6-modda. Maxsus vakolatli organ
Axborotlashtirish toʻgʻrisida (560-II-son) · Sana: 11.12.2003 · Amalda
Maxsus vakolatli organ:
davlat axborot resurslarini shakllantirish ishlarini tashkil etadi va muvofiqlashtiradi;
axborotlashtirish va axborot texnologiyalarini rivojlantirish davlat dasturlarini ishlab chiqadi;
davlat organlarining axborot tizimlari, tarmoq va hududiy axborot tizimlari yaratilishiga koʻmaklashadi;
axborotlashtirish sohasidagi standartlar, normalar va qoidalarni ishlab chiqadi;
axborot tizimlari va axborot texnologiyalarining texnika vositalari hamda xizmatlarini sertifikatlashtirish ishlarini tashkil etadi;
yuridik va jismoniy shaxslarning oʻz axborot resurslari hamda axborot tizimlari muhofaza etilishini taʼminlash borasidagi faoliyatini muvofiqlashtiradi;
axborot resurslari, xizmatlari va axborot texnologiyalari bozorini rivojlantirishga koʻmaklashadi;
sunʼiy intellekt yoʻnalishiga investitsiyalarni jalb qilish uchun shart-sharoitlar yaratadi;
davlat organlarining maʼlumotlarini sunʼiy intellekt asosida qayta ishlash uchun texnik infratuzilmani shakllantiradi;
sunʼiy intellekt yoʻnalishida kadrlar tayyorlashni, ularni qayta tayyorlashni va ularning malakasini oshirishni tashkil etadi;
axborotlashtirish sohasida marketing tadqiqotlari va monitoringni tashkil etadi;
axborot resurslaridan foydalanuvchilarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish choralarini amalga oshiradi;
Oʻzbekiston Respublikasining mudofaa qobiliyati va xavfsizligi manfaatlarini koʻzlab axborot xavfsizligini hamda axborot tizimlaridan ustuvor foydalanilishini taʼminlaydi;
qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.
