Intellektual mulk sohasidagi ayrim davlat xizmatlarini koʻrsatish boʻyicha maʼmuriy reglamentlarni tasdiqlash toʻgʻrisida (297-son)
10.06.2026
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI VAZIRLAR MAHKAMASINING
QARORI
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Intellektual faoliyat natijalarini ragʻbatlantirish hamda sohaga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etishni kengaytirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2025-yil 27-noyabrdagi PQ-358-son qarori ijrosini taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar:
Ixtiroga patent berish boʻyicha davlat xizmatini koʻrsatishning maʼmuriy reglamenti 1-ilovaga muvofiq;
Foydali modelga patent berish boʻyicha davlat xizmatini koʻrsatishning maʼmuriy reglamenti 2-ilovaga muvofiq;
Sanoat namunasiga patent berish boʻyicha davlat xizmatini koʻrsatishning maʼmuriy reglamenti 3-ilovaga muvofiq;
Seleksiya yutugʻiga patent berish boʻyicha davlat xizmatini koʻrsatishning maʼmuriy reglamenti 4-ilovaga muvofiq;
Intellektual mulk obyektlariga oid patentlarni oʻz kuchida saqlash boʻyicha davlat xizmatini koʻrsatishning maʼmuriy reglamenti 5-ilovaga muvofiq;
Intellektual mulk obyektlariga oid muhofaza hujjatlarining dublikatini berish boʻyicha davlat xizmatini koʻrsatishning maʼmuriy reglamenti 6-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Adliya vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
3. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi adliya vaziri A.J. Tashkulov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2026-yil 10-iyun,
297-son
Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 10-iyundagi 297-son qaroriga 1-ILOVA
Ixtiroga patent berish boʻyicha davlat xizmatini koʻrsatishning
MAʼMURIY REGLAMENTI
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Maʼmuriy reglament (keyingi oʻrinlarda — Reglament) Oʻzbekiston Respublikasining “Ixtirolar, foydali modellar va sanoat namunalari toʻgʻrisida”gi Qonuniga (keyingi oʻrinlarda — Qonun) muvofiq ixtiroga patent berish boʻyicha davlat xizmatini (keyingi oʻrinlarda — davlat xizmati) koʻrsatish tartibini belgilaydi.
2. Davlat xizmati Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi (keyingi oʻrinlarda — vakolatli organ) tomonidan koʻrsatiladi.
3. Ixtiroga patent berish haqidagi talabnomani (keyingi oʻrinlarda — talabnoma) topshirish va davlat xizmatidan foydalanish boʻyicha boshqa harakatlar roʻyxatdan oʻtkazilishi soʻralayotgan yuridik yoki jismoniy shaxs (keyingi oʻrinlarda — talabnoma beruvchi) tomonidan bevosita yoxud oʻz vakili (patent vakili yoki ishonchli shaxs) orqali amalga oshiriladi.
4. Davlat xizmati mazkur Reglamentga 1-ilovaga muvofiq sxema boʻyicha koʻrsatiladi.
2-bob. Ixtironing patentga layoqatlilik shartlari
5. Qonunning 6-moddasiga muvofiq, agar ixtiro sifatida koʻrsatilgan obyekt yangi, ixtirochilik darajasiga ega va uni sanoatda qoʻllash mumkin boʻlsa, huquqiy muhofaza qilinadi.
6. Ixtiro texnika taraqqiyoti darajasidan maʼlum boʻlmasa, yangi deb hisoblanadi.
7. Ixtiro texnika taraqqiyoti darajasi haqidagi maʼlumotlardan yaqqol ayon boʻlmasa, u ixtirochilik darajasiga ega boʻladi.
8. Texnika taraqqiyoti darajasi ixtiro ustuvorligi sanasiga qadar jahonda ommaga oshkor boʻlgan har qanday maʼlumotlarni oʻz ichiga oladi.
9. Ixtirodan sanoat, qishloq xoʻjaligi, sogʻliqni saqlash va boshqa sohalarda foydalanish mumkin boʻlsa, u sanoatda qoʻllash mumkin deb hisoblanadi.
10. Qonunning 6-moddasi sakkizinchi qismiga muvofiq har qanday sohada mahsulot yoki usulga taalluqli boʻlgan texnik yechim ixtiro sifatida eʼtirof etiladi.
11. Ixtiro sifatida mahsulotga qurilma, modda, mikroorganizm shtammi, oʻsimlik yoki hayvon hujayralarining turlari kiradi.
12. Qurilmalarga konstruksiyalar, konstruktiv elementlar yoki konstruktiv elementlar majmui boʻlgan hamda funksional-konstruktiv birlikni tashkil qilgan buyumlar, mashinalar, asboblar, apparatlar, uskunalar, mahkamlovchi buyumlar, mashina detallari, aloqa vositalari, qurilish konstruksiyalari va boshqalar kiradi.
13. Moddalarga:
kimyoviy birikmalar, shuningdek, shartli ravishda yuqori molekulyar birikmalar va gen injeneriyasi mahsulotlari boʻlgan rekombinant nuklein kislotalar, vektorlar va boshqalar;
kompozitsiyalar (tarkiblar, aralashmalar, qotishmalar, eritmalar va boshqalar);
yadroviy parchalanish mahsulotlari kiradi.
14. Mikroorganizmlar shtammlari, oʻsimlik yoki hayvon hujayralarining turlariga (liniyalariga):
bakteriyalar, viruslar, bakteriofaglar, mikrosuvoʻtlari, mikroskopik zamburugʻlar va boshqalarning shtammlari;
oʻsimlik yoki hayvon hujayralarining turlari (liniyalari), shu jumladan, hujayralarning klonlari;
mikroorganizmlar, oʻsimlik yoki hayvon hujayralari turlarining (liniyalarining) konsorsiumlari;
mikroorganizmlar, oʻsimlik yoki hayvonning plazmidlari, vektorlari, barqaror transformatsiyalangan hujayralarini oʻz ichiga olgan genetik konstruksiyalar, transgen oʻsimliklar va hayvonlar kiradi.
15. Ixtiro sifatida usulga moddiy vositalar yordamida moddiy obyekt boʻyicha bajariladigan oʻzaro bogʻlangan harakatlar kiradi.
16. Quyidagilar ixtiro sifatida eʼtirof etilmaydi:
ilmiy nazariyalar va matematika usullari;
tashkil etish va boshqarish usullari;
shartli belgilar, jadvallar, qoidalar;
aqliy operatsiyalarni bajarish qoidalari va usullari;
elektron hisoblash mashinalari uchun algoritmlar va dasturlar;
binolar, inshootlar, hududlarni rejalashtirish loyihalari va chizma tarhlari;
estetika talablarini qanoatlantirishga yoʻnaltirilgan, buyumlarning faqat tashqi koʻrinishiga oid yechimlar;
integral mikrosxemalarning topologiyalari;
oʻsimlik navlari va hayvon zotlari;
jamoat manfaatlari, insonparvarlik va axloq qoidalariga zid yechimlar.
3-bob. Talabnomaga doir talablar
17. Qonunning 15-moddasi birinchi qismiga muvofiq talabnoma bitta ixtiroga yoki yagona ixtirochilik fikrini (ixtiro birligi talabini) tashkil etgan tarzda bir-biri bilan uzviy bogʻlangan ixtirolar guruhiga taalluqli boʻlishi kerak.
18. Ixtiro formulasida bitta ixtiro tavsiflanganda, ixtiro birligi talabiga rioya etilgan deb hisoblanadi.
19. Ixtiro formulasida quyidagi bir guruhdagi ixtirolar tavsiflanganda, ixtiro birligi talabiga rioya etilgan deb hisoblanadi:
ixtiro formulasida bir turdagi (bir qancha qurilmalar, bir qancha turlar va boshqalar), bir xil maqsadda foydalanishga moʻljallangan, tubdan aynan bir xil yoʻl (variantlar) bilan aynan bir xil texnik natijani olishni taʼminlaydigan obyektlarga taalluqli ixtirolar guruhi;
biri ikkinchisini olish (tayyorlash) uchun moʻljallangan ixtiro (masalan, qurilma yoki modda va qurilma yoki moddani butunlay yoki ularning bir qismini olish usuli);
biri ikkinchisini amalga oshirish uchun moʻljallangan ixtiro (masalan, usul va usulni butunlay yoki uning harakatlaridan birini amalga oshirish uchun qurilma);
biri ikkinchisidan yoki birini ikkinchisida foydalanish uchun moʻljallangan ixtiro (masalan, usulda foydalanish uchun moʻljallangan usul va qurilma, usul yoki qurilma va uning bir qismi, qurilma yoki moddani ulardan yangi maqsadda foydalanish uchun qoʻllash va ushbu maqsadga muvofiq ulardan foydalanish usuli, qurilma yoki moddadan yangi maqsadda foydalanish va tarkibiy qismi boʻlgan qurilma yoki kompozitsiya).
20. Talabnoma quyidagi hujjatlarni oʻz ichiga oladi:
ixtiroga patent berish haqida ariza (keyingi oʻrinlarda — ariza);
ixtironing muallifi (hammualliflari) va kimning nomiga patent berish soʻralayotgan boʻlsa, ana shu shaxs, shuningdek, ularning turar joyi yoki joylashgan manzili koʻrsatilgan patent berish haqidagi arizasi;
ixtironing uni amalga oshirish uchun yetarli boʻlgan darajada toʻliq ochib berilgan tavsifi;
ixtiro mohiyatini aks ettiruvchi va uning tavsifiga toʻla muvofiq boʻlgan ixtiro formulasi;
ixtiro mohiyatini tushunish uchun zarur boʻlganda chizmalar va boshqa materiallar;
referat.
21. Boshqa tilda topshirilgan hujjatlar ularning tarjimalari boshqa tilda topshirilgan hujjatlar kelib tushgan sanadan boshlab ikki oy muddat ichida topshirilganda, vakolatli organga kelib tushgan sanadan boshlab topshirilgan deb hisoblanadi, aks holda hujjatlar ularning tarjimalari kelib tushgan sanadan boshlab topshirilgan deb hisoblanadi.
22. Konvensiya ustuvorligi soʻrab topshirilgan talabnomaga (keyingi oʻrinlarda — konvensiya talabnomasi) talabnoma beruvchi tomonidan Sanoat mulkini muhofaza qilish boʻyicha Parij konvensiyasi (1883-yil) (keyingi oʻrinlarda — Parij konvensiyasi) qatnashchisi boʻlgan davlatda topshirilgan birinchi talabnomaning tasdiqlangan nusxasi va uning tarjimasi ilova qilinadi. Ular konvensiya talabnomasi vakolatli organga kelib tushgan sanadan boshlab uch oy muddatdan kechiktirilmay topshiriladi. Birinchi talabnoma nusxasining tarjimasi talabnoma beruvchi tomonidan imzolanadi.
Birinchi talabnoma topshirilgan sanadan oʻn ikki oy oʻtgandan keyin, lekin ikki oydan kechiktirmay topshirilgan talabnoma boʻyicha konvensiya ustuvorligi soʻralganda tegishli patent boji toʻlanadi.
23. Konvensiya ustuvorligini belgilash toʻgʻrisidagi iltimosnoma talabnoma topshirishda (arizaning tegishli grafasida keltiriladi) yoki vakolatli organga talabnoma kelib tushgan sanadan boshlab ikki oy muddat davomida erkin shaklda topshirilishi mumkin.
24. Yangi mikroorganizm shtammi, oʻsimlik va hayvon hujayralarining turlariga (liniyalari) oid patent berish haqidagi talabnomaga shtammning rasmiy vakolatga ega boʻlgan depozitariyda saqlanayotgani toʻgʻrisidagi hujjat ilova qilinadi.
25. Nukleotidlar va aminokislotalar ketma-ketligi roʻyxatini oʻz ichiga olgan talabnomaga aynan ushbu roʻyxat yozilgan va Butunjahon intellektual mulk tashkilotining (keyingi oʻrinlarda — BIMT) tegishli standarti talablariga muvofiq tayyorlangan axborot (.pdf va .docx formatlarida) ilova qilinadi.
26. Ixtiroga patent olish uchun ariza mazkur Reglamentga 2-ilovaga muvofiq shaklda topshiriladi.
27. Arizaning 21-kodli “Talabnomaning qayd raqami”, 22-kodli “Talabnomaning kelib tushgan sanasi”, 85-kodli “Xalqaro talabnomani milliy fazaga oʻtkazish sanasi” grafalari ariza vakolatli organga kelib tushgandan keyin rekvizitlarni kiritish uchun moʻljallangan.
28. Arizaning “Yozishmalar uchun manzil” grafasida xat oluvchining nomi (yuridik shaxslar uchun) yoki ismi (jismoniy shaxslar uchun), shuningdek, joylashgan joyi (pochta manzili), telefon raqami, elektron pochtasidan kamida biri koʻrsatiladi. Ushbu maʼlumotlar uchinchi shaxslar huquq egasi bilan bogʻlanishi uchun ochiq hisoblanadi.
29. Arizaning 86-kodli va 87-kodli grafalari Patent kooperatsiyasi toʻgʻrisidagi shartnomaga (Patent Cooperation Treaty) (Vashington, 1970-yil) (keyingi oʻrinlarda — RST) muvofiq topshirilgan ixtiro uchun xalqaro talabnoma (keyingi oʻrinlarda — xalqaro talabnoma) Oʻzbekiston Respublikasida xalqaro talabnomani koʻrib chiqish jarayoniga (keyingi oʻrinlarda — milliy faza) oʻtkazilgan hollarda talabnoma beruvchi tomonidan toʻldiriladi.
86-kodli grafada ixtiroga xalqaro talabnomaning qabul qiluvchi idora tomonidan belgilanadigan qayd raqami va xalqaro topshirish sanasi keltiriladi.
87-kodli grafada ixtiroga xalqaro talabnomaning xalqaro eʼlon qilish raqami va sanasi keltiriladi.
30. Arizaning 54-kodli “Ixtironing nomi” grafasida talabnoma berilgan ixtironing (ixtirolar guruhining) nomi keltiriladi va ushbu nom ixtironing tavsifidagi nomga mos boʻlishi kerak.
31. Arizaning 71-kodli “Talabnoma beruvchi” grafasida talabnoma beruvchi toʻgʻrisida quyidagi maʼlumotlar keltiriladi:
yuridik shaxsning rasmiy nomi (taʼsis hujjati boʻyicha) yoki jismoniy shaxsning toʻliq ismi, shuningdek:
rezidentlar uchun STIR yoki JSHSHIR, joylashgan joyi yoki turar joyi manzili;
norezidentlar uchun ism va nomlarning transliteratsiyasi hamda BIMT ST.3 standarti boʻyicha mamlakat kodi (agar u oʻrnatilgan boʻlsa).
Patent bir necha shaxs nomiga soʻralayotganda, yuqorida keltirilgan maʼlumotlar ularning har biri uchun alohida keltiriladi.
32. Arizaning ustuvorlikni belgilash toʻgʻrisidagi iltimosnoma koʻrsatilgan grafasi vakolatli organga talabnoma kelib tushgan sanadan oldinroq ustuvorlik soʻralayotganda toʻldiriladi.
Konvensiya ustuvorligi soʻralayotganda arizaning 33-kodli “BIMT ST.3 standarti boʻyicha talabnoma topshirilgan mamlakat kodi” grafasida birinchi talabnoma topshirilgan mamlakat kodi koʻrsatiladi.
33. Talabnoma beruvchi tomonidan ish olib borish uning vakili orqali amalga oshirilganda, arizaning 74-kodli “Vakil” grafasida quyidagi maʼlumotlar keltiriladi: vakilning toʻliq nomi yoki ismi, roʻyxat raqami (patent vakili boʻlsa), joylashgan joyi (pochta manzili), telefon raqami.
34. Arizaning “Ilova qilingan hujjatlar” grafasida talabnomaga aloqador hujjatlar biriktiriladi.
Ixtiro tavsifida “Nukleotidlar va aminokislotalar ketma-ketligi roʻyxati” boʻlimi mavjud boʻlganda, tegishli grafalarda sahifalarning umumiy miqdori koʻrsatiladi.
Talabnomada koʻrsatilgan nukleotidlar va aminokislotalar ketma-ketligi roʻyxati mazkur Reglamentning 25-bandiga muvofiq taqdim etiladi.
35. Arizaning 72-kodli “Muallif” grafasida quyidagi maʼlumotlar keltiriladi:
muallifning familiyasi, ismi, otasining ismi va fuqaroligi, shuningdek:
rezidentlar uchun JSHSHIR, ish joyi, lavozimi va ilmiy darajasi, BIMT ST.3 standarti boʻyicha mamlakat kodi;
norezidentlar uchun BIMT ST.3 standarti boʻyicha mamlakat kodi (agar kod belgilangan boʻlsa).
36. Ixtiro nomi aniq va qisqa boʻlib, ixtiro mohiyatiga mos kelishi, ixtiro tegishli boʻlgan obyektning umumiy tushunchasini aniqlashi va obyektning vazifasini tavsiflashi (uning bajaradigan funksiyasini yoki texnikaning qaysi sohasiga oid ekanligini koʻrsatishi) kerak.
37. Ixtiro nomi, qoida tariqasida, Xalqaro patent tasnifining (keyingi oʻrinlarda — XPT) maʼlum rubrikasiga mos kelishi kerak. Ixtiro mohiyatiga mos rubrikasi aniqlash mumkin boʻlmaganda, ixtironing nomi umumqabul qilingan terminologiyaga muvofiq koʻrsatiladi.
38. Ixtiro nomida “masalan” va “xususan” kabi soʻzlar qoʻllanilmaydi.
39. Ixtiro nomi atamaga xos yoki tavsiflovchi boʻlishi mumkin.
Atamaga xos nomlash texnikaning shu soha mutaxassisiga maʼlum boʻlgan obyektning muhim belgilari majmuini ular sanab oʻtilgani yoki sanab oʻtilmaganidan qatʼi nazar tavsiflashi kerak.
Tavsiflovchi nom obyektning vazifasi va uning texnikaga oid bir yoki turli xil sohalarda bajaradigan funksiyasi haqida tasavvur berishi kerak.
40. Ixtiro nomi birlikda ifodalanadi, birlikda ishlatilmaydigan nomlar, umumiy tuzilish formulasi bilan aniqlanadigan kimyoviy birikmalarga oid ixtirolarning nomlari bundan mustasno.
41. Alohida kimyoviy birikmaga oid ixtiro nomiga kimyoda qabul qilingan nomenklatura boʻyicha nomi kiritiladi, shuningdek, uning qanday aniq vazifada ishlatilishiga doir koʻrsatmasi, biologik faol birikmalar uchun biologik faollik turi keltiriladi.
Tuzilishi aniqlanmagan yuqori molekulyar birikmalarni olish usullariga oid ixtiro nomiga birikmaning nomi va zarur boʻlganda uning vazifasi toʻgʻrisida koʻrsatma kiritiladi.
Aniqlanmagan tarkibli modda-aralashmani olish usuliga oid ixtiro nomiga vazifasi toʻgʻrisida koʻrsatma yoki ushbu moddaning biologik faollik xususiyatlarini koʻrsatuvchi tushunchalar kiritiladi.
42. Mikroorganizm shtammi, oʻsimlik yoki hayvon hujayralari turlariga (liniyalari) oid ixtirolar nomiga biologik obyektning lotin tilidagi oila turkumi va turiga oid nomi, shtamm turi va vazifasi koʻrsatilgan holda kiritiladi.
Genetik konstruksiyaga taalluqli ixtiro nomiga uning vazifasi koʻrsatilgan holda nomlanishi kiritiladi.
43. Avvaldan maʼlum boʻlgan qurilma, usul, modda, shtammni yangi maqsadda qoʻllanishga oid boʻlgan ixtiro nomi tegishli obyekt uchun qabul qilingan qoidalarga binoan tuziladi va avvaldan maʼlum boʻlgan obyektning yangi vazifasini tavsiflaydi.
44. Biri ikkinchisini olish (tayyorlash), amalga oshirish yoki foydalanish uchun moʻljallangan obyektlarga oid ixtirolar guruhining nomi bitta ixtironing toʻliq nomi va ikkinchisining qisqartirilgan nomini oʻz ichiga oladi. Biri boshqasida foydalanish uchun moʻljallangan obyektlarga oid ixtirolar guruhining nomi guruhga kirgan ixtirolarning toʻliq nomi bilan ataladi. Variantlarga oid ixtirolar guruhining nomi bitta ixtironing nomidan iborat boʻlib, “variantlar” degan soʻz bilan toʻldiriladi.
45. Ixtiro nomi zarur boʻlganda, lotin alifbosi belgilarini va arab raqamlarini oʻz ichiga oladi.
Ixtiro nomiga atoqli otlar, norasmiy iboralar, qisqartma soʻzlar, reklama, tovar belgilari va xizmat koʻrsatish belgilari, geografik koʻrsatkichlar, tovar kelib chiqqan joy nomlari, firma nomlari, geografik nomlar, “va boshqalar” soʻzlari hamda ixtironi aniqlash maqsadlariga xizmat qilmaydigan boshqa soʻzlar kiritilmaydi.
