Dorixona va tibbiyot muassasalarida tramadol dori vositasini saqlash, hisobini olib borish va berish qoidalari toʻgʻrisida (996-son)
29.12.2000
Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligining
buyrugʻi
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2000-yil 29-dekabrda 996-son bilan davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan]
Tramadol dori vositasi giyohvandlik vositalari roʻyxatidan chiqarilganligi munosabati bilan uni tibbiyot muassasalari va dorixonalarda saqlash, hisobini olib borish, berish hamda ushbu dori vositasidan belgilangan maqsadlarda foydalanishni toʻgʻri tashkil etish maqsadida buyuraman:
1. Tibbiyot muassasalari va dorixonalarda Tramadol dori vositasini saqlash, hisobini olib borish, berishning quyidagi qoidalariga rioya qilinsin:
1.1. Barcha tibbiyot muassasalari va dorixonalarda Tramadol dori vositasining miqdoriy-buyum hisobini joriy etish;
1.2. Tramadol dori vositasini tibbiyot muassasalari va dorixonalarda qulflanadigan shkaflarda saqlash;
1.3. Dorixonalarda Tramadol dori vositasini shifokor imzosi va muhri qoʻyilgan, tibbiyot muassasasi tamgʻasi bosilgan retseptlar asosida berish;
1.4. Bir retseptdagi Tramadol dori vositasining miqdori unga boʻlgan 10 kunlik tibbiy ehtiyoj meʼyoridan oshmasligi, retseptlarning amal qilish muddati esa yozib berilgan kundan boshlab bir oydan oshmasligini koʻzda tutish, bunda saraton (rak) kasaliga duchor bemorlarga yoziladigan retseptlarda Tramadol miqdorini 20 kunlik ehtiyoj meʼyoriga oshirishga ruxsat etish;
1.5. Tramadol dori vositasiga berilgan retseptlarni dorixonada bir oy davomida saqlash va bu muddat oʻtgach belgilangan tartibda dalolatnoma asosida yoʻq qilish;
1.6. Tibbiyot muassasalari va dorixonalarda Tramadol dori vositasining miqdoriy – buyum hisobini raqamlangan, bogʻichlangan, muassasa boshligʻi imzosi va muhri bilan tamgʻalangan maxsus daftarlarda olib borib, har oy boshida Tramadolning hisobdagi va amaldagi miqdorini solishtirishni joriy etish;
1.7. Tibbiyot muassasalari boʻlimlarida Tramadol dori vositasi miqdorining unga boʻlgan 10 kunlik tibbiy talab meʼyoridan, qabul boʻlimlarida esa — 15 kunlik talab meʼyorida oshmasligini koʻzda tutish;
1.8. Tramadol dori vositasining saqlanishi, sotilishi va berilishini faqat giyohvand va psixotrop moddalar bilan muomala huquqini beruvchi litsenziyaga ega va davolash muassasalari dorixonalari orqali amalga oshirish.
Bunda, qishloq vrachlik punktlarida Tramadol dori vositasining 10 ampula va 1 konvolyutagacha boʻlgan miqdori, birinchi tibbiy yordam koʻrsatish maqsadida foydalanish uchun esa ushbu dori vositasining 5 ampula va 1 konvolyutagacha boʻlgan miqdorini tibbiyot amaliyotda qoʻllash litsenziyasiz amalga oshirilishiga ruxsat etiladi.
2. Tramadol dori vositasini giyohvandlik xastaligiga duchor bemorlarga buyurish qatʼiyan man etilsin.
3. Dorixonalarda Tramadol dori vositasini veterinar vrachlar retseptlari asosida berish taqiqlansin.
4. Tibbiyot muassasalari va dorixonalarda Tramadol dori vositasi oʻgʻirlangan va yoʻqolgan vaziyatlarda, zudlik bilan ushbu holat haqida tegishli yuqori hamda huquqni muhofaza qiluvchi organlarga xabar berilishi joriy etilsin.
5. Ushbu buyruq kuchga kiritilishi munosabati bilan Sogʻliqni saqlash vazirligining 1996-yil 18-noyabrdagi 764-son va 2000-yil 31-oktabrdagi 564-son buyruqlari oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
6. Ushbu buyruq ijrosining nazorati vazirning birinchi muovini D. A. Asadov zimmasiga yuklatilsin.
Vazir F. Gʻ. NAZIROV
Toshkent sh.,
2000-yil 14-dekabr,
635-son
