Maqsadli ipoteka omonatini joriy etish boʻyicha tajriba-sinov loyihasini amalga oshirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida (3874-son)
29.06.2026
Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvining
qarori
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2026-yil 29-iyunda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 3874]
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 24-fevraldagi PF-29-son “Aholini uy-joy bilan taʼminlash ishlarini jadallashtirish va koʻp kvartirali uylar qurilishini samarali tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoniga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Markaziy banki boshqaruvi qaror qiladi:
1. Maqsadli ipoteka omonatini joriy etish boʻyicha tajriba-sinov loyihasini amalga oshirish tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur qaror 2026-yil 1-iyuldan eʼtiboran kuchga kiradi.
Iqtisodiyot va moliya vaziri J. KUCHKAROV
Toshkent sh.,
2026-yil 12-iyun,
375-son
Markaziy bank raisi T. ISHMETOV
Toshkent sh.,
2026-yil 11-iyun,
9801-son
Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligining 2026-yil 12-iyundagi 375-son va Markaziy bank boshqaruvining 2026-yil 11-iyundagi 9801-son qaroriga ILOVA
Maqsadli ipoteka omonatini joriy etish boʻyicha tajriba-sinov loyihasini amalga oshirish tartibi toʻgʻrisidagi
NIZOM
Mazkur Nizom maqsadli ipoteka omonatini joriy etish boʻyicha tajriba-sinov loyihasini amalga oshirish tartibini belgilaydi.
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizomda quyidagi tushunchalardan foydalaniladi:
ipoteka kreditining eng koʻp miqdori — amaldagi qonunchilik hujjatlarida belgilangan Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi (bundan buyon matnda Iqtisodiyot va moliya vazirligi deb yuritiladi) tomonidan ipoteka kreditlarini qayta moliyalashtirishning eng koʻp miqdori;
ishtirok etuvchi tijorat banklari (bundan buyon matnda bank deb yuritiladi) — fuqarolar tomonidan birlamchi uy-joy bozorida tanlangan uy-joylarni sotib olishga ipoteka kreditini taqdim etuvchi tijorat banklari;
maqsadli ipoteka omonati (bundan buyon matnda ipoteka omonati deb yuritiladi) — subsidiya xabarnomasiga ega fuqarolar tomonidan birlamchi uy-joy bozoridan kvartira sotib olish uchun ipoteka kreditining eng koʻp miqdori doirasida dastlabki badalni shakllantirish uchun tijorat bankida ochilgan omonat hisobvaragʻida jamgʻariladigan mablagʻlar;
omonatchi — bank bilan tuzilgan ipoteka omonati shartnomasiga asosan oʻz pul mablagʻlarini uy-joy sotib olish uchun bankka 12 oydan oshmagan muddatga saqlash va foiz olish maqsadida joylashtirgan hamda shartnomada belgilangan shartlar asosida qaytarib olish huquqiga ega boʻlgan shaxs;
qarz oluvchi — birlamchi uy-joy bozoridagi kvartirani sotib olish yoki yakka tartibdagi loyihalarni amalga oshirish uchun ipoteka krediti olgan va kredit shartnomasida belgilangan shartlarda qaytarish majburiyatini ega fuqaro;
shartnoma — fuqaro va qurilish-pudrat tashkiloti oʻrtasida uy-joy obyektini sotib olish uchun tuziladigan birlamchi shartnoma boʻlib, unda uy-joy obyektini sotib olish sharti, narxi, toʻlov tartibi va muddatlari belgilanadi;
subsidiya xabarnomasi — Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan qayta moliyalashtiriladigan ipoteka kreditlari boʻyicha dastlabki badal va foiz xarajatlarining bir qismini Davlat budjetidan qoplab berish uchun daromadi yuqori boʻlmagan va uy-joy sharoitlarini yaxshilashga muhtoj boʻlgan fuqarolarga taqdim etiladigan xabarnoma;
talabgor — ipoteka kreditlari boʻyicha subsidiya berish toʻgʻrisida ijobiy xabarnomani olgan ariza beruvchi;
uy-joy — pudrat tashkilotlari tomonidan oʻz mablagʻlari, bank krediti va qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan yangi qurilgan (qurilish ishlari yakka tartibdagi uy-joy yoki boshqa turdagi noturar bino va inshootlarning keyinchalik rekonstruksiya qilish orqali mulkchilik turi koʻp qavatli uy-joylarga oʻzgartirilgan qurilish va uy-joylar obyektlari bundan mustasno) birlamchi uy-joy bozoridagi kvartiralar (4 va undan yuqori qavatli);
ipoteka omonati hisobvaragʻi — bank tomonidan talabgorga ipoteka omonati shartnomasi doirasida dastlabki badal mablagʻlarini shakllantirish uchun ochiladigan “20406 — Jismoniy shaxslarning jamgʻarma depozitlari” hisobvaragʻi.
