Davlat organlari va tashkilotlari xodimlarini, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi delegatsiyalarini chet davlatlarga xizmat safariga yuborish hamda xizmat safari xarajatlarini moliyalashtirish tartibini yanada takomillashtirish toʻgʻrisida (303-son)
11.06.2026
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI VAZIRLAR MAHKAMASINING
QARORI
Xorijiy mamlakatlarga chiqish tartibini takomillashtirish hamda Davlat budjeti xarajatlarining samaradorligini yanada oshirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar:
Davlat organlari va tashkilotlari xodimlarini, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi delegatsiyalarini chet davlatlarga xizmat safariga yuborish hamda xizmat safari xarajatlarini moliyalashtirish tartibi toʻgʻrisidagi nizom 1-ilovaga muvofiq;
Oʻzbekiston Respublikasiga chet davlatlarning rasmiy, amaliy va boshqa turli tashriflar bilan keluvchi rahbarlari, delegatsiyalari, siyosiy arboblari va boshqa shaxslarini qabul qilishda Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlaridan foydalanish tartibi toʻgʻrisidagi nizom 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining 3-ilovaga muvofiq ayrim qarorlari oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni uch oy muddatda mazkur qarorga muvofiqlashtirsin.
4. Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — iqtisodiyot va moliya vaziri J.A. Qoʻchqorov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2026-yil 11-iyun,
303-son
Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 11-iyundagi 303-son qaroriga 1-ILOVA
Davlat organlari va tashkilotlari xodimlarini, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi delegatsiyalarini chet davlatlarga xizmat safariga yuborish hamda xizmat safari xarajatlarini moliyalashtirish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom davlat organlari va tashkilotlari, ustav fondida (ustav kapitalida) davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq boʻlgan xoʻjalik birlashmalari (keyingi oʻrinlarda — davlat organlari va tashkilotlari) xodimlarini, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi delegatsiyalarini (keyingi oʻrinlarda — delegatsiyalar) chet davlatlarga xizmat safariga (keyingi oʻrinlarda — xizmat safari) yuborish hamda xizmat safari xarajatlarini moliyalashtirish tartibini belgilaydi.
2. Xizmat safari xarajatlariga quyidagilar kiradi:
kundalik xarajatlar;
yashash uchun (turar joy ijarasi boʻyicha) xarajatlar;
transport xarajatlari;
vakillik xarajatlari;
koʻzda tutilmagan xarajatlar;
ushbu Nizomga muvofiq qoplanishi lozim boʻlgan boshqa turdagi xarajatlar.
3. Davlat organlari va tashkilotlarining xodimlari hamda delegatsiyalar aʼzolarini chet davlatlarga xizmat safariga yuborishni tashkil etish hamda xizmat safari yakuni boʻyicha hisobotlarni taqdim etish ushbu Nizomga 1-ilovada keltirilgan sxemaga muvofiq amalga oshiriladi.
4. Davlat organlari va tashkilotlarining xodimlari hamda delegatsiyalar aʼzolarining chet davlatlarga xizmat safari xarajatlari chet el valyutasida ushbu Nizomga 2-ilovaga muvofiq meʼyorlar asosida qoplab beriladi.
2-bob. Xizmat safari uchun mablagʻ ajratish tartibi
5. Davlat organlari va tashkilotlarining xodimlari hamda delegatsiyalar aʼzolarini xizmat safariga yuborish uchun davlat organlari va tashkilotlari tomonidan buyruq qabul qilinadi va ushbu Nizomga 3-ilovadagi namunaga muvofiq shaklda ish rejasi rasmiylashtiriladi.
Xizmat safariga yuborilayotgan delegatsiya tarkibi xizmat safari maqsadlaridan kelib chiqib, tashkilot rahbarining shaxsiy javobgarligi ostida faqatgina tashkilotga tegishli boʻlgan eng zarur hamrohlik qiluvchi xodimlardan shakllantiriladi hamda uning tarkibiga xizmat safari maqsadiga aloqasi boʻlmagan xodimlar kiritilmaydi. Bunda bir tashkilotdan rahbar yoki uning oʻrinbosariga hamrohlik qiluvchilar soni 2 nafardan oshganda, Vazirlar Mahkamasi bilan kelishiladi.
6. Delegatsiyalar aʼzolarining chet davlatlarga xizmat safari xarajatlari Vazirlar Mahkamasi zaxira jamgʻarmasi hisobidan Vazirlar Mahkamasining farmoyishida koʻrsatilgan miqdorlarda tegishli tasdiqlovchi hujjatlarga asosan qoplanadi.
Davlat organlari va tashkilotlarining xizmat safariga yuborilayotgan xodimlarining xizmat safari xarajatlari tegishli davlat organi va tashkilotining budjet, budjetdan tashqari mablagʻlari hamda qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan, agar ushbu manbalar mavjud boʻlmasa, asoslangan hisob-kitoblarga koʻra Vazirlar Mahkamasining farmoyishiga asosan Vazirlar Mahkamasining zaxira jamgʻarmasi hisobidan moliyalashtiriladi.
Vazirlar Mahkamasining farmoyishi qabul qilinmay turib, davlat organlari va tashkilotlarining xodimlari hamda delegatsiyalar aʼzolari xizmat safariga joʻnab ketganda, haqiqiy xarajatlarni qoplab berish maqsadida, istisno tariqasida, tashabbuskor vazirlik va idoralar tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi (keyingi oʻrinlarda — Iqtisodiyot va moliya vazirligi) bilan kelishilgan holda, Vazirlar Mahkamasining farmoyishi loyihasi Hukumatga kiritiladi. Bunda sarflangan xarajatlarning belgilangan meʼyorlardan oshgan qismi tashabbuskor tashkilotning budjetdan tashqari mablagʻlari hisobidan qoplanadi.
Vazirlar Mahkamasining zaxira jamgʻarmasi hisobidan faqat joriy moliya yilida va avvalgi moliya yilining dekabr oyida amalga oshirilgan xizmat safari xarajatlari toʻlov uchun qabul qilinadi, ushbu davrda Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Gʻaznachilik xizmati qoʻmitasiga (keyingi oʻrinlarda — Gʻaznachilik xizmati qoʻmitasi) toʻlov uchun taqdim qilinmagan hujjatlar boʻyicha xarajatlar tegishli tashkilotlarning budjetdan tashqari jamgʻarmalari hisobidan moliyalashtiriladi.
7. Davlat organlari va tashkilotlarining xizmat safariga yuborilayotgan xodimlari hamda delegatsiyalar aʼzolariga xizmat safari xarajatlari uchun milliy yoki chet el valyutasida bank kartasiga oʻtkazish orqali boʻnak beriladi.
Agar boʻnak mablagʻlari milliy valyutadagi xalqaro toʻlov tizimlariga ulangan bank kartasiga oʻtkazib berilganda, chet el valyutasida boʻnak berilishi talab etilmaydi.
