Ichki ishlar sohasida hamkorlik toʻgʻrisida
08.06.2023
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Italiya Respublikasi Hukumati oʻrtasida
Bitim
[Oʻzbekiston Respublikasi xalqaro shartnomalari davlat reyestrida 2023-yil 21-iyunda roʻyxatga olindi, roʻyxat raqami 4515-IT-2023-H]
Muqaddima
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Italiya Respublikasi Hukumati, keyingi oʻrinlarda Tomonlar deb ataluvchilar,
jinoyatchilikning turli shakllarining jamoat tartibi va xavfsizligi, shuningdek, fuqarolarning farovonligiga salbiy oqibatlaridan ogoh boʻlib,
jinoyatchilik va terrorizmga qarshi kurashish, inson huquq va erkinliklari himoyasini taʼminlashda ichki ishlar organlari oʻrtasidagi xalqaro hamkorlikni rivojlantirishga katta eʼtibor qaratib,
tenglik va oʻzaro manfaatli hamkorlik prinsiplari asosida mavjud doʻstona aloqalarni mustahkamlash niyatida,
Giyohvand vositalari toʻgʻrisidagi Yagona konvensiya (Nyu-York, 1961 yil 30 mart), uning oʻzgartirishlar toʻgʻrisidagi qoʻshimcha Protokoli (Jeneva, 1972-yil 25-mart), Psixotrop moddalar toʻgʻrisidagi Konvensiya (Vena, 1971-yil 21-fevral), Giyohvand vositalari va psixotrop moddalarning noqonuniy muomalasiga qarshi kurashish toʻgʻrisida Birlashgan Millatlar Tashkilotining Konvensiyasi (Vena, 1988-yil 20-dekabr), Birlashgan Millatlar Tashkilotining Transmilliy uyushgan jinoyatchilikka qarshi Konvensiyasi (Nyu-York, 2000-yil 15-noyabr) va uning quruqlik, dengiz yoki havo orqali migrantlarning kontrabandasiga qarshi qoʻshimcha Protokoli (Nyu-York, 2000-yil, 15-noyabr), Odam savdosi, ayniqsa ayollar va bolalar savdosining oldini olish, unga chek qoʻyish va jazolash Protokoli (Nyu-York, 2000-yil 15-noyabr), Birlashgan Millatlar Tashkilotining korrupsiyaga qarshi Konvensiyasi (Nyu-York, 2003-yil 31-oktabr) hamda Oʻzbekiston Respublikasi va Italiya Respublikasi ishtirokchi boʻlgan Birlashgan Millatlar Tashkiloti shafeligida qabul qilingan terrorizmga qarshi Konvensiyalar, shuningdek, Global harakatlar rejasi (Nyu-York, 1990-yil 23-fevral) va Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 45/123-sonli Uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashda xalqaro hamkorlik toʻgʻrisidagi rezolyutsiyasini (Nyu-York, 1990-yil 14-dekabr) inobatga olib,
Oʻzbekiston Respublikasi, bir tomondan, va Yevropa Hamjamiyatlari hamda ularga А'zo-Davlatlar, ikkinchi tomondan, oʻrtasida sherikchilik taʼsis etuvchi sherikchilik va hamkorlik toʻgʻrisida Bitimning 72-moddasi qoidalarni inobatga olib,
quyidagilar toʻgʻrisida kelishib oldilar:
1-modda Maqsadlar
1. Mazkur Bitimning maqsadi barcha koʻrinishlardagi ogʻir va yangi paydo boʻlayotgan jinoyatchilik shakllari va terrorizmning oldini olish hamda unga chek qoʻyish boʻyicha hamkorlikni ragʻbatlantirish, rivojlantirish va mustahkamlashdan iborat.
2. Mazkur Bitim amaldagi xalqaro huquqqa hamda Italiya tomoniga nisbatan uning Yevropa Ittifoqiga aʼzoligidan kelib chiqadigan majburiyatlarga muvofiq amalga oshiriladi.
2-modda Vakolatli organlar
1. Quyidagilar mazkur Bitimni amalga oshirish uchun masʼul boʻlgan vakolatli organlar hisoblanadi:
a. Oʻzbek tomoni uchun — Ichki ishlar vazirligi;
b. Italiya tomoni uchun — Ichki ishlar vazirligi.
3-modda Hamkorlik sohalari
1. Tomonlar jiddiy va yuzaga kelayotgan jinoiy hodisalar hamda uning barcha shakllaridagi transmilliy jinoyatchilikning oldini olish va ularga qarshi kurashishda, quyidagi sohalarga alohida eʼtibor qaratib, biroq ular bilan cheklanmagan holda, hamkorlik qiladilar:
a. Transmilliy uyushgan jinoyatchilik va korrupsiya;
b. Ikkala Tomonning milliy qonunchiligi yoki ular uchun majburiy boʻlgan tegishli xalqaro konvensiyalarga muvofiq jinoyatlar deb topiladigan terroristik guruhlar faoliyati, shu jumladan, ushbu terroristik guruhlarni moliyalashtirishga qaratilgan faoliyatlar;
c. Shaxslarga qarshi jinoyatlar, xususan, odam oʻgʻirlash va fohishalikbozlikdan foydalanish;
d. Giyohvandlik vositalari yoki psixotrop moddalarni hamda ularning kimyoviy prekursorlarini, shuningdek, ularni ishlab chiqarishda foydalaniladigan asosiy kimyoviy moddalarni, psixofaol prinsiplarni oʻz ichiga olgan va doping qoʻllashda foydalaniladigan dori vositalarini, yangi psixoaktiv moddalarning (YaPM) qonunga xilof ravishda ishlab chiqarilishi va muomalasi;
e. Odam savdosi, ayniqsa ayollar va bolalar, shuningdek, inson aʼzolari va toʻqimalari savdosi hamda migrantlar kontrabandasi va ular bilan bogʻliq jinoyatlar;
f. Qurollar, oʻq-dorilar, portlovchi moddalarning noqonuniy muomalasi;
g. Kiberjinoyat va onlayn bolalar pornografiyasi;
h. Iqtisodiy va moliyaviy jinoyatlar, shu jumladan, jinoiy daromadlarni legallashtirish;
i. Jinoiy daromadlarni legallashtirish;
j. Mulkiy jinoyatlar, shu jumladan, tarixiy va madaniy meroslarga qarshi jinoyatlar;
k. Ekologiya sohasidagi jinoyatlar;
l. Pul, toʻlov kartalari va boshqa toʻlov hujjatlarini qalbakilashtirish va umuman qalbakilashtirish bilan bogʻliq jinoyatlar;
m. Transport jinoyatlari;
n. Boshqa ogʻir jinoyatlar.
