Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun “Ilgʻor muhandislik maktabi” milliy tanlovini tashkil etish va oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida (300-son)
11.06.2026
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI VAZIRLAR MAHKAMASINING
QARORI
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Yangi avlod muhandislarini tayyorlash va muhandislik taʼlimini rivojlantirishga oid chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2025-yil 8-sentabrdagi PQ-278-son qarori ijrosini taʼminlash, shuningdek, umumiy oʻrta taʼlim tashkilotlari oʻrtasida muhandislikka oid fanlarni oʻqitish boʻyicha raqobat muhitini yaratish hamda ularni ragʻbatlantirish tizimini joriy etish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 8-sentabrdagi PQ-278-son qaroriga muvofiq “Oʻzbekiston — ilgʻor muhandislar mamlakati” tashabbusini amalga oshirish doirasida:
har yili umumiy oʻrta taʼlim tashkilotlari (keyingi oʻrinlarda — maktab) oʻrtasida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun “Ilgʻor muhandislik maktabi” milliy tanlovini (keyingi oʻrinlarda — tanlov) oʻtkazish;
tanlovning respublika bosqichi gʻoliblari uchun xorijiy davlatlarga taʼlim sayohatini tashkil etish;
tanlovning respublika bosqichida 1-oʻrinni egallagan maktabga Davlat budjeti hisobidan muhandislikka oid laboratoriyalar jamlanmasini oʻz ichiga olgan innovatsion texnopark tashkil etish uchun 1 mlrd soʻm miqdorida mablagʻ ajratish belgilangani maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Quyidagilarni nazarda tutuvchi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun “Ilgʻor muhandislik maktabi” milliy tanlovini tashkil etish va oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizom 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin:
maktab terma jamoalarini shakllantirish, maxsus platformada roʻyxatdan oʻtkazish;
tanlovni tashkil etish va oʻtkazish boʻyicha tashkiliy qoʻmita, hakamlar hayʼati, apellyatsiya komissiyasini tashkil etish, ularning vazifa va funksiyalarini belgilash;
tanlovning tuman (shahar), hududiy va respublika bosqichlarini oʻtkazish, tanlov gʻoliblarini aniqlash hamda ularga Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining sovrinini topshirish tartibi.
3. Belgilansinki:
tanlov har yili 3 bosqichda — tuman (shahar), Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri hamda respublika miqyosida maktablar oʻquvchilari oʻrtasida tashkil etiladi;
tanlovda har bir maktabdan faqat bitta terma jamoa ishtirok etadi, maktab terma jamoasi 8 — 10-sinfning 5 nafar oʻquvchilari hamda 1 nafar fizika fani oʻqituvchisidan iborat tarkibda shakllantiriladi;
innovatsion texnoparkka ega boʻlgan maktablarda mehnatga haq toʻlash va moddiy ragʻbatlantirish shartlariga koʻra fizika fani oʻqituvchisiga tenglashtirilgan 1 ta shtat birligida laborant lavozimi kiritiladi.
4. Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi ikki oy muddatda tanlovda ishtirok etadigan maktablarni roʻyxatdan oʻtkazish hamda maktab terma jamoalari oʻqituvchi va oʻquvchilari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni (oʻqituvchilarning malaka toifa sertifikatlari, oʻquvchilarining milliy va xalqaro sertifikatlari, oʻquvchilarning fizika fanidan mahalliy hamda xalqaro olimpiada va tanlovlarda ishtiroki) baholash imkonini beruvchi maxsus platformani yaratsin.
5. Muhandis kadrlar tayyorlaydigan oliy va kasbiy taʼlim tashkilotlariga biriktiriladigan muhandislik maktablari roʻyxati 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Bunda biriktirilgan texnikumlarga quyidagi vazifalar yuklanadi:
muhandislik boʻyicha kreativ fikrlaydigan oʻquvchilarni “Mening kelajakdagi kasbim” dasturi asosida tadbirlarga jalb qilish;
sanoat korxonalariga ekskursiyaga olib borish va oʻquvchilarni ishlab chiqarish jarayoni bilan yaqindan tanishtirish;
kasb egalari bilan uchrashuvlar tashkil etish orqali ularni muhandislik sohasiga boʻlgan qiziqishini oshirish;
oʻquvchilarni texnikumlardagi mos kasb va mutaxassisliklar bilan tanishtirib borish va amaliy darslarga jalb etish.
6. Belgilab qoʻyilsinki, mazkur qarorda nazarda tutilgan tadbirlar 2026-yilda Oʻzbekiston Respublikasining respublika budjetidan birinchi darajali budjet mablagʻlarini taqsimlovchi sifatida Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligiga ajratiladigan mablagʻlar doirasida moliyalashtiriladi, 2027-yildan boshlab esa Davlat budjeti parametrlarida nazarda tutiladi.
7. Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi maktabgacha va maktab taʼlimi vaziri E.G. Karimova zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2026-yil 11-iyun,
300-son
Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 11-iyundagi 300-son qaroriga 1-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun “Ilgʻor muhandislik maktabi” milliy tanlovini tashkil etish va oʻtkazish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun davlat umumiy oʻrta taʼlim tashkilotlari (keyingi oʻrinlarda — maktab) oʻrtasida “Ilgʻor muhandislik maktabi” milliy tanlovini tashkil etish, oʻtkazish hamda tanlov gʻoliblariga Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining sovrinini topshirish tartibini belgilaydi.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun “Ilgʻor muhandislik maktabi” milliy tanlovi (keyingi oʻrinlarda — tanlov) Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi (keyingi oʻrinlarda — vazirlik) tizimidagi maktablarning 8, 9 va 10-sinf oʻquvchilari oʻrtasida har yili xolislik, oshkoralik va adolat tamoyillariga rioya qilingan holda oʻtkaziladi.
3. Vazirlik huzuridagi Ixtisoslashtirilgan taʼlim muassasalari agentligi tizimidagi maktablar tanlovga jalb etilmaydi.
4. Vazirlik huzuridagi Ixtisoslashtirilgan taʼlim muassasalari agentligi huzuridagi Fan olimpiadalari markazi (keyingi oʻrinlarda — Markaz) tanlovni tashkil etish va oʻtkazish boʻyicha masʼul ishchi organ hisoblanadi.
5. Tanlov jarayonlari ushbu Nizomga 1-ilovada keltirilgan sxemaga muvofiq tashkil etiladi hamda gʻolib aniqlanadi.
6. Tanlov uch bosqichda — tuman (shahar), Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri hamda respublika bosqichlarida oʻtkaziladi.
7. Tanlovning barcha bosqichlarida maktab terma jamoalari tegishli turlar kesimida mazkur Nizomga 2-ilova bilan tasdiqlangan baholash mezonlari asosida umumiy 100 balli tizim boʻyicha baholanadi.
2-bob. Tanlovning maqsadi va vazifalari
8. Tanlovni oʻtkazishning asosiy maqsadi maktablar oʻrtasida STEM fanlarini oʻqitishda raqobat va yangilikka intilish muhitini yaratish, taʼlim jarayonining samaradorligi va sifatini oshirishga koʻmaklashish, pedagog oʻqituvchilarning STEM fanlarini oʻqitishga boʻlgan qiziqishi va intilishini kuchaytirish hisoblanadi.
9. Quyidagilar tanlovning vazifalari hisoblanadi:
maktablarda STEM fanlarini oʻqitish boʻyicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar natijadorligini tahlil qilish;
STEM fanlari boʻyicha oʻquvchilarga sifatli taʼlim berayotgan, samarali faoliyat koʻrsatayotgan oʻqituvchilarni aniqlash va ragʻbatlantirish;
maktablarda STEM fanlarini oʻrgatish boʻyicha tegishli infratuzilmani yaxshilash;
tanlovda yuqori koʻrsatkichlarni qayd etgan maktablarni ragʻbatlantirish, ularning tajribasini ommalashtirish.
3-bob. Tanlovni tashkil etish tartibi
10. Tanlovning tegishli bosqichlarini oʻtkazish boʻyicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish uchun Vazirlik hamda uning hududiy boʻlinmalari oʻz buyruqlari bilan tashkiliy qoʻmitalar, hakamlar hayʼatlari, apellyatsiya komissiyalari tashkil etadilar.
1-§. Tashkiliy qoʻmita
11. Tanlovni tashkil etish va oʻtkazish uchun vazirlik, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar maktabgacha va maktab taʼlimi boshqarmalari (keyingi oʻrinlarda — hududiy maktabgacha va maktab taʼlimi boshqarmalari), tuman (shahar) maktabgacha va maktab taʼlimi boʻlimlarida tashkiliy qoʻmita (keyingi oʻrinlarda — tashkiliy qoʻmita ) tuziladi.
Tuman tashkiliy qoʻmitasi hamda hududiy tashkiliy qoʻmita tarkibiga vazirlik hamda tegishli tashkilotlarning yuqori malakali mahalliy va xorijiy mutaxassislari kiritilishi mumkin.
