Tovarlarni xalqaro tan olinadigan hujjatlar asosida erkin muomalaga chiqarishda vakolatli davlat organlarining elektron tasdigʻini olish amaliyotini joriy etish tartibi toʻgʻrisida (324-son)
24.06.2026
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Bojxona maʼmuriyatchiligi va tashqi savdo tartibotlarini yanada soddalashtirish va samaradorligini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2025-yil 17-dekabrdagi PF-250-son Farmoni ijrosini taʼminlash maqsadida notarif tartibga solish choralarini soddalashtirish hamda Oʻzbekiston Respublikasidan tashqarida mahsulotlarga rasmiylashtirilgan ayrim ruxsat berish xususiyatiga ega va ularning muvofiqligini tasdiqlovchi hujjatlar asosida tovarlarni erkin muomalaga chiqarish amaliyotini keng joriy etish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasidan tashqarida mahsulotlarga rasmiylashtirilgan ayrim ruxsat berish xususiyatiga ega va ularning muvofiqligini tasdiqlovchi hujjatlar asosida vakolatli organlarning elektron tasdigʻini olish amaliyotini joriy etish tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Bojxona qoʻmitasi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda ushbu Nizom talablaridan kelib chiqib, “Yagona darcha” bojxona axborot tizimida ushbu xizmat joriy etilishini taʼminlasin.
3. Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari J.A. Xodjayev hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Bojxona qoʻmitasi raisi A.Yu. Mavlonov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2026-yil 24-iyun,
324-son
Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 24-iyundagi 324-son qaroriga ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasidan tashqarida mahsulotlarga rasmiylashtirilgan ayrim ruxsat berish xususiyatiga ega va ularning muvofiqligini tasdiqlovchi hujjatlar asosida vakolatli organlarning elektron tasdigʻini olish amaliyotini joriy etish toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom Oʻzbekiston Respublikasidan tashqarida mahsulotlarga rasmiylashtirilgan ayrim ruxsat berish xususiyatiga ega va ularning muvofiqligini tasdiqlovchi hujjatlar asosida vakolatli organlarning elektron tasdigʻini olish (keyingi oʻrinlarda — elektron tasdiq) tartibini belgilaydi.
2. Elektron tasdiqlash quyidagi holatlarda amalga oshiriladi:
Oʻzbekiston Respublikasidan tashqarida mahsulotlarga rasmiylashtirilgan ayrim ruxsat berish xususiyatiga ega va ularning muvofiqligini tasdiqlovchi hujjatlar mavjud boʻlganda;
amaldagi qonunchilik hujjatlari bilan belgilangan boshqa holatlarda.
3. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
ariza beruvchi — Oʻzbekiston Respublikasidan tashqarida mahsulotlarga rasmiylashtirilgan ayrim ruxsat berish xususiyatiga ega va ularning muvofiqligini tasdiqlovchi hujjatlar yoki qonunchilik hujjatlarida belgilangan boshqa holatlar asosida tovarlarni erkin muomalaga chiqarish istagini bildirgan ishlab chiqaruvchi, ishlab chiqaruvchining vakolatli vakili, sotuvchi yoki import qiluvchi;
vakolatli organ — ariza beruvchi tomonidan taqdim qilingan Oʻzbekiston Respublikasidan tashqarida mahsulotlarga rasmiylashtirilgan ayrim ruxsat berish xususiyatiga ega va ularning muvofiqligini tasdiqlovchi hujjatlarni koʻrib chiqib, tovarlarni erkin muomalaga chiqarishda qonunchilik hujjatlariga muvofiq ushbu hujjatlarni eʼtirof etish vakolatiga ega boʻlgan davlat organi;
ruxsat berish xususiyatiga ega va ularning muvofiqligini tasdiqlovchi hujjat — xorijiy tashkilotlarning vakolatli organlari tomonidan Oʻzbekiston Respublikasidan tashqarida mahsulotlarga rasmiylashtirilgan va Oʻzbekiston Respublikasida eʼtirof etishga qonunchilik hujjatlari bilan ruxsat berilgan hujjat;
xalqaro tan olinadigan hujjat — xorijiy davlatning vakolatli organi rasmiylashtirgan hamda Oʻzbekiston Respublikasining vakolatli organi tomonidan qonunchilik hujjatlariga muvofiq rasman qabul qilinadigan va eʼtirof etiladigan hujjat;
“Yagona darcha” bojxona axborot tizimi (keyingi oʻrinlarda — axborot tizimi) — ariza beruvchi biriktirgan maʼlumot va hujjatlar koʻrib chiqiladigan hamda vakolatli organ tomonidan tovarlarni erkin muomalaga chiqarishda elektron tasdiq rasmiylashtiriladigan axborot tizimi.
4. Bojxona organlari tomonidan tovarlar erkin muomalaga chiqarish ushbu Nizomga ilovada keltirilgan Oʻzbekiston Respublikasidan tashqarida mahsulotlarga rasmiylashtirilgan ayrim ruxsat berish xususiyatiga ega va ularning muvofiqligini tasdiqlovchi hujjatlar asosida vakolatli organlarning elektron tasdigʻini olish sxemasiga muvofiq chiqariladi.
2-bob. Ariza berish, uni koʻrib chiqish va hujjatlarni elektron rasmiylashtirish tartibi
5. Ariza beruvchi axborot tizimida vakolatli organning tasdigʻini olish uchun ruxsat berish xususiyatiga ega va muvofiqlikni tasdiqlovchi hujjatlarni ilova qilgan holda bojxona organiga ariza yuboradi.
