Davlat tashqi auditi va moliyaviy nazoratni amalga oshirishda “Xavfni tahlil qilish” elektron tizimini joriy etish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida (3870-son)
27.06.2026
Oʻzbekiston Respublikasi Hisob palatasi raisining
buyrugʻi
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2026-yil 27-iyunda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 3870]
Oʻzbekiston Respublikasining “Oʻzbekiston Respublikasining Hisob palatasi toʻgʻrisida”gi Qonuni, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 14-noyabrdagi PF-184-son “Tadbirkorlar huquqlari va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoni hamda Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 19-oktabrdagi 611-son “Nazorat qiluvchi organlar tomonidan tadbirkorlik subyektlari faoliyatida davlat nazoratini tashkil etish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan Oʻzbekiston Respublikasi Hisob palatasi qaror qiladi:
1. Davlat tashqi auditi va moliyaviy nazoratni amalga oshirishda “Xavfni tahlil qilish” elektron tizimini joriy etish tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakil hamda Oʻzbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi bilan kelishilgan.
3. Mazkur qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran uch oydan keyin kuchga kiradi.
Birinchi oʻrinbosar M. ABDULLAYEV
Toshkent sh.,
2026-yil 2-iyun,
101-son
Kelishildi:
Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakil A. BURIYEV
2026-yil 26-may
Savdo-sanoat palatasi raisi D. VAXABOV
2026-yil 15-may
Oʻzbekiston Respublikasi Hisob palatasining 2026-yil 2-iyundagi 101-son qaroriga ILOVA
Davlat tashqi auditi va moliyaviy nazoratni amalga oshirishda “Xavfni tahlil qilish” elektron tizimini joriy etish tartibi toʻgʻrisidagi
NIZOM
Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Hisob palatasi (bundan buyon matnda Hisob palatasi deb yuritiladi) vakolatiga kiradigan masalalarga doir tadbirkorlik subyektlarida davlat tashqi auditi va moliyaviy nazoratni amalga oshirishda “Xavfni tahlil qilish” elektron tizimini joriy etish tartibini belgilaydi.
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizomda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
tadbirkorlik subyekti — belgilangan tartibda davlat roʻyxatidan oʻtgan hamda tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirayotgan yuridik va jismoniy shaxslar;
tekshiruv — tadbirkorlik subyekti tomonidan faoliyatini tartibga soluvchi qonunchilikka qay darajada rioya etilayotganligini tekshirish uchun kerakli materiallar, hujjatlar yoki ularning faoliyatiga doir maʼlumotlarni olish hamda muayyan harakatlarni amalga oshirish orqali Hisob palatasi vakolati doirasida oʻtkaziladigan nazorat tadbiri;
“Xavfni tahlil qilish” elektron tizimi — Hisob palatasi tomonidan tegishli nazorat sohasi boʻyicha aniq mezonlarga asoslanib, tadbirkorlik subyekti tomonidan oʻz faoliyatida qonunchilik buzilish xavfi darajasini aniqlash mexanizmi.
2. Hisob palatasi tomonidan “Xavfni tahlil qilish” elektron tizimi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 19-oktabrdagi 611-son qarori bilan tasdiqlangan Nazorat qiluvchi organlarning “xavfni tahlil etish” tizimlariga qoʻyiladigan minimal talablarga muvofiq ishlab chiqilishi lozim.
Minimal talablarga zid boʻlgan “Xavfni tahlil qilish” elektron tizimi tadbirkorlik subyektida tekshiruv oʻtkazish tashabbusi bilan chiqishga asos boʻlmaydi.
3. Mazkur Nizom talablari Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi topshiriqlariga asosan va qonunchilikda nazarda tutilgan boshqa asoslarga koʻra, Hisob palatasi tomonidan tadbirkorlik subyektida oʻtkaziladigan tekshiruvlarga nisbatan tatbiq etilmaydi.
4. “Xavfni tahlil qilish” elektron tizimi asosida aniqlangan huquqbuzarlik xavfi qay darajada boʻlishidan qatʼi nazar, tadbirkorlik subyektiga nisbatan taʼsir choralarini qoʻllashga asos boʻla olmaydi.