46. Tavsif ixtiro nomini keltirish bilan boshlanadi. Talabnoma berilayotgan ixtiro tegishli boʻlgan XPT amaldagi tahriri rubrikasi belgilanganda, ushbu rubrikaning indeksi ixtiro nomi oldida keltiriladi.
Tavsif quyidagi boʻlimlarni oʻz ichiga oladi:
ixtiro oid boʻlgan texnika sohasi;
texnika darajasi;
ixtiro mohiyati;
chizmalar va boshqa materiallar roʻyxati (agar ular boʻlsa);
ixtironi amalga oshirish mumkinligini tasdiqlovchi maʼlumotlar;
nukleotidlar va aminokislotalar ketma-ketligi roʻyxati (agar ixtironi tavsiflash uchun bunday ketma-ketlikdan foydalanilgan boʻlsa).
Tavsif boʻlimi oʻrniga manbalarda (adabiyot, avval topshirilgan talabnomadagi ixtiro tavsifi, muhofaza hujjatidagi ixtiro tavsifi va boshqalarda) keltirilgan maʼlumotlarga havola qilinishi mumkin emas.
47. Tavsifning “Ixtiro oid boʻlgan texnika sohasi” boʻlimida ixtiro qoʻllanadigan soha koʻrsatiladi. Bunday sohalar bir nechta boʻlganda, ular orasidan qaysi birida koʻproq qoʻllanilishi koʻrsatiladi.
48. Tavsifning “Texnika darajasi” boʻlimida talabnoma beruvchiga maʼlum boʻlgan ixtiro analoglari keltiriladi.
Ixtironing analogi sifatida ixtironing ustuvorlik sanasigacha ommaviy tarzda oshkor etilgan axborot manbaidan maʼlum boʻlgan, ixtironing muhim belgilari majmuiga oʻxshash belgilar bilan tavsiflangan va ixtiro bajaradigan vazifani amalga oshiradigan vosita koʻrsatiladi.
49. Analogni taʼriflashda uni ochib beradigan axborot manbalarining bibliografik maʼlumotlari, analogning belgilari talabnoma berilayotgan ixtironing muhim belgilari bilan mos keladiganlari ajratib koʻrsatilgan holda keltiriladi, shuningdek, texnik natija olishga toʻsqinlik qiluvchi sabablar koʻrsatiladi.
50. Ixtiro analoglari orasidan ixtiroga muhim belgilar majmui boʻyicha eng yaqin boʻlgan analog ajratib koʻrsatiladi.
51. Ixtiro aniq vazifaga yoki biologik faol xususiyatlarga ega boʻlgan, aniqlanmagan tarkibli aralashmani olish usuliga oid boʻlganda analog sifatida xuddi shunday vazifaga va biologik faol xususiyatga ega boʻlgan aralashmalar olish usuli koʻrsatiladi.
Ixtiro yangi alohida kimyoviy, shuningdek, yuqori molekulyar birikma olish usuliga yoki gen injeneriyasi obyektiga oid boʻlganda, unga oʻxshash analogni olish usuli haqida maʼlumotlar keltiriladi.
Modda produtsentiga (mikroorganizm shtammi, oʻsimlik va hayvon hujayralari turlari (liniyalari)) oid boʻlgan ixtironing eng yaqin analogini tavsiflashda hosil boʻladigan modda haqida maʼlumotlar keltiriladi.
Ixtiro avval maʼlum boʻlgan mahsulot yoki usulni yangi maqsadda qoʻllashga oid boʻlganda, uning analoglariga xuddi shu vazifada ishlatiladigan maʼlum mahsulot yoki usul kiritiladi.
Ixtirolar guruhini tavsiflashda analoglar haqidagi maʼlumotlar har bir ixtiro uchun alohida keltiriladi.
52. “Ixtiro mohiyati” boʻlimida ixtiro texnik natijaga erishish uchun muhim boʻlgan belgilar majmui orqali ifodalanib, uni amalga oshirish yetarli ravishda toʻliq ochib berilishi kerak.
Belgilar erishiladigan texnik natijaga taʼsir koʻrsatadigan (texnik natija bilan sabab-oqibat bogʻlanishiga ega) boʻlganda muhim belgilar hisoblanadi.
Ushbu boʻlimda ixtiro hal qilishi kerak boʻlgan vazifa ixtiro amalga oshirilganda erishiladigan texnik natija koʻrsatilgan holda ochib beriladi, shuningdek ixtironi tavsiflovchi barcha muhim belgilar keltiriladi, eng yaqin analogdan farqlanuvchi belgilar ajratiladi, bunda soʻralayotgan huquqiy muhofaza hajmi tatbiq qilinadigan barcha holatlarda texnik natijani olishni taʼminlaydigan belgilar yigʻindisi va ixtironi faqat aniq holatlarda, bajarilishining aniq shakllarida yoki undan foydalanishning alohida sharoitlarida tavsiflovchi belgilar koʻrsatiladi.
53. Nukleotidlar yoki aminokislotalar ketma-ketligidan belgini tavsiflash uchun foydalanilganda, ularning ketma-ketliklari “SEQ ID NO …”ning roʻyxatidagi raqami koʻrinishida taqdim etiladi.
54. Belgining tavsifini ushbu belgi ochib berilgan axborot manbaiga havola qilingan holda almashtirishga yoʻl qoʻyilmaydi.
55. Texnik natija oʻzi bilan ixtironi namoyon qiluvchi vositani amalga oshirishda (tayyorlashda) yoki undan foydalanishda olinishi mumkin boʻlgan texnik samara, xususiyat, hodisalar va boshqalarning tavsifini ifodalaydi.
Ixtiro bir necha texnik natijani olishni taʼminlaganda ularni koʻrsatish tavsiya etiladi.
Texnik natija, jumladan:
ishqalanish koeffitsiyentini kamaytirish (oshirish);
qisilib qolishning oldini olish;
vibratsiyani kamaytirish;
biror organda qon aylanishini yaxshilash;
dori-preparat taʼsirini toʻplash yoki uning zaharliligini kamaytirish;
ishchi organning muhit bilan aloqasini yaxshilash;
signal shaklining oʻzgarishini kamaytirish;
suyuqlik sizib oʻtib ketishini kamaytirish;
yorilishning oldini olish;
vaksinaning immunogenligini oshirish orqali ifodalanishi mumkin.
56. Ixtiro yaratilishida maʼlum vazifaga ega boʻlgan texnik vositalar koʻlamini kengaytirish yoki birinchi marta shunday texnik vositalar olish vazifasi hal qilinayotganda texnik natija shu vazifani amalga oshirishdan iborat boʻladi va buni maxsus taʼkidlash talab qilinmaydi.
57. Ixtirolar guruhi uchun mazkur Reglamentning 52, 53 va 55-bandlarida koʻrsatilgan maʼlumotlar har bir ixtiro uchun alohida keltiriladi.
58. Mikroorganizm shtammi, oʻsimlik va hayvon hujayralari turlarini (liniyalari) tavsiflashda ularning oʻzlari kelib chiqqan yoki eng yaqin shtammdan farq qiluvchi belgilari koʻrsatiladi.
59. Avval maʼlum boʻlgan mahsulot yoki usulni yangi maqsadda qoʻllashga oid ixtironi tavsiflashda maʼlum obyektning tavsifi keltiriladi va ular koʻrsatilgan adabiyotning bibliografik maʼlumotlari beriladi hamda uning maʼlum boʻlgan va yangi vazifasi koʻrsatiladi.
60. Qurilmani tavsiflash uchun quyidagi belgilar ishlatiladi:
konstruktiv element mavjudligi;
elementlar orasidagi bogʻliqlik mavjudligi;
elementlarning oʻzaro joylashganligi;
elementning yoki umuman qurilmaning bajarilish shakli, xususan, geometrik shakli;
elementning parametrlari va boshqa tavsiflari hamda ular oʻrtasidagi oʻzaro bogʻliqlik;
element yoki umuman qurilma tayyorlangan material;
element funksiyasini bajaruvchi muhit.
Qurilmani taʼriflash uchun qurilmada yoki uning biror elementida qurilmaning ishlashi yoki vazifasini bajarishi uchun taʼsir etmaydigan (soʻzli, tasviriy yoki aralash) belgilardan foydalanish mumkin emas.
61. Usulni tavsiflash uchun quyidagi belgilar ishlatiladi:
harakat yoki harakatlar majmuining mavjudligi;
harakatlarni vaqt boʻyicha bajarish tartibi (ketma-ket, bir vaqtda, har xil kombinatsiyalarda va shu kabilar);
harakatlarning bajarilish shartlari, rejimi, moddalar, birlamchi xomashyo, reagentlar, katalizatorlar, qurilmalar, mikroorganizm shtammlari, oʻsimlik va hayvon hujayralarining turlari (liniyalari) va boshqalar.
62. Kimyoviy birikmalarni tavsiflash uchun quyidagi belgilar ishlatiladi:
belgilangan tuzilmaga ega boʻlgan quyi molekulyar birikmalar uchun sifat jihatidan tarkibi (maʼlum elementlar atomlari), miqdoriy tarkibi (har bir elementning atomlar soni), atomlar orasidagi bogʻlanish va ushbu atomlarning kimyoviy tuzilish formulasi koʻrinishida ifodalangan molekuladagi oʻzaro joylashgani;
belgilangan tuzilmaga ega boʻlgan yuqori molekulyar birikmalar uchun kimyoviy tarkibi va makromolekulaning bir boʻgʻimining tuzilishi, makromolekulaning umumiy tuzilishi, boʻgʻimlarning davriyligi, molekulyar massa, molekulyar massaning taqsimlanishi, makromolekulaning geometriya va stereometriyasi, uning uchidagi va yonidagi guruhlari;
aniqlanmagan tuzilishga ega boʻlgan alohida birikmalar uchun fizik-kimyoviy xususiyatlar, olish usuli va ushbu birikmani boshqalardan farqlash uchun zarur boʻlgan boshqa tavsiflar;
gen injeneriyasi mahsulotlariga taalluqli boʻlgan alohida birikmalar uchun nukleotidlar ketma-ketligi (nuklein kislotalar fragmentlari hollarida) yoki tabiiy xaritasi (rekombinant nuklein kislotalar va vektorlar hollarida), aminokislotalar ketma-ketligi hamda ushbu birikmani boshqalardan farqlash uchun zarur boʻlgan boshqa fizik-kimyoviy tavsiflari.
63. Kompozitsiyalarni tavsiflash uchun quyidagi belgilar ishlatiladi:
sifat jihatidan tarkibi (ingrediyentlar);
miqdoriy tarkib (ingrediyentlar miqdori);
kompozitsiya tuzilishi;
ingrediyentlar tuzilishi.
Tarkibi aniqlanmagan kompozitsiyalarni tavsiflash uchun ularning fizik-kimyoviy va foydalilik koʻrsatkichlari hamda ularni olish usulining belgilari ishlatilishi mumkin.
64. Yadroviy parchalanish yoʻli bilan olingan moddalarni tavsiflash uchun quyidagi belgilar ishlatiladi:
sifat jihatidan tarkibi (element izotopi), miqdoriy tarkib (proton va neytronlar soni);
asosiy yadroviy tavsiflar, yaʼni yarim parchalanish davri, nurlanish energiyasi va koʻrinishi (radioaktiv izotoplar uchun).
65. Mikroorganizm shtammlarini tavsiflash uchun quyidagi belgilar ishlatiladi:
shtamm oilasi va turining nomi (lotin tilida);
kelib chiqishi (ajratib olinish manbai, nasli);
genotaksonomik va xemotaksonomik tavsiflari;
morfologik, fiziologik, shu jumladan madaniy yetishtirish jihatlari;
biotexnologik tavsifi (yetishtirish sharoitlari, shtammdan hosil qilinadigan foydali moddaning nomi va xususiyati, faollik (mahsuldorlik) darajasi);
tibbiyot va veterinariya sohasidagi mikroorganizmlar shtammlari uchun virulentlik, antigen tuzilishi, serologik xususiyatlari;
gibrid mikroorganizmlar shtammlari uchun gibridlash prinsipi.
66. Oʻsimlik yoki hayvon hujayralari turlarini (liniyalari) tavsiflash uchun quyidagi belgilar ishlatiladi:
passajlar miqdori;
kariologik tavsifi;
oʻsish (kinetik) tavsiflari;
hayvon organizmida oʻstirish tavsifi (gibridlar uchun);
morfogenezga qobiliyati (oʻsimlik hujayralari uchun).
67. Mikroorganizmlar, oʻsimlik yoki hayvon hujayralari (liniyalari) konsorsiumlarini tavsiflash uchun mazkur Reglamentning 65 va 66-bandlarida qayd etilgan belgilarga qoʻshimcha ravishda quyidagi belgilar ishlatiladi:
seleksiya va moslashtirish omillari va sharoitlari;
taksonomik tarkibi, miqdori va ustun boʻlgan komponentlar;
umuman konsorsiumning turi va fiziologik xususiyatlari;
ushbu konsorsiumni boshqasidan farqlash uchun imkonini beradigan boshqa belgilar.
68. Genetik konstruksiyalarni tegishli ravishda tavsiflash uchun mazkur Reglamentning 60-bandida nazarda tutilgan belgilardan foydalaniladi, bunda konstruktiv elementlar boʻlib enxanser, promotor, terminator, tashabbuskor kodon, linker, oʻzga gen fragmenti, marker, flankirlovchi qism boʻlishi mumkin.
69. Transformatsiyalangan hujayrani tavsiflash uchun quyidagi belgilardan foydalaniladi:
transformatsiyalovchi element;
hujayra tomonidan oʻzlashtirib olinadigan belgilar (xususiyatlar);
hujayra kelib chiqishiga doir maʼlumotlar (prokariotik hujayra uchun urugʻ, oila turkumi va turi);
taksonomiyaga xos belgilar;
tabiiy genom mutatsiyasi;
hujayrani madaniylashtirish sharoitlari va ushbu hujayrani boshqasidan farqlash uchun yetarli boʻlgan boshqa tavsiflari.
70. Transgen oʻsimlikni tavsiflash uchun quyidagi belgilardan foydalaniladi:
genomda modifikatsiyalangan elementning mavjudligi;
oʻsimlik tomonidan oʻzlashtirib olinadigan belgilar;
oʻsimlikning kelib chiqishi;
taksonomiyaga tegishliligi va ushbu oʻsimlikni boshqasidan farqlash uchun yetarli boʻlgan boshqa tavsiflari.
71. Transgen hayvonni tavsiflash uchun quyidagi belgilardan foydalaniladi:
hayvon genomiga transformatsiyalangan gen va DNK hamda kodlovchi yoki ekspress maqsadli mahsulot;
hayvon tomonidan oʻzlashtirib olinadigan belgilar (xususiyatlar);
hayvon tomonidan hosil qilinadigan modifikatsiyalangan mahsulot;
hayvonning tegishliligi (turi, zoti va boshqalar) va ushbu hayvonni boshqasidan farqlash uchun yetarli boʻlgan boshqa tavsiflari.
72. Avval maʼlum boʻlgan qurilma, usul, modda, shtammni yangi maqsadda qoʻllashni tavsiflash uchun yangi maqsadda qoʻllanayotgan obyektning identifikatsiyalash uchun yetarli boʻlgan qisqa tavsifi va uning yangi vazifasiga doir koʻrsatmasidan foydalaniladi.
73. Tavsifning “Chizmalar va boshqa materiallar roʻyxati” boʻlimida tasvirlangan chizma figuralari va boshqa materiallarning qisqacha taʼrifi keltiriladi.
74. “Ixtironi amalga oshirish mumkinligini tasdiqlovchi maʼlumotlar” boʻlimida ixtironi talabnoma beruvchi tomonidan koʻrsatilgan vazifada amalga oshirish mumkinligi ifodalanadi.
Mohiyati umumiy tushuncha bilan ifodalangan, xususan, funksional umumlashtirish darajasida keltirilgan belgidan foydalanish bilan tavsiflanuvchi ixtironi amalga oshirish imkoniyati bevosita talabnoma materiallarida bunday belgini hosil qilish uchun vositalarni yoki uni olish usullari yoxud bunday vosita va usullarning maʼlum ekanligi toʻgʻrisidagi koʻrsatmani ifodalash bilan tasdiqlanadi.
Tavsifning ushbu boʻlimida ixtironi amalga oshirganda olinishi mumkin boʻlgan, hal qilinayotgan vazifa tavsiflanayotganda “Ixtiro mohiyati” boʻlimida koʻrsatilgan texnik natijaga erishish imkoniyatini tasdiqlovchi maʼlumotlar ham keltiriladi. Ixtironi tavsiflash uchun miqdorlar oraligʻi koʻrinishida ifodalangan miqdoriy belgilardan foydalanilganda texnik natijaga shu oraliqda erishish mumkinligi koʻrsatiladi.
75. Qurilmaga oid ixtiroga uning konstruksiyasining (statik holatdagi) tavsifi chizma figuralariga izoh berilgan holda keltiriladi. Konstruktiv elementlarning tavsifdagi raqamli belgilari chizma figuralaridagi raqamli belgilariga mos kelishi kerak va ularni ketma-ket taʼriflash davomida birdan boshlab oʻsish tartibida keltiriladi.
Qurilma konstruksiyasini tavsiflashdan keyin uning harakati yoki undan foydalanish usuli konstruktiv elementlar va chizma figuralariga, zarur hollarda esa boshqa izoh beruvchi materiallarga (epyuralar, vaqt boʻyicha diagrammalar va boshqalar) raqam bilan izoh berilgan holda beriladi.
Qurilma funksional darajada tavsiflangan boʻlib, koʻrsatilgan amalga oshirish shakli dasturlangan koʻp funksiyali moslamadan foydalanishni nazarda tutganda unda qurilmadagi aniq biriktirilgan funksiyani bajarishi mumkinligini tasdiqlovchi maʼlumotlar beriladi. Bunday maʼlumotlar sifatida algoritm, xususan, hisoblash algoritmi keltirilganda uni koʻpincha bloksxema yoki agar mumkin boʻlsa, tegishli matematik ifoda koʻrinishida beriladi.
76. Usulga oid ixtironi tavsiflash uchun moddiy obyekt boʻyicha bajariladigan harakatlar ketma-ketligi, shuningdek, harakatlar olib boriladigan shart-sharoitlar, agar zarur boʻlsa, aniq rejimlar (harorat, bosim va boshqalar) ishlatiladigan qurilmalar, moddalar, shtammlar koʻrsatiladi. Usul biror ustuvorlik sanasigacha maʼlum boʻlgan vositalar — qurilma, modda va shtammlardan foydalanish orqali tavsiflanganda ixtironi amalga oshirish mumkin boʻlgan holda ushbu vositalarni izohlash yetarlidir. Nomaʼlum vositalardan foydalanilganda ularning tavsiflari keltiriladi, zarur hollarda grafik tasvirlar ilova qilinadi.
Usulda yangi moddalardan foydalanilganda ularni olish usuli ochib beriladi.
77. Umumiy tuzilish formulasi bilan tavsiflangan kimyoviy birikmalar guruhini olish usuliga oid ixtirolar uchun shu usul bilan guruhdagi birikmalarni olish misollari keltiriladi. Guruh kimyoviy bogʻlanish tabiati har xil radikallardan iborat birikmalarni oʻz ichiga olganda, ushbu birikmalarni olishni tasdiqlash uchun yetarli boʻlgan misollar keltiriladi. Guruhga kirgan birikmalarni olish uchun maʼlum usullar bilan tasdiqlangan tuzilish formulalari va fizik-kimyoviy tavsiflari keltiriladi. Tavsifda yangi birikmalarning vazifasi va biologik faol xususiyatlari haqida maʼlumotlar ham keltiriladi.
Tuzilishi aniqlanmagan kimyoviy birikmalarni, tarkibi va tuzilishi aniqlanmagan aralashmalarni olish usuliga oid ixtirolar uchun ushbu birikma yoki aralashmani boshqalardan farqlash uchun zarur boʻlgan maʼlumotlar keltiriladi. Birikma yoki aralashmalarni olish uchun boshlangʻich reagentlar haqida maʼlumotlar, shuningdek, birikma yoki aralashmaning talabnoma beruvchi tomonidan koʻrsatilgan vazifasini amalga oshirish mumkinligini tasdiqlovchi maʼlumotlar, xususan, bu vazifani keltirib chiqaruvchi xususiyatlar keltiriladi.
78. Inson yoki hayvonlardagi kasalliklarni davolash, ularga tashxis qoʻyish yoki oldini olish usuliga oid ixtirolar uchun kasallik etiopatogeneziga taʼsir koʻrsatadigan aniqlangan omillar yoki etiopatogenez va tashxis koʻrsatkichlari orasidagi bogʻlanishni keltirib chiqaruvchi omillar haqida maʼlumotlar keltiriladi. Bunday maʼlumotlar boʻlmaganda, usulning koʻrsatilgan holat yoki kasallikni davolash, tashxis qoʻyishni yoki oldini olishga yaroqliligini tasdiqlovchi haqiqiy maʼlumotlar keltiriladi.
