Intellektual mulk sohasidagi qonunchilikka rioya etilishi ustidan nazoratni amalga oshirishda “Xavfni tahlil qilish” elektron tizimini joriy etish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida (3864-son)
26.06.2026
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI ADLIYA VAZIRINING
BUYRUGʻI
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2026-yil 26-iyunda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 3864]
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 14-noyabrdagi PF-184-son “Tadbirkorlar huquqlari va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi va 2026-yil 17-apreldagi PF-63-son “Tadbirkorlik faoliyatiga noqonuniy aralashuvlarni cheklash va nazorat tadbirlarining shaffofligini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmonlari hamda 2018-yil 13-apreldagi PQ-3666-son “Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi faoliyatini yanada takomillashtirishga doir tashkiliy chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori va Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 19-oktabrdagi 611-son “Nazorat qiluvchi organlar tomonidan tadbirkorlik subyektlari faoliyatida davlat nazoratini tashkil etish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq buyuraman:
1. Intellektual mulk sohasidagi qonunchilikka rioya etilishi ustidan nazoratni amalga oshirishda “Xavfni tahlil qilish” elektron tizimini joriy etish tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur buyruq Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakil hamda Oʻzbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi bilan kelishilgan.
3. Ushbu buyruq rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran uch oydan keyin kuchga kiradi.
Vazir A. TASHKULOV
Toshkent sh.,
2026-yil 26-iyun,
22-mh-son
Kelishildi:
Savdo-sanoat palatasi raisi D. VAXABOV
2026-yil 15-iyun
Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakil A. BURIYEV
2026-yil 15-iyun
Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2026-yil 26-iyundagi 22-mh-son buyrugʻiga ILOVA
Intellektual mulk sohasidagi qonunchilikka rioya etilishi ustidan nazoratni amalga oshirishda “Xavfni tahlil qilish” elektron tizimini joriy etish tartibi toʻgʻrisidagi
NIZOM
Mazkur Nizom intellektual mulk sohasidagi qonunchilikka rioya etilishi ustidan nazoratni amalga oshirishda “Xavfni tahlil qilish” elektron tizimini joriy etish tartibini belgilaydi.
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizomda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
tadbirkorlik subyekti — belgilangan tartibda davlat roʻyxatidan oʻtgan hamda tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirayotgan yuridik va jismoniy shaxslar;
“Xavfni tahlil qilish” elektron tizimi — Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi (bundan buyon matnda Vazirlik deb yuritiladi) tomonidan intellektual mulk sohasini aniq mezonlarga asoslanib, tadbirkorlik subyekti tomonidan oʻz faoliyatida qonunchilik buzilish xavfi darajasini aniqlash mexanizmi;
tekshiruv — tadbirkorlik subyekti tomonidan faoliyatni tartibga soluvchi qonunchilikka qay darajada rioya etilayotganligini kerakli materiallar, hujjatlar yoki ularning faoliyatiga doir maʼlumotlarni olish hamda muayyan harakatlarni amalga oshirish orqali oʻtkaziladigan nazorat qilish tadbiri.
2. Vazirlik tomonidan “Xavfni tahlil qilish” elektron tizimi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 19-oktabrdagi 611-son qarori bilan tasdiqlangan Nazorat qiluvchi organlarning “xavfni tahlil etish” tizimlariga qoʻyiladigan minimal talablarga muvofiq ishlab chiqilishi lozim.
Minimal talablarga zid boʻlgan “Xavfni tahlil qilish” elektron tizimi tadbirkorlik subyektida tekshiruv oʻtkazish tashabbusi bilan chiqishga asos boʻlmaydi.
3. Ishlab chiqilgan “Xavfni tahlil qilish” elektron tizimi asosida aniqlangan huquqbuzarlik xavfi qay darajada boʻlishidan qatʼi nazar, tadbirkorlik subyektiga nisbatan taʼsir choralarini qoʻllashga asos boʻla olmaydi.
2-bob. Xavf darajasini tahlil qilishga doir umumiy talablar
4. Tadbirkorlik subyektining qonunni buzish xavfi darajasini tahlil qilish jarayoni tadbirkorlik subyekti faoliyatini toʻxtatib turish, unga toʻsqinlik qilish yoki faoliyatini amalga oshirishga toʻgʻridan-toʻgʻri aralashishni nazarda tutuvchi xatti-harakatlarni oʻz ichiga olmasligi zarur.
