Charm-poyabzal sanoatida tayyor mahsulot ishlab chiqarishni qoʻllab-quvvatlash hamda eksport salohiyatini oshirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida (PQ-250-son)
01.07.2026
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
qarori
Mamlakatimizda charm xomashyosini chuqur qayta ishlash hajmini kengaytirish, terini qayta ishlash korxonalarini zamonaviy ekologik talablarga moslashtirish, yuqori qoʻshilgan qiymatli va eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarishni qoʻllab-quvvatlash maqsadida qaror qilaman:
I. Asosiy maqsadlar
1. Quyidagilar 2026-2027-yillarda charm-poyabzal sanoatini rivojlantirishning asosiy maqsadli koʻrsatkichlari etib belgilansin:
(a) charm mahsulotlari ishlab chiqarish hajmini 2026-yilda 690 million detsimetr kvadratga, 2027-yilda 800 million detsimetr kvadratga olib chiqish;
(b) poyabzal mahsulotlari ishlab chiqarish hajmini 2026-yilda 100 million juftga, 2027-yilda 115 million juftga yetkazish;
(v) eksport hajmini 2026-yilda 110 million AQSH dollariga, 2027-yilda 150 million AQSH dollariga yetkazish;
(g) charm-attorlik mahsulotlari ishlab chiqarish hajmini 2026-yilda 246 milliard soʻmga, 2027-yilda 300 milliard soʻmga yetkazish;
(d) charm-poyabzal sanoatida qoʻshilgan qiymatni 2026-yilda 860 milliard soʻm, 2027-yilda 1,2 trillion soʻmga yetkazish.
II. Charm xomashyosini sifatli yigʻib olish va chuqur qayta ishlash boʻyicha amaliy chora-tadbirlar
2. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklarining 2026 — 2028-yillarda hududlarda charm-poyabzal sanoatini bosqichma-bosqich yirik kooperatsiyalarni tashkil qilish asosida rivojlantirish boʻyicha “yoʻl xaritasi”ni ishlab chiqish va amalga oshirish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin. Bunda:
(a) Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi va viloyatlar hokimlari Yengil sanoatni rivojlantirish agentligi (keyingi oʻrinlarda — Agentlik) bilan birga har chorakda “yoʻl xaritasi”da belgilangan vazifalar ijrosini tashkil etsin;
(b) Bosh prokuratura Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar hokimlari hamda Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadigan “yoʻl xaritasi” ijrosini doimiy nazoratga olsin.
3. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari tomonidan 2026 — 2028-yillarda hududlarda mahalliy tashabbuskorlarni aniqlagan holda veterinariya-sanitariya talablariga javob beradigan teri va jun xomashyosini yigʻib olish punktlarini tashkil qilishning maqsadli koʻrsatkichlari 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
4. Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Agentlik hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklarining teri va jun xomashyosini yigʻib olish faoliyati bilan shugʻullanuvchi tadbirkorlik subyektlarini mazkur faoliyati boʻyicha 2026-yil 1-iyuldan 2029-yil 1-iyulga qadar foyda soligʻi, mol-mulk soligʻi, yer soligʻi va aylanmadan olinadigan soliqni toʻlashdan ozod qilish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi Agentlik bilan birgalikda uch oy muddatda mazkur bandda nazarda tutilgan imtiyozlarni qoʻllash boʻyicha Soliq kodeksiga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisidagi qonun loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
5. Belgilansinki, teri va jun xomashyosini yigʻib olish faoliyati bilan shugʻullanuvchi tadbirkorlik subyektlariga teri va jun xomashyosini yigʻish maqsadlariga aylanma mablagʻlarni toʻldirish uchun tijorat banklaridan olingan milliy valyutadagi kreditlar boʻyicha foiz stavkalarining Markaziy bank asosiy stavkasidan yuqori, biroq 10 foizlik punktidan oshmagan qismi, xorijiy valyutadagi kreditlar boʻyicha foiz stavkalarining 5 foizi “Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi” AJ tomonidan kompensatsiya qilib beriladi.
