Oʻzbekiston Respublikasida prekursorlarning muomalasi bilan bogʻliq faoliyatni tartibga solish va uzluksiz nazoratni taʼminlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida (337-son)
26.06.2026
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI VAZIRLAR MAHKAMASINING
QARORI
Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar doirasida giyohvandlik va narkojinoyatlarning oldini olish va ularga qarshi kurashish sohasida mustahkam huquqiy asoslar yaratilmoqda.
Shu bilan birga, soʻnggi yillarda respublikada uyushgan narkojinoiy guruhlar tomonidan yashirin narkolaboratoriyalar tashkil etilib, turli prekursorlar va kimyoviy moddalardan foydalangan holda, yangi turdagi sintetik narkotiklarni ishlab chiqarish kuzatilmoqda.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Aholi salomatligi va millat genofondini giyohvandlik va narkojinoyatlardan samarali himoya qilish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2025-yil 3-noyabrdagi PF-207-son Farmoni ijrosini taʼminlash, shuningdek, prekursorlarning noqonuniy muomalasiga qatʼiy chek qoʻyish, ularning muomalasi bilan bogʻliq faoliyatni zamon talablari asosida tartibga solish va uzluksiz davlat nazoratini taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Aholi salomatligi va millat genofondini giyohvandlik va narkojinoyatlardan samarali himoya qilish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2025-yil 3-noyabrdagi PF-207-son Farmoni bilan:
prekursorlarning muomalasini tartibga solish hamda ularning ishlab chiqarilishidan (olib kirilishidan) boshlab realizatsiya qilinishigacha boʻlgan barcha jarayonlarni elektron nazorat qilish tizimini yoʻlga qoʻyishni nazarda tutuvchi qatʼiy davlat nazoratini oʻrnatish nazarda tutilgani;
respublikada muomalasi cheklangan prekursorlar roʻyxatini xalqaro tajribadan kelib chiqqan holda kengaytirish choralarini koʻrish hamda uni soddalashtirilgan tartibda tezkorlik bilan yangilab borish (toʻldirish) mexanizmlarini joriy etish belgilangani;
Oʻzbekiston Respublikasi Narkotiklar va oʻqotar qurollarni nazorat qilish agentligiga giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va prekursorlar muomalasi ustidan tizimli nazorat-tekshiruvlarni amalga oshirish vakolati, shuningdek, prekursorlarning noqonuniy aylanmasi yuzasidan vakolatli huquq-tartibot organlariga tergovga qadar tekshiruvni oʻtkazish boʻyicha taqdimnoma kiritish huquqi berilgani maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Quyidagilarni nazarda tutuvchi Oʻzbekiston Respublikasida prekursorlarning muomalasi bilan bogʻliq faoliyatni tartibga solish va uzluksiz nazoratni taʼminlash toʻgʻrisidagi yagona nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin:
prekursorlar muomalasi bilan bogʻliq faoliyatni davlat tomonidan tartibga solish va uzluksiz nazoratni taʼminlash, vakolatli organlarning ushbu yoʻnalishdagi aniq vazifalarini belgilash;
prekursorlar va tarkibida prekursorlar mavjud dori vositalariga boʻlgan ehtiyojni aniqlash tartibi;
prekursorlarni respublika hududiga olib kirish, olib chiqish va tranzit tarzida oʻtkazish tartibi;
prekursorlarni ishlab chiqarish, tayyorlash, saqlash, tashish, yoʻq qilish va realizatsiya qilish (berish) tartibi;
prekursorlar muomalasi bilan bogʻliq faoliyatni amalga oshiruvchi tegishli litsenziyaga ega yuridik shaxslar faoliyatini monitoring qilish tartibi va ularning hisobdorligi.
3. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq:
Giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar ustidan nazorat qilish boʻyicha davlat komissiyasi (keyingi oʻrinlarda — Davlat komissiyasi) tomonidan vakolatli davlat organlarining takliflari asosida respublikada muomalasi cheklangan prekursorlar roʻyxatini soddalashtirilgan tartibda tasdiqlash, toʻldirish, oʻzgartirish va unga qoʻshimchalar kiritish amaliyoti yoʻlga qoʻyiladi;
prekursorlarning ishlab chiqarilishidan (olib kirilishidan) boshlab realizatsiya qilinishgacha (tranzit oʻtishi, mahsulot ishlab chiqarishda foydalanish, sotish, saqlash, berish va boshqa) boʻlgan barcha jarayonlarni elektron nazorat qilish tizimi joriy etiladi;
respublikada muomalada boʻlishi cheklangan prekursorlar roʻyxatiga kiritilgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar aholi va tadbirkorlik subyektlari xabardor boʻlishi uchun vakolatli organlarning rasmiy veb-sahifalarida eʼlon qilib boriladi;
prekursorlarni olib kirish, olib chiqish va tranzit oʻtkazish uchun sertifikat (ruxsatnoma) “Litsenziya” axborot tizimi orqali beriladi.
4. Sogʻliqni saqlash vazirligi (E. Adilov) respublikada muomalasi cheklangan roʻyxatlarga kiritilgan, tarkibida giyohvandlik vositalari, psixotrop va alohida toifadagi kuchli taʼsir qiluvchi moddalar mavjud dori vositalari muomalasi jarayonlarini raqamlashtirish boʻyicha ishlab chiqiladigan va 2027-yil 1-yanvardan ishga tushiriladigan axborot tizimida prekursorlar muomalasini elektron nazorat qilish va raqamlashtirishni nazarda tutuvchi alohida modulni yaratsin. Bunda:
yaratilayotgan axborot tizimi doirasida prekursorlar muomalasi boʻyicha “xavfni tahlil qilish” imkoniyati yaratiladi;
mazkur modulni ishlab chiqish va ishga tushirish bilan bogʻliq barcha xarajatlar Tibbiyotni rivojlantirish davlat maqsadli jamgʻarmasi hisobidan amalga oshiriladi;
Sogʻliqni saqlash vazirligining “Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi” davlat muassasasi mazkur modulni yuritish boʻyicha masʼul hisoblanadi, “Davlat axborot tizimlarini yaratish va qoʻllab-quvvatlash boʻyicha yagona integrator — “UZINFOCOM” MCNJ modulni yaratish, qoʻllab-quvvatlash, uning sifati va uzluksiz ishlab turishini taʼminlash boʻyicha operator etib belgilanadi.
5. Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qoʻmitasi (A. Rafiqov) bir oy muddatda respublikada muomalada boʻlishi cheklangan prekursorlar roʻyxatidagi moddalarni turiga qarab tasniflash choralarini koʻrsin.
6. Oʻzbekiston milliy teleradiokompaniyasi (A. Djurabayev), Sogʻliqni saqlash vazirligi (E. Adilov) va Savdo-sanoat palatasi (D. Vaxabov) mazkur qarorning mazmun-mohiyatini tadbirkorlik subyektlariga yetkazsin.
7. Manfaatdor vazirlik va idoralar oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni uch oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
8. Ushbu qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran olti oy oʻtgach kuchga kiradi.
9. Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Narkotiklar va oʻqotar qurollarni nazorat qilish agentligi direktori hamda Oʻzbekiston Respublikasi sogʻliqni saqlash vaziri E.E. Adilov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2026-yil 26-iyun,
337-son
Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 26-iyundagi 337-son qaroriga ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasida prekursorlarning muomalasi bilan bogʻliq faoliyatni tartibga solish va uzluksiz nazoratni taʼminlash toʻgʻrisida
YAGONA NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom prekursorlarni olish, joʻnatish, hisobga olish, berish, tashish, saqlash, sotish, taqsimlash, yoʻq qilish, Oʻzbekiston Respublikasiga olib kirish hamda Oʻzbekiston Respublikasidan olib chiqish va Oʻzbekiston Respublikasi hududidan tranzit oʻtkazish tartibini belgilaydi.
Mazkur Nizom talablari prekursorlar muomalasi bilan bogʻliq faoliyatni amalga oshirish boʻyicha tegishli litsenziyaga ega yuridik shaxslar uchun majburiy hisoblanadi.
Prekursorlar bilan bogʻliq faoliyat Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi belgilagan tartib asosida litsenziyalanadi.
2. Oʻzbekiston Respublikasida muomalasi cheklangan prekursorlar roʻyxatini tasdiqlash, toʻldirish, unga tegishli oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish soddalashtirilgan tartibda Giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar ustidan nazorat qilish boʻyicha davlat komissiyasining (keyingi oʻrinlarda — Davlat komissiyasi) tegishli qarori asosida amalga oshiriladi.
Davlat komissiyasining oʻz vakolati doirasida qabul qilgan qarorlari davlat organlari va tashkilotlar hamda prekursorlar muomalasi bilan bogʻliq faoliyatni amalga oshirish boʻyicha tegishli litsenziyaga ega yuridik shaxslar tomonidan bajarilishi majburiy hisoblanadi.
3. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
axborot tizimi — respublikada muomalasi cheklangan roʻyxatlarga kiritilgan, tarkibida giyohvandlik vositalari, psixotrop va alohida toifadagi kuchli taʼsir qiluvchi moddalar mavjud dori vositalari hamda prekursorlarning ishlab chiqarilishidan (olib kirilishidan) boshlab realizatsiya qilinishigacha (tranzit oʻtkazish, mahsulot ishlab chiqarishda foydalanish, sotish, saqlash, berish va boshqalar) boʻlgan barcha jarayonlarni onlayn rejimda nazorat qilish imkonini beruvchi elektron maʼlumotlar bazasi;
vakolatli organ — mazkur Nizomning 7-bandida koʻrsatilgan prekursorlar muomalasi bilan bogʻliq faoliyatni tartibga solish, uzluksiz nazoratni taʼminlash hamda ularning noqonuniy muomalasiga qarshi kurashuvchi davlat organlari;
Davlat komissiyasi — Oʻzbekiston Respublikasida muomalasi cheklangan prekursorlar roʻyxatini tasdiqlovchi, uni yangi turdagi kimyoviy moddalar bilan toʻldiruvchi yoki roʻyxatdan chiqarish boʻyicha tegishli oʻzgartirish va qoʻshimchalar kirituvchi hamda prekursorlarning qonuniy muomalasi boʻyicha davlat siyosatini belgilovchi organ;
ishlab chiqarish obyekti — prekursorlarni ishlab chiqaruvchi korxonalar yoki ularning sexlari, uchastkalari, maydonchalari, shuningdek, boshqa ishlab chiqarish obyektlari;
litsenziyalovchi organ — Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligining giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va prekursorlarning muomalada boʻlishi bilan bogʻliq faoliyatni litsenziyalovchi organi;
litsenziatlar — prekursorlarni olib kirish, olib chiqish, ishlab chiqarish, tayyorlash, saqlash, realizatsiya qilish (berish), tashish, ulardan foydalanish, shuningdek, ularni yoʻq qilish faoliyatini amalga oshirish boʻyicha tegishli litsenziyaga ega yuridik shaxslar;
litsenziya — yuridik shaxsga beriladigan, talablari va shartlariga majburiy ravishda rioya etilgan taqdirda, faoliyatning litsenziyalanadigan turini yoki uning kichik turini amalga oshirish huquqini beruvchi hujjat;
monitoring — litsenziatlarning prekursorlar muomalasi bilan bogʻliq faoliyatini kelishilgan rejaga asosan bevosita joyiga chiqqan holda oʻrganish. Monitoring natijasiga koʻra litsenziatlarga chora koʻrilishiga yoʻl qoʻyilmaydi;
prekursorlar — prekursorlar roʻyxatiga kiritilgan va Oʻzbekiston Respublikasida muomalada boʻlishi cheklangan, giyohvandlik vositalari, psixotrop va kuchli taʼsir qiluvchi moddalarni (keyingi oʻrinlarda — giyohvandlik vositalari) tayyorlash uchun foydalaniladigan, shuningdek, sanoat, farmatsevtika va boshqa sohalarda qoʻllanadigan kimyoviy moddalar;
saqlash joylari — prekursorlarni saqlashga moʻljallangan obyektlar (omborxonalar, usti ochiq va yopiq maydonchalar, rezervuar joylar);
xavfli yuklar — oʻziga xos xossalari va xususiyatlari tufayli muayyan omillar mavjud boʻlgan taqdirda, tashish, ortish-tushirish ishlari jarayonida tashilayotgan yuklar, texnika vositalari, qurilmalar, bino va inshootlar, boshqa obyektlarning portlashi, yonishi yoki shikastlanishiga, shuningdek, odamlar hayoti va sogʻligʻiga, atrof-muhitga zarar yetkazilishiga sabab boʻlishi mumkin boʻlgan moddalar, materiallar, buyumlar, chiqindilar;
Xavfsizlik pasporti — kimyoviy mahsulotlar (moddalar, aralashmalar, materiallar, sanoat chiqindilari) uchun normativ hujjatlarning majburiy tarkibiy qismi boʻlgan va isteʼmolchiga kimyoviy mahsulotlardan foydalanish, ularni saqlash, tashish va yoʻq qilish xavfsizligi toʻgʻrisida hamda inson hayoti va sogʻligʻi, mulk va atrof-muhit xavfsizligini taʼminlash uchun ishonchli maʼlumot berishga moʻljallangan, ishlab chiqaruvchi tashkilot tomonidan (ishlab chiqiladigan) beriladigan va belgilangan qonunchilik talablari asosida tegishli vakolatli davlat tashkiloti tomonidan belgilangan tartibda rasmiylashtirilgan hujjat.
4. Oʻzbekiston Respublikasida muomalada boʻlishi cheklangan prekursorlar roʻyxati ikkita kichik roʻyxatlarga boʻlinadi:
birinchi kichik roʻyxat — muomalasi qatʼiy nazoratga olingan prekursorlar roʻyxati boʻlib, unga giyohvandlik vositalarini ishlab chiqarishda keng qoʻllanadigan kimyoviy moddalar kiritiladi;
ikkinchi kichik roʻyxat — umumiy nazoratdagi prekursorlar roʻyxati boʻlib, unga giyohvandlik vositalarini tayyorlashda ishlatilishi mumkin boʻlgan, shuningdek, sanoat, farmatsevtika va boshqa sohalarda qoʻllanadigan kimyoviy moddalar kiritiladi.
2-bob. Prekursorlar muomalasi bilan bogʻliq faoliyatni davlat tomonidan tartibga solish va uzluksiz nazoratini taʼminlash
5. Davlat komissiyasi prekursorlarning muomalasi ustidan nazoratni oʻrnatish hamda noqonuniy muomalasiga qarshi kurashish sohasida davlat siyosati amalga oshirilishini taʼminlovchi idoralararo kollegial organ hisoblanadi.
6. Davlat komissiyasi:
Oʻzbekiston Respublikasida muomalasi cheklangan prekursorlar roʻyxatini tasdiqlaydi, uni yangi turdagi kimyoviy moddalar bilan toʻldiradi yoki roʻyxatdan chiqarish boʻyicha tegishli oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritadi;
litsenziya talablariga rioya etilishini monitoring qilish jarayoniga mutaxassislarni jalb etadi;
prekursorlar nazorati sohasiga oid tahliliy material va takliflarni yigʻilishlarda koʻrib chiqib, tegishli qaror qabul qiladi.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Narkotiklar va oʻqotar qurollarni nazorat qilish agentligi, Sogʻliqni saqlash vazirligi “Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi” davlat muassasasi, Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qoʻmitasi, Davlat xavfsizlik xizmati, Ichki ishlar vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Bojxona qoʻmitasi (keyingi oʻrinlarda — Bojxona qoʻmitasi), Ekologiya va iqlim oʻzgarishi milliy qoʻmitasi prekursorlar muomalasi bilan bogʻliq faoliyatni tartibga solish, uzluksiz nazoratni taʼminlash va ularning noqonuniy muomalasiga qarshi kurashuvchi davlat organlari hisoblanadi.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Narkotiklar va oʻqotar qurollarni nazorat qilish agentligi (keyingi oʻrinlarda — Agentlik):
prekursorlar muomalasi bilan bogʻliq faoliyat ustidan tizimli davlat nazorati funksiyasini amalga oshiradi hamda vakolatli davlat organlarining ushbu sohadagi faoliyatini muvofiqlashtiradi;
vakolatli organlarning taklifiga koʻra yangi turdagi kimyoviy moddalarni prekursorlar roʻyxatiga kiritish boʻyicha Davlat komissiyasiga taklif kiritadi;
prekursorlarni respublika hududiga olib kirish, undan olib chiqish va tranzit tarzida oʻtkazish boʻyicha tegishli qaror qabul qiladi;
prekursorlarning noqonuniy aylanmasi yuzasidan vakolatli huquq-tartibot organlariga tergovga qadar tekshiruvni oʻtkazish yuzasidan taqdimnomalar kiritadi;
prekursorlarni ishlab chiqarish faoliyati bilan shugʻullanuvchi litsenziatlar tomonidan texnologik reglament talablariga rioya etilishini oʻrganadi;
litsenziyaning amal qilish muddatini toʻxtatib turish toʻgʻrisida litsenziyalovchi organ yoki sudga daʼvo arizasini kiritadi;
litsenziya talab va shartlariga rioya etilishini monitoring qilish boʻyicha litsenziatlar bilan kelishgan holda rejalar ishlab chiqadi va tasdiqlaydi;
litsenziatlar faoliyatini monitoring qilish boʻyicha ishchi guruhlarni tuzadi va ularga rahbarlik qiladi;
litsenziatlar faoliyatida aniqlangan kamchiliklar oʻz vaqtida bartaraf etilishini nazorat qiladi, bartaraf etilmagan taqdirda, tegishli chora koʻradi;
axborot tizimidagi prekursorlar aylanmasi bilan bogʻliq maʼlumotlar asosida litsenziatlar faoliyatini tezkorlik bilan tekshiradi yoki tekshirish boʻyicha Ichki ishlar vazirligiga xabar beradi;
saqlash joylarining prekursorlarni saqlashga doir belgilangan texnik talablarga muvofiqligi boʻyicha rasmiylashtirilgan xulosada aniqlangan kamchiliklar yuzasidan litsenziyalovchi organning tegishli maʼlumotiga asosan Ichki ishlar vazirligiga taqdimnoma kiritadi.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi “Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi” davlat muassasasi (keyingi oʻrinlarda — Markaz):
prekursorlarni respublika hududiga olib kirish va undan olib chiqish uchun sertifikat va tranzit tarzida oʻtkazishda ruxsatnoma rasmiylashtiradi;
prekursor saqlovchi dori vositalarini davlat roʻyxatidan oʻtkazadi, ularning respublika hududiga kirishida muvofiqlik sertifikatini beradi;
litsenziya talablariga rioya etilishini monitoring qilishda qatnashadi va prekursorlar muomalasi ustidan monitoring olib boradi;
axborot tizimini yuritadi, Oʻzbekiston Respublikasining prekursorlarga boʻlgan yillik ehtiyojini umumlashtirib, axborot tizimiga kiritadi va tahlil qiladi;
prekursorlarni ishlab chiqaruvchilar va ularning yakuniy foydalanuvchilarining reyestrini yuritadi;
litsenziatlarning prekursorlarga boʻlgan yillik ehtiyojini (yuqori turuvchi tashkilot mavjud boʻlmagan taqdirda) kelishadi;
prekursorlarning eksporti, importi va tranziti boʻyicha xorijiy davlatlar bilan axborot almashadi;
prekursorlar muomalasini tartibga solishga doir BMT konvensiyalarida belgilangan tavsiyalar boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro majburiyatlarini bajaradi.
