3-modda. Asosiy tushunchalar
Axborotlashtirish toʻgʻrisida (560-II-son) · Sana: 11.12.2003 · Amalda
Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
axborotlashtirish — yuridik va jismoniy shaxslarning axborotga boʻlgan ehtiyojlarini qondirish uchun axborot resurslari, axborot texnologiyalari hamda axborot tizimlaridan foydalangan holda sharoit yaratishning tashkiliy ijtimoiy-iqtisodiy va ilmiy-texnikaviy jarayoni;
axborot resursi — axborot tizimi tarkibidagi elektron shakldagi axborot, maʼlumotlar banki, maʼlumotlar bazasi, shu jumladan axborot tizimlarida ochiq shaklda joylashtiriladigan yoxud eʼlon qilinadigan audio-, video-, grafik va matnli axborot;
axborot resurslarining yoki axborot tizimlarining mulkdori — axborot resurslariga yoki axborot tizimlariga egalik qiluvchi, ulardan foydalanuvchi va ularni tasarruf etuvchi yuridik yoki jismoniy shaxs;
axborot resurslarining yoki axborot tizimlarining egasi — qonun bilan yoki axborot resurslarining, axborot tizimlarining mulkdori tomonidan belgilangan huquqlar doirasida axborot resurslariga yoxud axborot tizimlariga egalik qiluvchi, ulardan foydalanuvchi va ularni tasarruf etuvchi yuridik yoki jismoniy shaxs;
axborot texnologiyasi — axborotni toʻplash, saqlash, izlash, unga ishlov berish va uni tarqatish uchun foydalaniladigan jami uslublar, qurilmalar, usullar va jarayonlar;
axborot tizimi — axborotni toʻplash, saqlash, izlash, unga ishlov berish hamda undan foydalanish imkonini beradigan, tashkiliy jihatdan tartibga solingan jami axborot resurslari, axborot texnologiyalari va aloqa vositalari.
bloger — Internet jahon axborot tarmogʻidagi oʻz veb-saytiga va (yoki) veb-sayt sahifasiga hamma erkin foydalanishi mumkin boʻlgan, ijtimoiy-siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy va boshqa xususiyatga ega axborotni joylashtiruvchi, shu jumladan axborotdan foydalanuvchilar tomonidan ushbu axborotni muhokama qilish uchun joylashtiruvchi jismoniy shaxs;
sunʼiy intellekt — insonning bilim va koʻnikmalariga taqlid qilish, shu jumladan mustaqil ravishda oʻrganish va yechimlarni izlash hamda aniq vazifalarni bajarishda inson aqliy faoliyati natijalari bilan taqqoslanadigan natijalarni olish imkonini beradigan texnologik yechimlar majmui.
