Tabiiy hamda texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlar monitoringi va prognozlash yagona tizimini takomillashtirish toʻgʻrisida (328-son)
25.06.2026
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Aholi va hududlarni favqulodda vaziyatlardan ishonchli muhofaza qilish sohasini sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtarish toʻgʻrisida” 2025-yil 20-oktabrdagi PF-185-son Farmoni ijrosini taʼminlash, shuningdek, tabiiy va texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlarga olib keluvchi xavfli hodisa va jarayonlar monitoringi, maʼlumot almashinuvi va prognozlash yagona tizimini yanada takomillashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlarning oldini olish va bunday vaziyatlarda harakat qilish davlat tizimi tarkibiga kiruvchi vazirliklar, idoralar va boshqa tashkilotlarning tabiiy hamda texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlar monitoringi va prognozlash yagona tizimining (keyingi oʻrinlarda — Yagona tizim) asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilansin:
tabiiy va texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlarga (keyingi oʻrinlarda — favqulodda vaziyat) olib keluvchi potensial manbalarni barvaqt aniqlash, ular boʻyicha tizimli monitoring va nazoratni tashkil etish hamda amalga oshirish;
favqulodda vaziyatlar monitoringi va prognozi, shuningdek, ularning yuzaga kelishi va oqibatlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarning avtomatlashtirilgan axborot tizimi orqali almashinuvini taʼminlash;
favqulodda vaziyatlar monitoringi va prognoz maʼlumotlari asosida favqulodda vaziyatlarning oldini olish, ularni bartaraf etish va oqibatlarini kamaytirishga qaratilgan taklif hamda tavsiyalarni ishlab chiqish.
2. Quyidagilarni nazarda tutuvchi Tabiiy hamda texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlar monitoringi va prognozlash yagona tizimi toʻgʻrisidagi nizom 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin:
aviatsiya vositalari (vertolyot, samolyot, uchuvchisiz uchadigan apparatlar)dan keng miqyosda zararlangan hududlar holatini monitoring qilish uchun foydalanish;
Yagona tizimning asosiy vazifalari va uning tarkibi;
favqulodda vaziyatlarga olib keluvchi xavfli hodisa va jarayonlarning monitoringi hamda prognozi natijalari boʻyicha maʼlumotlar taqdim etish muddatlari.
3. Yagona tizimning tashkiliy-funksional tuzilmasiga kiruvchi respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari hamda boshqa tashkilotlar:
uch oy muddatda favqulodda vaziyatlar monitoringi va prognozlash tartibi toʻgʻrisidagi reglamentlarni Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi bilan kelishilgan holda ushbu qarorga muvofiq tasdiqlasin;
2026-yil 1-avgustga qadar idoraviy axborot tizimlarini Yagona tizim platformasiga “Raqamli hukumat” tizimi orqali integratsiya qilsin;
taqdim etiladigan monitoring va prognozlash maʼlumotlarini uch oy muddatda raqamlashtirsin hamda belgilangan muddatda Yagona tizim platformasiga kiritib borsin;
2027-yil 1-yanvardan boshlab umumiy cheklangan shtatlar soni hamda budjetdan ajratiladigan mablagʻlar doirasida markaziy apparat, hududiy boʻlinmalar va idoraviy mansub tashkilotlarning tuzilmalariga Yagona tizim doirasida belgilangan vazifalarni bajarishga masʼul mutaxassislar shtat lavozimlarini joriy etsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining 2-ilovaga muvofiq ayrim qarorlari oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi masʼul vazirlik va idoralar bilan birgalikda oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni ikki oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
6. Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari A.J. Ramatov va favqulodda vaziyatlar vaziri A.I. Ikramov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2026-yil 25-iyun,
328-son
Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 25-iyundagi 328-son qaroriga 1-ILOVA
Tabiiy hamda texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlar monitoringi va prognozlash yagona tizimi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlarning oldini olish va bunday vaziyatlarda harakat qilish davlat tizimi (keyingi oʻrinlarda — FVDT) tarkibiga kiruvchi vazirliklar, idoralar va boshqa tashkilotlarning tabiiy hamda texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlar monitoringi va prognozlash yagona tizimining (keyingi oʻrinlarda — Yagona tizim) asosiy vazifalari hamda faoliyat koʻrsatish tartibini belgilaydi.