8. Davlat organlari va tashkilotlarining xodimlari hamda delegatsiyalar aʼzolarini Vazirlar Mahkamasining zaxira jamgʻarmasi hisobidan xizmat safariga yuborishda, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi yoki Vazirlar Mahkamasining tegishli topshirigʻiga muvofiq xizmat safarini tashkil etuvchi davlat organlari va tashkilotlari xizmat safari bilan bogʻliq xarajatlar smetasini ishlab chiqadi va ilova qilgan holda Vazirlar Mahkamasining farmoyishi loyihasini tayyorlaydi hamda asoslantiruvchi hujjatlar (taklif qilayotgan tomonning hujjatlari nusxasi, aviachiptalar narxini tasdiqlovchi hujjatlar, aviareyslar sanasi va vaqti koʻrsatilgan holda yoʻl marshruti, xizmat safariga yuboriladigan mamlakatdagi mehmonxonalarda yashash qiymati va xizmat safari bilan bogʻliq boshqa maʼlumotlarni) Iqtisodiyot va moliya vazirligiga kiritadi.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Gʻaznachilik xizmati qoʻmitasi xizmat safari xarajatlari smetasini belgilangan tartibda koʻrib chiqadi. Bunda ushbu bandning birinchi xatboshisida nazarda tutilgan hujjatlar taqdim etilmagan hollarda, xizmat safari xarajatlari smetasiga Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan oʻzgartirish kiritilishi yoki kelishilmasdan qaytarilishi mumkin.
9. Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Gʻaznachilik xizmati qoʻmitasi tomonidan xizmat safari xarajatlari smetasini koʻrib chiqishda Vazirlar Mahkamasining farmoyishi loyihasida nazarda tutilgan davlat organlari va tashkilotlarining xodimlari hamda delegatsiyalar aʼzolarining xizmat safari xarajatlari, birinchi navbatda, tegishli davlat organlari va tashkilotlarining budjetdan tashqari mablagʻlari va boshqa manbalar, agarda ular yetarli boʻlmasa, Vazirlar Mahkamasining zaxira jamgʻarmasi hisobidan mablagʻ ajratish koʻzda tutiladi.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri delegatsiyalari aʼzolarining xizmat safari xarajatlari tegishlicha Qoraqalpogʻiston Respublikasi respublika budjetining, viloyatlar viloyat budjetlarining va Toshkent shahri shahar budjetining, tumanlar va shaharlar budjetining zaxira jamgʻarmalari hisobidan moliyalashtiriladi.
10. Vazirlar Mahkamasining farmoyishiga asosan Gʻaznachilik xizmati qoʻmitasi Vazirlar Mahkamasining zaxira jamgʻarmasidan davlat organlari va tashkilotlarining xizmat safariga yuboriladigan tegishli xodimi, delegatsiya rahbari (uning rasmiy vakili) va aʼzosi yoki alohida shaxsga xizmat safari xarajatlari uchun mablagʻlar ajratadi.
11. Xizmat safari xarajatlariga davlat organlari va tashkilotlarining budjet, budjetdan tashqari mablagʻlari hamda qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan davlat organi va tashkiloti rahbarining buyrugʻiga (farmoyishiga) muvofiq mablagʻ ajratiladi.
12. Davlat organlari va tashkilotlari hisobvaraqlarida chet el valyutasi boʻlmagan hollarda, Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining xizmat safari xarajatlari uchun mablagʻlar ajratiladigan kundagi kursi boʻyicha chet el valyutasining milliy valyutadagi ekvivalentidagi mablagʻ berilishiga ruxsat etiladi.
13. Oʻzbekiston Respublikasidan davlat organlari va tashkilotlarining xizmat safariga yuboriladigan xodimlari hamda delegatsiyalar aʼzolariga transport xarajatlari va boshqa xarajatlar (kundalik, yashash, viza haqini toʻlash va boshqalar) uchun ajratilgan mablagʻlar keyinchalik Oʻzbekiston Respublikasiga qaytib kelganida olingan mablagʻlarning ortiqcha qismini qaytarib berish sharti bilan ajratiladi. Bunda mablagʻlar qaysi valyutada berilgan boʻlsa, ushbu valyutada qaytarib beriladi.
3-bob. Kundalik xarajatlar uchun mablagʻlar ajratish
14. Xizmat safariga yuboriladigan ayrim toifadagi shaxslarga toʻlanadigan qoʻshimcha ustamalar va ular tomonidan xarid qilinadigan sovgʻalar uchun toʻlovlarning eng yuqori miqdori ushbu Nizomga 4-ilovaga muvofiq belgilanadi.
15. Kundalik xarajatlar xizmat safaridagi har bir kun, shu jumladan, joʻnab ketish hamda qaytib kelish kuni uchun belgilangan meʼyorlarning 100 foizi miqdorida toʻlanadi, mazkur bandning toʻrtinchi va beshinchi xatboshilari hamda ushbu Nizomning 17-bandida nazarda tutilgan holatlar bundan mustasno.
Joʻnab ketish va qaytib kelish kuni Oʻzbekiston Respublikasining davlat chegarasini kesib oʻtish kuni hisoblanadi.
Oʻzbekiston Respublikasi davlat chegarasini kesib oʻtish kuni xizmat safariga yuborilgan davlat organlari va tashkilotlarining xodimlari hamda delegatsiyalar aʼzolariga berilgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarini xorijga chiqish biometrik pasportida Oʻzbekiston Respublikasining Davlat chegarasi orqali oʻtkazish punktlari qoʻygan belgisi yoki bortga chiqish taloni boʻyicha (aviachiptaga asosan) aniqlanadi.
Havo transportida uchib ketilganda, agar chet davlatga yetib borish sanasi xalqaro aviareysning Oʻzbekiston Respublikasi aeroportidan uchib ketgan sanadan keyingi sanaga toʻgʻri kelgan hollarda (aviachiptaga asosan), joʻnab ketish kuni uchun kundalik xarajatlari toʻlab berilmaydi.
Havo transportida uchib kelganda, agar Oʻzbekiston Respublikasiga yetib kelish sanasi xalqaro aviareysning chet davlat aeroportidan uchib ketgan sanadan keyingi sanaga toʻgʻri kelgan hollarda (aviachiptaga asosan) qaytib kelish kuni uchun kundalik xarajatlari toʻlab berilmaydi.
16. Davlat organlari va tashkilotlarining xodimlari hamda delegatsiyalar aʼzolari ikki va undan ortiq chet davlatga xizmat safariga yuborilganda (shu jumladan, tranzit holatida ham), bir chet davlatdan boshqa chet davlatga oʻtish kuni uchun kundalik xarajatlar davlat organlari va tashkilotlarining xodimlari va delegatsiyalar aʼzolariga qaysi chet davlatga oʻtayotgan boʻlsa, shu chet davlatdagi kundalik xarajatlar meʼyorlarining 100 foizi miqdorida toʻlanadi.
Agar bir kalendar kunga ikki va undan ortiq chet davlatdagi kundalik xarajatlar toʻlovi yuzaga kelganda, bitta yuqori meʼyorga ega boʻlgani inobatga olinadi.
