Davlat organlari va tashkilotlarining arxiv hujjatlarini elektron shaklda saqlash tizimini yanada takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida (352-son)
30.06.2026
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Arxiv ishi sohasini raqamlashtirish va sohada boshqaruv samaradorligini yanada oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2025-yil 24-noyabrdagi PF-228-son Farmoni ijrosini taʼminlash, shuningdek, davlat organlari va tashkilotlarining elektron shakldagi arxiv hujjatlarini saqlash tizimini yanada takomillashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Arxiv ishi sohasini raqamlashtirish va sohada boshqaruv samaradorligini yanada oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2025-yil 24-noyabrdagi PF-228-son Farmoniga muvofiq:
arxiv xizmatlarini raqamlashtirishda qoʻllanadigan amaldagi arxiv axborot tizimlari negizida Yagona milliy arxiv axborot tizimi (keyingi oʻrinlarda — Arxiv axborot tizimi) joriy etilishi;
barcha raqamlashtirilgan va kelgusida raqamlashtiriladigan arxiv hujjatlari Arxiv axborot tizimiga kiritilishi va tizimda saqlanishi belgilangani;
Arxiv axborot tizimi elektron hukumat markazi hamda boshqa vazirlik va idoralarning axborot tizimlari va bazalari bilan integratsiya qilinishi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Belgilansinki:
2026-yil 1-avgustdan boshlab davlat organlari va tashkilotlarining arxiv ishiga oid barcha maʼlumotlari va hujjatlari Arxiv axborot tizimida shakllantiriladi va yuritiladi (davlat sirini tashkil etuvchi maʼlumotlar bundan mustasno);
elektron shakldagi arxiv hujjatlarini, shu jumladan, xizmat doirasida foydalanish uchun grifli hujjatlar Arxiv axborot tizimi orqali topshiriladi va qabul qilinadi. Bunda xizmat doirasida foydalanish uchun grifli hujjatlar Arxiv axborot tizimida tegishli ekspertizadan oʻtkazilgandan soʻng qabul qilinadi;
davlat organlari va tashkilotlari Arxiv axborot tizimini yuritish boʻyicha sarf-xarajatlarni oʻzlarining budjetdan tashqari mablagʻlari hamda qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiradi.
3. Davlat organlari va tashkilotlarining arxiv hujjatlarini Yagona milliy arxiv axborot tizimida elektron shaklda saqlash tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi “Oʻzarxiv” agentligi (keyingi oʻrinlarda — Agentlik) Arxiv axborot tizimining mulkdori, Adliya organlari va muassasalarida axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish markazi esa — operatori (keyingi oʻrinlarda — operator) etib belgilansin.
Belgilansinki, operator Arxiv axborot tizimini joriy etish, unga texnik xizmat koʻrsatish, takomillashtirish, shuningdek, uning uzluksiz va xavfsiz ishlashi uchun masʼul hisoblanadi.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi:
ikki oy muddatda ushbu qaror talablaridan kelib chiqib, Arxiv axborot tizimini takomillashtirsin va tegishli axborot tizimlari bilan integratsiya qilsin;
olti oy muddatda “Kiberxavfsizlik markazi” DUK bilan birgalikda Arxiv axborot tizimini xizmat doirasida foydalanish uchun grifli hujjatlar bilan ishlash qoidalari talablariga muvofiqlashtirsin.
6. Agentlik va Oʻzbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligi ikki oy muddatda “Ijro.gov.uz” ijro intizomi idoralararo yagona elektron tizimi negizida ishlab chiqilgan “edo.ijro.uz” elektron hujjat aylanish tizimini hamda Yagona identifikatsiya tizimini (id.egov.uz) Arxiv axborot tizimi bilan integratsiya qilsin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi, Kadastr agentligi hamda boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda Agentlikning soʻroviga koʻra oʻzlarining ochiq axborot tizimlari “Raqamli hukumat” tizimining Idoralararo integratsiyalashuv platformasi orqali Arxiv axborot tizimi bilan integratsiya qilinishini taʼminlasin.