2. Yagona tizim tabiiy hamda texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlar (keyingi oʻrinlarda — favqulodda vaziyat) monitoringi va prognozlash masalalarini hal etishga moʻljallangan boʻlib, FVDTning ajralmas qismi hisoblanadi.
3. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
atrof-muhit monitoringi — atrof-muhit holatini baholash, unda kechayotgan jarayonlarni tahlil qilish va undagi oʻzgarishlar rivojini oʻz vaqtida aniqlash uchun maʼlum bir dastur boʻyicha doimiy ravishda olib boriladigan kuzatuv va nazorat tizimi;
geografik axborot tizimi — geografik obyektlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni toʻplash, qayta ishlash, tahlil qilish, modellashtirish va aks ettirish, shuningdek, raqamli kartografik, oʻxshash va matnli axborotdan foydalangan holda umumdavlat (tarmoqlararo) yoki tarmoq ahamiyatiga molik axborot va hisob-kitob vazifalarini hal etish uchun moʻljallangan avtomatlashtirilgan tizim;
monitoring maʼlumoti — tabiiy va texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlarga olib keladigan xavfli tabiiy-texnogen jarayonlar va hodisalarni kuzatish (nazorat qilish) natijasida olingan maʼlumot;
monitoring obyekti — chegara doirasida aniq dastur boʻyicha atrof-muhitning holatini nazorat qilish maqsadida, doimiy ravishda kuzatuv ishlari olib boriladigan, unda kechayotgan jarayonlarni, oʻzgarishlarni oʻz vaqtida aniqlash va prognozlash uchun tahlil qilish hamda baholash amalga oshiriladigan tabiiy, texnogen obyekt yoki uning bir qismi;
prognoz maʼlumoti — tabiiy va texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlarga olib keladigan xavfli tabiiy-texnogen jarayonlar va hodisalarning yuzaga kelishi va rivojlanishi ehtimolini aks ettiruvchi maʼlumot turi;
potensial xavfli obyekt — favqulodda vaziyat manbai yuzaga kelishi real xavfini tugʻdiruvchi radioaktiv, yongʻin-portlash xavfi, xavfli kimyoviy va biologik moddalar ishlatiladigan, ishlab chiqariladigan, qayta ishlanadigan, saqlanadigan va tashiladigan obyekt;
tabiiy hamda texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlar — muayyan hududda odamlar qurbon boʻlishiga, odamlarning sogʻligʻiga yoki atrof tabiiy muhitga zarar yetishiga, jiddiy moddiy talafotlarga hamda odamlarning hayot faoliyati sharoitlari buzilishiga olib kelishi mumkin boʻlgan yoki olib kelgan avariya, halokat, xavfli tabiiy hodisa, tabiiy ofat yoxud boshqa ofat natijasida, karantinli va odam uchun xavfli boʻlgan boshqa yuqumli kasalliklar tarqalishi natijasida yuzaga kelgan vaziyatlar;
favqulodda vaziyatlarning oldini olish — oldindan oʻtkaziladigan hamda favqulodda vaziyatlar roʻy berishi xavfini imkon qadar kamaytirishga, bunday vaziyatlar roʻy bergan taqdirda esa odamlarning hayotini asrab qolishga va sogʻligʻini saqlashga, atrof tabiiy muhitga yetkaziladigan zarar va moddiy talafotlar miqdorlarini kamaytirishga qaratilgan tadbirlar majmui;
favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish — favqulodda vaziyatlar roʻy berganda oʻtkaziladigan hamda odamlarning hayotini asrab qolishga va sogʻligʻini saqlashga, atrof tabiiy muhitga yetkaziladigan zarar va moddiy talafotlar miqdorlarini kamaytirishga, shuningdek, favqulodda vaziyatlar hududlarining kengayishiga yoʻl qoʻymaslikka hamda xavfli omillar taʼsirini tugatishga qaratilgan qutqaruv ishlari va kechiktirib boʻlmaydigan ishlar majmui;
