar:
(a) “Raqamli hokimlik” dasturiy kompleksini hududlarda joriy etish boʻyicha “yoʻl xaritasi” 3-ilovaga muvofiq;
(b) “Raqamli hokimlik” dasturiy kompleksi doirasida integratsiya qilinadigan axborot tizimlari va maʼlumotlar hamda ularni taqdim etish uchun masʼul davlat organlari va tashkilotlari roʻyxati 4-ilovaga muvofiq;
(v) “Raqamli hokimlik” dasturiy kompleksini hududlarda joriy etish boʻyicha vazifalar taqsimoti 5-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
IV. Qaror ijrosini tashkil etish, taʼminlash va nazorat
13. Mazkur qaror ijrosini taʼminlash, shu jumladan, axborot tizimlarini ishlab chiqish, joriy etish, rivojlantirish va qoʻllab-quvvatlash xarajatlari Raqamli texnologiyalarni rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari, qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hamda budjet tashkilotlarida ushbu maqsad uchun nazarda tutilgan mablagʻlar hisobidan moliyalashtiriladi.
14. Raqamli texnologiyalar vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda uch oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
15. Mazkur qaror ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsan javobgar etib raqamli texnologiyalar vaziri Sh.X. Shermatov belgilansin.
16. Qaror ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun masʼul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2026-yil 8-iyul,
PQ-257-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 8-iyuldagi PQ-257-son qaroriga 1-ILOVA
Yagona integratsiyalashgan raqamli platformani ishlab chiqish va joriy etish boʻyicha
“YOʻL XARITASI”
Izoh: “Raqamli Oʻzbekiston — 2030” strategiyasini amalga oshirish boʻyicha muvofiqlashtirish komissiyasi tomonidan mazkur “yoʻl xaritasi”da belgilangan chora-tadbirlar ijrosi monitoring qilib, zarur hollarda, unga oʻzgartirish kiritib boriladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 8-iyuldagi PQ-257-son qaroriga 2-ILOVA
2026 — 2028-yillarda Yagona integratsiyalashgan raqamli platformaning tarkibiga kiruvchi davlat axborot tizimlari
ROʻYXATI
Izoh. “Raqamli Oʻzbekiston — 2030” strategiyasini amalga oshirish boʻyicha muvofiqlashtirish komissiyasi Platformaga integratsiya qilinadigan davlat axborot tizimlari va maʼlumotlar bazalari grafigini tasdiqlaydi, ijrosini nazorat qiladi hamda zarur hollarda, unga oʻzgartirish kiritib borishi mumkin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 8-iyuldagi PQ-257-son qaroriga 3-ILOVA
“Raqamli hokimlik” dasturiy kompleksini hududlarda joriy etish boʻyicha
“YOʻL XARITASI”
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 8-iyuldagi PQ-257-son qaroriga 4-ILOVA
“Raqamli hokimlik” dasturiy kompleksi doirasida integratsiya qilinadigan axborot tizimlari va maʼlumotlar hamda ularni taqdim etish uchun masʼul davlat organlari va tashkilotlari
ROʻYXATI
T/rMasʼul idoraTaqdim etiladigan maʼlumotlar mazmuniMuddatiI. Iqtisodiyot, moliya, soliq va savdo1.Markaziy bankBank va moliyaviy xizmatlar, kreditlar, muammoli kreditlar, qarz yuklamasi va moliyaviy faollik boʻyicha hududiy koʻrsatkichlar.2026-yil sentabrKreditlar holati, muddatli toʻlov, bank xizmatlaridan foydalanish va tadbirkorlik subyektlari moliyaviy faolligi koʻrsatkichlari tuman/shahar va davr kesimida.2027-yil yanvarHududlar kesimida kredit, lizing, aylanma mablagʻ, imtiyozli moliyalashtirish boʻyicha umumlashtirilgan maʼlumotlar.2027-yil fevral2.Iqtisodiyot va moliya vazirligiMahalliy budjet daromadlari va xarajatlari, subsidiyalar, tashabbusli budjet, davlat dasturlari va hududiy biznes-rejalar ijrosi.2026-yil sentabrYillik/choraklik maqsadli koʻrsatkichlar, KPI va ijro holati kesimidagi maʼlumotlar.Sanoat, xizmatlar, qurilish, savdo va hududiy iqtisodiy oʻsish boʻyicha prognoz, trend, xavf va resurs ehtiyojlarini baholash uchun zarur koʻrsatkichlar.2027-yil dekabr3.Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi“Onlayn-mahalla”, mehnat bozori, bandlik, ishsizlik, vakansiyalar, kasbiy oʻqitish, ishga joylashtirish, mehnat migratsiyasi va mahallabay dasturlar koʻrsatkichlari.2026-yil sentabrKambagʻallikdan chiqarish dasturlari, mikroloyihalar, kreditlash, oilalar bilan ishlash natijalari va hududiy ijtimoiy xavf guruhlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar.4.Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligiInvestitsiya loyihalari, eksport koʻrsatkichlari, sanoat zonalari, yirik, oʻrta va kichik sanoat korxonalari, ishlab chiqarish quvvati, mahsulot turlari, ish oʻrinlari, muammolar va ehtiyojlar.2026-yil sentabrKorxona pasporti: nomi, STIR, faoliyat turi, manzil, geojoylashuv (koordinata), tarmoq, quvvat, bandlik, eksport.Sanoat zonasi maydoni, rezidentlar, boʻsh maydonlar, cheklovlar, imtiyozlar va qoʻllab-quvvatlash choralari.2026-yil oktabr5.Bojxona qoʻmitasiEksport va import hajmi, tovarlar, yoʻnalishlar, davlatlar, korxonalar, bojxona rasmiylashtiruvi, muammoli eksportyorlar va tashqi savdo dinamikasi.2026-yil sentabrDavlat chegarasi va bojxona postlari orqali kirib kelgan va chiqib ketgan transport vositalari, yuklar, tovarlar, bojxona rasmiylashtiruvi holati, postlar kesimida oʻtkazuvchanlik, navbat va yuklama koʻrsatkichlari hamda jismoniy shaxslar harakati boʻyicha umumlashtirilgan maʼlumotlar.2026-yil dekabrKorxona, hudud, tarmoq va davr kesimida logistika va tashqi savdo tendensiyalari maʼlumotlari.6.Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasiTashqi reklama obyektlari, reklama hududlari, pasportlar, arizalar, ruxsat holati, reklamadan xoli hududlar va joylashuv maʼlumotlari.2026-yil sentabrSavdo va xizmat koʻrsatish faolligi, isteʼmolchilar murojaatlari, narxlar va bozor raqobatiga oid umumlashtirilgan koʻrsatkichlar.2026-yil dekabr7.Soliq qoʻmitasiSoliq tushumlari, qarzdorlik, soliq turlari, onlayn nazorat-kassa mashinalari cheklari, ijara munosabatlari, bozorlar nazorati va yashirin iqtisodiyotga oid koʻrsatkichlar.2026-yil sentabrKorxonalarning STIR, faoliyat turi, aylanma, soliq tushumlari, eksport/importga bogʻliq soliq koʻrsatkichlari va hududiy faollik maʼlumotlari.Savdo, xizmat koʻrsatish, ijara, oʻzini oʻzi band qilganlar va soliq bazasini kengaytirish boʻyicha mahallabay tahlil maʼlumotlari.8.Davlat aktivlarini boshqarish agentligi va “Elektron onlayn-auksionlarni tashkil etish” AJDavlat aktivlari, boʻsh turgan obyektlar, yer uchastkalari, elektron auksion lotlari, savdo holati, boshlangʻich va yakuniy qiymat, manzil va joylashuv maʼlumotlari.2026-yil sentabrInvestorlar va mahalliy hokimliklar uchun foydalanilishi mumkin boʻlgan obyektlar reyestri, obyekt pasporti, infratuzilmaga yaqinligi va huquqiy maqomi boʻyicha maʼlumotlar.2026-yil dekabr9.Savdo-sanoat palatasiTadbirkorlik subyektlari, ishlab chiqaruvchilar, xizmat koʻrsatuvchilar, eksportyorlar, biznes muammolari, soʻrovnoma natijalari, kredit, xomashyo, uskuna, logistika va bozorga chiqish ehtiyojlari.2027-yil dekabr10.“Oʻzbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasi” AJBirja savdolari, davlat xaridlari, bitimlar, buyurtmachilar va yetkazib beruvchilar, tovar guruhlari, narx dinamikasi va hududiy savdo faolligi boʻyicha maʼlumotlar.2026-yil sentabrII. Davlat boshqaruvi, raqamli infratuzilma va xavfsizlik11.Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Xalq qabulxonasiOʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Virtual qabulxonasiga (pm.gov.uz) kelib tushgan murojaatlar, kategoriyalar, hudud, ijro holati, muddati oʻtgan murojaatlar, masʼul tashkilot va natijalar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar.2026-yil dekabr12.Bosh prokuraturaYashirin iqtisodiyot, bozorlar nazorati, noqonuniy tadbirkorlik, huquqbuzarliklar profilaktikasi va topshiriqlar ijrosiga oid umumlashtirilgan koʻrsatkichlar.2026-yil sentabr13.Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosiIjro hujjatlari, qarzdorlik, undiruv holati, aliment, kommunal toʻlovlar, soliq va boshqa majburiy toʻlovlar boʻyicha ijro ishlari holati, hudud, mahalla, qarzdorlik turi, summa, ijro bosqichi va natijalar boʻyicha maʼlumotlar.2026-yil oktabr14.Markaziy saylov komissiyasiSaylov okruglari, okrug chegaralari, deputatlar, deputat biriktirilgan hududlar, aholi bilan ishlash koʻrsatkichlari, mahalliy kengashlar va hududiy vakillik organlari boʻyicha maʼlumotlar.2026-yil dekabr15.Favqulodda vaziyatlar vazirligiFavqulodda vaziyatlar, 112/101 xabarlari, yongʻinlar, qutqaruv qismlari, xizmat koʻrsatish hududlari, resurslar, tezkor xabarlar, jabrlanganlar va zarar qiymati.2026-yil sentabrSeysmik, sel, suv toshqini, koʻchki, yongʻin xavfi yuqori hududlar va aholini ogohlantirish uchun zarur maʼlumotlar.2026-yil dekabr16.Raqamli texnologiyalar vazirligiDavlat xizmatlari (my.gov.uz), aholi murojaatlari, elektron hukumat integratsiyalari, idoralararo maʼlumot almashinuvi va raqamli infratuzilmaga oid maʼlumotlar.2026-yil sentabr17.Adliya vazirligiFHDY maʼlumotlari: tugʻilish, vafot etish, nikoh, ajrim va demografik koʻrsatkichlar.2026-yil sentabrAholi dinamikasi, oila tarkibi, xizmatlar qamrovi va hududiy xizmat obyektlari boʻyicha maʼlumotlar.2026-yil dekabr18.Milliy statistika qoʻmitasiHududiy statistika, aholi, korxonalar, ishlab chiqarish, qurilish, savdo, xizmatlar, sanoat, taʼlim, sogʻliqni saqlash va boshqa makro koʻrsatkichlar.2026-yil sentabr19.Ichki ishlar vazirligiMigratsiya va fuqarolik, yoʻl harakati xavfsizligi, yoʻl-transport hodisalari, maʼmuriy va jinoiy-huquqiy statistika, profilaktika inspektorlari, SOS xabarlari, qoʻriqlash obyektlari va himoya orderlari.2026-yil sentabrYoʻl infratuzilmasi, chorrahalar, svetoforlar, kameralar, radarlar, piyodalar oʻtish joylari, xavfli nuqtalar va jamoat xavfsizligi obyektlari boʻyicha joylashuv maʼlumotlari.2026-yil dekabr112/102 xabarlari, aholi murojaatlari, topshiriqlar ijrosi, huquqbuzarliklar dinamikasi va mahalla/koʻcha/obyekt kesimida tahliliy maʼlumotlar.2026-yil sentabrYoʻl harakatini tashkil etish va intellektual transport infratuzilmasi boʻyicha maʼlumotlar.2026-yil dekabrOʻzbekistonga kirib kelgan va chiqib ketgan chet el fuqarolari hamda fuqaroligi boʻlmagan shaxslarning yagona axborot tizimi boʻyicha maʼlumotlar.20.Milliy gvardiyaJamoat xavfsizligi, patrul yoʻnalishlari, qoʻriqlanadigan obyektlar, ommaviy tadbirlar xavfsizligi, tezkor chaqiruvlar va xizmat kuchlari joylashuvi boʻyicha maʼlumotlar.2026-yil sentabr21.