Kinematografiya sohasidagi vakolatli davlat organining tadbirkorlik subyektlarida tekshiruvlar oʻtkazish borasidagi faoliyatida “Xavfni tahlil etish” elektron tizimini joriy etish toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida (3867-son)
26.06.2026
Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirining
buyrugʻi
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2026-yil 26-iyunda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 3867]
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 14-noyabrdagi PF-184-son “Tadbirkorlar huquqlari va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi va 2026-yil 17-apreldagi PF-63-son “Tadbirkorlik faoliyatiga noqonuniy aralashuvlarni cheklash va nazorat tadbirlarining shaffofligini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmonlari hamda Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 19-oktabrdagi 611-son “Nazorat qiluvchi organlar tomonidan tadbirkorlik subyektlari faoliyatida davlat nazoratini tashkil etish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq buyuraman:
1. Kinematografiya sohasidagi vakolatli davlat organining tadbirkorlik subyektlarida tekshiruvlar oʻtkazish borasidagi faoliyatida “xavfni tahlil etish” elektron tizimini joriy etish toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur buyruq Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakil hamda Oʻzbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi bilan kelishilgan.
3. Ushbu buyruq rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran uch oy oʻtgach kuchga kiradi.
Vazir O. NAZARBEKOV
Toshkent sh.,
2026-yil 24-iyun,
291-son
Kelishildi:
Savdo-sanoat palatasi raisi D. VAXABOV
2026-yil 15-iyun
Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish boʻyicha vakil A. BURIYEV
2026-yil 15-iyun
Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirining 2026-yil 24-iyundagi 291-son buyrugʻiga ILOVA
Kinematografiya sohasidagi vakolatli davlat organining tadbirkorlik subyektlarida tekshiruvlar oʻtkazish borasidagi faoliyatida “xavfni tahlil etish” elektron tizimini joriy etish toʻgʻrisidagi
NIZOM
Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi huzuridagi Kinematografiya agentligi tomonidan (bundan buyon matnda Agentlik deb yuritiladi) kinematografiya sohasidagi qonunchilik hujjatlariga rioya etilishiga oid huquqbuzarliklarni sodir etish xavfi mavjud boʻlgan tadbirkorlik subyektlarini aniqlash imkoniyatini beruvchi “Xavfni tahlil etish” elektron tizimini joriy etish tartibini belgilaydi.
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizomda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
tadbirkorlik subyektlari — belgilangan tartibda davlat roʻyxatidan oʻtgan hamda tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirayotgan yuridik va jismoniy shaxslar;
tekshiruv — tadbirkorlik subyekti tomonidan faoliyatini tartibga soluvchi qonunchilikka qay darajada rioya etilayotganligini tekshirish uchun kerakli materiallar, hujjatlar yoki ularning faoliyatiga doir maʼlumotlarni olish hamda muayyan harakatlarni amalga oshirish orqali nazorat qiluvchi organlar tomonidan oʻtkaziladigan nazorat tadbiri;
“Xavfni tahlil etish” elektron tizimi — nazorat qiluvchi organlar tomonidan tegishli nazorat sohasi boʻyicha aniq mezonlarga asoslanib, tadbirkorlik subyekti faoliyatida qonunchilikning buzilish xavfi darajasini aniqlash elektron tizimi.
2. “Xavfni tahlil qilish” elektron tizimi Agentlik tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 19-oktabrdagi 611-son qarori bilan tasdiqlangan Nazorat qiluvchi organlarning “Xavfni tahlil etish” tizimlariga qoʻyiladigan minimal talablarga muvofiq ishlab chiqilishi lozim.
Minimal talablarga zid boʻlgan “Xavfni tahlil qilish” elektron tizimi tadbirkorlik subyektida tekshiruv oʻtkazish tashabbusi bilan chiqishga asos boʻlmaydi.
3. “Xavfni tahlil qilish” elektron tizimi asosida aniqlangan huquqbuzarlik xavfi qay darajada boʻlishidan qatʼi nazar, tadbirkorlik subyektiga nisbatan taʼsir choralarini qoʻllashga asos boʻla olmaydi.
2-bob. Xavf darajasini tahlil qilishga doir umumiy talablar
4. Tadbirkorlik subyektining qonunni buzish xavfi darajasini tahlil qilish jarayoni tadbirkorlik subyekti faoliyatini toʻxtatib turish, unga toʻsqinlik qilish yoki faoliyatini amalga oshirishga toʻgʻridan-toʻgʻri aralashishni nazarda tutuvchi xatti-harakatlarni oʻz ichiga olmasligi zarur.
5. Xavf darajasining tahlili quyidagi maʼlumotlarni oʻrganish asosida amalga oshirilishi mumkin:
maʼmuriy maʼlumotlar (ruxsat etuvchi va davlat organlarida mavjud boshqa hujjatlar);
davriy statistika maʼlumotlari, jumladan, avval huquqbuzarlik holatlari aniqlangan tadbirkorlik subyektini umumlashtiruvchi belgilar, xabarlar va boshqa korrelyatsion tahlil natijalari;
yuridik va jismoniy shaxslardan kelib tushgan murojaatlar;
ommaviy axborot vositalaridan yoki boshqa tashqi manbalardan (ijtimoiy tarmoqlar, veb-saytlar) olingan maʼlumotlar;
davlat organlari va boshqa tashkilotlar axborot tizimlari, dasturiy taʼminotlari va maʼlumotlar bazasi tahlili natijalari;
qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalardan va tadbirkorlik subyektining odatiy faoliyatiga bevosita yoki bilvosita taʼsir koʻrsatmagan holda, davlat organlari va boshqa tashkilotlardan olinishi mumkin boʻlgan boshqa maʼlumotlar.
