Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi tizimida raqamlashtirish jarayonlarini yanada jadallashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida (329-son)
26.06.2026
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Aholi va hududlarni favqulodda vaziyatlardan ishonchli muhofaza qilish sohasini sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtarish toʻgʻrisida” 2025-yil 20-oktabrdagi PF-185-son Farmoni ijrosini taʼminlash hamda aholi va hududlarni favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish sohasida raqamli texnologiyalar, zamonaviy raqamli yechimlar, dasturiy mahsulotlar, elektron xizmatlar va innovatsiyalarni joriy etish, shuningdek, sohada sunʼiy intellekt texnologiyalarini qoʻllash uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish sohasini raqamlashtirish hamda ilmiy va innovatsion faoliyatni rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2025-yil 20-oktabrdagi PQ-311-son qaroriga muvofiq 2026-yil 1-yanvardan boshlab 2027-yil yakuniga qadar Favqulodda vaziyatlar vazirligida yuridik shaxs maqomiga ega boʻlmagan “Digital team” idoralararo raqamli jamoa (keyingi oʻrinda — “Digital Team” idoralararo raqamli jamoa) faoliyati yoʻlga qoʻyilgani maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Quyidagilar:
“Digital Team” idoralararo raqamli jamoaning maqsadi, asosiy vazifalari, faoliyatini tashkil etish tartibi hamda huquq va majburiyatlarini nazarda tutuvchi “Digital Team” idoralararo raqamli jamoa toʻgʻrisidagi nizom 1-ilovaga muvofiq;
Favqulodda vaziyatlar organlarining tegishli axborot-tahliliy platformalari va axborot tizimlariga integratsiya qilinadigan vazirlik va idoralarning axborot resurslari hamda maʼlumotlar bazalari roʻyxati 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Quyidagilar vazirlik va idoralarning tegishli axborot tizimlarini favqulodda vaziyatlar organlarining axborot-tahliliy platformalari va axborot tizimlariga integratsiya qilish bilan bogʻliq xarajatlarni moliyalashtirish manbalari etib belgilansin:
vazirlik va idoralarga har yili ajratiladigan Davlat budjeti mablagʻlari, vazirlik va idoralarning budjetdan tashqari mablagʻlari;
yuridik va jismoniy shaxslarning, shu jumladan, norezidentlarning homiylik xayriyalari;
xalqaro moliya institutlari va xorijiy hukumat moliya tashkilotlarining grantlari hamda texnik koʻmaklari;
qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar.
4. Ushbu qarorning bajarilishini samarali tashkil etishga masʼul va shaxsiy javobgar etib Oʻzbekiston Respublikasi favqulodda vaziyatlar vaziri A.I. Ikramov va raqamli texnologiyalar vaziri Sh.X. Shermatov belgilansin.
5. Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari A.J. Ramatov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2026-yil 26-iyun,
329-son
Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 26-iyundagi 329-son qaroriga 1-ILOVA
“Digital Team” idoralararo raqamli jamoa toʻgʻrisidagi
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom “Digital Team” idoralararo raqamli jamoaning (keyingi oʻrinlarda — Idoralararo raqamli jamoa) maqsadi, asosiy vazifalari, huquq va majburiyatlarini hamda 2027-yil yakuniga qadar faoliyat koʻrsatish tartibini belgilaydi.
2. Idoralararo raqamli jamoa oʻz faoliyatini yuridik shaxs tashkil etmasdan, bevosita Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligining (keyingi oʻrinlarda — Vazirlik) umumiy rahbarligida amalga oshiradi.
3. Idoralararo raqamli jamoa oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga, ushbu Nizom va boshqa normativ-huquqiy hujjatlarga amal qiladi.
4. Aholi va hududlarni favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish sohasini raqamlashtirishda Idoralararo raqamli jamoa ishtirokchilari oʻzlarining mutaxassislari va moliyaviy resurslari bilan ishtirok etadi.