12. Quyidagilar tuman hamda hududiy tashkiliy qoʻmitalarning vazifalari hisoblanadi:
tanlov oʻtkaziladigan joyni belgilash va tasdiqlash;
hakamlar hayʼati tarkibi, apellyatsiya komissiyasi aʼzolari, auditoriya rahbarlari, auditoriya nazoratchilari roʻyxatini shakllantirish va tasdiqlash;
tanlov nazorat materiallarining maxfiyligini, tanlovning mazkur Nizom talablari asosida oʻtkazilishini taʼminlash;
tanlovning tashkil etilishi, oʻtkazilishi va natijalarini ommaviy axborot vositalarida yoritib borish;
tanlovda ishtirok etuvchi barcha maktab jamoalari haqidagi maʼlumotlar maxsus platformaga kiritilishini muvofiqlashtirish;
tanlovning tuman hamda hududiy bosqichlarida oʻtkaziladigan turlarda beriladigan topshiriqlarni bajarishga ajratiladigan vaqt meʼyorlarini hakamlar hayʼati tavsiyasiga asosan belgilash;
tanlov natijalari va hakamlar hayʼati qarori asosida gʻoliblarni keyingi bosqichda ishtirok etishi boʻyicha tavsiyani yuqori turuvchi tashkiliy qoʻmitaga taqdim etish.
2-§. Hakamlar hayʼati
13. Tanlovning barcha bosqichlarida tashkiliy qoʻmita tomonidan 3 nafardan 7 nafargacha toq sonli aʼzolardan iborat tarkibda hakamlar hayʼati tuziladi.
14. Hakamlar hayʼati:
tanlovda maktab terma jamoalari tomonidan bajarilgan ishlarni baholash mezonlari asosida xolisona tekshiradi, baholaydi va gʻoliblarni aniqlaydi;
tanlov natijalarini tanlov yakunida eʼlon qiladi;
oʻtkazilgan tanlov natijalari boʻyicha qaror qabul qiladi va uni tashkiliy qoʻmitaga taqdim etadi.
15. Hakamlar hayʼati tarkibiga tegishli sohadagi yuqori malakali (vazirlik va idoralar, oliy taʼlim va ilmiy tashkilotlar, xususiy sektor va xorijiy tashkilotlar vakillaridan ham kelishuv asosida jalb etilishi mumkin) mahalliy yoki xorijiy mutaxassislar jalb qilinadi.
Hakamlar hayʼati tarkibiga kiritiladigan nomzodlar:
STEM fanlari boʻyicha fan nomzodi yoki falsafa doktori (PhD) va fan doktori (DSc) ilmiy darajasiga ega boʻlgan olimlar, shuningdek, soha boʻyicha yetuk mutaxassis boʻlishi;
xalqaro yoki respublika miqyosidagi muhandislik loyihalarida ishtirok etgan boʻlishi;
muhandislik, texnologiya, IT, robototexnika, innovatsiyalar yoki tegishli yoʻnalishlarda amaliy tajribaga ega boʻlishi;
patent, mualliflik guvohnomasi yoki texnologik ishlanma muallifligi mavjud boʻlishi tavsiya etiladi.
16. Hakamlar hayʼati aʼzolari nazorat materiallarining maxfiyligini taʼminlash va tanlov gʻoliblarini xolisona aniqlashga shaxsan javobgar hisoblanadi.
3-§. Auditoriya rahbari va nazoratchilari
17. Tashkiliy qoʻmita tomonidan tanlovning barcha bosqichlari uchun auditoriya rahbari va nazoratchilari tayinlanadi.
Fizika fani oʻqituvchilari auditoriyaga rahbar yoki nazoratchi etib tayinlanishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
18. Auditoriya rahbarlari:
maktab terma jamoalariga tanlovning tartib-qoidalarini qisqacha tushuntiradi;
tanlov boshlanishi va tugash vaqtini, shuningdek, topshiriqlarni bajarish uchun belgilangan vaqt meʼyorlarini eʼlon qiladi hamda tanlov jarayonini nazorat qiladi;
tanlovning amaliy topshiriqlari uchun oldindan “xavfsizlik yoʻriqnomasi” bilan tanishtiradi;
tanlov jarayonida oʻrnatilgan tartib-qoidalarga amal qilmagan oʻquvchilarni dalolatnoma tuzib tanlovdan chetlashtiradi;
tanlovning amaliy topshiriq qismida ishtirokchi jamoalarning bajargan ishlariga tegishlilik belgisini qoʻyib, tekshirish uchun hakamlar hayʼatiga topshiradi.
19. Auditoriya nazoratchilari tanlov oʻtkazilayotgan va oʻzlari biriktirilgan auditoriyada tartib saqlanishini taʼminlaydi va auditoriya rahbariga qoʻyilgan vazifalarni amalga oshirishda koʻmaklashadi.
20. Tanlov oʻtkaziladigan auditoriyalar videokuzatuv kameralari bilan jihozlanadi.
Auditoriyada telefon va turli aloqa vositalaridan foydalanish taqiqlanadi. Kalkulyatordan foydalanishga ruxsat etiladi.
Ommaviy axborot vositalari vakillariga tanlov jarayoniga xalaqit qilmagan holda kuzatishlariga ruxsat beriladi.
21. Tanlov oʻtkazilayotgan jarayonda maktab terma jamoalarining oʻzaro gaplashishi va ruxsat etilganidan boshqa turli xil qoʻshimcha manbalardan, shuningdek, sunʼiy intellekt texnologiyalaridan foydalanishi taqiqlanadi.
