Oʻzbekiston Respublikasi transport vaziri I. Maxkamovning “Temir yoʻl transporti sohasida davlat siyosatini amalga oshirish, temir yoʻl infratuzilmasini rivojlantirish hamda yoʻlovchi va yuk tashish xizmatlarini takomillashtirish borasida olib borilayotgan ishlar toʻgʻrisida”gi axboroti haqida (2152-V-son)
03.06.2026
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi transport vaziri I. Maxkamovning “Temir yoʻl transporti sohasida davlat siyosatini amalga oshirish, temir yoʻl infratuzilmasini rivojlantirish hamda yoʻlovchi va yuk tashish xizmatlarini takomillashtirish borasida olib borilayotgan ishlar toʻgʻrisida”gi axborotini eshitib, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi taʼkidlaydiki, keyingi yillarda temir yoʻl transporti sohasida boshqaruv samaradorligini oshirishga, infratuzilmani modernizatsiya qilishga, xizmatlar sifatini yaxshilashga, raqamli texnologiyalarni joriy etishga va xususiy sektor ishtirokini kengaytirishga qaratilgan keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Temir yoʻl tarmogʻi iqtisodiyotning muhim tayanchi boʻlib, logistika, sanoat kooperatsiyasi, mintaqaviy oʻzaro bogʻliqlik va turizmni rivojlantirish borasida katta ahamiyatga ega. “Temir yoʻl transporti toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni sohaning zamonaviy tamoyillarga mos boʻlgan huquqiy poydevorini yaratdi.
2023 — 2025-yillarda temir yoʻl transporti orqali jami 317,9 mln. tonna yuk tashilgan boʻlib, shundan 137,8 mln. tonna yuk xalqaro tashuvlarga toʻgʻri keladi. 2025-yilda yuk tashish hajmi 105,8 mln. tonnani tashkil etib, 5,1 foizga oʻsish kuzatilgan. 2026-yil I choragida koʻrsatilgan xizmatlar boʻyicha moliyaviy koʻrsatkichlar 4,7 trln. soʻmga yetgan.
2024-2025-yillarda qator yangi ichki va xalqaro poyezd yoʻnalishlari ochilib, hududlararo va xalqaro oʻzaro bogʻliqlik kengaytirildi. Shuningdek 2023 — 2025-yillarda jami uzunligi 338,7 km. boʻlgan yangi temir yoʻllar qurilgan.
Raqamlashtirish doirasida “E-nakl” tizimi joriy qilinib, yuk hujjatlarini rasmiylashtirish bosqichlari 7 tadan 3 tagacha qisqartirildi. Vokzallarda xizmat koʻrsatish sohasi ham kengayib, tadbirkorlar soni sezilarli darajada oshgan.
