Atom energiyasi sohasida bilim va malakalar mintaqaviy markazini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida (334-son)
26.06.2026
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Atom energiyasidan tinchlik maqsadlarida barqaror va xavfsiz foydalanishni taʼminlash, Atom energiyasi sohasida bilim va malakalar mintaqaviy markazini tashkil etish va uning faoliyatini yoʻlga qoʻyish, atom sohasida ilmiy-taʼlim hamkorligini va texnologik integratsiyani mustahkamlash, yadro va radiatsiya xavfsizligi darajasini oshirishga koʻmaklashish, Oʻzbekiston Respublikasida innovatsiyalarni rivojlantirish, shuningdek, xalqaro hamkorlikni kengaytirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Atom energiyasi agentligi (keyingi oʻrinlarda — Agentlik) hamda Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligining quyidagi takliflari maʼqullansin:
a) Toshkent shahridagi “MMFI” milliy tadqiqot yadro universitetining filiali (keyingi oʻrinlarda — Filial) tarkibida alohida tarkibiy boʻlinma shaklida Atom energiyasi sohasida bilim va malakalar mintaqaviy markazini (keyingi oʻrinlarda — Markaz) tashkil etish;
b) Markazning tashkiliy-huquqiy maqomi va boshqaruv tartibini quyidagicha belgilash:
Markaz yuridik shaxs maqomiga ega boʻlmaydi hamda oʻz faoliyatida Filialning infratuzilmasidan foydalanadi hamda mintaqa (Markaziy Osiyo) davlatlari mutaxassislari uchun ilmiy-amaliy platforma vazifasini bajaradi;
Markaz faoliyatiga Filial ijrochi direktori tomonidan Agentlik bilan kelishilgan holda tayinlanadigan Markaz direktori rahbarlik qiladi va uning maqomi Filial ijrochi direktorining oʻrinbosariga tenglashtiriladi;
Markaz toʻgʻrisidagi nizom va uning tuzilmasi Agentlik bilan kelishilgan holda, Filial ijrochi direktori tomonidan tasdiqlanadi;
Markazning cheklangan shtat birligi 15 nafar etib belgilanadi va Filialning xodimlar shtatini maqbullashtirish hisobidan shakllantiriladi;
v) Markazning asosiy vazifalari etib quyidagilarni belgilash:
Markaziy Osiyo davlatlari mutaxassislari uchun atom energiyasidan foydalanish obyektlarini loyihalashtirish, qurish va xavfsiz ekspluatatsiya qilish boʻyicha xalqaro standartlarga muvofiq oʻquv modullarini ishlab chiqish va amaliy treninglar tashkil etish;
Filialning zamonaviy oʻquv laboratoriyalari hamda AES simulyatorlari bazasida reaktor va turbina boʻlimlari xodimlari uchun simulyatsiya oʻquv mashgʻulotlarini oʻtkazish;
Xalqaro atom energiyasi agentligi tavsiyalari asosida Markaziy Osiyo davlatlariga milliy yadroviy infratuzilmani yaratish va yadroviy xavfsizlik madaniyatini shakllantirish boʻyicha ekspert-konsalting xizmatlarini koʻrsatish;
atom energiyasidan foydalanish va yadro texnologiyalari sohasida mintaqaviy kadrlar zaxirasini shakllantirish, talabalar va yosh olimlarning akademik harakatchanligi boʻyicha yagona platforma vazifasini bajarish;
respublikada atom elektr stansiyasi qurilishi tajribasi asosida “bilimlar bazasi”ni shakllantirish va ushbu tajribani mintaqaning boshqa davlatlariga transfer qilish mexanizmlarini ishlab chiqish;
Markaziy Osiyoda atom energetikasining ijobiy imijini shakllantirish, aholi va keng jamoatchilik oʻrtasida yadro texnologiyalarining xavfsizligi va ekologik afzalliklarini targʻib qilish boʻyicha axborot-namoyish faoliyatini koʻrsatish.
2. Agentlik va Filial:
bir oy muddatda Markaz toʻgʻrisidagi nizom, uning shtat jadvali va tuzilmasini tasdiqlasin;
uch oy muddatda Markazni malakali kadrlar bilan toʻldirish chorasini koʻrsin;
Filialning asoslantirilgan hisob-kitoblari asosida Markaz xodimlarini Agentlikning Atom energiyasidan foydalanish sohasini rivojlantirish jamgʻarmasi hisobidan moliyaviy ragʻbatlantirish mexanizmlarini joriy qilsin.
3. Belgilab qoʻyilsinki, ushbu qaror ijrosi bilan bogʻliq xarajatlar 2026-yilda Oʻzbekiston Respublikasining respublika budjetidan birinchi darajali budjet mablagʻlarini taqsimlovchi sifatida Agentlikka ajratiladigan mablagʻlar doirasida moliyalashtiriladi, 2027-yildan boshlab Davlat budjeti parametrlarida nazarda tutiladi.
4. Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilish “Oʻzatom” agentligi direktori A.I. Axmedxadjayev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2026-yil 26-iyun,
334-son