17. Davlat organlari va tashkilotlarining xizmat safariga yuborilgan xodimlari hamda delegatsiyalar aʼzolari boradigan chet davlatlarda qabul qiluvchi tomon hisobidan ovqat (nonushta, tushlik, kechki ovqat) bilan taʼminlangan hollarda, joʻnatuvchi tomon hisobidan kundalik xarajatlar davlat organlari va tashkilotlarining xizmat safariga yuborilgan xodimlari hamda delegatsiyalar aʼzolarining boshqa xarajatlari uchun kundalik xarajatlar meʼyorining 30 foizi miqdorida toʻlanadi.
Qabul qiluvchi tomon davlat organlari va tashkilotlarining xodimlari va delegatsiyalar aʼzolarini shaxsiy ehtiyojlari uchun mablagʻlar bilan taʼminlagan taqdirda, joʻnatuvchi tomon hisobidan kundalik xarajatlar (boshqa xarajatlar) toʻlanmaydi.
18. Qabul qiluvchi tomon ovqatlanish va boshqa xarajatlarni qoplash uchun bergan mablagʻlar summasi ushbu Nizom bilan belgilangan kundalik xarajatlar meʼyoridan kam boʻlsa, xizmat safariga ketishdan avval yoki qaytib kelib boʻnak hisoboti topshirilganda, davlat organi va tashkilotining rahbari buyrugʻiga (farmoyishi) muvofiq xizmat safariga borib kelgan davlat organlari va tashkilotlarining xodimlari hamda delegatsiyalar aʼzolariga tasdiqlovchi hujjatlar asosida tafovut summasi davlat organlari va tashkilotlarining oʻz mablagʻlari hisobidan qoplab beriladi.
4-bob. Yashash uchun (turar joy ijarasi boʻyicha) xarajatlar uchun mablagʻlar ajratish
19. Yashash uchun (turar joy ijarasi boʻyicha) xarajatlar ushbu Nizomga 2-ilovadagi turar joy ijarasi boʻyicha xarajatlar toʻlovining eng yuqori meʼyori boʻyicha keyinchalik tegishli tasdiqlovchi hujjatlar bilan tasdiqlash sharti bilan toʻlanadi.
20. Yashash uchun (turar joy ijarasi boʻyicha) xarajatlarning yakuniy hisob-kitobi davlat organlari va tashkilotlarining xizmat safariga yuborilgan xodimlari yoki delegatsiyalar aʼzolari tomonidan haqiqiy xarajatlar boʻyicha belgilangan meʼyorlar doirasida amalga oshiriladi.
21. Ushbu Nizomga 4-ilovada koʻrsatilgan mansabdor shaxslarga ilovaga muvofiq turar joy ijarasi boʻyicha xarajatlar toʻlovining eng yuqori meʼyorlariga qoʻshimcha ustamalar toʻlanadi.
22. Kundalik xarajatlar meʼyoriga qoʻshimcha ustama olish huquqiga ega boʻlmagan hamda qoʻshimcha ustamasi 20 foizdan past boʻlgan davlat organlari va tashkilotlari xodimlari xizmat safariga yuborilayotgan davlatdagi mehmonxonalarning “Standart” (eng maqbul xonalar) xonasini ushbu Nizomga 2-ilovadagi normalar doirasida ijaraga oladi.
23. Hukumat delegatsiyasi tarkibida ketayotgan delegatsiya aʼzolariga ushbu Nizomga 2-ilovadagi meʼyorlardan qatʼi nazar, mablagʻlar bir kishilik “Standart” (eng maqbul xonalar) xonaning qiymati boʻyicha haqiqiy xarajatlar miqdorida toʻlanadi. Bunda kundalik xarajatlar meʼyoriga 20 foiz va undan yuqori boʻlgan qoʻshimcha ustama olish huquqiga ega boʻlgan xodimlarga belgilangan meʼyorlardan qatʼi nazar, mablagʻlar mehmonxonaning haqiqiy xarajatlar miqdorida toʻlanadi.
24. Kundalik xarajatlarga ustamalar olish huquqiga ega boʻlgan yoki delegatsiya tarkibida yuborilayotgan xodimlarga yashash uchun (turar joy ijarasi boʻyicha) belgilangan meʼyordan ortiq boʻlgan qoʻshimcha mablagʻlar xizmat safari xarajatlariga ajratiladigan boʻnak summasiga kiritilishi mumkin.
25. Xizmat safariga yuborilayotgan davlatdagi alohida holatlarda tasdiqlangan meʼyordan ortiq boʻlgan yashash xarajatlari uchun (turar joy ijarasi boʻyicha) qoʻshimcha mablagʻlar Vazirlar Mahkamasining zaxira jamgʻarmasi hisobidan xizmat safariga yuborish boʻyicha xarajatlar smetasining loyihasi tayyorlanayotganda, xizmat safari uchun javobgar boʻlgan davlat organlari va tashkilotlari tomonidan taklif etuvchi tashkilot, chet davlatdagi diplomatik vakolatxona yoki konsullik muassasalari rahbarlari taqdim etgan xizmat safariga boriladigan chet davlatdagi mehmonxonalar narxlari boʻyicha hujjatlardagi maʼlumot asosida koʻzda tutiladi.
26. Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Gʻaznachilik xizmati qoʻmitasi xarajatlar smetasi loyihasini kelishayotganda, taqdim etilgan asoslantiruvchi hujjatlarga muvofiq yashash uchun (turar joy ijarasi boʻyicha) belgilangan meʼyorlardan 15 foizigacha ortiq miqdordagi mablagʻlarni koʻzda tutadi. Bunda ushbu mablagʻlarni ajratish zarurati boʻyicha yakuniy qaror Vazirlar Mahkamasi tomonidan qabul qilinadi.
Vazirlar Mahkamasining farmoyishi asosida davlat organlari va tashkilotlarining xodimlari va delegatsiyalar aʼzolari xizmat safarida boʻlganda, yashash uchun (turar joy ijarasi boʻyicha) qoʻshimcha xarajatlar asoslangan sabablarga koʻra (xizmat safari muddati uzaytirilishi, aviareys ushlanib qolinishi va boshqalar) koʻzda tutilmagan xarajatlarga ajratilgan mablagʻlar hisobidan sarflanadi.
27. Asoslangan sabablar mavjud boʻlganda (mehmonxona mavjud emasligi, mehmonxonada yashash narxining belgilangan meʼyorlardan oshib ketishi, mehmonxona boʻlmagan yashash joyini ijaraga olish narxining pastligi va boshqalar), xizmat safariga yuborilayotgan xodimlarga yashash joyi joylashgan mamlakatning qonunchilik hujjatlariga muvofiq rasmiylashtirilgan yashash joyini ijaraga olish shartnomasi asosida jismoniy shaxs (mehmonxonada emas) yashashiga delegatsiya rahbari tomonidan ruxsat berilishi mumkin (yashash joyini ijaraga beruvchi toʻlovni qabul qilganini tasdiqlagan holda). Bunda yashash uchun (turar joy ijarasi boʻyicha) xarajatlar ushbu Nizomga 2-ilovada belgilangan meʼyorlardan oshib ketmasligi kerak.