8. Davlat organlari va tashkilotlari rahbarlari 2026-yil 1-noyabrga qadar operator bilan shartnoma tuzib, Arxiv axborot tizimiga ulanish choralarini koʻrsin.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi ikki oy muddatda manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
10. Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi adliya vaziri A.J. Tashkulov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2026-yil 30-iyun,
352-son
Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 30-iyundagi 352-son qaroriga ILOVA
Davlat organlari va tashkilotlarining arxiv hujjatlarini Yagona milliy arxiv axborot tizimida elektron shaklda saqlash tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari hamda xoʻjalik birlashmalari, shuningdek, boshqa davlat tashkilotlarining (keyingi oʻrinlarda — davlat organlari va tashkilotlari) arxiv ishiga oid hujjatlarini elektron shaklda shakllantirish va yuritish hamda Yagona milliy arxiv axborot tizimidan foydalanish tartibini belgilaydi.
Mazkur Nizom davlat sirlarini tashkil etuvchi maʼlumotlarni oʻz ichiga olgan hujjatlar bilan ishlashga nisbatan tatbiq etilmaydi. Elektron shakldagi davlat sirlarini tashkil etuvchi arxiv hujjatlarining axborot tizimlarida saqlanishi alohida qonunchilik hujjatlari bilan tartibga solinadi.
2. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
masʼul ijrochi — Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi “Oʻzarxiv” agentligi (keyingi oʻrinlarda — Agentlik) va uning tizimidagi arxiv ishi hududiy boshqarmalari va davlat arxivlari;
operator — Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi “Adliya organlari va muassasalarida axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish markazi” davlat muassasasi;
foydalanuvchi — davlat organi va tashkilotining Yagona milliy arxiv axborot tizimini qoʻllagan holda, oʻz vakolati doirasida faoliyat koʻrsatadigan masʼul xodimi;
hujjatlar yigʻmajildlari nomenklaturasi — tashkilotda yuritiladigan, belgilangan tartibda rasmiylashtirilgan va ularni saqlash muddatlari koʻrsatilgan holda tartibga solingan hujjatlar yigʻmajildlari sarlavhalari roʻyxati;
Yagona milliy arxiv axborot tizimi (keyingi oʻrinlarda — Arxiv axborot tizimi) — arxiv hujjatlari va ular haqidagi maʼlumotlarni jamlash, saqlash, hisobga olish va ulardan foydalanish jarayonlarini kompleks avtomatlashtirish hamda arxiv ishini amalga oshirishga aloqador tashkilotlar bilan axborot hamkorligining barcha turlarini taʼminlash uchun moʻljallangan axborot tizimi;
3. Davlat organlari va tashkilotlari arxiv hujjatlarining yigʻmajildlari roʻyxatini tuzish va tasdiqlash, davlat arxiviga elektron shakldagi arxiv hujjatlarini topshirish, qogʻoz koʻrinishidagi arxiv hujjatlarini topshirish-qabul qilishni rasmiylashtirish, arxiv hujjatlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni taqdim etish, hujjatlar yigʻmajildlari nomenklaturasini shakllantirish hamda arxiv ishiga oid boshqa faoliyat Arxiv axborot tizimida amalga oshiriladi.
Davlat organlari va tashkilotlarining arxiv ishiga oid hujjatlari Arxiv axborot tizimida ushbu Nizomga 1-ilovada keltirilgan sxemaga muvofiq shakllantiriladi va yuritiladi.
Davlat organlari va tashkilotlaridan tashqari boshqa yuridik shaxslar ham Agentlik bilan kelishilgan holda, Arxiv axborot tizimidan ushbu Nizom talablari asosida foydalanishi mumkin.
4. Arxiv axborot tizimidan davlat organlari va tashkilotlari hamda operator oʻrtasida tuziladigan shartnomaga asosan foydalaniladi.
Arxiv axborot tizimiga ulanish uchun toʻlov miqdori Agentlik tomonidan real sarf-xarajatlardan kelib chiqqan holda belgilanadi.
2-bob. Arxiv axborot tizimiga ulanishning umumiy talablari va shartlari
5. Davlat organlari va tashkilotlari Arxiv axborot tizimiga ulanish uchun mazkur Nizomga 2-ilovada keltirilgan arizani Arxiv axborot tizimida soʻrov yuborishga moʻljallangan maxsus oyna orqali operatorga yuboradi.
6. Operator ariza kelib tushgan kundan boshlab ikki ish kunida uni koʻrib chiqadi.
7. Ariza mazkur Nizom talablariga muvofiq boʻlgan taqdirda, operator davlat organlari va tashkilotlarini Arxiv axborot tizimiga ulash yuzasidan shartnomani ularga elektron shaklda yuboradi.
