19-modda. Axborot resurslari va axborot tizimlarini muhofaza qilish
Axborotlashtirish toʻgʻrisida (560-II-son) · Sana: 11.12.2003 · Amalda
Axborot resurslari va axborot tizimlarini muhofaza qilish quyidagi maqsadlarda amalga oshiriladi:
shaxs, jamiyat va davlatning axborot xavfsizligini taʼminlash;
axborot resurslarining tarqalib ketishi, oʻgʻirlanishi, yoʻqotilishi, buzib talqin etilishi, toʻsib qoʻyilishi, qalbakilashtirilishi va ulardan boshqacha tarzda ruxsatsiz erkin foydalanilishining oldini olish;
axborotni yoʻq qilish, toʻsib qoʻyish, undan nusxa olish, uni buzib talqin etishga doir ruxsatsiz harakatlarning hamda axborot resurslari va axborot tizimlariga boshqa shakldagi aralashishlarning oldini olish;
axborot resurslaridagi mavjud davlat sirlari va maxfiy axborotni saqlash.