favqulodda vaziyat manbai — favqulodda vaziyat roʻy bergan yoki yuzaga kelishi mumkin boʻlgan xavfli tabiiy va texnogen hodisa, shuningdek, ushbu jarayonlar oqibatida aholi va hududlarga jiddiy talafot yetishi;
favqulodda vaziyat yuzaga kelish xavfi — favqulodda vaziyat manbaining tegishli xavf koʻrsatkichlari bilan belgilanadigan yuzaga kelish ehtimoli yoki takrorlanishi;
favqulodda vaziyatlarni prognozlash — favqulodda vaziyat yuzaga kelishi ehtimoliy sabablarini, uning oldingi va hozirgi manbalarini tahlil qilish asosida kelgusida roʻy berishi va rivojlanishi ehtimolini oldindan aks ettirish;
xavfni baholash — xavfni va uning ehtimoliy manbalarini identifikatsiya qilish, ularning yuzaga kelish mexanizmini tadqiq etish, identifikatsiya qilingan xavfli hodisalar roʻy berishi ehtimoli va ularning oqibatlariga baho berish;
4. Quyidagilar Yagona tizimning asosiy vazifalari hisoblanadi:
tabiiy va texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlarga olib keluvchi potensial manbalarni barvaqt aniqlash, ular boʻyicha tizimli monitoring va nazoratni tashkil etish hamda amalga oshirish;
favqulodda vaziyatlar monitoringi va prognozi, shuningdek, ularning yuzaga kelishi va oqibatlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarning avtomatlashtirilgan axborot tizimi orqali almashinuvini taʼminlash;
favqulodda vaziyatlarga olib keluvchi xavfli hodisa va jarayonlar monitoringi va prognozi asosida favqulodda vaziyatlarning oldini olish, ularni bartaraf etish hamda oqibatlarini kamaytirishga qaratilgan taklif va tavsiyalarni ishlab chiqish.
2-bob. Yagona tizim tarkibi
5. Yagona tizimni FVDT doirasida xavfli tabiiy va texnogen hodisa hamda jarayonlarning monitoringi va prognozlash funksiyalarini bajaradigan davlat organlari va tashkilotlarining tuzilmalari (xizmat, tashkilot, inspeksiya, boʻlim, laboratoriya va boshqalar) majmuasi tashkil etadi.
Yagona tizimda ushbu Nizomga 1-ilovaga muvofiq respublika, mahalliy va obyekt darajalari mavjud.
6. Yagona tizimning tashkiliy-funksional tuzilmasi FVDT doirasida favqulodda vaziyatga olib keluvchi xavfli hodisa va jarayonlar monitoringi hamda prognozlash funksiyasini bajaradigan davlat organlari va tashkilotlarining faoliyatini birlashtiradi.
3-bob. Yagona tizim faoliyatini tashkil etish
7. Yagona tizim faoliyatini boshqarish va muvofiqlashtirish Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi (keyingi oʻrinlarda — FVV) tomonidan amalga oshiriladi.
8. Yagona tizim ishtirokchilarining oʻzaro hamkorligi va javobgarlik chegaralari Yagona tizimning tashkiliy-funksional tuzilmasi asosida, obyekt — tuman (shahar) — viloyat (Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlar, Toshkent shahri) — respublika ketma-ketligida monitoring va prognoz maʼlumotlari almashinuvini taʼminlash orqali belgilanadi.
9. Yagona tizim ishtirokchilari favqulodda vaziyat manbalari holati va faollashuv ehtimoli toʻgʻrisida, shuningdek, favqulodda vaziyatlarda xavfli tabiiy hamda texnogen jarayonlar va hodisalarning holati toʻgʻrisidagi monitoring hamda prognoz maʼlumotlarini ushbu Nizomga 2 va 3-ilovalarda keltirilgan roʻyxatga muvofiq Yagona tizim platformasiga kiritib boradi.