Davlat organlari va tashkilotlari shartnomani imzolab, unda koʻrsatilgan toʻlovlarni toʻlagandan soʻng operator foydalanuvchini ikki ish kuni ichida Arxiv axborot tizimiga ulash choralarini koʻradi.
8. Arizada yolgʻon yoki notoʻgʻri maʼlumotlarning mavjudligi Arxiv axborot tizimiga ulanishni rad etish uchun asos boʻladi.
Arxiv axborot tizimiga ulanishni boshqa asoslar boʻyicha rad etish taqiqlanadi.
9. Arxiv axborot tizimiga ulanish rad etilgan taqdirda, operator tomonidan foydalanuvchiga rad etish sabablari koʻrsatilgan xabarnoma yuboriladi.
Davlat organlari va tashkilotlari xabarnomada keltirilgan kamchiliklarni bartaraf qilib, qayta ariza berishi mumkin.
3-bob. Arxiv axborot tizimida roʻyxatdan oʻtish va undan foydalanish
10. Barcha foydalanuvchilar Arxiv axborot tizimida Yagona identifikatsiya tizimi (OneID) orqali roʻyxatdan oʻtadi, bunda:
davlat organlari va tashkilotlari rahbarlari masʼul xodimlarini belgilab, ularga Arxiv axborot tizimidan foydalanish vakolatini beradi;
foydalanuvchilar shaxsiy ERI kaliti yordamida Arxiv axborot tizimida maʼlumotlar va hujjatlarni shakllantiradi hamda yuritadi.
11. Agentlik davlat organlari va tashkilotlarining arxiv ishiga oid maʼlumotlari va hujjatlarini Arxiv axborot tizimida shakllantirish va yuritish jarayonlarining doimiy monitoringini yuritadi.
12. Operator Arxiv axborot tizimini joriy etish, unga texnik xizmat koʻrsatish, uni yanada takomillashtirish, shuningdek, uning uzluksiz va xavfsiz ishlashi uchun masʼul hisoblanadi.
13. Arxiv axborot tizimining foydalanuvchilari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar operator tomonidan boshqariladi.
4-bob. Arxiv axborot tizimida hujjatlar yigʻmajildlari nomenklaturasini shakllantirish, kelishish va tasdiqlash
14. Foydalanuvchi Arxiv axborot tizimida oʻzining hujjatlar yigʻmajildlari nomenklaturasini qonunchilikka muvofiq ishlab chiqadi va Markaziy ekspert komissiyasi yoki Ekspert komissiyasi tomonidan maʼqullangandan soʻng har yili 1-dekabrga qadar (yangi tashkil etilgan davlat organlari va tashkilotlari bir oy muddatda) kelishish uchun tegishli masʼul ijrochiga Arxiv axborot tizimi orqali yuboradi.
15. Masʼul ijrochining Markaziy ekspert-tekshirish komissiyasi yoki Ekspert-tekshiruv komissiyasi/Ekspert-tekshiruv uslubiy komissiyasi tomonidan foydalanuvchining hujjatlar yigʻmajildlari nomenklaturasi 15 ish kunida koʻrib chiqilib, kelishiladi yoki xato va kamchiliklar koʻrsatilgan holda, foydalanuvchiga qayta ishlash uchun Arxiv axborot tizimi orqali yuboriladi.
Hujjatlar yigʻmajildlari nomenktlaturasi qonunchilikda belgilangan tartibda koʻrib chiqiladi.
16. Kelishilgan hujjatlar yigʻmajildlari nomenklaturasi ikki ish kuni davomida Arxiv axborot tizimida davlat organlari va tashkilotlari tomonidan tasdiqlanadi.
Tasdiqlangan hujjatlar yigʻmajildlari nomenklaturasi asosida Arxiv axborot tizimi bilan integratsiya qilingan elektron hujjat aylanish tizimlarida, shu jumladan, “edo.ijro.uz” axborot tizimida elektron hujjatlar shakllantiriladi.
17. Foydalanuvchi tomonidan hujjatlar yigʻmajildlari nomenklaturasi har yili qayta tuziladi va tasdiqlanadi.
Hujjatlar yigʻmajildlari nomenklaturasi har 5 yilda kamida bir marta qayta tuziladi va masʼul ijrochi bilan kelishib olinadi. Bunda davlat organlari va tashkilotlarining funksiyalari va tuzilmasi oʻzgargan hollarda, hujjatlar yigʻmajildlari nomenklaturasi qayta tuzilishi va masʼul ijrochi bilan kelishib olinishi lozim.
