Texnikumlarda dual taʼlim shaklida tahsil olayotgan oʻquvchilarga stipendiya toʻlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida (341-son)
30.06.2026
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI VAZIRLAR MAHKAMASINING
QARORI
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish” yilida ustuvor yoʻnalishlar boʻyicha islohotlar dasturlari va “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasini amalga oshirish boʻyicha davlat dasturi toʻgʻrisida” 2026-yil 16-fevraldagi PF-22-son Farmoni ijrosini taʼminlash hamda texnikumlarda dual taʼlim shaklida tahsil olayotgan oʻquvchilarni moddiy jihatdan qoʻllab-quvvatlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish” yilida ustuvor yoʻnalishlar boʻyicha islohotlar dasturlari va “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasini amalga oshirish boʻyicha davlat dasturi toʻgʻrisida” 2026-yil 16-fevraldagi PF-22-son Farmoniga muvofiq:
2026/2027 oʻquv yilidan boshlab texnikumlarda dual taʼlim shaklida tahsil olayotgan oʻquvchilarga stipendiya toʻlash amaliyoti joriy etilishi;
har bir oʻquvchiga fanlarni oʻzlashtirishidan qatʼi nazar, bazaviy hisoblash miqdorining bir baravari miqdorida, fanlarni oʻzlashtirish koʻrsatkichlari 85 foizdan yuqori yoki kasblar boʻyicha respublika va xorijiy tanlovlar gʻolibi boʻlgan oʻquvchilarga bazaviy hisoblash miqdorining uch baravari miqdorida stipendiya toʻlanishi belgilangani maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Quyidagilarni nazarda tutuvchi Texnikumlarda dual taʼlim shaklida tahsil olayotgan oʻquvchilarga stipendiya toʻlash tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin:
dual taʼlim shaklida tahsil olayotgan oʻquvchilarga maxsus platforma orqali stipendiya toʻlash tartibi;
dual taʼlim shaklida tahsil olayotgan oʻquvchilarni ish beruvchi tomonidan baholash mezonlari;
dual taʼlim shaklida tahsil olayotgan oʻquvchilarga stipendiya toʻlashni moliyalashtirish tartibi.
3. Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Kasbiy taʼlim agentligi (keyingi oʻrinlarda — Agentlik):
Raqamli texnologiyalar vazirligi bilan birgalikda 2026/2027 oʻquv yiliga qadar dual taʼlim shaklida tahsil olayotgan oʻquvchilarga stipendiya toʻlash boʻyicha maxsus platformani (keyingi oʻrinlarda — maxsus platforma) ishga tushirsin;
maxsus platformani ishlab chiqish va qoʻllab-quvvatlash bilan bogʻliq xarajatlar Agentlikning Kasbiy taʼlimni rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan moliyalashtirilishini taʼminlasin;
manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda 2026-yil 1-oktabrga qadar maxsus platformani Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligining “Yagona milliy mehnat tizimi” idoralararo dasturiy-apparat kompleksi elektron axborot tizimiga hamda “Raqamli hukumat” tizimining idoralararo integratsiyalashuv platformasiga integratsiya qilish choralarini koʻrsin.
4. Belgilab qoʻyilsinki:
maxsus platforma Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi “Raqamli taʼlim texnologiyalarini rivojlantirish markazi” davlat muassasasi tomonidan ishlab chiqiladi va faoliyati qoʻllab-quvvatlanadi;
dual taʼlim shaklida tahsil olayotgan oʻquvchilarga stipendiya toʻlashda korxonalar (tashkilotlar) toʻgʻrisidagi maʼlumotlar Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligining “Yagona milliy mehnat tizimi” idoralararo dasturiy-apparat kompleksi axborot tizimi orqali olinadi;
dual taʼlim shaklida tahsil olayotgan oʻquvchilarga stipendiya toʻlash uchun talab etiladigan xarajatlar 2026-yilda Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligiga birinchi darajali budjet mablagʻlari taqsimlovchisi sifatida ajratilgan mablagʻlar doirasida amalga oshiriladi, 2027-yildan boshlab esa Davlat budjeti parametrlarida nazarda tutiladi.
5. Agentlik Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi bilan birgalikda ushbu qarorning mazmun-mohiyati va ahamiyati ommaviy axborot vositalarida keng yoritilishini taʼminlasin.
6. Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi, Sirdaryo viloyati hokimligining Sardoba tuman 2-son texnikumini Sirdaryo viloyati Sardoba tumani Ravot mahallasidagi sobiq Boʻston kasb-hunar kollejining bino va inshootlariga operativ boshqarish huquqi asosida joylashtirish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.
7. Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni ikki oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
8. Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri K.A. Sharipov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2026-yil 30-iyun,
341-son
Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 30-iyundagi 341-son qaroriga ILOVA
Texnikumlarda dual taʼlim shaklida tahsil olayotgan oʻquvchilarga stipendiya toʻlash tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom davlat kasbiy taʼlim tashkilotlarida (keyingi oʻrinlarda — texnikumlar) dual taʼlim shaklida tahsil olayotgan oʻquvchilarga stipendiya toʻlash tartibini belgilaydi.
Mazkur Nizom talablari texnikumlarda 2026/2027 oʻquv yilidan boshlab dual taʼlim shaklida tahsil olayotgan oʻquvchilarga nisbatan tatbiq etiladi.
Bunda ushbu Nizom talablari nodavlat kasbiy taʼlim tashkilotlari uchun tatbiq etilmaydi.
2. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
dual taʼlim dasturi — texnikum va korxona (tashkilot)larda taʼlim oluvchining muayyan kasb yoki mutaxassislik boʻyicha kasbiy faoliyatini va mehnat vazifalarini bajarishiga qaratilgan davlat taʼlim standarti, oʻquv rejasi, oʻquv dastur (modul)lari, oʻquv va ishlab chiqarish amaliyoti dasturlaridan iborat hujjatlar toʻplami;
korxona (tashkilot) — texnikum bilan dual taʼlim asosida kadrlar tayyorlash boʻyicha shartnoma tuzgan yuridik shaxs;
maxsus platforma — texnikumlarda dual taʼlim shaklida tahsil olayotgan oʻquvchilarga stipendiya toʻlash tizimi uchun moʻljallangan elektron axborot tizimi;
stipendiya — oʻquvchiga qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa toʻlovlardan qatʼi nazar, oyma-oy toʻlanadigan pul taʼminoti;
ustoz — taʼlim jarayonining ishlab chiqarish bilan bogʻliq amaliy qismini oʻtkazish uchun korxona (tashkilot) tomonidan oʻquvchi(lar)ga biriktirilgan masʼul shaxs;
oʻquvchilar — texnikumlarga tasdiqlangan qabul parametrlari doirasida hamda ish beruvchi korxona (tashkilot)larning buyurtmasi asosida yil davomida oʻqishga qabul qilingan abituriyentlar.
2-bob. Oʻquvchilarga stipendiya toʻlash tartibi
3. Dual taʼlim shaklida tahsil olayotgan oʻquvchilarga stipendiya ushbu Nizomga ilovaga muvofiq sxema asosida toʻlanadi.
4. Boshlangʻich, oʻrta va oʻrta maxsus kasbiy taʼlim dasturlari boʻyicha dual taʼlim shakliga birinchi kursga qabul qilingan har bir oʻquvchiga fanlarni oʻzlashtirishidan qatʼi nazar, bazaviy hisoblash miqdorining bir baravari miqdorida stipendiya toʻlanadi.
5. Avvalgi oʻquv semestri natijalariga koʻra:
a) fanlardan oʻzlashtirish koʻrsatkichlari (baholari) 85 foizdan yuqori boʻlgan oʻquvchilarga keyingi semestrga qadar bazaviy hisoblash miqdorining uch baravari miqdorida stipendiya toʻlanadi.
Bunda oʻquvchilarning semestr yakuni boʻyicha fanlardan baholari “5” (aʼlo) va “4” (yaxshi) boʻlishi talab etiladi;
b) kasblar boʻyicha respublika va xorijiy tanlovlar gʻolibi boʻlgan oʻquvchilarga bazaviy hisoblash miqdorining uch baravari miqdorida stipendiya toʻlanadi.
Bunda kasblar boʻyicha respublika va xorijiy tanlovlar roʻyxati Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Kasbiy taʼlim agentligi (keyingi oʻrinlarda — Agentlik) tomonidan belgilanadi.
6. Oʻquvchilarning oʻzlashtirish koʻrsatkichlari “Kasbiy taʼlim jarayonlarini boshqarish — EMIS PT” axborot tizimida qayd etib boriladi.