“Oʻzarxiv” agentligiHududiy boshqaruv, tarixiy maʼlumotlar, arxiv hujjatlari va davlat organlari faoliyatiga oid zarur arxiv maʼlumotlari.2026-yil oktabrTarixiy va boshqaruv tahlili uchun raqamlashtirilgan hujjatlar, reyestrlar va maʼlumotnomalar.2026-yil dekabr22.“Oʻzbekkosmos” agentligiYer resurslari, qishloq xoʻjaligi yerlari, ekologik holat, oʻrmon fondi, chiqindi hududlari, suv obyektlari va qurilish holati boʻyicha kosmik monitoring maʼlumotlari.2026-yil dekabrNoqonuniy qurilish, yerdan samarasiz foydalanish, yashil hududlar, sanoat zonalari va infratuzilma holatini masofadan monitoring qilish uchun geotasvirlar va tahlil natijalari.23.Kadastr agentligiKadastr obyektlari, koʻchmas mulk, yer uchastkalari, maʼmuriy-hududiy birliklar, mahallalar, koʻchalar, sektorlar, chegaralar, manzillar, noqonuniy qurilish va yerdan foydalanish holati.2026-yil dekabrHudud chegaralari, obyekt konturlari, kadastr raqami, manzili, maydoni, huquqiy maqomi, foydalanish turi, obyekt holati va koordinatalar.Muhandislik-kommunal obyektlar, strategik obyektlar, davlat kadastrlari va boshqa idoralar taqdim etadigan geografik maʼlumotlarni (koordinatalar, poligonlar va qatlamlar), yagona raqamli xaritaga bogʻlash uchun identifikatorlar va klassifikatorlar.24.Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklariHududiy biznes-rejalar, investitsiya loyihalari, sanoat zonalari, mahalliy korxonalar, ishchi guruh soʻrovnomalari, muammolar reyestri va mahalliy qarorlar ijrosi.2026-yil sentabrSubsidiyalar va tashabbusli budjet boʻyicha maʼlumotlar.Aholi murojaatlari boʻyicha maʼlumotlar.“Raqamli mahalla” tizimi maʼlumotlari.Maʼmuriy-hududiy birliklar, mahallalar va koʻchalar boʻyicha maʼlumotlar.2026-yil dekabrDavlat xizmatlari va hududiy xizmat obyektlari haqida maʼlumotlar.Yoʻl harakatini tashkil etish va intellektual transport infratuzilmasi boʻyicha maʼlumotlar.25.Tuman (shahar) hokimliklariBosh rejalar, “qizil chiziqlar”, renovatsiya hududlari, koʻchalar, mahalliy xizmat obyektlari, ijtimoiy obyektlar, tashqi reklama, yer/bino takliflari va mahalliy infratuzilma maʼlumotlari.2026-yil sentabrMahalliy inventarizatsiya natijalari.26.Oʻzbekiston mahallalari uyushmasi“Raqamli mahalla” tizimi, mahalla pasporti, aholi, oila, xonadon, “mahalla yettiligi”, ijtimoiy obyektlar, mahalla reytingi va mahalliy muammolar.2026-yil sentabrMahalla kesimidagi ijtimoiy-iqtisodiy koʻrsatkichlar, aholi murojaatlari, hududiy tahlil va ijro monitoringi uchun maʼlumotlar.2026-yil dekabrIII. Transport va aloqa27.Transport vazirligiJamoat transporti, yoʻnalishlar, bekatlar, grafiklar, transport vositalari, GPS-treking, yoʻlovchi oqimi, oʻrtacha tezlik va xizmat qamrovi, yoʻnalishlar, transport infratuzilmasi va harakat zichligi boʻyicha maʼlumotlari.2026-yil sentabr28.“Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJTemir yoʻl infratuzilmasi, vokzal va bekatlar, yoʻlovchi oqimi, qatnovlar, yoʻnalishlar, yuk va yoʻlovchitashish koʻrsatkichlari.2026-yil sentabr29.Avtomobil yoʻllari qoʻmitasiAvtomobil yoʻllari, koʻpriklar, yoʻl qoplamasi holati, taʼmirlash rejalari, yoʻl belgilari, yoritish, xavfli uchastkalar va yoʻl infratuzilmasi obyektlari.2026-yil sentabrYoʻl toifasi, uzunligi, kengligi, yuk koʻtarish cheklovlari, logistika yoʻlaklari va obyektlarga kirish yoʻllari va geografik maʼlumotlari.2026-yil dekabr30.