2. Ushbu Nizom talablari 2026-yil 1-iyuldan 31-dekabrgacha boʻlgan muddatda ochilgan maqsadli ipoteka omonatlariga nisbatan tatbiq etiladi.
3. Maqsadli ipoteka omonatini joriy etish boʻyicha tajriba-sinov loyihasi ushbu Nizomning ilovasida keltirilgan sxemaga muvofiq amalga oshiriladi.
2-bob. Ipoteka omonati hisobvaragʻini ochish va mablagʻlarni shakllantirish tartibi
4. Talabgor subsidiya xabarnomasining amal qilish muddati davomida ipoteka omonati hisobvaragʻini ochish uchun bankka ariza bilan murojaat qiladi.
5. Talabgor tomonidan taqdim etilgan hujjatlar bankning ichki qoidalariga muvofiq boʻlgan taqdirda, bank uch ish kunida talabgor bilan ipoteka omonati hisobvaragʻini ochish yuzasidan shartnoma imzolaydi hamda ipoteka omonati hisobvaragʻini ochadi.
Bunda, dastlabki badalning talabgorning oʻz mablagʻi hamda dastlabki badal subsidiyasi hisobidan shakllanadigan mablagʻlar hisobi ipoteka omonati hisobvaraqlarida alohida yuritiladi.
6. Talabgorning hujjatlari qonunchilikda belgilangan tartiblarga muvofiq boʻlmagan holatlarda, bank ipoteka omonati hisobvaragʻi ochishni rad etadi va rad etish sabablarini koʻrsatgan holda talabgorga xabar yuboradi.
7. Talabgor bank bilan tuziladigan ipoteka omonati shartnomasiga muvofiq subsidiya xabarnomasining amal qilish davrida dastlabki badalning oʻz mablagʻi hisobidan shakllanadigan qismidan kam boʻlmagan miqdordagi mablagʻlarni ipoteka omonati hisobvaragʻida jamgʻaradi.
8. Bank talabgor tomonidan dastlabki badalning oʻz mablagʻi hisobidan shakllanadigan qismi ipoteka omonati hisobvaragʻida jamgʻarilganidan soʻng ikki ish kuni muddatda “subsidyplatform.mf.uz” toʻlov platformasi (bundan buyon matnda platforma deb yuritiladi) orqali dastlabki badalning bir qismini qoplash uchun Davlat budjetidan ajratilishi belgilangan subsidiya mablagʻini (bundan buyon matnda dastlabki badal subsidiyasi deb yuritiladi) ipoteka omonati hisobvaragʻiga oʻtkazib berish uchun omonatchi shakllantirgan dastlabki badal toʻgʻrisidagi toʻlov hujjatini ilova qilgan holda Iqtisodiyot va moliya vazirligiga buyurtmanoma yuboradi.
9. Iqtisodiyot va moliya vazirligi dastlabki badal subsidiyasini besh ish kunida bank tomonidan koʻrsatilgan omonatchining ipoteka omonati hisobvaragʻiga oʻtkazib beradi.
10. Ipoteka omonati hisobvaragʻiga mablagʻlar kelib tushgan kunning keyingi kunidan boshlab ipoteka omonat hisobvaragʻi yopilguniga qadar bank va talabgor oʻrtasida tuziladigan ipoteka omonati shartnomasida bozor stavkasidan kelib chiqib belgilanadigan foiz hisoblanishi boshlanadi.
11. Ipoteka omonatida jamgʻarilgan mablagʻlar hisoblangan foizlar bilan faqatgina Ipoteka dasturi doirasida mazkur Nizom va boshqa qonunchilik hujjatlariga muvofiq uy-joylar sotib olish maqsadlari uchun foydalaniladi, bundan mazkur Nizomning 15-bandiga muvofiq ipoteka omonatida jamgʻarilgan mablagʻlarni mos ravishda omonatchiga va (yoki) Davlat budjetiga qaytarish holatlari mustasno.
3-bob. Ipoteka omonatidagi mablagʻlar qoldigʻiga foiz hisoblash tartibi
12. Ipoteka omonatining miqdori ipoteka kreditining eng koʻp miqdoridan hisoblanadigan dastlabki badal summasining omonatchi tomonidan shakllantirilishi lozim boʻlgan qismidan kam boʻlmagan miqdoridagi mablagʻlar hamda dastlabki badal subsidiyasi miqdoridan kelib chiqib belgilanadi.
Ipoteka omonati hisobvaragʻiga mablagʻlar kiritilgan kundan keyingi kundan boshlab 12 oydan oshmagan muddatga bozor stavkasida foiz hisoblanadi.
