Ipak qurti urugʻiga sifat sertifikatini berish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida (3879-son)
30.06.2026
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Yengil sanoatni rivojlantirish agentligi Direktorining
Buyrugʻi
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2026-yil 30-iyunda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 3879]
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 6-martdagi PQ-87-son “Ipakchilik sohasini yangi tizim asosida rivojlantirish hamda ozuqa bazasini mustahkamlashga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq buyuraman:
1. Ipak qurti urugʻiga sifat sertifikatini berish tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur buyruq Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi hamda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oʻzbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi bilan kelishilgan.
3. Ushbu buyruq rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran uch oy oʻtgandan keyin kuchga kiradi.
Direktor N. XOLMURODOV
Toshkent sh.,
2026-yil 15-iyun,
2 son
Kelishildi:
Oʻzbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi direktori A. JUMANAZAROV
2026-yil 12-iyun
Qishloq xoʻjaligi vaziri I. ABDURAXMONOV
2026-yil 11-iyun
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Yengil sanoatni rivojlantirish agentligi direktorining 2026-yil 15-iyundagi 2-son buyrugʻiga ILOVA
Ipak qurti urugʻiga sifat sertifikatini berish tartibi toʻgʻrisidagi
NIZOM
Ushbu Nizom xorijdan keltiriladigan va mahalliy tayyorlanadigan ipak qurti urugʻida uchraydigan kasalliklarni mikroskopik tahlil asosida oldindan aniqlash hamda ipak qurti urugʻiga sifat sertifikatini berish tartibini belgilaydi.
Mazkur Nizom ipak qurti urugʻini xorijdan keltiruvchi va mahalliy tayyorlovchi tashkilotlarga nisbatan tatbiq etiladi.
1-bob. Umumiy qoida
1. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
talabgor — ipak qurti urugʻini xorijdan keltiruvchi va mahalliy tayyorlovchi tashkilot;
vakolatli organ — ipak qurti urugʻlarini mikroskopik tahlil qilish orqali kasalliklarni aniqlash boʻyicha kamida uch yillik ish tajribasiga ega boʻlgan yuqori malakali mutaxassislar, jumladan ilmiy darajali xodimlar va tajribali seleksionerlar mavjud boʻlgan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Yengil sanoatni rivojlantirish agentligi tizimidagi Ipakchilik ilmiy-tadqiqot instituti;
mahalliy ipak qurti urugʻlari — ipak qurti urugʻini mahalliy tayyorlovchi tashkilotlar tomonidan tayyorlanadigan naslli (superelita va elita) va sanoatbop ipak qurti urugʻlari;
xorijiy ipak qurti urugʻlari — Oʻzbekiston Respublikasiga xorijdan olib kelinadigan (import qilinadigan) ipak qurti urugʻlari;
mikroskopik tahlil — ipak qurti urugʻidagi “Pebrina” kasalligi qoʻzgʻatuvchisini va uning jonlanish foizini aniqlash maqsadida uning moddalarini, toʻqimalarini, hujayralarini yoki mikroorganizmlarini oddiy koʻz bilan koʻrib boʻlmaydigan darajada mikroskop yordamida kattalashtirib oʻrganish jarayoni.
2-bob. Xorijiy va mahalliy ipak qurti urugʻlariga sifat sertifikatini berish
2. Sertifikat olish istagidagi talabgor xorijiy va mahalliy ipak qurti urugʻlariga (bundan buyon matnda ipak qurti urugʻlari deb yuritiladi) sifat sertifikatini olish uchun vakolatli organga mazkur Nizomning 1-ilovasiga muvofiq yozma yoki elektron shaklda ariza bilan murojaat qiladi.
Bunda xorijiy ipak qurti urugʻlariga sifat sertifikatini olish uchun arizaga xorijiy ishlab chiqaruvchi bilan tuzilgan shartnomaning nusxasi ilova qilinadi.