6. Arizada quyidagi maʼlumotlar koʻrsatiladi:
tranzit deklaratsiya raqami;
tovar nomi va TIF TN kodi;
tovarlarni ishlab chiqaruvchining nomi;
tovarlar ishlab chiqarilgan davlat nomi;
ruxsat berish xususiyatiga ega va muvofiqlikni tasdiqlovchi hujjat rekvizitlari;
amaldagi qonunchilik hujjatlari bilan belgilangan boshqa holatlarda nazarda tutilgan hujjatlar.
7. Ariza va unga ilova qilingan hujjatlar hamda maʼlumotlar haqqoniyligi uchun ariza beruvchi javobgar hisoblanadi.
8. Arizaga ilova qilingan ruxsat berish xususiyatiga ega va muvofiqlikni tasdiqlovchi hujjatlar elektron shaklda taqdim etiladi va axborot tizimida saqlanadi.
9. Arizaga ilova qilingan ruxsat berish xususiyatiga ega va muvofiqlikni tasdiqlovchi hujjatlar haqiqiy emasligi isbotlanmagunga qadar ular haqiqiy deb hisoblanadi.
10. Ariza beruvchidan ushbu bandda nazarda tutilmagan hujjatlarni taqdim etishni talab qilishga yoʻl qoʻyilmaydi.
11. Bojxona organi arizani qabul qiladi va Nizomning 6-bandida qayd etilgan maʼlumotlarning toʻliqligini tekshiradi, ruxsat berish xususiyatiga ega va muvofiqlikni tasdiqlovchi hujjatlar hamda maʼlumotlarni baholash uchun axborot tizimi orqali vakolatli organga avtomatik ravishda yuboradi.
12. Vakolatli organ ariza kelib tushgan paytdan eʼtiboran uni koʻrib chiqishni boshlaydi.
13. Vakolatli organ arizani koʻrib chiqish davomida taqdim etilgan hujjatlar va maʼlumotlarning ishonchliligi hamda toʻliqliligini baholaydi.
14. Vakolatli organning ariza boʻyicha qaror qabul qilish muddati murojaat kelib tushgan paytdan eʼtiboran ish vaqtining uch soatidan oshmasligi, bunda ariza ish vaqti tugashiga uch soatdan kam vaqt qolganiga qadar berilishi lozim.
15. Bojxona organi va vakolatli organ tomonidan ariza va unga ilova qilingan hujjatlarda quyidagi kamchiliklar aniqlansa elektron tasdiqni rasmiylashtirish rad etiladi va bojxona organi axborot dasturi orqali xabardor qilinadi:
ruxsat berish xususiyatiga ega va muvofiqlikni tasdiqlovchi hujjat boʻlmaganda;
arizaga koʻrsatilgan maʼlumotlar toʻliq boʻlmaganda.
16. Ariza rad etilganda, sabablar aniq va asoslangan holda koʻrsatilishi kerak.
17. Ariza beruvchi kamchiliklarni bartaraf etib takroran ariza bergan holatlarda avvalgi arizada koʻrsatilmagan yangi asoslar boʻyicha elektron tasdiqni rasmiylashtirishni rad etishga yoʻl qoʻyilmaydi.
18. Agar vakolatli organ ariza kelib tushgan paytdan eʼtiboran ish vaqtining uch soati ichida ruxsat berish xususiyatiga ega va muvofiqlikni tasdiqlovchi hujjatlarning elektron tasdigʻini rad etmasa, hujjatlar axborot tizimida avtomatik ravishda rasmiylashtiriladi va bojxona organiga yuboriladi.
19. Bojxona organi vakolatli organ tomonidan axborot tizimi orqali yuborilgan qarorlar asosida bojxona qonunchiligiga muvofiq mahsulotlarning bojxona rasmiylashtiruvini amalga oshiradi.
20. Ruxsat berish xususiyatiga ega va muvofiqlikni tasdiqlovchi hujjat quyidagi vakolatli organlar tomonidan eʼtirof etiladi:
Sogʻliqni saqlash vazirligi:
Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʻmitasi;
“Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi” davlat muassasasi;
Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi;
Qishloq xoʻjaligi vazirligi:
Oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi qoʻmitasi;
Ekologiya va iqlim oʻzgarishi milliy qoʻmitasi;
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oʻzbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi;
Soliq qoʻmitasi;
Madaniy meros agentligi;
Ichki ishlar vazirligi;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Narkotiklar va oʻqotar qurollarni nazorat qilish agentligi;
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi:
“Qishloq xoʻjaligi mahsulotlari sifatini baholash markazi” davlat muassasasi.
Investitsiyalarni jalb qilish‚ sanoatni rivojlantirish va savdoni tartibga solish masalalari boʻyicha Hukumat komissiyasi tomonidan vakolat berilgan boshqa davlat organlari.
3-bob. Yakunlovchi qoidalar
21. Vakolatli organlar axborot tizimi orqali kelib tushgan arizalarni monitoring qilib boradi.
22. Monitoring davomida ariza beruvchi tomonidan taqdim qilingan maʼlumot va hujjatlarda elektron tasdiq olish uchun notoʻgʻri maʼlumotlar yoki qalbaki hujjatlar taqdim qilingani aniqlanganda, qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda taʼsir choralari koʻriladi.
23. Ushbu Nizom talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javobgar boʻladilar.
Oʻzbekiston Respublikasidan tashqarida mahsulotlarga rasmiylashtirilgan ayrim ruxsat berish xususiyatiga ega va ularning muvofiqligini tasdiqlovchi hujjatlar asosida vakolatli organlarning elektron tasdigʻini olish amaliyotini joriy etish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasidan tashqarida mahsulotlarga rasmiylashtirilgan ayrim ruxsat berish xususiyatiga ega va ularning muvofiqligini tasdiqlovchi hujjatlar asosida vakolatli organlarning elektron tasdigʻini olish
SXEMASI