10. Oʻzbekiston Respublikasi Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qoʻmitasi:
yonish va portlash xavfi yuqori boʻlgan prekursorlarni ishlab chiqarish, saqlash va tashish jarayonlarini oʻrganadi hamda aniqlangan qonun buzilishi holatlari yuzasidan Agentlikka axborot kiritadi;
aniqlangan kimyoviy moddalarni tasniflari boʻyicha taqsimlaydi va bu boʻyicha Agentlikka tegishli xulosa taqdim etadi.
11. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati (keyingi oʻrinlarda — DXX):
prekursorlarni respublika hududiga olib kirish, undan olib chiqish va tranzit tarzida oʻtkazish boʻyicha hujjatlarni koʻrib chiqadi hamda tegishli xulosa taqdim etadi;
prekursorlarning noqonuniy muomalasiga qarshi tezkor tadbirlarni amalga oshiradi;
vakolati doirasida litsenziya talablariga va shartlariga rioya etilishini monitoring qilishda qatnashadi.
12. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi (keyingi oʻrinlarda — IIV):
prekursorlarni respublika hududiga olib kirish, undan olib chiqish va tranzit tarzida oʻtkazish boʻyicha hujjatlarni koʻrib chiqadi hamda tegishli xulosa taqdim etadi;
axborot tizimidagi prekursorlar aylanmasi bilan bogʻliq maʼlumotlar asosida litsenziatlar faoliyatini tezkorlik bilan tekshiradi;
saqlash joylarining prekursorlarni saqlashga doir texnik talablarga muvofiqligini joyiga chiqqan holda oʻrganadi va tegishli xulosa taqdim etadi;
prekursorlarning noqonuniy muomalasiga qarshi tezkor tadbirlarni amalga oshiradi;
vakolati doirasida litsenziya talablariga va shartlariga rioya etilishini monitoring qilishda qatnashadi;
prekursorlarni yoʻq qilish jarayonida komissiya aʼzosi sifatida ishtirok etadi;
xavfli yuklar toifasiga kiritilgan prekursorlarni tashishda shartnoma asosida kuzatish ishlarini amalga oshiradi.
13. Bojxona qoʻmitasi:
respublika hududiga olib kirilgan, olib chiqilgan va tranzit tarzida oʻtkazilgan prekursorlar toʻgʻrisidagi maʼlumotni yuk chegaradan kesib oʻtgan vaqtning oʻzida axborot tizimiga kiritadi;
prekursorlarning respublika hududiga olib kirilishi, olib chiqilishi yoki tranzit tarzida oʻtkazilishini nazorat qiladi;
prekursorlarning noqonuniy muomalasiga qarshi tezkor tadbirlarni amalga oshiradi.
14. Ekologiya va iqlim oʻzgarishi milliy qoʻmitasi:
prekursorlarni ishlab chiqarish va tayyorlash jarayonlari yuzasidan litsenziyalovchi organga tegishli xulosa taqdim etadi;
prekursorlarni ishlab chiqarish va yoʻq qilishning atrof-muhitga taʼsiri boʻyicha tegishli xulosa beradi;
prekursorlarni yoʻq qilish jarayonida komissiya aʼzosi sifatida qatnashadi.
15. Prekursorlarning noqonuniy muomalasida yangi turdagi kimyoviy moddalar aniqlangan taqdirda, vakolatli organlar tomonidan ularni muomalasi cheklangan prekursorlar roʻyxatiga kiritish toʻgʻrisida Agentlikka takliflar kiritiladi.
3-bob. Prekursorlar bilan bogʻliq jarayonlarni amalga oshirish tartibi
16. Prekursorlarni sotib olishda xaridorning huquqiy asoslari, shu jumladan, litsenziyalar, roʻyxatdan oʻtkazish hujjatlari va moddadan maqsadli foydalanishni tasdiqlovchi hujjatlar tekshiriladi. Har bir operatsiya belgilangan tartibda qayd etilib, prekursorning nomlanishi, miqdori, sanasi va xaridor haqidagi maʼlumotlar koʻrsatiladi, bu esa toʻliq kuzatuvchanlik va auditorlikni taʼminlaydi.
17. Prekursorlarni realizatsiya qilishda sotuvchi organlar belgilangan talablarga amal qilishi, shubhali yoki standartdan tashqari operatsiyalar haqida maʼlumot berishi va soʻralgan taqdirda nazorat organlariga maʼlumot taqdim etishi shart.
18. Prekursorlarni tashish, shu jumladan, xalqaro tashish hamda mazkur faoliyatni amalga oshirish uchun zarur boʻlgan hujjatlarni rasmiylashtirish tartibi qonunchilik hujjatlari bilan belgilanadi.
19. Prekursorlar ichki ishlar organlari bilan kelishilgan holda, harbiylashtirilgan qoʻriqlash boʻlinmalari yoki boshqa qoʻriqlash xizmatlari tomonidan tashiladi.
20. Prekursorlarni tashish faoliyatini amalga oshirish huquqi mazkur sohada tegishli litsenziyaga ega boʻlgan yuridik shaxslarga beriladi.
21. Jismoniy shaxslar tomonidan tarkibida prekursorlar mavjud boʻlgan dori vositalarini shaxsiy foydalanish maqsadida tibbiy koʻrsatmalarga asosan va tasdiqlovchi hujjatlar mavjud boʻlgan taqdirda, Oʻzbekiston Respublikasi hududiga olib kirish va undan olib chiqishga yoʻl qoʻyiladi.
22. Prekursorlarni pochta, shu jumladan, pochta va kuryerlik joʻnatmalarida joʻnatish taqiqlanadi, ekspertlik va tezkor-qidiruv faoliyatida foydalanish hamda tarkibida prekursorlar saqlovchi dori vositalarini Oʻzbekiston Respublikasida roʻyxatdan oʻtkazish yoki qayta roʻyxatdan oʻtkazish uchun namuna sifatida yuborish holatlari bundan mustasno.
4-bob. Prekursorlar va tarkibida prekursorlar mavjud dori vositalariga boʻlgan ehtiyojni aniqlash tartibi
23. Mahsulot ishlab chiqarish uchun prekursorlardan foydalanuvchilar va prekursorlarni realizatsiya qilish bilan shugʻullanuvchi tashkilotlar oʻz ehtiyojlarini aniqlashda quyidagilarni amalga oshiradi:
hisobot yilida prekursorlarni sarflashning belgilangan normalaridan kelib chiqqan holda keyingi yil uchun oʻz ehtiyojlarini aniqlaydi;
keyingi yil ishlab chiqarish uchun prekursorlarga boʻlgan ehtiyojlarni aniqlashda hisobot yili boshidagi qoldiqni hisobga oladi;
ehtiyojni yuqori turuvchi tashkilot yoki Markaz (yuqori turuvchi tashkilot mavjud boʻlmagan taqdirda) bilan kelishadi;
prekursorlarga boʻlgan ehtiyojlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni axborot tizimiga kiritishda bir tadqiqot uchun reaktiv sarfi normasi, bir yil davomida oʻtkaziladigan tadqiqotlar soni va ularda foydalaniladigan prekursorlarni aks ettiradi.
24. Ilmiy va oʻquv maqsadlarida foydalaniladigan prekursorlarga boʻlgan yillik ehtiyoj bir tadqiqot uchun reaktiv sarfi normasi, bir yildagi tadqiqotlar soni va ularda qoʻllanadigan prekursorlarning oʻziga xosligini hisobga olgan holda aniqlanadi.
Prekursorlardan ilmiy maqsadlarda foydalanishda tadqiqot usullari oʻzgargan taqdirda, ilmiy-tadqiqot institutlari tomonidan foydalanish uchun qoʻshimcha hajmlar olinishi mumkin, bunda qoʻshimcha hajmlarni tasdiqlash muddati uch kundan oshmasligi kerak.