Bunday holatlarda maktab terma jamoasi tanlovdan chetlashtiriladi, bajargan ishlari tekshirilmaydi va baholanmaydi.
4-§. Apellyatsiya komissiyasi
22. Apellyatsiya komissiyasi hakamlar hayʼati tarkibiga kirmagan toq sonda, uch nafargacha malakali soha mutaxassislaridan iborat tarkibda tuziladi.
23. Apellyatsiya komissiyasi tomonidan shikoyat arizalari tanlov natijalari eʼlon qilingan vaqtdan boshlab 12 soat ichida qabul qilinadi hamda maktab terma jamoasining faqat oʻziga tegishli natijalari boʻyicha koʻrib chiqilib, shu kunning oʻzida natija eʼlon qilinadi.
Apellyatsiya jarayonida hakamlar hayʼati aʼzolari, shikoyat bergan maktab terma jamoasi ishtirok etadi.
24. Hakamlar hayʼati tomonidan baholangan maktab terma jamoasining bajargan ishida baholash mezonlariga mos kelmaslik holatlari aniqlanganda, apellyatsiya komissiyasi hakamlar hayʼati qarorini bekor qilish yoki ularga oʻzgartirishlar kiritish huquqiga ega.
25. Apellyatsiya komissiyasi hakamlar hayʼatiga apellyatsiya natijalari boʻyicha izoh berib, tanlov natijalarini oʻzgartirishi mumkin va bunda hakamlar hayʼati qarori qayta tasdiqlanadi.
26. Apellyatsiya komissiyasi qabul qilgan qarori toʻgʻrisida hakamlar hayʼatini hamda tashkiliy qoʻmitani xabardor qiladi.
4-bob. Tanlovni oʻtkazish
27. Tanlovda ishtirok etish istagini bildirgan maktablar har yili 1-yanvardan 1-fevralga qadar Markazning oʻqituvchilar malaka toifasi sertifikatlari, ularning milliy va xalqaro sertifikatlari, oʻquvchilarning fizika fanidan mahalliy hamda xalqaro olimpiada va tanlovlarda ishtiroki toʻgʻrisidagi maʼlumotlari kiritiladigan maxsus platformasida (keyingi oʻrinlarda — maxsus platforma) roʻyxatdan oʻtadi hamda maktab terma jamoasi tarkibini belgilaydi.
Bunda tanlovning birinchi (tuman) bosqichida baholanishi nazarda tutilgan maktabning asosiy koʻrsatkichlarini asoslovchi hujjatlar vazirlikning tegishli axborot tizimlaridan avtomatik integratsiyalash orqali olinadi.
28. Tanlovda har bir maktabdan faqat bitta maktab terma jamoasi ishtirok etishi mumkin.
Maktab terma jamoasi 8 — 10-sinfning 5 nafar oʻquvchilari hamda 1 nafar fizika fani oʻqituvchisidan iborat tarkibda shakllanadi.
29. Maxsus platformaga kiritilgan maʼlumotlarning haqqoniyligi va toʻgʻriligiga maktab direktori shaxsan javobgar hisoblanadi.
30. Maxsus platformada bir maktab terma jamoasida roʻyxatdan oʻtkazilgan ishtirokchi tanlov yakuniga qadar boshqa maktab terma jamoasida ishtirok etishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
Zaruratga koʻra maxsus platformaga har bir maktab terma jamoasi 3 nafargacha zaxira oʻquvchi hamda 1 nafar oʻqituvchini kiritishi mumkin.
Bunda tanlovning biror-bir bosqichida maktab terma jamoasi aʼzolaridan biri uzrli sabablarga koʻra jamoani tark etgan taqdirda, uning oʻrniga zaxira ishtirokchi jalb qilinishi mumkin.
31. Tanlov uch bosqichda:
birinchi (tuman ) bosqich — har yili 1-aprelga qadar tumandagi maktab terma jamoalari oʻrtasida;
ikkinchi (Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri) bosqich (keyingi oʻrinlarda — hududiy bosqich) — har yili 1-iyulga qadar tuman bosqichida 1-oʻrinni qoʻlga kiritib, gʻolib boʻlgan maktab terma jamoalari oʻrtasida;
uchinchi (respublika) bosqich — har yili 1-oktabrga qadar hududiy bosqichda 1-oʻrinni qoʻlga kiritib, gʻolib boʻlgan maktab terma jamoalari oʻrtasida oʻtkaziladi.
32. Tanlov jarayonida foydalaniladigan test va amaliy ish topshiriqlari (keyingi oʻrinlarda — nazorat materiallari) Markaz tomonidan ishlab chiqiladi.
33. Tanlovning birinchi va ikkinchi bosqichlari uchun tayyorlangan nazorat materiallari tegishli hududlarga muhrlangan holda, vazirlik tomonidan biriktirilgan masʼul ishtirokida Markaz tomonidan bir kun oldin yetkazib beriladi.