79. Tuzilishi aniqlangan yangi alohida kimyoviy birikmaga oid ixtiro uchun maʼlum uslublar bilan isbotlangan tuzilish formulasi, fizik-kimyoviy konstantalar keltiriladi va yangi birikma birinchi marta olingan usul ochib beriladi.
80. Gen injeneriyasi mahsulotlariga taalluqli boʻlgan alohida birikmalar uchun ketma-ketliklar roʻyxatidagi nukleotidlar ketma-ketligining raqamiga doir koʻrsatma (nuklein kislotalar fragmentlarida) yoki tabiiy xarita (rekombinant nuklein kislotalar va vektorlar holatida), ketma-ketliklar roʻyxatidagi aminokislotalar ketma-ketligining raqamiga doir koʻrsatma hamda ushbu birikmani boshqalaridan farqlash uchun zarur boʻlgan fizik-kimyoviy va boshqa tavsiflar keltiriladi. Yangi birikma birinchi marta olingan usul tavsiflanadi va ushbu birikmadan maʼlum vazifa boʻyicha foydalanish imkoniyati koʻrsatiladi.
Nukleotidlar yoki aminokislotalar ketma-ketligidan belgini tavsiflash uchun foydalanilganda ularning ketma-ketliklari roʻyxatidagi raqami “SEQ ID NO …” koʻrinishida erkin matnda taqdim etiladi.
81. Biologik faol birikma uchun faollik va zaharlilik miqdori tavsiflarining koʻrsatkichlari, zarur boʻlganda esa tanlab taʼsir qilish va boshqa koʻrsatkichlari keltiriladi.
82. Ixtiro insonlar yoki hayvonlardagi maʼlum holatlar yoki kasalliklarni davolash, tashxis qoʻyish yoki profilaktika qilish vositasiga oid boʻlganda, tavsifda uning ishlatilishi natijasida kasallik etiopatogeneziga koʻrsatadigan taʼsirini tushuntiradigan omillar haqida maʼlumotlar keltiriladi. Bunday maʼlumotlar boʻlmaganda koʻrsatilgan kasalliklarni davolash, tashxis qoʻyish yoki profilaktika qilish uchun yaroqliligini tasdiqlovchi maʼlumotlar keltiriladi.
83. Ixtiro tuzilishi aniqlangan kimyoviy birikmaga taalluqli boʻlganda maʼlum boʻlgan uslublar bilan isbotlangan tuzilish formulasi, fizik-kimyoviy konstantalar keltiriladi, birikma olingan usul tavsiflanadi va ixtirodan koʻrsatib oʻtilgan vazifasi boʻyicha foydalanish imkoniyati keltiriladi.
84. Yangi kimyoviy birikma mikroorganizmlar shtammi, oʻsimlik yoki hayvon hujayralari turlaridan (liniyalari) foydalanish orqali olinganda ushbu shtamm va tur (liniya) ishtirokida yangi kimyoviy birikmani olish usuli, shtamm va tur (liniya) haqida maʼlumot, shuningdek shtamm va tur (liniya) saqlash uchun topshirilganligi haqida maʼlumotnoma taqdim etiladi.
85. Ixtiro oraliq birikmaga oid boʻlganda uni avvaldan maʼlum boʻlgan oxirgi mahsulotga aylantirish uchun qayta ishlash imkoniyati yoki undan aniq vazifada ishlatiladigan yoki biologik faol xususiyatga ega boʻlgan yangi mahsulot olish mumkinligi keltiriladi.
86. Ixtiro nuklein kislotalar yoki oqsillarga taalluqli boʻlganda ketma-ketlik roʻyxatidagi ketma-ketlik raqami (nuklein kislotalar uchun — nukleotidlar, oqsillar uchun — aminokislotalar) hamda ushbu mahsulotni boshqalardan farqlashga imkon beradigan fizik-kimyoviy va boshqa tavsiflar keltiriladi. Bunda mahsulot olingan usul bayon qilinadi va ushbu mahsulotdan belgilangan vazifa boʻyicha foydalanish imkoniyati koʻrsatiladi.
87. Ixtiro kompozitsiyaga (tarkiblar, aralashmalar, qotishmalar, eritmalar va boshqalarga) oid boʻlganda kompozitsiya tarkibiga kirgan ingrediyentlar, ularning xususiyatlari va miqdoriy nisbatlari koʻrsatilgan misollar keltiriladi. Bunda kompozitsiyani olish usuli tavsiflanadi. Kompozitsiyada biror ingrediyent sifatida yangi modda qoʻllanilganda uni olish usuli ham tavsiflanadi.
Keltirilgan misollarda har bir ingrediyentning miqdori ixtiro formulasida keltirilgan chegaralarda boʻlgan birliklarda beriladi (ixtiro formulasida ingrediyentlar nisbati foizlarda ifodalanganda (massa yoki hajmi boʻyicha) koʻrsatilgan barcha ingrediyentlar yigʻindisi 100 foizga teng boʻladi).
88. Shtammga taalluqli boʻlgan ixtiro uchun shtammning nomenklatura maʼlumotlari va kelib chiqishi, ozuqa (ekiladigan va fermentatsiyalanadigan) muhitining miqdoriy va sifat jihatidan tarkibi, madaniy yetishtirish sharoitlari (harorat, pH, O2 ning solishtirma massa oʻtkazilishi, yoritilganligi va boshqalar), fermentatsiya vaqti, biosintez tavsifi, foydali (maqsadli) mahsulot, mahsulot chiqishi, shtammning faollik (mahsuldorlik) darajasi va uni aniqlash usullari toʻgʻrisida maʼlumotlar koʻrsatiladi. Maqsadli mahsulotni (yangi maqsadli mahsulot produtsentlari, masalan, antibiotiklar, fermentlar, monoklonal antitanachalar va boshqalar uchun) ajratib olish va tozalash usuli ochib beriladi.
89. Mikroorganizmlar konsorsiumlari, oʻsimlik va hayvon hujayralari uchun quyidagi maʼlumotlar koʻrsatib oʻtiladi:
komponentlar mavjudligini tekshirish usuli;
ajratib olish (seleksiya) usuli va seleksiya olib borilgan belgilar;
uzoq muddat davomida yetishtirilayotganda konsorsiumning barqarorligi;
oʻzga mikroorganizmlar tomonidan zararlanishga chidamliligi.
90. Shtamm, oʻsimlik yoki hayvon hujayralari turlariga (liniyalari) yoxud ular ishlatiladigan usulga taalluqli ixtironi amalga oshirish imkoniyati shtamm yoki turni (liniya) olish usulini tavsiflash bilan tasdiqlanganda, agar shtammni olish usulining tavsifi yetarli boʻlmasa, shtamm yoki turning (liniya) saqlash uchun topshirilganligi (depozitariy nomi va obyektni roʻyxatdan oʻtkazish raqami) toʻgʻrisidagi maʼlumotlar taqdim etiladi.
Bunda saqlash uchun topshirish sanasi ixtiro ustuvorligi sanasigacha boʻlishi kerak.
91. Shtamm, oʻsimlik yoki hayvon hujayralari turi (liniya) yoki konsorsium obyekti eng kamida patent amal qilishi muddati ichida hayotiyligini taʼminlashni kafolatlaydigan xalqaro depozitariyga yoki milliy depozitariyga joylashtirilganda patentlash jarayoni uchun saqlash uchun topshirilgan deb hisoblanadi.
92. Nukleotidlar va aminokislotalar ketma-ketligi roʻyxati toʻrtta va undan koʻp aminokislotalardan iborat yoki oʻnta va undan koʻp nukleotidlardan iborat tarmoqlangan boʻlmaganda tavsifning “Ixtiro mohiyati” boʻlimida ushbu ketma-ketliklar batafsil ochib beriladi. Bunda har bir ketma-ketlikka alohida raqam beriladi. Ketma-ketliklar raqamlari birdan boshlanishi va tartib bilan butun songa oshib borishi kerak.
Nukleotidlar va aminokislotalar ketma-ketligi roʻyxatidagi har bir ketma-ketlikning raqami ixtiro tavsifi, formulasi yoki grafik tasvirlarda koʻrsatilgan uning raqamiga muvofiq boʻlishi kerak.
93. Nukleotidlar va aminokislotalar ketma-ketligi hech boʻlmaganda quyidagi imkoniyatlarning biri yordamida taqdim etilishi kerak:
faqat nukleotidlar ketma-ketligi bilan;
faqat aminokislotalar ketma-ketligi bilan;
nukleotidlar ketma-ketligining tegishli aminokislotalar ketma-ketligi bilan.
Mazkur bandning toʻrtinchi xatboshisida nazarda tutilgan holatda aminokislotalar ketma-ketligi alohida raqamga ega boʻlgan aminokislotalarning alohida ketma-ketligi sifatida taqdim etilishi kerak. Nukleotidlar va aminokislotalar ketma-ketligining roʻyxati oʻzi bilan ixtiro tavsifining bevosita tarkibiy qismini namoyon qilganligi bois mazkur ketma-ketliklar tavsifning biron-bir joyida batafsil keltirilmaydi.
Nukleotidlar va aminokislotalar ketma-ketligi roʻyxati oʻzining bayon qismida erkin matn — neytral til leksikasi foydalanilmagan ketma-ketliklar tavsifini bayon qiluvchi jumlalarni oʻz ichiga olganda, ushbu erkin matn ixtiro tavsifining ketma-ketliklar roʻyxatidagi ketma-ketlik raqamini aynan oʻsha koʻrinishda oʻz ichiga olgan boshqa boʻlimlarida takrorlanishi kerak.
94. Avval maʼlum boʻlgan qurilma, usul, modda, shtamm va hujayralar turini (liniyasi) yangi vazifada qoʻllanilishiga taalluqli ixtiroda ushbu vazifani amalga oshirish imkoniyatlarini tasdiqlovchi maʼlumotlar keltiriladi.
95. Ixtironing formulasi tavsif va chizmalarga toʻliq asoslangan boʻlishi kerak, yaʼni ixtiro uning tavsifida mavjud boʻlgan va chizmalarda keltirilgan tushunchalar bilan taʼriflanadi.
96. Ixtironing formulasi uning mohiyatini ifodalashi kerak, yaʼni talabnoma beruvchi tomonidan koʻrsatilgan texnik natijaga erishish uchun yetarli darajada ixtironing muhim belgilari majmuini oʻz ichiga oladi.
97. Ixtiro belgilarining ixtiro formulasida ifoda etilishi ularni identifikatsiya qilishi, yaʼni maʼlum boʻlgan texnika taraqqiyoti darajasi asosida ularning maʼnosi va mazmunini mutaxassislar bir xil maʼnoda tushunish imkoniyatini taʼminlashi kerak.
98. Ixtiro formulasidagi belgi taʼrifini axborot manbaiga havola qilish bilan almashtirish mumkin emas. Belgini tavsif yoki chizmalarga havola qilmasdan taʼriflashning imkoni boʻlmaganda va mazkur Reglamentning 97-bandi talablariga rioya etilganda belgi taʼrifi bunday havola qilish bilan almashtirilishi mumkin.
99. Nukleotidlar va aminokislotalarning ketma-ketligidan ixtiro formulasidagi belgini tavsiflash uchun foydalanilganda ketma-ketliklar roʻyxatidagi uning raqami “SEQ ID NO...” koʻrinishida keltiriladi.
100. Ixtiro formulasi umumiy tushunchadagi belgilar bilan taʼriflanganda ushbu belgilar doirasidagi aniq hollarda koʻrsatilgan texnik natijani berganda, ixtironing belgisi umumiy tushunchalar bilan tavsiflanishi mumkin.
Koʻrsatilgan muqobilidan tanlab olingan har bir belgi ixtironing boshqa belgilari bilan birgalikda bir xil texnik natijani olishni taʼminlaganda belgi muqobil tushunchalar koʻrinishida ifoda etilishi mumkin.
101. Ixtironing formulasi bir zvenoli va koʻp zvenoli boʻlishi hamda tegishlicha bir yoki bir necha bandlarni oʻz ichiga olishi mumkin.
102. Bir zvenoli formula ixtironing tayyorlanishi yoki undan foydalanishning aniq hollarida rivojlantirishlar va aniqlashtirishlarga ega boʻlmagan muhim belgilar majmui bilan bitta ixtironi tavsiflash uchun qoʻllanadi.
103. Ixtironing koʻp zvenoli formulasi ixtironing tayyorlanishi va undan foydalanishning aniq holatlarida rivojlantirishlar hamda aniqlashtirishlarga ega boʻlgan muhim belgilar majmui bilan bitta ixtironi yoki ixtirolar guruhini tavsiflash uchun qoʻllanadi.
Bitta ixtironi tavsiflovchi koʻp zvenoli formula bir mustaqil bandga va undan keyin keluvchi unga bogʻliq bandlarga ega boʻladi.
Ixtirolar guruhini tavsiflovchi koʻp zvenoli formula bir necha mustaqil bandlarga ega boʻlib, ulardan har biri guruhning ixtirolaridan birini tavsiflaydi. Shu bilan birga guruhning har bir ixtirosi tegishli mustaqil bandga boʻysunuvchi bogʻliq bandlarni jalb etish bilan tavsiflangan boʻlishi mumkin.
Koʻp zvenoli formula bandlari birdan boshlab ularni bayon etish tartibida ketma-ket arab raqamlari bilan raqamlanadi.
104. Ixtirolar guruhini tavsiflovchi formulani bayon etishda quyidagi qoidalarga amal qilinadi:
alohida ixtirolarni tavsiflovchi mustaqil bandlarda odatda formulaning boshqa bandlariga havola qilinmaydi, agar bandga havola qilinsa, havola qilinayotgan bandning mazmuni toʻliq takrorlanmasdan bayon etiladi;
bogʻliq bandlar oʻzlari boʻysungan mustaqil bandlar bilan birga guruhlarga birlashtiriladi, shu jumladan, guruhdagi turli ixtirolarni taʼriflash uchun bir xil mazmundagi bogʻliq bandlar kiritiladi.
105. Formulaning bandi odatda eng yaqin analogning belgilari bilan mos keluvchi, jumladan, ixtironing vazifasini koʻrsatuvchi umumlashtiruvchi tushunchani oʻz ichiga oladigan muhim belgilarga ega boʻlgan cheklovchi qismdan va ixtironi eng yaqin analogidan farqlaydigan muhim belgilarni oʻz ichiga oladigan farqlovchi qismdan iborat.
Formula bandi cheklovchi va farqlovchi qismlarga boʻlib tuzilganda cheklovchi qism bayon etilgandan soʻng “shu bilan farqlanadiki” soʻz birikmasi kiritiladi va bundan keyin bevosita farqlovchi qism bayon etiladi.
106. Quyidagi holatlarda ixtiro formulasi bandi cheklovchi va farqlovchi qismlarga boʻlinmasdan tuziladi:
kimyoviy birikma;
mikroorganizm shtammi, oʻsimlik va hayvon hujayralari turi (liniyasi);
avval maʼlum boʻlgan qurilma, usul, modda, shtammni yangi maqsadda qoʻllanilishi;
analoglarga ega boʻlmagan ixtiro.
107. Formulaning bandi bitta jumla koʻrinishida bayon etiladi.
108. Ixtiro formulasining mustaqil bandi faqat bitta ixtiroga taalluqli boʻladi va bitta jumla koʻrinishida bayon etiladi. Ixtirolar — variantlar faqat muqobil koʻrinishda ifodalangan belgilar bilan farqlanganda, formulaning bitta mustaqil bandida bir qancha ixtirolarni — variantlarni tavsiflashga yoʻl qoʻyiladi.
Formulaning mustaqil bandida muqobil koʻrinishda faqat funksional mustaqil boʻlmagan (yaʼni qurilmaning boʻgʻimi yoki detali, usul operatsiyasi, usulda qoʻllanadigan modda, material, moslama, kompozitsiya ingrediyenti hisoblanmagan) belgilar ifodalanganda bunday mustaqil band faqat bitta ixtiroga taalluqli deb hisoblanadi.
109. Formulaning mustaqil bandi undagi mavjud belgilar majmui turli obyektlarga yoki har biri oʻz vazifasiga ega boʻlgan vositalar majmuiga oid boʻlgan ixtirolarning tavsifining umumiy vazifadagi vositalarning koʻrsatilgan majmuini amalga oshirilmagan holda taʼrifini oʻz ichiga olganda, bir ixtiroga taalluqli deb eʼtirof etilmaydi.
110. Ixtironing bogʻliq bandi mustaqil bandda keltirilgan ixtironi faqat uni bajarish yoki foydalanishning aniq holatlarida tavsiflaydigan belgilar bilan ixtiro belgilari majmuining rivojlanishi va aniqlanishini oʻz ichiga oladi.
111. Ixtironing formulasidagi bogʻliq bandning cheklovchi qismi u bogʻliq boʻlgan mustaqil bandning qoʻllanilishini aks ettiruvchi umumlashgan tushunchaga nisbatan qisqartirilgan shakl bilan mustaqil va bogʻliq bandga tegishliligi boʻyicha havola qilinadi.
Bogʻliq band formulaning bir necha bandlariga boʻysunganda ularga havola qilish muqobilidan foydalanilgan holda koʻrsatiladi, soʻng ixtironing bajarilishi yoki undan foydalanishning aniq holatlarida ixtironi tavsiflovchi belgilar keltiriladi.
112. Ixtironi tavsiflash uchun uning bajarilishi yoki undan foydalanishning aniq holatlarida bogʻliq bandning belgilari bilan bir qatorda mustaqil bandning belgilari va bu bogʻliq bandning mustaqil bandga boʻysunishidan foydalaniladi.
Ixtironi tavsiflash uchun formulaning boshqa bir yoki bir necha bogʻliq bandlarining belgilari zarur boʻlganda, ushbu bogʻliq bandning mustaqil bandga tegishli bogʻliq bandlari orqali boʻysunishidan foydalaniladi. Bunda ushbu bogʻliq bandda u bevosita boʻysungan bogʻliq bandgagina havolalar keltiriladi.
113. Ixtiro formulasining bogʻliq bandi formulaning oʻzi boʻysungan oʻsha bandining belgilarini almashtiradigan yoki chiqarib tashlaydigan holda bayon etilmasligi kerak.
Ixtiro formulasining bogʻliq bandi mustaqil bandning belgilari almashtirilgan yoki chiqarib tashlangan holda shakllantirilganda, ushbu bogʻliq band oʻzi boʻysungan mustaqil band bilan birga bitta ixtironi tavsiflaydi deb eʼtirof etilishi mumkin emas.
114. Qurilma belgilari formulada statik holatda tavsiflanadi. Qurilmaning konstruktiv elementi bajarilishini tavsiflashda uning harakatlanuvchanligi u tomonidan maʼlum bir funksiya (aylanish imkoniyati, siljish imkoniyati) va boshqalarni amalga oshirish imkoniyatini koʻrsatishga yoʻl qoʻyiladi.
Talabnoma chizmalarni oʻz ichiga olganda formulada eslatib oʻtilgan va ekvivalent konstruktiv elementlarni ifodalaydigan belgilar ularga taalluqli boʻlgan havolaki belgilar bilan birga berilishi mumkin. Havolaki belgilar soʻralayotgan huquqiy muhofaza hajmiga taʼsir etmaydi va faqat formulani toʻliqroq va aniqroq tushunish maqsadlarida keltiriladi.
115. Usul belgi sifatida harakatni (usul, operatsiya) tavsiflashda feʼllardan foydalanilganda ular aniqlik nisbatida, aniqlik maylida, uchinchi shaxsda bayon qilinadi (qizdiriladi, namlanadi, kuydiriladi va boshqalar).
116. Kelib chiqish tuzilmasi aniq boʻlgan kimyoviy birikmani tavsiflovchi ixtiro formulasiga birikmaning nomlanishi yoki belgilanishi kiritiladi. Gen injeneriya mahsulotlariga taalluqli birikmalar uchun ixtiro formulasiga ketma-ketliklar roʻyxatidagi nukleotidlar ketma-ketligi (nuklein kislotalar fragmenti holatida) raqamiga koʻrsatma va tabiiy xaritaning (rekombinant nuklein kislotalar va vektorlar holatida) soʻzli tavsifi, ketma-ketliklar roʻyxatidagi aminokislotalar ketma-ketligi raqamiga koʻrsatma hamda fizik-kimyoviy va ushbu birikmani boshqalardan farqlash uchun zarur boʻlgan boshqa tavsiflar kiritiladi. Tuzilmasi aniqlanmagan birikmalar uchun ixtiro formulasiga nomlanishi, fizik-kimyoviy va ushbu birikmani farqlash uchun zarur boʻlgan boshqa tavsiflar, masalan uni olish usulining belgilari kiritiladi.
117. Kompozitsiyani tavsiflaydigan ixtiro formulasiga kompozitsiyaga kiradigan ingrediyentlar va zarur boʻlganda ingrediyentlarning miqdoriy qiymatlariga tegishli belgilari kiritiladi.
Kompozitsiyani tavsiflaydigan formulaga ingrediyentlarning miqdorini koʻrsatadigan belgilar kiritilganda ular bir xil birliklarda, odatda ikkita qiymatlarda, eng koʻp va eng kam (quyi va yuqori) miqdorlarda ifodalanadi.