5. Xavf darajasining tahlili quyidagi maʼlumotlarni oʻrganish asosida amalga oshirilishi mumkin:
maʼmuriy maʼlumotlar (litsenziya, ruxsat etuvchi va davlat organlarida mavjud boshqa hujjatlar);
davriy statistika maʼlumotlari, jumladan, avval huquqbuzarlik holatlari aniqlangan tadbirkorlik subyektini umumlashtiruvchi belgilar, xabarlar va boshqa korrelyatsion tahlil natijalari;
yuridik va jismoniy shaxslardan kelib tushgan murojaatlar;
ommaviy axborot vositalaridan yoki boshqa tashqi manbalardan (ijtimoiy tarmoqlar, veb-saytlar) olingan maʼlumotlar;
nazorat xaridi natijalari asosida aniqlangan kamchiliklarning tahlili;
qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalardan va tadbirkorlik subyektining odatiy faoliyatiga bevosita yoki bilvosita taʼsir koʻrsatmagan holda, davlat organlari va boshqa tashkilotlardan olinishi mumkin boʻlgan boshqa maʼlumotlar.
6. Xavf darajasi tahlili jarayonida tadbirkorlik subyektidan hujjatlar va axborotlar talab qilinishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
7. Nazorat vakolatiga kirmaydigan tadbirkorlik subyektlari faoliyatini tahlil qilish va baholash taqiqlanadi.
3-bob. Xavf darajasi tasnifi va ularning mezonlariga doir talablar
8. “Xavfni tahlil qilish” elektron tizimida xavf darajasini baholash oʻrganiladigan maʼlumotlar asosida shakllantirilgan mazkur Nizomning 1 — 6-ilovalarida koʻrsatilgan koʻrsatkichlarga tadbirkorlik subyekti faoliyatining muvofiqligini “ball” tizimi asosida baholash orqali amalga oshiriladi.
9. Vazirlik tadbirkorlik subyektlarining xavf darajasini baholash uchun quyidagi koʻrsatkichlarni “Xavfni tahlil qilish” elektron tizimiga kiritadi:
mazkur Nizomning 1-ilovasiga muvofiq Tovar belgilari va xizmat koʻrsatish belgilari sohasidagi qonunchilik buzilishi xavfini aniqlash koʻrsatkichlari;
mazkur Nizomning 2-ilovasiga muvofiq Geografik koʻrsatkich va tovar kelib chiqqan joy nomi sohasidagi qonunchilik buzilishi xavfini aniqlash koʻrsatkichlari;
mazkur Nizomning 3-ilovasiga muvofiq Firma nomlari sohasidagi qonunchilik buzilishi xavfini aniqlash koʻrsatkichlari;
mazkur Nizomning 4-ilovasiga muvofiq Ixtirolar, foydali modellar, sanoat namunalari sohasidagi qonunchilik buzilishi xavfini aniqlash koʻrsatkichlari;
mazkur Nizomning 5-ilovasiga muvofiq Seleksiya yutuqlari sohasidagi qonunchilik buzilishi xavfini aniqlash koʻrsatkichlari;
mazkur Nizomning 6-ilovasiga muvofiq Mualliflik huquqi va turdosh huquqlar sohasidagi qonunchilik buzilishi xavfini aniqlash koʻrsatkichlari.
Bunda tadbirkorlik subyektlarining xavf darajasi mazkur bandning ikkinchi — yettinchi xatboshilarida nazarda tutilgan koʻrsatkichlar boʻyicha “Xavfni tahlil qilish” elektron tizimida avtomatik ravishda alohida aniqlanadi.
