Davlat oʻrmon fondiga kirmaydigan daraxtlar va butalardan foydalanishni tartibga solish va ulardan foydalanish sohasida ruxsat berish tartibini yanada takomillashtirish toʻgʻrisida (342-son)
30.06.2026
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasini “Atrof-muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot” yilida amalga oshirishga oid davlat dasturi toʻgʻrisida” 2025-yil 30-yanvardagi PF-16-son Farmoni ijrosini taʼminlash, shuningdek, davlat oʻrmon fondiga kirmaydigan daraxtlar va butalardan foydalanishni tartibga solish hamda ulardan foydalanish uchun ruxsat berish tartibini yanada takomillashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasini “Atrof-muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot” yilida amalga oshirishga oid davlat dasturi toʻgʻrisida” 2025-yil 30-yanvardagi PF-16-son Farmoniga muvofiq davlat oʻrmon fondiga kirmaydigan daraxtlar va butalarni kesish va koʻchirib oʻtkazish tizimini tartibga solish maqsadida quyidagilarni nazarda tutuvchi Hukumat qarori loyihasini ishlab chiqish belgilangani maʼlumot uchun qabul qilinsin:
davlat oʻrmon fondiga kirmaydigan diametri 15 santimetrgacha boʻlgan daraxtlarni koʻchirib oʻtkazishga toʻlov asosida ruxsat berishni joriy etish;
daraxtlar va butalarga shakl berish (butalash) tartibini belgilash;
davlat oʻrmon fondiga kirmaydigan daraxtlar va butalar qimmatbaho navlarining roʻyxatini qayta koʻrib chiqish.
2. Belgilansinki:
davlat oʻrmon fondiga kirmaydigan, yerdan 1,3 metr balandlikdagi va tana diametri 15 santimetrgacha boʻlgan daraxtlar hamda tana ildiz boʻgʻzi diametri 10 santimetrgacha boʻlgan butalar ruxsatnoma asosida koʻchirib oʻtkaziladi;
daraxt va butalarni sanitar maqsadida kesish, shakl berish hamda ularning ruxsat etilgan oʻlchamdagilarini koʻchirib oʻtkazish ishlari yaproq va igna bargli turlar uchun kuz mavsumida — oʻsimliklarning vegetatsiya davri yakunlangandan boshlab bahor mavsumining 1-apreliga qadar amalga oshiriladi;
daraxt va butalar ularning ildiz tuprogʻini saqlagan holda koʻchirib oʻtkaziladi;
daraxt va butalarni koʻchirib oʻtkazish uchun ruxsatnomalar har bir koʻchirilgan daraxt va butani uch yil davomida parvarish qilish sharti bilan beriladi;
davlat dasturlari, transport va yoʻl infratuzilmasi obyektlari, yirik investitsiya loyihalari, shuningdek, davlat ahamiyatiga ega boshqa loyihalar doirasida qurilish, rekonstruksiya va taʼmirlash ishlarini amalga oshirishda mazkur bandning ikkinchi xatboshisida belgilangan oʻlchamlardan ortiq boʻlgan daraxt va butalarni koʻchirib oʻtkazishga faqat Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining hujjatlari asosida ruxsat beriladi.
3. Ekologiya va iqlim oʻzgarishi milliy qoʻmitasi:
mazkur qarorga muvofiq daraxt va butalarni koʻchirib oʻtkazish boʻyicha ruxsat berish tartib-taomillarini amalga oshirish uchun zarur hujjatlarning namunaviy shakllari va blankalarini tasdiqlasin;
Raqamli texnologiyalar vazirligi hamda Adliya vazirligi bilan birgalikda daraxt va butalarni koʻchirib oʻtkazish boʻyicha ruxsat berish tartib-taomillari “Litsenziya” axborot tizimi va Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali amalga oshirilishini taʼminlasin;
Ichki ishlar vazirligi hamda Milliy gvardiya bilan birgalikda daraxtlar va butalarni noqonuniy ravishda kesish, ularga shikast yetkazish, ularni yoʻq qilish yoki koʻchirib oʻtkazish holatlarining oldini olish boʻyicha nazorat tadbirlarini kuchaytirsin hamda aniqlangan huquqbuzarliklar yuzasidan qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda choralar koʻrib borsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ilovaga muvofiq ayrim qarorlariga quyidagilarni nazarda tutuvchi oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin:
davlat oʻrmon fondiga kirmaydigan daraxtlar va butalar qimmatbaho navlarining yangi shakllantirilgan roʻyxatini tasdiqlash;
davlat oʻrmon fondiga kirmaydigan daraxtlar va butalarni koʻchirib oʻtkazishga toʻlov asosida ruxsat berish tizimini joriy etish;
daraxt va butalarni sanitar maqsadida kesish, ularga shakl berish hamda ularni koʻchirib oʻtkazish tartibini takomillashtirish;
daraxt va butalarni koʻchirib oʻtkazishga ruxsat berishda talab va shartlarni belgilash.
5. Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari A.J. Ramatov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2026-yil 30-iyun,
342-son
Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 30-iyundagi 342-son qaroriga ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar
1. Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 18-fevraldagi 93-son qaroriga ilovaning matni quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Davlat oʻrmon fondiga kirmaydigan daraxtlar va butalar qimmatbaho navlarining
ROʻYXATI
2. Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 22-fevraldagi 86-son qarori bilan tasdiqlangan Maxsus elektron tizim orqali ruxsat etish xususiyatiga ega ayrim hujjatlarni berish tartib-taomillari toʻgʻrisidagi yagona nizomga 15-ilovaning matni quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Davlat oʻrmon fondiga kirmaydigan daraxtlar va butalarni kesish va (yoki) koʻchirib oʻtkazish uchun ruxsatnoma
PASPORTI
3. Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 22-avgustdagi 464-son qarori bilan tasdiqlangan Davlat oʻrmon fondiga kirmaydigan daraxtlar va butalarni ekish, parvarish qilish hamda ulardan foydalanish tartibi toʻgʻrisidagi nizomda:
a) 3-bandning sakkizinchi xatboshisi “koʻchirib oʻtkazish — ” soʻzlaridan keyin “ruxsat berilgan oʻlchamdagi” soʻzlari bilan toʻldirilsin;
b) 8-band quyidagi mazmundagi toʻrtinchi, beshinchi va oltinchi xatboshilar bilan toʻldirilsin:
“Davlat oʻrmon fondiga kirmaydigan, yerdan 1,3 metr balandlikdagi tana diametri 15 santimetrgacha boʻlgan daraxtlar hamda tana ildiz boʻgʻzi diametri 10 santimetrgacha boʻlgan butalar ruxsatnoma asosida koʻchirib oʻtkazilishi mumkin.
Davlat dasturlari, transport va yoʻl infratuzilmasi obyektlari, yirik investitsiya loyihalari, shuningdek, davlat ahamiyatiga ega boshqa loyihalar doirasida qurilish, rekonstruksiya va taʼmirlash ishlarini amalga oshirishda mazkur bandning toʻrtinchi xatboshisida belgilangan oʻlchamlardan ortiq boʻlgan daraxt va butalarni koʻchirib oʻtkazishga faqat Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining hujjatlari asosida ruxsat beriladi.
Yuridik va jismoniy shaxslarga ruxsatnoma asosida har bir koʻchirilgan daraxt va butani uch yil davomida parvarish qilish majburiyati yuklanadi”;
v) 16-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“16. Xatlovni oʻtkazish uchun har bir hududda mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining qarorlari qabul qilinadi. Ushbu qarorlarda daraxtlar xatlovini oʻtkazish boʻyicha ishchi guruh (keyingi oʻrinlarda — ishchi guruh) tarkibi, xatlovni oʻtkazish vaqti va natijalarini taqdim etish muddatlari belgilanadi. Bunda Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya va iqlim oʻzgarishi milliy qoʻmitasining (keyingi oʻrinlarda — Ekologiya qoʻmitasi) hududiy boʻlinmalari ishchi guruhlarning ishchi organi hisoblanadi.
