Auditorlik tashkiloti ishi sifatini tashqi nazoratdan oʻtkazishda “Xavfni tahlil etish” elektron tizimini joriy etish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida (3885-son)
03.07.2026
Oʻzbekiston Respublikasi iqtisodiyot va moliya vazirining
buyrugʻi
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2026-yil 3-iyulda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 3885]
Oʻzbekiston Respublikasining “Auditorlik faoliyati toʻgʻrisida”gi Qonuni, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 14-noyabrdagi PF-184-son “Tadbirkorlar huquqlari va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi va 2026-yil 17-apreldagi PF-63-son “Tadbirkorlik faoliyatiga noqonuniy aralashuvlarni cheklash va nazorat tadbirlarining shaffofligini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmonlari hamda Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 28-sentabrdagi 538-son “Auditorlik tashkilotining ishi sifatini tashqi nazoratdan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi va 2022-yil 19-oktabrdagi 611-son “Nazorat qiluvchi organlar tomonidan tadbirkorlik subyektlari faoliyatida davlat nazoratini tashkil etish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarorlariga muvofiq buyuraman:
1. Auditorlik tashkiloti ishi sifatini tashqi nazoratdan oʻtkazishda “Xavfni tahlil etish” elektron tizimini joriy etish tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur buyruq Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakili hamda Oʻzbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi bilan kelishilgan.
3. Ushbu buyruq rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran uch oy oʻtgach kuchga kiradi.
Vazir J. KUCHKAROV
Toshkent sh.,
2026-yil 19-iyun,
377-son
Kelishildi:
Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish boʻyicha vakil A. BURIYEV
2026-yil 16-iyun
Savdo-sanoat palatasi raisi D. VAXABOV
2026-yil 19-may
Oʻzbekiston Respublikasi iqtisodiyot va moliya vazirining 2026-yil 19-iyundagi 377-son buyrugʻiga ILOVA
Auditorlik tashkiloti ishi sifatini tashqi nazoratdan oʻtkazishda “Xavfni tahlil etish” elektron tizimini joriy etish tartibi toʻgʻrisidagi
NIZOM
Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan auditorlik faoliyatini tartibga solish, shuningdek auditorlik tashkiloti ishi sifatining tashqi nazorati sohasidagi qonunchilik hujjatlariga rioya etilishi yuzasidan nazoratni amalga oshirishda “Xavfni tahlil etish” elektron tizimini joriy qilish tartibini belgilaydi.
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizomda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
auditorlik tashkiloti — auditorlik tekshiruvlarini oʻtkazish va turdosh xizmatlar koʻrsatish boʻyicha auditorlik faoliyatini amalga oshiruvchi tijorat tashkiloti;
tekshiruv — auditorlik tashkiloti tomonidan faoliyatini tartibga soluvchi qonunchilikka qay darajada rioya etilayotganini tekshirish uchun kerakli materiallar, hujjatlar yoki ularning faoliyatiga doir maʼlumotlarni olish hamda muayyan harakatlarni amalga oshirish orqali Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi vakolati doirasida oʻtkaziladigan nazorat tadbiri;
“Xavfni tahlil etish” elektron tizimi — Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan tegishli nazorat sohasi boʻyicha aniq mezonlarga asoslanib, auditorlik tashkiloti tomonidan oʻz faoliyatida qonunchilik buzilish xavfi darajasini aniqlash mexanizmi.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan “Xavfni tahlil etish” elektron tizimi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 19-oktabrdagi 611-son qarori bilan tasdiqlangan Nazorat qiluvchi organlarning “Xavfni tahlil etish” tizimlariga qoʻyiladigan minimal talablarga muvofiq ishlab chiqilishi lozim.
Minimal talablarga zid boʻlgan “Xavfni tahlil etish” elektron tizimi auditorlik tashkilotida tekshiruv oʻtkazish tashabbusi bilan chiqishga asos boʻlmaydi.
3. “Xavfni tahlil etish” elektron tizimi asosida aniqlangan huquqbuzarlik xavfi qay darajada boʻlishidan qatʼi nazar, auditorlik tashkilotiga nisbatan taʼsir choralarini qoʻllashga asos boʻla olmaydi.
2-bob. Xavf darajasini tahlil qilishga doir umumiy talablar
4. Auditorlik tashkilotining qonunni buzish xavfi darajasini tahlil qilish jarayoni auditorlik tashkiloti faoliyatini toʻxtatib turish, unga toʻsqinlik qilish yoki faoliyatini amalga oshirishga toʻgʻridan-toʻgʻri aralashishni nazarda tutuvchi xatti-harakatlarni oʻz ichiga olmasligi zarur.
5. Xavf darajasining tahlili quyidagi maʼlumotlarni oʻrganish asosida amalga oshirilishi mumkin:
maʼmuriy maʼlumotlar (auditorlik tashkilotlarining reyestri, auditorlarning reyestri va davlat organlarida mavjud boshqa hujjatlar);
“Audit” dasturiy majmuasi axborot tizimi orqali kelib tushgan maʼlumotlar;
auditorlarning respublika jamoat birlashmalarida mavjud boʻlgan maʼlumotlar, shu jumladan auditorlik tashkilotining hamda auditorlarning ishchanlik obroʻsi toʻgʻrisidagi axborotlar;
davriy statistika maʼlumotlari, jumladan, avval huquqbuzarlik holatlari aniqlangan auditorlik tashkilotini umumlashtiruvchi belgilar, xabarlar va boshqa korrelyatsion tahlil natijalari;
yuridik va jismoniy shaxslardan kelib tushgan murojaatlar;
ommaviy axborot vositalaridan yoki boshqa tashqi manbalardan (ijtimoiy tarmoqlar, veb-saytlar) olingan maʼlumotlar;
davlat organlari va boshqa tashkilotlar, shu jumladan banklarning axborot tizimlari, dasturiy taʼminotlari va maʼlumotlar bazasi tahlili natijalari;
qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalardan va auditorlik tashkilotining odatiy faoliyatiga bevosita yoki bilvosita taʼsir koʻrsatmagan holda, davlat organlari va boshqa tashkilotlardan olinishi mumkin boʻlgan boshqa maʼlumotlar.