25. Prekursorlardan xomashyo yoki material sifatida foydalanadigan korxona va tashkilot yangi yoki koʻzda tutilmagan mahsulotni ishlab chiqarishda prekursorlarga boʻlgan ehtiyojni yangi mahsulotning texnik reglamentlariga muvofiq aniqlaydi.
26. Oʻzbekiston Respublikasining tarkibida prekursorlar mavjud dori vositalariga boʻlgan yigʻma ehtiyoji Markaz tomonidan aniqlanadi hamda BMTning 1988-yildagi Giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarning noqonuniy muomalasiga qarshi kurashish toʻgʻrisidagi konvensiyasi talablariga muvofiq Agentlik bilan kelishilgan holda, BMTning Xalqaro narkotiklarni nazorat qilish qoʻmitasiga (keyingi oʻrinlarda — Xalqaro qoʻmita) taqdim etiladi.
27. Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti koʻrsatmasiga muvofiq litsenziat tomonidan tibbiyotda foydalanish uchun moʻljallangan, tarkibida prekursorlar mavjud dori vositalariga boʻlgan ehtiyojni hisoblash meʼyorlari soʻnggi uch yillik statistika maʼlumotlaridan kelib chiqib, oʻrtacha miqdorlarni hisoblash orqali aniqlanadi. Bunda aniqlangan ehtiyoj yuridik shaxs rahbarining qarori bilan yillik isteʼmolning oʻrtacha miqdoridan 10 — 20 foizgacha oshirilishi mumkin.
28. Tarkibida prekursorlar mavjud dori vositalariga boʻlgan ehtiyojda quyidagilar koʻrsatiladi:
yuridik shaxs toʻgʻrisidagi maʼlumotlar (nomi, STIR raqami);
yuridik shaxs litsenziyasining raqami va amal qilish muddati;
dori vositalari sifatida roʻyxatga olingan tarkibida prekursorlar mavjud dori vositalarining nomlari, ularning chiqarilish shakli va miqdori (ampulalarda, flakonlarda, tabletkalarda, kapsulalarda va boshqalar);
tarkibida prekursorlar mavjud dori vositalariga boʻlgan ehtiyojning asoslangan hisob-kitoblari.
29. Litsenziatlarning tarkibida prekursorlar mavjud dori vositalaridan foydalanishga boʻlgan ehtiyoji yoki qoʻshimcha ehtiyoji davolash standartlarini hisobga olib, tibbiy yordam turiga va tibbiy tashkilot boʻlimlarining yoʻnalishiga bogʻliq holda aniqlanadi.
Rahbar tomonidan tasdiqlangan ehtiyoj yoki qoʻshimcha ehtiyoj miqdorlari asoslangan jadval koʻrinishidagi maʼlumotlar (qanday muolaja yoki amaliyotda ishlatilishi, yil davomida oʻtkazilishi rejalashtirilayotgan muolaja yoki amaliyotlar soni, davomiyligi va bitta muolaja yoki amaliyotga ishlatiladigan miqdori) bilan birga axborot tizimiga kiritiladi.
30. Oʻzbekiston Respublikasining tarkibida prekursorlar mavjud dori vositalariga boʻlgan umumiy ehtiyoji asosida prekursorlar muomalasi bilan bogʻliq faoliyat uchun tegishli litsenziyaga ega boʻlgan yetkazib beruvchilar bilan shartnomalar tuziladi.
31. Litsenziatlar tomonidan prekursorlar va tarkibida prekursorlar mavjud dori vositalariga boʻlgan keyingi yil uchun ehtiyoj maʼlumotlari hisobot yilining 1-noyabridan 1-dekabriga qadar boʻlgan muddatda axborot tizimiga kiritiladi.
32. Yangi tashkil etilgan litsenziatlar litsenziya olingandan soʻng joriy va keyingi yil uchun ehtiyoji toʻgʻrisidagi maʼlumotni axborot tizimiga kiritadi.
33. Zarurat tugʻilganda, litsenziatlar qoʻshimcha ehtiyoj toʻgʻrisidagi maʼlumotni (asoslovchi hujjatlarni ilova qilgan holda) axborot tizimiga kiritadi.
5-bob. Prekursorlarni Oʻzbekiston Respublikasi hududiga olib kirish, undan olib chiqish tartibi
34. Prekursorlar Oʻzbekiston Respublikasi hududiga Markaz tomonidan beriladigan sertifikat asosida olib kiriladi va undan olib chiqiladi.
35. Prekursorlar Oʻzbekiston Respublikasining ehtiyojlari doirasida litsenziatlar tomonidan olib kiriladi.
36. Prekursorlardan ichki ishlar organlari, Davlat xavfsizlik xizmati hamda bojxona organlarining ekspertiza va tezkor-qidiruv faoliyatida, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Elektron texnologiyalarini rivojlantirish markazi hamda Adliya vazirligining sud-ekspertiza muassasalari faoliyatida litsenziya olmasdan foydalaniladi.
37. Prekursorlarni Oʻzbekiston Respublikasi hududiga olib kirish va olib chiqishga sertifikatni rasmiylashtirish uchun “Litsenziya” axborot tizimi (keyingi oʻrinlarda — “Litsenziya” AT) orqali ariza beriladi, ariza DXX hamda IIV bilan kelishilgandan soʻng Agentlikning tegishli qaroriga asosan mazkur nizomga 1-ilovadagi sxemaga muvofiq Markaz tomonidan beriladi.
38. Prekursorlar Oʻzbekiston Respublikasi hududiga prekursorlar muomalasi bilan bogʻliq faoliyat uchun litsenziyaga ega yuridik shaxslar (keyingi oʻrinlarda — ariza beruvchi) tomonidan mazkur Nizomga 2-3-ilovalarga muvofiq shakldagi qatʼiy hisobda turuvchi, pushti rangli maxsus blanklarda rasmiylashtirilgan sertifikatlar asosida olib kiriladi va olib chiqiladi.
39. Sertifikatdan faqat bir marotaba foydalaniladi va uning muddati bir yil davomida amal qiladi.
Sertifikat ariza beruvchiga ikki nusxada, shundan bir nusxasi eksport qiluvchi tashkilotga taqdim etish uchun beriladi.
Berilgan sertifikat nazorat qilinadigan moddalarning muomalasi bilan bogʻliq litsenziyaga ega boʻlishidan qatʼi nazar, boshqa yuridik shaxsga berilishi mumkin emas.
40. Bojxona qoʻmitasi prekursorlarning haqiqiy olib kirilgani (olib chiqilgani) toʻgʻrisidagi maʼlumotni yuk chegaradan kesib oʻtgan vaqtning oʻzida onlayn vaqt rejimida Agentlik hamda Markazga taqdim etadi.
41. Respublika hududiga import qilingan prekursorlar reeksport qilinmaydi.
42. Prekursorlarni olib kirish, olib chiqishga ruxsat berish uchun sertifikat olish talablari va shartlariga quyidagilar kiradi:
ariza beruvchida prekursorlar muomalasi bilan bogʻliq faoliyatni amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziyaning mavjudligi;
prekursorlarni olib kirish, olib chiqishda qonunchilik hujjatlariga majburiy rioya qilinishi;
sertifikat olish uchun taqdim etiladigan maʼlumotlarning ishonchliligi taʼminlanishi;
ariza beruvchi tashkilotning nomi yoki manzili (pochta va/yoki faoliyat manzili) oʻzgargan taqdirda, qayta roʻyxatdan oʻtkazilgandan soʻng oʻn ish kuni ichida Markazga “Litsenziya” ATdagi shaxsiy kabineti orqali murojaat qilishi.
43. Sertifikat olish uchun ariza beruvchi tomonidan “Litsenziya” ATdagi shaxsiy kabineti orqali quyidagi hujjatlar Markazga taqdim etiladi:
a) ariza beruvchining mazkur Nizomga 4-ilovaga muvofiq arizasi;
b) prekursorlarni olib kirish, olib chiqish uchun shartnoma nusxasi (toʻlov uchun hisob);
v) Oʻzbekiston Respublikasi hududidan prekursorlarni olib chiqishda — import qiluvchi davlatning olib kirishga ruxsat berilgan hujjati (sertifikat, ruxsatnoma, olib kirish uchun litsenziya yoki boshqa ruxsat etuvchi hujjatlar);
g) prekursorlarni ishlab chiqarishda foydalanish maqsadida olib kiradigan ariza beruvchilarning prekursorlarga boʻlgan tasdiqlangan ehtiyojlari toʻgʻrisidagi maʼlumoti;
d) ariza beruvchi sertifikatni Markaz yoki pochta orqali qabul qilishni tanlaydi.
44. Arizani koʻrib chiqish va sertifikatni rasmiylashtirish uchun qonunchilik hujjatlarida belgilangan bazaviy hisoblash miqdorining sakkiz baravari miqdorida yigʻim undiriladi.
Yigʻim toʻlangani axborot-kommunikatsiya tizimlari orqali tasdiqlanadi.