3. Talabgorning arizasi kelib tushgan kundan eʼtiboran besh ish kuni ichida vakolatli organ tomonidan unda koʻrsatilgan maʼlumotlar oʻrganib chiqiladi.
4. Talabgor tomonidan ariza mazkur Nizomning 1-ilovasiga muvofiq shaklda taqdim etilmagan yoki arizada tegishli maʼlumotlar toʻliq koʻrsatilmagan yoxud notoʻgʻri koʻrsatilgan boʻlsa, vakolatli organ tomonidan talabgorga kamchiliklarni bartaraf etib, qayta murojaat qilish mumkinligi toʻgʻrisida ushbu ariza kelib tushgan kundan eʼtiboran besh ish kuni ichida yozma yoki elektron shaklda maʼlum qilinadi.
5. Talabgor tomonidan taqdim etilgan arizada mazkur Nizomning 4-bandida koʻrsatilgan kamchiliklar aniqlanmagan taqdirda vakolatli organ va talabgor oʻrtasida shartnoma tuziladi.
6. Ipak qurti urugʻlariga sifat sertifikatini berish uchun toʻlov ushbu urugʻning namuna sifatida olinadigan har bir qutisi (29 gramm) uchun bazaviy hisoblash miqdorining oʻttiz besh foizi miqdorida belgilanadi.
3-bob. Ipak qurti urugʻlaridan mikroskopik tahlil oʻtkazish uchun namuna olish
7. Ipak qurti urugʻlariga sifat sertifikatini berishda vakolatli organ tomonidan ulardan mikroskopik tahlil oʻtkazish uchun namunalar olinadi.
8. Mahalliy ipak qurti urugʻlaridan namunalar olish quyidagicha amalga oshiriladi:
talabgorlar tomonidan tayyorlangan ipak qurti urugʻlarining umumiy miqdori aniqlanadi;
ipak qurti urugʻini mikroskopik tahlildan oʻtkazish uchun har kalendar yilning noyabr oyida tayyorlangan ipak qurti urugʻlarining har bir guruhi (partiyasi) umumiy hajmidan 0,5 foiz miqdorida urugʻ namunalari olinadi;
ipak qurti urugʻlarining jonlanish foizini aniqlash uchun har bir guruh (partiya)dan 0,4 gramm miqdorda urugʻ namunalari olinadi;
ipak qurti urugʻlarining guruhlari (partiyalari)dan mavsum oxiriga qadar saqlab turish uchun 4 gramm miqdorida namunalar olinib, talabgorning sovutgichida +2°C dan +5°C gacha boʻlgan haroratda saqlanadi.
Mahalliy ipak qurti urugʻlaridan namuna olish vakolatli organ tomonidan talabgor ishtirokida ushbu Nizomning 2, 3 va 4-ilovalariga muvofiq namuna olish dalolatnomasini ikki nusxada rasmiylashtirgan holda amalga oshiriladi. Bunda namuna olish dalolatnomasining bir nusxasi talabgorga taqdim etiladi, ikkinchi nusxasi vakolatli organda saqlanadi.
9. Xorijdan keltiriladigan ipak qurti urugʻlaridan namunalar olish quyidagicha amalga oshiriladi:
talabgorlar tomonidan xorijdan keltiriladigan ipak qurti urugʻlarining umumiy miqdori aniqlanadi;
ipak qurti urugʻini mikroskopik tahlildan oʻtkazish uchun har kalendar yilning fevral oyida xorijdan keltiriladigan ipak qurti urugʻlarining har bir guruhi (partiyasi) umumiy hajmidan 0,5 foiz miqdorida urugʻ namunalari olinadi;
ipak qurti urugʻlarining guruhlari (partiyalari)dan 1 gramm miqdori inkubatoriyaga (jonlanishga) qoʻyiladi hamda mavsum oxiriga qadar saqlab turish uchun 5 gramm miqdorida namunalar olinib, vakolatli organning sovutgichida +2°C dan +5°C gacha boʻlgan haroratda saqlanadi.
