Qishloq xoʻjalik korxonalarining oila (jamoa) pudratlarida va boshqa ichki xoʻjalik boʻlinmalarida chek daftarchalaridan foydalanish tartibi toʻgʻrisida (985-son)
25.11.2000
Nizom
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2000-yil 25-noyabrda 985-son bilan davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan]
Ushbu Nizom Vazirlar Mahkamasining “1999-yilda paxta xomashyosi va boshoqli ekinlar doni xarid narxlari va ichki xoʻjalik iqtisodiy mexanizmini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 1999-yil 15-maydagi 248-sonli qaroriga hamda Qishloq xoʻjaligida iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirish boʻyicha Respublika komissiyasi yigʻilishining 2000-yil 11-avgustdagi 5-sonli bayonnomasi topshirigʻiga asosan ishlab chiqilgan va 2000-yil 29-sentabrdagi 6-sonli yigʻilish bayonnomasi bilan tasdiqlangan.
Chek tizimini tatbiq etishdan maqsad, xoʻjaliklarda ishlab chiqarish xarajatlarini hisobga olish va nazorat qilish asosida oila (jamoa) pudrati va ichki xoʻjalik boʻlinmalarida sarf-xarajatlarni kamaytirish mexanizmini joriy qilishdan iborat.
1. Chek daftarchalari ichki xoʻjalik hisobida ishlovchi oila (jamoa) pudratchilari va boʻlinmalar bilan hisob-kitoblarini olib borish uchun moʻljallangan.
2. Chek daftarchasi har bir ekin turi uchun yuritilib, hisobot davrida sarflangan xarajatlar moddalari boʻyicha alohida hisobga olib boriladi.
3. Oila(jamoa) pudratchilari va boshqa ichki xoʻjalik boʻlinmalarida ishlatiladigan chek daftarchasining namunaviy shakli 1-ilovaga muvofiq yuritiladi.
4. Xoʻjalikning Moliya-hisob markazida har bir pudratchi va ichki xoʻjalik boʻlinmalari uchun alohida hisobvaraqasi ochiladi, har bir pudratchi yoki ichki boʻlinmaning xarajat va daromadi alohida hisobga olinadi, birining xarajat va daromadi ikkinchisining hisobidan qoplanishi qatʼiyan man etiladi. Moliya-hisob markazi boshligʻi oila (jamoa) pudratchilarning va ichki xoʻjalik boʻlinmalarining daromad va xarajatlarini alohida-alohida hisobga olishni tashkil qilish uchun shaxsan javobgar hisoblanadi.
5. Qishloq xoʻjalik korxonalarida yetishtiriladigan har bir qishloq xoʻjalik mahsulotlari uchun texnologik jarayonlar xaritasi ishlab chiqiladi va shu asosida sarflanadigan xarajatlarining limiti belgilanadi.
6. Texnologik jarayonlar xaritasi va meʼyoriy hujjatlar asosida xoʻjalikda faoliyat koʻrsatayotgan har bir oila (jamoa) pudratchilari va ichki xoʻjalik boʻlinmalari uchun ajratilgan yer maydoni, ekin turiga qarab xarajatlar limiti hisoblab chiqiladi va chek daftarchalarida koʻrsatilib pudratchilarga yetkaziladi.
7. Chek daftarchalarini tayyorlash uchun mablagʻlar bilan taʼminlash:
Davlat ehtiyoji uchun xarid qilinadigan qishloq xoʻjalik mahsulotlari uchun zarur boʻlgan chek daftarchalarini tayyorlash bilan bogʻliq barcha xarajatlar uchun mablagʻlar Moliya vazirligi huzuridagi “Jamgʻarma” tomonidan ajratiladi;
boshqa qishloq xoʻjaligi mahsulotlari uchun zarur boʻlgan chek daftarchalarini tayyorlash viloyat, tuman hokimliklari, Qishloq va suv xoʻjaligi boshqarmalari bilan birgalikda xoʻjaliklar hisobidan mablagʻlar ajratilib markazlashgan usulda Nizomda koʻrsatilgan shakllarda tayyorlanadi va joylarga yetkaziladi.