III. Tayyor mahsulotlar ishlab chiqarishni qoʻllab-quvvatlash choralari
6. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq 2026-yil 1-iyuldan boshlab 2028-yil 31-dekabrga qadar Yengil sanoatni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi (keyingi oʻrinlarda — Jamgʻarma) mablagʻlari hisobidan:
(a) terini qayta ishlab, tayyor charm ishlab chiqaruvchi korxonalarga ishlab chiqarib, realizatsiya qilingan tayyor charmning (krast, finish) har bir detsimetr kvadrati uchun 350 soʻm miqdorida subsidiya ajratiladi;
(b) poyabzal va charm-attorlik mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi korxonalarga ishlab chiqarishga joriy qilingan har bir yangi model uchun 1 million soʻm, biroq bir korxona uchun bir kalendar yilida 50 million soʻmdan oshmagan miqdorda subsidiya ajratiladi;
(v) poyabzal ishlab chiqaruvchi korxonalar tomonidan oʻz ehtiyojlari uchun import qilingan poyabzal qoliplari (kolodka, press-forma) qiymatining 50 foiz qismi, biroq bir kalendar yilida Yevropa Ittifoqi davlatlari uchun 10 ming AQSH dollari, boshqa davlatlar uchun 5 ming AQSH dollaridan oshmagan miqdorda qoplab beriladi;
(g) yengil sanoat korxonalari tomonidan suv tozalash inshootlarida belgilangan meʼyorlar doirasida suvni tozalash uchun xarid qilingan kimyoviy vositalar va reagentlar qiymatining 50 foiz qismi qoplab beriladi;
(d) poyabzal va charm-attorlik mahsulotlari ishlab chiqaruvchi korxonalarga yoki ularning roʻyxatga olingan savdo belgisi (brend nomi) bilan Qoraqalpogʻiston Respublikasi maʼmuriy markazi, viloyatlar markazlari va Toshkent shahri, shuningdek, respublikaning aholi soni 100 ming kishidan oshadigan yirik shaharlarida savdo uylari va firma doʻkonlarini tashkil etgan tadbirkorlarga dastlabki 1 yil davomida bino va maydonlarni ijaraga olish xarajatlarining 50 foiz qismi, biroq 100 million soʻmdan oshmagan miqdorda qoplab beriladi.
7. Belgilansinki 2026-yil 1-sentabrdan boshlab:
(a) davlat xaridlarida ishtirok etadigan korxonalarga mahsulot ishlab chiqarishda kooperatsiya asosida mahalliy charm xomashyosi va butlovchilardan foydalanish darajasi, yaratilgan ish oʻrinlari soni, belgilangan tartibda roʻyxatdan oʻtkazgan savdo belgisi va brendiga koʻra qoʻshimcha ball berish va 15 foizgacha narx preferensiyasi taqdim etish tartibi joriy etiladi;
(b) davlat buyurtmachilari uchun davlat xaridlari elektron tizimi orqali xarid qilinadigan maxsus poyabzallarning davlat xaridlari tavsifida muvofiqlik sertifikati toʻgʻrisidagi axborotni joylashtirish talabi joriy etiladi.
IV. Charm-poyabzal sanoat zonalarini tashkil etishni qoʻllab-quvvatlash choralari
8. Agentlik, Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasining Agentlik huzurida 7 ta shtat birligidan iborat, ustav fondi 23 million AQSH dollari boʻlgan masʼuliyati cheklangan jamiyat shaklida Charm-poyabzal sanoat zonalarini boshqarish direksiyasini (keyingi oʻrinlarda — Direksiya) tashkil etish va 2-ilovaga muvofiq uning asosiy vazifalarini belgilash toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.
9. Belgilansinki:
(a) mazkur qarorning 3-ilovasiga muvofiq Toshkent viloyati Ohangaron tumani va Andijon viloyati Shahrixon tumanlarida tashkil etilgan charm-poyabzal sanoat zonalari egallagan yer uchastkalari Direksiyaga ijara huquqi asosida ajratiladi va ushbu yerlarni boshqarish funksiyasi Direksiyaga yuklatiladi;
(b) Direksiyaning yagona taʼsischisi Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi hisoblanadi va Direksiya Agentlik tomonidan ishonchli boshqaruv huquqi asosida boshqariladi.
10. Iqtisodiyot va moliya vazirligi Toshkent viloyati Ohangaron tumanidagi charm-poyabzal sanoat zonasi hamda Sirdaryo viloyati Sirdaryo tumanida joylashgan teri va junni qayta ishlash korxonalari uchun zamonaviy suv tozalash inshootlarini barpo etishga Oʻzbekiston Respublikasining respublika budjetidan 2026-2027-yillarda 360 milliard soʻm miqdorida mablagʻlar ajratsin.
Bunda mazkur suv tozalash inshootlarini qurish boʻyicha buyurtmachi etib “Oʻzsuvtaʼminot” AJ belgilanadi hamda mazkur inshootlar 2028-yil 1-yanvarga qadar foydalanishga topshirilib, Direksiya balansiga bepul oʻtkaziladi.
11. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari ikki oy muddatda terini qayta ishlash korxonalarida suv tozalash inshootlarini xalqaro talablarga moslashtirish va barpo etish boʻyicha manzilli roʻyxatni shakllantirib, unga kiritilgan loyihalarni 2026 — 2028-yillarda Oʻzbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturi doirasida moliyalashtirish boʻyicha takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
12. Belgilansinki, charm-poyabzal tarmogʻida investitsiya loyihalarini moliyalashtirish, loyihalarda ulushdor boʻlib qatnashish va aylanma mablagʻlarni toʻldirish maqsadlarida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 20-maydagi “Charm-poyabzal, ipakchilik va gilamchilik tarmoqlarini rivojlantirishni yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-181-son qarori bilan ajratilishi belgilangan 33 million AQSH dollar miqdoridagi mablagʻlarning:
(a) 10 million AQSH dollari Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasidan 2035-yil 31-dekabrgacha qaytarish sharti bilan 2026-2027-yillarda Jamgʻarmaga quyidagi maqsadlarda korxonalarga tijorat banklari orqali kredit ajratish uchun yoʻnaltiriladi:
(i) investitsiya loyihalarini moliyalashtirish maqsadlari uchun 10 yil muddatga, shundan 3 yillik imtiyozli davr bilan yillik 5 foiz stavkada (Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi marjasi 3,5 foiz, bank marjasi 1,2 foiz va Agentlik xarajatlari 0,3 foiz);
(ii) aylanma mablagʻlarni toʻldirish uchun yillik 3,5 foiz stavkada (Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi marjasi 2,5 foiz, bank marjasi 1,2 foiz va Agentlik xarajatlari 0,3 foiz) 36 oy muddatgacha;
(b) 23 million AQSH dollari Direksiya ustav fondiga junni qayta ishlash va charm-poyabzal ishlab chiqarish loyihalari doirasida tadbirkorlar talablari asosida ishlab chiqarish bino hamda inshootlarini qurish va Direksiya bilan kelishilgan grafik asosida 7 yil muddatgacha tadbirkorlarga qiymatini boʻlib-boʻlib toʻlash asosida sotish uchun yoʻnaltiriladi.
13. Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Agentlikning 2026-yil 1-iyuldan 2029-yil 1-iyulga qadar Direksiya hamda Andijon viloyati Oltinkoʻl tumanidagi “Charm-poyabzal kichik sanoat zonasini boshqarish direksiyasi” MCHJni foyda soligʻi, mol-mulk soligʻi, yer soligʻi va suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliqdan ozod etish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi Agentlik bilan birgalikda uch oy muddatda mazkur bandda nazarda tutilgan imtiyozlarni qoʻllash boʻyicha Soliq kodeksiga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisidagi qonun loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
14. Belgilab qoʻyilsinki, Direksiyani saqlash va ish haqi xarajatlari 2026 — 2028-yillarda Jamgʻarma mablagʻlari hisobidan, 2029-yildan boshlab Direksiyaga tegishli bino va inshootlar hamda yer uchastkalarini ijaraga berish, sotish yoki qiymatini boʻlib toʻlash shartlari asosida sotish, suv tozalash inshootlarini ekspluatatsiya qilishdan olinadigan daromadlar va qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa mablagʻlar hisobidan amalga oshiriladi.
15. Agentlik Oʻzbekiston-Koreya oʻquv-amaliy toʻqimachilik texnoparki bilan birgalikda 2026-yil 1-oktabrdan boshlab hududlarda “Dizayner-modelyerlar maktabi”, “Marketologlar maktabi” va “Texnologlar maktabi” tayyorlov kurslarini tarmoqdagi mutaxassis va ishchilar, kasanachi va kosiblar uchun davriy ravishda tashkil etib borsin. Bunda qisqa muddatli malaka oshirish kurslarini tashkil etish maqsadida xorijiy professor-oʻqituvchilar, trener va ekspertlarni jalb etish bilan bogʻliq xarajatlar Jamgʻarma mablagʻlari hisobidan moliyalashtiriladi.