Yigʻim summasi quyidagi tartibda taqsimlanadi, agarda pasportlarning 6-bandida boshqacha taqsimot nazarda tutilmagan taqdirda:
10 foizi — Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligining Davlat xizmatlarini rivojlantirish jamgʻarmasiga;
0,5 foizi — Yagona billing tizimi orqali davlat xizmatlarini koʻrsatganlik uchun Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish jamgʻarmasining elektron hukumat va raqamli iqtisodiyotning idoralararo loyihalarini moliyalashtirish boʻyicha maxsus hisobvaragʻiga;
qolgan mablagʻlar — Giyohvandlik va narkojinoyatlarga qarshi kurashish tizimini rivojlantirish respublika jamgʻarmasiga va Markazning tegishli bank hisobvaraqlariga teng boʻlgan miqdorda oʻtkaziladi.
45. Arizada quyidagi maʼlumotlar koʻrsatilgan boʻlishi kerak:
a) ariza beruvchining nomi va joylashgan manzili, ishlab chiqaruvchi va yukni qabul qiluvchining, shuningdek, import qiluvchining nomi va joylashgan manzili (olib chiqish faoliyati amalga oshirilganda);
b) roʻyxatda koʻrsatilgan prekursorning nomi, TIF TN kodi va miqdori;
v) prekursorlarni olib kiradigan va olib chiqadigan davlat nomi;
g) prekursorlarni olib kirish, olib chiqish joyi va muddati;
d) prekursorlarni olib kirish, olib chiqish maqsadlari;
j) prekursorlarni olib kirish, olib chiqish uchun moʻljallangan transport turi yoki ularni joʻnatish usullari.
46. Markaz sertifikatni rasmiylashtirish uchun kerakli hujjatlarni ariza beruvchidan qabul qilib olganidan soʻng boshqa vakolatli organlardan quyidagi hujjatlar va maʼlumotlarni oʻzaro axborot hamkorligi orqali elektron shaklda oladi:
a) Markaz tomonidan berilgan dori vositasini roʻyxatdan oʻtkazish guvohnomasi nusxasi (dori vositasi tarkibida prekursorlar mavjud boʻlgan hollarda);
b) Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan berilgan prekursorlar muomalasi bilan bogʻliq faoliyatni amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziyaning nusxasi.
47. Ariza beruvchidan ushbu Nizomning 36-bandida nazarda tutilmagan hujjatlarni talab qilishga yoʻl qoʻyilmaydi.
48. Markaz arizani qabul qilgan kundan boshlab Oʻzbekiston Respublikasida muomalada boʻlishi cheklangan prekursorlar roʻyxatining birinchi kichik roʻyxatdagi prekursorlarni oʻttiz ish kuni, ikkinchi kichik roʻyxatdagi prekursorlarni esa yigirma ish kundan ortiq boʻlmagan muddatda koʻrib chiqib, sertifikat beradi yoki sertifikat berishni rad etadi.
49. Markaz hujjatlar toʻplamini oʻrganadi va mazkur Nizomning 38 va 39-bandlarida keltirilgan hujjatlar toʻplamini kelishish uchun “Litsenziya” AT orqali DXX hamda IIVga yuboradi.
50. DXX va IIV hujjatlarni koʻrib chiqib, birinchi kichik roʻyxatdagi prekursorlar boʻyicha oʻn besh ish kuni, ikkinchi kichik roʻyxatdagi prekursorlar boʻyicha esa oʻn ish kundan ortiq boʻlmagan muddatda koʻrib chiqib, tegishli xulosani Agentlikka yuboradi.
51. Agentlik hujjatlarni besh ish kunidan ortiq boʻlmagan muddatda koʻrib chiqib, tegishli qarorni Markazga taqdim etadi.
52. Agentlik qarori asosida Markaz ariza beruvchiga besh ish kunidan kechiktirmagan holda sertifikat berilishi toʻgʻrisida yoki DXX va IIVning (rad etilgan holatda) tegishli xulosalari asosida rad etish asoslari va qonunchilikning aniq normalarini koʻrsatgan holda ariza beruvchiga axborot tizimi orqali xabarnoma yuboradi.
Markaz sertifikatni anʼanaviy tarzda ariza beruvchining oʻziga yoki pochta xizmati orqali ariza beruvchi koʻrsatgan manzilga yuboradi.
Ariza qabul qilingandan soʻng ariza beruvchi sertifikat olishdan bosh tortgan hollarda, toʻlangan toʻlov summasi qaytarilmaydi.
53. Oʻzbekiston Respublikasi hududiga olib kirilayotgan prekursorlarni bojxona omborlariga joylashtirishga Markaz tomonidan olib kirish uchun berilgan sertifikatlarning mavjudligi asos boʻladi.
54. Rasmiylashtirilgan sertifikatlar va ulardagi maʼlumotlar “Yagona darcha” bojxona axborot tizimiga Markaz masʼul shaxslari tomonidan kiritiladi.
55. Sertifikatning berilishi quyidagi sabablarga koʻra rad etilishi mumkin:
a) ariza beruvchi tomonidan sertifikat olish uchun zarur boʻlgan hujjatlar toʻliq taqdim etilmaganda;
b) ariza beruvchi ruxsat berish tartib-taomillariga mos kelmaganda;
v) oʻrganish natijalariga koʻra DXX yoki IIVning asoslantirilgan rad etish xulosasi yoki Agentlikning sertifikat berish mumkin emasligi toʻgʻrisidagi qarori taqdim etilganda;
g) ariza beruvchi tomonidan taqdim etilgan hujjatlarda shubhali yoki notoʻgʻri maʼlumotlar mavjud boʻlganda.
56. Sertifikat berishni boshqa asoslarga koʻra, shu jumladan, maqsadga muvofiq emas degan vajlar bilan rad etishga yoʻl qoʻyilmaydi.
Sertifikat berishni rad etilgan hollarda, toʻlangan yigʻim summasi qaytarilmaydi.
57. Ariza beruvchi sertifikat berishni rad etish uchun asos boʻlgan sabablarni bartaraf etgan taqdirda, ularni tasdiqlovchi tegishli hujjatlar va rad etish sabablarini bartaraf etish toʻgʻrisidagi ariza Markaz tomonidan oʻn ish kunidan ortiq boʻlmagan muddatda qayta koʻrib chiqiladi.
58. Sertifikat berish toʻgʻrisidagi arizani qayta koʻrib chiqish jarayonida xabarnomada oldin koʻrsatilmagan sabablar tufayli sertifikat berishni rad etishga yoʻl qoʻyilmaydi.
Ariza qayta koʻrib chiqilgani uchun qonunchilik hujjatlarida belgilangan bazaviy hisoblash miqdorining bir baravari miqdorida yigʻim undiriladi hamda ushbu Nizomning 37-bandida nazarda tutilgan tartibda taqsimlanadi.
59. Ariza beruvchi Markazning mansabdor shaxslari harakatlari (harakatsizligi) hamda sertifikat berishni rad etish toʻgʻrisidagi qarori ustidan belgilangan tartibda shikoyat qilish huquqiga ega.
60. Sertifikat yoʻqolganda yoki yaroqsiz holatga kelganda, ariza beruvchi “Litsenziya” AT orqali Markazga dublikat olish uchun ariza beradi.
Markaz arizani besh ish kunidan oshmagan muddatda koʻrib chiqib, “Dublikat” belgisi qoʻyilgan yangi sertifikatni anʼanaviy tarzda yoki pochta xizmati orqali ariza beruvchiga taqdim etadi.
Sertifikatning dublikati berilganligi uchun bazaviy hisoblash miqdorining oʻn foizi miqdorida yigʻim undiriladi va undirilgan yigʻim ushbu Nizomning 37-bandida belgilangan tartibda taqsimlanadi.
61. Sertifikat yaroqsiz holatga kelgan holda uning asl nusxasi ham Markazga taqdim etilishi kerak.
62. Sertifikatning amal qilish muddatini toʻxtatib turish yoki tugatish va bekor qilish Oʻzbekiston Respublikasining “Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari toʻgʻrisida”gi Qonunida nazarda tutilgan hollarda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
63. Sertifikatlar reyestri “Litsenziya” ATda elektron shaklda har bir sertifikat boʻyicha alohida yuritiladi va undagi maʼlumot barcha uchun ochiq hisoblanadi.
64. Sertifikatlar reyestri avtomatik ravishda shakllantiriladi, uning doimiy yuritilishi va unga tegishli oʻzgartirishlarni kiritish Markaz tomonidan amalga oshiriladi.
Markaz sertifikatlar reyestrini yuritishda ushbu Nizom va boshqa qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartiblarga rioya qilishi lozim.
65. Markaz quyidagi maʼlumotlarni sertifikatlar reyestriga oʻz vaqtida kiritib borishga javobgar:
sertifikat berilgan sana va sertifikat raqami;
ariza beruvchining nomi, tashkiliy-huquqiy shakli, pochta manzili va telefon raqami;
sertifikatda olib kirilayotgan, olib chiqilayotgan prekursorlarning nomi va miqdori;
sertifikatning amal qilish muddati;
sertifikatni toʻxtatib turish asosi va sanasi;
sertifikatni amal qilish muddatini tugatish asosi va sanasi;
sertifikatni bekor qilish asosi va sanasi;
sertifikatning dublikatini berish asosi va sanasi.
66. Sertifikat egasi toʻgʻrisidagi batafsil maʼlumotlar bazasi vakolatli organlar foydalanishi uchun shakllantiriladi va unda ruxsat berish jarayonida kiritiladigan barcha maʼlumotlar hamda ilova qilinadigan hujjatlarning elektron nusxalari saqlanadi.