Bunda, omonatchi tomonidan 12 oydan oldin uy-joy sotib olinganda yoki mazkur Nizomning 15-bandiga muvofiq ipoteka krediti ajratish rad etilganda yoxud qonunchilik hujjatlarida belgilangan boshqa holatlarda ipoteka omonatida mablagʻlarni tegishliligi boʻyicha omonatchiga, quruvchiga yoki Iqtisodiyot va moliya vazirligiga qaytarishda ipoteka omonati hisobvaragʻini ochish yuzasidan bank va talabgor oʻrtasida tuzilgan shartnomada koʻrsatilgan foizlar pasayishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
13. Qarz oluvchi tomonidan sotib olinadigan uy-joyning qiymati ipoteka kreditining eng koʻp miqdori va ipoteka omonati hisobvaragʻida jamgʻarilgan miqdordan oshgan taqdirda, qolgan qismi qarz oluvchi tomonidan shakllantiriladigan dastlabki badal summasini oshirish orqali qoplanadi.
4-bob. Ipoteka omonatidagi mablagʻlardan foydalanish tartibi
14. Omonatchi tomonidan ipoteka omonati davri yakuniga qadar birlamchi uy-joy bozoridan ipoteka krediti shartlari asosida kvartira sotib olish uchun qurilish (pudrat) tashkiloti bilan tuzilgan birlamchi shartnomani hamda bank ichki qoidalariga muvofiq boshqa hujjatlarni taqdim qiladi.
15. Bank omonatchi tomonidan birlamchi uy-joy bozoridan ipoteka krediti shartlari asosida uy-joy sotib olish uchun taqdim etgan hujjatlarini amaldagi qonunchilik talablariga hamda bankning ichki kredit siyosatiga muvofiq belgilangan tartibda oʻrganib chiqadi.
Bank tomonidan mazkur bandning oltinchi — oʻn uchinchi xatboshilarida nazarda ipoteka kreditini ajratishning rad etish asoslari mavjud boʻlmagan taqdirda, omonatchiga ipoteka krediti ajratish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi va bir ish kunida omonatchiga ipoteka krediti ajratish toʻgʻrisidagi kafolat xatini taqdim etadi.
Bank tomonidan omonatchiga ipoteka krediti ajratish rad etilgan taqdirda, bir ish kuni ichida rad etish sabablarini aniq koʻrsatgan holda omonatchiga xabar yuboradi.
Bunda, omonatchi ipoteka omonati muddati yakuniga qadar takroran murojaat etish huquqiga ega boʻlib, bunday murojaatlar soniga nisbatan cheklovlar belgilanmaydi.
Bank tomonidan quyidagi hollarda omonatchiga ipoteka krediti ajratish rad etiladi:
a) talabgorning tashabbusi bilan ipoteka krediti orqali birlamchi bozordan uy-joy sotib olish rad etilganda;
b) omonatchining kredit tarixi va toʻlovga layoqatliligi bankning ichki qoidalariga mos kelmaganda;
d) taqdim etilgan maʼlumotlar notoʻgʻri yoki soxta boʻlganda;
e) omonatchi tomonidan tanlangan uy-joy mazkur Nizomning 1-bandida belgilangan uy-joy talablariga mos kelmaganda;
f) omonatchi tomonidan ipoteka omonatidagi mablagʻlar ipoteka omonat shartnomasida belgilanmagan holatlarda foydalanilganda;
g) ajratiladigan ipoteka krediti boʻyicha dastlabki badal uchun omonatchi tomonidan ipoteka omonati shartnomasida belgilangan miqdordagi omonat mablagʻlari jamgʻarilmaganda;
h) omonat shartnomasiga muvofiq ipoteka omonati muddati yakuniga qadar talabgor va bank oʻrtasida ipoteka krediti shartnomasi rasmiylashtirilmaganda;
i) ipoteka omonati davrida omonatchi vafot etgan taqdirda va (yoki) ipoteka omonati shartnomasida nazarda tutilgan boshqa fors-major holatlar yuzaga kelganda.
16. Bank ipoteka omonati davrida mazkur Nizomning 15-bandida keltirilgan holatlarning biri qayd etilgan kundan eʼtiboran ikki ish kunida:
omonatchiga oʻziga tegishli boʻlgan omonat mablagʻini unga hisoblangan foizlar bilan birga ipoteka omonati shartnomasida belgilangan tartibda qaytaradi;
dastlabki badal subsidiyasini unga hisoblangan foizlar bilan birga omonatchining roziligisiz Davlat budjetiga qaytaradi;
platforma orqali ushbu jarayonlar toʻgʻrisida Iqtisodiyot va moliya vazirligiga maʼlumotlarni yuboradi.
17. Bank tomonidan dastlabki badal subsidiyasi hisobidan shakllantirilgan omonat mablagʻi unga hisoblangan foizlar bilan birga Davlat budjetiga ikki ish kunida qaytarilmagan taqdirda, har bir kechiktirilgan kun uchun ushbu jami summaning 0,033 foizi miqdorida penya hisoblanishi toʻgʻrisida platformada avtomatik ogohlantiriladi.