Kompozitsiya elementlari bittasining miqdori bitta qiymat orqali, boshqalari esa uning qiymatiga nisbatan interval koʻrinishida berilishi mumkin (masalan, ingrediyentlar miqdori kompozitsiya asosiy ingrediyentining 100 massa qismiga yoki 1 litr eritmaga nisbatan keltiriladi).
Kompozitsiya tarkibidagi antibiotiklar, fermentlar, anatoksinlar va boshqalar miqdori kompozitsiyaning boshqa komponentlari birliklaridan oʻzgacha birliklarda koʻrsatilishi mumkin (masalan, boshqa komponentlar massa soniga nisbatan ming birliklarda).
118. Kompozitsiyaga oid ixtiro qoʻshimcha ingrediyent kiritish bilan tavsiflanganda formulaning farqlovchi belgisi “qoʻshimcha ravishda oʻz ichiga oladi” degan iborani qoʻllagan holda tuziladi.
Vazifasi yangi faol komponent bilan belgilanadigan boshqa komponentlar anʼanaviy qoʻllaniladigan neytral qismlar boʻlganda formulada shu faol komponentni va uning miqdorini “samarali miqdor” koʻrinishida keltirish mumkin.
Bunday kompozitsiyalarni tavsiflaydigan yana bir variant — undagi faol komponentdan tashqari boshqa komponentlarni (neytral qismlarni) umumlashtirma tushuncha “maqsadli qoʻshimchalar” koʻrinishida ifodalanadi. Bunda faol komponentlar va maqsadli qoʻshimchalarning miqdoriy nisbatlari koʻrsatiladi.
119. Ixtiro belgisi sifatida murakkab tarkibli maʼlum modda koʻrsatilganda shu moddaning funksiyasini va xususiyatini koʻrsatib maxsus nomini keltirish mumkin. Bunda ixtiro tavsifida shu modda tavsiflanadigan adabiyot koʻrsatiladi.
120. Mikroorganizm shtammi, oʻsimlik va hayvon hujayralari turlarini (liniyalari) tavsiflaydigan formula depozitariyning bosh harflari, saqlash uchun topshirilgan obyektga berilgan roʻyxat raqami va shtamm vazifasi koʻrsatilgan holda biologik obyektning oila turkumlari va turlariga oid lotin tilidagi nomini oʻz ichiga oladi.
121. Ixtiro maʼlum boʻlgan ixtironi yangi maqsadda qoʻllashga oid boʻlganda quyidagi tuzilishdagi formula ishlatiladi: “(avval maʼlum boʻlgan ixtiro nomi yoki tavsifi keltiriladi) (koʻrsatilgan ixtironing yangi vazifasi keltiriladi) sifatida ishlatilishi”.
122. Ixtiro mohiyatini tushuntiradigan materiallar grafik tasvir (chizma, sxema, grafika, epyura, rasm, ossilogramma kabilar) va jadval koʻrinishida bajarilishi mumkin.
Ixtironi chizma va sxemalar orqali ochib berishning iloji boʻlmaganda tasvirlar taqdim etiladi. Fotosuratlar tasvirlarga qoʻshimcha qilinishi mumkin.
123. Referat ixtiro tavsifining qisqartirilgan bayoni boʻlib, ixtiro haqida maʼlumot olish uchun xizmat qiladi. Unda ixtiro nomi, foydalanish sohasi, quyilgan vazifa, ixtiro mohiyatining tavsifi keltiriladi.
Referatdagi ixtiro mohiyati mustaqil bandning barcha muhim belgilarini saqlab qolgan holda ixtiro formulasini erkin tarzda bayon etish orqali taʼriflanadi.
Zarur hollarda ixtiro referatiga chizma yoki kimyoviy formula kiritilishi mumkin. Referatga kiritilayotgan chizmalar bilan tavsifga ilova qilinadigan chizmalar bir-biriga mos kelishidan qatʼi nazar alohida sahifada beriladi.
124. Referatda qoʻshimcha maʼlumotlar, xususan, bogʻliq bandlar, grafik tasvirlar, jadvallar mavjudligi va soni koʻrsatilishi mumkin.
125. Referat matnining hajmi 1000 ta belgidan oshmasligi kerak.
126. Talabnomaga odob-axloq va ijtimoiy tartibga zid iboralar, chizmalar, rasmlar, fotosuratlar va boshqa materiallar; oʻzga shaxslarning mahsulotlari yoki texnologik jarayonlariga, shuningdek, talabnomalari va muhofaza hujjatlariga nisbatan bayon qilingan kamsituvchi fikrlar; ixtiroga ochiqdan-ochiq taalluqli boʻlmagan yoxud talabnoma materiallarini mazkur Reglamentning talablariga muvofiq deb eʼtirof etish uchun zarur boʻlmagan maʼlumotlar va fikrlar kiritilmaydi.
“Texnika darajasi” boʻlimida maʼlum mahsulot yoki usulni taʼriflashda uning kamchiligini koʻrsatish yoʻl qoʻyib boʻlmaydigan element deb hisoblanmaydi.
127. Ixtironing formulasi, tavsifi, tushuntirib beruvchi materiallarida va referatida standartlashtirilgan atama va qisqartmalar, ular mavjud boʻlmaganda ilmiy-texnika adabiyotda umumqabul qilingan atama va qisqartmalar qoʻllaniladi.
Ilmiy-texnika adabiyotda keng qoʻllanilmaydigan atama va qisqartmalar ishlatilganda ularning maʼnosi matnda birinchi marta qoʻllanilganda izohlab beriladi.
Tavsif va formulada atamalarning yagonaligiga rioya qilinadi. Ushbu talab fizikaviy birliklar va foydalaniladigan shartli belgilarga ham taalluqlidir.
Fizikaviy miqdorlar imkon qadar amaldagi Xalqaro birliklar tizimi birliklari bilan ifoda etiladi.
128. Barcha materiallar reproduksiya qilinib, cheklanmagan miqdorda nusxa koʻchirish imkoniyati boʻlgan tarzda rasmiylashtiriladi.
129. Talabnomaning har bir hujjati alohida sahifadan boshlanadi va A4 formatda taqdim etiladi.
130. Talabnomaning har bir hujjati bir-biriga bogʻliq boʻlmagan birdan boshlanadigan raqamga ega boʻladi. Sahifalarning raqamlari ikkinchi sahifadan boshlab arab raqamlari bilan qoʻyiladi.
131. Hujjatda grafik belgi, lotincha nom, lotin va yunoncha harf, matematik va kimyoviy formula hamda simvollar yozilishi mumkin.
132. Kimyoviy birikmaning tuzilish formulasi odatda alohida figura sifatida (grafik materiallar kabi) raqamlanib, izohli belgilar koʻrsatilgan holda alohida sahifada beriladi.
Kimyoviy tuzilish formulasini yozishda umumiy qoʻllanishdagi belgilar ishlatiladi, elementlar va radikallar oʻrtasidagi bogʻlanish aniq koʻrsatiladi.
Nukleotidlar va aminokislotalar ketma-ketligi roʻyxatini BIMTning tegishli standartiga muvofiq rasmiylashtirish kerak.
133. Ixtironing tavsifi, formulasi va referatida matematik formulalar mavjud boʻlganda barcha harfli belgilarga formulada qoʻllanilgan tartib boʻyicha izoh beriladi.
Matematik belgilar matematik formulalarda qoʻllanadi, matnda esa ular soʻzlar bilan yoziladi.
134. Grafik tasvirlar (chizmalar, sxemalar, grafiklar, rasmlar va shu kabilar) chizmachilik asboblari yordamida yoki maxsus grafik chizmalar chizish dasturlarida aniq chiziqlar va shtrixlar bilan bajariladi, bunda boʻyashga yoʻl qoʻyilmaydi.
135. Tasvirlarning masshtabi va aniqligi reproduksiya qilish paytida oʻlchamlar 2/3 gacha chiziqli kichraytirilganda hamma detallarni farqlab, aniqlash mumkin boʻladigan tarzda tanlanadi.
136. Har bir grafik tasvir arab raqamlari va “figura” soʻzi bilan (1-figura, 2-figura va boshqalar), ularning tavsif matnida keltirilishi ketma-ketligiga muvofiq alohida raqamlanadi. Grafik tasviri bitta figura bilan tavsiflanganda u raqamlanmaydi.
137. Ikki va undan ortiq sahifalarda joylashgan figuralar bitta figuraning boʻlaklarini tashkil etganda, har xil sahifalarda tasvirlangan figuralardan birortasi tushirib qoldirilmay birlashtirish mumkin boʻlgan holda joylashtiriladi.
138. Chizmalar mazkur Reglamentning 135, 136, 141 va 142-bandlari va texnik chizmalarni tayyorlash qoidalariga muvofiq bajariladi.
139. Chizmadagi har bir element boshqa elementlarga nisbatan mutanosib holda bajariladi, bundan elementni aniq tasvirlash uchun proporsiyalarning bir-biridan farqlanishi zarur boʻlgan hollar mustasno.
140. Chizmalar yozuvlarsiz bajariladi, bundan “suv”, “bugʻ”, “ochiq”, “yopiq”, “A-A” (kesimni koʻrsatish uchun) kabi tushunish uchun oʻta zarur boʻlgan soʻzlar mustasno.
141. Chizmalarda oʻlchamlar koʻrsatilmaydi, zarur boʻlgan hollarda ular tavsifda keltiriladi.
142. Chizmalarda tasvirlangan elementlar ixtironing tavsifiga muvofiq arab raqamlari bilan belgilanadi.
Bir necha figuralarda keltirilgan bir element bir xil raqam bilan belgilanadi. Tavsifda keltirilmagan element chizmaga kiritilmaydi.
143. Grafik tasvir sxema shaklida keltirilganda, uni bajarishda shartli grafik belgilar qoʻllanadi.
144. Sxema toʻgʻri burchaklar koʻrinishida elementlarning grafik belgilanishi sifatida taqdim etilganda bevosita toʻgʻri burchakka raqamli belgidan tashqari elementning nomi keltiriladi.
145. Chizma, sxema, tasvirlar ixtiro tavsifi va formulasida keltirilmaydi.
146. Axborot manbalarining bibliografiya maʼlumotlari ular boʻyicha axborot manbaini topish mumkin boʻlgan holda koʻrsatiladi.
147. Vakil orqali topshirilgan talabnomaga unga talabnoma beruvchi tomonidan berilgan va uning vakolatlarini tasdiqlaydigan ishonchnoma ilova qilinadi. Ishonchnoma oddiy yozma shaklda rasmiylashtiriladi.
Ishonchnoma talabnoma bilan bir vaqtning oʻzida yoki talabnoma topshirilgan sanadan ikki oydan kechiktirilmay taqdim etiladi.
4-bob. Hujjatlarni topshirish
148. Davlat xizmatidan foydalanishda:
rezidentlar Davlat xizmatlari markazi, vakolatli organning maxsus axborot tizimi (keyingi oʻrinlarda — axborot tizimi), Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (keyingi oʻrinlarda — YIDXP) orqali;
norezidentlar davlat xizmatidan foydalanish uchun axborot tizimi orqali vakolatli organga talabnoma topshiradi.
Talabnoma vakolatli organga pochta aloqasi orqali ham topshirilishi mumkin. Bunda talabnoma vakolatli organ tomonidan zudlik bilan axborot tizimiga kiritiladi.
149. Talabnoma topshirilgandan keyingi bosqichlardagi barcha harakatlar axborot tizimi orqali amalga oshiriladi.
150. Axborot tizimi va YIDXP oʻrtasida axborot almashinuvi elektron hukumatning idoralararo maʼlumotlarni uzatish tarmogʻi orqali real vaqt rejimida amalga oshiriladi.
151. Arizani axborot tizimi yoki YIDXP orqali topshirishda ariza shakli toʻldirilganidan soʻng talabnoma beruvchi maʼlumotlarning toʻgʻriligini tekshirib, arizani tasdiqlaydi.
Talabnoma beruvchi Davlat xizmatlari markazi orqali murojaat qilganda ariza uning nomidan Davlat xizmatlari markazi xodimi tomonidan toʻldiriladi.
Yuridik shaxs nomidan ariza tashkilot rahbari yoki boshqa vakolatli shaxs tomonidan tasdiqlanadi.
Arizani pochta aloqasi orqali topshirishda u imzolash yoʻli bilan tasdiqlanadi. Bunda tegishli maʼlumotlar qoʻshimcha varaqlarda keltirilganda ularning har biri imzolanadi.
152. Davlat xizmatini koʻrsatishda Oʻzbekiston Respublikasining “Davlat boji toʻgʻrisida”gi Qonunida nazarda tutilgan miqdorda patent boji toʻlanadi va qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda taqsimlanadi.
Patent boji toʻlovi yagona billing tizimi orqali elektron shaklda toʻlanadi.
153. Talabnoma beruvchi tomonidan arizani tasdiqlashning rad etilishi, shuningdek, davlat xizmatini koʻrsatish uchun patent bojini toʻlamaslik davlat xizmati koʻrsatishni rad etish uchun asos deb hisoblanadi.
Talabnomani qabul qilishni boshqa asoslar boʻyicha rad etish taqiqlanadi.
154. Vakolatli organ talabnomani qabul qilib, roʻyxatga olgandan soʻng talabnoma beruvchiga talabnomaning qayd raqami, kelib tushgan sanasi koʻrsatilgan xabarnomani tegishli ravishda axborot tizimi yoki YIDXP orqali avtomatik tarzda yoxud pochta aloqasi boʻyicha yuboradi.
5-bob. Talabnoma boʻyicha ishlarni amalga oshirishi
155. Talabnoma topshirilgandan keyin yuboriladigan materiallarda talabnoma raqami koʻrsatilishi shart. Talabnoma raqami koʻrsatilmagan materiallar koʻrib chiqilmaydi.
156. Talablarga javob bermaydigan tarzda materiallar topshirilganda Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi “Intellektual mulk markazi” davlat muassasasi (keyingi oʻrinlarda — Markaz) tomonidan tuzatilgan va yetishmagan materiallarni taqdim etish toʻgʻrisida soʻrovnoma yuboriladi.
157. Qonunning 20-moddasiga koʻra talabnoma beruvchi talabnoma topshirilgan sanadan eʼtiboran ikki oy mobaynida talabnomada koʻrsatilgan ixtironing mohiyatini oʻzgartirmagan holda unga tuzatishlar, aniqliklar va qoʻshimchalar (keyingi oʻrinlarda — tuzatishlar) kiritish huquqiga ega.
158. Belgilangan miqdordagi patent boji toʻlanganda talabnoma boʻyicha tuzatishlar mazkur Reglamentning 157-bandida nazarda tutilgan muddat oʻtgandan keyin ham, lekin patent berish haqidagi qaror qabul qilingunga qadar kiritilishi mumkin.
159. Patent boji toʻlanmaganda tegishli harakatlar amalga oshirilmaydi va bu haqida talabnoma beruvchiga xabar beriladi. Toʻlangan patent boji belgilangan miqdorga mos boʻlmaganda talabnoma beruvchi Markaz tomonidan bojning yetishmagan qismini toʻlash haqidagi xabarnoma yuborilgan sanadan eʼtiboran uch oy ichida kerakli summani toʻlashi kerak.
160. Talabnoma materiallariga mazkur Reglamentning 165-bandida nazarda tutilgan oʻzgartirishlardan boshqa tuzatishlar talabnoma beruvchi tomonidan mazkur Reglamentga 3-ilovaga muvofiq ariza orqali kiritiladi.
161. Talabnoma materiallaridagi yaqqol koʻrinib turgan va texnik xatolar ixtiro roʻyxatdan oʻtkazilgunga qadar toʻgʻrilanishi mumkin. Taklif qilingan tuzatishdan boshqacha boʻlishi mumkin emasligi soha mutaxassisi uchun umumiy bilimlardan maʼlum boʻlganda tuzatish yaqqol koʻrinib turgan deb hisoblanadi.
162. Tuzatish imloviy xatoga, bibliografiya maʼlumotini koʻrsatishdagi xatolikka va boshqa shu kabi xatolarga oid boʻlganda tuzatish kiritish zarurligi almashtiriladigan sahifani taqdim etmasdan talabnoma beruvchining xatida bayon qilinishi mumkin.
163. Mazkur Reglamentning 25-bandiga muvofiq nukleotidlar va aminokislotalar ketma-ketligi roʻyxati oʻzgartirilganda roʻyxat (.pdf va .docx formatlarda) qaytadan taqdim etiladi.
164. Belgilangan talablarga rioya qilinmaganda talabnoma beruvchi taqdim etilgan talabnoma materiallariga tuzatishlar kiritish lozimligi yoki tegishli sabablarni koʻrsatib talabnoma materiallariga tuzatish kiritish mumkin emasligi haqida xabardor qilinadi.
165. Talabnoma materiallariga talabnoma beruvchini oʻzgartirish toʻgʻrisidagi yozuvlar talabnoma beruvchi tomonidan ariza topshirish orqali kiritiladi. Arizada huquq oʻzga shaxsga oʻtkazilishi koʻrsatilishida mazkur Reglamentning 28 va 31-bandlarida koʻrsatilgan maʼlumotlar boʻlishi kerak.
Ushbu ariza bilan birga huquqni topshiruvchi va huquqni qabul qilib oluvchi tomonidan imzolangan huquq oʻtkazilganligini tasdiqlovchi dalolatnoma mazkur Reglamentga 4-ilovaga muvofiq shaklda taqdim qilinadi.
Belgilangan talablarga rioya qilinganda talabnoma beruvchiga talabnoma materiallariga talabnoma beruvchining oʻzgartirilgani toʻgʻrisida qayd kiritilgani haqida xabar beriladi. Keyingi barcha yozishmalar yangi talabnoma beruvchi bilan olib boriladi.
Talabnoma beruvchiga talabnoma materiallariga oʻzgartirish kiritilgani toʻgʻrisidagi xabarnoma yuborilgan sana huquq yangi talabnoma beruvchiga oʻtgan sana deb hisoblanadi.
Belgilangan talablarga rioya qilinmaganda, talabnoma beruvchi va huquqni qabul qilib oluvchiga taqdim etilgan hujjatlarga tuzatishlar kiritish zarurligi yoki talabnoma materiallariga talabnoma beruvchini oʻzgartirish haqidagi qaydni kiritish mumkin emasligi toʻgʻrisida tegishli sabablar koʻrsatilgan holda xabarnoma yuboriladi.
166. Patent olish huquqi boshqa shaxsga oʻtkazilishi natijasida talabnoma beruvchini oʻzgartirish yoki talabnoma beruvchining nomi (ismi) ixtiro davlat roʻyxatidan oʻtkazilgunga qadar oʻzgartirilishi mumkin.
167. Ixtiro birligi talabi buzilganda topshirilgan talabnoma talabnoma beruvchining iltimosiga asosan ikki yoki bir necha talabnomalarga ajratilishi mumkin (keyingi oʻrinlarda — ajratilgan alohida talabnoma).
Ajratilgan alohida talabnomalar boʻyicha birinchi talabnomaning topshirish sanasi, ixtiroga topshirilayotgan talabnomaning ustuvorlik sanasi yoki birinchi talabnoma boʻyicha oldinroq ustuvorlikni belgilash huquqi mavjud boʻlganda ushbu ustuvorlik saqlab qolinadi.
Iltimosnoma erkin shaklda beriladi va mazkur Reglamentning 3-bobiga muvofiq rasmiylashtirilgan materiallar ilova qilinadi va belgilangan miqdorda patent boji toʻlanadi.
Mazkur band talablariga rioya qilinganda, talabnomani ajratish toʻgʻrisidagi iltimosnoma qanoatlantiriladi va talabnoma beruvchi bu haqida xabardor qilinadi.
168. Talabnoma haqidagi maʼlumotlar rasmiy axborotnomada eʼlon qilingandan soʻng ixtiro tavsifi, formulasi, chizmalari va grafik materiallari tanishib chiqish uchun ochiq hisoblanadi.
169. Talabnoma bilan bogʻliq masalalar talabnoma beruvchi ishtirokida koʻrib chiqish, qoida tariqasida, talabnoma materiallari boʻyicha ekspertiza tomonidan qoʻshimcha tushuntirishlar olish zarurati paydo boʻlgan holatda hamda ixtironing patentga layoqatlilik shartlariga muvofiqligi toʻgʻrisida ekspertizaning va talabnoma beruvchining pozitsiyasini aniqlash uchun qoʻrib chiqiladi.
170. Masalalar talabnoma beruvchi ishtirokida tomonlar savollar bilan tanishib chiqqandan soʻng Markaz taklifiga yoki talabnoma beruvchining erkin shakldagi iltimosnomasiga binoan qoʻrib chiqiladi.
Ekspertizaning savollari qoʻshimcha ravishda uchrashuvning maqsadga muvofiqligi xabar qilingan soʻrovnomada, talabnoma beruvchining savollari esa bunday koʻrib chiqishni oʻtkazish haqidagi iltimosnomada bayon etiladi.
Soʻrovnoma yuborilganda talabnoma beruvchi talabnomani koʻrib chiqishda qatnashish niyatidan qatʼi nazar, soʻrovnomaga belgilangan muddatda javob berishi shart.
