Sanatsiyaga tortilgan qishloq xoʻjalik korxonalarini monitoring qilish tartibi (473-son)
14.08.1998
tartibi
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 1998-yil 14-avgustda 473-son bilan davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan]
1. Ushbu Tartib Oʻzbekiston Respublikasining “Qishloq xoʻjalik korxonalarini sanatsiya qilish toʻgʻrisida”gi Qonuni va Vazirlar Mahkamasining 1998-yil 14-yanvar 21-sonli “Qishloq xoʻjalik korxonalarini sanatsiya qilish boʻyicha meʼyoriy hujjatlarni tasdiqlash toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq ishlab chiqilgan boʻlib, qishloq xoʻjalik korxonalarida (quyida korxonalar) sanatsiyalash jarayonining qanday borayotganligini va sanatsiya rejasining bajarilishini kuzatish va nazorat qilish tartibini belgilab beradi.
2. Qishloq xoʻjalik korxonalarini sanatsiya qilish masalalari boʻyicha Hukumat komissiyasi (quyida — Hukumat komissiyasi) tomonidan tasdiqlangan moliyaviy sogʻlomlashtirish rejasi korxonani sanatsiyalashning asosiy dasturiy hujjati hisoblanib, uning bajarilishini kuzatish va nazorat qilish belgilangan tartibga koʻra Iqtisodiy nochor korxonalar ishlari Qoʻmitasi va uning hududiy boshqarmalari (quyida — Qoʻmita) tomonidan amalga oshiriladi.
3. Tashqi boshqaruvchi tomonidan ishlab chiqilgan va Hukumat komissiyasi tomonidan tasdiqlangan Moliyaviy sogʻlomlashtirish rejasining bajarilishi boʻyicha Maʼlumotnoma hisobot choragidan keyingi oyning 10-sanasigacha Qoʻmitaga taqdim etiladi.
Maʼlumotnomada quyidagilar boʻlishi lozim:
buxgalteriya balansi va uning iqtisodiy tahlili (f-1);
moliyaviy natijalar toʻgʻrisidagi hisobot (f-2);
debitor va kreditor qarzlar toʻgʻrisida toʻliq axborot;
hisobot davridagi qarzlari boʻyicha soliq inspeksiyasining Dalolatnomasi;
sanatsiya rejasida koʻrsatilgan tadbirlarning bajarilishiga oid axborotlar (1, 2, 3, 4-ilovalar).
4. Qoʻmita sanatsiyaga tushgan xoʻjaliklarning bergan Maʼlumotnomasi asosida xoʻjaliklarda sanatsiya jarayoni qanday borayotganligi, hamda moliyaviy sogʻlomlashtirish rejasining bajarilishi boʻyicha chuqur moliyaviy tahlil oʻtkazishi va tahlil natijasi boʻyicha umumiy maʼlumot tayyorlab, hisobot choragidan keyingi oyning 20-sanasigacha Hukumat komissiyasiga axborot taqdim etadi.
5. Agar Qoʻmita tomonidan oʻtkazilgan monitoring va tahlil natijasiga koʻra, xoʻjalikda moliyaviy sogʻlomlashtirish rejasining bajarilmaslik holati va buning natijasida iqtisodiy ahvol talabga javob bermasa, Qoʻmita tashqi boshqaruvchini, Hududiy va Hukumat komissiyasini xoʻjalikdagi iqtisodiy ahvoldan xabardor etadi va mavjud kamchiliklarni bartaraf qilish uchun uch oy muddatgacha vaqt beradi.
Agar uch oy muddat ichida kamchiliklar bartaraf etilmasa va ahvol oʻnglanmasa, Qoʻmita Hududiy va Hukumat komissiyasiga mazkur xoʻjalikda sanatsiya qilishni toʻxtatish haqidagi oʻz xulosasini taqdim etadi.
6. Tashqi boshqaruvchining vakolatini toʻxtatish va egallab turgan lavozimidan ozod etish Hukumat komissiyasi bilan kelishgan holda, tuman hokimi tomonidan kuyidagi hollarda amalga oshiriladi:
tashqi boshqaruvchining oʻz vakolatidan ozod qilish toʻgʻrisidagi iltimosnomasiga koʻra;
tashqi boshqaruvchi oʻz vazifalarini muntazam ravishda buzgan taqdirda, kreditorlar yoki korxona mol-mulki egasining iltimosnomasiga koʻra;
tashqi boshqaruvchi oʻz faoliyatini davom ettirishga toʻsqinlik qiluvchi holatlar aniqlanganda;
qonunchilikda koʻzda tutilgan boshqa hollarda.
7. Bundan tashqari, Qoʻmita tomonidan korxonani sanatsiya qilishni toʻxtatish haqidagi taklifi Hukumat komissiyasiga quyidagi hollarda ham taqdim etiladi:
sanatsiya qilish muddati tugaganda;
qishloq xoʻjalik korxonalarini sanatsiya qilish toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarining talablari bajarilmaganda;
sanatsiya rejasining samarasiz ekanligi aniqlanganda;
sanatsiya muddati tugagunga qadar korxona oʻz moliyaviy holatini tiklab olgan holda.
8. Sanatsiya jarayonida sanatsiya qilish toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari talablarini buzganlikda aybdor deb topilgan shaxslar qonunda belgilangan tartibda javobgar boʻladilar.
1-ILOVA
2-ILOVA
3-ILOVA
4-ILOVA
