Favqulodda vaziyatlar yuzaga kelishining oldini olish hamda yongʻin xavfsizligi talablariga rioya qilinishi ustidan nazoratni amalga oshirishda “Xavfni tahlil qilish” elektron tizimini joriy etish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida (3890-son)
07.07.2026
Oʻzbekiston Respublikasi favqulodda vaziyatlar vazirining
buyrugʻi
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2026-yil 7-iyulda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 3890]
Oʻzbekiston Respublikasining “Yongʻin xavfsizligi toʻgʻrisida”gi Qonuni, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 14-noyabrdagi PF-184-son “Tadbirkorlar huquqlari va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoni hamda 2022-yil 13-sentabrdagi PQ-374-son “Tadbirkorlik subyektlari faoliyatida tekshiruvlar oʻtkazishni muvofiqlashtirish tartibini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 4-oktabrdagi 272-son “Davlat yongʻin nazorati toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi va 2022-yil 19-oktabrdagi 611-son “Nazorat qiluvchi organlar tomonidan tadbirkorlik subyektlari faoliyatida davlat nazoratini tashkil etish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarorlariga muvofiq buyuraman:
1. Favqulodda vaziyatlar yuzaga kelishining oldini olish hamda yongʻin xavfsizligi talablariga rioya qilinishi ustidan nazoratni amalga oshirishda “Xavfni tahlil qilish” elektron tizimini joriy etish tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur buyruq Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakil hamda Oʻzbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi bilan kelishilgan.
3. Mazkur buyruq rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran uch oy oʻtgach kuchga kiradi.
Vazir A. IKRAMOV
Toshkent sh.,
2026-yil 6-iyul,
137-son
Kelishildi:
Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish boʻyicha vakil A. BURIYEV
2026-yil 25-iyun
Savdo-sanoat palatasi raisi D. VAXABOV
2026-yil 16-iyun
Oʻzbekiston Respublikasi favqulodda vaziyatlar vazirining 2026-yil 6-iyuldagi 137-son buyrugʻiga ILOVA
Favqulodda vaziyatlar yuzaga kelishining oldini olish hamda yongʻin xavfsizligi talablariga rioya qilinishi ustidan nazoratni amalga oshirishda “Xavfni tahlil qilish” elektron tizimini joriy etish tartibi toʻgʻrisidagi
NIZOM
Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi (bundan buyon matnda Favqulodda vaziyatlar vazirligi deb yuritiladi) vakolatiga kiradigan masalalarga doir favqulodda vaziyatlar yuzaga kelishining oldini olish hamda yongʻin xavfsizligi talablariga rioya qilinishi ustidan nazoratni amalga oshirishda “Xavfni tahlil qilish” elektron tizimini joriy etish tartibini belgilaydi.
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
tadbirkorlik subyekti — belgilangan tartibda davlat roʻyxatidan oʻtgan hamda tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirayotgan yuridik va jismoniy shaxslar;
tekshiruv — tadbirkorlik subyekti tomonidan faoliyatni tartibga soluvchi qonunchilikka qay darajada rioya etilayotganligini kerakli materiallar, hujjatlar yoki ularning faoliyatiga doir maʼlumotlarni olish hamda muayyan harakatlarni amalga oshirish orqali Favqulodda vaziyatlar vazirligi vakolati doirasida oʻtkaziladigan nazorat tadbiri;
“Xavfni tahlil qilish” elektron tizimi — Favqulodda vaziyatlar vazirligi tomonidan tegishli nazorat sohasi boʻyicha aniq mezonlarga asoslanib, tadbirkorlik subyekti faoliyatida qonunchilik buzilish xavfi darajasini aniqlash elektron tizimi.
2. Favqulodda vaziyatlar vazirligi tomonidan “Xavfni tahlil qilish” elektron tizimi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 19-oktabrdagi 611-son qarori bilan tasdiqlangan Nazorat qiluvchi organlarning “Xavfni tahlil etish” tizimlariga qoʻyiladigan minimal talablarga muvofiq ishlab chiqilishi lozim.
3. “Xavfni tahlil qilish” elektron tizimi asosida aniqlangan huquqbuzarlik xavfi qay darajada boʻlishidan qatʼiy nazar, tadbirkorlik subyektiga nisbatan taʼsir choralarini qoʻllashga asos boʻla olmaydi.
2-bob. Xavf darajasini tahlil qilishga doir umumiy talablar
4. Tadbirkorlik subyektining qonunni buzish xavfi darajasini tahlil qilish jarayoni tadbirkorlik subyekti faoliyatini toʻxtatib turish, unga toʻsqinlik qilish yoki faoliyatini amalga oshirishga toʻgʻridan-toʻgʻri aralashishni nazarda tutuvchi xatti-harakatlarni oʻz ichiga olmasligi zarur.
5. Xavf darajasining tahlili quyidagi maʼlumotlarni oʻrganish asosida amalga oshirilishi mumkin:
maʼmuriy maʼlumotlar (litsenziya, ruxsat etuvchi va davlat organlarida mavjud boshqa hujjatlar);
davriy statistika maʼlumotlari, shu jumladan avval huquqbuzarlik holatlari aniqlangan tadbirkorlik subyektini umumlashtiruvchi belgilar, xabarlar va boshqa korrelyatsion tahlil natijalari;
yuridik va jismoniy shaxslardan kelib tushgan murojaatlar;
ommaviy axborot vositalaridan yoki boshqa tashqi manbalardan (ijtimoiy tarmoqlar, veb-saytlar) olingan maʼlumotlar;
joyiga chiqqan holda koʻzdan kechirish orqali olingan maʼlumotlar;
qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalardan va tadbirkorlik subyektining odatiy faoliyatiga bevosita yoki bilvosita taʼsir koʻrsatmagan holda, davlat organlari va boshqa tashkilotlardan olinishi mumkin boʻlgan boshqa maʼlumotlar.