8. Chek daftarchalari va pattalari xoʻjalik Moliya-hisob markazida raqamlanadi, roʻyxatga olinadi. Qishloq xoʻjaligi mahsuloti yetishtirish uchun ichki xoʻjalik shartnomasi tuzilgan kundan boshlab 10 kun muddat ichida oila (jamoa) pudratchi va boshqa ichki xoʻjalik boʻlinmalariga meʼyoriy hujjatlar asosida limitlari koʻrsatilgan chek daftarchalari tarqatiladi. Pudratchi chekni olganligi toʻgʻrisida tegishli daftarga imzo qoʻyadi.
9. Chek daftarchasiga yozilgan maʼlumotlarning toʻgʻriligini tasdiqlab xoʻjalik rahbari, bosh hisobchi va bosh iqtisodchi imzo qoʻyadi, hamda xarajat limitlarining toʻgʻriligi uchun javobgar hisoblanadilar.
Texnika xizmatida har bir agrotexnik tadbir boʻyicha kalkulatsiya ishlab chiqiladi va oila pudratchisining ekin turiga qarab (ish turi boʻyicha 1 gektar xizmat haqidan kelib chiqib aniqlangan) qiymati chek daftarchasiga ilova sifatida beriladi.
10. Pudratchi xoʻjalik rahbariyatidan chek daftarchasida belgilab berilgan limit miqdorida urugʻ, mineral oʻgʻit va boshqa ishlab chiqarish uchun zarur boʻlgan moddiy boyliklarni va texnika ajratilishini talab qilib olishga haqli.
11. Oila (jamoa) pudratchisi va ichki boʻlinmalar boshliqlari chek daftarchasida xoʻjalik omboridan olingan urugʻ, mineral oʻgʻit va boshqa moddiy boyliklar miqdorini hamda summasini koʻrsatgan holda, texnikada bajarilgan xizmat uchun uning turi va hajmi koʻrsatilgan chek yozib beradilar.
12. Chekning belgilangan joyiga, chek oluvchi va beruvchi imzo qoʻyadi, chek pattasi Moliya-hisob markaziga, ombor mudiri va mexanizatorga beriladi, chekning asosiy qismi oila (jamoa) pudratchisida qoladi.
13. Ombor mudiri, boshqa hisobdor shaxslar va mexanizatsiya hisobchisi qabul qilingan chek pattalari asosida tuzilgan roʻyxatlarni Moliya-hisob markaziga topshiradilar va markazda taqdim etilgan chek pattalariga asosan sarflangan xarajatlar pudratchilarining shaxsiy hisob varaqalariga yozib boriladi.
14. Ishlab chiqarishga sarflangan moddiy boyliklar (urugʻ, oʻgʻit, material va buyumlar)ni hisobdan chiqarishda chek maʼlumotlari va ichki xoʻjalik yuk xatlari asosida oila (jamoa) pudratchilari xoʻjaliklarning ichki boʻlinmalari boʻyicha xoʻjalikning joylashgan oʻrni va mahsulot ishlab chiqarishga ixtisoslashuvi xususiyatlariga qarab (boʻlim yoki hududlar boʻyicha) roʻyxat-dalolatnomalar tuzilib belgilangan tartibda hisobdan chiqariladi.
15. Har bir pudratchi tomonidan yetishtirilgan mahsulot ichki xoʻjalik yuk xati, tayyorlov tashkilotlarining qabul qilish kvitansiyalari asosida, pudratchining shaxsiy varaqasiga kirim- chiqim qilib boriladi.
Mahsulot xoʻjalikka topshirilgandan keyin 10 kun ichida pudratchi chek daftarchasini Moliya-hisob markaziga topshiradi. Moliya hisob markazi har bir pudratchi shaxsiy hisob varaqasida qilingan xarajatlar, yil davomida moddiy boyliklar baholarining oʻzgarishlarini hisobga olib yillik xarajatlar limitlarini haqiqiy baholarda qayta aniqlaydi hamda daromadlarni, shartnomada koʻrsatilgan majburiyatlarni inobatga olib chek daftarchasi topshirilgan kundan boshlab bir oy ichida yakuniy hisob-kitob qiladi va moliyaviy natijalari haqida pudratchi tanishtiriladi.