5-bob. Arxiv axborot tizimida elektron shakldagi arxiv hujjatlarini shakllantirish, saqlash va davlat arxiviga topshirish
18. Davlat organlari va tashkilotlarining elektron shakldagi hujjatlari maxfiy boʻlmagan arxiv hujjatlariga qoʻyilgan talablar va tartibga muvofiq Arxiv axborot tizimida, elektron shakldagi xizmat doirasida foydalanish uchun grifli hujjatlar esa qonunchilikda belgilangan tartib va qoidalarga muvofiq saqlanadi.
19. Foydalanuvchilar hujjatlar yigʻmajildlari nomenklaturasi asosida elektron shakldagi arxiv hujjatlarini muntazam ravishda shakllantirib, arxiv roʻyxati bilan birga Arxiv axborot tizimi orqali Oʻzbekiston Respublikasining “Arxiv ishi toʻgʻrisida”gi Qonunida belgilangan muddatlarda masʼul ijrochiga topshiradi.
Bunda Oʻzbekiston Respublikasi Milliy arxiv fondi hujjatlarini doimiy saqlovchi vazirlik va idoralarning elektron shakldagi arxiv hujjatlari davlat arxiviga topshirilmaydi.
20. Masʼul ijrochi tomonidan 20 ish kunida foydalanuvchi topshirgan arxiv hujjatlarining toʻliqligi, arxiv roʻyxatiga muvofiq shakllantirilgani tekshirilgan holda saqlovga qabul qilinadi yoki xato va kamchiliklari koʻrsatilib, foydalanuvchiga qaytariladi.
6-bob. Arxiv axborot tizimini boshqa elektron axborot tizimlari bilan oʻzaro integratsiya qilish
21. Arxiv axborot tizimida davlat organlari va tashkilotlarining axborot tizimlari bilan axborot almashinuvi Agentlik bilan kelishilgan va operator tomonidan tasdiqlangan texnologik yoʻriqnoma asosida amalga oshiriladi.
22. Davlat organlari va tashkilotlarining “edo.ijro.uz” axborot tizimi yoki oʻzlarining boshqa axborot tizimlarida shakllangan elektron hujjatlari Arxiv axborot tizimida oʻzaro integratsiyalashuv asosida jamlanadi.
7-bob. Masʼul ijrochi, operator va foydalanuvchining huquqlari va majburiyatlari
23. Masʼul ijrochi, operator va foydalanuvchi quyidagi huquqlarga ega:
a) masʼul ijrochi:
Arxiv axborot tizimining faoliyati, texnik qoʻllab-quvvatlanishi va axborot xavfsizligi taʼminlanishi yuzasidan operatordan axborot va hisobotlar soʻrash;
foydalanuvchidan arxiv hujjatlarini belgilangan muddat va tartibda davlat saqloviga topshirishni talab qilish;
Arxiv axborot tizimi faoliyatini takomillashtirish boʻyicha tashabbus kiritish;
Arxiv axborot tizimidan foydalanish qoidalari buzilgan hollarda tegishli choralar koʻrish;
b) operator:
axborot xavfsizligi talablari buzilgan taqdirda, foydalanuvchining tizimga kirishini cheklash;
masʼul ijrochi va foydalanuvchidan tizim faoliyatini taʼminlash uchun zarur maʼlumotlarni talab qilish;
davlat organlari xodimlarini oʻqitish va ularga maslahat berish jarayonida metodik materiallar ishlab chiqish;
v) foydalanuvchi:
Arxiv axborot tizimidan belgilangan tartibda foydalanish;
Arxiv axborot tizimidan foydalanish boʻyicha operatordan texnik yordam va maslahat olish;
Arxiv axborot tizimi faoliyatini takomillashtirish yuzasidan takliflar kiritish;
Arxiv axborot tizimidagi oʻz maʼlumotlari va hujjatlarining axborot xavfsizligi taʼminlanishini talab qilish.