28. Ovqatlanish va boshqa shaxsiy xizmatlar (mini-bar, kabel televideniyesi, kiyimlarni yuvdirish va dazmollatish va boshqalar) uchun xarajatlar summasi, shu jumladan, yashash uchun (turar joy ijarasi boʻyicha) toʻlov hisobotiga kiritilgan xarajatlar xizmat safariga yuborilgan shaxs tomonidan kundalik xarajatlar hisobidan toʻlanadi va alohida qoplanmaydi.
Ushbu Nizomga 4-ilovaga muvofiq kundalik xarajatlarga qoʻshimcha ustamalar olish huquqiga ega boʻlgan mansabdor shaxslarga choyshab va kiyimlarni yuvdirish, tozalatish va dazmollatish xarajatlari qoplanadi.
29. Qabul qiluvchi tomon bepul turar joyni taqdim etganda yoki uning ijarasi uchun xarajatni qoplashga tegishli pul kompensatsiyasini toʻlagan hollarda, davlat organlari va tashkilotlarining xizmat safariga yuborilgan xodimlari hamda delegatsiyalar aʼzolariga yashash uchun (turar joy ijarasi boʻyicha) mablagʻlar ajratilmaydi.
Agar seminar, sport musobaqalari, konferensiya va boshqa tadbirlar qabul qiluvchi tomonning ushbu tadbirlar davomida sarflanadigan xarajatlarning (yashash, ovqatlanish, yoʻl va boshqa xarajatlar) meʼyorlari belgilangan hollarda, ushbu maqsadlar uchun mablagʻlar mazkur Nizomga 2-ilovaga muvofiq belgilangan meʼyorlardan oshmagan holda tashkilotchilar belgilagan meʼyorlar boʻyicha ajratiladi.
5-bob. Transport xarajatlari uchun mablagʻlar ajratish
30. Xizmat safarida transport (taksidan tashqari) xarajatlarini qoplash uchun mablagʻlar haqiqiy xarajatlar boʻyicha ularni tegishli hujjatlar asosida tasdiqlash sharti bilan toʻlanadi.
31. Transport xarajatlarini qoplash uchun mablagʻlar davlat organlari va tashkilotlari xodimlari va delegatsiyalar aʼzolariga quyidagicha toʻlanadi:
a) ushbu Nizomga 4-ilovaga muvofiq xizmat safariga yuboriladigan mansabdor shaxslarga:
havo transportida — birinchi, biznes yoki ekonom klass tariflari boʻyicha (bunda qoʻshimcha ustamasi 20 foizdan past boʻlgan xodimlarga iqtisodiy klass tariflari boʻyicha);
temir yoʻl va suv transportida — birinchi klass tarifi boʻyicha;
b) ushbu Nizomga 4-ilovaga kiritilmagan boshqa barcha xizmat safariga yuboriladigan shaxslarga:
havo transportida — ekonom klass tarifi boʻyicha;
temir yoʻl transportida — ikkinchi klass tarifi boʻyicha;
suv transportida — sayyohlik klassi tarifi boʻyicha.
32. Osiyo va Afrika hamda Lotin Amerikasi davlatlarida temir yoʻl transportidan foydalanish xarajatlari barcha xodimlarga birinchi klass tarifi boʻyicha qoplab beriladi.
33. Oʻzbekiston Respublikasining Favqulodda va Muxtor elchisi, Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro tashkilotlar huzuridagi doimiy vakiliga transport xarajatlarini qoplash uchun mablagʻlar ushbu Nizomning 31-bandi “a” kichik bandiga, ularning oila aʼzolariga (eri yoki xotini, 18 yoshga toʻlmagan farzandlari) “b” kichik bandiga muvofiq toʻlanadi.
Bosh konsul yoki alohida chet davlatdagi konsullik muassasasi rahbari, chet eldagi diplomatik vakolatxonalar, konsullik muassasalari, xalqaro tashkilotlardagi vakolatxonalar xodimlari va ularning oila aʼzolariga (eri yoki xotini, 18 yoshga toʻlmagan farzandlari) transport xarajatlari ushbu Nizomning 31-bandi “b” kichik bandiga muvofiq qoplab beriladi.
34. Chet davlat hududida aeroport, vokzal yoki pristandan, agar ular aholi punktidan tashqarida yoki boshqa aholi punktida joylashgan boʻlsa, yashash joyigacha borish va orqaga qaytish boʻyicha tasdiqlangan qoʻshimcha yoʻl xarajatlari ham qoplanadi.
35. Ayrim hollarda Hukumat delegatsiyasi hamda katta hajmdagi sport anjomlariga ega boʻlgan sportchilar delegatsiyasiga chet davlat hududida yurish uchun avtomobilni ijaraga olishga ruxsat etiladi.
36. Shahar ichidagi transportdan foydalanganlik uchun xarajatlar davlat organlari va tashkilotlarining xodimlari hamda delegatsiyalar aʼzolariga kundalik xarajatlar tarkibida qoplanadi.
37. Xizmat safariga yuborishda, birinchi navbatda, mahalliy transport aviakompaniyalariga ustuvorlik beriladi.
6-bob. Vakillik, koʻzda tutilmagan va boshqa turdagi xarajatlarga mablagʻ ajratish
38. Vakillik xarajatlariga davlat organlari va tashkilotlari xodimlari hamda delegatsiyalar aʼzolarining rasmiy qabulini (nonushta, tushlik yoki shunga oʻxshash tadbirlar) oʻtkazish, ularning transport taʼminoti, muzokaralar vaqtida bufet xizmatlarini koʻrsatish, tarjimon xizmatiga haq toʻlash, tadbirlarni matbuotda yoritish, tadbirni tayyorlash va oʻtkazish bilan bogʻliq bosmaxona materiallarini tayyorlash, gullar sotib olish va ijaraga olish xarajatlari kiradi.
Belgilangan tartibda rasmiylashtirilgan tasdiqlovchi dastlabki hujjatlar (rasmiy qabulni oʻtkazish uchun asos, sanasi va joyi, taklif qilingan shaxslar va ishtirokchilar soni, ularning transport taʼminoti, muzokaralar vaqtida bufet xizmatlarini koʻrsatish, tarjimon xizmatiga haq toʻlash, vakillik xarajatlarining chet el valyutasidagi summasi koʻrsatilgan hujjatlar) boʻlganda, vakillik xarajatlari boʻnak tarkibiga kiritiladi.
39. Qabul qiluvchi tomon uchun esdalik sovgʻasini xarid qilishga faqatgina ushbu Nizomga 4-ilovada koʻrsatilgan mansabdor shaxslarga delegatsiyaning xizmat safari uchun dastlabki hujjatlarga asosan Nizomning 8-bandida belgilangan tartibga rioya qilgan holda mablagʻ ajratiladi.
40. Delegatsiya tomonidan qabul qiluvchi tomon uchun ziyofat tashkil etish (furshet) kabi xarajatlar, birinchi navbatda, xizmat safariga yuborilayotgan shaxslar (alohida shaxs) ishlaydigan davlat organlari va tashkilotlari yoki xizmat safarini tashkil etuvchi davlat organlari va tashkilotlarining budjet, budjetdan tashqari mablagʻlari hamda qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan moliyalashtiriladi. Davlat organlari va tashkilotlarining budjetdan tashqari mablagʻlari boʻlmagan hollarda, xarajatlar Vazirlar Mahkamasining zaxira jamgʻarmasi hisobidan sarflanadi.