2. Vakolatli organlar jinoiy qilmishlar sodir etilishining oldini olish maqsadida quyidagilarni kafolatlash uchun ham hamkorlik qiladilar:
a. Ayniqsa, yirik tadbirlar va ijtimoiy inqirozlar munosabati bilan jamoat tartibi va xavfsizligi;
b. jamoatchilik politsiyasini (ichki ishlar jamoatchilik tartibini) rivojlantirish;
c. yoʻl harakati xavfsizligi, aeroportlar, temir yoʻllar, metrolar, shuningdek, turistik joylarda xavfsizlik;
d. sud ekspertizasi sohasida hamkorlik;
e. kinologiya sohasida hamkorlik;
f. sogʻligʻi yoki yoshiga koʻra oʻzi toʻgʻrisida maʼlumot bera olmaydigan shaxslarni, shuningdek, shaxsi nomaʼlum jasadlarni aniqlash;
g. politsiya (ichki ishlar) kuchlari tomonidan qoʻllaniladigan material, jihoz va texnologiyalar haqida maʼlumot almashish;
h. axborot va telekommunikatsiya tizimlarini rivojlantirishda hamkorlik qilish;
i. asosiy, malaka oshirish va ixtisoslashtirilgan tayorlov sohasida, shuningdek, bir Tomon xodimlarining boshqa Tomon mamlakatida muhim strategik ahamiyatga ega boʻlgan mavzularda tashkil etiladigan oʻquv kurslari va tadbirlarida ishtirok etishi orqali hamkorlik qilish.
3. Mazkur Bitim ekstraditsiya masalalariga va jinoiy ishlar boʻyicha oʻzaro huquqiy yordam koʻrsatishga taʼsir qilmaydi.
4. Vakolatli organlar qoidalari jinoyatchilikka qarshi kurashning muayyan sohalarida Tomonlarning hamkorligini belgilaydigan texnik kelishuvlar tuzishlari mumkin.
4-modda Hamkorlik shakllari
1. Mazkur Bitimda nazarda tutilgan hamkorlik shakllari quyidagilardan iborat:
A) Quyidagilar boʻyicha axborot almashinuvi olib boriladi:
a. jinoyatlar, uyushgan jinoiy guruhlar, tuzilgan guruhlar va ularga aloqador shaxslar, shuningdek, ularning tuzilishi, boshqaruvi va ishlash uslubi toʻgʻrisida;
b. qidiruvdagilarni izlash;
c. tegishli hududlarda faoliyat yuritayotgan terroristik guruhlar va ularga aloqador shaxslar, shuningdek, ularning ishlash usullari toʻgʻrisida;
d. giyohvandlik vositalari, ularning prekursorlari va kimyoviy moddalarning muomalasi bilan shugʻullanuvchi jismoniy va yuridik shaxslar toʻgʻrisida;
e. noqonuniy qoʻlga kiritilgan aktivlarni aniqlash va topish boʻyicha;
f. tartibsiz immigratsiya boʻyicha;
g. buzib koʻrsatilgan va qalbakilashtirilgan hujjatlarni aniqlash maqsadida pasportlar va boshqa sayohat hujjatlari, viza hamda kirish-chiqish shtamplari namunalari toʻgʻrisida;
h. kiberjinoyatga, xususan, bolalar jinsiy ekspluatatsiyasiga va onlayn bolalar pornografiyasiga qarshi kurashish;
i. vakolatli organlar uchun oʻzaro qiziqish uygʻotadigan boshqa maʼlumot almashinuvi.
B) umumiy qiziqish uygʻotadigan jinoiy hodisalarni tahlil qilish va tezkor vositalar va ilgʻor tajribalarni, xususan, quyidagilarni almashish:
a. olib qoʻyilgan va musodara qilingan mol-mulkni boshqarish;
b. tegishli mamlakatlarda giyohvandlik vositalarining noqonuniy muomalasi, giyohvandlik vositalari yoki psixotrop moddalarning yangi turlari, kimyoviy prekursorlar va ular bilan bogʻliq jinoyatlar, shuningdek, bunday moddalarning kompyuter tarmoqlari orqali xalqaro aylanmasi toʻgʻrisida hamda olib qoʻyilgan giyohvandlik vositalari namunalarining tahlillari natijalari toʻgʻrisida;
c. jinoyatchilikka qarshi kurashning qonunchilik va ilmiy vositalari, shu jumladan, tergov va ilmiy tahlil usullari toʻgʻrisida;
d. jamoat ishlari boʻyicha tenderlarda ishtirok etuvchi kompaniyalarning jinoiy kirib kelishining oldini olish va chek qoʻyish usullari va tezkor amaliyotlari toʻgʻrisida;
e. odam savdosi va muhojirlarning noqonuniy savdosiga qarshi kurashish usullari toʻgʻrisida;
f. boshqa Tomonning hududida immigratsiya qonunchiligiga koʻra, tartibsiz boʻlib turgan oʻzlarining fuqarolarini aniqlash va qayta qabul qilish toʻgʻrisida, bunday hamkorlikni yaxshiroq amalga oshirish uchun tezkor tadbirlarni oʻz ichiga olgan ijro etish bayonnomasini tuzish imkoniyati bilan.
C) nazorat ostida yetkazib berish, elektron kuzatuv yoki kuzatuvning boshqa shakllari va maxfiy operatsiyalar kabi maxsus tergov usullarini amalga oshirishni muvofiqlashtirish uchun zarur choralar koʻrish;
D) 5-moddada nazarda tutilgan yordam soʻrovlarini ijro etish;
E) Quyidagilarda strategik hamkorlikni amalga oshirish:
a) xodimlarni tayyorlash boʻyicha treninglar va ilgʻor amaliyotlar;
b) tajriba va ekspertlar almashinuvi;
c) kurslar, oʻquv tadbirlari va qoʻshma tadbirlarni tashkil etish;
d) salohiyatni oshirish;
e) tashriflar, seminarlar tashkil etish, ilgʻor tajriba almashish;
f) qonunchilik, ilmiy va texnologik vositalar, tashkillashtirish va boshqarish, ilmiy-tadqiqot va texnologik innovatsiyalar, yuzaga kelayotgan xavfsizlik tahdidlarini tahlil qilish va ularni cheklashga qaratilgan siyosat va strategiyalarni ishlab chiqish boʻyicha axborot almashinuvi.
2. Tomonlarning vakolatli organlari mazkur Bitim kuchga kirgandan soʻng (30) oʻttiz kalendar kun ichida uning qoidalarini amalga oshirish uchun oʻzlarining aloqa shaxslari roʻyxatini almashadilar.