2-bob. Idoralararo raqamli jamoaning maqsadi va asosiy vazifalari
5. Idoralararo raqamli jamoaning maqsadi aholi va hududlarni favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish sohasida masʼul vazirlik va idoralarning tegishli axborot tizimlari, resurslari, multiservis tarmoqlarini yaratish hamda sunʼiy intellekt texnologiyalarini qoʻllash uchun zarur shart-sharoitlarni yaratishdan iborat.
6. Quyidagilar Idoralararo raqamli jamoaning asosiy vazifalari hisoblanadi:
aholi va hududlarni favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish sohasiga raqamli texnologiyalar, zamonaviy raqamli yechimlar, dasturiy mahsulotlar, elektron xizmatlar va innovatsiyalarni joriy etish uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish;
sohani raqamlashtirish borasida tashabbuslar, takliflar ishlab chiqish, loyihalarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, tatbiq etish (tajriba-sinovlar oʻtkazish) va boshqarish boʻyicha zarur tadbirlarni amalga oshirish;
Idoralararo raqamli jamoa ishtirokchilarining axborot tizimlarini (maʼlumotlar bazasini) Vazirlikning axborot infratuzilmasiga belgilangan tartibda integratsiya qilish choralarini koʻrish;
Idoralararo raqamli jamoa ishtirokchilari oʻrtasida raqamli vositalar yordamida himoyalangan va barqaror axborot almashinuvini joriy etish, kadrlar salohiyatini oshirish, raqamlashtirish boʻyicha samarali strategiyalarni ishlab chiqish;
himoyalangan apparat-dasturiy komplekslarni joriy etish, axborot va kiberxavfsizlik tahdidlaridan himoya qilish choralarini koʻrish.
3-bob. Idoralararo raqamli jamoaning faoliyatini tashkil etish
7. Idoralararo raqamli jamoaga Oʻzbekiston Respublikasi favqulodda vaziyatlar vazirining raqamlashtirish, innovatsiya va kiberxavfsizlikni taʼminlash boʻyicha oʻrinbosari rahbarlik qiladi. Raqamli texnologiyalar vazirining birinchi oʻrinbosari Idoralararo raqamli jamoa hamrahbari hisoblanadi.
8. Vazirlik Idoralararo raqamli jamoaning ishchi organi hisoblanadi.
9. Idoralararo raqamli jamoaga yuklangan vazifalarning bajarilishini muhokama qilish hamda kelgusida amalga oshirilishi lozim boʻlgan vazifalar boʻyicha har oyda kamida bir marotaba Idoralararo raqamli jamoaning yigʻilishi tashkil etiladi. Bunda Idoralararo raqamli jamoa yigʻilishlari onlayn tarzda videokonferensaloqa shaklida ham oʻtkazilishi mumkin.
10. Idoralararo raqamli jamoa rahbari Idoralararo raqamli jamoa tarkibini, Idoralararo raqamli jamoaning navbatdagi yigʻilishini oʻtkazish sanasi va joyini hamda kun tartibini tasdiqlaydi.
11. Idoralararo raqamli jamoa yigʻilishining kun tartibi va unga tegishli hujjatlar yigʻilish boshlanishidan kamida besh kun oldin Idoralararo raqamli jamoa aʼzolariga yigʻilish toʻgʻrisida xabarnoma bilan yuboriladi.
12. Idoralararo raqamli jamoa yigʻilishlarida aʼzolarning kamida toʻrtdan uch qismi ishtirok etganda, yigʻilish vakolatli hisoblanadi.
13. Idoralararo raqamli jamoa yigʻilishi va unda koʻrib chiqilgan masalalar bayonnoma asosida rasmiylashtiriladi.
14. Yigʻilish bayonnomasi yigʻilish oʻtkazilganidan soʻng uch ish kunida Idoralararo raqamli jamoa rahbari tomonidan Idoralararo raqamli jamoa hamrahbari bilan kelishgan holda tasdiqlanadi.