171. Talabnoma beruvchi ishtirokida talabnomani koʻrib chiqish sanasi va vaqti oldindan kelishib olinadi.
172. Talabnoma uni beruvchi ishtirokida muzokaralar yoʻli bilan yoki ekspert kengashida qoʻrib chiqiladi.
Masalalar bevosita ekspertiza va talabnoma beruvchi tomonidan hal qilinishi mumkin boʻlganda, ular oʻrtasida muzokaralar olib boriladi.
Muzokaralar Markazning tegishli tarkibiy boʻlinmasi rahbari yoki Markaz rahbari tayinlagan masʼul xodim ishtirokida oʻtkaziladi.
Masalalarni hal qilish uchun mutaxassislar ishtiroki talab qilinganda ekspert kengashi oʻtkaziladi.
173. Muzokaralar yoki ekspert kengashi natijalari boʻyicha ikki nusxada bayonnoma tuziladi va unda qatnashchilar, tomonlar keltirgan dalil va takliflar haqidagi maʼlumotlar hamda keyingi ish yuritish haqida xulosalar keltiriladi.
Masalalarni koʻrib chiqishda qatnashuvchilarning barchasi bayonnomani imzolaydi. Bayonnomaning bir nusxasi talabnoma materiallariga qoʻshib qoʻyiladi, ikkinchisi talabnoma beruvchiga topshiriladi.
174. Muhokama qilinayotgan masalalar boʻyicha bir xulosaga kelinmaganda koʻrib chiqishda qatnashuvchilarning alohida fikrlari bayonnomada qayd etiladi. Bayonnoma nusxasining talabnoma beruvchiga topshirilishi ish yuritish toʻxtatilgani toʻgʻrisidagi xabarnomaning (talabnoma chaqirib olinganda) yoki soʻrovnomaning oʻrnini bosishi mumkin (javob berishning belgilangan muddatlari buzilmaganda) va bu holat bayonnomada tegishli yozuv bilan rasmiylashtiriladi.
175. Talabnoma beruvchi talabnomani chaqirib olish huquqiga ega.
Talabnomani chaqirib olish toʻgʻrisidagi ariza talabnomani koʻrib chiqishning istalgan bosqichida, lekin ixtiro davlat roʻyxatidan oʻtkazilgunga qadar topshirilishi mumkin. Ariza inobatga olingani haqida xabarnoma yuborilgan sanadan boshlab talabnoma chaqirib olingan deb hisoblanadi.
176. Chaqirib olingan talabnoma boʻyicha huquqiy ahamiyatga ega harakatlar amalga oshirilmaydi. Boshqa talabnomalarning ekspertizasini oʻtkazishda chaqirib olingan talabnoma materiallari rasmiy axborotnomada nashr etilmaganda, ushbu chaqirib olingan talabnoma texnika darajasiga kiritilmaydi.
6-bob. Talabnomani koʻrib chiqish
177. Talabnomaga axborot tizimida avtomatik ravishda ikki harfli va toʻqqiz xonali roʻyxat raqami beriladi, bunda harflar (IO) sanoat mulki obyekti — ixtironi, talabnoma raqamidagi dastlabki toʻrtta son — talabnoma topshirilgan yilni, keyingi beshta son — shu yildagi har yili birdan boshlanadigan tartib raqamini bildiradi.
178. Talabnomani davlat ekspertizasidan oʻtkazish rasmiy ekspertizadan oʻtkazish hamda ixtiroga talabnomaning mohiyati boʻyicha ilmiy-texnika ekspertizadan (keyingi oʻrinlarda — mohiyati boʻyicha ekspertiza) oʻtkazishdan iborat boʻlib, Markaz tomonidan amalga oshiriladi.
179. Rasmiy ekspertizaning vazifasi talabnoma materiallari tarkibi, zarur hujjatlar mavjudligi va ularning belgilangan talablarga muvofiqligini tekshirishdan iborat.
180. Rasmiy ekspertiza natijalari boʻyicha talabnoma beruvchiga Markazning talabnomani koʻrib chiqish uchun qabul qilinganli yoki koʻrib chiqish uchun qabul qilish rad etilgani haqidagi qarori yuboriladi.
181. Rasmiy ekspertiza talabnoma axborot tizimida qabul qilingan sanadan boshlab ikki oy oʻtgandan soʻng bir oy davomida oʻtkaziladi.
182. Talabnoma beruvchining yozma iltimosnomasiga koʻra rasmiy ekspertiza belgilangan muddat oʻtmasdan boshlanishi mumkin.
Bunda talabnoma beruvchi iltimosnoma berilgan paytdan boshlab talabnoma materiallariga belgilangan miqdorda qoʻshimcha patent boji toʻlamasdan, oʻz tashabbusiga koʻra tuzatishlar kiritish imkoniyatidan mahrum boʻladi.
Talabnoma beruvchi tomonidan rasmiy ekspertizani belgilangan muddat oʻtmasdan boshlash haqidagi iltimosnomasi chaqirib olinmaydi.
183. Talabnoma kelib tushgan sanadan ikki oy oʻtgandan keyin yoki talabnoma beruvchining tashabbusiga koʻra talabnoma rasmiy ekspertizasini muddatidan oldin boshlash haqidagi iltimosnoma berilgandan soʻng talabnoma materiallariga tuzatish va oʻzgartirishlar kiritishda belgilangan miqdorda patent boji toʻlanadi.
Patent boji toʻlanmagani aniqlanganda, talabnomani koʻrib chiqishda tuzatish va oʻzgartirishlar eʼtiborga olinmaydi va bu haqida talabnoma beruvchiga xabar beriladi.
Talabnoma materiallari boshqa tilda topshirilib, talabnoma materiallarida rasmiy ekspertizani muddatdan ilgari boshlash haqidagi iltimosnoma mavjud boʻlganda talabnoma beruvchi talabnoma materiallarining tarjimasi olinmagunga qadar rasmiy ekspertizani oʻtkazish mumkin emasligi haqida xabardor qilinadi.
184. Rasmiy ekspertiza oʻtkazish davomida quyidagilar tekshiriladi:
talabnoma tarkibida mazkur Reglamentning 20 — 25-bandlarida nazarda tutilgan hujjatlarning mavjudligi;
talabnomani rasmiylashtirishga oid talablarga rioya qilinganligi;
Qonunning 14-moddasi toʻrtinchi qismida nazarda tutilgan hollarda talabnoma topshirish tartibiga, jumladan, vakilning vakolatlarini tasdiqlaydigan ishonchnomaning mavjudligi va toʻgʻri rasmiylashtirilishiga rioya qilingani;
talabnoma ixtiro sifatida muhofazalanadigan obyektlarga oid texnik yechimga berilgani;
oldinroq ustuvorlikni soʻrash asoslangani;
ixtironi XPTning amaldagi tahriri boʻyicha toʻgʻri tasniflangani (agar talabnoma beruvchi tomonidan tasniflanmagan boʻlsa, tasniflanadi);
talabnomani topshirish uchun belgilangan miqdorda patent boji toʻlangani.
185. Patent boji belgilangan miqdordan kam toʻlanganda, talabnoma beruvchiga uch oy ichida talabnomani topshirish uchun toʻlangan patent bojini hamda formulaning mustaqil va bogʻliq bandlari sonini muvofiqlashtirish haqida xabarnoma yuboriladi.
186. Belgilangan miqdordagi patent boji mazkur Reglamentning 185-bandida nazarda tutilgan muddatda toʻlanmaganda, ixtirolar guruhi uchun talabnoma yuzasidan ekspertiza talabnoma beruvchi tomonidan tanlab olingan bandlar boʻyicha yoki tanlangan bandlar haqida koʻrsatilgan muddatda xabar berilmaganda formulada birinchi boʻlib koʻrsatilgan bandlar boʻyicha oʻtkaziladi.
187. Talabnomani rasmiy ekspertizadan oʻtkazishda talabnoma hujjatlari talablar buzilgan holda rasmiylashtirilgani aniqlanganda, talabnoma beruvchiga kamchiliklar koʻrsatilgan va huquqiy asoslar keltirilgan soʻrovnoma yuboriladi.
188. Soʻrovnoma yuborish uchun quyidagilar asos boʻladi:
talabnomada mazkur Reglamentning 20-bandida nazarda tutilgan hujjatlar yoki ulardan birining mavjud emasligi;
talabnoma vakil orqali topshirilganda ishonchnomaning mavjud emasligi yoki uni rasmiylashtirish qoidalari buzilgani;
arizani toʻldirishda mazkur Reglamentning 26 — 35-bandlari talablariga rioya etilmagani;
patent bojlari toʻgʻri toʻlanganligi bilan bogʻliq savollarni aniqlash zarurati;
boshqa tilda topshirilgan materiallarning tarjimasi mavjud emasligi;
mikroorganizm shtammi, oʻsimlik va hayvon hujayralari turi (liniyasi) saqlash uchun topshirilgani haqidagi hujjat mavjud emasligi;
materiallardan bevosita nusxa koʻchirishga, ularni saqlashga toʻsqinlik qiladigan va tavsifni nashr etishga tayyorlash imkoniyatini bermaydigan kamchiliklar aniqlangani;
tavsifda mazkur Reglamentda nazarda tutilgan biron-bir boʻlimning mavjud emasligi (agar tegishli boʻlimda bayon qilinishi kerak boʻlgan maʼlumotlar boshqa boʻlimda keltirilgan boʻlsa, soʻrovnoma yuborilmaydi), shuningdek, formula yoki tavsifda biron-bir belgining xususiyatini ushbu belgi ochib berilgan adabiyot manbaiga havola qilish bilan almashtirilgani;
talabnomada hamma tanisha olmaydigan axborot manbaiga berilgan izohlar yoki undagi baʼzi maʼlumotlarni nashr etish mumkin emasligi haqida koʻrsatmalar mavjudligi;
formula bandini bitta jumla koʻrinishida bayon qilish talabi buzilgani;
formulada huquqiy muhofaza soʻralayotgan ixtiro turi koʻrsatilmagani;
formulada tegishli obyekt belgilari oʻrniga uning ishlatishdagi koʻrsatkichlari va isteʼmol xususiyatlari, uni amalga oshirish va undan foydalanishda kelib chiqadigan samara va hodisalar haqida maʼlumotlar keltirilgani;
talabnoma materiallarining bir-biriga mos emasligi;
talabnoma ixtiro sifatida eʼtirof etilmaydigan obyektlarga berilgani;
talabnoma boʻyicha ustuvorlik soʻrash bilan bogʻliq savollar paydo boʻlgani.
189. Talabnoma beruvchi taqdim etgan javobda soʻralgan barcha hujjatlar va maʼlumotlar boʻlmaganda, soʻrovnoma takroran yuborilishi mumkin.
190. Rasmiy ekspertiza soʻrovnomasiga javob taqdim etilmaganda, javob berish uchun belgilangan muddat buzilganda yoki bu muddat ichida uni uzaytirish haqida iltimosnoma kelib tushmaganda talabnoma chaqirib olingan deb hisoblanadi. Bunda talabnoma boʻyicha ish yuritish toʻxtatiladi va bu haqida talabnoma beruvchiga xabarnoma yuboriladi.
191. Talabnoma materiallari belgilangan talablarga zid emasligi haqidagi xulosaga kelinganda, talabnoma topshirilgan sanani belgilash va talabnomani koʻrib chiqishga qabul qilish toʻgʻrisidagi rasmiy ekspertizaning qarori qabul qilinadi va talabnoma beruvchiga yuboriladi.
192. Rasmiy ekspertiza tomonidan talabnoma materiallarining Qonun va mazkur Reglament qoidalariga zid ekanligining aniqlanishi talabnomani koʻrib chiqish uchun qabul qilishni rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qilishga asos boʻladi.
193. Talabnomani koʻrib chiqishga qabul qilish yoki talabnomani koʻrib chiqishga qabul qilishni rad etish toʻgʻrisidagi qarorda tegishli qarorni qabul qilish asoslari keltiriladi.
194. Talabnoma mohiyati biron-bir texnika sohasiga oidligini aniqlash maqsadida ixtiro XPTning amaldagi tahriri boʻyicha tasniflanadi.
Tasniflash rasmiy ekspertiza va mohiyati boʻyicha ekspertiza oʻtkazish bosqichlarida amalga oshiriladi.
195. Formula tasnif indekslarini tanlash uchun asos boʻladi. Talabnoma XPTning turli rubrikalariga tegishli bir necha obyektlarni ichiga olganda barcha mos tasnif indekslari aniqlanadi. Bunda birinchi indeks ixtiro nomi bilan aniqlanadi. Rasmiy ekspertiza bosqichida aniqlangan tasnif indekslari mohiyati boʻyicha ekspertiza jarayonida oʻzgartirilishi mumkin.
196. Patent boji formuladagi bandlar uchun belgilangan miqdordan kam toʻlanganda patent boji va formulaning mustaqil bandlari sonini muvofiqlashtirish natijasida dastlab formula tarkibida boʻlgan baʼzi bandlar chiqarib tashlanishi mumkin. Bunda qarorda talabnoma faqat tuzatilgan formulaga nisbatan koʻrib chiqishga qabul qilingani koʻrsatiladi.
197. Davlat ekspertizasi davomida formulaga kiritilgan tuzatishlar boshqa ixtiroga oid alohida bandlar paydo boʻlishiga olib kelmasligi kerak, talabnomaning dastlabki materiallarida mavjud ixtiro mohiyatini oʻzgartirmagan holda kiritilgan bandlar bundan mustasno.
198. Mohiyati boʻyicha ekspertiza talabnoma beruvchi yoki istalgan boshqa shaxs tomonidan berilgan iltimosnomaga binoan va belgilangan miqdordagi patent boji toʻlanganda oʻtkaziladi.
199. Mohiyati boʻyicha ekspertizani oʻtkazish toʻgʻrisidagi iltimosnoma talabnoma bilan birga yoki talabnoma topshirilgan sanadan eʼtiboran uch yil mobaynida topshirilishi mumkin.
Mazkur bandning birinchi xatboshisida belgilangan muddat ikki oyga uzaytirilishi mumkin. Ushbu muddatni uzaytirish toʻgʻrisidagi iltimosnoma talabnoma topshirilgan sanadan eʼtiboran uch yil oʻtmasdan topshiriladi va muddatni uzaytirish uchun belgilangan miqdorda patent boji toʻlanadi.
200. Talabnoma beruvchi iltimosnoma kelib tushganligi va patent boji toʻlangani toʻgʻrisida xabardor qilinadi.
Iltimosnoma va patent boji toʻlovi boshqa shaxs tomonidan amalga oshirilganda, bu haqida talabnoma beruvchi xabardor qilinadi.
201. Iltimosnoma uch yillik muddatda kelib tushmaganda talabnoma chaqirib olingan deb hisoblanadi va talabnoma beruvchiga bu toʻgʻrisida xabarnoma yuboriladi.
202. Mohiyati boʻyicha ekspertizani oʻtkazish uchun patent boji belgilangan miqdordan kam toʻlanganda, patent bojini formulaning mustaqil va bogʻliq bandlari soniga uch oy ichida muvofiqlashtirish zarurligi haqida xabarnoma yuboriladi. Bunda talabnoma beruvchi ekspertiza oʻtkazilishi kerak boʻlgan ixtirolarga tegishli formula bandlarini koʻrsatadi yoki ekspertiza oʻtkazilmaydigan bandlar chiqarib tashlangan formulani taqdim etadi yoxud qoʻshimcha patent bojini toʻlaydi.
Iltimosnoma talabnoma beruvchidan boshqa shaxs tomonidan topshirilib patent boji belgilanganidan kam miqdorda toʻlanganda iltimosnoma qanoatlantirilmaydi va bu haqida talabnoma beruvchiga xabar qilinadi.
Bir nechta shaxsdan iltimosnoma tushganda vakolatli organ tomonidan keyinroq kelib tushgan iltimosnoma egasi oldinroq kelib tushgan iltimosnomalar haqida xabardor qilinadi.
203. Talabnoma ixtirolar guruhiga oid boʻlganda mohiyati boʻyicha ekspertiza mazkur Reglamentning 202-bandi birinchi xatboshisi boʻyicha talabnoma beruvchi tomonidan tegishli formulaning tanlangan bandlari yoki bandlar tanlanmaganda formulada birinchi boʻlib koʻrsatilgan bandlar yuzasidan oʻtkaziladi.
204. Iltimosnoma bilan murojaat qilgan talabnoma beruvchi boʻlmagan boshqa shaxs talabnomani koʻrib chiqishda qatnashmaydi. Talabnoma boʻyicha yozishma talabnoma beruvchi bilan olib boriladi.
Iltimosnoma bilan murojaat qilgan shaxsga talabnomani koʻrib chiqish natijalari boʻyicha qabul qilingan qaror yuboriladi.
205. Talabnoma koʻrib chiqish uchun qabul qilinganda mohiyati boʻyicha ekspertiza talabnoma topshirilgan sanadan oʻn sakkiz oy oʻtgandan soʻng olti oy davomida oʻtkaziladi.
206. Mohiyati boʻyicha ekspertiza doirasida quyidagilar amalga oshiriladi:
ixtiro ustuvorligini belgilash, agar u Qonunning 18-moddasi ikkinchi — toʻrtinchi qismlariga koʻra soʻralsa;
ixtiro formulasining mazkur Reglament 95 — 121-bandlarida keltirilgan talablarga muvofiqligini tekshirish;
qoʻshimcha materiallarni mazkur Reglamentning 282 — 289-bandlariga muvofiq tekshirish;
talabnomaning dastlabki materiallarida yoki talabnomani koʻrib chiqishda eʼtiborga olingan qoʻshimcha materiallarda keltirilgan formulada taʼriflangan ixtironing patentga layoqatlilik shartlariga muvofiqligini tekshirish.
207. Talabnomaning ustuvorligi talabnoma vakolatli organga topshirilgan sana boʻyicha belgilanadi.
Talabnomada ixtironing ustuvorligi Qonunning 18-moddasi ikkinchi — toʻrtinchi qismlariga koʻra soʻralmaganda ustuvorlik tarkibida ariza, tavsif, formula va chizma (agar ular ixtiro mohiyatini tushunish uchun zarur boʻlsa) boʻlgan talabnoma vakolatli organga topshirilgan sana boʻyicha belgilanadi.
208. Talabnoma beruvchi tomonidan konvensiya ustuvorligi soʻralayotganda quyidagilar tekshiriladi:
Parij konvensiyasiga aʼzo davlatda topshirilgan birinchi talabnomaning nusxasi mavjudligi, agar koʻrsatilgan nusxa talabnoma vakolatli organga topshirilgan sanadan keyin topshirilgan boʻlsa, birinchi talabnomaning nusxasi taqdim etilishi kerak boʻlgan uch oylik muddatga rioya qilingani (birinchi talabnomalar bir nechta boʻlganda koʻrsatilgan shart har bir talabnomaning nusxasi uchun bajariladi);
konvensiya ustuvorligi soʻralayotgan talabnoma birinchi talabnoma topshirilgan sanadan eʼtiboran oʻn ikki oylik muddatda topshirilishiga rioya qilingani, agar talabnoma koʻrsatilgan muddatdan kechiktirib topshirilgan boʻlsa, u tugagan sanadan boshlab ikki oylik muddatga rioya qilingani;
konvensiya ustuvorligini belgilash toʻgʻrisidagi ariza talabnoma vakolatli organga kelib tushgan sanadan eʼtiboran uch oydan kechiktirmay taqdim etilgani;
talabnoma berilgan ixtiro birinchi talabnomada ochib berilgani.
209. Talabnoma beruvchi tomonidan ixtiro ustuvorligini oʻzining oldin topshirgan talabnomasiga nisbatan berilgan qoʻshimcha materiallar boʻyicha ustuvorlikni belgilash soʻralganda quyidagi talablarga rioya qilingani tekshiriladi:
vakolatli organga talabnomada berilgan ixtiro mohiyatini oʻzgartirishi mumkin boʻlgan qoʻshimcha materiallar kelib tushgani sababli eʼtiborga olinishi mumkin emasligi haqidagi xabarnoma yuborilgan sanadan eʼtiboran uch oy ichida kelib tushgani;
oldin topshirilgan talabnomaning mazmunini hisobga olgan holda kelib tushgan sanasi boʻyicha ustuvorlik soʻralayotganda qoʻshimcha materiallarda ixtiro mohiyati ochib berilgani.
210. Ixtiro ustuvorligini oldin topshirilgan talabnoma topshirilgan sanadan belgilash soʻralganda quyidagi talablarga rioya qilingani tekshiriladi:
bunday ustuvorlik soʻralayotgan talabnoma xuddi oʻsha avvalgi talabnomani topshirgan talabnoma beruvchi tomonidan topshirilgani;
bunday ustuvorlik soʻralayotgan talabnoma vakolatli organga oldingi talabnoma topshirilgan sanadan 12 oy mobaynida kelib tushgani;
ixtiro mohiyati oldin topshirilgan talabnomada ochib berilgani;
oldin topshirilgan talabnoma boʻyicha undan ilgariroq ustuvorlik soʻralmagani.