2-bob. Xavf darajasini tahlil qilishga doir umumiy talablar
5. Tadbirkorlik subyektining qonunni buzish xavfi darajasini tahlil qilish jarayoni tadbirkorlik subyekti faoliyatini toʻxtatib turish, unga toʻsqinlik qilish yoki faoliyatini amalga oshirishga toʻgʻridan-toʻgʻri aralashishni nazarda tutuvchi xatti-harakatlarni oʻz ichiga olmasligi zarur.
6. Xavf darajasining tahlili quyidagi maʼlumotlarni oʻrganish asosida amalga oshirilishi mumkin:
maʼmuriy maʼlumotlar (litsenziya, ruxsat etuvchi va davlat organlarida mavjud boshqa hujjatlar);
davriy statistika maʼlumotlari, jumladan, avval huquqbuzarlik holatlari aniqlangan tadbirkorlik subyektini umumlashtiruvchi belgilar, xabarlar va boshqa korrelyatsion tahlil natijalari;
yuridik va jismoniy shaxslardan kelib tushgan murojaatlar;
ommaviy axborot vositalaridan yoki boshqa tashqi manbalardan (ijtimoiy tarmoqlar, veb-saytlar) olingan maʼlumotlar;
davlat organlari va boshqa tashkilotlar, shu jumladan banklarning axborot tizimlari, dasturiy taʼminotlari va maʼlumotlar bazasi tahlili natijalari;
qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalardan va tadbirkorlik subyektining odatiy faoliyatiga bevosita yoki bilvosita taʼsir koʻrsatmagan holda, davlat organlari va boshqa tashkilotlardan olinishi mumkin boʻlgan boshqa maʼlumotlar.
7. Xavf darajasi tahlili jarayonida tadbirkorlik subyektidan hujjatlar va axborotlar talab qilinishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
8. Nazorat vakolatiga kirmaydigan tadbirkorlik subyektlari faoliyatini tahlil qilish va baholash taqiqlanadi.
3-bob. Xavf darajasi tasnifi va ularni mezonlariga doir talablar
9. “Xavfni tahlil qilish” elektron tizimida xavf darajasini baholash oʻrganiladigan maʼlumotlar asosida shakllantirilgan mazkur Nizomning 1 — 4-ilovalarida koʻrsatilgan asosiy koʻrsatkichlarga (sub-koʻrsatkichlarga) tadbirkorlik subyekti faoliyatining muvofiqligini “ball” tizimi asosida baholash orqali amalga oshiriladi.
Bunda sub-koʻrsatkichlar mavjud boʻlganda har bir asosiy koʻrsatkichning bahosi ushbu koʻrsatkich ostidagi sub-koʻrsatkichlar bahosining yigʻindisidan kelib chiqadi.
10. Hisob palatasi tadbirkorlik subyektlarining xavf darajasini baholash uchun mazkur Nizomning 1 — 4-ilovasida koʻrsatilgan asosiy koʻrsatkichlar va sub-koʻrsatkichlarni “Xavfni tahlil qilish” elektron tizimiga kiritadi.
Bunda tashkilotlarning xavf darajasi asosiy koʻrsatkichlar va sub-koʻrsatkichlar boʻyicha mazkur Nizomning 5-bandida koʻrsatilgan maʼlumotlardan foydalangan holda “Xavfni tahlil qilish” elektron tizimida avtomatik ravishda aniqlanadi.
11. “Xavfni tahlil qilish” elektron tizimida tadbirkorlik subyektlari faoliyatida huquqbuzarlik sodir etish xavfi past, oʻrta va yuqori darajalarga tasniflanadi.
Bunda baholash natijasida aniqlangan xavf darajasining umumiy ballari asosida tadbirkorlik subyekti tomonidan huquqbuzarlik sodir etish xavfi quyidagi uch xil toifaga tasniflanadi:
xavf darajasi yuqori — baholash natijalari boʻyicha 81 balldan 100 ballgacha boʻlgan ballarni tashkil etuvchi tadbirkorlik subyektlari;
xavf darajasi oʻrta — baholash natijalari boʻyicha 61 balldan 81 ballgacha boʻlgan ballarni tashkil etuvchi tadbirkorlik subyektlari;
xavf darajasi past — baholash natijalari boʻyicha 61 ballgacha boʻlgan ballarni tashkil etuvchi tadbirkorlik subyektlari.