5-modda Yordam koʻrsatish toʻgʻrisida soʻrov
1. Mazkur Bitim doirasidagi hamkorlik manfaatdor Tomonning yordam koʻrsatish toʻgʻrisidagi soʻrovi (keyingi oʻrinlarda — soʻrov) asosida amalga oshiriladi. Har bir Tomon boshqa Tomonga oʻzida mavjud boʻlgan maʼlumotni, basharti bunday maʼlumotlar boshqa Tomon uchun qiziqish uygʻotishiga asoslar mavjud boʻlsa, soʻrovsiz ham yuborishi mumkin.
2. Soʻrov yozma shaklda, shu jumladan, matn uzatishning texnik vositalaridan foydalangan holda yuboriladi. Zarur hollarda, soʻrovlar va maʼlumot ogʻzaki ravishda yuborilishi mumkin, biroq ular keyingi (3) uch kun ichida yozma ravishda tasdiqlanishi lozim.
3. Soʻrovning haqiqiyligi yoki mazmuni yuzasidan shubha uygʻongan taqdirda, uning qoʻshimcha tasdiqlanishi talab qilinishi mumkin.
4. Soʻrov quyidagilarni oʻz ichiga olishi lozim:
a. maʼlum boʻlsa, yordam koʻrsatishni soʻrayotgan va soʻralayotgan organning nomi;
b. soʻrov, uning maqsadi va asosini aks ettiruvchi bayonot;
c. soʻrovni lozim darajada bajarish uchun foydalanish mumkin boʻlgan har qanday boshqa maʼlumot.
5. Soʻrov rasmiy idoraviy blankda rasmiylashtiriladi hamda soʻrayotgan Tomon davlati vakolatli organining mutasaddi mansabdor shaxsi tomonidan imzolanadi.
6. Tomonlar oʻz davlatlari vakolatli organlarining soʻrovlarni imzolash vakolatiga ega mansabdor shaxslarining roʻyxatlarini va idoraviy blanklar namunalarini almashishlari lozim. Tomonlar soʻrovlarni imzolash vakolatiga ega boʻlgan mansabdor shaxslarning roʻyxatlari yoki rasmiy idoraviy blanklarda har qanday oʻzgarish boʻlgan taqdirda, bu haqda bir-birlarini darhol xabardor qiladilar.
6-modda Yordam koʻrsatish toʻgʻrisidagi soʻrovni ijro etish
1. Soʻralayotgan Tomon (30) oʻttiz kalendar kun ichida soʻrovning tez va toʻliq ijrosini taʼminlash uchun barcha zarur choralarni koʻradi. Soʻralayotgan Tomon soʻrovning bajarilishiga toʻsqinlik qiluvchi yoki uning bajarilishini sezilarli darajada kechiktiradigan holatlar toʻgʻrisida soʻrayotgan Tomonni darhol xabardor qiladi.
2. Agar soʻrovni bajarish soʻralayotgan Tomon organining vakolatiga kirmasa, mazkur organ darhol bu toʻgʻrisida soʻrayotgan Tomonni xabardor qiladi va uning soʻroviga koʻra uni tegishli vakolatli organga yetkazadi.
3. Soʻralayotgan Tomon soʻrovni lozim darajada bajarish uchun zarur deb hisoblangan qoʻshimcha maʼlumotni talab qilishga haqli.
4. Soʻrovnomani bajarish soʻralayotgan Tomon davlatining qonunchiligiga muvofiq amalga oshiriladi.
5. Agar soʻralayotgan Tomon soʻrovni bajarish oʻz davlatida amalga oshirilayotgan jinoiy taʼqib yoki jinoiy ish yurituviga aralashishi mumkin deb hisoblasa, u soʻrov ijrosini keyinga qoldirishi yoki uning bajarilishini soʻrayotgan Tomon bilan maslahatlashuvdan soʻng zarur deb topilgan shartlarga rioya qilish orqali olib borishi mumkin. Agar soʻrayotgan Tomon soʻrovning bunday shartlarda bajarilishiga rozi boʻlsa, soʻralayotgan Tomon ularga rioya qilishi lozim.
6. Soʻralayotgan Tomon soʻrovni bajarish natijalari toʻgʻrisida soʻrayotgan Tomonni darhol xabardor qiladi.
7-modda Yordam koʻrsatish toʻgʻrisidagi soʻrovni bajarishni rad etish
1. Soʻralayotgan Tomon soʻrovnomaning bajarilishi oʻz davlatining suvereniteti, xavfsizligi, jamoat tartibiga yoki boshqa muhim manfaatlariga zarar yetkazishi, inson huquqlari va erkinliklarining buzilishiga olib kelishi mumkin yoki oʻz davlatining qonunchiligiga yoxud xalqaro majburiyatlariga zid deb hisoblasa, soʻrovning bajarilishini toʻliq yoki qisman rad etishi mumkin.
2. Agar soʻrov yuborilishiga sabab boʻlgan qilmish soʻralayotgan Tomon davlatining qonunchiligiga muvofiq jinoyat hisoblanmasa, yordam koʻrsatish rad etilishi mumkin.
3. Imkon boʻlsa, soʻralayotgan Tomon mazkur moddaning 1- va 2-bandlari asosida yordam koʻrsatishni rad etish toʻgʻrisida qaror chiqarishdan oldin soʻrayotgan Tomon zarur deb hisoblagan shartlarga amal qilgan holda yordam koʻrsatish mumkinligini koʻrib chiqish uchun soʻrayotgan Tomon bilan maslahatlashadi. Soʻrayotgan Tomon unga yordam koʻrsatilishi uchun asos boʻladigan shartlarga rioya qilishi lozim.
4. Soʻrayotgan Tomon soʻrov bajarilishining toʻliq yoki qisman rad etilishi toʻgʻrisida rad etish sabablari koʻrsatilgan holda yozma ravishda xabardor qilinadi.
8-modda Shaxsga doir maʼlumotlarni qayta ishlash
1. Mazkur Bitimning 4-moddasi 1-bandining A — D bandlarida va 3-moddaning 4-bandida koʻrsatilgan Texnik kelishuvlarga muvofiq, uzatilgan shaxsga doir maʼlumotlar faqatgina 1-moddada nazarda tutilgan maqsadlar uchun va ushbu Bitimning ajralmas qismi boʻlgan 1-ilovada keltirilgan ularni taqdim etishga doir bandlarga muvofiq qayta ishlanadi.
2. Mazkur Bitim va tegishli Texnik kelishuvlarni amalga oshirish uchun olingan boshqa Tomon xodimlari va hamkorlarining shaxsga doir maʼlumotlarining himoyasini taʼminlash uchun Tomonlar bunday maʼlumotni uchinchi tomonlarga taqdim etmaydilar va har qanday holatda ham boshqa Tomonning yozma roziligisiz ularni kelishilgan maqsadlarga mos kelmaydigan tarzda qayta ishlamaydi.