V. Qaror ijrosini tashkil etish, taʼminlash va nazorat
16. Iqtisodiyot va moliya vazirligi:
(a) 2026 — 2027-yillarda Toshkent viloyati Ohangaron tumani va Andijon viloyati Shahrixon tumanidagi charm-poyabzal sanoat zonalari hamda Sirdaryo viloyati Sirdaryo tumanidagi jun va terini qayta ishlash korxonalari uchun tashqi muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasi (yoʻl, suv, elektr va gaz tarmoqlari) bilan taʼminlashga 80 milliard soʻm ajratsin;
(b) mazkur qarorning 10-bandi hamda mazkur bandning “a” kichik bandida nazarda tutilgan mablagʻlarni ikki oy muddatda 2026-yilda loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish hamda qurilish-pudrat ishlariga ajratish boʻyicha 2026 — 2028-yillarda Oʻzbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturiga oʻzgartirishlar kiritsin;
(v) mazkur qarorning 6-bandida nazarda tutilgan moliyaviy qoʻllab-quvvatlash choralari uchun Agentlik soʻroviga asosan 2026-yilda Oʻzbekiston Respublikasining respublika budjetidan Jamgʻarmaga mablagʻlar ajratilishini taʼminlasin va kelgusi yillarda ushbu shartlarda mablagʻlar ajratilishini budjet parametrlarini shakllantirishda nazarda tutsin.
17. Bosh prokuratura (Kasimov) mazkur qarorning 1-ilovasiga muvofiq hududlarda teri va jun xomashyosini yigʻib olish punktlarini tashkil qilishning maqsadli koʻrsatkichlari ijrosi sifatli va oʻz vaqtida taʼminlanishi ustidan taʼsirchan nazorat oʻrnatsin hamda har chorakda amalga oshirilgan ishlar yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga axborot kiritib borsin.
18. Charm xomashyosini chuqur qayta ishlash va tayyor mahsulotlar ishlab chiqarishni kengaytirish samaradorligini oshirish boʻyicha chora-tadbirlar rejasi 4-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
19. Sanoat kooperatsiyasi va davlat xaridlari agentligi elektron tizimini tegishli vazirlik va idoralarning axborot tizimlari bilan integratsiya qilish asosida mazkur qarorning 7-bandida nazarda tutilgan tartibni 2026-yil 1-sentabrga qadar joriy qilish choralarini koʻrsin.
20. Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi Direksiyaning ustav fondini bosqichma-bosqich shakllantirish uchun 23 million AQSH dollarini Agentlik soʻrovi asosida sanoat zonalari va hududlarda Direksiya ulushdor sifatida ishtirok etayotgan loyihalar “Loyihalar va xaridlar samaradorligini oshirish markazi” DMdan ekspertizadan oʻtkazilgandan soʻng bir oy muddatda ajratib borsin.
21. Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligining Davlat mehnat inspeksiyasi va uning hududiy boʻlinmalari munosib mehnat sharoitlarini yaratish, maxsus kiyim-bosh, maxsus poyabzal bilan taʼminlash borasida mehnat xavfsizligi va gigiyenasi talablariga rioya etilishiga qaratilgan chora-tadbirlarni olib borsin.
22. Agentlik Ekologiya va iqlim oʻzgarishi milliy qoʻmitasi va “Oʻzsuvtaʼminot” AJ bilan birgalikda uch oy muddatda mazkur qarorning 6-bandi “g” kichik bandida nazarda tutilgan kompensatsiya toʻlovlari uchun toʻqimachilik, junni qayta ishlash, charm-poyabzal, gilamchilik va ipakchilik sohalari boʻyicha 1 metr kub suvni tozalash uchun talab etiladigan kimyoviy vositalar va reagentlar turlari hamda ularning maksimal miqdorlarini belgilashni nazarda tutuvchi texnik reglamentni ishlab chiqsin va belgilangan tartibda Vazirlar Mahkamasiga tasdiqlash uchun kiritsin.
23. Toshkent va Andijon viloyati hokimliklari Agentlik hamda Kadastr agentligi bilan birgalikda mazkur qarorning 3-ilovasiga muvofiq yer maydonlari Direksiyaga belgilangan tartibda oʻtkazilishini taʼminlasin.
24. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari poyabzal va charm-attorlik mahsulotlari ishlab chiqarish bilan shugʻullanuvchi hunarmand, kasanachi, kosib, yakka tartibdagi tadbirkorlar va oʻzini oʻzi band qilgan shaxslarning malakasini Oʻzbekiston-Koreya oʻquv-amaliy toʻqimachilik texnoparkida oshirish hamda ishlab chiqarishni sanoatlashtirish boʻyicha Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritsin.