6. Xavf darajasi tahlili jarayonida tadbirkorlik subyektidan hujjatlar va axborotlar talab qilinishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
7. Nazorat vakolatiga kirmaydigan tadbirkorlik subyektlari faoliyatini tahlil qilish va baholash taqiqlanadi.
3-bob. Xavf darajasi tasnifi va ularning mezonlariga doir talablar
8. “Xavfni tahlil qilish” elektron tizimida xavf darajasini baholash oʻrganiladigan maʼlumotlar asosida shakllantirilgan mazkur Nizomning 1 va 2-ilovasida koʻrsatilgan asosiy koʻrsatkichlar (sub-koʻrsatkichlar) boʻyicha tadbirkorlik subyekti faoliyatining muvofiqligini “ball” tizimi asosida baholash orqali amalga oshiriladi.
Bunda sub-koʻrsatkichlar mavjud boʻlganda har bir asosiy koʻrsatkichning bahosi ushbu koʻrsatkich ostidagi sub-koʻrsatkichlar bahosining yigʻindisidan kelib chiqadi.
9. Xavf darajasini baholash uchun quyidagi asosiy koʻrsatkichlar va sub-koʻrsatkichlar “Xavfni tahlil qilish” elektron tizimiga kiritiladi:
mazkur Nizomning 1-ilovasiga muvofiq Yongʻin xavfsizligi sohasidagi qonunchilik buzilishi xavfini aniqlash koʻrsatkichlari;
mazkur Nizomning 2-ilovasiga muvofiq 1-guruhga mansub obyektlarda yongʻin xavfsizligi sohasida qonunchilik buzilishi xavfini aniqlash koʻrsatkichlari.
Bunda tabdirkorlik subyektlarining xavf darajasi mazkur bandning ikkinchi va uchinchi xatboshilarida nazarda tutilgan asosiy koʻrsatkichlar (sub-koʻrsatkichlar) boʻyicha “Xavfni tahlil qilish” elektron tizimida avtomatik ravishda alohida aniqlanadi.
10. “Xavfni tahlil qilish” elektron tizimida tadbirkorlik subyektlari faoliyatida huquqbuzarlik sodir etish xavfi past, oʻrta va yuqori darajalarga tasniflanadi.
Bunda baholash natijasida aniqlangan xavf darajasining umumiy ballari asosida tadbirkorlik subyekti tomonidan huquqbuzarlik sodir etish xavfi quyidagi uch xil toifaga tasniflanadi:
xavf darajasi yuqori — baholash natijalari boʻyicha 81 balldan 100 ballgacha boʻlgan ballarni tashkil etuvchi tadbirkorlik subyektlari;
xavf darajasi oʻrta — baholash natijalari boʻyicha 61 balldan 80 ballgacha boʻlgan ballarni tashkil etuvchi tadbirkorlik subyektlari;
xavf darajasi past — baholash natijalari boʻyicha 60 ballgacha boʻlgan ballarni tashkil etuvchi tadbirkorlik subyektlari.
11. Baholash natijalariga muvofiq huquqbuzarlik xavfi yuqori va oʻrta tasnifidagi tadbirkorlik subyektlarida profilaktika tadbirlari va tekshiruvlarni oʻtkazish amaldagi qonunchilik hujjatlari, jumladan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 14-noyabrdagi PF-184-son “Tadbirkorlar huquqlari va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoni, 2022-yil 13-sentabrdagi PQ-374-son qarori bilan tasdiqlangan Nazorat qiluvchi organlar tomonidan tadbirkorlik subyektlari faoliyatida tekshiruvlar va profilaktika tadbirlarini oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizom va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 19-oktabrdagi 611-son qarori bilan tasdiqlangan Nazorat qiluvchi organlarning “Xavfni tahlil etish” tizimlariga qoʻyiladigan minimal talablar asosida amalga oshiriladi.
12. Xavf darajasi past boʻlgan tadbirkorlik subyektlari faoliyatida tekshiruvlar oʻtkazilmaydi.
4-bob. Yakuniy qoidalar
13. Xavfni tahlil etish natijalaridan norozi boʻlgan shaxslar qonunchilikda belgilangan tartibda yuqori turuvchi organga yoki sudga shikoyat qilishga haqli.
14. Mazkur Nizom talablarining buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar belgilangan tartibda javobgar boʻladilar.
Favqulodda vaziyatlar yuzaga kelishining oldini olish hamda yongʻin xavfsizligi talablariga rioya qilinishi ustidan nazoratni amalga oshirishda “Xavfni tahlil qilish” elektron tizimini joriy etish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 1-ILOVA
Yongʻin xavfsizligi sohasidagi qonunchilik buzilishi xavfini aniqlash
KOʻRSATKICHLARI
Favqulodda vaziyatlar yuzaga kelishining oldini olish hamda yongʻin xavfsizligi talablariga rioya qilinishi ustidan nazoratni amalga oshirishda “Xavfni tahlil qilish” elektron tizimini joriy etish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 2-ILOVA
1-guruhga mansub obyektlarda yongʻin xavfsizligi sohasida qonunchilik buzilishi xavfini aniqlash
KOʻRSATKICHLARI*
* Davlat yongʻin nazorati organlari faoliyatini tashkil etish va amalga oshirish tartibi toʻgʻrisidagi yoʻriqnomaning (roʻyxat raqami 3097, 2018-yil 11-dekabr) 21-ilovasida keltirilgan 1-guruhga mansub obyektlar.