9-modda Qoʻshma guruhlar
1. Tomonlar mazkur Bitimni amalga oshirish hamda hamkorlikni baholash va takomillashtirish maqsadida teng miqdordagi vakillardan iborat boʻlgan, yiliga kamida bir marta, xususan, videoanjuman shaklida yigʻilishlar oʻtkazadigan, jinoyatchilikka qarshi kurashda ikki tomonlama hamkorlikni mustahkamlash boʻyicha amalga oshiriladigan qoʻshma harakatlar rejasini va boshqa foydali tashabbuslar ishlab chiqadigan strategik hamkorlik boʻyicha qoʻshma guruh tuzadilar.
2. Vakolatli organlar yuzaga kelgan tezkor ehtiyojlarga koʻra va cheklangan muddatlarda maslahat, yordam koʻrsatish va tahlil qilish vazifalari doirasida faoliyat yurituvchi qoʻshma tezkor va tergov ishchi guruhlarini ham tuzishlari mumkin.
10-modda Maslahatlashuvlar va uchrashuvlar
Vakolatli organlar vakillari videoanjuman shaklida ham uchrashuvlar va maslahatlashuvlar oʻtkazishlari mumkin.
11-modda Xarajatlar
1. Basharti, ikkala vakolatli organlar yozma ravishda boshqacha tarzda kelishmagan boʻlsalar, yordam soʻrovlarini bajarish bilan bogʻliq joriy xarajatlarni qabul qiluvchi vakolatli organ qoplaydi. Agar yordam soʻrovi katta yoki nazarda tutilmagan xarajatlarni oʻz ichiga olgan boʻlsa, vakolatli organlar soʻrovni koʻrib chiqish muddatlari va shartlarini va xarajatlarni taqsimlash usulini ishlab chiqish uchun maslahatlashadilar.
2. Vakolatli organlar tomonidan boshqacha tartib nazarda tutilmagan boʻlsa, uchrashuvlar xarajatlarini qabul qiluvchi vakolatli organ, yoʻl va turar joy xarajatlarini esa yuboruvchi vakolatli organ qoplaydi.
3. Tomonlar bir-birlariga jinoyatchilikka qarshi kurash vazifalarini hal qilish uchun zarur boʻlgan asbob-uskuna va materiallarni oʻz ichiga oluvchi begʻaraz koʻmak koʻrsatadilar.
12-modda Foydalaniladigan ishchi tillar
1. Tomonlar mazkur Bitim doirasidagi hamkorlikni amalga oshirishda oʻzbek, italyan va ingliz tillaridan foydalanadilar.
2. Soʻrovlar soʻralayotgan Tomonning rasmiy tiliga yoki ingliz tiliga tarjima qilish sharti bilan soʻrayotgan Tomonning rasmiy tilida yuboriladi.
13-modda Nizolarni hal etish
Mazkur Bitimni talqin qilish yoki qoʻllash bilan bogʻliq har qanday nizolar Tomonlar oʻrtasida bevosita maslahatlashuvlar va muzokaralar orqali hal etiladi.
14-modda Mutanosiblik sharti
Mazkur Bitimning qoidalari Tomonlarning ular ishtirokchi boʻlgan boshqa xalqaro shartnomalardan kelib chiqadigan huquq va majburiyatlariga daxl qilmaydi.
15-modda Yakuniy qoidalar
1. Mazkur Bitim uning kuchga kirishi uchun zarur boʻlgan Tomonlarning davlat ichki protseduralari bajarilganligini tasdiqlovchi ikkita yozma xabarnomalarning soʻnggisi olingan sanadan boshlab kuchga kiradi. Basharti Tomonlardan biri boshqa Tomonni mazkur Bitimni tugatish niyati toʻgʻrisida tugatilish sanasidan kamida 6 (olti) oy oldin yozma ravishda xabardor qilmasa, mazkur Bitim nomuayyan muddat davomida amal qiladi.
2. Mazkur Bitim kuchga kirishi bilan Rim shahrida 2000-yil 21-noyabrda imzolangan Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Italiya Respublikasi Hukumati oʻrtasida uyushgan jinoyatchilik, terrorizm hamda giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarning gʻayriqonuniy muomalasiga qarshi kurashda hamkorlik qilish toʻgʻrisidagi Bitim oʻz kuchini yoʻqotadi.
3. Tomonlarning oʻzaro yozma kelishuviga muvofiq, mazkur Bitimga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilishi mumkin. Ushbu kelishilgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar mazkur Bitimning ajralmas qismi hisoblanadi va ushbu moddaning 1-bandi qoidalariga muvofiq, kuchga kiradi.
4. Mazkur Bitim tugatilgan taqdirda, uning qoidalari mazkur Bitimga muvofiq amalga oshirilayotgan barcha tugatilmagan tadbirlarga nisbatan qoʻllanishda davom etadi.
Tegishli tartibda vakolatlangan quyida imzo chekuvchilar shunga guvohlik berib, mazkur Bitimni imzoladilar.
Rim shahrida 2023-yil 8-iyunda ikki asl nusxada, har biri oʻzbek, italyan va ingliz tillarida tuzildi, bunda barcha matnlar teng autentikdir.
Talqin qilishda tafovutlar yuzaga kelgan taqdirda, ingliz tilidagi matn ustuvor hisoblanadi.
(imzolar)
Ilova
Shaxsga doir maʼlumotlarni topshirish toʻgʻrisidagi
Qoidalar
Oʻzbekiston va Italiya qonunchiligi, shuningdek, Italiya tomoniga nisbatan uning Yevropa Ittifoqiga aʼzoligidan kelib chiqadigan majburiyatlarni hisobga olgan holda, Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Italiya Respublikasi Hukumati oʻrtasida ichki ishlar sohasida hamkorlik toʻgʻrisidagi Bitimning (keyingi oʻrinlarda — Bitim) 2-moddasiga muvofiq, har bir Tomonning “vakolatli organi” boshqa Tomonni mazkur Ilovaning bandlarida koʻrsatilgan kafolatlar asosida shaxsga doir maʼlumotlar bilan taʼminlaydi. Bunday kafolatlar Tomonlar uchun majburiydir va ularning tegishli qonunchiligidagi har qanday ziddiyatli majburiyatlardan ustun hisoblanadi.