“Oʻzbekiston pochtasi” AJPochta boʻlinmalari, xizmat koʻrsatish nuqtalari, manzil, ish vaqti, xizmat turlari, qamrov hududi va joylashuv maʼlumotlari (koordinatalar va poligonlar).2026-yil dekabrIV. Energetika va kommunal xoʻjalik31.Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligiBoshqaruv servis kompaniyalari, koʻp kvartirali uylar, liftlar, uy-joy fondi, aholi murojaatlari, xizmat koʻrsatish tashkilotlari va kommunal xizmatlar holati.2026-yil sentabrShaharsozlik, bosh reja, “qizil chiziqlar”, renovatsiya hududlari, qurilish ruxsatnomalari, nazorat natijalari va qurilish obyektlari geografik maʼlumotlari (koordinatalar, poligonlar va qatlamlar).2026-yil dekabrKoʻp qavatli uylar holati, boshqaruv servis kompaniyasi qamrovi, xizmat sifati, avariyalar va taʼmirlash ishlari maʼlumotlari.2026-yil dekabr32.Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasiQurilish obyektlari, davlat nazorati natijalari, ruxsatnomalar, loyiha-smeta hujjatlari, obyekt holati, muddati oʻtgan qurilishlar va qoidabuzarliklar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar.2026-yil sentabrShaharsozlik, qurilish xavflari, hudud, muddat va masʼul tashkilot kesimida tahlil maʼlumotlari.2026-yil dekabr33.“Hududgaztaʼminot” AJTabiiy va suyultirilgan gaz isteʼmoli, billing, toʻlovlar, qarzdorlik, 104/112 xabarlari, aholi murojaatlari, suyultirilgan uglevodorod gazi yetkazib berish, kechikishlar va gaz toʻldirish shoxobchalari.2026-yil sentabrGaz infratuzilmasi boʻyicha geografik maʼlumotlari (koordinatalar, poligonlar va qatlamlar): gaz taqsimlash punktlari, gaz quvurlari, yuqori, oʻrta va past bosimli tarmoqlar, klapanlar, hisoblagichlar, gaz taqsimlash hududlari va texnik holat maʼlumotlari va joylashuvi.2026-yil dekabrKorxonalar kesimida gazga ulanish nuqtasi, bosim, sarf, mavjud quvvat, ehtiyoj, cheklov va avariyalar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar.2026-yil dekabr34.“Hududiy elektr tarmoqlari” AJElektr energiyasi isteʼmoli, billing, toʻlovlar, qarzdorlik, hisoblagichlar, aholi murojaatlari, uzilishlar, avariyalar, meʼyordan ortiq isteʼmol, quyosh panellari va tarmoqqa uzatilgan energiya.2026-yil sentabrElektr infratuzilmasi boʻyicha geografik maʼlumotlari (koordinatalar, poligonlar va qatlamlar): podstansiyalar, transformator punktlari, elektr uzatish liniyalari, kabel liniyalari, taqsimlash punktlari, hisoblagichlar, xizmat zonalari va texnik holat maʼlumotlari va joylashuvi.2026-yil dekabrElektr quvvati, ulanish nuqtasi, mavjud/talab etiladigan quvvat, cheklovlar va avariyaviy holatlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar.2026-yil dekabr35.“Oʻztransgaz” AJMagistral gaz quvurlari, gaz taqsimlash stansiyalari, yuqori bosimli tarmoqlar, uzatish nuqtalari, bosim, harorat, sarf, quvur diametri, uzunligi, texnik holati va muhofaza hududlari.2026-yil dekabr36.“Oʻzsuvtaʼminot” AJIchimlik suvi va kanalizatsiya isteʼmoli, billing, toʻlovlar, qarzdorlik, suv oʻlchagichlar, avariyalar, suv sifati, limitlar va aholi murojaatlari.2026-yil sentabrSuv va kanalizatsiya boʻyicha geografik maʼlumotlari (koordinatalar, poligonlar va qatlamlar): suv quvurlari, magistral va ichki tarmoqlar, nasos stansiyalari, suv omborlari, suv tozalash inshootlari, kanalizatsiya kollektorlari, quduqlar va chiqarish nuqtalari maʼlumotlari va joylashuvi.2026-yil dekabrKorxonalar kesimida suv/oqova suv ulanish nuqtalari, mavjud quvvat, sarf, limit, texnik cheklov va avariyaviy holatlar.2026-yil dekabr37.