Tarkibida giyohvandlik moddasi boʻlgan oʻsimlikni yetishtirish faoliyati ustidan nazoratni amalga oshirishda “Xavfni tahlil qilish” elektron tizimini joriy etish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida (3868-son)
27.06.2026
Oʻzbekiston Respublikasi qishloq xoʻjaligi vazirining
buyrugʻi
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2026-yil 27-iyunda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 3868]
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 14-noyabrdagi PF-184-son “Tadbirkorlar huquqlari va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi va 2026-yil 17-apreldagi PF-63-son “Tadbirkorlik faoliyatiga noqonuniy aralashuvlarni cheklash va nazorat tadbirlarining shaffofligini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi famonlari hamda Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 19-oktabrdagi 611-son “Nazorat qiluvchi organlar tomonidan tadbirkorlik subyektlari faoliyatida davlat nazoratini tashkil etish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq buyuraman:
1. Tarkibida giyohvandlik moddasi boʻlgan oʻsimlikni yetishtirish faoliyati ustidan nazoratni amalga oshirishda “Xavfni tahlil qilish” elektron tizimini joriy etish tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur buyruq Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakil hamda Oʻzbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi bilan kelishilgan.
3. Ushbu buyruq rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran uch oydan keyin kuchga kiradi.
Vazir I. ABDURAXMONOV
Toshkent sh.,
2026-yil 22-iyun,
27-son
Kelishildi:
Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish boʻyicha vakil A. BURIYEV
2026-yil 17-iyun
Savdo-sanoat palatasi raisi D. VAXABOV
2026-yil 12-iyun
Oʻzbekiston Respublikasi qishloq xoʻjaligi vazirining 2026-yil 22-iyundagi 27-son buyrugʻiga ILOVA
Tarkibida giyohvandlik moddasi boʻlgan oʻsimlikni yetishtirish faoliyati ustidan nazoratni amalga oshirishda “Xavfni tahlil qilish” elektron tizimini joriy etish tartibi toʻgʻrisidagi
NIZOM
Mazkur Nizom tarkibida tetragidrokannabinol giyohvandlik moddasining miqdori 0,2 foizgacha boʻlgan kannabis oʻsimligini giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarni ishlab chiqarish yoki tayyorlash bilan bogʻliq boʻlmagan sanoat maqsadlarida yetishtirish, olib kirish (olib chiqish), qayta ishlash, saqlash, realizatsiya qilish (berish), olish va tashish faoliyati ustidan nazoratni amalga oshirishda “Xavfni tahlil qilish” elektron tizimini joriy etish tartibini belgilaydi.
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizomda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
tadbirkorlik subyekti — belgilangan tartibda davlat roʻyxatidan oʻtgan hamda tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirayotgan yuridik va jismoniy shaxslar;
tekshiruv — tadbirkorlik subyekti tomonidan faoliyatini tartibga soluvchi qonunchilikka qay darajada rioya etilayotganligini tekshirish uchun kerakli materiallar, hujjatlar yoki ularning faoliyatiga doir maʼlumotlarni olish hamda muayyan harakatlarni amalga oshirish orqali Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi (bundan buyon matnda Vazirlik deb yuritiladi) vakolatlari doirasida oʻtkaziladigan nazorat tadbirlari;
“Xavfni tahlil qilish” elektron tizimi — Vazirlik tomonidan tegishli nazorat sohasi boʻyicha aniq mezonlarga asoslanib, tadbirkorlik subyekti faoliyatida qonunchilik buzilish xavfi darajasini aniqlash elektron tizimi.
2. Vazirlik tomonidan “Xavfni tahlil qilish” elektron tizimi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 19-oktabrdagi 611-son qarori bilan tasdiqlangan Nazorat qiluvchi organlarning “xavfni tahlil etish” tizimlariga qoʻyiladigan minimal talablarga muvofiq ishlab chiqilishi lozim.
Minimal talablarga zid boʻlgan “Xavfni tahlil qilish” elektron tizimi tadbirkorlik subyektida tekshiruv oʻtkazish tashabbusi bilan chiqishga asos boʻlmaydi.
3. Ishlab chiqilgan “Xavfni tahlil qilish” elektron tizimi asosida aniqlangan huquqbuzarlik xavfi qay darajada boʻlishidan qatʼi nazar, tadbirkorlik subyektiga nisbatan taʼsir choralarini qoʻllashga asos boʻla olmaydi.
2-bob. Xavf darajasini tahlil qilishga doir umumiy talablar
4. Tadbirkorlik subyektining qonunni buzish xavfi darajasini tahlil qilish jarayoni tadbirkorlik subyekti faoliyatini toʻxtatib turish, unga toʻsqinlik qilish yoki faoliyatini amalga oshirishga toʻgʻridan-toʻgʻri aralashishni nazarda tutuvchi xatti-harakatlarni oʻz ichiga olmasligi zarur.
5. Xavf darajasining tahlili quyidagi maʼlumotlarni oʻrganish asosida amalga oshirilishi mumkin:
maʼmuriy maʼlumotlar (litsenziya, ruxsat etuvchi va davlat organlarida mavjud boshqa hujjatlar);
davriy statistika maʼlumotlari, jumladan, avval huquqbuzarlik holatlari aniqlangan tadbirkorlik subyektini umumlashtiruvchi belgilar, xabarlar va boshqa korrelyatsion tahlil natijalari;
yuridik va jismoniy shaxslardan kelib tushgan murojaatlar;
ommaviy axborot vositalaridan yoki boshqa tashqi manbalardan (ijtimoiy tarmoqlar, veb-saytlar) olingan maʼlumotlar;
nazorat xaridi natijalari asosida aniqlangan kamchiliklarning tahlili;
qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalardan va tadbirkorlik subyektining odatiy faoliyatiga bevosita yoki bilvosita taʼsir koʻrsatmagan holda, davlat organlari va boshqa tashkilotlardan olinishi mumkin boʻlgan boshqa maʼlumotlar.