41. Koʻzda tutilmagan xarajatlarga reysning kechikishi yoki oldinga surilishi (oʻzgarishi), delegatsiya rahbari qaroriga koʻra marshrutning, safar dasturining oʻzgartirilishi va xizmat safaridagi boshqa fors-major holatlar bilan bogʻliq xarajatlar kiradi hamda mazkur holatlar natijasida yuzaga kelgan xarajatlar ham koʻzda tutilmagan xarajatlar uchun rejalashtirilgan mablagʻlar hisobidan qoplanadi.
42. Hukumat nomidan muzokaralar olib borish, bitimlarni imzolash maqsadida xalqaro tashkilotlarning majlislarida, assambleyalarida ishtirok etish uchun xizmat safariga yuborilayotgan delegatsiyalar aʼzolari uchun Vazirlar Mahkamasining farmoyishiga koʻra vakillik va koʻzda tutilmagan xarajatlarga ham mablagʻlar ajratiladi. Bunda koʻrsatilgan xarajatlar uchun mablagʻlar delegatsiyalar aʼzolaridan biriga hisobot topshirish sharti bilan beriladi.
43. Vazirlar Mahkamasining zaxira jamgʻarmasi hisobidan xizmat safariga yuborilayotgan delegatsiyalar aʼzolari uchun ushbu Nizomning 42-bandidagi koʻzda tutilmagan va vakillik xarajatlari miqdori xizmat safarini tashkil etuvchi tashkilotning asoslantirilgan hisob-kitoblariga muvofiq Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Gʻaznachilik xizmati qoʻmitasi bilan kelishilgan holda, Vazirlar Mahkamasining farmoyishiga muvofiq belgilanadi.
44. Tashkilotlar vakillik xarajatlariga beriladigan mablagʻlarni qonunchilik hujjatlariga muvofiq rejalashtiradilar. Xorijiy valyutada olingan vakillik xarajatlari summalari milliy valyutada Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining mablagʻlar berilgan kundagi rasmiy kursi boʻyicha qayta hisoblanadi.
45. Yoʻl, yashash uchun (turar joy ijarasi boʻyicha), kundalik, vakillik va koʻzda tutilmagan xarajatlardan tashqari hujjatlar bilan tasdiqlangan quyidagi xarajatlar ham qoplanadi:
viza va viza olish uchun talab etiladigan hujjatlarni olish va taqdim etish;
xizmat safariga yuborilgan davlat chegarasini kesib oʻtish vaqtida talab etiladigan hujjatlar hamda maʼlumotnomalarni olish va taqdim etish xarajatlari;
xizmat safariga yuborilgan davlatga kirishda talab etiladigan turli jarayonlar, majburiy tadbirlardan oʻtish bilan bogʻliq xarajatlar;
fuqarolarni vaqtincha turgan joyi boʻyicha roʻyxatga olish uchun;
borgan davlatda chet el valyutasini sotib olish yoki sotish vaqtida yigʻimlar (foizlar, komissiyalar)ni toʻlash;
30 kilogrammgacha boʻlgan yukni olib ketish uchun toʻlov;
aeroport, sugʻurta (faqat borayotgan davlatiga kirish uchun majburiy boʻlgan sugʻurta turlari), bojxona va vositachilik yigʻimlari (koʻrgazmalar, taqdimotlar, konferensiyalar va gastrollar oʻtkazilganda);
konferensiya, sport musobaqalari qatnashchilarini roʻyxatga olish yigʻimlari, sport anjomlarini ijaraga olish;
pulli toʻxtash joylari xizmatlari haqini toʻlash, avtobenzin xarid qilish, yukni transportda joʻnatish (faqat xizmat safariga yuborilgan haydovchilar uchun) toʻlovlari;
ushbu Nizomga 4-ilovada belgilangan 20 foiz va undan ortiq ustamasi mavjud mansabdor shaxslarga rasmiy shaxslar va delegatsiyalar zali orqali xizmat koʻrsatish;
davlat organlari va tashkilotlarining xizmat safariga yuborilgan xodimlari hamda delegatsiyalar aʼzolariga favqulodda, qoldirib boʻlmaydigan holatlarda koʻrsatilgan tibbiy xizmatlar haqini toʻlash;
hujjatlar bilan asoslangan xizmat safari bekor qilinishi, yoʻl marshruti yoki chet davlatda boʻlish muddatlari oʻzgarishi sababli yoʻl chiptalarini qaytarib berish, almashtirish yoki ulardan foydalanmaslik bilan bogʻliq jarimalar hamda xizmat safari davridagi ishlab chiqarish maqsadlarida sarflangan qoʻshimcha xarajatlar. Bunda davlat organlari va tashkilotlarining xizmat safariga yuborilgan xodimlari hamda delegatsiyalar aʼzolari boʻnak hisobotida yoʻl chiptalarini qaytarib berish, almashtirish yoki ulardan foydalanmaslik bilan bogʻliq jarimalar hamda xizmat safari davridagi ishlab chiqarish maqsadlarida sarflangan qoʻshimcha xarajatlar yuzasidan toʻliq tushuntirish berishlari lozim.
Tasdiqlovchi hujjatlar mavjud boʻlmagan taqdirda, mazkur bandda nazarda tutilgan xarajatlar qoplanmaydi.
46. Davlat organlari va tashkilotlarining xodimlariga ushbu Nizomga 2-ilovada belgilangan xizmat safari xarajatlari meʼyorlariga qoʻshimcha toʻlovlar miqdorini xodimlarning shaxsiy mablagʻlari hisobidan qoplashga ruxsat beriladi.
47. Kundalik xarajatlar meʼyoriga qoʻshimcha ustama olish huquqiga ega boʻlmagan hamda qoʻshimcha ustamasi 20 foizdan past boʻlgan delegatsiya aʼzolarining mehmonxona xonasining toifasi hamda havo transporti tariflari faqatgina Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi va (yoki) Vazirlar Mahkamasi bilan kelishilgan holda oʻzgartiriladi.
7-bob. Hisobot
48. Xizmat safari xarajatlariga berilgan mablagʻlardan foydalanganlik toʻgʻrisidagi boʻnak hisoboti davlat organlari va tashkilotlari buxgalteriyasiga xizmat safaridan qaytib kelingandan soʻng uch ish kunidan kechiktirmay boʻnak ajratilgan valyuta (pul birligi)da taqdim etiladi.
Agar hisobot oʻz vaqtida taqdim etilmasa, davlat organlari va tashkilotlari xodimlariga berilgan boʻnak mablagʻlari qonunchilikka asosan ularning ish haqi hisobidan undirib olinadi. Boʻnak mablagʻlari chet el valyutasida berilgan taqdirda, boʻnak berilgan sanadagi Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki kursi boʻyicha hisob-kitoblar amalga oshiriladi.