“Issiqliktaʼminot” AJIssiqlik taʼminoti, issiq suv, billing, toʻlovlar, qarzdorlik, avariyalar, aholi murojaatlari, qozonxonalar, issiqlik markazlari va xizmat koʻrsatish hududlari.2026-yil sentabrIssiqlik infratuzilmasi boʻyicha geografik maʼlumotlari (koordinatalar, poligonlar va qatlamlar): issiqlik quvurlari, qozonxonalar, markaziy va individual issiqlik punktlari, ulanish nuqtalari, texnik holat va tarmoq quvvati.38.“Veolia Energy” MCHJ XKIssiqlik taʼminoti, issiq suv, billing, toʻlovlar, qarzdorlik, avariyalar, aholi murojaatlari, qozonxonalar, issiqlik markazlari va xizmat koʻrsatish hududlari.Issiqlik infratuzilmasi boʻyicha geografik maʼlumotlari (koordinatalar, poligonlar va qatlamlar): issiqlik quvurlari, qozonxonalar, markaziy va individual issiqlik punktlari, ulanish nuqtalari, texnik holat va tarmoq quvvati.V. Qishloq va suv xoʻjaligi, ekologiya va tabiiy xavflar39.Qishloq xoʻjaligi vazirligiQishloq xoʻjaligi yerlari, ekinlar, fermer va klasterlar, hosildorlik, agromonitoring, sunʼiy yoʻldosh va dronlar yordamida oʻsimliklar va ekinlar holatini masofadan turib baholash (NDVI/SIPI), irrigatsiya holati, mavsumiy ishlar va mahsulot ishlab chiqarish koʻrsatkichlari.2026-yil sentabrAgrosanoat korxonalari, qayta ishlash quvvatlari, xomashyo bazasi va hududiy imkoniyatlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar.40.Suv xoʻjaligi vazirligiIrrigatsiya va drenaj tarmoqlari, kanallar, ariqlar, nasos stansiyalari, aholi murojaatlari, gidropostlar, suv resurslari, limitlar, suv olish nuqtalari va muhofaza hududlari.2026-yil sentabrQishloq xoʻjaligi, ekologiya, shaharsozlik, suv resurslari va suv xoʻjaligi obyektlari boʻyicha geografik maʼlumotlari (koordinatalar, poligonlar va qatlamlar).41.Ekologiya va iqlim oʻzgarishi milliy qoʻmitasiEkologik nazorat, havo va suv sifati, chiqindilar, sanoat chiqindilari va chiqindilarni koʻmish joylari, muhofaza qilinadigan hududlar, ekologik xavflar va aholi murojaatlari.2026-yil sentabr“Yashil makon”, daraxtlar, yashil hududlar, oʻsimliklar va hayvonot dunyosi, sanoat korxonalari ekologik koʻrsatkichlari.42.Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligiChiqindilarni boshqarish, “Toza makon” maʼlumotlari, billing, toʻlovlar, qarzdorlik, konteyner maydonlari, chiqindi yigʻish grafiklari, maxsus texnikalar GPS harakati, poligonlar, qayta ishlash obyektlari va aholi murojaatlari.2026-yil sentabr43.Gidrometeorologiya xizmati agentligiOb-havo, harorat, namlik, yogʻingarchilik, shamol, atmosfera bosimi, PM2.5, PM10, havo sifati indeksi (AQI), xavfli meteo hodisalar va prognozlar.2026-yil sentabr44.Fanlar akademiyasiSeysmologiya, seysmik xavf, makroseysmik koʻrsatkichlar, epitsentr, magnituda, chuqurlik, grunt xususiyatlari va tabiiy xavfli hududlar maʼlumotlari.2026-yil sentabrVI. Sogʻliqni saqlash va ijtimoiy himoya45.Sogʻliqni saqlash vazirligiTibbiyot muassasalari, xodimlar, tez tibbiy yordam 112/103 chaqiruvlar, xizmat koʻrsatish vaqti, kasallanish, elektron retsept maʼlumotlari.2026-yil dekabrTibbiy xizmat qamrovi, muassasalar quvvati, hududiy kasallanish dinamikasi, tezkor chaqiruvlar va aholi murojaatlari maʼlumotlari.Onkologiya, yuqumli kasalliklar va sanitariya-epidemiologiya boʻyicha maʼlumotlar.Tibbiy-ijtimoiy ekspertiza va maxsus tibbiy hisoblar boʻyicha maʼlumotlar.Tugʻilish, vafot etish boʻyicha