211. Oldin topshirilgan bir nechta talabnomalar boʻyicha ustuvorlik soʻralganda mazkur Reglamentning 210-bandi talablariga rioya qilingani ularning har biriga nisbatan tekshiriladi.
212. Topshirilayotgan talabnomaga oldin topshirilgan talabnomaning ustuvorligi belgilanganda oldin topshirilgan talabnoma chaqirib olinadi va bu haqida talabnoma beruvchiga xabar beriladi.
213. Ixtiro ustuvorligini ajratilgan talabnoma boʻyicha belgilash soʻralganda quyidagi talablarga rioya qilingani tekshiriladi:
ajratilgan talabnoma vakolatli organga ixtiroga yoki foydali modelga birinchi talabnoma ustidan shikoyat berish imkoniyati qolmagan patent berishni rad etish toʻgʻrisidagi qaror qabul qilingunga qadar yoxud birinchi talabnoma boʻyicha patent berish toʻgʻrisidagi qaror qabul qilinganda ixtiro yoki foydali modelni Oʻzbekiston Respublikasining tegishli davlat reyestrida roʻyxatdan oʻtkazish sanasigacha kelib tushgani;
ajratilgan talabnomadagi ixtiro mohiyati oldingi talabnomada, agar talabnoma konvensiya talabnomasidan ajratib olingan va ustuvorlik uning ustuvorlik sanasi boʻyicha soʻralayotgan boʻlsa, birinchi talabnomada ochib berilgani.
214. Mazkur Reglamentning 208 — 213-bandlariga muvofiq ixtiro ustuvorligini belgilash shartlariga rioya qilinganligini tekshirishda ustuvorlik soʻralayotgan talabnoma yoki ustuvorlik soʻrash uchun asos boʻlgan qoʻshimcha materiallar berilgan talabnoma chaqirib olinmaganligiga eʼtibor qaratiladi.
215. Ixtironing mohiyatini ochishda oldin topshirilgan talabnoma yoki unga kelib tushgan qoʻshimcha materiallar asosida ustuvorlik soʻralganda quyidagilar tekshiriladi:
ushbu materiallarda (oldin topshirilgan talabnomaning tavsifi, formulasi, qoʻshimcha materiallarning matnli qismi) talabnoma berilgan ixtironing formulasiga kiritilgan barcha belgilar koʻrsatilgani;
ustuvorlik sanasi soʻralayotgan materiallarda ixtiro mohiyati uni amalga oshirish uchun yetarli darajada ochib berilgani.
216. Konvensiya ustuvorligi soʻralganda mazkur Reglamentning 215-bandidagi shartlar bajarilganligini tekshirishda Parij konvensiyasiga aʼzo davlatda berilgan birinchi talabnomaning tarjimasi taqdim etiladi.
217. Mazkur Reglamentning 208 — 213-bandlarida koʻrsatilgan talablar bajarilganda talabnomaning ustuvorligi belgilanadi.
218. Mazkur Reglamentning 208 — 213-bandlarida koʻrsatilgan talablarning birortasi bajarilmaganda talabnoma ustuvorligi Qonunning 18-moddasi birinchi qismiga muvofiq belgilanadi.
219. Ustuvorlik belgilangandan soʻng ixtironing oʻzgartirilgan formulasi taqdim etilganda soʻralayotgan ustuvorlikni belgilashga asoslar mavjudligini aniqlash uchun takroran tekshirish oʻtkaziladi.
220. Tekshirish ixtiro formulasining oxirgi variantiga nisbatan oʻtkaziladi. Bunda ixtiro birligi talabiga rioya etilganligi aniqlanadi.
221. Ixtiro birligi talabi buzilganligi aniqlanganda talabnoma beruvchiga soʻrovnomada bitta ixtiroga yoki yagona ixtirochilik fikrini tashkil etgan ixtirolar guruhiga tegishli aniqliklar kiritilgan tavsif va formulani taqdim etish taklif qilinadi.
Tuzatilgan formula tarkibiga yangi bandlar kiritilganda qoʻshimcha patent boji toʻlanadi.
222. Ixtiro formulasini tekshirishda talabnomadagi ixtironing muhim belgilari majmui talabnomada koʻrsatilgan texnik natijaga erishish uchun yetarli ekanligi aniqlanadi.
Biron-bir muhim belgi formulaga kiritilmaganda, lekin tavsifda yoki formulaning bogʻliq bandida keltirilganda va ushbu muhim belgisiz texnik natijaga erishib boʻlmasligi aniqlanganda, talabnoma beruvchiga bunday belgini formulaning tegishli mustaqil bandiga kiritish taklif etiladi. Bunda texnik natijaga erishish uchun formulaga ushbu belgini kiritish zarurligini tasdiqlaydigan dalillar keltiriladi. Bunday dalillar tavsifda ochib berilgan belgi va texnik natija orasidagi sabab-oqibat bogʻlanishiga yoki ekspertiza tomonidan oʻtkazilgan ilmiy-nazariy tahlilga asoslanishi mumkin.
223. Ixtiro formulasini tekshirish undagi belgilarni mazkur Reglamentning 114 — 121-bandlariga muvofiq identifikatsiya qilish mumkinligini aniqlashdan iborat.
Belgini identifikatsiya qilish mumkin boʻlishi uchun uning taʼrifini ixtiro tavsifiga asosan tuzatish zarur boʻlganda talabnoma beruvchiga bunday tuzatishni amalga oshirish taklif etiladi.
224. Belgini identifikatsiya qilish mumkin boʻlganda, lekin uni taʼriflash uchun maʼlum bir texnika sohasida qabul qilingan atamalarga mos boʻlmagan yoki eskirgan atamalar qoʻllanilganda, formulaga tegishli tuzatishlarni kiritish tavsiya qilinadi.
225. Formuladagi belgini tekshirish jarayonida texnik natijaga erishish uchun yetarli boʻlgan belgi yoki elektron hisoblash mashinalari uchun dasturni hamda bunday dasturda ishlatiladigan algoritmlarni jalb qilgan holda taʼriflanadigan ixtiro formulasining belgilari mazkur Reglamentning 52 — 59-bandlarida keltirilgan talablarga muvofiq boʻlishi kerak.
Formulada texnik natijaga erishilmaydigan yoki ixtironi aks ettiradigan vositaga oid boʻlmagan belgi mavjud boʻlganda bunday belgini formuladan olib tashlash uchun tegishli tuzatishni amalga oshirish taklif etiladi. Bunda ixtirochilik darajasini tekshirishda bunday belgi eʼtiborga olinmasligi va shu bilan birga patent berilgan holatda uni formulada saqlab qolish huquqiy muhofaza hajmini qisqarishiga olib kelishi mumkinligi haqida xabar qilinadi.
226. Tovar belgilari, geografik koʻrsatkichlar va boshqa xususiy alomatlarni aks ettiruvchi vositalar formulaga kiritilmaydi.
227. Formulada umumiy tushuncha bilan ifodalangan belgi mavjud boʻlganda mazkur Reglamentning 103-bandiga muvofiq undan foydalanish toʻgʻriligi aniqlanadi.
Belgi funksiya va xususiyat bilan taʼriflanganda belgi formulaning mustaqil bandiga kiritilgan boshqa muhim belgilar bilan birgalikda talabnomada koʻrsatilgan texnik natijaga erishish uchun yetarliligi tekshiriladi.
228. Talabnomada koʻrsatilgan texnik natijaga erishish faqatgina eksperimental maʼlumotlar bilan tasdiqlanganda, tavsifda kerakli maʼlumotlarni oʻz ichiga olgan misollar keltiriladi.
Ushbu misollar asosidagi xulosalarga tayangan ixtiro belgisini tavsiflashda aniq holatlar va umumlashtirishning oʻrinliligi tekshiriladi.
229. Ekspertiza tomonidan umumiy tushunchalar bilan ifodalangan belgidagi biror aniq holatda talabnoma beruvchi tomonidan koʻrsatilgan texnik natijaga erishilmasligi aniqlanganda tegishli dalillar keltirilib, ularni rad etish yoki tuzatish kiritish taklif etiladi.
230. Formulaning mazkur Reglamentning 114-bandi talabiga muvofiqligini tekshirishda ixtironi taʼriflaydigan tushuncha uning tavsifida keltirilgani yoki chizmada ifodalangani aniqlanadi.
231. Talabnomada bir zvenoli yoki bitta mustaqil bandli koʻp zvenoli formula keltirilganda bunday formulada (mazkur Reglamentning 17 — 19-bandlari talablariga muvofiq) bitta ixtiro taʼriflangani tekshiriladi.
232. Mazkur Reglamentning 17 — 19-bandlarining talablari buzilgani aniqlanganda yuboriladigan soʻrovnomada bu haqida maʼlum qilinadi va tegishli patent bojini toʻlab, formulani tuzatish taklif qilinadi. Bunda tuzatilgan formulada ixtiro birligi talabi bajarilishi va tuzatilgan formulaga avval mustaqil band sifatida koʻrsatilmagan yangi mustaqil bandlar kiritilganda, tegishli patent bojini toʻlash yoki talabnoma beruvchi formulani tuzatishni rad etganda keyingi koʻrib chiqishda eʼtiborga olinadigan ixtironi koʻrsatish zarurligi keltiriladi.
Belgini taʼriflashda talabnoma beruvchi muqobil tushunchadan nooʻrin foydalanganda yuzaga kelgan xato koʻrsatiladi.
233. Bir nechta mustaqil bandli koʻp zvenoli formula taklif qilinganda, ularning har biri mazkur Reglamentning 103-bandi talablariga muvofiqligi tekshiriladi.
234. Formulani tekshirishda qoʻshimcha ravishda quyidagilar eʼtiborga olinadi:
koʻp zvenoli formulaning bogʻliq bandlarida ixtironing aniq hollarda amalga oshirilishi;
formulada mustaqil bandning belgilarini chiqarib tashlashni yoki almashtirishni nazarda tutadigan bogʻliq bandning mavjudligi.
235. Formulaning mustaqil bandlarida taʼriflangan ixtirolar oʻzaro yagona ixtirochilik fikrini tashkil qilgan holda bogʻliq boʻlganda yagona ixtirochilik fikri sharti bajarilgan deb eʼtirof etiladi.
236. Mustaqil bandlarda taʼriflangan ixtirolarni variantlarga tegishliligini tekshirishda ixtirolarning koʻrsatilgan vazifasi va texnik natijalar mosligi tekshiriladi.
237. Formulani tekshirishda uning tuzilishi va bayon qilinishi belgilangan talablarga muvofiq emasligi aniqlanganda formulani tuzatish taklif qilinadi.
238. Oʻzgartirilgan formulaga nisbatan mazkur Reglamentning 222 — 236-bandlariga muvofiq tekshirish oʻtkaziladi.
Ixtironing patentga layoqatliligini tekshirish uchun talabnoma beruvchi tomonidan oʻzgartirilgan formula qabul qilinadi.
239. Bir zvenoli yoki bitta mustaqil bandli koʻp zvenoli formulada bittadan ortiq ixtiro borligi aniqlanganda, talabnoma beruvchiga koʻrib chiqilishi kerak boʻlgan ixtironi koʻrsatish taklif etiladi va ekspertiza talabnoma beruvchi tomonidan koʻrsatilgan ixtironing patentga layoqatliligini tekshirishni davom ettiradi.
240. Formulada muqobil tushuncha bilan ifodalangan belgi mavjud boʻlganda, patentga layoqatlilikni tekshirish bunday tushunchani ichiga olgan belgilarning har bir majmuiga nisbatan oʻtkaziladi.
Ixtironing patentga layoqatli emasligi taxmin qilinganda keyingi koʻrib chiqish mazkur Reglamentning 262 — 266-bandlariga muvofiq amalga oshiriladi.
241. Muallif yoki talabnoma beruvchi oʻz ixtirosiga taalluqli axborotni oshkor etgan sanadan eʼtiboran olti oylik muddatda vakolatli organga ushbu ixtiroga talabnoma topshirganda oshkor etilgan axborot texnika taraqqiyoti darajasiga kiritilmaydi.
242. Texnik yechimning taʼriflanishi boʻyicha uni tushunish mumkin boʻlmaganda talabnoma beruvchiga aniqlangan kamchiliklarni koʻrsatib, huquqiy asosga ega dalillar keltirilgan, yetishmagan yoki tuzatilgan hujjatlarni taqdim etish taklif etilgan soʻrovnoma yuboriladi.
243. Ixtirodan foydalanish mumkinligini aniqlashda talabnoma materiallarida ixtironing vazifasi koʻrsatilgani tekshiriladi.
244. Formula bandlaridagi taʼriflarni amalga oshirish uchun talabnomaning uning ustuvorlik sanasida topshirilgan materiallarida vositalar va usullar bayon qilingani tekshiriladi. Talabnoma materiallarida bunday vositalar va usullar boʻlmaganda, ular haqidagi maʼlumotlar ixtiro ustuvorligi sanasigacha ommaviy tarzda oshkor boʻlgan axborot manbalaridan maʼlum boʻlishi kerak.
245. Formuladagi belgida keltirilgan tushunchalar ixtironi amalga oshirish va koʻrsatilgan vazifani bajarish uchun faqat eksperimental maʼlumotlar orqali tasdiqlanganda ixtiro tavsifida keltirilgan misollar yetarliligi (mazkur Reglamentning 74-bandi) tekshiriladi.
246. Ixtironing ustuvorlik sanasiga mazkur Reglamentning 243 — 245-bandlari talablarga rioya qilinganda formulaning mustaqil bandida taʼriflangan ixtiro sanoatda qoʻllash mumkin deb eʼtirof etiladi.
Koʻrsatilgan talablarning birontasi bajarilmaganda, talabnoma beruvchiga ekspertizaning tegishli dalillariga nisbatan oʻz fikrini bildirish va ixtiro formulasini tuzatish toʻgʻrisidagi soʻrovnoma yuboriladi.
247. Sanoatda qoʻllash shartiga muvofiq emasligi aniqlangan ixtiroga nisbatan yangilik sharti va ixtirochilik darajasiga muvofiqligi tekshirilmaydi.
248. Qonunning 6-moddasi ikkinchi qismiga binoan ixtironing yangiligini tekshirish ixtiro formulasining mustaqil bandidagi barcha belgilar majmuiga nisbatan oʻtkaziladi.
249. Axborot izlash formula, tavsif va chizma asosida oʻtkaziladi.
250. Mohiyati boʻyicha ekspertiza oʻtkazish haqidagi iltimosnoma kelib tushgan sanagacha talabnoma beruvchi ixtiro birligi talabi buzilgani haqidagi soʻrovnomaga belgilangan muddatda javob bermaganda, axborotni izlash formulada birinchi koʻrsatilgan ixtiro (yagona ixtirochilik fikrini tashkil qilgan ixtirolar guruhi) boʻyicha oʻtkaziladi.
251. Texnika taraqqiyoti darajasini aniqlashda ommaviy tarzda oshkor etilgan axborot manbaidagi maʼlumotlardan foydalaniladi.
Quyidagilar axborot manbaini texnika taraqqiyoti darajasiga kiritishni belgilaydigan sana hisoblanadi:
muhofaza hujjatlariga nashr qilingan tavsiflar uchun — ularda koʻrsatilgan nashr etish sanasi;
milliy va boshqa bosma nashrlar uchun — ularda koʻrsatilgan nashr etishga imzo qoʻyilgan sana;
nashr etishga imzo qoʻyilgan sana koʻrsatilmagan milliy bosma nashrlar va boshqa bosma nashrlar uchun — ular eʼlon qilingan kun, nashr qilinishi yil va oy bilan belgilanganda — oyning oxirgi kuni, nashr qilinishi yil bilan belgilanganda — 31-dekabr;
saqlash uchun topshirilgan maqola, sharhlar, monografiya va boshqa materiallar uchun — ularni depozitariyga topshirish sanasi;
ilmiy-tadqiqot ishlari haqidagi hisobotlar, tajriba-konstruktorlik ishlariga tushuntirish xatlar va tashkilotlarda boʻlgan konstruktorlik, texnologik va loyiha hujjatlardagi axborotlar uchun — ular tegishli tashkilotlarga kelib tushgan sanasi;
texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar uchun — ular vakolatli tashkilotda hisobga olingan sana;
qoʻlyozma huquqida chop etilgan dissertatsiya materiallari va dissertatsiya avtoreferatlari uchun — ularning tarqatilgan sanasi;
tanlovga qabul qilingan ishlar uchun — ular tanishish uchun ochiq namoyish qilingan va tanlov oʻtkazishga oid hujjatlar bilan tasdiqlangan sana;
Internet jahon axborot tarmogʻi maʼlumotlari, vizual axborot manbalari (plakat, model, elektron axborot tashuvchi vosita, mahsulot va shu kabilar) uchun — ularni koʻrish mumkin boʻlgan sana;
koʻrgazmaga qoʻyilgan eksponatlar uchun — ularni koʻrsatish boshlangan va hujjat bilan tasdiqlangan sana;
ogʻzaki maʼruzalar, soʻzga chiqishlar uchun — maʼruzalar, soʻzga chiqishlar sanasi;
radio, televideniye, kino orqali maʼlumotlar uchun — ommaga oshkor etilgan sana;
texnika vositasidan foydalanish natijasida maʼlum boʻlgan maʼlumotlar uchun — ommaga oshkor etilgan sana.
252. Ixtironing yangiligini aniqlash chogʻida birmuncha oldin ustuvorlikka ega boʻlgan holda Oʻzbekiston Respublikasida topshirilgan va chaqirib olinmagan patent berish haqidagi talabnomalar ham hisobga olinadi.
253. Tekshirishda aniqlangan talabnoma chaqirib olinmaganda yoki chaqirib olish muddati oʻtmaganda talabnoma beruvchiga shunday talabnoma mavjudligi haqida (talabnoma beruvchini koʻrsatmasdan va mazmunini ochmasdan) va mohiyati boʻyicha ekspertiza avvalroq ustuvorlikka ega boʻlgan talabnoma boʻyicha bir qarorga kelingunga qadar toʻxtatib turilishi haqida maʼlum qilinadi.
Talabnoma beruvchi mohiyati boʻyicha ekspertiza toʻxtatib turilishidan norozi boʻlganda ixtiro yangilik shartiga muvofiq emas deb topiladi.
254. Oʻzbekiston Respublikasida muhofazaga olingan barcha ixtirolar va foydali modellar ustuvorlik sanasidan eʼtiboran texnika taraqqiyoti darajasiga kiritiladi.
255. Axborotni izlash jarayonida xuddi shunday vazifani bajaradigan ixtiro belgilariga oʻxshash boʻlgan belgilar bilan taʼriflanadigan vosita topilganda, axborotni izlash toʻxtatilmaydi va oxirigacha toʻliq hajmda olib boriladi.
Ixtiro boshqa ixtiro yoki foydali model formulalaridagi mustaqil bandlarning mazmunlariga mos tushganda oʻxshash deb eʼtirof etiladi.
256. Texnika taraqqiyoti darajasidan ixtiro formulasidagi barcha belgilari bilan aynan bir xil belgilardan iborat mahsulot yoki usul aniqlanganda ixtiro yangilik shartiga muvofiq emas deb eʼtirof etiladi.
257. Bogʻliq bandlarga ega boʻlgan formulaning mustaqil bandida taʼriflangan ixtiro yangilik shartiga muvofiq boʻlganda bogʻliq bandlarga nisbatan texnika taraqqiyoti darajasi tahlili oʻtkazilmaydi.
258. Bogʻliq bandlarga ega boʻlgan formulaning mustaqil bandida taʼriflangan ixtironing yangilik shartiga muvofiq emasligi aniqlanganda, talabnoma mazkur Reglamentning 269-bandi va 272-bandining ikkinchi xatboshisiga muvofiq koʻrib chiqiladi.
259. Ixtironing yangilik shartiga muvofiq emasligi aniqlanganda talabnoma beruvchiga ekspertiza dalillari bayon qilingan va bu dalillarga nisbatan oʻz fikrini hamda zarur hollarda talabnomaning dastlabki materiallari asosida ixtironing tuzatilgan formulasini taqdim etish taklif qilingan soʻrovnoma yuboriladi.
260. Yangilik shartiga muvofiq emasligi aniqlangan ixtiroga nisbatan ixtirochilik darajasiga muvofiqligi boʻyicha tekshirish oʻtkazilmaydi.
261. Qonunning 6-moddasi uchinchi qismiga binoan ixtirochilik darajasini tekshirish formulaning mustaqil bandida keltirilgan ixtiroga nisbatan oʻtkaziladi va quyidagilarni oʻz ichiga oladi:
mazkur Reglamentning 48 — 51-bandlariga muvofiq eng yaqin analogni aniqlash;
talabnoma berilgan ixtiro eng yaqin analogdan farqlanadigan belgilarni aniqlash;
texnika taraqqiyoti darajasidan ixtironing farqlanuvchi belgilari bilan mos boʻlgan texnik yechimlarni aniqlash.
262. Ixtironing farqlanuvchi belgilari mavjud texnik yechimlar bilan mos boʻlmaganda yoki bunday yechimlar talabnomada koʻrsatilgan texnik natijaga erishishga taʼsir etishi tasdiqlanmaganda ixtirochilik darajasiga muvofiq deb eʼtirof etiladi.