34. Tanlovning birinchi (tuman) bosqichida maktab terma jamoalari quyidagi 2 turda bellashadi:
a) 1-turda maxsus platformada roʻyxatdan oʻtgan maktablar tomonidan kiritilgan quyidagi asosiy koʻrsatkichlari baholanadi:
maktabda faoliyat yuritib kelayotgan barcha fizika fani oʻqituvchilarining malaka toifa sertifikatlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
fizika fanidan maktab oʻqituvchilari hamda oʻquvchilarning milliy va xalqaro sertifikatlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
maktab oʻquvchilarining fizika fanidan olimpiada va tanlovlardagi natijalari.
Bunda malaka toifasi sertifikatlari hamda milliy va xalqaro sertifikatlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar vazirlikning tegishli axborot tizimidan avtomatik tarzda olinadi.
Tuman (shahar) maktabgacha va maktab taʼlimi boʻlimi maxsus platformaga kiritilgan maʼlumotlarning toʻgʻriligini tekshiradi va 20-fevralga qadar haqqoniyligini tasdiqlaydi.
Tuman (shahar) maktabgacha va maktab taʼlimi boʻlimlarining tanlov jarayonini tashkil etish boʻyicha faoliyati, shuningdek, maktablarning haqqoniy maʼlumotlarni taqdim etishlari Qoraqalpogʻiston Respublikasi Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahri maktabgacha va maktab taʼlimi boshqarmalari tomonidan nazorat qilinadi;
b) 2-turda maktab terma jamoasining har bir ishtirokchisi STEM fanlarini bilish darajasi boʻyicha test topshiradi.
Test jarayonida har bir oʻquvchi individual baholanib, maktab terma jamoasining natijalari umumlashtiriladi va tanlovning 1-turida maktabning asosiy koʻrsatkichlariga qoʻyilgan ballarga qoʻshilgan holda maktablarning umumiy natijasi hisoblab chiqiladi.
Umumiy natijaga koʻra eng yuqori ball toʻplagan maktablar ballar ketma-ketligi asosida 1, 2, 3-oʻrinlarni egallagan maktablar sifatida belgilanadi.
Tanlovning birinchi (tuman) bosqichi natijalari tuman tashkiliy qoʻmitasi tomonidan maxsus platformaga kiritiladi.
Tanlovning birinchi (tuman) bosqichida 1-oʻrinni egallagan maktab terma jamoasi tanlovning ikkinchi (hududiy) bosqichida qatnashish huquqini qoʻlga kiritadi.
Tanlovning ikkinchi (hududiy) bosqichida ishtirok etadigan maktab terma jamoalariga tanlovning birinchi (tuman) bosqichi yakunlangandan soʻng 21 kun muddat ichida navbatdagi bosqichning loyiha ishi mavzusi va uning texnik topshirigʻi taqdim etiladi.
35. Tanlovning ikkinchi (hududiy) bosqichida maktab terma jamoalari quyidagi 2 turda bellashadi va umumiy 100 balli tizim boʻyicha baholanadi:
a) 1-turda maktab terma jamoalari avvaldan berilgan loyiha ishi mavzusi doirasida tayyorlab kelgan model (maket)larini taqdim etadi, ularning ishlash holati tekshiriladi hamda baholanadi.
Hakamlar hayʼati loyiha ishini texnik talablar, ijodkorlik, natijaning amaliy ahamiyati va jamoaviy mehnatga asoslanib baholaydi;
b) 2-turda maktab terma jamoasi amaliy ish topshiriqlarini bajarish orqali baholanadi.
Maktab terma jamoalari muhandislik (yoki fizika) yoʻnalishidagi amaliy ish topshiriqlarini belgilangan vaqt davomida bajaradi. Bunda amaliy ish topshiriqlari innovatsion, hayotiy dolzarb muammolarni yechishga qaratilgan boʻlishi lozim.
Maktab terma jamoalarining 1 va 2-turda toʻplagan ballari hakamlar hayʼati tomonidan umumlashtirilib, yakuniy ballar shakllantiriladi.
Tanlovning ikkinchi (hududiy) bosqichi natijalariga koʻra umumiy hisobda eng yuqori ball toʻplagan maktab terma jamoalari ballar ketma-ketligi asosida ikkinchi (hududiy) bosqichda 1, 2, 3-oʻrinlarni egallagan maktablar deb topiladi.
Tanlovning ikkinchi (hududiy) bosqichida 1-oʻrinni egallagan maktab terma jamoasi tanlovning uchinchi (respublika) bosqichida qatnashish huquqini qoʻlga kiritadi.
36. Tanlovning uchinchi (respublika) bosqichida maktab terma jamoalari quyidagi 2 turda bellashadi hamda umumiy 100 ballik tizim boʻyicha baholanadi:
a) 1-turda maktab terma jamoasi oʻquvchilariga muammoli masala taqdim etiladi.