maʼlumotlar.46.Tibbiyot va farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligiDorixonalar, farmatsevtika obyektlari, taʼminoti va litsenziya maʼlumotlari, manzil, ish rejimi, xizmat koʻrsatish hududi maʼlumotlari.2026-yil dekabr47.Oila va xotin-qizlar qoʻmitasiAyollar dasturlari, “Ayollar daftari”, qoʻllab-quvvatlash choralari, bandlik, ijtimoiy himoya, tazyiq va zoʻravonlikdan himoya bilan bogʻliq umumlashtirilgan koʻrsatkichlar.2026-yil sentabr48.Ijtimoiy himoya milliy agentligiIjtimoiy himoya reyestrlari, ehtiyojmand oilalar, nogironligi boʻlgan shaxslar, ijtimoiy xizmatlar, nafaqalar va qoʻllab-quvvatlash choralari boʻyicha maʼlumotlar.2026-yil sentabrTibbiy-ijtimoiy ekspertiza va maxsus tibbiy hisoblar boʻyicha maʼlumotlar.2026-yil oktabr49.Yoshlar ishlari agentligiYoshlar dasturlari, “Yoshlar daftari”, “Yoshlar balansi”, imtiyozlar, taʼlim, bandlik, tadbirkorlik, yoshlar toifalari, muammolar, qoʻllab-quvvatlash choralari va natijalar, sport va ijtimoiy faollik koʻrsatkichlari.2026-yil sentabr50.Budjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasiPensiya oluvchilar, pensiya turlari, toʻlovlar, hududiy taqsimot, qarzdorlik/toʻxtatilish holatlari va pensiya taʼminoti boʻyicha umumlashtirilgan koʻrsatkichlar.2026-yil sentabrVII. Taʼlim va sport51.Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligiMaktabgacha taʼlim tashkilotlari, maktablar, oʻquvchilar, oʻqituvchilar, sigʻim, davomat, reyting, taʼlim sifati, infratuzilma, kamera va xavfsizlik koʻrsatkichlari.2026-yil sentabr52.Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligiOliy taʼlim, kasbiy taʼlim va akademik litseylar, talabalar, oʻqituvchilar, talabalar turar joylari, yoʻnalishlar, mutaxassisliklar, kadrlar tayyorlash koʻrsatkichlari, sigʻim, davomat, reyting, taʼlim sifati, infratuzilma, kamera va xavfsizlik koʻrsatkichlari.2026-yil sentabrKadrlar salohiyati, mutaxassisliklar, ishlab chiqarish ehtiyojlari bilan bogʻlashga zarur maʼlumotlar.2026-yil dekabr53.Sport vazirligiSport muassasalari, sportchilar, murabbiylar, guruhlar, davomat, musobaqalar, sport obyektlari holati, sigʻimi va joylashuv maʼlumotlari.2026-yil sentabrVIII. Madaniyat, turizm va din54.Turizm qoʻmitasiTuristik oqim, ichki va xorijiy turistlar, joylashtirish obyektlari, mehmonxonalar, gidlar, turoperatorlar, turistik yigʻimlar, marshrutlar va xizmatlar sifati.2026-yil sentabrTurizm obyektlari, sigʻim, yuklama, mavsumiylik, manzil va joylashuv maʼlumotlari.55.Din ishlari boʻyicha qoʻmitaDiniy obyektlar, masjidlar, ziyoratgohlar, diniy taʼlim va diniy-maʼrifiy obyektlar boʻyicha reyestr, manzil, masʼul tashkilot va joylashuv maʼlumotlari.2027-yil dekabr56.Madaniy meros agentligiMadaniy meros obyektlari, arxitektura va arxeologiya yodgorliklari, monumental sanʼat, reyestr maʼlumotlari, muhofaza hududlari, obyekt holati va joylashuv maʼlumotlari.2026-yil sentabr
Izoh:
1. “Raqamli Oʻzbekiston — 2030” strategiyasini amalga oshirish boʻyicha muvofiqlashtirish komissiyasi tomonidan “Raqamli hokimlik” dasturiy kompleksini joriy etish jarayonida hududlar ehtiyojlaridan kelib chiqib, mazkur roʻyxatga oʻzgartirish kiritilishi mumkin.
2. Roʻyxatda koʻrsatilgan davlat organlari va tashkilotlari oʻz vakolati doirasida tegishli axborot tizimlari, maʼlumotlar, shu jumladan, geografik maʼlumotlar (koordinatalar, poligonlar va qatlamlar) belgilangan tartibda taqdim etish uchun masʼul hisoblanadi.