I. Taʼriflar
Ushbu bandlar maqsadlarida quyidagilar qoʻllaniladi:
(a) “Markaziy vakolatli organ” — bu mazkur Bitimda maʼlumot almashish uchun aloqa nuqtasi sifatida koʻrsatilgan organ (organlar) yoki uni amalga oshirish uchun vakolatli hisoblangan organ (organlar)dir;
(b) “boshqa organ” milliy qoidalarga muvofiq, davlat vakolatlarini amalga oshirish vazifasi yuklatilgan davlat organi yoki organ yohud tashkilot va jinoyatlarning oldini olish, tergov qilish, aniqlash va bartaraf etish yoki jinoiy jazo choralarini qoʻllash, shu jumladan, undan himoya qiluvchi organdir;
(c) “shaxsga doir maʼlumotlar” muayyan jismoniy shaxsga taalluqli boʻlgan yoki uni identifikasiya qilish imkonini beradigan, elektron tarzda, qogʻozda va (yoki) boshqa moddiy jismda qayd etilgan axborotni anglatadi;
(d) “shaxsga doir maʼlumotlar subyekti” shaxsga doir maʼlumotlar taalluqli boʻlgan jismoniy shaxsni anglatadi;
(e) “maxsus maʼlumotlar” — bu irqiy yoki etnik kelib chiqishi, jamoat fikri, diniy yoki falsafiy eʼtiqodlari, kasaba uyushmasiga mansubligini, jismoniy shaxsni yagona aniqlash uchun moʻljallangan genetik yoki biometrik maʼlumotlar, shu jumladan, har qanday shaxsning sogʻligʻi va jinsiy hayotiga doir maʼlumotlarni aks ettiruvchi har qanday shaxsga doir maʼlumotlardir;
(f) “sudga oid maʼlumotlar” — bu jinoiy hukmlar va jinoyatlar yoki tegishli xavfsizlik choralari bilan bogʻliq har qanday shaxsga doir maʼlumotlardir;
(g) “umumiy maʼlumotlar” — bu maxsus yoki sudga oid boʻlmagan har qanday shaxsga doir maʼlumotlardir;
(h) “qayta ishlov berish” — bu yigʻish, roʻyxatdan oʻtkazish, tashkillashtirish, tuzilish, saqlash, moslashtirish yoki oʻzgartirish, qazib olish, maslahatlashuv, foydalanish yoki uzatish, aylanish yoki oʻzaro bogʻlanish yoki taqqoslash, cheklash, yoʻq qilish yoki buzish kabi har qanday boshqa shakldagi avtomatlashtirilgan jarayonlar yordami bilan yoki ularsiz shaxsga doir maʼlumotlar ustida har qanday operatsiya yoki koʻproq operatsiyalarni amalga oshirishdir;
(i) “maʼlumotlar uzatish” — bu huquqni muhofaza qilish maqsadida bir Tomonning organidan boshqa Tomonning organiga shaxsiy maʼlumotlarni taqdim etish, masalan, huquqbuzarliklarning oldini olish, jamoat tartibini va xavfsizlikni himoya qilish hamda sud polisiyasi maqsadlari uchun milliy qonunchilikka muvofiq amalga oshiriladi;
(j) “keyingi muloqot” — qabul qiluvchi organdan shaxsga doir maʼlumotlarni Tomonlarning ayni shu davlatidagi boshqa organga taqdim etish;
(k) “keyingi uzatish” — bu qabul qiluvchi organdan shaxsga doir maʼlumotlarni Tomonlar davlatidan boshqa davlatdagi vakolatli organga yoki xalqaro tashkilotga taqdim etishdir;
(l) “profillash” — bu jismoniy shaxsga tegishli maxsus shaxsiy xususiyatlarni baholash uchun shaxsga doir maʼlumotlardan foydalanishdan iborat boʻlgan har qanday shaxsga doir maʼlumotlarni avtomatlashtirilgan tarzda qayta ishlash;
(m) “shaxsga doir maʼlumotlarning buzilishi” — tasodifiy yoki noqonuniy ravishda yoʻq qilish, yoʻqotish, oʻzgartirish, ruxsatsiz tarqatish yoki uzatilgan, saqlangan yoki har qanday tarzda qayta ishlangan shaxsiy maʼlumotlardan foydalanishga olib keladigan xavfsizlikning buzilishi;
(n) “amaldagi qonunchilik talablari” — bu har bir organga, shu jumladan shaxsga doir maʼlumotlarga doir qoidalarga nisbatan qoʻllaniladigan qonuniy asos;
(o) “Nazorat organi” — har bir Tomonda (yoki Tomonlardan birida) jinoiy ishlarda shaxsga doir maʼlumotlarni himoya qilish boʻyicha milliy qonunchilikning ijrosini nazorat qilish uchun masʼul boʻlgan mustaqil davlat organi (maʼlumot subyektlari uchun har bir alohida holatga nisbatan himoyaning muqobil darajasini taʼminlashga qodir boʻlgan, boshqa Tomonda tashkil etilgan muqobil maʼmuriy mexanizm);
(p) “maʼlumotlar subyektlarining huquqlari”:
“axborot olish huquqi” — bu maʼlumot subyektining oʻziga tegishli shaxsga doir maʼlumotlarga ishlov berish jarayonini qisqa, shaffof, tushunarli va foydalanish oson shaklda olish huquqidir;
“kirish huquqi” — bu maʼlumot subyektining oʻziga tegishli shaxsga doir maʼlumotlarga ishlov berish jarayoni olib borilayotganligi yoki amalga oshirilmayotganligi toʻgʻrisida tasdiqlov olish va ushbu holatda oʻzining shaxsga doir maʼlumotlariga hamda davom etayotgan jarayon xususiyatlariga kirish huquqini olish;
“tuzatish huquqi” — bu maʼlumot subyektining oʻziga tegishli notoʻgʻri boʻlgan shaxsga doir maʼlumotlarni asossiz ravishda kechiktirmasdan tuzatish yoki integratsiya qilish huquqidir;
“oʻchirish huquqi” — toʻplagan yoki boshqacha tarzda qayta ishlangan maʼlumotlar endilikda qoʻyilgan maqsadlar uchun zarur boʻlmasa yoki maʼlumotlar ushbu bandlar va amaldagi qonunchilik talablariga zid ravishda toʻplangan yoki qayta ishlangan holatlarda maʼlumot subyektning shaxsga doir oʻzining maʼlumotlarini yoʻq qilish huquqi;
“qayta ishlashni cheklash huquqi” — bu maʼlumotlar notoʻgʻri boʻlsa, qayta ishlash qonunga xilof ravishda amalga oshirilgan boʻlsa yoki maʼlumotlar vakolatli organ uchun endilikda ular toʻplangan maqsadlarda zarur boʻlmagan hollarda, maʼlumot subyektining shaxsga doir maʼlumotlarni qayta ishashni cheklash huquqi;
“avtomatlashtirilgan qarorlar qabul qilinmaslik huquqi, shu jumladan, profillash” — bu maʼlumot subyektining avtomatlashtirilgan ishlov berishga asoslangan qarorlarga, jumladan, profillashga jalb qilinmaslik huquqidir, agar mazkur holat unga huquqiy taʼsir oʻtkazsa yoki ayni shunday sezilarli taʼsirga ega boʻlsa;
q) “maʼlumotlar subyektlarining huquqlarini cheklash”: (p) bandida koʻrsatilgan maʼlumotlar subyektlarining huquqlari tegishli jismoniy shaxsning asosiy huquqlari va qonuniy manfaatlarini hisobga olgan holda quyidagi maqsadlarda kechiktirilishi, cheklanishi yoki vaqt davomida zarur va mutanosib chora hisoblansa rad etilishi mumkin:
profilaktika, tergov, jinoyatni aniqlash, jinoyatlarni taʼqib qilish yoki jinoiy jazo choralarini qoʻllash, shuningdek, shaxsiy va mulkiy profilaktika choralari va xavfsizlik choralarini amalga oshirish muvaffaqiyatiga xavf tugʻdirmaslik;
jamoat xavfsizligini himoya qilish uchun;
milliy xavfsizlikni himoya qilish;
boshqalarning huquq va erkinliklarini himoya qilish.