7. Texnikumlar har yili 1-iyulga qadar keyingi yil uchun texnikumda tasdiqlanadigan qabul parametrlari doirasida dual taʼlim shaklida oʻqishga qabul qilinadigan abituriyentlarning prognoz koʻrsatkichlarini shakllantirib, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Kasbiy taʼlim agentligi, viloyatlar va Toshkent shahri kasbiy taʼlim boshqarmalariga (keyingi oʻrinlarda — hududiy boshqarmalar) taqdim etadi.
8. Hududiy boshqarmalar har yili 15-iyulga qadar texnikumlarda dual taʼlim shaklida keyingi yil uchun tasdiqlanadigan qabul parametrlari doirasida oʻqitish prognoz koʻrsatkichlarini Agentlikka tasdiqlangan holda taqdim etadi.
9. Agentlik tomonidan texnikumlarda dual taʼlim shaklida keyingi yil uchun tasdiqlanadigan qabul parametrlari doirasida Agentlikning budjet parametrlarida zarur mablagʻlar aks ettiriladi.
10. Agentlik tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan kelishilgan holda tasdiqlangan qabul parametrlari boʻyicha dual taʼlimga oʻqishga qabul qilingan oʻquvchilarga stipendiya toʻlash xarajatlari texnikumlarga Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan oʻtkazib beriladi.
11. Texnikumlar oʻquv yili boshlanishidan kamida bir hafta oldin tasdiqlangan qabul parametrlari doirasida dual taʼlim shaklida oʻqishga qabul qilish boʻyicha buyruq asosida oʻquvchilar hamda korxona (tashkilot)lar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni maxsus platformaga (keyingi oʻrinlarda — platforma) kiritadi.
Bunda dual taʼlim shaklida oʻqishga qabul qilingan oʻquvchilarning buyruqlari hamda dual taʼlim tashkil etilgan texnikum bilan korxona (tashkilot) oʻrtasidagi va korxona (tashkilot)ning har bir oʻquvchi bilan tuzilgan shartnomalari ilova qilinadi.
12. Korxona (tashkilot)lar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar platformada boʻlmagan hollarda, texnikum masʼullari tomonidan korxona (tashkilot)lar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar platformaga kiritiladi.
Agentlik platforma orqali ushbu korxona (tashkilot)larga platformadan roʻyxatdan oʻtishi toʻgʻrisida xat orqali xabarnoma yuboradi.
13. Dual taʼlim shaklida tahsil olayotgan oʻquvchilar haqida maʼlumotlarni platformaga kiritishga texnikum direktori masʼul va shaxsan javobgar hisoblanadi.
14. Agentlik tomonidan texnikumlarga dual taʼlim shaklida tahsil olayotgan oʻquvchilar soniga nisbatan stipendiya mablagʻlari ajratiladi.
Bunda mablagʻlar platforma orqali moliya yili boshida Agentlik tomonidan texnikumlar hisobvaragʻiga oʻtkazib boriladi.
15. Texnikumlar tomonidan stipendiya toʻlovlari oʻquvchilarga har oyning 15-sanasiga qadar Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Agentlikning maxsus axborot tizimlari orqali toʻlab beriladi.
16. Texnikumlar hamda korxona (tashkilot)lar tomonidan dual taʼlim shaklidagi oʻquv jarayoni davomida texnikumdan guruh rahbari va korxona (tashkilot)lardan biriktirilgan ustoz platformaga oʻquvchilarning kunlik davomatini kiritib boradi.
Bunda ushbu davomat natijalari oʻquvchilarni baholash va oʻquvchilarga stipendiya toʻlash boʻyicha xulosa berishda inobatga olinadi.
17. Korxona (tashkilot)lar oʻqish yakunida oʻquvchilar tomonidan dual taʼlim dasturining ishlab chiqarish bilan bogʻliq amaliy qismini oʻtash davrida bajarilgan ishlarning natijalari va ularning egallagan amaliy koʻnikmalarini baholaydi.
