2026-2030-yillarda gematologik va onkogematologik kasalliklarga chalingan bemorlarga tibbiy yordam koʻrsatish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida (309-son)
12.06.2026
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI VAZIRLAR MAHKAMASINING
QARORI
Gematologiya va onkogematologiya sohasini yanada rivojlantirish, oʻzak hujayralari transplantatsiyasi, oʻzak hujayralari kriobanki, gen, immun terapiya kabi eng zamonaviy va ilgʻor yuqori texnologik davolash usullarini joriy qilish, bemorlarni sifatli dori vositalari va sarflash materiallari, tibbiyot muassasalarini zamonaviy tibbiy jihozlar bilan taʼminlash va moliyalashtirishni izchil davom ettirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar 2026 — 2030-yillarda gematologik va onkogematologik kasalliklarga chalingan bemorlarga tibbiy yordam koʻrsatish tizimini yanada takomillashtirishning asosiy vazifalari etib belgilansin:
gematologik va onkogematologik kasalliklarga chalingan bemorlarni davolashda hujayra terapiyasi, gen va immun terapiyasi kabi zamonaviy usullarni bosqichma-bosqich joriy qilish;
soha uchun zamonaviy tashxis qoʻyish, davolash va reabilitatsiya qilish boʻyicha bilim va koʻnikmalarga ega mutaxassislarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish, shuningdek, ilgʻor fundamental, amaliy va innovatsion ilmiy tadqiqotlar oʻtkazilishini tashkil etish;
barcha tuman (shahar)larda qon kasalligi va boshqa kasalliklarga erta bosqichlarda tashxis qoʻyish maqsadida laborant xodimlar malakasini oshirish orqali gematologik va onkogematologik xizmatni rivojlantirish;
qon kasalligiga shubha qilingan bemorlarga tezlashtirilgan holda tashxis qoʻyish va yangi davolash tizimini (“yashil” yoʻlak) joriy etish;
tibbiy maʼlumotlarni boshqarish jarayonlarini raqamlashtirish, tibbiyot xodimlarini oʻz faoliyatida axborot-kommunikatsiya texnologiyalari imkoniyatlarini qoʻllashga oʻqitish;
xalqaro maslahatchilar va hamkorlarning tavsiyalariga muvofiq ilgʻor standartlar va davolash protokollarini joriy etish;
hududlardagi gematologiya boʻlimlarini zamonaviy uskunalar bilan jihozlash hamda dori vositalari bilan uzluksiz taʼminlash;
qon kasalligiga chalingan bemorlar uchun palliativ yordam va xospis tizimini takomillashtirish hisobidan bemorlarning hayot sifatini yaxshilash.
2. Quyidagilar 2026 — 2030-yillarda gematologik va onkogematologik kasalliklarga chalingan bemorlarga tibbiy yordam koʻrsatish tizimini yanada takomillashtirishning maqsadli koʻrsatkichlari etib belgilansin:
aholi orasida gematologik va onkogematologik kasalliklarni erta bosqichlarda aniqlash holatlari ulushini 60 foizgacha oshirish;
gematologik va onkogematologik kasalliklarga chalingan bemorlarning bir yillik yashovchanligini 34 foizdan 60 foizgacha, besh yillik yashovchanligini esa 35 foizdan 55 foizgacha oshirish;
gematologik kasalliklarga chalingan bemorlarni ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam bilan 100 foiz qamrab olish;
kadrlar salohiyatini oshirish, ustuvor ravishda hududlardagi tibbiyot muassasalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, barcha boʻgʻinlardagi axborot almashinuvi jarayonlarini raqamlashtirish;
gemopoetik oʻzak hujayralari transplantatsiyasi amaliyotlarini hududlarda joriy qilish;
gematologik va onkogematologik bemorlarga tashxis qoʻyilgandan boshlab transplantatsiya amaliyoti oʻtkazishgacha boʻlgan vaqtni 6 oydan 3 oygacha qisqartirish.
3. Sogʻliqni saqlash vazirligining Toshkent shahridagi davlat tibbiyot muassasalarida qon kasalliklarini erta aniqlash boʻyicha quyidagilarni nazarda tutuvchi chora-tadbirlarni amalga oshirish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin:
a) qon kasalliklariga birlamchi shubhalarni barvaqt aniqlash boʻyicha soʻrovnoma ishlab chiqish va tibbiy koʻrik oʻtkazish, shuningdek, birlamchi skrining tartib-qoidalariga oilaviy shifokorlarini oʻqitish orqali ularning gematologik kasalliklar boʻyicha hushyorligini oshirish;
b) bemorlarni yoʻnaltirishning kasalliklarni tuman darajasida aniqlash va birlamchi tashxis qoʻyish, hududiy va respublika darajalarida tashxisni tasdiqlash va yuqori texnologik davolash, reabilitatsiya qilish va palliativ yordam koʻrsatish tamoyili boʻyicha ishlaydigan 3 bosqichli yangi tizimini joriy etish. Bunda 2026-yil 1-sentabrdan boshlab:
1-bosqichda — aholi orasida soʻrovnoma orqali shubhali belgilarni aniqlash;
2-bosqichda — shubhali belgilari boʻlgan bemorlarni tuman (shahar) tibbiyot birlashmasi va sogʻliqni saqlash boʻlimlarining tegishli tibbiyot muassasalarida skrining tadbirlaridan oʻtkazish;
3-bosqichda — gematologik kasalliklar aniqlangan bemorlarni Respublika ixtisoslashtirilgan gematologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markaziga (keyingi oʻrinlar — Markaz) toʻliq tashxis qoʻyish va davolash uchun yoʻllash.