Xizmat safari natijalari boʻyicha yakuniy hisob-kitob hujjatlar bilan tasdiqlangan haqiqiy xarajatlar, belgilangan meʼyorlar va qoʻshimcha toʻlovlar hisobga olingan holda, mablagʻlar ayirboshlangan kursni tasdiqlovchi maʼlumotlar boʻlmaganda, toʻlovlar toʻlangan kundagi Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki kursi boʻyicha amalga oshiriladi.
Oʻzbekiston Respublikasi milliy valyutasi kursining chet el valyutasiga nisbatan oʻzgarishidan yuzaga keladigan kursdagi farqlar chet el valyutasida hisoblanishi natijasida “kross kurs” hisobiga hosil boʻlgan kurs tafovuti hisobda amaldagi buxgalteriya hisobi toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlariga muvofiq aks ettiriladi.
49. Vakillik xarajatlari boʻyicha alohida hisobot tuziladi. Vakillik xarajatlari boʻyicha hisobotga sarflangan xarajatlar asoslanganini tasdiqlovchi hujjatlar ilova qilinishi kerak.
Hisobotlar hisobot beruvchi shaxs tomonidan imzolanadi va davlat organlari va tashkilotlari rahbari, uning oʻrinbosari yoki boshqa vakolatli shaxs tomonidan tasdiqlanadi.
50. Vakillik va koʻzda tutilmagan xarajatlarga ajratilgan mablagʻlarning ishlatilganini tasdiqlovchi hujjatlar boʻlmagan taqdirda sarflangan xarajatlarning roʻyxati koʻrsatilgan, delegatsiya aʼzolari tomonidan imzolanadigan va delegatsiya rahbari (delegatsiya rahbari boʻlmasa, uning oʻrinbosari) tomonidan tasdiqlanadigan dalolatnoma tuziladi. Xizmat safariga alohida shaxs joʻnatilganda, hisobot ushbu shaxs tomonidan imzolanadi.
51. Vazirlar Mahkamasining farmoyishi asosida amalga oshirilgan xizmat safari uchun boʻnak berilgan paytda xarajatlar smetasida koʻzda tutilmagan, biroq tegishli tasdiqlovchi hujjatlar mavjud boʻlganda, koʻzda tutilmagan xarajatlar uchun ajratilgan mablagʻlar hisobidan ushbu Nizomning 45-bandida nazarda tutilgan xarajatlar qoplanishi mumkin.
52. Kundalik, transport, yashash uchun (turar joy ijarasi boʻyicha), vakillik va koʻzda tutilmagan xarajatlarga berilgan va ishlatilmagan qoldiq mablagʻlar boʻnak hisoboti topshirilgan kundan soʻng ikki bank kuni ichida mablagʻ ajratilgan tashkilotga qaytarilishi kerak.
53. Boʻnak hisoboti, shuningdek, ishlatilmagan qoldiqning oʻz muddatida topshirmagan xodim bilan mehnat shartnomasi bekor qilingan taqdirda, boʻnak hisobotini taqdim etish va ishlatilmagan qoldiq masʼul davlat organi rahbarlari tomonidan qoplanadi.
54. Boʻnak hisobotida koʻrsatiladigan barcha xarajatlar tegishli ravishda rasmiylashtirilgan hujjatlar bilan, davlat organlari va tashkilotlari rahbari, uning oʻrinbosari yoki boshqa vakolatli shaxs tomonidan tasdiqlangan boʻlishi kerak.
55. Vazirlar Mahkamasining zaxira jamgʻarmasi hisobidan delegatsiyalar aʼzolarining xizmat safari xarajatlari uchun mablagʻlar ajratilganda, xizmat safari tugagandan soʻng sakkiz ish kuni ichida davlat organlari va tashkilotlari tomonidan sarflangan xarajatlarni tasdiqlovchi hujjatlar (hisob-faktura, kvitansiya, yoʻl chiptalari va boshqalar) ilova qilingan holda, ushbu Nizomga 5-ilovaga muvofiq hisobot Gʻaznachilik xizmati qoʻmitasiga topshiriladi.
Bunda delegatsiyalar aʼzolarining chet davlatlarga xizmat safari xarajatlarini hisoblash jarayonlari “xizmat.uzasbo.uz” platformasi orqali amalga oshiriladi.
Hisobotga koʻra ajratilgan mablagʻlarning ishlatilmagan qismi davlat organlari va tashkilotlari tomonidan hisobot topshirilganidan soʻng uch ish kunida Vazirlar Mahkamasining zaxira jamgʻarmasiga qaytariladi.
Xizmat safari xarajatlari uchun Vazirlar Mahkamasining zaxira jamgʻarmasi hisobidan ajratilgan mablagʻlarning ishlatilmagan qismi oʻz vaqtida qaytarilmagan taqdirda, qaytarilishi lozim boʻlgan mablagʻ Gʻaznachilik xizmati qoʻmitasi tomonidan tegishli davlat organlari va tashkilotlarining tegishli shaxsiy gʻazna hisobvaraqlaridan yechib olinadi.
56. Xizmat safariga borgan davlat organlari va tashkilotlarining xodimlari hamda delegatsiyalar aʼzolari xizmat safari davomida hujjatlar bilan tasdiqlangan ortiqcha xarajatga yoʻl qoʻyganda, ushbu xarajatlar Vazirlar Mahkamasining tegishli (farmoyish) topshirigʻiga asosan belgilangan tartibda qoplanadi.
57. Xizmat safariga yuborilgan davlat organlari va tashkilotlarining xodimlari va delegatsiyalar aʼzolarida transport hamda vakillik xarajatlarida ortiqcha sarflar mavjud boʻlsa, tegishli tasdiqlovchi hujjatlar asosida boʻnak hisobotining qabul qilinishi hamda tegishli mablagʻlar berilishi toʻgʻrisida Gʻaznachilik xizmati qoʻmitasi xulosasi asosida Vazirlar Mahkamasining farmoyishi qabul qilinadi.
8-bob. Yakunlovchi qoidalar
58. Xizmat safarida sarflangan xarajatlarning maqsadligi hamda hisobotning toʻgʻri toʻldirilishi uchun javobgarlik delegatsiya rahbari va hisobot beruvchi shaxsga yuklanadi.
59. Davlat organlari va tashkilotlarining xodimlari hamda delegatsiyalar aʼzolari Vazirlar Mahkamasining zaxira jamgʻarmasi hamda davlat organlari va tashkilotlarining mablagʻlari hisobidan xizmat safari xarajatlari uchun ajratiladigan mablagʻlarni maqsadli sarflanishini taʼminlashi shart.