15. Yigʻilish bayonnomasida belgilangan vazifalarning bajarilishi Vazirlikning Raqamlashtirish va axborotni himoyalash boshqarmasi tomonidan monitoring qilib boriladi.
16. Idoralararo raqamli jamoa faoliyatida yuzaga kelgan muammoli masalalar boʻyicha Idoralararo raqamli jamoaning navbatdan tashqari yigʻilishlari oʻtkazilishi mumkin.
17. Aholi va hududlarni favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish sohasini raqamlashtirish borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar natijadorligi va Idoralararo raqamli jamoaning faoliyati Oʻzbekiston Respublikasi favqulodda vaziyatlar vaziri va raqamli texnologiyalar vaziri huzurida har chorakda muhokama qilib boriladi.
18. Zaruratga koʻra Idoralararo raqamli jamoaning faoliyatiga mahalliy hamda xorijiy mutaxassis va ekspertlar jalb etilishi mumkin.
4-bob. Idoralararo raqamli jamoaning huquq va majburiyatlari
19. Idoralararo raqamli jamoa oʻziga yuklangan vazifalarni bajarishda quyidagi huquqlarga ega boʻladi:
favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish sohasida axborot xavfsizligi hamda maʼlumotlarni muhofaza qilishni taʼminlashga qaratilgan tashkiliy, texnik va dasturiy chora-tadbirlarni ishlab chiqish hamda amaliyotga joriy etish;
favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish sohasini raqamlashtirishga oid maʼlumotlar va materiallarni manfaatdor vazirlik va idoralardan soʻrab olish;
vazirlik va idoralarning favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish sohasiga aloqador axborotlashtirish loyihalari bilan tanishish, ularga loyihalarni takomillashtirishga oid takliflar kiritish va uslubiy tavsiyalar berish;
zaruratga koʻra oʻziga yuklangan vazifalarni bajarish jarayonida vazirlik va idoralarning malakali mutaxassislarini ish beruvchi hamda xodimning roziligi asosida Idoralararo raqamli jamoa faoliyatiga jalb etish;
oʻz faoliyatini amalga oshirishda texnik vositalardan, shu jumladan, audio-foto va video qayd etish vositalaridan foydalanish;
sohaga oid yetakchi mahalliy va xorijiy tashkilotlar va ilmiy-tadqiqot muassasalari bilan oʻzaro hamkorlik toʻgʻrisida memorandum va bitimlar tuzish.
Idoralararo raqamli jamoa oʻziga yuklangan vazifalarni bajarish uchun qonunchilik hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
20. Idoralararo raqamli jamoaga quyidagi majburiyatlar yuklanadi:
faoliyatini amalga oshirish jarayonida olingan davlat siri va boshqa turdagi sirlarni tashkil etuvchi maʼlumot va hujjatlarning maxfiyligini saqlash;
manfaatdor vazirlik va idoralarga oʻz faoliyati yuzasidan soʻralgan maʼlumotlarni taqdim etish;
belgilangan vazifalarni bajarishda korrupsiya holatlarining, shu jumladan, manfaatlar toʻqnashuvining oldini olish.
Idoralararo raqamli jamoaga oʻziga yuklangan vazifalarni bajarishda qonunchilik hujjatlariga muvofiq boshqa majburiyatlar ham yuklanishi mumkin.
5-bob. Yakunlovchi qoida
21. Ushbu Nizom talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradi.
Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 26-iyundagi 329-son qaroriga 2-ILOVA
Favqulodda vaziyatlar organlarining tegishli axborot-tahliliy platformalari va axborot tizimlariga integratsiya qilinadigan vazirlik va idoralarning axborot resurslari hamda maʼlumotlar bazalari
ROʻYXATI
Izoh. Axborot tizimlari va resurslarining maʼlumotlari “Raqamli hukumat” tizimi idoralararo integratsiyalashuv platformasi (IIP) orqali taqdim etiladi. Har bir maʼlumot almashinuvi yuzasidan alohida texnik hujjatlar ishlab chiqiladi.