4. Sogʻliqni saqlash vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Markazning quyidagi takliflari maʼqullansin:
Markaz huzurida yuridik shaxs boʻlmagan Qon va oʻzak hujayralari kriobanki hamda Transplantatsiya, hujayra, gen va immun terapiya davolash ilmiy klinik markazini tashkil etish, shuningdek, ularning saqlash xarajatlarini Markaz hisobidan qoplash;
Markazda gematologik va onkogematologik kasalliklarga chalingan bemorlarga tashxis qoʻyish, hujayra, gen va immun davolash hamda hududlarda reabilitatsiya qilishning yangi modelini joriy etish.
5. Belgilab qoʻyilsinki:
a) 2026 — 2030-yillarda Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan quyidagi maqsadlarga jami 930 mlrd soʻm yoʻnaltiriladi:
respublika miqyosida gematologik va onkogematologik kasalliklarga chalingan bemorlarni hayotiy zarur kimyo terapiyasi, yondosh, reagent, sarflash materiallari va target dori vositalari bilan taʼminlash uchun — 430 mlrd soʻm;
Milliy registrga asosan gemofiliyaning A va V turlari bilan ogʻrigan bemorlarni qon ivish omillari bilan taʼminlash uchun — 250 mlrd soʻm;
gematologik va onkogematologik kasalliklarga chalingan bemorlarni qon, uning tarkibiy qismlari, trombokonsentrat, virusli inaktivatsiya qilish uchun sarflash materiallari bilan taʼminlash uchun — 250 mlrd soʻm;
b) Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi Tibbiyotni rivojlantirish davlat maqsadli jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan gematologik va onkogematologik kasalliklarga chalingan bemorlarga tashxis qoʻyish uchun zarur reagent va sarflash materiallari, shuningdek, davolash uchun qon ivish omillari va target dori vositalari bilan taʼminlash hamda oʻzak hujayralari transplantatsiya amaliyotlarini oʻtkazish, malakali kadrlar bilan taʼminlash va xorijiy mutaxassislarni jalb qilish uchun har yili 100 mlrd soʻm ajratiladi.
6. Quyidagilar:
2026 — 2030-yillarda respublikada gematologiya xizmatini yanada rivojlantirish hamda uning faoliyatini samarali tashkil etish boʻyicha chora-tadbirlar dasturi 1-ilovaga muvofiq;
2026 — 2030-yillarda Respublika ixtisoslashtirilgan gematologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi koʻp tarmoqli tibbiyot markazi, Samarqand, Buxoro, Namangan viloyatlari koʻp tarmoqli tibbiyot markazlarida Qon va oʻzak hujayralari kriobankini tashkil etish uchun ularni tibbiy jihozlar bilan taʼminlash dasturi 2-ilovaga muvofiq;
2026 — 2030-yillarda gematologik va onkogematologik kasalliklarga chalingan bemorlarga tibbiy yordam koʻrsatish tizimini yanada takomillashtirish boʻyicha maqsadli koʻrsatkichlar 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
7. Sogʻliqni saqlash vazirligi Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi va Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi bilan birgalikda ommaviy axborot vositalarida mazkur qarorning maqsad va vazifalarini, shuningdek, uning amalga oshirilishi hamda maqsadli koʻrsatkichlarga erishilishini keng yoritishni taʼminlasin.
8. Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — iqtisodiyot va moliya vaziri J.A. Qoʻchqorov hamda sogʻliqni saqlash vaziri E.E. Adilov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2026-yil 12-iyun,
309-son
Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 12-iyundagi 309-son qaroriga 1-ILOVA
2026 — 2030-yillarda respublikada gematologiya xizmatini yanada rivojlantirish hamda uning faoliyatini samarali tashkil etish boʻyicha chora-tadbirlar
DASTURI
Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 12-iyundagi 309-son qaroriga 2-ILOVA
2026 — 2030-yillarda Respublika ixtisoslashtirilgan gematologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi koʻp tarmoqli tibbiyot markazi, Samarqand, Buxoro, Namangan viloyatlari koʻp tarmoqli tibbiyot markazlarida Qon va oʻzak hujayralari kriobankini tashkil etish uchun ularni tibbiy jihozlar bilan taʼminlash
DASTURI
Izoh. Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan tibbiyot muassasalarining ehtiyojlari hamda xatlov natijalari asosida tibbiy jihozlarning roʻyxati, miqdori va texnik tavsiflariga oʻzgartirishlar kiritilishi mumkin.
Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 12-iyundagi 309-son qaroriga 3-ILOVA
2026 — 2030-yillarda gematologik va onkogematologik kasalliklarga chalingan bemorlarga tibbiy yordam koʻrsatish tizimini yanada takomillashtirish boʻyicha
MAQSADLI KOʻRSATKICHLAR