Ishchi guruh mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari va Ekologiya qoʻmitasining hududiy boʻlinmalari hamda oʻzlariga tegishli yoki biriktirilgan hududlarda tegishli tashkilotlar vakillaridan iborat tarkibda shakllantiriladi”;
g) 18-bandning uchinchi xatboshisidagi “Davlat ekologiya qoʻmitasiga” soʻzlari “Ekologiya qoʻmitasiga” soʻzlari bilan almashtirilsin;
d) 21-banddagi “Davlat ekologiya qoʻmitasi, Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasi” soʻzlari “Ekologiya qoʻmitasi, Oʻrmon va yashil hududlarni koʻpaytirish, choʻllanishga qarshi kurashish agentligi” soʻzlari bilan almashtirilsin;
e) 22-band, 25-bandning birinchi va ikkinchi xatboshilari, 26-bandning toʻrtinchi xatboshisi, 27-bandning birinchi xatboshisi, 28-bandning “b” kichik bandi, 29-bandning birinchi — uchinchi xatboshilari, 30-band, 34-bandning ikkinchi, uchinchi va oltinchi xatboshilari, 38-bandning beshinchi va oltinchi xatboshilari, 39-bandning toʻrtinchi va beshinchi xatboshilari, 40 va 41-bandlarning birinchi xatboshilaridagi “Davlat ekologiya qoʻmitasi” soʻzlari “Ekologiya qoʻmitasi” soʻzlari bilan almashtirilsin;
j) 31-bandning ikkinchi xatboshisi “Daraxtlar va butalarni kesish” soʻzlaridan keyin “, koʻchirib oʻtkazish” soʻzlari bilan toʻldirilsin;
z) 32-bandda:
birinchi va oltinchi xatboshilar “daraxtlar va butalarni kesish” soʻzlaridan keyin “, koʻchirib oʻtkazish” soʻzlari bilan toʻldirilsin;
ikkinchi va oʻninchi xatboshilardagi “Davlat ekologiya qoʻmitasi” soʻzlari “Ekologiya qoʻmitasi” soʻzlari bilan almashtirilsin;
i) 33-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“33. Daraxtlar va butalarni koʻchirib oʻtkazish ishlari Ekologiya qoʻmitasining hududiy boʻlinmalari vakillari nazorati ostida yer uchastkalarining mulkdorlari, egalari, foydalanuvchilari, ijarachilari yoki ushbu yer uchastkalarida loyihalarni amalga oshiruvchi buyurtmachi tashkilot tomonidan amalga oshiriladi. Bunda:
tegishli yuridik va jismoniy shaxslar Ekologiya qoʻmitasining hududiy boʻlinmalari, yer uchastkalarining mulkdorlari, egalari, foydalanuvchilari yoki ijarachilariga, shuningdek, boshqa manfaatdor shaxslarga daraxtlar va butalarni koʻchirib oʻtkazishdan kamida uch kun oldin unda ishtirok etuvchi vakillar ishtirokini taʼminlash yuzasidan yozma ravishda xabar beradi;
yozma xabarnomani olgan manfaatdor shaxslar daraxtlar va butalarni koʻchirib oʻtkazish ishlarida oʻz vakillari ishtirokini taʼminlaydi;
koʻchirib oʻtkazish sanasi, joyi (manzil va joyining konturlari) daraxtlar va butalar soni, turi, koʻchirib oʻtkazishning sababi, ushbu jarayonda ishtirok etgan shaxslar toʻgʻrisidagi (F.I.O., tashkilot nomi) maʼlumotlar koʻrsatilgan hamda foto materiallar ilova qilingan holda bir nusxada dalolatnoma tuziladi va ishtirok etuvchilar tomonidan imzolanadi;
dalolatnomada masʼul shaxslarning ruxsatnoma asosida koʻchirib oʻtkazilgan daraxt va butalarni kamida oʻch yil davomida parvarish qilish majburiyati qayd etiladi.
Koʻchirib oʻtkazish dalolatnomasining asl nusxasi Ekologiya qoʻmitasining hududiy boʻlinmalarida uch yilgacha saqlanadi.”;
k) 37-band quyidagi mazmundagi ikkinchi va uchinchi xatboshilar bilan toʻldirilsin:
“daraxt va butalarni sanitar maqsadida kesish, shakl berish hamda ularning ruxsat etilgan oʻlchamdagilarini koʻchirib oʻtkazish ishlari yaproq va igna bargli turlar uchun kuz mavsumida — oʻsimliklarning vegetatsiya davri yakunlangandan boshlab bahor mavsumining 1-apreliga qadar amalga oshiriladi.
Daraxt va butalarni koʻchirib oʻtkazish ishlari, binolar, inshootlar va kommunikatsiyalarni qurish yoki rekonstruksiya qilish bilan bogʻliq hollarda daraxt va butalarni ildiz tuprogʻini (komi) saqlagan holda amalga oshiriladi”;
l) 2-ilovada:
“1-bosqich” pozitsiyasining “Subyektlar” ustunidagi “Davlat ekologiya qoʻmitasining” soʻzlari “Ekologiya qoʻmitasining” soʻzlari bilan almashtirilsin;
“3-bosqich” pozitsiyasining “Tadbirlar” ustuni 3-bandidagi “Davlat ekologiya qoʻmitasiga” soʻzlari “Ekologiya qoʻmitasiga” soʻzlari bilan almashtirilsin;
“4-bosqich” pozitsiyasining “Tadbirlar” ustuni 2-bandi va “Subyektlar” ustunidagi “Davlat ekologiya qoʻmitasining” va “Davlat ekologiya qoʻmitasi soʻzlari tegishlicha “Ekologiya qoʻmitasining” va “Ekologiya qoʻmitasi” soʻzlari bilan almashtirilsin.