25. Soliq qoʻmitasi Bojxona qoʻmitasi va Agentlik bilan birgalikda charm mahsulotlari ishlab chiqaruvchi kichik korxonalar tomonidan tovarlar importida toʻlanadigan qoʻshilgan qiymat soligʻi summalarini oʻzaro hisobga olinishini yoʻlga qoʻyish boʻyicha Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritsin.
26. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining va Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim hujjatlariga 5-ilovaga muvofiq oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.
27. Mazkur qaror ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsan javobgar etib Bosh vazir oʻrinbosari J.A. Qoʻchqorov va Yengil sanoatni rivojlantirish agentligi direktori N.Q. Xolmurodov belgilansin.
28. Qaror ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2026-yil 1-iyul,
PQ-250-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 1-iyuldagi PQ-250-son qaroriga 1-ILOVA
2026 — 2028-yillarda hududlarda teri va jun xomashyosini yigʻib olish punktlarini tashkil qilishning
MAQSADLI KOʻRSATKICHLARI
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 1-iyuldagi PQ-250-son qaroriga 2-ILOVA
Charm-poyabzal sanoat zonalarini boshqarish direksiyasining asosiy vazifalari
1. Agentlik hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari tomonidan tasdiqlanadigan manzilli dastur asosida tayanch korxonalarni rivojlantirish dasturlarini moliyalashtirish.
2. Loyiha tashkilotlari tomonidan ishlab chiqiladigan charm-poyabzal sanoat zonalarining bosh rejasini Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi bilan kelishib, tasdiqlash.
3. Charm-poyabzal sanoat zonalari faoliyatini boshqarish, loyiha tashabbuskorlari tomonidan oʻz zimmasiga qabul qilgan majburiyatlarning zarur darajada bajarilishini nazorat qilish.
4. Xorijiy va mahalliy investorlarni izlash va jalb etish, sanoat zonalari hududida muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini, yoʻl-transport infratuzilmalarini barpo etishda buyurtmachi funksiyasini bajarish.
5. Charm-poyabzal tarmogʻida amalga oshirilayotgan loyihalar doirasida bino va inshootlar qurish uchun loyiha qiymatining 30 foizigacha miqdorda ulushdor sifatida keyinchalik oʻz ulushini sotish sharti bilan 7 yil muddatgacha ishtirok etish, yer maydonlarini qayta ijaraga berish.
6. Loyiha tashabbuskorlari bilan birgalikda investitsiyaviy loyihalar boʻyicha hujjatlarni “Loyihalar va xaridlar samaradorligini oshirish markazi” davlat muassasasidan kompleks ekspertizadan oʻtkazish.
7. Charm-poyabzal sanoat zonalari va hududlardagi suv tozalash inshootlari ekspluatatsiyasi va modernizatsiyasini tashkil etish.
8. Charm-poyabzal sanoat zonalari faoliyatini va hududlardagi obyektlarni tezkor boshqarish boʻyicha boshqa funksiyalarni amalga oshirish.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 1-iyuldagi PQ-250-son qaroriga 3-ILOVA
Charm-poyabzal sanoat zonalarini boshqarish direksiyasiga ijara huquqi asosida oʻtkaziladigan yer uchastkalari
ROʻYXATI
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 1-iyuldagi PQ-250-son qaroriga 4-ILOVA
Charm xomashyosini chuqur qayta ishlash va tayyor mahsulotlar ishlab chiqarishni kengaytirish samaradorligini oshirish boʻyicha
CHORA-TADBIRLAR REJASI
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 1-iyuldagi PQ-250-son qaroriga 5-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining va Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim hujjatlariga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 26-fevraldagi “Charm-poyabzal va moʻynachilik sohalarida tayyor mahsulot ishlab chiqarishni qoʻllab-quvvatlashga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-143-son qarorida:
(a) 2-bandda:
(i) birinchi xatboshi chiqarib tashlansin;
(ii) ikkinchi xatboshi birinchi xatboshi deb hisoblansin;
(b) 7-bandda:
(i) birinchi xatboshidagi “Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi” soʻzlari “Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi, Yengil sanoatni rivojlantirish agentligi va” soʻzlari bilan almashtirilsin;
(ii) toʻrtinchi xatboshidagi “ikki” soʻzi “bir” soʻzi bilan almashtirilsin.