Ushbu maʼlumotlar bazasida sertifikatlar reyestriga kiritilmagan axborotlar mavjud boʻlgan taqdirda, Markaz tomonidan mazkur axborotlar va ilova qilingan hujjatlar boshqa shaxslarga oshkor qilinishi taqiqlanadi.
6-bob. Prekursorlarni Oʻzbekiston Respublikasi hududi orqali tranzit tarzda oʻtkazish tartibi
67. Prekursorlar Oʻzbekiston Respublikasi hududi orqali tranzit tarzida oʻtkazish uchun beriladigan ruxsatnoma asosida oʻtkaziladi.
Bunda xavfli yuklar roʻyxatiga kiruvchi prekursorlarni Vazirlar Mahkamasi belgilagan maxsus vakolatli organ ruxsatisiz Oʻzbekiston Respublikasi hududi orqali tranzit tarzida oʻtkazish taqiqlanadi.
68. Prekursorlarni Oʻzbekiston Respublikasi hududi orqali tranzit tarzida oʻtkazish uchun ruxsatnomani rasmiylashtirish uchun “Litsenziya” AT orqali ariza beriladi, ariza DXX hamda IIV bilan kelishilgandan soʻng Agentlikning tegishli qaroriga asosan mazkur Nizomga 5-ilovadagi sxemaga muvofiq Markaz tomonidan beriladi.
69. Yuridik shaxslar tomonidan prekursorlarni Oʻzbekiston Respublikasi hududi orqali mazkur Nizomga 6-ilovaga muvofiq shakldagi qatʼiy hisobda turuvchi, pushti rangli maxsus blankada rasmiylashtirilgan holda, bir nusxada beriladigan tranzitga ruxsatnoma mavjud boʻlgan taqdirda tranzit oʻtkaziladi.
70. Tranzit ruxsatnomasidan faqat bir marotaba foydalaniladi va uning muddati bir yil davomida amal qiladi.
71. Bojxona qoʻmitasi prekursorlarning tranzit tarzida oʻtkazilgani toʻgʻrisidagi maʼlumotni yuk chegaradan kesib oʻtgan vaqtning oʻzida onlayn vaqt rejimida Agentlik hamda Markazga taqdim etadi.
72. Prekursorlarning tranziti import qiluvchi mamlakatning maxsus vakolatli organi tomonidan prekursorlar muomalasi bilan bogʻliq faoliyat bilan shugʻullanish huquqi uchun berilgan hujjatga (ruxsatnoma, sertifikat, litsenziya va boshqalar) ega boʻlgan ariza beruvchi tomonidan amalga oshiriladi.
73. Prekursorlarni Oʻzbekiston Respublikasi hududi orqali tranzit tarzida oʻtkazish uchun ruxsatnoma olishda ariza beruvchi Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligida belgilangan ruxsat etuvchi talablar va shartlarga rioya qilishi shart.
74. Tranzit oʻtkazishga ruxsatnomani olish uchun ariza beruvchi tomonidan “Litsenziya” ATdagi shaxsiy kabineti orqali quyidagi hujjatlar Markazga taqdim etiladi:
a) mazkur Nizomga 7-ilovaga muvofiq tranzit ruxsatnomasini olish uchun ariza;
b) litsenziya yoki prekursorlar muomalasi bilan shugʻullanish huquqi uchun boshqa ruxsatnomalar nusxasi;
v) prekursorlarni yetkazib berish boʻyicha shartnoma nusxasi;
g) eksport va import qiluvchi mamlakatlarning maxsus vakolatli organlari tomonidan berilgan prekursorlarning eksportiga (importi) ruxsat beruvchi hujjat (sertifikat, ruxsatnoma, olib kirish, olib chiqish uchun litsenziya). Agar tranzit tarzida joʻnatilayotgan prekursorlar import qiluvchi/eksport qiluvchi mamlakatda nazoratga olinmagan boʻlsa, import qiluvchi/eksport qiluvchi mamlakatning vakolatli organi tomonidan rasmiy xat taqdim etiladi;
d) bojxona yuk deklaratsiyasining nusxasi.
75. Ariza beruvchidan ushbu Nizomning 66-bandida nazarda tutilmagan hujjatlarni talab qilishga yoʻl qoʻyilmaydi.
76. Arizada quyidagilar koʻrsatilgan boʻlishi kerak:
ariza beruvchi — import qiluvchi tashkilot, yuk joʻnatuvchi tashkilot va mamlakat nomi hamda yuridik manzili;
roʻyxatda koʻrsatilgan prekursorning nomi, TIF TN kodi va miqdori;
kontrakt (shartnoma) raqami va sanasi, eksport qiluvchi va yukni qabul qiluvchi tashkilot va mamlakat nomi hamda yuridik manzili;
eksport qiluvchi davlatdan olib chiqish va import qiluvchi davlatga olib kirish punktlarini koʻrsatuvchi yoʻnalish marshruti, transport turi;
yetkazib berish tartibi koʻrsatilgan holda moʻljallangan tranzit muddati.
77. Markaz arizani yigirma ish kundan ortiq boʻlmagan muddatda koʻrib chiqib, natijasi boʻyicha tranzit ruxsatnomasini beradi yoki berishni rad etadi.
78. Arizani koʻrib chiqish va ruxsatnoma rasmiylashtirish uchun qonunchilik hujjatlarida belgilangan bazaviy hisoblash miqdorining sakkiz baravari miqdorida yigʻim undiriladi.
Yigʻim toʻlanganligi axborot-kommunikatsiya tizimlari orqali tasdiqlanadi.
Yigʻim summasi quyidagi tartibda taqsimlanadi, agarda pasportlarning 6-bandida boshqacha taqsimot nazarda tutilmagan taqdirda:
10 foizi — Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligining Davlat xizmatlarini rivojlantirish jamgʻarmasiga;
0,5 foizi — Yagona billing tizimi orqali davlat xizmatlarini koʻrsatganlik uchun Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish jamgʻarmasining elektron hukumat va raqamli iqtisodiyotning idoralararo loyihalarini moliyalashtirish boʻyicha maxsus hisobvaragʻiga;
qolgan mablagʻlar — Giyohvandlik va narkojinoyatlarga qarshi kurashish tizimini rivojlantirish respublika jamgʻarmasiga va Markazning tegishli bank hisobvaraqlariga teng boʻlgan miqdorda oʻtkaziladi.
79. Markaz hujjatlar toʻplamini oʻrganadi va kelishish uchun “Litsenziya” AT orqali DXX hamda IIVga yuboradi.
80. DXX va IIV hujjatlarni oʻn ish kunidan ortiq boʻlmagan muddatda koʻrib chiqib, tegishli xulosani Agentlikka yuboradi.
81. Agentlik hujjatlarni besh ish kunidan ortiq boʻlmagan muddatda koʻrib chiqib, tegishli qarorni Markazga taqdim etadi.
82. Agentlik qarori asosida Markaz ariza beruvchiga besh ish kunidan kechiktirmagan holda ruxsatnoma berilishi toʻgʻrisida yoki DXX va IIVning (rad etilgan holatda) tegishli xulosalari asosida rad etish asoslari va qonunchilikning aniq normalarini koʻrsatgan holda ariza beruvchiga “Litsenziya” AT orqali xabarnoma yuboradi.
Markaz ruxsatnomani anʼanaviy tarzda ariza beruvchining oʻziga yoki pochta xizmati orqali arizachi koʻrsatgan manzilga yuboradi.
Ariza qabul qilingandan soʻng ariza beruvchi ruxsatnoma olishdan bosh tortgan hollarda, toʻlangan toʻlov summasi qaytarilmaydi.
83. Rasmiylashtirilgan ruxsatnomalar va ulardagi maʼlumotlar “Yagona darcha” bojxona axborot tizimiga Markaz masʼul shaxslari tomonidan kiritiladi.
84. Tranzit ruxsatnomasini berish quyidagi sabablarga koʻra rad etilishi mumkin:
a) ariza beruvchi tomonidan tranzit ruxsatnomasini berish uchun zarur boʻlgan hujjatlar toʻliq taqdim etilmaganda;
b) ariza beruvchi tranzit ruxsatnomasini berish talablari va shartlariga mos kelmaganda;
v) oʻrganish natijalariga koʻra DXX yoki IIVning asoslantirilgan rad etish xulosasi yoki Agentlikning ruxsatnoma berish mumkin emasligi toʻgʻrisidagi qarori taqdim etilganda;
g) ariza beruvchi tomonidan taqdim etilgan hujjatlarda aniq boʻlmagan yoki notoʻgʻri maʼlumotlar mavjud boʻlganda.
Tranzit ruxsatnomasini berishning boshqa asoslariga koʻra, shu jumladan, maqsadga muvofiq emas degan vajlar bilan rad etilishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
85. Tranzit ruxsatnomani berish rad etilgan taqdirda, toʻlangan yigʻim summasi qaytarilmaydi.
86. Aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish uchun Markaz ariza beruvchiga malakali xodimlarni izlashda, hujjatlar hamda dasturlarni maromiga yetkazish uchun mutaxassislarni jalb etishda, shuningdek, boshqa muammoli vaziyatlarni bartaraf etishda yordam koʻrsatishi va tavsiyalar berishi shart, ariza beruvchi taklif etilgan yordamni rad etgan hollar bundan mustasno.