Maktab terma jamoasi oʻquvchilari belgilangan vaqt davomida berilgan masalaga yechim taqdim qiladi.
Mazkur turda maktab terma jamoasidagi fizika fani oʻqituvchisi test sinovidan oʻtkaziladi. Bunda oʻqituvchining toʻplagan ballari maktab terma jamoasi oʻquvchilari ballari bilan qoʻshib hisoblanadi;
b) 2-turda maktab terma jamoasi amaliy ish topshiriqlarini bajarish orqali baholanadi.
Maktab terma jamoasi muhandislik (yoki fizika) yoʻnalishidagi amaliy ish topshirigʻini belgilangan vaqt davomida bajaradi. Bunda amaliy ish topshirigʻi hayotiy dolzarb muammolarni yechishga qaratilgan boʻlishi mumkin.
Maktab terma jamoalarining 1 va 2-turda toʻplangan ballari umumlashtirilib, yakuniy ballar shakllantiriladi.
Uchinchi (respublika) bosqich natijalariga koʻra umumiy hisobda eng yuqori ball toʻplagan maktab terma jamoalari ballar ketma-ketligi asosida 1, 2, 3-oʻrinlarni egallagan maktablar sifatida belgilanadi.
37. Tanlovning har bir bosqichida gʻoliblikka daʼvogar maktab terma jamoalarining ballari teng boʻlib qolgan taqdirda, maktab terma jamoalari oʻrtasida qoʻshimcha sinov tashkil etiladi.
Bunda ballari teng boʻlib qolgan maktab terma jamoalari tomonidan tanlangan bir nafar aʼzoga hakamlar hayʼati tomonidan ochiq test savollari berish orqali gʻolib aniqlanadi.
38. Tanlov jarayonining shaffofligi va xolisligini taʼminlash maqsadida tanlovning barcha bosqichlari uzluksiz ravishda ovozli videotasvirga tushiriladi, videotasvir Markazda kamida bir yil mobaynida saqlanadi.
39. Respublika bosqichida 1-oʻrinni qoʻlga kiritgan maktab terma jamoasi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini sohibi sifatida eʼlon qilinadi.
5-bob. Tanlovni tashkil etishni moliyalashtirish
40. Tanlovni tashkil etish bilan bogʻliq xarajatlar tegishliligi boʻyicha tuman (shahar) maktabgacha va maktab taʼlimi boʻlimlari, hududiy maktabgacha va maktab taʼlimi boshqarmalari hamda vazirlikning har yilgi markazlashgan xarajatlar smetasida rejalashtiriladi.
41. Tanlovning ikkinchi (hududiy) hamda uchinchi (respublika) bosqichlarida ishtirok etgan hakamlar hayʼati aʼzolari, apellyatsiya komissiyasi aʼzolari hamda auditoriya rahbari va auditoriya nazoratchilariga har yili Davlat budjeti parametrlarida nazarda tutiladigan vazirlikning markazlashgan xarajatlari hisobidan quyidagi miqdorlarda bir martalik haq toʻlanadi:
a) ikkinchi bosqichda:
hakamlar hayʼati aʼzolariga — mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdoriga nisbatan 50 foiz miqdorida;
apellyatsiya komissiyasi aʼzolari, auditoriya rahbarlari va nazoratchilariga — mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdoriga nisbatan 25 foiz miqdorida;
b) uchinchi bosqichda:
hakamlar hayʼati aʼzolariga — mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdoriga nisbatan 100 foiz miqdorida;
apellyatsiya komissiyasi aʼzolari, auditoriya rahbarlari va nazoratchilariga — mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdoriga nisbatan 50 foiz miqdorida.
42. Nazorat materiallarini tayyorlash uchun jalb qilingan mutaxassislarga quyidagi miqdorlarda haq toʻlanadi:
a) birinchi bosqichda tanlov uchun tayyorlangan har bir test topshirigʻi, jumladan, ochiq test topshirigʻi (uning yechimi bilan) tuzish, tarjima qilish va ekspertizadan oʻtkazish uchun — mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdoriga nisbatan 30 foiz miqdorida;
b) ikkinchi bosqichda:
tanlov uchun tayyorlangan har bir loyiha ishi (uning baholash mezoni bilan) uchun — mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdoriga nisbatan 140 foiz miqdorida;
tanlov uchun tayyorlangan har bir amaliy ish topshirigʻi uchun — mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdoriga nisbatan 140 foiz miqdorida;
v) uchinchi bosqichda:
tanlov uchun tayyorlangan har bir nazariy ish topshirigʻi (uning yechimi bilan) uchun — mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdoriga nisbatan 140 foiz miqdorida;
tanlov uchun tayyorlangan har bir test topshirigʻi (uning yechimi bilan) uchun — mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdoriga nisbatan 30 foiz miqdorida;
tanlov uchun tayyorlangan har bir amaliy ish topshirigʻi uchun — mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdoriga nisbatan 240 foiz miqdorida.