12. Baholash natijalariga muvofiq huquqbuzarlik xavfi yuqori va oʻrta tasnifidagi tadbirkorlik subyektlarida profilaktika tadbirlari va tekshiruvlarni oʻtkazish amaldagi qonunchilik hujjatlari, jumladan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 14-noyabrdagi PF-184-son “Tadbirkorlar huquqlari va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoni, 2022-yil 13-sentabrdagi PQ-374-son qarori bilan tasdiqlangan Nazorat qiluvchi organlar tomonidan tadbirkorlik subyektlari faoliyatida tekshiruvlar va profilaktika tadbirlarini oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizom va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 19-oktabrdagi 611-son qarori bilan tasdiqlangan Nazorat qiluvchi organlarning “xavfni tahlil etish” tizimlariga qoʻyiladigan minimal talablar asosida amalga oshiriladi.
Bunda tadbirkorlik subyektlarida profilaktika tadbirlari va tekshiruvlar faqatgina Hisob palatasining vakolatiga kiradigan masalalarni oʻrganish maqsadida oʻtkaziladi.
13. Huquqbuzarlik sodir etish xavfi yuqori tasnifidagi tadbirkorlik subyektida profilaktika tadbirlarini oʻtkazmasdan va ularning natijasini kutmasdan quyidagi holatlar doirasida tadbirkorlik subyektida tekshiruv oʻtkazish tashabbusi bilan chiqish mumkin:
inson hayoti va sogʻligʻiga zarar yetkazilishining yuqori xavfi mavjud boʻlganda;
jamoat xavfsizligiga zarar yetkazish xavfining oldini olish uchun kechiktirib boʻlmaydigan holatlar;
atrof muhitga jiddiy zarar yetkazishi mumkin boʻlgan holatlar aniqlanganda;
jismoniy va yuridik shaxslar, davlat organlari va boshqa tashkilotlarga moddiy zarar yetkazilayotganligi holatlari aniqlanganda;
qonunchilikda nazarda tutilgan boshqa holatlarda.
14. Xavf darajasi past boʻlgan tadbirkorlik subyektlari faoliyatida tekshiruvlar oʻtkazilmaydi.
15. Budjet tizimi budjetlariga va belgilangan tartibda tashkil etilgan boshqa jamgʻarmalarga mablagʻlar tushumlarining toʻliqligini taʼminlash va qoʻshimcha daromadlarni jalb qilish doirasida amalga oshirilgan tahlillarda tadbirkorlik subyektlarida aniqlangan soliq xavflari boʻyicha nazorat tadbirlarini oʻtkazish uchun tahlil materiallari soliq organlariga yuborilishi mumkin.
4-bob. Yakuniy qoidalar
16. Xavfni tahlil etish natijalaridan norozi boʻlgan shaxslar qonunchilikda belgilangan tartibda yuqori turuvchi organga yoki sudga shikoyat qilishga haqli.
17. Mazkur Nizom talablarining buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar belgilangan tartibda javobgar boʻladilar.
Davlat tashqi auditi va moliyaviy nazoratni amalga oshirishda “Xavfni tahlil qilish” elektron tizimini joriy etish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 1-ILOVA
Davlat ulushi mavjud boʻlgan korxonalar faoliyatida qonunchilik buzilishi xavfini aniqlash
KOʻRSATKICHLARI
Davlat tashqi auditi va moliyaviy nazoratni amalga oshirishda “Xavfni tahlil qilish” elektron tizimini joriy etish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 2-ILOVA
Davlat kafolati ostida xalqaro moliya institutlaridan jalb qilingan tashqi qarz mablagʻlarini oʻzlashtirishda qonunchilik buzilishi xavfini aniqlash
KOʻRSATKICHLARI
Davlat tashqi auditi va moliyaviy nazoratni amalga oshirishda “Xavfni tahlil qilish” elektron tizimini joriy etish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 3-ILOVA
Bank tizimida qonunchilik buzilishi xavfini aniqlash
KOʻRSATKICHLARI
Davlat tashqi auditi va moliyaviy nazoratni amalga oshirishda “Xavfni tahlil qilish” elektron tizimini joriy etish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 4-ILOVA
Budjetdan mablagʻ oluvchi tadbirkorlik subyektlari faoliyatida qonunchilik buzilishi xavfini aniqlash
KOʻRSATKICHLARI