Masʼul ijrochi, operator va foydalanuvchi qonunchilikka muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
24. Quyidagilar masʼul ijrochi, operator va foydalanuvchining majburiyatlari hisoblanadi:
a) masʼul ijrochi:
Arxiv axborot tizimidan foydalanishni texnik jihatdan tashkil qilishda va uning foydalanuvchilari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni boshqarishda uslubiy rahbarlik qilish;
Arxiv axborot tizimini tegishli davlat organlarida joriy etish, masʼul ijrochilarga yuklangan vazifalar bajarilishini muvofiqlashtirish hamda foydalanuvchilarga uslubiy-amaliy yordam koʻrsatish;
Arxiv axborot tizimining sifatli va uzluksiz faoliyat koʻrsatishini va uni doimiy ravishda texnik qoʻllab-quvvatlash hamda axborot xavfsizligini taʼminlash choralari koʻrilishini muvofiqlashtirish;
foydalanuvchining Arxiv axborot tizimiga ulanishiga koʻmaklashish;
foydalanuvchi tomonidan Arxiv axborot tizimidan foydalanish jarayonida kelib tushgan takliflarni inobatga olgan holda, uni takomillashtirish boʻyicha taklif ishlab chiqish;
foydalanuvchining hujjatlari oʻz vaqtida, toʻliq va sifatli tarzda davlat saqloviga topshirilishi yuzasidan davlat organlari va tashkilotlari kesimida tahliliy oʻrganishlar oʻtkazish;
b) operator:
Arxiv axborot tizimining faoliyatida nuqson va nosozliklar aniqlanganda, masʼul ijrochi talabnomasiga asosan ularning uch kun ichida bartaraf etilishini taʼminlash;
masʼul ijrochining takliflariga asosan hamda ularda belgilangan muddatlarda Arxiv axborot tizimini takomillashtirish choralarini koʻrib borish;
Arxiv axborot tizimining uzluksiz ishlashi, axborot xavfsizligining taʼminlanishi, tizimdagi maʼlumotlarga ruxsatsiz kirishning oldini olish;
Arxiv axborot tizimidan foydalanishni texnik jihatdan tashkil etish;
Arxiv axborot tizimining sifatli va uzluksiz faoliyat koʻrsatishini taʼminlash va uni doimiy ravishda texnik qoʻllab-quvvatlash choralarini koʻrish;
Arxiv axborot tizimining axborot xavfsizligini taʼminlash choralarini koʻrish;
Arxiv axborot tizimi foydalanuvchilarini roʻyxatga olish, tizimga ulash va ularning masʼul xodimlarini oʻqitish;
foydalanuvchiga Arxiv axborot tizimidan toʻgʻri foydalanish boʻyicha maslahatlar berish;
Arxiv axborot tizimini takomillashtirib borish;
v) foydalanuvchi:
Arxiv axborot tizimida hujjatlar yigʻmajildlari nomenklaturasini shakllantirish va tasdiqlash;
Arxiv axborot tizimiga ulangandan soʻng tegishli arxiv hujjatlarini Oʻzbekiston Respublikasining “Arxiv ishi toʻgʻrisida”gi Qonunida belgilangan muddatlarda masʼul ijrochiga topshirib borish;
Arxiv axborot tizimiga maʼlumotlarni oʻz vaqtida toʻgʻri hamda toʻliq kiritish;
arxiv ishiga oid faoliyatni Arxiv axborot tizimida yuritish boʻyicha ushbu Nizom talablariga rioya qilish.
Masʼul ijrochi, operator va foydalanuvchi qonunchilik hujjatlariga muvofiq boshqa majburiyatlarga ham ega boʻlishi mumkin.
8-bob. Yakunlovchi qoidalar
25. Arxiv axborot tizimidan foydalanganlik uchun toʻlangan toʻlov summasining 70 foizi Agentlikning Arxiv ishini rivojlantirish jamgʻarmasiga, 30 foizi esa operatorning hisobvaragʻiga yoʻnaltiriladi.
26. Hujjatlar yigʻmajildlari nomenklaturasini ishlab chiqish, arxiv hujjatlarini shakllantirish, ularning arxiv roʻyxatini tuzish masʼul ijrochi tomonidan shartnoma asosida amalga oshirilishi mumkin.
27. Ushbu Nizom talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradilar.
Davlat organlari va tashkilotlarining arxiv hujjatlarini Yagona milliy arxiv axborot tizimida elektron shaklda saqlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 1-ILOVA
Davlat organlarining arxiv ishiga oid hujjatlarini Yagona milliy arxiv axborot tizimida shakllantirish va yuritish
SXEMASI
Davlat organlari va tashkilotlarining arxiv hujjatlarini Yagona milliy arxiv axborot tizimida elektron shaklda saqlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 2-ILOVA
