“181-modda. Maʼlumotlar va hujjatlarni qayta koʻrib chiqish
Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida (O‘RQ-1153-son) · Sana: 15.06.2026 · Amalda
Oʻzboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkasining hamda unda qurilgan binolar va inshootlarning bir qismi qurilish taqiqlangan hududda joylashganligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar ushbu Qonun 16-moddasi ikkinchi qismining 2, 5 va 6-bandlarida koʻrsatilgan vakolatli tashkilotlar tomonidan avtomatlashtirilgan axborot tizimiga kiritilgan (biriktirilgan) taqdirda, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Adliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar adliya boshqarmalari ushbu yer uchastkasining hamda unda qurilgan binolar va inshootlarning qurilish taqiqlangan hududdagi qismini chegirib tashlab, uning qolgan qismiga nisbatan huquqlarni eʼtirof etish masalasini qayta koʻrib chiqish uchun maʼlumotlarni tegishli vakolatli tashkilotlarga qaytaradi. Bunda tegishli vakolatli tashkilotlar besh ish kuni ichida ushbu maʼlumotlarni qayta koʻrib chiqib, yer uchastkasining joylashuv sxemasida qurilish taqiqlangan hududdagi chegirib tashlanadigan maydonni koʻrsatgan holda, uning qolgan qismiga nisbatan huquqlarni eʼtirof etish maqsadga muvofiqligi toʻgʻrisidagi yoki maqsadga muvofiq emasligi haqidagi huquqiy jihatdan asoslantirilgan maʼlumotlarni avtomatlashtirilgan axborot tizimiga kiritadi (biriktiradi).
Yer uchastkasining hamda unda qurilgan binolar va inshootlarning qurilish taqiqlangan hududdagi qismini chegirib tashlagan holda, uning qolgan qismiga nisbatan huquqlarni eʼtirof etish maqsadga muvofiqligi toʻgʻrisida tegishli vakolatli tashkilotlar tomonidan maʼlumotlar berilgan taqdirda, Kadastr agentligining Davlat kadastrlari palatasi tuman (shahar) filiallari mazkur koʻchmas mulk obyektining elektron yigʻmajild hujjatiga yigirma besh kun ichida tegishli oʻzgartirishlar kiritadi hamda uni koʻrib chiqish uchun Qoraqalpogʻiston Respublikasi Adliya vazirligiga, viloyatlar va Toshkent shahar adliya boshqarmalariga avtomatlashtirilgan axborot tizimi orqali yuboradi.
Oʻzboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkasining hamda unda qurilgan binolar va inshootlarning qurilish taqiqlangan hududdagi qismini chegirib tashlagan holda, uning qolgan qismiga nisbatan huquqlarni eʼtirof etish maqsadga muvofiq emasligi toʻgʻrisida tegishli vakolatli tashkilotlar tomonidan maʼlumotlar berilganligi ushbu yer uchastkasiga hamda unda qurilgan binolar va inshootlarga nisbatan huquqlarni eʼtirof etish asosli emasligi haqida xulosa chiqarish uchun Qoraqalpogʻiston Respublikasi Adliya vazirligiga, viloyatlar va Toshkent shahar adliya boshqarmalariga asos boʻladi”;
