121-modda. Hamma erkin foydalanishi mumkin boʻlgan axborotni Internet jahon axborot tarmogʻida tarqatish
Axborotlashtirish toʻgʻrisida (560-II-son) · Sana: 11.12.2003 · Amalda
Veb-saytning va (yoki) veb-sayt sahifasining yoxud boshqa axborot resursining egasi, shu jumladan bloger hamma erkin foydalanishi mumkin boʻlgan axborot joylashtiriladigan Internet jahon axborot tarmogʻidagi oʻz veb-saytidan va (yoki) veb-sayt sahifasidan yoxud boshqa axborot resursidan:
Oʻzbekiston Respublikasining mavjud konstitutsiyaviy tuzumini, hududiy yaxlitligini zoʻrlik bilan oʻzgartirishga daʼvat etish;
ommaviy tartibsizliklarga, fuqarolarga nisbatan zoʻravonlik qilishga, shuningdek belgilangan tartibni buzgan holda oʻtkaziladigan yigʻilishlar, mitinglarda, koʻcha yurishlarida va namoyishlarda ishtirok etishga daʼvat qilish, shuningdek mazkur noqonuniy harakatlarni muvofiqlashtirish;
jamoat tartibiga yoki xavfsizligiga tahdid soluvchi yolgʻon axborot tarqatish;
urush, zoʻravonlik va terrorizmni, shuningdek diniy ekstremizm, separatizm va fundamentalizm gʻoyalarini targʻib qilish;
davlat sirlarini yoki qonun bilan qoʻriqlanadigan boshqa sirni tashkil etuvchi maʼlumotlarni oshkor etish;
milliy, irqiy, etnik yoki diniy adovat qoʻzgʻatuvchi, shuningdek fuqarolarning shaʼni va qadr-qimmatiga yoki ishchanlik obroʻsiga putur yetkazuvchi, ularning shaxsiy hayotiga aralashishga yoʻl qoʻyuvchi axborotni tarqatish;
sunʼiy intellekt texnologiyalaridan foydalangan holda shaxsga doir maʼlumotlarga qonunga xilof ravishda ishlov berish, ularni ommaviy axborot vositalarida, telekommunikatsiya tarmoqlarida yoki Internet jahon axborot tarmogʻida tarqatish;
jamiyatga, davlatga, davlat ramzlariga hurmatsizlikni namoyon etuvchi, shu jumladan beodoblik bilan ifodalangan axborotni tarqatish;
giyohvandlik vositalarini, psixotrop moddalarni va prekursorlarni targʻib qilish;
pornografiyani, zoʻravonlikni va shafqatsizlikni targʻib qilish, shuningdek oʻz joniga qasd qilishga daʼvat etish;
oʻzga shaxslarga tegishli boʻlgan intellektual mulk obyektlaridan qonunga xilof ravishda foydalanish;
fuqarolarni, shu jumladan voyaga yetmagan shaxslarni ularning hayotiga va (yoki) sogʻligʻiga yoxud oʻzga shaxslarning hayotiga va (yoki) sogʻligʻiga tahdid soluvchi gʻayrihuquqiy harakatlarni sodir etishga undashga yoki boshqa tarzda jalb qilishga qaratilgan axborotni tarqatish;
qonunga muvofiq jinoiy va boshqa javobgarlikka sabab boʻladigan oʻzga harakatlarni sodir etish maqsadlarida foydalanilishiga yoʻl qoʻymasligi shart.