18. Oʻquvchilarga stipendiya toʻlash quyidagi hollarda toʻxtatiladi:
oʻquvchi ishlab chiqarish vazifalarini hamda amaliyot rejasi yoki ish topshiriqlarini bajarmaganda, amaliyot kundaligini vaqtida yuritmaganda;
oʻquvchi korxona (tashkilot)ning ichki tartib — qoidalarini buzganda;
oʻquvchi salomatligi tufayli (tibbiy komissiya maʼlumotnomasi asosida) akademik taʼtil olganda;
oʻquvchi doimiy yashash uchun boshqa davlatga koʻchib ketganda;
oʻquvchi sudning qarori bilan ozodlikdan mahrum etilganda;
oʻquvchi uzrsiz sabablarga koʻra 74 soatdan ortiq dars qoldirganda;
oʻquvchining oʻqishi dual taʼlim shaklidan boshqa taʼlim shakliga koʻchirilganda;
oʻquvchi oʻqishdan chetlashtirilganda;
oʻquvchi yoki korxona (tashkilot) tashabbusi bilan dual taʼlim shartnomasi bekor qilinganda;
oʻquvchi vafot etganda.
19. Korxona (tashkilot) tomonidan oʻquvchining kasbiy koʻnikmalarini oʻzlashtirish koʻrsatkichi va tartib-intizomi qoniqarsiz baholanganda, korxona (tashkilot) stipendiya toʻlashni toʻxtatish boʻyicha platforma orqali texnikumga soʻrov yuboradi.
20. Korxona (tashkilot) tomonidan stipendiya toʻlashni toʻxtatish yuzasidan yuborilgan soʻrov asosida texnikum direktorining uch kun muddatda stipendiya toʻlashni toʻxtatish boʻyicha buyrugʻi qabul qilinadi.
21. Oʻquvchilarga stipendiya toʻlashni toʻxtatish sabablari platformada koʻrsatiladi.
22. Texnikum direktori ushbu Nizomning 18-bandida koʻrsatib oʻtilgan sabablar mavjud boʻlganda, korxona (tashkilot)ning soʻrovisiz oʻquvchiga stipendiya toʻlashni toʻxtatishi mumkin.
23. Stipendiya toʻlash toʻxtatilgan oʻquvchilarning stipendiya toʻlovlarini qayta tiklash korxona (tashkilot) xulosasi hamda texnikumdan biriktirilgan guruh rahbarining bildirgisi asosida navbatdagi oydan amalga oshirilishi mumkin. Bunda oʻquvchilar quyidagi mezonlar asosida baholanadi:
oʻquvchilar ishlab chiqarish jarayonlarida faol ishtirok etishi;
ustozi tomonidan berilgan topshiriqlarni oʻz vaqtida bajarishi;
amaliyot kundaligini vaqtida yuritishi;
nazariy dars jarayonlarida toʻliq ishtirok etishi;
korxona (tashkilot)ning ichki tartib-qoidalariga rioya qilishi.
24. Kasalligi yoki tegishli hujjatlar bilan tasdiqlanadigan boshqa uzrli sabablarga koʻra, akademik qarzi boʻlgan oʻquvchilarga ular akademik qarzlarini qonunchilik hujjatlarida belgilangan muddatlarda bartaraf etgunlariga qadar stipendiya toʻlash toʻxtatilmaydi.
25. Oʻquv jarayoni jadvalida belgilangan taʼtillar davrida oʻquvchilarning stipendiya olish huquqi saqlanadi.
26. Homiladorlik va tugʻish taʼtili davri uchun oʻquvchilarga stipendiya qonunchilik hujjatlarida belgilangan muddatlarda, umumiy asoslarda bazaviy hisoblash miqdorining bir baravari miqdorida toʻlanadi.
27. Oʻquvchilarga akademik taʼtil davrida stipendiya toʻlanmaydi. Oʻquvchi akademik taʼtildan qaytganidan keyin unga bazaviy hisoblash miqdorining bir baravari miqdorida stipendiya toʻlanadi.
3-bob. Yakunlovchi qoidalar
28. Ushbu Nizomni qoʻllashda yuzaga keladigan nizolar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda hal etiladi.
29. Ushbu Nizom talablarining buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlariga muvofiq javob beradi.
Texnikumlarda dual taʼlim shaklida tahsil olayotgan oʻquvchilarga stipendiya toʻlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga ILOVA
Texnikumlarda dual taʼlim shaklida tahsil olayotgan oʻquvchilarga maxsus platforma orqali stipendiya toʻlashni tashkil etish
SXEMASI
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 01.07.2026-y., 09/26/341/0665-son)