87. Ariza beruvchi tomonidan tranzit ruxsatnomasini berishni rad etish uchun asos boʻlgan sabablar bartaraf etilgan hollarda, Markaz tomonidan ariza beruvchining arizasi kelib tushgan kundan eʼtiboran besh ish kunidan ortiq boʻlmagan muddatda qayta koʻrib chiqiladi.
88. Tranzitga ruxsatnoma berish toʻgʻrisidagi arizani qayta koʻrib chiqishda, xabarnomada avval koʻrsatilmagan sabablarga koʻra tranzit ruxsatnoma berishni rad etishga yoʻl qoʻyilmaydi.
Ariza qayta koʻrib chiqilgani uchun qonunchilik hujjatlarida belgilangan bazaviy hisoblash miqdorining bir baravari miqdorida yigʻim undiriladi hamda ushbu Nizomning 71-bandida nazarda tutilgan tartibda taqsimlanadi.
89. Ariza beruvchi tranzitga ruxsatnoma berish rad etilgani, shuningdek, Markaz mansabdor shaxsining harakatlari (harakatsizligi) ustidan belgilangan tartibda shikoyat qilishga haqli.
90. Tranzit ruxsatnomasi yoʻqolganda yoki yaroqsiz holatga kelganda, ariza beruvchi “Litsenziya” AT orqali Markazga dublikat olish uchun ariza beradi.
Markaz arizani uch ish kunidan oshmagan muddatda koʻrib chiqib, “Dublikat” belgisi qoʻyilgan yangi tranzit ruxsatnomasi anʼanaviy tarzda yoki pochta xizmati orqali ariza beruvchiga taqdim etadi.
Tranzit ruxsatnomasining dublikati berilgani uchun bazaviy hisoblash miqdorining oʻn foizi miqdorida yigʻim undiriladi va undirilgan yigʻim ushbu Nizomning 71-bandida belgilangan tartibda taqsimlanadi.
91. Tranzit ruxsatnomasi yaroqsiz holatga kelgan holda uning asl nusxasi ham taqdim etilishi kerak.
92. Tranzit ruxsatnomasining amal qilish muddatini toʻxtatib turish yoki tugatish va bekor qilish Oʻzbekiston Respublikasining “Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari toʻgʻrisida”gi Qonunida nazarda tutilgan hollarda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
93. Ruxsatnomalar reyestri “Litsenziya” ATda elektron shaklda har bir ruxsatnoma boʻyicha alohida yuritiladi va undagi maʼlumot barcha uchun ochiq hisoblanadi.
94. Ruxsatnomalar reyestri avtomatik ravishda shakllantiriladi, uning doimiy yuritilishi va unga tegishli oʻzgartirishlarni kiritish Markaz tomonidan amalga oshiriladi.
Markaz ruxsatnomalar reyestrini yuritishda ushbu Nizom va boshqa qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartiblarga rioya qilishi lozim.
95. Markaz quyidagi maʼlumotlarni ruxsatnomalar reyestriga oʻz vaqtida kiritib borishga javobgar:
tranzit ruxsatnomasi berilgan sana va tartib raqami;
ariza beruvchining nomi va tashkiliy huquqiy shakli, yuridik manzili, telefon raqami;
ruxsatnomada tranzit oʻtkazilayotgan prekursorning nomi va miqdori;
tranzit ruxsatnomasining amal qilish muddatini toʻxtatib turish asosi va sanasi;
tranzit ruxsatnomasining amal qilish muddatini tugatish asosi va sanasi;
tranzit ruxsatnomasining bekor qilish asosi va sanasi;
tranzit ruxsatnomasining dublikatini berish asosi va sanasi;
tranzit ruxsatnomasining amal qilish muddati.
96. Ruxsatnoma egasi toʻgʻrisidagi batafsil maʼlumotlar bazasi vakolatli organlar foydalanishi uchun shakllantiriladi va unda ruxsat berish jarayonida kiritiladigan barcha maʼlumotlar hamda ilova qilinadigan hujjatlarning elektron nusxalari saqlanadi.
Ushbu maʼlumotlar bazasida ruxsatnomalar reyestriga kiritilmagan axborotlar mavjud boʻlgan taqdirda, Markaz tomonidan mazkur axborotlar va ilova qilingan hujjatlarni boshqa shaxslarga oshkor qilinishi taqiqlanadi.
7-bob. Prekursorlarni ishlab chiqarish, tayyorlash, saqlash va tashish tartibi
97. Oʻzbekiston Respublikasida prekursorlarni ishlab chiqarish, tayyorlash, saqlash va tashish bilan bogʻliq faoliyat amaldagi qonunchilikka muvofiq belgilangan talab va shartlarga qatʼiy rioya qilgan holda amalga oshiriladi.
98. Litsenziatlar tomonidan prekursorlarni ishlab chiqarish, tayyorlash va saqlashga doir faoliyatda xavfsizlikni taʼminlash uchun boshqa shaxslarning aralashuviga yoʻl qoʻymaslik choralari koʻriladi.
99. Prekursorlarni ishlab chiqaruvchi, sotib oluvchi va ulardan yakuniy foydalanuvchi litsenziatlar axborot tizimiga prekursorlarga boʻlgan ehtiyoji toʻgʻrisidagi maʼlumotlarini hamda hisobotlarni muntazam ravishda kiritib boradi.
Litsenziatlar axborot tizimiga maʼlumotlar toʻgʻri hamda oʻz vaqtida kiritilishida shaxsan javobgar hisoblanadi.
Ikkinchi kichik roʻyxatdagi sulfat va xlorid kislotalarini ishlab chiqarish va tayyorlash yuridik shaxslar tomonidan ularda ushbu faoliyat turiga litsenziyalari mavjud boʻlgan taqdirda amalga oshiriladi.
100. Tez alangalanuvchi va uchuvchi prekursorlarni (sirka kislotasi angidridi, atseton, etil efiri, xlorid kislota, fenilsirka kislotasi, sulfat kislota, toluol va boshqalar) saqlanishida ularning fizik-kimyoviy xususiyatlarini hisobga olgan holda zich yopiladigan, chidamli (pishiq) shisha yoki metall idishlarda belgilangan tartibda saqlanadi.
101. Nazorat-tahlil laboratoriyalari, ilmiy-tadqiqot institutlari, dorixonalar, davolash-profilaktika muassasalari, oliy taʼlim tashkilotlarida prekursorlarni saqlash qonunchilikda belgilangan tartib asosida amalga oshiriladi.
102. Sanoat korxonalarida prekursorlar xavflilik, yongʻin xavfini tugʻdirish darajasi, kimyoviy va fizik-kimyoviy xossalariga asosan saqlanadi.
Kislota boʻlgan prekursorlar boshqa prekursorlardan alohida saqlanadi.
Prekursorlarning yertoʻlalarda saqlanishiga yoʻl qoʻyilmaydi va prekursorlarning saqlash joylarining ventilyatsiyasi tabiiy boʻlishi shart.
103. Prekursorlarni “Xavfsizlik pasporti” qoidalariga zid ravishda tashish taqiqlanadi.
8-bob. Prekursorlarni realizatsiya qilish (berish) tartibi
104. Prekursorlarni realizatsiya qilish vaqtida xaridor sotuvchi tomonga litsenziyasini taqdim etishi shart.
Bunda sotuvchi tomon “Litsenziya” AT orqali litsenziyaning faolligini tekshirib oladi va ehtiyoj doirasida sotilgan prekursorlar miqdorini axborot tizimiga darhol kiritadi.
105. Sotuvchi xaridorga uning prekursorga boʻlgan yillik ehtiyojidan ortigʻini realizatsiya qilmaslikka, litsenziyaning faolligini tekshirishga va axborot tizimiga maʼlumotlarni toʻgʻri hamda oʻz vaqtida kiritilishiga shaxsan javobgar hisoblanadi.
106. Realizatsiya qilingan prekursor uzoq masofa tufayli maʼlum bir muddatdan soʻng xaridorga yetib kelgan taqdirda, xaridor uni qabul qilib hisobga oladi hamda axborot tizimiga bu haqda tegishli belgi qoʻyadi.
9-bob. Prekursorlardan foydalanishda xavfsizlik choralari hamda ularni yoʻq qilish tartibi
107. Prekursorlardan foydalanuvchilar kimyoviy moddalarni ishlab chiqaruvchi va yetkazib beruvchilardan “Xavfsizlik pasporti”ni talab qilishlari lozim.
108. Linsenziatlar prekursorlarni saqlash, yuklash, tashish hamda undan foydalanishda ishchi-xodimlarning xavfsizligini taʼminlash choralarini belgilashi va tasdiqlashi shart.
109. Foydalanish muddati oʻtgan yoki qayta ishlash imkoniyati boʻlmagan prekursorlarni saqlash joylarida qoldirish va foydalanish taqiqlanadi.
110. Prekursorlar quyidagi holatlarda yoʻq qilinadi:
ularning yaroqlilik muddati tugaganda;
ulardan foydalanish imkoniyatini istisno etuvchi kimyoviy yoki fizik taʼsirga uchraganda;
prekursorlarga mansubligini aniqlashning imkoni boʻlmagan hollarda.