6. Xavf darajasi tahlili jarayonida auditorlik tashkilotidan hujjatlar va axborotlar talab qilinishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
7. Nazorat vakolatiga kirmaydigan tadbirkorlik subyektlari faoliyatini tahlil qilish va baholash taqiqlanadi.
3-bob. Xavf darajasi tasnifi va ularning mezonlariga doir talablar
8. “Xavfni tahlil etish” elektron tizimida xavf darajasini baholash oʻrganiladigan maʼlumotlar asosida shakllantirilgan mazkur Nizomning ilovasida koʻrsatilgan asosiy koʻrsatkichlarga (sub-koʻrsatkichlarga) auditorlik tashkiloti faoliyatining muvofiqligini “ball” tizimi asosida baholash orqali amalga oshiriladi.
Bunda sub-koʻrsatkichlar mavjud boʻlganda har bir asosiy koʻrsatkichning bahosi ushbu koʻrsatkich ostidagi sub-koʻrsatkichlar bahosining yigʻindisidan kelib chiqadi.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi auditorlik tashkilotining xavf darajasini baholash uchun mazkur Nizomning ilovasida koʻrsatilgan asosiy koʻrsatkichlar va sub-koʻrsatkichlarni “Xavfni tahlil etish” elektron tizimiga kiritadi.
Bunda tashkilotlarning xavf darajasi asosiy koʻrsatkichlar va sub-koʻrsatkichlar boʻyicha mazkur Nizomning 5-bandida koʻrsatilgan maʼlumotlardan foydalangan holda “Xavfni tahlil etish” elektron tizimida avtomatik ravishda aniqlanadi.
10. “Xavfni tahlil etish” elektron tizimida auditorlik tashkilotlari faoliyatida huquqbuzarlik sodir etish xavfi past, oʻrta va yuqori darajalarga tasniflanadi.
Bunda baholash natijasida aniqlangan xavf darajasining umumiy ballari asosida auditorlik tashkiloti tomonidan huquqbuzarlik sodir etish xavfi quyidagi uch xil toifaga tasniflanadi:
xavf darajasi yuqori — baholash natijalari boʻyicha 81 balldan 100 ballgacha boʻlgan ballarni tashkil etuvchi auditorlik tashkilotlari;
xavf darajasi oʻrta — baholash natijalari boʻyicha 61 balldan 81 ballgacha boʻlgan ballarni tashkil etuvchi auditorlik tashkilotlari;
xavf darajasi past — baholash natijalari boʻyicha 61 ballgacha boʻlgan ballarni tashkil etuvchi auditorlik tashkilotlari.
11. Baholash natijalariga muvofiq huquqbuzarlik xavfi yuqori va oʻrta tasnifidagi auditorlik tashkilotlarida profilaktika tadbirlari va tekshiruvlarni oʻtkazish amaldagi qonunchilik hujjatlari, jumladan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 14-noyabrdagi PF-184-son “Tadbirkorlar huquqlari va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoni va 2022-yil 13-sentabrdagi PQ-374-son “Tadbirkorlik subyektlari faoliyatida tekshiruvlar oʻtkazishni muvofiqlashtirish tartibini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 28-sentabrdagi 538-son “Auditorlik tashkilotining ishi sifatini tashqi nazoratdan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori hamda 2022-yil 19-oktabrdagi 611-son qarori bilan tasdiqlangan Nazorat qiluvchi organlarning “Xavfni tahlil etish” tizimlariga qoʻyiladigan minimal talablar asosida amalga oshiriladi.
Bunda auditorlik tashkilotlarida profilaktika tadbirlari va tekshiruvlar faqatgina Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligining vakolatiga kiradigan masalalarni oʻrganish maqsadida oʻtkaziladi.
12. Xavf darajasi past boʻlgan auditorlik tashkilotlari faoliyatida tekshiruvlar oʻtkazilmaydi.
4-bob. Yakuniy qoidalar
13. Xavfni tahlil etish natijalaridan norozi boʻlgan shaxslar qonunchilikda belgilangan tartibda yuqori turuvchi organga yoki sudga shikoyat qilishga haqli.
14. Mazkur Nizom talablarining buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar belgilangan tartibda javobgar boʻladilar.
Auditorlik tashkiloti ishi sifatini tashqi nazoratdan oʻtkazishda “Xavfni tahlil etish” elektron tizimini joriy etish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga ILOVA
Auditorlik tashkilotlari faoliyati toʻgʻrisida qonunchilik hujjatlariga oid huquqbuzarlik sodir etish xavfini baholash jarayonida auditorlik tashkiloti faoliyatidagi huquqbuzarlik alomatlari koʻrsatkichlari
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 03.07.2026-y., 10/26/3885/0681-son)