18. Omonatchi bank tomonidan ipoteka krediti ajratish toʻgʻrisidagi kafolat xatida belgilangan muddat ichida birlamchi uy-joy bozoridan ipoteka krediti shartlari asosida uy-joy sotib olish uchun zarur hujjatlarni bankka taqdim etadi.
19. Bank platforma orqali:
qurilish (pudrat) tashkiloti bilan birlamchi shartnoma va talabgor (omonatchi) nomiga rasmiylashtirilgan kvartiraning kadastr hujjatini;
qarz oluvchining bankda ochilgan ipoteka omonati hisobvaragʻida shakllangan va unga hisoblangan foizlar hamda ajratiladigan ipoteka krediti summasini ilova qilgan holda roʻyxatdan oʻtkazish uchun Iqtisodiyot va moliya vazirligiga elektron tartibda xabarnoma yuboradi.
Bunda, mazkur kvartira boʻyicha taqdim etiladigan kadastr hujjatlarida yashash maydoni koʻrsatilmagan taqdirda platforma orqali xabarnoma yaratish rad etiladi.
20. Iqtisodiyot va moliya vazirligi ikki ish kunida platforma orqali xabarnomani roʻyxatdan oʻtkazadi.
Bunda, platforma orqali Iqtisodiyot va moliya vazirligida roʻyxatdan oʻtkazilmagan xabarnomalar boʻyicha ipoteka kreditlari boʻyicha dastlabki badal subsidiyasi va foiz xarajatlarining bir qismini qoplash uchun subsidiya mablagʻlari ajratilishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
21. Iqtisodiyot va moliya vazirligi platforma orqali mazkur Nizomning 20-bandiga muvofiq roʻyxatdan oʻtkazilgan xabarnomalar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni avtomatik ravishda bankka yuboradi.
22. Bank platformada roʻyxatdan oʻtkazilgan xabarnomalar boʻyicha omonatchilarning bankdagi ipoteka omonati hisobvaragʻida shakllangan mablagʻlar va ularga hisoblangan foizlar hamda ajratiladigan ipoteka krediti mablagʻlarini kvartira sotib olish uchun qurilish (pudrat) tashkilotiga oʻtkazib beradi.
Ipoteka kreditlari ajratilganidan soʻng ular boʻyicha hisoblangan foiz toʻlovlarining bir qismini qoplash maqsadida har bir qarz oluvchi nomiga ochilgan hisobvaraqqa toʻlash uchun bank tomonidan platforma orqali Iqtisodiyot va moliya vazirligiga buyurtmanomalar yuboriladi.
23. Iqtisodiyot va moliya vazirligi ipoteka krediti muddatining birinchi besh yili davomida foiz toʻlovlarining Markaziy bankning asosiy stavkasidan oshgan qismini qoplash uchun subsidiya toʻlovlarini platforma orqali bankning buyurtmanomasida koʻrsatilgan hisobvaragʻiga qonunchilikda belgilangan muddatlarda oʻtkazib boradi.
24. Dastlabki badal subsidiyasini ipoteka omonati hisobvaragʻiga oʻtkazib berish hamda tegishli toʻlovlarni amalga oshirish platformada joriy etilgan alohida toʻlov moduli orqali taʼminlanadi.
Bunda banklarning ipoteka omonati boʻyicha maʼlumotlar bazasi platformaga integratsiya qilish orqali maʼlumot almashinuvi amalga oshiriladi.
25. Bank qarz oluvchi tomonidan ipoteka krediti boʻyicha asosiy qarzdorlik toʻliq qoplanganda yoki foiz uchun subsidiya boʻyicha oxirgi toʻlov amalga oshirilganidan soʻng uch ish kuni ichida platforma orqali avtomatik ravishda Iqtisodiyot va moliya vazirligiga ushbu subsidiya toʻlab berilishi yakunlangan qarz oluvchilar toʻgʻrisidagi maʼlumot taqdim etib boradi.
5-bob. Yakuniy qoidalar
26. Ipoteka omonati ochish va undan foydalanish boʻyicha davlat organlari va boshqa tashkilotlar xodimlarining xatti-harakatlaridan norozi boʻlgan shaxslar qonunchilikda belgilangan tartibda yuqori turuvchi organga yoki sudga shikoyat qilishga haqli.
27. Mazkur Nizom talablarining buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilikda belgilangan tartibda javobgar boʻladilar.
Maqsadli ipoteka omonatini joriy etish boʻyicha tajriba-sinov loyihasini amalga oshirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga ILOVA
Maqsadli ipoteka omonatini joriy etish boʻyicha tajriba-sinov loyihasini amalga oshirish
SXEMASI