111. Prekursorlar yuridik shaxslar tomonidan ularda faoliyatning koʻrsatib oʻtilgan turiga litsenziyasi mavjud boʻlgan taqdirda yoʻq qilinadi.
112. Prekursorlarni yoʻq qilish uchun litsenziyaga ega boʻlgan yuridik shaxslar ichki ishlar organlari hamda Ekologiya va iqlim oʻzgarishi milliy qoʻmitasi vakillaridan iborat boʻlgan komissiya tashkil etadilar.
113. Prekursorlarni yoʻq qilish uchun litsenziyaga ega boʻlmagan, biroq ularning muomalada boʻlishi bilan bogʻliq faoliyatni amalga oshiruvchi litsenziatlar prekursorlarni yoʻq qilish huquqi boʻyicha litsenziyaga ega boʻlgan yuridik shaxslar bilan shartnomalar tuzadilar hamda qabul qilish-topshirish dalolatnomasini rasmiylashtirgan holda yoʻq qilinishi kerak boʻlgan prekursorlarni ularga topshiradilar.
114. Prekursorlarni yoʻq qilish zarurati litsenziat rahbarining buyrugʻi bilan tayinlangan masʼul shaxs tomonidan asoslanadi. Bunda prekursorlarni hisobdan chiqarish va keyinchalik yoʻq qilish toʻgʻrisida buyruq chiqariladi.
Buyruqda quyidagi maʼlumotlar koʻrsatiladi:
prekursorlarning nomi, tarkibi va fizik xossalari, miqdori, markirovkasi;
prekursorlarning netto va brutto ogʻirligi;
yoʻq qilish sabablari;
yoʻq qilish uchun masʼul boʻlgan shaxs;
yoʻq qilish joyi va usuli;
prekursorlarni yoʻq qilish uchun litsenziyaga ega boʻlmagan litsenziatlar prekursorlarni yoʻq qilish uchun litsenziyaga ega boʻlgan korxona yoki muassasa bilan tuzilgan shartnomaning tartib raqamini va uning tuzilgan sanasini koʻrsatadilar.
115. Buyruq nusxasi kelishish uchun hududiy ichki ishlar hamda ekologiya va iqlim oʻzgarishi organlariga yuboriladi.
116. Prekursorlarni yoʻq qilish ishlarini bajaruvchi xodimlar prekursorlar bilan ishlash tajribasiga ega boʻlishlari, yoʻq qilinayotgan moddalarning fizik-kimyoviy va zaharli xossalarini hamda zararsizlantirish va yoʻq qilishda kechadigan kimyoviy reaksiyalarni bilishlari kerak.
117. Texnik koʻrsatkichlarga koʻra sanoat ishlab chiqarishi tarmoqlarida, laboratoriya tadqiqotlarida va boshqalarida qoʻllanilmagan prekursorlar “Xavfsizlik pasporti”ga muvofiq yoʻq qilinadi.
118. Prekursorlarni yoʻq qilishda komissiya tomonidan mazkur Nizomga 8-ilovaga muvofiq dalolatnoma tuziladi va unda quyidagilar koʻrsatiladi:
dalolatnoma tuzilgan sana va joy;
yoʻq qilishda qatnashgan shaxslarning ish joyi, lavozimi, familiyasi, ismi, otasining ismi;
yoʻq qilish asoslari;
yoʻq qilinadigan prekursorning nomi, tarkibi va fizik xossalari, miqdori, markirovkasi koʻrsatilgan holda, netto va brutto ogʻirligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
yoʻq qilish usuli.
Dalolatnomaning nusxalari soni prekursorlarni yoʻq qilishda ishtirok etgan tomonlar soni bilan belgilanadi.
119. Yoʻq qilish toʻgʻrisida qaror qabul qilingan prekursorlarni keyinchalik foydalanish uchun berish taqiqlanadi.
120. Litsenziat yoʻq qilingan prekursorlar miqdorini axborot tizimiga darhol kiritadi.
121. Prekursorlar yoʻq qilinishi uchun litsenziatning rahbari javob beradi.
10-bob. Litsenziatlar faoliyati monitoringi va ularning hisobdorligi
122. Agentlik tomonidan tuzilgan va tasdiqlangan monitoring rejasiga koʻra ishchi guruhlar tomonidan litsenziatlar faoliyatida oʻrganishlar oʻtkaziladi.
Axborot tizimidagi prekursorlar aylanmasi bilan bogʻliq maʼlumotlar asosida Agentlik oʻzi yoki uning koʻrsatmasiga asosan Ichki ishlar vazirligi tomonidan litsenziatlar faoliyatida qonunchilikda belgilangan tartibda nazorat tekshiruvlari oʻtkaziladi.
Nazorat tekshiruvlari natijalariga koʻra faoliyatda aniqlangan kamchiliklar va qonun buzilishi holatlari boʻyicha litsenziatlarga qonunchilikka muvofiq belgilangan tartibda choralar koʻriladi.
123. Markaz litsenziatlar faoliyati ustidan axborot tizimiga kiritilgan maʼlumotlar asosida kunlik kuzatuvni amalga oshiradi, kuzatish natijalari yuzasidan haftalik maʼlumotlarni Agentlikka kiritadi.
124. Litsenziatlar oʻzining prekursorlar muomalasiga oid faoliyati boʻyicha oylik hisobotlarni yuritib (ishlab chiqarilgan, tayyorlangan, olib kirilgan va olib chiqilgan, sotilgan, foydalanilgan prekursorlar, ularning miqdorlari va boshqa), hisobot davridan keyingi oyning yigirmanchi sanasidan kechiktirmasdan axborot tizimiga kiritadi.
125. Litsenziatlar qayta tashkil etilgan yoki tugatilgan taqdirda oxirgi hisobotlar taqdim qilingan vaqtdan boshlab va qayta tashkil etilgan yoki tugatilgan vaqtgacha boʻlgan davr uchun hisobotlarni, shu jumladan, qayta tashkil etilgan va tugatilgan kundagi holatiga koʻra prekursorlarning zaxiralari toʻgʻrisida maʼlumotlar taqdim etadilar.
126. Markaz kiritilgan hisobotlar asosida yigʻma hisobot tuzadi va Agentlik bilan kelishgan holda Xalqaro qoʻmitaga belgilangan tartib va shakl asosida hisobot taqdim etadi.
127. Prekursorlar muomalasi bilan bogʻliq qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartiblar buzilgan hollarda, litsenziyalovchi organning qarori asosida litsenziatning litsenziyasi uch oy muddatgacha toʻxtatib turilishi mumkin.
11-bob. Yakunlovchi qoidalar
128. Oʻzbekiston Respublikasida muomalada boʻlishi cheklangan prekursorlar roʻyxatiga kiritilgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar Agentlik va Markazning rasmiy veb-sahifasida eʼlon qilinadi.
129. Prekursorlarni olib kirish, olib chiqish, ishlab chiqarish, tayyorlash, saqlash, realizatsiya qilish (berish), tashish, ulardan foydalanish va yoʻq qilishda xavfsizlik talablariga rioya etilishini taʼminlashda, maʼlumotlar axborot tizimiga kiritilishida litsenziat rahbari javobgar hisoblanadi.
130. Ushbu Nizom talablarining buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradilar.
Oʻzbekiston Respublikasida prekursorlarning muomalasi bilan bogʻliq faoliyatni tartibga solish va uzluksiz nazoratni taʼminlash toʻgʻrisidagi yagona nizomga 1-ILOVA
Prekursorlarni olib kirish, olib chiqishga sertifikat berish
SXEMASI
Oʻzbekiston Respublikasida prekursorlarning muomalasi bilan bogʻliq faoliyatni tartibga solish va uzluksiz nazoratni taʼminlash toʻgʻrisidagi yagona nizomga 2-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasida prekursorlarning muomalasi bilan bogʻliq faoliyatni tartibga solish va uzluksiz nazoratni taʼminlash toʻgʻrisidagi yagona nizomga 3-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasida prekursorlarning muomalasi bilan bogʻliq faoliyatni tartibga solish va uzluksiz nazoratni taʼminlash toʻgʻrisidagi yagona nizomga 4-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasida prekursorlarning muomalasi bilan bogʻliq faoliyatni tartibga solish va uzluksiz nazoratni taʼminlash toʻgʻrisidagi yagona nizomga 5-ILOVA
Prekursorlarni Oʻzbekiston Respublikasi hududi orqali tranzit tarzida oʻtkazishga ruxsat berish
SXEMASI
Oʻzbekiston Respublikasida prekursorlarning muomalasi bilan bogʻliq faoliyatni tartibga solish va uzluksiz nazoratni taʼminlash toʻgʻrisidagi yagona nizomga 6-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasida prekursorlarning muomalasi bilan bogʻliq faoliyatni tartibga solish va uzluksiz nazoratni taʼminlash toʻgʻrisidagi yagona nizomga 7-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasida prekursorlarning muomalasi bilan bogʻliq faoliyatni tartibga solish va uzluksiz nazoratni taʼminlash toʻgʻrisidagi yagona nizomga 8-ILOVA