3. Maʼlumotlar mavjud boʻlgan eng quyi maʼmuriy-hududiy birlik, obyekt, korxona yoki infratuzilma elementi darajasida, hudud nomi, maʼmuriy-hududiy tuzilmalarni (obyektlarni) belgilash tizimi (MHTBT) yoki boshqa yagona identifikator, davr, koʻrsatkich qiymati, manzil, koordinatalar va zarur atributlar bilan taqdim etiladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 8-iyuldagi PQ-257-son qaroriga 5-ILOVA
“Raqamli hokimlik” dasturiy kompleksini hududlarda joriy etish boʻyicha
VAZIFALAR TAQSIMOTI
Quyidagilar “Raqamli hokimlik” dasturiy kompleksini hududlarda joriy etish doirasida masʼul etib belgilansin:
(a) Raqamli texnologiyalar vazirligi — “Raqamli hokimlik” dasturiy kompleksining hududlarda joriy etilishi va faoliyati yoʻlga qoʻyilishini tashkil etish, davlat organlari va tashkilotlari maʼlumotlar bazalarining “Raqamli hokimlik” dasturiy kompleksiga integratsiya qilinishini muvofiqlashtirish, shuningdek, server quvvatlari, maʼlumotlarni saqlash va qayta ishlash resurslari, sunʼiy intellekt texnologiyalari asosidagi tahlil, prognozlash va “Hokimning virtual assistenti” modulining ishlashini taʼminlash uchun zarur grafik protsessor (GPU) resurslarini ajratish uchun;
(b) Iqtisodiyot va moliya vazirligi — “Raqamli hokimlik” dasturiy kompleksidan foydalanish bilan bogʻliq oylik abonent toʻlovi uchun zarur mablagʻlarning 2027-yildan boshlab Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti parametrlarida nazarda tutilishini taʼminlash uchun;
(v) “Raqamli hukumat loyihalarini boshqarish markazi” davlat muassasasi — “Raqamli hokimlik” dasturiy kompleksining egasi sifatida uning maqsadli yoʻnalishlari, funksional rivojlanishi, hududlarda joriy etilishi, davlat organlari va tashkilotlari bilan oʻzaro hamkorlik mexanizmlarini umumiy muvofiqlashtirish uchun;
(g) “Davlat axborot tizimlarini yaratish va qoʻllab-quvvatlash boʻyicha yagona integrator — UZINFOCOM” MCHJ — “Raqamli hokimlik” dasturiy kompleksining hududlarda joriy etilishi va faoliyati yoʻlga qoʻyilishini dasturiy taʼminlash, uning uzluksiz ishlashi va takomillashtirib borilishini tashkil etish, oʻquv seminarlarini oʻtkazish, shuningdek, davlat organlari va tashkilotlari taqdim etgan maʼlumotlar bazalarining “Raqamli hokimlik” dasturiy kompleksiga integratsiyasini tashkil etish uchun;
(d) davlat organlari va tashkilotlari — oʻzlariga tegishli axborot tizimlari, maʼlumotlar bazalari va elektron axborot resurslarini belgilangan muddat va talablarga muvofiq “Raqamli hokimlik” dasturiy kompleksiga integratsiya qilish, zarur texnik maʼlumotlar, API, veb-servislar, maʼlumotlar tuzilmasi, maʼlumotnomalar, identifikatorlar va boshqa axborot resurslarini Yagona integratorning texnik talablariga muvofiq taqdim etish hamda maʼlumotlarning toʻliq, ishonchli va uzluksiz almashinuvini taʼminlash uchun;
(j) Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hamda tuman (shahar) hokimliklari — “Raqamli hokimlik” dasturiy kompleksini tegishli hududda joriy etish uchun zarur situatsion zallar, operator xonalari, aloqa kanallari va boshqa texnik infratuzilmani tashkil etish, loyihalashtirish, qurilish-montaj ishlarini olib borish hamda dasturiy-apparat majmualari bilan jihozlashni taʼminlash, shuningdek, “Raqamli hokimlik” dasturiy kompleksi orqali kelib tushgan xabarlar, murojaatlar va topshiriqlarning belgilangan tartibda tuman (shahar) darajasida yoki masʼul tashkilotlar tomonidan koʻrib chiqilishi va hal etilishini nazorat qilish hamda har chorakda kelib tushayotgan xabarlar va ularning ijrosini tanqidiy muhokama qilib borish uchun.