263. Quyidagilar, xususan, ixtirochilik darajasiga muvofiq deb eʼtirof etiladi:
belgilangan strukturali yangi kimyoviy birikmani (sinf, guruh) olish usuli;
maʼlum kimyoviy birikmani (sinf, guruh) olish usuli u ushbu sinf yoki guruh birikmasi uchun yangi reaksiyaga yoki ushbu sinf yoki guruh birikmasi uchun maʼlum boʻlib, lekin reaksiyani oʻtkazish shartlari maʼlum boʻlmagan reaksiyaga asoslanganda texnika taraqqiyoti darajasi imkoniyatidan kelib chiqmaydigan sinergetik samarani taʼminlaydigan kamida ikkita ingrediyentdan tashkil topgan kompozitsiya (yaʼni ikkita ingrediyentning xususiyatlarini namoyon qiladigan, lekin shu xususiyatlardan kamida bittasining miqdoriy koʻrsatkichlari alohida ingrediyent xususiyatlarining koʻrsatkichlaridan yuqori boʻlganda);
erishish imkoniyati texnika taraqqiyoti darajasidan kelib chiqmaydigan sinergetik samarani taʼminlaydigan kamida ikkita maʼlum ingrediyentdan tashkil topgan kompozitsiya (yaʼni ikkita ingrediyentning xususiyatlarini namoyon qiladigan, lekin shu xususiyatlardan kamida bittasining miqdoriy koʻrsatkichlari alohida ingrediyent xususiyatlarining koʻrsatkichlaridan yuqori boʻlganda);
maʼlum birikmalar guruhining umumiy strukturali formulasiga mos, lekin maxsus olingan va tekshirilgan hamda ushbu guruh uchun sifat va miqdoriy jihatdan yangi maʼlum boʻlmagan kimyoviy birikmalar.
264. Bogʻliq bandlarga ega boʻlgan koʻp zvenoli formula bilan taʼriflangan ixtiro mustaqil bandga nisbatan ixtirochilik darajasi shartiga muvofiq deb topilganda formulaning bogʻliq bandlariga nisbatan keyingi tekshirish oʻtkazilmaydi.
265. Ixtiro, jumladan, quyidagilarga asoslanganda ixtirochilik darajasi shartiga muvofiq deb eʼtirof etilmaydi:
texnik natijaga erishish uchun maʼlum vosita unga maʼlum qoidalar asosida biriktiriladigan biron-bir maʼlum qism bilan toʻldirilganda va bunda ushbu natijaga nisbatan xuddi shunday toʻldirishlar taʼsiri aniqlanganda;
texnik natijaga erishish uchun maʼlum vositaning biron-bir qismini boshqa maʼlum qism bilan almashtirilganda va bunda ushbu natijaga nisbatan xuddi shunday almashtirish taʼsiri aniqlanganda;
vositaning (element, harakat) biron-bir qismini ushbu qism mavjudligi hisobiga hosil boʻladigan funksiyasi bilan bir vaqtda chiqarib tashlash va shu bilan birga bunday chiqarib tashlash uchun xos boʻlgan natijaga erishilganda (konstruksiyani soddalashtirish, massa, oʻlchamlar, material sarfini kamaytirish, ishonchlilikni oshirish, jarayon vaqtini qisqartirish kabilar);
vositada xuddi shunday elementlar mavjudligi hisobiga hosil boʻladigan texnik natijani kuchaytirish uchun bir xil tipdagi elementlar, harakatlar soni oʻzgartirilganda;
texnik natijaga erishish uchun xususiyatlari aniq boʻlgan materiallardan mavjud vositani yoki uning qismini hosil qilishda foydalanilganda;
turi va ular orasidagi munosabatlar maʼlum qoidalar, tavsiyanomalar asosida amalga oshirilgan maʼlum qismlardan tashkil topgan vositani yaratishga bu holda texnik natija faqat ushbu vosita qismlarining maʼlum xususiyatlari va ular orasidagi munosabatlari natijasida hosil boʻlganda;
xususiyatlari maʼlum boʻlgan mavjud mahsulot yoki usul yangi vazifada qoʻllanilganda ularning xususiyatlari, tuzilishi, bajarilishi natijasida olinadigan yechimlar avvaldan maʼlum boʻlganda va erishiladigan yechimlar natijasi aniq boʻlganda;
miqdoriy belgilarning oʻzgarishiga bunday belgilarni oʻzaro bogʻliqlikda taqdim etish yoki uning shaklini oʻzgartirishga asoslanganda ularning har birining texnik natijaga taʼsir etishi maʼlum boʻlib, va bu belgilarning yangi qiymatlari yoki ularning oʻzaro bogʻlanishi maʼlum bogʻlanishlar, qonuniyatlardan kelib chiqqan holda olinishi mumkin boʻlganda.
266. Ixtironing farqlanuvchi belgisi texnik natijaga taʼsirining maʼlumligi axborot manbai bilan tasdiqlanishi mumkin.
Biron sohadagi umumeʼtirof etilgan bilimlarga asoslangan dalillarni axborot manbaini koʻrsatmasdan keltirish mumkin.
Texnika taraqqiyoti darajasidan ixtironing farqlanuvchi belgilari bilan mos belgilari boʻlgan yechimlar aniqlanganda, agar ular talabnoma beruvchi tomonidan aniqlanmagan boʻlsa yoki talabnoma beruvchi tomonidan koʻrsatilgan texnik natijaga erishilmagani aniqlansa, ularning texnik natijaga taʼsiri maʼlumligini tasdiqlash talab qilinmaydi.
267. Bogʻliq bandlarga ega boʻlgan mustaqil bandli ixtiro ixtirochilik darajasi shartiga muvofiq emasligi aniqlanganda, talabnoma mazkur Reglamentning 274 — 276-bandiga muvofiq qoʻrib chiqiladi.
268. Bogʻliq bandlarga ega boʻlmagan formula bilan taʼriflangan ixtiro ixtirochilik darajasiga ega emasligi aniqlanganda, talabnoma beruvchiga tegishli dalillar keltirilgan soʻrovnoma yuboriladi va ushbu dalillarga nisbatan oʻz fikrini bildirish taklif etiladi.
269. Bogʻliq bandlar boʻlgan koʻp zvenoli formulaning mustaqil bandi yangilik yoki ixtirochilik darajasi shartiga javob bermasligi sababli patentga layoqatli emasligi aniqlanganda, talabnoma beruvchiga bu haqida maʼlum qilinadi va ixtironing tuzatilgan formulasini taqdim etish taklif etiladi.
270. Bogʻliq bandlarga ega boʻlgan mustaqil bandga nisbatan ixtironing patentga layoqatliligi aniqlanganda, ushbu bogʻliq bandlardagi ixtiro belgilarining taʼrifi ixtironi amalga oshirishga yoki vazifasini bajarishga toʻsqinlik qilmasligi tekshiriladi.
271. Bogʻliq bandlarga ega boʻlgan koʻp zvenoli formula bilan taʼriflangan ixtironi patentga layoqatlilik shartlariga nisbatan tekshirish natijasi ijobiy boʻlgan holda, u patentga layoqatli deb tan olinadi.
272. Ixtirolar guruhiga oid talabnoma topshirilganda patentga layoqatlilikni tekshirish guruhdagi har bir ixtiroga nisbatan oʻtkaziladi.
Guruhning patentga layoqatliligi undagi barcha ixtirolar patentga layoqatli boʻlganda tasdiqlanadi.
Ixtirolardan biri patentga layoqatli emasligi aniqlanganda talabnoma beruvchiga bu haqida maʼlum qilinadi va keltirilgan dalillar haqida oʻz fikrini bildirish hamda zarur holda patentga layoqatli boʻlmagan ixtiro bandini formuladan chiqarib tashlash yoki bu bandlarni tuzatilgan holda taqdim etish taklif etiladi.
273. Mazkur Reglamentning 272-bandiga muvofiq talabnoma beruvchi tomonidan ixtironing oʻzgartirilgan formulasi taqdim etilganda talabnomani koʻrib chiqish ushbu formulada taʼriflangan ixtiroga nisbatan mazkur Reglamentning 219 — 239-bandlariga muvofiq davom ettiriladi.
Talabnoma beruvchi ekspertiza soʻrovnomasidagi fikrlarni rad etuvchi dalillarni va oʻzgartirilgan formulani keltirmasdan avvalgi formula bilan patent berishni talab qilganda patent berishni rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qilinadi.
274. Qonunning 20-moddasiga koʻra qoʻshimcha materiallarni taqdim etish soʻralgan soʻrovnoma bunday materiallarsiz mohiyati boʻyicha ekspertizani oʻtkazish mumkin boʻlmaganda yuboriladi.
275. Soʻrovnoma yuborish uchun quyidagilar asos boʻlishi mumkin:
ixtiro formulasini mazkur Reglamentning 219 — 239-bandlariga muvofiq tekshirish natijalari boʻyicha aniqlash zarurati;
ixtironing patentga layoqatliligini mazkur Reglamentning 240 — 273-bandlariga muvofiq tekshirish bilan bogʻliq masalalarni hal qilish zarurati;
bir xil ustuvorlik sanasiga ega boʻlgan aynan oʻxshash sanoat mulki obyektlariga talabnomalarni koʻrib chiqish bilan bogʻliq masalalarni hal qilish zarurati.
276. Talabnomani koʻrib chiqishda yuzaga keladigan boshqa turdagi masalalarni mazkur Reglamentning 275-bandidagi asoslarga qoʻshimcha ravishda yuboriladigan soʻrovnomaga kiritiladi.
277. Soʻrovnoma yoki xabarnomada keltiriladigan fikr va mulohazalar ilmiy-texnika yoki huquqiy tusdagi dalillar bilan asoslanadi.
278. Talabnoma beruvchi patentga layoqatliligi haqida xulosa olingan ixtiro formulasiga identifikatsiya qilinmagan yoki talabnomaning dastlabki materiallarida boʻlmagan belgini yoxud taʼrifi axborot manbaiga havola qilish bilan almashtirilgan belgini kiritishni yoki talabnoma topshirilgandan keyin talabnoma beruvchi tomonidan taklif etilgan va mazkur Reglamentning 219 — 239-bandlariga muvofiq eʼtiborga olinmagan yangi mustaqil bandni kiritishni talab qilganda, talabnoma beruvchiga ushbu belgini (band) oʻz tarkibiga kiritmagan formulani taqdim etish taklif qilingan soʻrovnoma yuboriladi. Ushbu soʻrovnomada belgilangan muddatda soʻralayotgan materiallar yoki ularni taqdim etish muddatini uzaytirish haqida iltimosnoma taqdim etilmaganda talabnoma chaqirib olingan deb hisoblanishi yuzasidan ham xabar qilinadi.
279. Soʻrovnomada axborot manbai keltirilganda ushbu manbani topish uchun zarur boʻlgan barcha bibliografik maʼlumotlar, shuningdek, talabnomani koʻrib chiqishda eʼtiborga olingan maʼlumotlar, ushbu manbadan topish uchun kerak boʻladigan boshqa maʼlumotlar koʻrsatiladi.
280. Soʻrovnomani yuborish uchun ixtironing patentga layoqatliligini tekshirish natijalari boʻyicha formula, tavsif va chizmalarga tuzatishlar kiritish orqali aniqlashtirish zarurati asos boʻlganda ularning tuzatilgan varaqlarini taqdim etish taklif qilinadi. Bunda soʻrovnomada talabnoma materiallarini tuzatishga oid toʻliq tushuntirishlar keltiriladi.
281. Oʻzgartirilgan formula asosida patent berish toʻgʻrisidagi qaror qabul qilish uchun formulani oʻzgartirish tavsifga va chizmaga tuzatishlar kiritishni taqozo etsa (shu jumladan, ekspertiza tomonidan avval koʻrsatilgan lekin tuzatilmagan kamchiliklar mavjud boʻlganda), materiallarni tuzatish toʻgʻrisidagi taklifni oʻz ichiga olgan soʻrovnoma yuboriladi.
282. Qoʻshimcha materiallar bilan birga tuzatilgan formula boʻlganda dastlabki formulada mustaqil band sifatida ajratib koʻrsatilmagan bir yoki bir necha mustaqil bandlarni kiritish bilan tuzatilgani va patent boji toʻlangani tekshiriladi.
283. Qoʻshimcha materiallar tarkibida talabnomaning dastlabki materiallarida boʻlmagan va formulaga kiritish talab etilgan belgilar mavjud boʻlganda qoʻshimcha materiallar ixtiro mohiyatini oʻzgartiradi deb eʼtirof etiladi.
284. Qoʻshimcha materiallarda keltirilgan va formulaga kiritilishi soʻralayotgan belgilar talabnoma vakolatli organga kelib tushgan sanada formulada yoki tavsifda ochib berilmaganda talabnomaning dastlabki materiallarida boʻlmagan deb eʼtirof etiladi.
285. Talabnomaning dastlabki materiallarida belgini bajarishning aniq holatlari ochilmasdan umumiy tushuncha bilan berilganda, formulaga kiritilishi kerak boʻlgan belgi deb hisoblangan bunday aniq holatlarning qoʻshimcha materiallarda taqdim etilishi ixtironing mohiyatini oʻzgartiradi deb eʼtirof etiladi.
286. Quyidagi qoʻshimcha materiallar ixtiro mohiyatini oʻzgartirmaydi:
ixtironi amalga oshirish sharoitlari haqidagi yangi maʼlumotlar;
ixtironi amalga oshirishdagi misollar;
qoʻshimcha texnik natija olish imkoniyatlari;
aniqliklar kiritilgan grafik materiallar;
formulaga kiritilmaydigan va undagi belgilarga taalluqli boʻlmagan boshqa materiallar.
287. Qoʻshimcha materiallar ixtironing mohiyatini oʻzgartiradi deb eʼtirof etilganda, talabnoma beruvchiga bunday fikr kelish uchun qoʻshimcha materiallardagi qaysi maʼlumotlar asos boʻlganligi haqida maʼlum qilinadi. Talabnomani keyingi koʻrib chiqish qoʻshimcha materiallarda berilgan ixtiro formulasiga nisbatan, lekin talabnoma topshirilgan ustuvorlik sanasidagi ixtiro tavsifida va formulasida ochib berilgan belgilar boʻyicha davom ettiriladi.
288. Ixtironing vazifasini ifodalaydigan dastlabki umumiy tushuncha formulada boshqasi bilan almashtirilganda ular bir xil maʼnoda va bir-biriga bogʻliq boʻlganda, yaʼni ular toʻliq yoki qisman mos kelganda ixtiroga tegishli deb eʼtirof etiladi.
289. Quyidagi hollarda ixtiro formulasini oʻzgartirish talabnomadagi ixtiroga taalluqli deb hisoblanadi:
ixtiro obyektining turi oʻzgartirilganda, bunda yangidan koʻrsatilgan obyekt turi dastlabki formulada keltirilgan belgilarga nisbatan koʻproq mos kelganda;
birinchi talabnomadagi ixtiro obyekti “yangi vazifada qoʻllash” koʻrsatilgan yangi vazifadagi obyekt bilan almashtirilganda, agar obyekt toʻgʻrisidagi maʼlumotlar ustuvorlik sanasigacha ommaga maʼlum boʻlmagan hollarda obyektni qoʻllashga doir talabnoma berilsa;
dastlabki koʻrsatilgan ixtiro obyektini “yangi vazifada qoʻllash” ixtiro obyektiga almashtirilganda, agar ustuvorlik sanasigacha ommaga maʼlum boʻlgan maʼlumotlardan talabnoma berilgan obyektdan faqat vazifasi bilan farqlanuvchi vosita maʼlumligi aniqlansa.
290. Qonunning 19-moddasiga muvofiq talabnoma beruvchi mohiyati boʻyicha ekspertiza qarori qabul qilingunga qadar ixtiro talabnomasini foydali model talabnomasiga oʻzgartirishi mumkin.
Ixtiro talabnomasi foydali model talabnomasiga oʻzgartirilganda uni ixtiroga talabnoma sifatida koʻrib chiqish toʻxtatiladi va bu haqida talabnoma beruvchiga xabar beriladi.
Bunday oʻzgartirishda ixtiro talabnomasining ustuvorligi saqlab qolinadi va keyingi ish yuritish foydali modelga patent berish tartibiga muvofiq olib boriladi.
291. Ixtironing patentga layoqatlilik shartlariga muvofiqligi aniqlanganda, talabnoma beruvchiga taklif qilingan formula bilan ixtiroga patent berilishi mumkinligi haqida soʻrovnoma yuboriladi va ekspertiza xulosalariga nisbatan oʻz fikrini maʼlum qilish taklif etiladi.
Soʻrovnoma yuborilgan sanadan boshlab uch oy ichida talabnoma beruvchi oʻz fikrini maʼlum qilmaganda yoki ekspertizaning fikriga roziligi kelib tushganda soʻrovnomada bayon qilingan formula bilan patent berish toʻgʻrisidagi qaror qabul qilinadi va nashr etishda birinchi berilgan ixtiro tavsifidan foydalaniladi.
292. Talabnoma materiallari belgilangan talablarga zid emasligi haqidagi xulosaga kelinganda ixtiroga patent berish toʻgʻrisidagi qaror qabul qilinadi va talabnoma beruvchiga yuboriladi.
293. Ekspertiza tomonidan talabnoma materiallarining Qonun va mazkur Reglament qoidalariga zid ekanligining aniqlanishi ixtiroga patent berishni rad etish toʻgʻrisidagi qaror qabul qilishga asos boʻladi.
294. Bitta mustaqil band va bogʻliq bandlarga ega boʻlgan koʻp zvenoli formulada taʼriflangan ixtironing mustaqil bandi patentga layoqatlilikning bironta shartiga muvofiq emasligi aniqlanganda, patent berishni rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qilinadi.
295. Ixtirolar guruhidan iborat boʻlgan koʻp zvenoli formulaning mustaqil bandlarida taʼriflangan ixtirolarning biri yoki har xil muqobil belgilarni oʻz ichiga olgan belgilar majmuida patentga layoqatlilikning shartlaridan biriga muvofiq emasligi aniqlanib, talabnoma beruvchi formulani tuzatishdan yoki ushbu ixtiro belgisini formuladan chiqarib tashlashdan bosh tortganda koʻrsatilgan belgilar majmuiga patent berishni rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qilinadi va unda patentga layoqatli deb aniqlangan boshqa ixtirolarning patentga layoqatli ekanligi eʼtirof etiladi.
296. Ixtiroga patent berish yoxud patent berishni rad etish toʻgʻrisidagi qarorda tegishli qarorni qabul qilish asoslari keltiriladi.
297. Talabnoma beruvchining xohishiga koʻra davlat ekspertizasi Markaz tomonidan tezkor tartibda, yaʼni talabnoma koʻrib chiqishga qabul qilingani toʻgʻrisida qaror chiqarilgan kundan eʼtiboran uch oy ichida oʻtkazilishi mumkin.
Davlat ekspertizasi talabnoma beruvchining bu haqidagi iltimosnomasiga asosan tezkor tartibda oʻtkaziladi. Bunda ekspertizani tezkor tartibda oʻtkazish haqidagi iltimosnoma vakolatli organga talabnoma bilan bir paytda yoki u topshirilgan sanadan eʼtiboran uch oy ichida taqdim qilinishi kerak.
298. Davlat ekspertizasini tezkor tartibda oʻtkazishda axborotni izlash talabnoma beruvchi va Markaz oʻrtasida tuziladigan shartnoma asosida oʻtkaziladi.
299. Davlat ekspertizasini tezkor tartibda oʻtkazishda axborotni izlash rasmiy ekspertiza yakunlangan kundan boshlab bir oy ichida amalga oshiriladi.
Davlat ekspertizasini tezkor tartibda oʻtkazish haqidagi iltimosnoma rasmiy ekspertiza yakunlangandan soʻng kelib tushganda axborotni izlash iltimosnoma kelib tushgan sanadan eʼtiboran bir oy ichida amalga oshiriladi.
300. Axborotni izlash natijalari boʻyicha hisobot tuziladi va hisobot quyidagi maʼlumotlarni oʻz ichiga oladi:
talabnoma raqami;
talabnomaning topshirilgan sanasi;
ixtironing nomi;
axborot izlash sohalarini tasniflovchi XPT rubrikasining indeksi, XPT rubrikasiga bogʻliq holda izlash koʻlamiga kiritilishi zarur boʻlgan mamlakatlar patent hujjatlarining roʻyxati, tegishli mavzu boʻyicha axborot manbalari;
axborot izlash mavzusi boʻyicha hujjatlar va ularning aniq qismlariga bibliografik maʼlumotlar koʻrinishidagi havolalar (talabnoma boʻyicha ilgariroq ustuvorlik soʻralganda talabnoma topshirish sanasidan oldin lekin talabnoma ustuvorligi sanasidan keyin nashr qilingan maʼlumotlar alohida belgilab qoʻyiladi);
ilgariroq ustuvorlikka ega boʻlgan, biroq eʼlon qilinmagan talabnomalar;
axborot izlashning tugatilgan sanasi.
Axborot izlashning hajmiga hamma foydalana oladigan har qanday axborot manbalari kiritilishi mumkin.
