2030-yilga qadar Oʻzbekiston Respublikasida gender tenglikka erishish strategiyasining maqsadli koʻrsatkichlarini tasdiqlash toʻgʻrisida (KQ-346/1-V-son)
26.05.2026
Oʻzbekicton Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasida gender tenglikka erishish strategiyasi xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni taʼminlash, jamiyat hayotining barcha sohalarida gender tenglik tamoyillarini qaror toptirish va mazkur sohada davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishlarini amalga oshirishning muhim dasturiy asosi boʻlib xizmat qilmoqda.
Xalqaro standartlarga mos milliy qonunchilik bazasi shakllantirilib, sohaga oid 110 dan ziyod normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilindi.
Xususan, davlat tomonidan xotin-qizlar va erkaklarga jamiyat hamda davlat hayotining barcha sohalarida teng huquq va imkoniyatlarni taʼminlash majburiyati mustahkamlanib, xotin-qizlarni mehnat sohasida kamsitishning oldini olishga qaratilgan qoʻshimcha huquqiy kafolatlar Konstitutsiya darajasida belgilab qoʻyildi.
Mehnat munosabatlarida teng imkoniyatlarni taʼminlash maqsadida muayyan soha va kasb turlarida xotin-qizlar mehnatidan foydalanishga qoʻyilgan cheklovlar bekor qilindi.
Shu bilan birga, jins boʻyicha kamsitishni targʻib qilganlik, xotin-qizlar va erkaklar teng huquqliligini ochiqdan ochiq inkor etganlik, shu mazmundagi gʻoyalar va chaqiriqlarni tarqatganlik uchun maʼmuriy javobgarlik belgilandi.
Siyosiy hayotda xotin-qizlar ishtirokini kengaytirish maqsadida siyosiy partiyalar tomonidan deputatlikka koʻrsatiladigan nomzodlarning kamida 40 foizini ayollar tashkil etishi haqidagi norma qonunchilikda mustahkamlandi.
Shuningdek, xotin-qizlarning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish maqsadida bolani parvarishlash taʼtilida boʻlgan davrni ish stajiga qoʻshib hisoblashning maksimal muddati 3 yildan 6 yilgacha oshirildi.
Yagona yondashuv asosida vazirlik va idoralar faoliyatini samarali tashkil etish va muvofiqlashtirish maqsadida Xotin-qizlarning jamiyatdagi rolini oshirish, gender tenglik va oila masalalari boʻyicha respublika komissiyasi tashkil etildi.
Davlat organlarida gender tenglikni taʼminlash masalalari boʻyicha Maslahat kengashlari faoliyati yoʻlga qoʻyildi.
Shuningdek, normativ-huquqiy hujjatlarni gender ekspertizasidan oʻtkazish, gender statistikasini yuritish, gender audit hamda genderga yoʻnaltirilgan budjetlashtirish kabi zamonaviy mexanizmlar joriy etildi.
Amalga oshirilgan islohotlar xalqaro reyting va indekslarda ham oʻz aksini topmoqda. Jumladan, 2026-yilda Jahon bankining “Ayol, biznes va qonun” indeksida Oʻzbekiston 190 ta davlat orasida 48-oʻrinni egalladi, Gender tenglik va boshqaruv indeksida 51 pogʻonaga yuqorilab, 52-oʻringa koʻtarildi. Parlamentlararo ittifoqning “Parlamentdagi ayollar” reytingida esa mamlakatimiz 193 ta davlat orasida 35-oʻrinni qayd etdi.
Shu bilan birga, jahonda kechayotgan ijtimoiy-iqtisodiy va demografik oʻzgarishlar, raqamli transformatsiya jarayonlarining jadallashuvi, mehnat bozorida yuzaga kelayotgan yangi tendensiyalar hamda gender tenglik sohasidagi xalqaro standart va yondashuvlarning takomillashib borishi strategiyada belgilangan maqsadlarga erishish darajasini baholashning aniq, oʻlchanadigan va zamonaviy koʻrsatkichlar tizimini shakllantirish zaruratini yuzaga keltirmoqda.
Xotin-qizlarga nisbatan kamsitishning barcha shakllariga barham berish toʻgʻrisidagi konvensiya (CEDAW) va uning monitoring organi tavsiyalarida ham gender tenglik sohasidagi davlat siyosati samaradorligini oʻlchash mumkin boʻlgan va taqqoslanadigan koʻrsatkichlar asosida baholash muhimligi qayd etilgan.
Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 16-fevraldagi “Mamlakat taraqqiyotining 2030-yilgacha moʻljallangan ustuvor yoʻnalishlari doirasida islohotlarni izchil davom ettirish va yangi bosqichga olib chiqishning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-21-sonli Farmonida 2030-yilga qadar Oʻzbekiston Respublikasida gender tenglikka erishish strategiyasini qayta koʻrib chiqish vazifasi belgilangan.