10. Yagona tizim ishtirokchilari tashkiliy-funksional tuzilmaga muvofiq, maʼlumot almashinuvini quyidagi muddatlarda amalga oshiradi:
a) favqulodda vaziyatlarga olib keluvchi xavfli hodisa va jarayonlarning monitoringi hamda prognozi natijalari boʻyicha:
respublika darajasida:
oylik maʼlumotlar — har oyning 28-sanasiga qadar;
choraklik maʼlumotlar — har chorakning uchinchi oyi 20-sanasiga qadar (chorak boshlanishidan oldin);
yillik maʼlumotlar — har yili 1-dekabrga qadar;
mahalliy darajada:
oylik maʼlumotlar — har oyning 25-sanasiga qadar;
choraklik maʼlumotlar — har chorakning uchinchi oyi 15-sanasiga qadar (chorak boshlanishidan oldin);
yillik maʼlumotlar — har yili 15-noyabrga qadar;
obyekt darajasida (mutasaddi tashkilotlar):
oylik maʼlumotlar — har oyning 20-sanasiga qadar;
yillik maʼlumotlar — har yili 1-noyabrga qadar;
b) favqulodda vaziyatlar xavfi yuzaga kelganda yoki roʻy berganda — zudlik bilan.
11. Maʼlumotlarni uzatish turiga koʻra favqulodda vaziyatlar manbalari va ularning oqibatlari, yuzaga kelish xavf darajalariga qarab monitoring hamda prognoz maʼlumotlariga boʻlinadi.
12. Yagona tizim doirasida xorijiy davlatlarning vakolatli organlari va xalqaro tashkilotlar bilan maʼlumot almashinuvi Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligiga, shuningdek, xalqaro shartnomalarga muvofiq amalga oshiriladi.
13. Monitoring va tahliliy maʼlumotlar asosida FVV quyidagi koʻrinishdagi prognozlarni tayyorlaydi va FVDT hududiy va funksional quyi tizimlariga belgilangan tartibda taqdim etadi:
qisqa muddatli — oylik favqulodda vaziyatlar prognozi;
oʻrta muddatli — choraklik favqulodda vaziyatlar prognozi;
uzoq muddatli — yillik favqulodda vaziyatlar prognozi.
14. FVDTning hududiy va funksional quyi tizimlari monitoring va prognoz maʼlumotlari asosida favqulodda vaziyatlarning oldini olish boʻyicha profilaktika chora-tadbirlari amalga oshirilishini taʼminlaydi.
4-bob. Yagona tizimning texnik asoslari
15. Yagona tizimning monitoring, axborot-tahliliy faoliyati texnik asoslarini ularning javobgarlik sohasidan kelib chiqib, respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, shuningdek, boshqa tashkilotlarga tegishli yerosti, yerusti va aviatsiya vositalari tashkil etadi.
16. Aviatsiya vositalari (vertolyot, samolyot, uchuvchisiz uchadigan apparatlar)dan keng miqyosda zararlangan hududlar holatini monitoring qilish uchun foydalaniladi.
5-bob. Yagona tizimning faoliyatini moliyalashtirish
17. Yagona tizimning faoliyati FVVga ajratilgan budjet mablagʻlari hisobidan moliyalashtiriladi. Tabiiy va texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlarga olib keluvchi xavfli hodisa va jarayonlar monitoringi hamda prognozlash yagona tizimiga integratsiya qilish xarajatlari Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetidan moliyalashtiriladigan tashkilotlarda budjet mablagʻlari, boshqa tashkilotlarda esa — ularning oʻz mablagʻlari yoki qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi.
6-bob. Yakunlovchi qoidalar
18. Yagona tizim ishtirokchilarining rahbarlari taqdim etilayotgan monitoring va prognoz maʼlumotlarining ishonchliligi, toʻliqligi hamda oʻz vaqtida berilishi uchun shaxsan javobgardirlar.