60. Ushbu Nizom talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradilar.
Davlat organlari va tashkilotlari xodimlarini, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi delegatsiyalarini chet davlatlarga xizmat safariga yuborish hamda xizmat safari xarajatlarini moliyalashtirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 1-ILOVA
Davlat organlari va tashkilotlari xodimlarini hamda delegatsiyalarni chet davlatlarga xizmat safariga yuborishni tashkil etish hamda xizmat safari yakuni boʻyicha hisobotlarni taqdim etish
SXEMASI
Davlat organlari va tashkilotlari xodimlarini, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi delegatsiyalarini chet davlatlarga xizmat safariga yuborish hamda xizmat safari xarajatlarini moliyalashtirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 2-ILOVA
Davlat organlari va tashkilotlari xodimlarining hamda delegatsiyalar aʼzolarining xizmat safari xarajatlarini qoplash
MEʼYORLARI
Davlat organlari va tashkilotlari xodimlarini, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi delegatsiyalarini chet davlatlarga xizmat safariga yuborish hamda xizmat safari xarajatlarini moliyalashtirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 3-ILOVA
Davlat organlari va tashkilotlari xodimlarini, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi delegatsiyalarini chet davlatlarga xizmat safariga yuborish hamda xizmat safari xarajatlarini moliyalashtirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 4-ILOVA
Xizmat safariga yuboriladigan ayrim toifadagi shaxslarga toʻlanadigan qoʻshimcha ustamalar va ular tomonidan xarid qiladigan sovgʻalar uchun toʻlovlarning eng yuqori miqdori
Izoh:
* rahbar oʻrinbosarlari tushunchasi rahbarning birinchi oʻrinbosarlarini ham oʻz ichiga oladi;
** kundalik xarajatlarga qoʻshimcha ustamalar olish huquqiga ega boʻlgan lavozimlarga maqomi boʻyicha tenglashtirilgan va mazkur jadvalda keltirilmagan shaxslar uchun ushbu qaror normalari mutanosib ravishda tatbiq etiladi.
Davlat organlari va tashkilotlari xodimlarini, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi delegatsiyalarini chet davlatlarga xizmat safariga yuborish hamda xizmat safari xarajatlarini moliyalashtirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 5-ILOVA
Amalga oshirilgan xizmat safari
BOʻNAK HISOBOTI
Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 11-iyundagi 303-sonli qaroriga 2-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasiga chet davlatlarning rasmiy, amaliy va boshqa turli tashriflar bilan keluvchi rahbarlari, delegatsiyalari, siyosiy arboblari va boshqa shaxslarini qabul qilishda Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlaridan foydalanish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasiga chet davlatlarning rasmiy, amaliy va boshqa turli tashriflar (keyingi oʻrinlarda — tashriflar) bilan keluvchi ushbu Nizomga 1-ilovada koʻrsatilgan shaxslarni (keyingi oʻrinlarda — chet davlatlar delegatsiyalari) qabul qilish tartibini belgilaydi.
2-bob. Chet davlatlar delegatsiyalarini qabul qilish tartibi
2. Tashriflar uchun masʼul boʻlgan vazirlik, idoralar va boshqa tashkilotlar chet davlatlar delegatsiyalarining Oʻzbekiston Respublikasiga tashrif buyurish muddatlari, turi va shakli toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi yoki Vazirlar Mahkamasiga tegishli maʼlumotlar kiritadi.
3. Oʻzbekiston Respublikasiga rasmiy, amaliy, norasmiy tashriflar yoxud yoʻl-yoʻlakay tashriflar bilan keluvchi chet davlatlar rahbarlari, delegatsiyalari, siyosiy arboblari Davlat diplomatik protokoli toʻgʻrisidagi nizomga yoki ikki tomonlama ahdlashuvga muvofiq qabul qilinadi.
Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligiga aʼzo davlatlar rahbarlari, hukumatlar rahbarlari va tashqi ishlar vazirlarining Oʻzbekistonga tashriflarida ularni kutib olish, kuzatib qoʻyish va Oʻzbekistonda boʻlish dasturi MDHga aʼzo davlatlar oʻrtasidagi munosabatlarda shakllangan amaliyotni hisobga olgan holda amalga oshiriladi.
BMT Bosh kotibi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining yoki Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining mehmoni sifatida qabul qilinadi. BMT Bosh kotibi tashrifining hajmi Tashqi ishlar vazirlarining rasmiy tashriflari darajasiga muvofiq boʻladi.
4. Oʻzbekiston Respublikasida chet davlatlar delegatsiyalarining tashriflari tegishli ravishda qabul qilishga masʼul tashkilot tomonidan tashkiliy taʼminlanadi.
Bunda oliy darajadagi tashriflar boʻyicha protokol tadbirlariga tayyorgarlik koʻrish va ularni oʻtkazish uchun javobgarlik Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligiga yuklanadi.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining chet davlatlar rahbarlari, delegatsiyalari, davlat va siyosiy arboblari sharafiga qabul marosimlari oliy darajadagi qabul marosimi hisoblanadi.
6. Oʻzbekiston Respublikasida chet davlatlar delegatsiyalarining boʻlishi bilan bogʻliq tadbirni moliyalashtirish uchun mablagʻlar tegishli vazirlik yoki idoraning budjet va budjetdan tashqari mablagʻlari hisobidan amalga oshirilgan taqdirda, dastur loyihalari Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi hamda boshqa tegishli vazirlik va idoralar bilan kelishilgandan soʻng Vazirlar Mahkamasiga tasdiqlash uchun taqdim etiladi.
7. Asosiy protokol tadbirlariga va qabul qilish darajasiga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti protokol xizmatining rahbari va Tashqi ishlar vazirligi qabul qilish tartibi, vaqti va joyi toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga taklif kiritadi.
Qabulni tashkil etish uchun Oʻzbekiston Respublikasining barcha manfaatdor vazirliklari va idoralari, shu jumladan, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari jalb etilishi mumkin.
8. Chet davlatlar rahbarlari va delegatsiyalari Oʻzbekistonda boʻlgan paytda Toshkent shahrini bezash Toshkent shahri hokimi zimmasiga yuklanadi.
Xorijiy mehmon tashrifining dasturiga Oʻzbekistonning boshqa shaharlarida boʻlish kiritilgan taqdirda, bu shaharlarni bezash va delegatsiyalarni qabul qilish mahalliy budjet hisobidan tegishli hokim tomonidan amalga oshiriladi.
3-bob. Chet davlatlar delegatsiyalarini qabul qilishda Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjeti mablagʻlaridan foydalanish tartibi
9. Oʻzbekiston Respublikasida chet davlatlar delegatsiyalarini qabul qilish bilan bogʻliq xarajatlar quyidagi manbalar hisobidan amalga oshiriladi:
tashriflar uchun masʼul boʻlgan vazirliklar, idoralar va boshqa tashkilotlar uchun Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjetidan ajratilgan mablagʻlar doirasida hamda ularning budjetdan tashqari jamgʻarmalari mablagʻlari;
Vazirlar Mahkamasining zaxira jamgʻarmasi mablagʻlari;
mahalliy budjetning qoʻshimcha manbalari hisobidan ajratiladigan mablagʻlar;
qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa mablagʻlar.
10. Chet davlatlar delegatsiyalarini qabul qilish bilan bogʻliq xarajatlar vazirliklar, idoralar va boshqa tashkilotlarning budjet mablagʻlari boʻyicha xarajatlar smetasi, budjetdan tashqari mablagʻlari boʻyicha daromadlar va xarajatlar smetalariga muvofiq amalga oshiriladi.