6-bob. Tanlov gʻoliblariga Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining sovrinini topshirish
43. Tanlov gʻoliblari quyidagi miqdorlarda pul mukofoti bilan mukofotlanadi:
a) tuman (shahar) bosqichida 1-oʻrin uchun — bazaviy hisoblash miqdorining 200 baravari, 2-oʻrin uchun — bazaviy hisoblash miqdorining 150 baravari, 3-oʻrin uchun — bazaviy hisoblash miqdorining 100 baravari miqdorida;
b) Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri bosqichida 1-oʻrin uchun — bazaviy hisoblash miqdorining 300 baravari, 2-oʻrin uchun — bazaviy hisoblash miqdorining 250 baravari, 3-oʻrin uchun — bazaviy hisoblash miqdorining 200 baravari miqdorida;
v) respublika bosqichida 1-oʻrin uchun — bazaviy hisoblash miqdorining 600 baravari, 2-oʻrin uchun — bazaviy hisoblash miqdorining 450 baravari, 3-oʻrin uchun — bazaviy hisoblash miqdorining 300 baravari miqdorida.
44. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining sovrini sifatida berilgan pul mukofotlari tanlovning belgilangan bosqichi yakunlangandan soʻng 5 ish kuni ichida gʻolib maktabning budjetdan tashqari shaxsiy gʻazna hisobvaragʻiga oʻtkazib beriladi.
45. Gʻolib maktabning budjetdan tashqari shaxsiy gʻazna hisobvaragʻiga oʻtkazilgan mablagʻlar quyidagicha yoʻnaltiriladi:
tanlov shartlariga koʻra asosiy koʻrsatkichlar boʻyicha maktabning yuqori baholanishiga hissa qoʻshgan hamda oʻquvchilarni tanlovga tayyorlagan fizika fani oʻqituvchilarini ragʻbatlantirish uchun — umumiy mukofot summasining 25 foizi;
tanlovda qatnashib, yuqori natijalar koʻrsatgan terma jamoa aʼzolari boʻlgan oʻquvchilarni esdalik sovgʻalari yoki naqd pul shaklida ragʻbatlantirish uchun — umumiy mukofot summasining 25 foizigacha;
maktabning boshqa ehtiyojlari, jumladan, tanlovning keyingi bosqichiga tayyorgarlik uchun zarur xarajatlar, fizika fanini oʻqitishni yanada yaxshilash uchun shart-sharoitlar yaratish, fizika xonalarini jihozlash uchun — mukofot summasining qolgan qismi.
Terma jamoa aʼzolariga bir xil qiymatdagi sovgʻalar ajratiladi yoki mukofot summasi jamoa aʼzolari oʻrtasida teng taqsimlanadi.
46. Tanlovning respublika bosqichi gʻoliblari xorijiy davlatlarga taʼlim sayohatiga yuboriladi.
47. Tanlovning respublika bosqichida 1-oʻrinni egallagan maktabga muhandislikka oid laboratoriyalar jamlanmasini oʻz ichiga olgan innovatsion texnopark tashkil etish uchun 1 milliard soʻm miqdorida mablagʻ ajratiladi.
Bunda:
innovatsion texnoparkka ega boʻlgan maktablarda mehnatga haq toʻlash va moddiy ragʻbatlantirish shartlariga koʻra fizika fani oʻqituvchisiga tenglashtirilgan 1 ta shtat birligida laborant lavozimi kiritiladi;
mazkur tanlov doirasida muhandislikka oid laboratoriyalar jamlanmasini oʻz ichiga olgan innovatsion texnopark tashkil etish uchun 1 milliard soʻm mablagʻ bitta maktabga faqat bir marta ajratiladi.
7-bob. Yakunlovchi qoidalar
48. Tanlov gʻoliblarini taqdirlash marosimlari vazirlik, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari, tuman (shahar) hokimliklari tomonidan tantanali ravishda tashkil etiladi hamda ommaviy axborot vositalarida keng yoritiladi.
49. Mazkur Nizomni qoʻllashda yuzaga keladigan nizolar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda hal etiladi.