19. Ushbu Nizom talablarining buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradilar.
Tabiiy hamda texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlar monitoringi va prognozlash yagona tizimi toʻgʻrisidagi nizomga 1-ILOVA
Tabiiy hamda texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlar monitoringi va prognozlash yagona tizimining
TASHKILIY-FUNKSIONAL TUZILMASI
Izoh.
FVDT — Favqulodda vaziyatlarda ularning oldini olish va bunday vaziyatlarda harakat qilish davlat tizimi.
FVBB — Favqulodda vaziyatlar bosh boshqarmasi.
FVB — Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi.
Shartli belgilar: monitoring va prognoz maʼlumotlari axborot almashinuvi;
prognoz maʼlumoti asosida profilaktikani tashkil etish.
Tabiiy hamda texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlar monitoringi va prognozlash yagona tizimi toʻgʻrisidagi nizomga 2-ILOVA
Tabiiy hamda texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlar monitoringi va prognozlash yagona tizimining ishtirokchilari tomonidan taqdim etiladigan tabiiy va texnogen hodisalarning rivojlanish holati hamda faollashish ehtimoli toʻgʻrisidagi monitoring maʼlumotlari
ROʻYXATI
Izoh. Tabiiy va texnogen xususiyatli favqulodda vaziyat manbalari va ularning oqibatlarga masʼul vazirlik va idoralar oy yakuni bilan monitoring maʼlumotlarini umumlashtiradi.
Tabiiy hamda texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlar monitoringi va prognozlash yagona tizimi toʻgʻrisidagi nizomga 3-ILOVA
Tabiiy hamda texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlar monitoringi va prognozlash yagona tizimining ishtirokchilari tomonidan taqdim etiladigan tabiiy va texnogen hodisalar rivojlanish holati hamda faollashish ehtimoli toʻgʻrisidagi prognoz maʼlumotlari
ROʻYXATI
Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 25-iyundagi 328-son qaroriga 2-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblanayotgan ayrim qarorlari
1. Vazirlar Mahkamasining “Tabiiy, texnogen va ekologik xususiyatli favqulodda vaziyatlar monitoringi, axborot almashinuvi va prognozlash yagona tizimini tashkil etish toʻgʻrisida” 2017-yil 28-dekabrdagi 1027-son qarori.
2. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirishlar va qoʻshimcha kiritish, shuningdek, baʼzilarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekkoʻmir” AJ va “Shargʻunkoʻmir” AJni “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ tarkibiga oʻtkazish hamda koʻmir sanoati korxonalarini moliyaviy sogʻlomlashtirish borasidagi tashkiliy chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2017-yil 8-noyabrdagi PQ-3380-son qarori)” 2018-yil 24-yanvardagi 52-son qaroriga ilovaning 5-bandi.
3. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Qishloq va suv xoʻjaligi davlat boshqaruvi tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2018-yil 17-apreldagi PF-5418-son Farmoni, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2018-yil 17-apreldagi PQ-3671-son qarori, “Oʻzbekiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2018-yil 17-apreldagi PQ-3672-son qarori)” 2018-yil 7-dekabrdagi 995-son qaroriga 1-ilovaning 131-bandi.
4. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi sohasida davlat boshqaruvi va nazorati tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2018-yil 12-dekabrdagi PF-5594-son Farmoni va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasi Sanoat xavfsizligi davlat qoʻmitasi faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida” 2018-yil 12-dekabrdagi PQ-4058-son qarori)” 2019-yil 6-martdagi 195-son qaroriga ilovaning 44-bandi.
5. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish, shuningdek, baʼzilarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Transport sohasida davlat boshqaruvi tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2019-yil 1-fevraldagi PF-5647-son Farmoni va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Yuk va yoʻlovchi tashish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2019-yil 6-martdagi PQ-4230-son qarori)” 2020-yil 8-maydagi 271-son qaroriga 1-ilovaning 49-bandi.
6. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasining “Normativ-huquqiy hujjatlar toʻgʻrisida” 2021-yil 20-apreldagi OʻRQ-682-son Qonuni)” 2022-yil 4-apreldagi 153-son qaroriga ilovaning 471-bandi.