Bunda ushbu davlat organi va tashkilotining budjet va budjetdan tashqari mablagʻlari mavjud boʻlmagan taqdirda, mazkur xarajatlar asoslangan hisob-kitoblarga koʻra Vazirlar Mahkamasining zaxira jamgʻarmasi hisobidan Vazirlar Mahkamasining tegishli hujjatiga asosan amalga oshiriladi.
Chet davlatlar delegatsiyalarining dasturlariga viloyatlarga tashrif buyurish kiritilgan taqdirda, delegatsiyalarni qabul qilish bilan bogʻliq xarajatlar tegishli mahalliy budjet mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi.
11. Chet davlatlar delegatsiyalarini qabul qilish bilan bogʻliq xarajatlar meʼyorlari Xorijiy delegatsiyalarni, mansabdor shaxslar va mehmonlarni rasmiy qabul qilish darajasini hisobga olgan holda ushbu Nizomga 2-ilovaga muvofiq amalga oshiriladi.
12. Chet davlatlar delegatsiyalarini qabul qilish bilan bogʻliq tadbirlarni oʻtkazishda Vazirlar Mahkamasining zaxira jamgʻarmasi hisobidan mablagʻlar ajratish talab etilganda, Vazirlar Mahkamasining farmoyishi yoki qarori qabul qilinadi.
13. Vazirlar Mahkamasining farmoyishi yoki qarori loyihasida chet davlatlar delegatsiyalarini qabul qilish va kuzatish sanasi, belgilagan tadbirlar rejasi, qabul qilish bilan bogʻliq xarajatlar smetasi aks ettirilishi lozim.
14. Vazirlar Mahkamasining zaxira jamgʻarmasi hisobidan chet davlatlar delegatsiyalarini qabul qilishda xarajatlar smetasi ilova qilingan holda Vazirlar Mahkamasining farmoyishi yoki qarori loyihasi tadbirni oʻtkazishga masʼul boʻlgan vazirlik va idoralar tomonidan tayyorlanadi.
15. Vazirlar Mahkamasining farmoyishi yoki qarori loyihasini asoslantiruvchi hujjatlarni ilova qilgan holda, chet davlatlar delegatsiyasini kutib olishga masʼul boʻlgan vazirlik va idoralar tomonidan kelishish uchun manfaatdor vazirlik va idoralarga kiritiladi. Ushbu farmoyish yoki qaror loyihasi manfaatdor vazirlik va idoralar tomonidan ikki kun mobaynida kelishib berilishi lozim.
16. Vazirlar Mahkamasining farmoyishi yoki qarori loyihasiga ilova qilingan xarajatlar smetasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan koʻrib chiqiladi.
Bunda farmoyish yoki qaror loyihasiga ilova qilingan xarajatlar smetasidagi talab etiladigan mablagʻlarni asoslantiruvchi hujjatlar yetarli boʻlmaganda, Iqtisodiyot va moliya vazirligi masʼul boʻlgan vazirlikdan qoʻshimcha asoslantiruvchi hujjatlar talab etishga haqli.
Belgilangan tartibda asoslantiruvchi hujjatlar taqdim etilmaganda Iqtisodiyot va moliya vazirligi xarajatlar smetasiga oʻzgartirish kiritishi yoki farmoyish yoki qaror loyihasini qayta ishlash uchun qaytarishga haqli.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan belgilangan tartibda kelishilgandan soʻng vazirlik va idoralar tomonidan belgilangan tartibda Vazirlar Mahkamasiga kiritiladi.
17. Tadbirlarni oʻtkazish bilan bogʻliq xarajatlarning maqsadli sarflanishi uchun tegishli tashkilot rahbari javobgar hisoblanadi.
4-bob. Yakunlovchi qoida
18. Mazkur Nizom talablarini buzgan aybdor shaxslar qonunchilik hujjatlariga muvofiq javob beradilar.
Oʻzbekiston Respublikasiga chet davlatlarning rasmiy, amaliy va boshqa turli tashriflar bilan keluvchi rahbarlari, delegatsiyalari, siyosiy arboblari va boshqa shaxslarini qabul qilishda Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlaridan foydalanish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 1-ILOVA
Chet davlatlar delegatsiyalari aʼzolarini, mansabdor shaxslar va mehmonlarni rasmiy qabul qilish darajasi
Izoh. Yuqorida koʻrsatilgan mehmonlardan istalgan birining Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan qabul qilinishi oliy darajadagi qabul hisoblanadi.
Oʻzbekiston Respublikasiga chet davlatlarning rasmiy, amaliy va boshqa turli tashriflar bilan keluvchi rahbarlari, delegatsiyalari, siyosiy arboblari va boshqa shaxslarini qabul qilishda Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlaridan foydalanish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 2-ILOVA
Chet davlatlar delegatsiyalari aʼzolarini qabul qilish bilan bogʻliq xarajatlar
MEʼYORLARI
Izoh:
* Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan qabul qilinadigan oliy darajadagi tadbirlar haqiqiy xarajatlarga asosan Hukumatning tegishli qaror va farmoyishlarga asosan moliyalashtiriladi.
** Chet el delegatsiyalari va tashrif buyuruvchilarning (2-daraja bundan mustasno) yashashi uchun mehmonxona darajasi va tadbir oʻtkaziladigan joylarning darajasi Oʻzbekiston Respublikasi Administratsiyasi yoki Vazirlar Mahkamasining topshirigʻiga asosan belgilanadi.
*** Mazkur yuqori chegaralar meʼyorlarini oshirgan holda qoʻllash faqatgina Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi va (yoki) Vazirlar Mahkamasining alohida topshiriqlariga muvofiq amalga oshiriladi.
Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 11-iyundagi 303-sonli qaroriga 3-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining oʻz kuchini yoʻqotgan deb eʼtirof etilayotgan ayrim qarorlari
ROʻYXATI
1. Vazirlar Mahkamasining “Delegatsiyalarining xorijiy mamlakatlarga tashriflarini va chet el delegatsiyalarini, davlat va siyosiy arboblarini qabul qilishni uyushtirish hamda shu maqsadlar uchun davlat budjetidan ajratiladigan mablagʻlarni sarflash tartibi toʻgʻrisida” 1994-yil 23-martdagi 158-son qarori bilan tasdiqlangan Nizomning 2-boʻlimi va unga ilova.
2. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning strategik vazifalari amalga oshirilishi samaradorligi uchun Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining masʼuliyatini oshirishga doir birinchi navbatdagi chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2019-yil 28-yanvardagi PF-5644-son, “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish, shuningdek, baʼzilarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida” 2019-yil 1-fevraldagi PF-5650-son Farmonlari va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati ishini tashkil etishning sifat jihatidan yangi tizimini joriy etish toʻgʻrisida” 2019-yil 28-yanvardagi PQ-4136-son qarori)” 2019-yil 13-maydagi 397-son qaroriga ilovaning 3-bandi.
3. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasining tuzilmasi takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida” 2024-yil 18-martdagi 142-son qaroriga ilovaning 1-bandi.