r) “Vakolatli organlar majburiyatlarini cheklash” Vakolat organning umumiy hisobotni taqdim etish majburiyati (q) bandida koʻrsatilgan cheklovlarga muvofiq bajarilishidir.
II. Qoʻllanish sohasi
Ushbu qoidalar mazkur Bitimning 1-moddasi maqsadlari uchun zarur boʻlgan, Bitimning 4-moddasi 1-bandining A — D qoidalarida koʻrsatilgan jinoiy faoliyatlarga aloqadorlikda gumonlanuvchi jismoniy shaxslarning shaxsga doir maʼlumotlarini topshirishga nisbatan qoʻllaniladi.
III. Shaxsga doir maʼlumotlarni himoya qilish kafolatlari
1. Cheklovlar
Shaxsga doir maʼlumotlar vakolatli organlar oʻrtasida faqatgina ushbu Qoidalarning II paragrafida koʻrsatilgan maqsadlarga erishish uchun uzatiladi. Organlar shaxsga doir maʼlumotlarni yuqorida koʻrsatilganidan boshqa maqsadlarda bermasligi yoki navbatdagi uzatmani amalga oshirmasligi lozim hamda Qoidalarning III paragrafi 6 bandini hisobga olgan holda keyingi qayta ishlash koʻrsatilgan maqsadlar bilan cheklanligi boʻyicha tegishli kafolat olishi lozim.
2. Maʼlumotning mutanosibligi va sifati
Maʼlumotni yetkazuvchi Vakolatli organ faqatgina toʻgʻri, maqbul hamda uzatilayotgan va keyinchalik qayta ishlash maqsadi bilan cheklangan shaxsga doir maʼlumotlarni taqdim etishi lozim.
Maʼlumotni yetkazuvchi Vakolatli organ, imkon qadar, oʻzi uzatayotgan shaxsga doir maʼlumotlar toʻgʻriligini va, lozim deb topsa, yangilanib turishini taʼminlashi lozim. Agar vakolatli organ boshqa organga yuborgan shaxsga doir maʼlumotlar notoʻgʻri ekanligini bilsa, u zarur tuzatishlar kiritadigan qabul qiluvchi vakolatli organni xabardor qilishi lozim.
3. Shaffoflik
Har bir vakolatli organ maʼlumotlar subyektlarini quyidagilar toʻgʻrisidagi umumiy hisobot bilan taʼminlaydi:
a) maʼlumotlarni qayta ishlash uchun masʼul shaxsning va agar mavjud boʻlsa, maʼlumotlarni himoya qilish uchun masʼulning shaxsi va aloqa maʼlumotlari;
(b) shaxsga doir maʼlumotlarni qayta ishlashning maqsadlari va huquqiy asoslari, shuningdek, maʼlumotlarni saqlash muddati yoki uni shakllantirish mezonlari toʻgʻrisida;
(c) xabar yoki keyingi uzatish shaklida yuborilishi mumkin boʻlgan shaxsga doir maʼlumotlarni oluvchilarning toifalari;
(d) ushbu bandlar boʻyicha va amaldagi qonunchilik talablariga muvofiq maʼlumotlar subyektlarining huquqlari, shu jumladan, ushbu huquqlardan qanday foydalanish mumkinligi;
(e) tegishli aloqa maʼlumotlarini koʻrsatgan holda nazorat organiga shikoyat qilish huquqi, shuningdek, sud organiga murojaat qilish huquqi;
(f) yuqorida koʻrsatilgan huquqlardan foydalanish uchun foydali deb hisoblangan qoʻshimcha maʼlumotlar, xususan, maʼlumotlar subyektiga toʻplangan maʼlumotlar nomaʼlum boʻlsa;
(g) ushbu huquqlardan foydalanish boʻyicha amaldagi huquqiy talablarda nazarda tutilgan kechiktirishlar, cheklovlar yoki istisnolar toʻgʻrisida maʼlumot.
Har bir organ yuqorida qayd etilgan hisobotni ushbu Bitim bilan birga oʻz veb-sayti orqali tarqatadi. Hisobot nusxasi, shuningdek, yuqoridagi saytga havola bilan bir qatorda, maʼlumotlar subyektlariga individual xabarlarga ham kiritilishi kerak.
Vakolatli organ tomonidan umumiy hisobotni taqdim etish majburiyatiga amal qilish Qoidalarning III paragrafi (q) bandidagi cheklovlar bilan tartibga solinadi.
4. Xavfsizlik va maxfiylik
Har bir organ tasodifiy yoki noqonuniy kirish, yoʻq qilish, yoʻqotish, oʻzgartirish yoki ruxsatsiz tarqatishdan olingan shaxsga doir maʼlumotlarni himoya qilish uchun tegishli texnikaviy va tashkiliy choralarni koʻrishi lozim.
Ushbu choralar yetarli maʼmuriy, texnikaviy va jismoniy xavfsizlik choralarini oʻz ichiga oladi.
Ushbu chora-tadbirlar shaxsga doir maʼlumotlarni umumiy, xususiy va sud maʼlumotlariga tasniflash, shaxsga doir maʼlumotlarga kirishga ruxsat berilgan subyektlar uchun cheklovlar, shaxsga doir maʼlumotlarni uning turiga koʻra, xavfsiz saqlash va shaxsga doir maʼlumotlarning xavfsizligi va maxfiyligini taʼminlashga qaratilgan siyosatni qabul qilish, shuningdek, taxallusni yoki shifrlash usullarini qoʻllash orqali amalga oshirilishi lozim.