4-bob. Ipak qurti urugʻlari namunalarini inkubatsiya (jonlantirish), mikroskopik tahlil qilish va ularga sifat sertifikatini rasmiylashtirish
10. Qogʻoz paketchalarga joylashtirilgan urugʻ namunalari ularni jonlantirish maqsadida doimiy optimal havo harorati +24°C dan +25°C gacha (±1°C) va nisbiy namligi 70 — 75 foiz boʻlgan maxsus tayyorlangan inkubatoriyalarga qoʻyiladi.
11. Jonlangan ipak qurtlarni mikroskopik tahlildan oʻtkazish uchun har bir namuna tarkibidagi qurtlar, jonlanmagan tuxumlar va tuxum poʻstlari teng miqdorda ikki hovonchaga solinadi. Har bir hovonchaga pipetka yordamida 1-2 ml suv qoʻshilib, aralashma yaxshilab eziladi.
12. Olingan namunalarning mikroskopik tahlil jarayoni zamonaviy mikroskoplar yordamida 600 marta (okulyar 15×, obyektiv 40×) kattalashtirilgan holda amalga oshiriladi.
13. Har bir hovonchadagi suyuqlikdan buyum oynasiga 2 ta preparat tayyorlanadi. Preparatlar mikroskopda kamida 50 ta koʻrish maydonida tekshiriladi.
Mahalliy va xorijiy ipak qurti urugʻlarida “Pebrina” kasalligi qoʻzgʻatuvchisini (sporani) oʻrganish vakolatli organ tomonidan ushbu urugʻlar inkubatsiyaga (jonlantirishga) kiritilgandan boshlab yigirma kun ichida amalga oshiriladi.
14. Mahalliy va xorijiy ipak qurti urugʻlarida “Pebrina” kasalligi qoʻzgʻatuvchisini (sporani) oʻrganish natijalariga koʻra vakolatli organ tomonidan “Oʻzbekipaksanoat” uyushmasi bilan birgalikda bayonnoma rasmiylashtiriladi.
15. Mahalliy va xorijiy ipak qurti urugʻlarida “Pebrina” kasalligi qoʻzgʻatuvchisi (spora) aniqlanmagan holda vakolatli organ shu kunning oʻzida talabgorga ushbu Nizomning 5-ilovasiga muvofiq shakldagi sifat sertifikatini berish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi.
Bunda vakolatli organ tomonidan sifat sertifikati ushbu qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran uch ish kuni ichida talabgorga yuboriladi.
16. Mahalliy ipak qurti urugʻlarida “Pebrina” kasalligi qoʻzgʻatuvchisi (spora) aniqlangan holda ushbu urugʻ guruhlari (partiyalari) yoqib tashlash yoʻli bilan utilizatsiya qilinadi. Bunda utilizatsiya qilish vakolatli organ va “Oʻzbekipaksanoat” uyushmasi xodimlari ishtirokida amalga oshiriladi.
17. Xorijiy ipak qurti urugʻlarida “Pebrina” kasalligi qoʻzgʻatuvchisi (spora) aniqlangan holda ularning respublika hududida realizatsiya qilinishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
18. Mahalliy va xorijiy ipak qurti urugʻlariga sifat sertifikatini berish natijalaridan norozi boʻlgan shaxslar yuqori turuvchi organga yoki sudga shikoyat qilishi mumkin.
5-bob. Yakunlovchi qoida
19. Mazkur Nizomni buzganlikda aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlariga muvofiq javobgar boʻladilar.
Ipak qurti urugʻiga sifat sertifikatini berish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 1-ILOVA
Ipak qurti urugʻiga sifat sertifikatini berish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 2-ILOVA
Ipak qurti urugʻiga sifat sertifikatini berish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 3-ILOVA
Ipak qurti urugʻiga sifat sertifikatini berish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 4-ILOVA
Ipak qurti urugʻiga sifat sertifikatini berish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 5-ILOVA