6. Xavf darajasi tahlili jarayonida tadbirkorlik subyektidan hujjatlar va axborotlar talab qilinishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
7. Nazorat vakolatiga kirmaydigan tadbirkorlik subyektlari faoliyatini tahlil qilish va baholash taqiqlanadi.
3-bob. Xavf darajasi tasnifi va ularning mezonlariga doir talablar
8. “Xavfni tahlil qilish” elektron tizimida xavf darajasini baholash oʻrganiladigan maʼlumotlar asosida shakllantirilgan mazkur Nizomning 1 va 2-ilovalaridagi nazorat sohalarida koʻrsatilgan asosiy koʻrsatkichlarga (sub-koʻrsatkichlarga) tadbirkorlik subyekti faoliyatining muvofiqligini “ball” tizimi asosida baholash orqali amalga oshiriladi.
Bunda sub-koʻrsatkichlar mavjud boʻlganda har bir asosiy koʻrsatkichning bahosi ushbu koʻrsatkich ostidagi sub-koʻrsatkichlar bahosining yigʻindisidan kelib chiqadi.
9. Agentlik tadbirkorlik subyektlarining xavf darajasini baholash uchun mazkur Nizomning 1 va 2-ilovalaridagi nazorat sohalarida koʻrsatilgan asosiy koʻrsatkichlarni (sub-koʻrsatkichlarni) “Xavfni tahlil qilish” elektron tizimiga kiritadi.
Bunda tadbirkorlik subyektlarining xavf darajasi mazkur Nizomning 1 va 2-ilovalaridagi nazorat sohalarida koʻrsatilgan asosiy koʻrsatkichlar (sub-koʻrsatkichlar) boʻyicha “Xavfni tahlil qilish” elektron tizimida avtomatik ravishda alohida aniqlanadi.
10. “Xavfni tahlil qilish” elektron tizimida tadbirkorlik subyektlari faoliyatida huquqbuzarlik sodir etish xavfi past, oʻrta va yuqori darajalarga tasniflanadi.
Bunda baholash natijasida aniqlangan xavf darajasining umumiy ballari asosida tadbirkorlik subyekti tomonidan huquqbuzarlik sodir etish xavfi quyidagi uch xil toifaga tasniflanadi:
xavf darajasi yuqori — baholash natijalari boʻyicha 81 balldan 100 ballgacha boʻlgan ballarni tashkil etuvchi tadbirkorlik subyektlari;
xavf darajasi oʻrta — baholash natijalari boʻyicha 61 balldan 81 ballgacha boʻlgan ballarni tashkil etuvchi tadbirkorlik subyektlari;
xavf darajasi past — baholash natijalari boʻyicha 61 ballgacha boʻlgan ballarni tashkil etuvchi tadbirkorlik subyektlari.
11. Baholash natijalariga muvofiq huquqbuzarlik xavfi yuqori va oʻrta tasnifidagi tadbirkorlik subyektlarida profilaktika tadbirlari va tekshiruvlarni oʻtkazish amaldagi qonunchilik hujjatlari, shu jumladan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 14-noyabrdagi PF-184-son “Tadbirkorlar huquqlari va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoni, 2022-yil 13-sentabrdagi PQ-374-son qarori bilan tasdiqlangan Nazorat qiluvchi organlar tomonidan tadbirkorlik subyektlari faoliyatida tekshiruvlar va profilaktika tadbirlarini oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizom va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 19-oktabrdagi 611-son qarori bilan tasdiqlangan Nazorat qiluvchi organlarning “Xavfni tahlil etish” tizimlariga qoʻyiladigan minimal talablar asosida amalga oshiriladi.
Bunda tadbirkorlik subyektlarida profilaktika tadbirlari va tekshiruvlar faqatgina Agentlikning vakolatiga kiradigan masalalarni oʻrganish maqsadida oʻtkaziladi.
4-bob. Yakuniy qoidalar
12 Xavfni tahlil etish natijalaridan norozi boʻlgan shaxslar qonunchilikda belgilangan tartibda yuqori turuvchi organga yoki sudga shikoyat qilishga haqli.
13. Mazkur Nizom talablarining buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar belgilangan tartibda javobgar boʻladilar.
Kinematografiya sohasidagi vakolatli davlat organining tadbirkorlik subyektlarida tekshiruvlar oʻtkazish borasidagi faoliyatida “xavfni tahlil etish” elektron tizimini joriy etish toʻgʻrisidagi nizomga 1-ILOVA
Filmni ommaviy namoyish etish boʻyicha qonunchilik hujjatlariga oid huquqbuzarlik sodir etish xavfini baholash jarayonida tadbirkorlik subyekti faoliyatidagi huquqbuzarlik alomatlari
koʻrsatkichlari
Kinematografiya sohasidagi vakolatli davlat organining tadbirkorlik subyektlarida tekshiruvlar oʻtkazish borasidagi faoliyatida “xavfni tahlil etish” elektron tizimini joriy etish toʻgʻrisidagi nizomga 2-ILOVA
Xorijiy kinokompaniyalar tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi hududida filmlarni kino va video tasvirga olishga oid huquqbuzarlik sodir etish xavfini baholash jarayonida tadbirkorlik subyekti faoliyatidagi huquqbuzarlik alomatlari
koʻrsatkichlari