Muayyan va jinoiy maʼlumotlarni boshqarishda eng qatʼiy xavfsizlik choralari, xususan, koʻproq tanlovga asoslangan kirish jarayoni va ushbu maʼlumotlar bilan shugʻullanuvchilar uchun maxsus tayyorgarlikni taʼminlash orqali qoʻllanilishi lozim.
Agar qabul qiluvchi vakolatli organ shaxsga doir maʼlumotlarning buzilishi haqida xabardor boʻlsa, u 48 soat ichida yetkazib beruvchi Vakolatli organni xabardor qilishi va maʼlumotlar subyektlariga mumkin boʻlgan salbiy oqibatlar uchun kamaytirish uchun oqilona va tegishli choralarni koʻrishi lozim, shu jumladan, agar bu ularning huquqlari va erkinliklariga sezilarli tavakkalchilik keltirib chiqaradigan boʻlsa, shaxsga doir maʼlumotlarning buzilganligi haqida asossiz ravishda kechirtirishsiz bevosita xabar berish huquqiga ega.
5. Huquqlardan foydalanish jarayonlari
Har bir organ maʼlumot subyektlari soʻroviga asosan quyida keltirilganlarni amalga oshirish uchun tegishli choralarni koʻradi:
(1) ushbu maʼlumotlar subyektiga tegishli shaxsga doir maʼlumotlarni qayta ishlayotganligini tasdiqlash va agar shunday boʻlsa, maʼlumotlarga kirish huquqini berish, shuningdek, qayta ishlash toʻgʻrisida maʼlumot berish, qayd etilgan maʼlumot toifasi, maʼlumotlarning kelib chiqishi va qabul qiluvchilar, kutilayotgan saqlash muddati va shikoyat qilish yoki apellatsiya berish imkoniyati toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni taqdim etish;
(2) ushbu bandlarga muvofiq soʻrovchi subyekt boshqa organga topshirgan barcha shaxsga doir maʼlumotlarni aniqlash;
(3) boshqa organga oʻtkazmalarni amalga oshirishda qoʻllaniladigan kafolatlar toʻgʻrisida oʻz sayti orqali ham umumiy maʼlumotlarni taqdim etish.
Har bir vakolatli organ maʼlumotlar subyektining maʼlumotlarga kirish, ularni tuzatish va oʻchirish, qayta ishlash cheklovlari yoki avtomatlashtirilgan qarorlar qabul qilishga jalb qilinmaslik huquqidan foydalanish toʻgʻrisidagi soʻrovini oqilona va oʻz vaqtida bajarishi lozim.
Yuqoridagi soʻrovni yuboriladigan oddiy manzil yoki elektron manzillari Shaffoflik qoidalari toʻgʻrisidagi III paragrafning 3 bandiga muvofiq maʼlumotlar subyektlariga taqdim etiladigan umumiy hisobotda koʻrsatilishi lozim.
Vakolatli organ, basharti koʻrsatilgan soʻrov ochiqdan-ochiq asossiz yoki oʻta yuqori xarajatlarni nazarda tutganligi isbotlansa, soʻrov boʻyicha maʼmuriy xarajatlarni toʻlash uchun oqilona yigʻim undirish yoki uni bajarishni rad etish boʻyicha tegishli chora qoʻllashi mumkin.
Har bir vakolatli organ oʻz maqsadlariga yanada samaraliroq erishish uchun avtomatlashtirilgan tartib-qoidalardan foydalanishi mumkin, agar u sabablarni koʻrsatsa va foydalanilgan mantiqiy tushuntirishlar bergan boʻlsa.
Bunday holda, maʼlumotlar subyektlarining oldindan aniq roziligi olinadi yoki ular avtomatlashtirilgan qarorlar qabul qilishga jalb qilinmaslik huquqiga egaligi eʼtirof etiladi.
Har qanday holatda ham, maʼlumotlar subyektlari oʻziga taalluqli notoʻgʻri yoki toʻliqsiz maʼlumotlarni tuzatishga va avtomatlashtirilgan qarorni inson aralashuvi orqali koʻrib chiqishni soʻrashga haqli.
Xalqaro hamkorlikka xos boʻlgan oʻzaro munosabatlar ruhida Tomonlar eʼtirof etgan muhim davlat manfaatlarini himoya qilish maqsadida maʼlumotlar subyektlarining huquqlari zaruriy va mutanosib darajada cheklanishi mumkin.
Ushbu soha boshqa shaxslarning huquq va erkinliklarini himoya qilish, milliy xavfsizlik, mudofaa, jinoyatlarning oldini olish, tergov qilish, aniqlash va jinoiy javobgarlikka tortish yoki jinoiy jazolarni ijro etish, shuningdek, nazorat, tekshirish yoki tartibga solish funksiyalarini bajarishni, hattoki baʼzan, ularga berilgan davlat vakolatlarini amalga oshiruvchi hokimiyat organlarining ijro va nazorat faoliyatini oʻz ichiga oladi.
Qonun bilan tartibga solinadigan yuqoridagi cheklovlar, toki ularni yuzaga keltiruvchi sabab mavjud ekan, oʻz kuchida qolishi mumkin.
6. Shaxsga doir maʼlumotlarni keyingi uzatish va taqdim etish.
6.1. Shaxsga doir maʼlumotlarni keyingi uzatish
Qabul qiluvchi shaxsga doir maʼlumotlarni organ ayni bir davlatning boshqa organiga maʼlumot uzatayotgan organning oldindan yozma ruxsati bilan va boshqa organ ushbu bandlarda nazarda tutilgan ayni kafolatlarni taʼminlagan taqdirda keyingi uzatishni amalga oshirishi mumkin.
Qabul qiluvchi organ ruxsat berish toʻgʻrisidagi soʻrovida oʻzi yetkazmoqchi boʻlgan maʼlumotlar turi, boshqa organ, shuningdek, huquqiy asoslar, sabablar va xabarlarning maqsadi toʻgʻrisida maʼlumot beradi.
Qabul qiluvchi organ, istisno tariqasida, shaxsga doir maʼlumotlarni ayni bir davlatning boshqa organiga maʼlumot uzatayotgan organning oldindan yozma ruxsatisiz, basharti bu quyidagi sabablardan kamida bittasi uchun zarur boʻlsa, keyingi maʼlumotlarni uzatishga kirishishi mumkin:
maʼlumotlar subyektining yoki boshqa jismoniy shaxsning muhim manfaatlarini himoya qilish;
maʼmuriy yoki sud protsesslarida huquqni belgilash, undan foydalanish yoki himoya qilish;
maʼlumotlar uzatilgan faoliyat bilan chambarchas bogʻliq boʻlgan tergov olib borish yoki jinoiy ish yurituvi.