50. Ushbu Nizom talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradilar.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun “Ilgʻor muhandislik maktabi” milliy tanlovini tashkil etish va oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 1-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun “Ilgʻor muhandislik maktabi” milliy tanlovi gʻolibini aniqlash va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining sovrinini topshirish
SXEMASI
Bosqichlar Subyektlar Chora-tadbirlar Bajarish muddatlari 1-bosqich Maktablar Platformada roʻyxatdan oʻtadi hamda maktabning asosiy koʻrsatkichlarini kiritadi. 1-yanvardan 1-fevralga qadar 2-bosqich Tuman (shahar) maktabgacha va maktab taʼlimi boʻlimlari Maxsus platformaga kiritilgan maʼlumotlar haqqoniyligini tekshiradi. 20-fevralga qadar 3-bosqich Fan olimpiadalari markazi Tanlovning birinchi (tuman) bosqichi uchun nazorat materiallarini tayyorlaydi. 1-martga qadar 4-bosqich Tanlovni tashkil etish va oʻtkazish boʻyicha tuman tashkiliy qoʻmitasi Tanlovning birinchi (tuman) bosqichini oʻtkazadi va gʻoliblarni aniqlaydi. 1-aprelga qadar 5-bosqich Fan olimpiadalari markazi Tanlovning ikkinchi (hududiy) bosqichi uchun nazorat materiallarini tayyorlaydi. Aprel oyida 6-bosqich Tanlovni tashkil etish va oʻtkazish boʻyicha hududiy tashkiliy qoʻmita Tanlovning ikkinchi (hududiy) bosqichini oʻtkazadi va gʻoliblarni aniqlaydi. 1-iyulga qadar 7-bosqich Fan olimpiadalari markazi Tanlovning uchinchi (respublika) bosqichi uchun nazorat materiallarini tayyorlaydi. Avgust-sentabr oylarida 8-bosqich Tanlovni tashkil etish va oʻtkazish boʻyicha respublika tashkiliy qoʻmitasi Tanlovning uchinchi (respublika) bosqichini oʻtkazadi va gʻoliblarni aniqlaydi. 1-oktabrga qadar
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun “Ilgʻor muhandislik maktabi” milliy tanlovini tashkil etish va oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 2-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun “Ilgʻor muhandislik maktabi” milliy tanlovining
BAHOLASH MEZONLARI
* Tanlovda inobatga olinadigan olimpiada va tanlovlar roʻyxati Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi tomonidan tasdiqlanadi.
Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 11-iyundagi 300-son qaroriga 2-ILOVA
Muhandis kadrlar tayyorlaydigan oliy va kasbiy taʼlim tashkilotlariga biriktiriladigan muhandislik maktablari
ROʻYXATI
T/rHududlarMuhandislik oliygohlari*Muhandislik texnikumlari**Muhandislik maktabi1.Qoraqalpogʻiston RespublikasiNukus davlat texnika universiteti Nukus shahar 1-son texnikumiNukus shahridagi muhandislik maktabi2.Andijon viloyatiAndijon davlat texnika instituti Andijon shahar 6-son texnikumiAndijon shahridagi muhandislik maktabi3.Buxoro viloyatiBuxoro davlat texnika universiteti Buxoro shahar 2-son texnikumiBuxoro shahridagi muhandislik maktabi4.Jizzax viloyatiJizzax politexnika institutiSharof Rashidov tumani 1-son texnikumiJizzax shahridagi muhandislik maktabi5.Qashqadaryo viloyatiQarshi davlat texnika universiteti Qarshi shahar 3-son texnikumiQarshi shahridagi muhandislik maktabi6.Navoiy viloyatiNavoiy davlat konchilik va texnologiyalar universiteti Navoiy shahar texnikumiNavoiy shahridagi muhandislik maktabi7.Namangan viloyatiNamangan davlat texnika universitetiNamangan shahar 2-son texnikumiNamangan shahridagi muhandislik maktabi8.Samarqand viloyatiSamarqand davlat arxitektura-qurilish universitetiSamarqand shahar 3-son texnikumiSamarqand shahridagi muhandislik maktabi9.Sirdaryo viloyatiToshkent kimyo-texnologiya instituti Yangiyer filialiSirdaryo ilgʻor kasbiy mahorat texnikumiMirzaobod tumanidagi muhandislik maktabi10.Surxondaryo viloyatiTermiz davlat muhandislik va agrotexnologiyalar universiteti Jarqoʻrgʻon tumani 1-son texnikumiJarqoʻrgʻon tumanidagi muhandislik maktabi11.Toshkent viloyatiToshkent davlat texnika universiteti Olmaliq filiali Angren shahar 2-son texnikumiAngren shahridagi muhandislik maktabi12.Fargʻona viloyatiFargʻona davlat texnika universiteti Fargʻona shahar 5-son texnikumiFargʻona shahridagi muhandislik maktabi13.Xorazm viloyatiAl-Xorazmiy universitetiUrganch shahar 2-son texnikumiUrganch shahridagi muhandislik maktabi
* Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 8-sentabrdagi PQ-278-son qaroriga 2-ilovaga asosan biriktirilgan oliy taʼlim tashkilotlari.
** Kasbiy taʼlim tashkilotlarining taʼlim yoʻnalishlarini oʻzgarishini inobatga olib, Kasbiy taʼlim agentligiga biriktirilgan texnikumlar roʻyxatini oʻzgartirish vakolati beriladi.