(v) 1 — 1.14-ilovalar oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 11-oktabrdagi “Charm-poyabzal va moʻynachilik sohalarida islohotlarni yanada jadallashtirish va sohaning eksport salohiyatini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-331-son qarorga 3-ilovaning 9-pozitsiyasi “Ijro muddati” ustunidagi “Har yili ikki marotaba” hamda “Masʼul ijrochilar” ustunidagi “Eksportni ragʻbatlantirish agentligi” soʻzlari tegishincha “Har yili bir marotaba” hamda “Yengil sanoatni rivojlantirish agentligi” soʻzlari bilan almashtirilsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 20-maydagi “Charm-poyabzal, ipakchilik va gilamchilik tarmoqlarini rivojlantirishni yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-181-son qarorining 1-bandida:
(a) ikkinchi xatboshidagi “tashkil qilish” soʻzlaridan keyin “toʻgʻrisidagi takliflari maʼqullansin” soʻzlari bilan toʻldirilsin;
(b) uchinchi xatboshi chiqarib tashlansin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 8-avgustdagi “Oʻzcharmsanoat” uyushmasi korxonalari tomonidan bojxona toʻlovlaridan ozod qilingan holda olib kiriladigan, respublikada ishlab chiqarilmaydigan import asbob-uskunalar, butlovchi buyumlar, xom ashyolar, materiallar va furnituralar roʻyxatini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi F-5350-son farmoyishining rus tilidagi matnida:
(a) nomlanishi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Ob utverjdenii perechnya importiruyemogo oborudovaniya, komplektuyushix izdeliy, sirya, materialov i furnituri, ne proizvodimix v respublike, vvozimix s osvobojdeniyem ot tamojennix platejey”;
(b) 1-band hamda ilovaning nomidan “predpriyatiyami assotsiatsii ““Uzcharmsanoat”” soʻzlari chiqarib tashlansin.
5. Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 12-apreldagi “Oʻzbekiston Respublikasi bojxona chegarasi orqali charm va moʻyna xom ashyosini olib chiqishni monitoring qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi 303-son qarori oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
6. Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 17-noyabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Yengil sanoatni rivojlantirish agentligi faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida”gi 729-son qarorida:
(a) 3-ilovada:
(i) 3-bandda:
quyidagi mazmundagi toʻrtinchi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“yengil sanoat korxonalarining foiz stavkasi xorijiy valyutada 7 foizdan va milliy valyutada 16 foizdan baland boʻlgan amaldagi kreditlarini Agentlikning mavjud resurslari hisobidan xorijiy valyutada qayta kreditlash”;
toʻrtinchi xatboshi beshinchi deb hisoblansin;
(ii) 4-bandda:
“a” kichik banddagi “12 oy muddatgacha xorijiy valyutada” soʻzlari “36 oy muddatgacha xorijiy valyutada” soʻzlari bilan almashtirilsin;
quyidagi mazmundagi “v” kichik band bilan toʻldirilsin:
“v) Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 12-yanvardagi “Mahalliy yengil sanoat korxonalarining xalqaro yetkazib berish zanjirlarida ishtirokini kengaytirish hamda tashqi bozorlarda oʻrnini mustahkamlashga qaratilgan chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PF-4-son Farmonining 15-bandida nazarda tutilgan hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 19-sentabrdagi “Yengil sanoat sohasida yuqori qoʻshilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarish va eksport hajmini oshirish uchun qoʻshimcha shart-sharoitlar yaratish toʻgʻrisida”gi PF-174-son Farmonining 11-bandi bilan ajratilgan mablagʻlar hisobidan, shu jumladan, Jamgʻarmaga jalb qilinadigan xorijiy kredit liniyalari hisobidan yengil sanoat korxonalarining foiz stavkasi xorijiy valyutada 7 foizdan baland boʻlgan amaldagi kreditlarini qayta kreditlash asosida, ularning muddatiga mutanosib ravishda, biroq 36 oydan oshmagan muddatga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 10-yanvardagi “Paxta-toʻqimachilik klasterlari faoliyatini qoʻllab-quvvatlash, toʻqimachilik va tikuv-trikotaj sanoatini tubdan isloh qilish hamda sohaning eksport salohiyatini yanada oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-2-son Farmoni 2-bandining “d” kichik bandida koʻrsatilgan shartlar asosida kreditlar ajratiladi”;
(b) 4-ilovada:
(i) 13-bandning birinchi xatboshisida “Jamgʻarmaning ijro organi” soʻzlaridan keyin “rahbarining buyrugʻiga asosan shakllantirilgan komissiyalar” soʻzlari bilan toʻldirilsin;
(ii) 18-bandning “z” kichik bandida “malakali mutaxassislarni” soʻzlari “ishchi va mutaxassislarni” soʻzlari bilan almashtirilsin.