Yuqoridagi hollarda, qabul qiluvchi organ soʻralgan maʼlumotlarning elementlarini, boshqa organni va tegishli huquqiy asoslarni taqdim etgan holda maʼlumotlarni keyingi uzatuvchi organni oldindan xabardor qiladi.
Agar oldingi maʼlumotlar, davom etayotgan tergovda boʻlgani kabi, maxfiylikni saqlash majburiyatiga zid boʻlsa, qabul qiluvchi organ imkon qadar tezroq maʼlumotlarni keyingi uzatuvchi organni xabardor qiladi.
Bunday hollarda, uzatuvchi organ koʻrsatilgan bildirishnomalarning bayonini saqlashi va ularni nazorat organining soʻroviga binoan yuboradi.
Qabul qiluvchi organ ushbu bandlarga muvofiq olingan shaxsga doir maʼlumotlarni oldindan ruxsatsiz keyingi uzatish barcha tegishli istisnolar va cheklovlarni qoʻllangan holda cheklanishini taʼminlaydi.
6.2. Shaxsga doir maʼlumotlarni keyingi uzatish.
Qabul qiluvchi organ shaxsga doir maʼlumotlarni uchinchi davlatning boshqa organiga yoki xalqaro tashkilotga faqatgina uning soʻrovini barcha tegishli omillar, shu jumladan, qilmishning jiddiyligi, maʼlumotlar uzatishning maqsadi va ushbu uchinchi davlatda yoki xalqaro tashkilotda shaxsga doir maʼlumotlarni himoya qilish darajasini hisobga olgan holda baholaydigan uzatuvchi organning yozma ruxsati bilan keyingi uzatishni amalga oshirishi mumkin.
Qabul qiluvchi organ oʻzining ruxsat berish toʻgʻrisidagi yozma soʻrovida yuqorida koʻrsatilgan boshqa organga yetkazmoqchi boʻlgan maʼlumotlar turi, shuningdek, keyingi oʻtkazishning huquqiy asoslari, sabablari va maqsadlari toʻgʻrisida yetarli maʼlumot taqdim etishi lozim.
7. Maʼlumotlarni saqlash muddati.
Vakolatli organlar shaxsga doir maʼlumotlarni amaldagi qonunchilik talablarida nazarda tutilgan muddatda saqlashi lozim, bu demokratik jamiyatda maʼlumotlarni qayta ishlash maqsadlariga koʻra zarur va mutanosib muddatdan oshmasligi lozim.
8. Maʼmuriy va yuridik himoya
Agar maʼlumotlar subyekti davlat organi ushbu bandlarda belgilangan kafolatlarga rioya qilmagan yoki unga tegishli shaxsga doir maʼlumotlarni noqonuniy ravishda qayta ishlagan deb hisoblasa, u nazorat qiluvchi organga shikoyat qilishi va huquqbuzarlik sodir etilganligi taxmin qilinayotgan yurisdiksiyada qoʻllaniladigan qonunchilik qoidalarga muvofiq, sud organidan huquqiy himoya olish huquqiga ega.
Bundan tashqari, maʼlumotlar subyekti yetkazilgan har qanday zarar uchun kompensatsiya olish huquqiga ega.
Maʼlumotlar subyekti uning shaxsga doir maʼlumotlarga ishlov berish yuzasidan har qanday nizo yuzaga kelsa yoki u maʼlumotni uzatuvchi organga, qabul qiluvchi organga yoki ikkala organga nisbatan daʼvo kiritsa, organlar ushbu nizo yoki daʼvo toʻgʻrisida bir-birlarini darhol va doʻstona ravishda xabardor qiladilar.
Agar maʼlumotlar subyekti daʼvo qoʻzgʻatsa va topshiruvchi organ qabul qiluvchi organni ushbu bandlarda koʻzda tutilgan kafolatlarga muvofiq harakat qilmagan deb hisoblasa, u shaxsga doir maʼlumotlarni, qiluvchi organ muammoni qoniqarli tarzda hal qilmagunga qadar, uzatishni toʻxtatadi.
Maʼlumotni uzatuvchi organ oʻzining nazorat organini hamda maʼlumotlar subyektini masala boʻyicha keyingi oʻzgarishlar toʻgʻrisida xabardor qiladi.
IV. Nazorat
1. Ushbu bandlarning lozim darajada bajarilishini taʼminlash uchun nazorat qiluvchi organ tomonidan tashqi nazorat kafolatlanadi.
2. Har bir vakolatli organ ushbu bandlarning bajarilishi va samaradorligini taʼminlash uchun oʻz siyosati va tartiblarini davriy ravishda qayta koʻrib chiqishi lozim.
Agar vakolatli organ asosli soʻrov kiritgan boʻlsa, soʻralayotgan vakolatli organ ushbu bandlar boʻyicha kafolatlar samarali amalga oshirilganligini tekshirish va tasdiqlash maqsadida shaxsga doir maʼlumotlarni qayta ishlashga doir oʻz siyosati va tartiblarini qayta koʻrib chiqishi lozim.
Koʻrib chiqish natijalari uni soʻragan vakolatli organga taqdim qilinadi.
3. Qabul qiluvchi organ biror-bir sababga koʻra, ushbu bandlarga muvofiq, kafolatlarni samarali amalga oshirishga qodir boʻlmasa, u uzatuvchi organni kechiktirmasdan xabardor qiladi, bunda uzatuvchi tomon qabul qiluvchi organ belgilangan kafolatlarga muvofiq harakat qilish imkoniyatini tasdiqlamagunga qadar unga shaxsga doir maʼlumotlarni uzatishni vaqtincha toʻxtatib turadi.
Qabul qiluvchi vakolatli organ va uzatuvchi vakolatli organ oʻzlarining tegishli nazorat organlarini bu borada xabardor qiladilar.
4. Agar yetkazuvchi vakolatli organ qabul qiluvchi organ ushbu bandlarda nazarda tutilgan kafolatlarga rioya qilmagan deb hisoblasa, yetkazuvchi vakolatli organ shaxsga doir maʼlumotlarni uzatishni, qabul qiluvchi organ muammoni ijobiy hal qilgan deb hisoblamaguniga qadar, toʻxtatib turadi.
Yetkazuvchi vakolatli organ bu borada oʻz nazorat organini xabardor qiladi.
V. Bandlarni qayta koʻrib chiqish
1. Tomonlar amaldagi qonunchilik talablarida jiddiy oʻzgarishlar yuz bergan taqdirda, ushbu bandlar muddatlari va shartlarini qayta koʻrib chiqish uchun bir-birlari bilan maslahatlashadilar.
2. Ushbu bandlarga muvofiq allaqachon uzatilgan barcha shaxsga doir maʼlumotlar ularda nazarda tutilgan kafolatlarga muvofiq qayta ishlanishda davom etadi.