16. Qishloq xoʻjalik korxonalarida chek daftarchasining harakat tuzilmasi 2 va 2a-ilovalariga muvofiq olib boriladi.
17. Qishloq xoʻjalik korxonalarida joriy yilning yakuniy natijalari xoʻjalik, boʻlinma va oila (jamoa) pudratchilari boʻyicha moliyaviy natijalari umumiy yigʻilishda muhokama qilinadi.
18. Moliya hisob markazi tomonidan oila (jamoa) pudratchilari va boshqa ichki xoʻjalik boʻlimlariga berilgan chek daftarlarini qalbakilashtirish va uning shakllarini oʻzgartirish, unga notoʻgʻri maʼlumotlar kiritish hollari aniqlangan taqdirda tegishli shaxslarga nisbatan jinoiy javobgarlikkacha boʻlgan jazo choralari koʻriladi.
1-ILOVA 1 varaq
_________________viloyati QIShLOQ VA SUV XOʻJALIGI BOShQARMASI
ChEK DAFTARChASI
ILOVA № 1 2 varaq
ILOVA № 1 3 varaq
2-ILOVA
Qishloq xoʻjalik korxonalarida chek daftarchasining harakat
tuzilmasi
2a-ILOVA
Chek daftarchasi ichki xoʻjalik boʻlinmalarida xarajatlarni hisobga olish uchun moʻljallangan
A — Davlat ehtiyoji uchun qishloq xoʻjalik mahsulotlarini yetishtirish jamgʻarmasi tomonidan paxta, gʻalla va sholi uchun boʻnak mablagʻlari beriladi.
B — Xizmat koʻrsatuvchi bank xoʻjalikning Moliya-hisob markaziga boʻnak mablagʻlarni koʻchiradi.
V - Tayyorlovchi tashkilotlar bilan hisob-kitoblar.
I. Moliya-hisob markazi ichki xoʻjalik boʻlinmalariga limitlari toʻldirilgan chek daftarchalarini beradi. Chek bilan quyidagi operatsiyalar amalga oshiriladi:
1. Pudratchi olingan urugʻlik, oʻgʻit, zaharli ximikatlar va koʻrsatilgan xizmatlar uchun chek beradi.
2. Berilgan chek asosida pudratchilarga urugʻlik, oʻgʻit, zaharli ximikatlar beriladi va xizmatlar koʻrsatiladi.
3. Pudratchi hisoblangan mehnat haqi (boʻnak) uchun chek beradi.
4. Moliya-hisob markazi pudratchiga mehnat haqi beradi.
5. Berilgan oʻgʻit, urugʻlik, zaharli ximikatlar va koʻrsatilgan xizmatlar uchun olingan chek pattalari roʻyxat qilinib, tarmoqlar boʻyicha xoʻjaliklarning Moliya-hisob markaziga topshiriladi.
6. Etishtirilgan qishloq xoʻjalik mahsuloti xoʻjalikning mahsulotni topshiruvchi masʼul xodimiga topshiriladi. Xoʻjalikning mahsulotni topshiruvchi masʼul xodimiga qabul qilingan qishloq xoʻjalik mahsuloti uchun pudratchiga ichki xoʻjalik yuk xati yozib beradi va mahsulotni tayyorlov tashkilotiga topshiradi.
7. Tayyorlov tashkiloti pudratchining oʻzi topshirgan mahsuloti yuk xatlari yoki qabul qilish pattasini yozib beradi.
8. Pudratchi topshirilgan mahsulot uchun olingan yuk xatlarini yoki pattalarni Moliya-hisob markaziga topshiradi.
9. Pudratchi chek daftarchasini mavsum tugagandan keyin moliya-hisob markaziga topshiradi.