10. Amalga oshirilgan baholash natijalariga koʻra aniqlangan xavf darajasining umumiy ballari asosida tadbirkorlik subyektlari huquqbuzarlik sodir etish xavfi boʻyicha quyidagi uch xil toifada tasniflanadi:
xavf darajasi yuqori — baholash natijalari boʻyicha 81 balldan 100 ballgacha boʻlgan ballarni tashkil etuvchi tadbirkorlik subyektlari;
xavf darajasi oʻrta — baholash natijalari boʻyicha 61 balldan 81 ballgacha boʻlgan ballarni tashkil etuvchi tadbirkorlik subyektlari;
xavf darajasi past — baholash natijalari boʻyicha 61 ballgacha boʻlgan ballarni tashkil etuvchi tadbirkorlik subyektlari.
11. Baholash natijalariga muvofiq huquqbuzarlik xavfi yuqori va oʻrta tasnifidagi tadbirkorlik subyektlarida profilaktika tadbirlari va tekshiruvlarni oʻtkazish amaldagi qonunchilik hujjatlari, jumladan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 14-noyabrdagi PF-184-son “Tadbirkorlar huquqlari va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoni, 2022-yil 13-sentabrdagi PQ-374-son qarori bilan tasdiqlangan Nazorat qiluvchi organlar tomonidan tadbirkorlik subyektlari faoliyatida tekshiruvlar va profilaktika tadbirlarini oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizom va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 19-oktabrdagi 611-son qarori bilan tasdiqlangan Nazorat qiluvchi organlarning “xavfni tahlil etish” tizimlariga qoʻyiladigan minimal talablar asosida amalga oshiriladi.
Bunda tadbirkorlik subyektlarida profilaktika tadbirlari va tekshiruvlar faqatgina intellektual mulk sohasidagi qonunchilik talablariga rioya etilishini oʻrganish maqsadida oʻtkaziladi.
12. Xavf darajasi past boʻlgan tadbirkorlik subyektlari faoliyatida tekshiruvlar oʻtkazilmaydi.
4-bob. Yakuniy qoidalar
13. Xavfni tahlil etish natijalaridan norozi boʻlgan tadbirkorlik subyektlari qonunchilikda belgilangan tartibda yuqori turuvchi organga yoki sudga shikoyat qilishga haqli.
14. Mazkur Nizom talablarining buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar belgilangan tartibda javobgar boʻladilar.
Intellektual mulk sohasidagi qonunchilikka rioya etilishi ustidan nazoratni amalga oshirishda “Xavfni tahlil qilish” elektron tizimini joriy etish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 1-ILOVA
Tovar belgilari va xizmat koʻrsatish belgilari sohasidagi qonunchilik buzilishi xavfini aniqlash
KOʻRSATKICHLARI
Intellektual mulk sohasidagi qonunchilikka rioya etilishi ustidan nazoratni amalga oshirishda “Xavfni tahlil qilish” elektron tizimini joriy etish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 2-ILOVA
Geografik koʻrsatkich va tovar kelib chiqqan joy nomi sohasidagi qonunchilik buzilishi xavfini aniqlash
KOʻRSATKICHLARI
Intellektual mulk sohasidagi qonunchilikka rioya etilishi ustidan nazoratni amalga oshirishda “Xavfni tahlil qilish” elektron tizimini joriy etish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 3-ILOVA
Firma nomlari sohasidagi qonunchilik buzilishi xavfini aniqlash
KOʻRSATKICHLARI
Intellektual mulk sohasidagi qonunchilikka rioya etilishi ustidan nazoratni amalga oshirishda “Xavfni tahlil qilish” elektron tizimini joriy etish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 4-ILOVA
Ixtirolar, foydali modellar, sanoat namunalari sohasidagi qonunchilik buzilishi xavfini aniqlash
KOʻRSATKICHLARI
Intellektual mulk sohasidagi qonunchilikka rioya etilishi ustidan nazoratni amalga oshirishda “Xavfni tahlil qilish” elektron tizimini joriy etish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 5-ILOVA
Seleksiya yutuqlari sohasidagi qonunchilik buzilishi xavfini aniqlash
KOʻRSATKICHLARI
Intellektual mulk sohasidagi qonunchilikka rioya etilishi ustidan nazoratni amalga oshirishda “Xavfni tahlil qilish” elektron tizimini joriy etish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 6-ILOVA
Mualliflik huquqi va turdosh huquqlar sohasidagi qonunchilik buzilishi xavfini aniqlash
KOʻRSATKICHLARI