Mazkur vazifalardan kelib chiqib, davlat boshqaruvida xotin-qizlar ishtirokini kengaytirish, ularning iqtisodiy faolligi va bandligini oshirish, ilm-fan, innovatsiyalar, raqamli texnologiyalar va sport sohalaridagi ishtirokini ragʻbatlantirish, genderga yoʻnaltirilgan budjetlashtirish amaliyotini kengaytirish hamda fuqarolik jamiyati institutlarining rolini kuchaytirishga qaratilgan ustuvor yoʻnalishlar boʻyicha maqsadli koʻrsatkichlarni belgilash dolzarb ahamiyat kasb etmoqda.
Strategiyani amalga oshirish jarayonida toʻplangan tajriba, erishilgan natijalar va mavjud muammolarni hisobga olgan holda, gender tenglikka erishish boʻyicha ustuvor maqsadlarning bajarilishini baholash imkonini beruvchi maqsadli koʻrsatkichlarni belgilash hamda ularni hozirgi zamon talablariga muvofiq takomillashtirish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Kengashi qaror qiladi:
1. 2030-yilga qadar Oʻzbekiston Respublikasida gender tenglikka erishish strategiyasining maqsadli koʻrsatkichlari (bundan buyon matnda Maqsadli koʻrsatkichlar deb yuritiladi) 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining 2021-yil 28-maydagi SQ-297-IV-sonli qaroriga 2-ilovaga muvofiq oʻzgartirishlar kiritilsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Oila va xotin-qizlar qoʻmitasi:
ikki oy muddatda Milliy statistika qoʻmitasi bilan birgalikda Maqsadli koʻrsatkichlar boʻyicha maʼlumotlarni shakllantirish va taqdim etish masalalari yuzasidan vazirlik va idoralarga uslubiy koʻmak koʻrsatsin;
manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda Maqsadli koʻrsatkichlarga erishish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar va erishilgan natijalar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni xalqaro tashkilotlarga, reyting va indekslarni yurituvchi tashkilotlarga muntazam taqdim etib borsin;
Adliya vazirligi bilan birgalikda ushbu Qarorning mazmun-mohiyati va ahamiyati yuzasidan aholi oʻrtasida keng koʻlamli huquqiy targʻibot-tushuntirish ishlarini tashkil etsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Yoshlar, xotin-qizlar, madaniyat va sport masalalari qoʻmitasi Maqsadli koʻrsatkichlarga erishish boʻyicha amalga oshirilgan ishlar yuzasidan yilida kamida ikki marta masʼul vazirlik va idoralarning axborotlarini eshitib, tanqidiy muhokama qilib borsin.
5. Respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari Maqsadli koʻrsatkichlarning bajarilishi holati toʻgʻrisida har chorakda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatiga axborot kiritsin.
6. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari ikki oy muddatda Maqsadli koʻrsatkichlarga erishish boʻyicha hududiy choralarni belgilasin va ularning bajarilishini muntazam monitoring qilib borsin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Milliy statistika qoʻmitasi Maqsadli koʻrsatkichlarning bajarilishi toʻgʻrisidagi yangilangan maʼlumotlarni har yili kamida ikki marta gender.stat.uz axborot platformasiga joylashtirish choralarini koʻrsin.
8. Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi hamda Oʻzbekiston Milliy media birlashmasiga Maqsadli koʻrsatkichlarga erishish boʻyicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarni keng yoritib borish tavsiya etilsin.
9. Mazkur Qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Yoshlar, xotin-qizlar, madaniyat va sport masalalari qoʻmitasi raisi O. Kozixonova zimmasiga yuklansin.
10. Mazkur Qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Raisi T. NARBAYEVA
Toshkent sh.,
2026-yil 26-may,
KQ-346/1-V-son
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining 2026-yil 26-maydagi KQ-346/1-V-sonli qaroriga 1-ILOVA
2030-yilga qadar Oʻzbekiston Respublikasida gender tenglikka erishish strategiyasining
MAQSADLI KOʻRSATKICHLARI
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining 2026-yil 26-maydagi KQ-346/1-V-sonli qaroriga 2-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining 2021-yil 28-maydagi SQ-297-IV-sonli qaroriga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining 2021-yil 28-maydagi “2030-yilga qadar Oʻzbekiston Respublikasida gender tenglikka erishish strategiyasini tasdiqlash haqida”gi SQ-297-IV-sonli Qarori quyidagi oʻzgartirishlar kiritilsin:
1) 1-bandi:
uchinchi xatboshisidagi “2-ilovaga” degan soʻzlar “2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin” degan soʻz bilan almashtirilsin;
toʻrtinchi xatboshisi chiqarib tashlansin;
2) 3-bandining beshinchi xatboshisidagi “hamda Maqsadli koʻrsatkichlar” degan soʻzlar chiqarib tashlansin;
3) 4-bandining ikkinchi xatboshisidagi “hamda Maqsadli koʻrsatkichlarga erishish” degan soʻzlar chiqarib tashlansin.