6. Xavf darajasi tahlili jarayonida tadbirkorlik subyektidan hujjatlar va axborotlar talab qilinishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
7. Nazorat vakolatiga kirmaydigan tadbirkorlik subyektlari faoliyatini tahlil qilish va baholash taqiqlanadi.
3-bob. Xavf darajasi tasnifi va ularning mezonlariga doir talablar
8. “Xavfni tahlil qilish” elektron tizimida xavf darajasini baholash oʻrganiladigan maʼlumotlar asosida shakllantirilgan mazkur Nizomning ilovasida koʻrsatilgan tadbirkorlik subyekti faoliyatining muvofiqligini “ball” tizimi asosida baholash orqali amalga oshiriladi.
9. Vazirlik tadbirkorlik subyektlarining xavf darajasini baholash uchun mazkur Nizomning ilovasida koʻrsatilgan koʻrsatkichlarni “Xavfni tahlil qilish” elektron tizimiga kiritadi.
Bunda tadbirkorlik subyektlarining xavf darajasi koʻrsatkichlari boʻyicha mazkur Nizomning 5-bandida koʻrsatilgan maʼlumotlardan foydalangan holda “Xavfni tahlil qilish” elektron tizimida avtomatik ravishda aniqlanadi.
10. “Xavfni tahlil qilish” elektron tizimida tadbirkorlik subyektlari faoliyatida huquqbuzarlik sodir etish xavfi past, oʻrta va yuqori darajalarga tasniflanadi.
Bunda baholash natijasida aniqlangan xavf darajasining umumiy ballari asosida tadbirkorlik subyekti tomonidan huquqbuzarlik sodir etish xavfi quyidagi uch xil toifaga tasniflanadi:
xavf darajasi yuqori — baholash natijalari boʻyicha 81 balldan 100 ballgacha boʻlgan ballarni tashkil etuvchi tadbirkorlik subyektlari;
xavf darajasi oʻrta — baholash natijalari boʻyicha 61 balldan 81 ballgacha boʻlgan ballarni tashkil etuvchi tadbirkorlik subyektlari;
xavf darajasi past — baholash natijalari boʻyicha 61 ballgacha boʻlgan ballarni tashkil etuvchi tadbirkorlik subyektlari.
11. Baholash natijalariga muvofiq huquqbuzarlik xavfi yuqori va oʻrta tasnifidagi tadbirkorlik subyektlarida profilaktika tadbirlari va tekshiruvlarni oʻtkazish amaldagi qonunchilik hujjatlari, shu jumladan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 14-noyabrdagi PF-184-son “Tadbirkorlar huquqlari va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoni, 2022-yil 13-sentabrdagi PQ-374-son qarori bilan tasdiqlangan Nazorat qiluvchi organlar tomonidan tadbirkorlik subyektlari faoliyatida tekshiruvlar va profilaktika tadbirlarini oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizom va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 19-oktabrdagi 611-son qarori bilan tasdiqlangan Nazorat qiluvchi organlarning “Xavfni tahlil etish” tizimlariga qoʻyiladigan minimal talablar asosida amalga oshiriladi.
Bunda tadbirkorlik subyektlarida profilaktika tadbirlari va tekshiruvlar faqatgina tarkibida tetragidrokannabinol giyohvandlik moddasining miqdori 0,2 foizgacha boʻlgan kannabis oʻsimligini giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarni ishlab chiqarish yoki tayyorlash bilan bogʻliq boʻlmagan sanoat maqsadlarida yetishtirish, olib kirish (olib chiqish), qayta ishlash, saqlash, realizatsiya qilish (berish), olish va tashish faoliyatidagi qonunchilik talablariga rioya etilishini oʻrganish maqsadida oʻtkaziladi.
12. Xavf darajasi past boʻlgan tadbirkorlik subyektlari faoliyatida tekshiruvlar oʻtkazilmaydi.
4-bob. Yakuniy qoidalar
13. Xavfni tahlil etish natijalaridan norozi boʻlgan tadbirkorlik subyektlari qonunchilikda belgilangan tartibda yuqori turuvchi organga yoki sudga shikoyat qilishga haqli.
14. Mazkur Nizom talablarining buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar belgilangan tartibda javobgar boʻladilar.
Tarkibida giyohvandlik moddasi boʻlgan oʻsimlikni yetishtirish faoliyati ustidan nazoratni amalga oshirishda “Xavfni tahlil qilish” elektron tizimini joriy etish tartibi toʻgʻiyundagi nizomga ILOVA
Tarkibida tetragidrokannabinol giyohvandlik moddasining miqdori 0,2 foizgacha boʻlgan kannabis oʻsimligini giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarni ishlab chiqarish yoki tayyorlash bilan bogʻliq boʻlmagan sanoat maqsadlarida yetishtirish, olib kirish (olib chiqish), qayta ishlash, saqlash, realizatsiya qilish (berish), olish va tashish faoliyatida qonunchilik buzilishi xavfini aniqlash
KOʻRSATKICHLARI