301. Axborot izlash yakunlangandan soʻng uning natijalari asosida mazkur Reglamentning 198 — 204 hamda 206 — 296-bandlariga muvofiq ixtironing patentga layoqatliligi tekshiriladi.
302. Belgilangan patent boji toʻlanganda vakolatli organ ixtironi mazkur Reglamentga 5-ilovaga muvofiq shakldagi Ixtirolar davlat reyestrida avtomatik tarzda roʻyxatdan oʻtkazadi. Bunda ixtiroga berilgan patent va uning ilovasi elektron shaklda axborot tizimi orqali talabnoma beruvchiga yuboriladi.
Ixtiro roʻyxatga olingani toʻgʻrisidagi maʼlumotlar vakolatli organ tomonidan rasmiy axborotnomada eʼlon qilinadi.
Talabnoma beruvchining xohishiga koʻra ixtiroga berilgan patent va uning ilovasi pochta aloqasi orqali koʻrsatilgan manzilga yuborilishi mumkin.
7-bob. Xalqaro talabnomani topshirish va uni koʻrib chiqish
303. RSTga muvofiq vakolatli organ Oʻzbekiston Respublikasida xalqaro talabnomani qabul qiluvchi idora, xalqaro talabnomada koʻrsatilgan va tanlangan idora funksiyasini bajaradi. Vakolatli organ xalqaro talabnoma boʻyicha ish yuritishda RST, RSTning Yoʻriqnomasi (keyingi oʻrinlarda — Yoʻriqnoma), BIMT Xalqaro byurosi tomonidan chop etiladigan tegishli qoʻllanmalar, shuningdek, Qonun va mazkur Reglamentga amal qiladi.
304. Xalqaro talabnomani koʻrib chiqish boshlanadigan sana sifatida xalqaro talabnomaning ustuvorlik sanasidan eʼtiboran oʻttiz bir oylik muddatdan keyingi sana hisoblanadi.
Xalqaro talabnomaning davlat ekspertizasini koʻrsatilgan muddatdan avval boshlash haqidagi iltimosnoma xalqaro chop etish sanasigacha berilganda talabnomaning tarjimasi bilan birga xalqaro talabnomani qabul qiluvchi idora tomonidan tasdiqlangan va xalqaro topshirish sanasi belgilangan nusxasi taqdim etiladi.
305. Xalqaro talabnomani milliy fazaga oʻtkazish uchun talabnoma beruvchi tomonidan xalqaro talabnomaning ustuvorlik sanasidan eʼtiboran oʻttiz bir oy muddatda boshqa tilda topshirilgan xalqaro talabnoma arizasining tarjimasi, xalqaro talabnomaning nashr varagʻi, formulaning tarjimasi taqdim etiladi va bunda patent boji toʻlanadi. Xalqaro talabnoma arizasining tarjimasi oʻrniga mazkur Reglamentda nazarda tutilgan Oʻzbekiston Respublikasida ixtiroga patent berish haqidagi ariza topshirilishi mumkin.
306. Xalqaro talabnoma arizasining tarjimasiga talabnoma materiallarining tarjimalari xalqaro talabnomani topshirish sanasida topshirilgan koʻrinishda ilova qilinadi.
Oʻzgartirilgan formulali xalqaro talabnoma milliy fazaga oʻtkazilganda oʻzgartirilgan formulaning tarjimasi kiritilgan oʻzgartirishlarga nisbatan tushuntirishlarning tarjimasi bilan birga beriladi.
307. Xalqaro talabnoma ixtiro formulasi, tavsif va chizmalarga RSTning 34(2b)-moddasiga muvofiq kiritilgan oʻzgartirishlarni hisobga olgan holda milliy fazaga oʻtkazilganda, Xalqaro dastlabki ekspertiza organi tomonidan qabul qilingan oʻzgartirishlar hisobga olingan xalqaro talabnomaning tarjimasi taqdim etiladi.
308. Mazkur Reglamentning 304 — 307-bandlarida koʻrsatilgan materiallar belgilangan muddatda taqdim etilmaganda xalqaro talabnoma boʻyicha ish yuritish toʻxtatiladi.
309. Milliy fazaga oʻtish muddati oʻtkazib yuborilgandan soʻng oʻn ikki oy ichida taqdim etilgan materiallar belgilangan patent boji toʻlanganda koʻrib chiqishga qabul qilinadi.
310. Xalqaro talabnomaning rasmiy ekspertizasini oʻtkazishda mazkur Reglamentning 179 — 197-bandlari talablariga rioya qilinganligi hamda quyidagilar tekshiriladi:
arizada keltirilgan maʼlumotlar xalqaro talabnomaning nashr varagʻida koʻrsatilgan bibliografiya maʼlumotlariga mosligi;
talabnoma beruvchining nomi oʻzgarganligi, mualliflar, soʻralayotgan ustuvorlik haqidagi hujjatlarning mavjudligi;
xalqaro patent izlash hisobotining mavjudligi;
xalqaro dastlabki ekspertiza xulosasining mavjudligi (agar u oʻtkazilgan boʻlsa).
311. Xalqaro patent izlash hisoboti va xalqaro dastlabki ekspertiza xulosasida ixtiro birligi talabi buzilgani haqida xulosa va ularning asoslanishi berilganda hamda talabnoma beruvchi tomonidan RSTning 17(3a) va 34(3a)-moddalarida nazarda tutilgan qoʻshimcha bojlar toʻlanmagani sababli xalqaro talabnomaning biron-bir qismlari boʻyicha xalqaro patent izlash hisoboti va xalqaro dastlabki ekspertiza xulosasi boʻlmaganda ushbu qismlar boʻyicha patent bojini toʻlash sharti bilan ekspertiza tomonidan koʻrib chiqishga qabul qilinadi.
Patent boji toʻlanmaganda, xalqaro talabnomaning faqat xalqaro patent izlash hisobotida berilgan va xalqaro dastlabki ekspertiza oʻtkazilgan qismlari koʻrib chiqishga qabul qilinadi.
8-bob. Yakunlovchi qoidalar
312. Qonunning 20-moddasiga muvofiq soʻrovnomaga talabnoma beruvchi tomonidan toʻliq javob uch oy ichida taqdim etiladi. Ushbu muddat ichida soʻralgan materiallarni taqdim etish imkoniyati boʻlmaganda, talabnoma beruvchining iltimosnomasiga koʻra javob berish oʻn ikki oydan oshmagan muddatga uzaytirilishi mumkin.
Muddatni uzaytirish toʻgʻrisidagi iltimosnoma taqdim etilganda belgilangan miqdorda patent boji toʻlanadi. Mazkur bandda nazarda tutilgan shartlarga rioya etilganda, muddat uzaytiriladi va bu haqida xabarnoma yuboriladi.
313. Talabnoma beruvchiga soʻrovnoma yuborilganda, tegishli ekspertiza muddati toʻxtatib turiladi.
314. Soʻrovnomaga belgilangan muddatda toʻliq javob berilmaganda yoki javobni topshirish muddatini uzaytirish shartlariga rioya etilmaganda, talabnoma chaqirib olingan deb hisoblanadi va bu haqida talabnoma beruvchiga xabarnoma yuboriladi.
315. Ekspertizaning soʻrovnomasiga javob xatini taqdim etishning oʻtkazib yuborilgan muddatlari talabnoma beruvchining iltimosnomasiga koʻra tiklanishi mumkin. Iltimosnoma talabnoma chaqirib olingan sanadan boshlab oʻn ikki oy ichida topshiriladi.
Iltimosnoma bilan birgalikda soʻrovnomaga toʻliq javob xati taqdim etiladi va belgilangan miqdorda patent boji toʻlanadi.
Mazkur bandning shartlariga rioya etilganda, talabnoma ish jarayoniga tiklanadi va bu haqida xabarnoma yuboriladi.
316. Talabnoma beruvchi talabnomaga aloqador ish yuritish bilan Axborot tizimi orqali tanishishi mumkin.
317. Soʻrovnoma, xabarnoma, davlat ekspertizasi qarorlari va ixtiroga beriladigan patent QR-kod (matrik shtrixli kod) qoʻyish bilan tasdiqlanib yuboriladi.
318. Davlat ekspertizasi qarorlari ustidan Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligining Apellyatsiya kengashiga belgilangan tartibda apellyatsiya berilishi mumkin.
319. Mazkur Reglament talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradi.
Ixtiroga patent berish boʻyicha davlat xizmatini koʻrsatishning maʼmuriy reglamentiga 1-ILOVA
Ixtiroga patent berish boʻyicha davlat xizmatini koʻrsatish
SXEMASI
Ixtiroga patent berish boʻyicha davlat xizmatini koʻrsatishning maʼmuriy reglamentiga 2-ILOVA
Ixtiroga patent berish boʻyicha davlat xizmatini koʻrsatishning maʼmuriy reglamentiga 3-ILOVA
Ixtiroga patent berish boʻyicha davlat xizmatini koʻrsatishning maʼmuriy reglamentiga 4-ILOVA
* Yuridik shaxs nomidan tashkilot rahbari tomonidan uning lavozimi va ismi koʻrsatilgan holda imzolanadi.
Ixtiroga patent berish boʻyicha davlat xizmatini koʻrsatishning maʼmuriy reglamentiga 5-ILOVA
Izoh. Mazkur reyestrda ishlatilayotgan kodlar Butunjahon intellektual mulk tashkilotining standartlari bilan belgilangan.
Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 10-iyundagi 297-son qaroriga 2-ILOVA
Foydali modelga patent berish boʻyicha davlat xizmatini koʻrsatishning
MAʼMURIY REGLAMENTI
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Maʼmuriy reglament (keyingi oʻrinlarda — Reglament) Oʻzbekiston Respublikasining “Ixtirolar, foydali modellar va sanoat namunalari toʻgʻrisida”gi Qonuniga (keyingi oʻrinlarda — Qonun) asosan foydali modelga patent berish boʻyicha davlat xizmatini (keyingi oʻrinlarda — davlat xizmati) koʻrsatish tartibini belgilaydi.
2. Davlat xizmati Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi (keyingi oʻrinlarda — vakolatli organ) tomonidan koʻrsatiladi.
3. Foydali modelga patent berish haqidagi talabnomani (keyingi oʻrinlarda — talabnoma) topshirish va davlat xizmatidan foydalanish boʻyicha boshqa harakatlar soʻralayotgan yuridik yoki jismoniy shaxs (keyingi oʻrinlarda — talabnoma beruvchi) tomonidan bevosita yoxud vakili (patent vakili yoki ishonchli shaxs) orqali roʻyxatdan oʻtkaziladi.
4. Davlat xizmati mazkur Reglamentga 1-ilovaga muvofiq sxema boʻyicha koʻrsatiladi.
2-bob. Foydali modelning patentga layoqatlilik shartlari
5. Qonunning 7-moddasiga muvofiq, agar foydali model sifatida koʻrsatilgan obyekt yangi va uni sanoatda qoʻllash mumkin boʻlsa, u huquqiy muhofaza qilinadi.
6. Foydali modelning muhim belgilari majmui texnika taraqqiyoti darajasidan maʼlum boʻlmasa, u yangi deb hisoblanadi.
7. Texnika taraqqiyoti darajasi foydali model ustuvorligi sanasiga qadar jahonda ommaga oshkor boʻlgan har qanday maʼlumotlarni oʻz ichiga oladi.
8. Agar foydali modeldan amalda foydalanish mumkin boʻlsa, uni sanoatda qoʻllash mumkin deb hisoblanadi.
9. Qonunning 7-moddasi oltinchi qismiga muvofiq har qanday sohada mahsulot yoki usulga taalluqli boʻlgan texnik yechim foydali model sifatida eʼtirof etiladi.
10. Foydali model sifatida mahsulotga qurilma, modda, mikroorganizm shtammi, oʻsimlik yoki hayvon hujayralarining turlari kiradi.
11. Qurilmalarga konstruksiyalar, konstruktiv elementlar yoki konstruktiv elementlar majmui boʻlgan hamda funksional-konstruktiv birlikni tashkil qilgan buyumlar, mashinalar, asboblar, apparatlar, uskunalar, mahkamlovchi buyumlar, mashina detallari, aloqa vositalari, qurilish konstruksiyalari va boshqalar kiradi.
12. Moddalarga:
kimyoviy birikmalar, shuningdek, shartli ravishda yuqori molekulyar birikmalar va gen injeneriyasi mahsulotlari boʻlgan rekombinant nuklein kislotalar, vektorlar va boshqalar;
kompozitsiyalar (tarkiblar, aralashmalar, qotishmalar, eritmalar va boshqalar);
yadroviy parchalanish mahsulotlari kiradi.
13. Mikroorganizmlar shtammlari, oʻsimlik yoki hayvon hujayralarining turlariga (liniyalariga):
bakteriyalar, viruslar, bakteriofaglar, mikrosuv oʻtlari, mikroskopik zamburugʻlar va boshqalarning shtammlari;
oʻsimlik yoki hayvon hujayralarining turlari (liniyalari), shu jumladan, hujayralarning klonlari;
mikroorganizmlar, oʻsimlik yoki hayvon hujayralari turlarining (liniyalarining) konsorsiumlari;
mikroorganizmlar, oʻsimlik yoki hayvonning plazmidlari, vektorlari, barqaror transformatsiyalangan hujayralarni oʻz ichiga olgan genetik konstruksiyalar, transgen oʻsimliklar va hayvonlar kiradi.
14. Foydali model sifatida usulga moddiy vositalar yordamida moddiy obyekt ustida bajariladigan oʻzaro bogʻlangan harakatlar kiradi.
15. Quyidagilar foydali model sifatida eʼtirof etilmaydi:
ilmiy nazariyalar va matematika usullari;
tashkil etish va boshqarish usullari;
shartli belgilar, jadvallar, qoidalar;
aqliy operatsiyalarni bajarish qoidalari va usullari;
elektron hisoblash mashinalari uchun algoritmlar va dasturlar;
binolar, inshootlar, hududlarni rejalashtirish loyihalari va chizma tarhlari;
estetika talablarini qanoatlantirishga yoʻnaltirilgan, buyumlarning faqat tashqi koʻrinishiga oid yechimlar;
integral mikrosxemalarning topologiyalari;
oʻsimlik navlari va hayvon zotlari;
jamoat manfaatlari, insonparvarlik va axloq qoidalariga zid yechimlar.
3-bob. Talabnomaga doir talablar
16. Qonunning 16-moddasi birinchi qismiga muvofiq talabnoma bitta foydali modelga yoki yagona ijodkorlik fikrini (foydali model birligi talabini) tashkil etgan tarzda bir-biri bilan uzviy bogʻlangan foydali modellar guruhiga taalluqli boʻlishi kerak.
17. Foydali model formulasida bitta foydali model tavsiflanganda, foydali model birligi talabiga rioya etilgan deb hisoblanadi.
18. Foydali model formulasida quyidagi bir guruhdagi foydali modellar tavsiflanganda, foydali model birligi talabiga rioya etilgan deb hisoblanadi:
foydali model formulasida bir turdagi (bir qancha qurilmalar, bir qancha turlar va boshqalar), bir xil maqsadda foydalanishga moʻljallangan, tubdan aynan bir xil yoʻl (variantlar) bilan aynan bir xil texnik natijani olishni taʼminlaydigan obyektlarga taalluqli foydali modellar guruhi;
biri ikkinchisini olish (tayyorlash) uchun moʻljallangan foydali model (masalan, qurilma yoki modda va qurilma yoki moddani butunlay yoki ularning bir qismini olish usuli);
biri ikkinchisini amalga oshirish uchun moʻljallangan foydali model (masalan, usul va usulni butunlay yoki uning harakatlaridan birini oshirish uchun qurilma);
biri ikkinchisidan (ikkinchisida) foydalanish uchun moʻljallangan foydali model (masalan, usulda foydalanish uchun moʻljallangan usul va qurilma, usul yoki qurilma va uning bir qismi, qurilma yoki moddani ulardan yangi maqsadda foydalanish uchun qoʻllash va ushbu maqsadga muvofiq ulardan foydalanish usuli, qurilma yoki moddadan yangi maqsadda foydalanish va tarkibiy qismi boʻlgan qurilma yoki kompozitsiya).
19. Talabnoma quyidagi hujjatlarni oʻz ichiga oladi:
foydali modelga patent berish haqida ariza (keyingi oʻrinlarda — ariza);
foydali modelning uni amalga oshirish uchun yetarli boʻlgan darajada toʻliq ochib berilgan tavsifi;
foydali model mohiyatini aks ettiruvchi va uning tavsifiga toʻla muvofiq boʻlgan foydali model formulasi;
foydali model mohiyatini tushunish uchun zarur boʻlganda chizmalar va boshqa materiallar;
referat.
20. Boshqa tilda topshirilgan hujjatlar ularning tarjimalari boshqa tilda topshirilgan hujjatlar kelib tushgan sanadan boshlab ikki oy muddat ichida topshirilganda, vakolatli organga kelib tushgan sanadan boshlab topshirilgan deb hisoblanadi, aks holda hujjatlar ularning tarjimalari kelib tushgan sanadan boshlab topshirilgan deb hisoblanadi.
21. Konvensiya ustuvorligi soʻrab topshirilgan talabnomaga (keyingi oʻrinlarda — konvensiya talabnomasi) talabnoma beruvchi tomonidan Sanoat mulkini muhofaza qilish boʻyicha Parij konvensiyasi (1883-yil) (keyingi oʻrinlarda — Parij konvensiyasi) qatnashchisi boʻlgan davlatda topshirilgan birinchi talabnomaning tasdiqlangan nusxasi va uning tarjimasi ilova qilinadi. Ular konvensiya talabnomasi vakolatli organga kelib tushgan sanadan boshlab uch oy muddatdan kechiktirilmay topshiriladi. Birinchi talabnoma nusxasining tarjimasi talabnoma beruvchi tomonidan imzolanadi.
Birinchi talabnoma topshirilgan sanadan oʻn ikki oy oʻtgandan keyin, lekin ikki oydan kechiktirmay topshirilgan talabnoma boʻyicha konvensiya ustuvorligi soʻralganda tegishli patent boji toʻlanadi.
22. Konvensiya ustuvorligini belgilash toʻgʻrisidagi iltimosnoma talabnoma topshirishda (arizaning tegishli grafasida keltiriladi) yoki vakolatli organga talabnoma kelib tushgan sanadan boshlab ikki oy muddat davomida topshirilishi mumkin.
23. Yangi mikroorganizm shtammi, oʻsimlik va hayvon hujayralari turlariga (liniyalari) oid patent berish haqidagi talabnomaga shtammning rasmiy vakolatga ega boʻlgan depozitariyda saqlanayotgani toʻgʻrisidagi hujjat ilova qilinadi.
24. Nukleotidlar va aminokislotalar ketma-ketligi roʻyxatini oʻz ichiga olgan talabnomaga aynan ushbu roʻyxat yozilgan va Butunjahon intellektual mulk tashkilotining (keyingi oʻrinlarda — BIMT) tegishli standarti talablariga muvofiq tayyorlangan axborot (.pdf va .docx formatlarida) ilova qilinadi.
25. Foydali modelga patent berish haqidagi ariza mazkur Reglamentga 2-ilovaga muvofiq shaklda topshiriladi.
26. Arizaning 21-kodli “Talabnomaning qayd raqami”, 22-kodli “Talabnomaning kelib tushgan sanasi”, 85-kodli “Xalqaro talabnomani milliy fazaga oʻtkazish sanasi” grafalari ariza vakolatli organga kelib tushgandan keyin rekvizitlarni kiritish uchun moʻljallangan.
27. Arizaning “Yozishmalar uchun manzil” grafasida xat oluvchining nomi (yuridik shaxslar uchun) yoki ismi (jismoniy shaxslar uchun), shuningdek, joylashgan joyi (pochta manzili), telefon raqami, elektron pochtasidan kamida biri koʻrsatiladi. Ushbu maʼlumotlar uchinchi shaxslar huquq egasi bilan bogʻlanishi uchun ochiq hisoblanadi.
28. Arizaning 86-kodli va 87-kodli grafalari Patent kooperatsiyasi toʻgʻrisidagi shartnomaga (Patent Cooperation Treaty) (Vashington, 1970-yil) (keyingi oʻrinlarda — RST) muvofiq topshirilgan foydali model uchun xalqaro talabnoma (keyingi oʻrinlarda — xalqaro talabnoma) Oʻzbekiston Respublikasida xalqaro talabnomani koʻrib chiqish jarayoniga (keyingi oʻrinlarda — milliy faza) oʻtkazilgan hollarda talabnoma beruvchi tomonidan toʻldiriladi.
86-kodli grafada foydali modelga xalqaro talabnomaning qabul qiluvchi idora tomonidan belgilanadigan qayd raqami va xalqaro topshirish sanasi keltiriladi.
87-kodli grafada foydali modelga xalqaro talabnomaning xalqaro eʼlon qilish raqami va sanasi keltiriladi.
29. Arizaning 54-kodli “Foydali modelning nomi” grafasida talabnoma berilgan foydali modelning (foydali modellar guruhining) nomi keltiriladi va ushbu nom foydali modelning tavsifidagi nomga mos boʻlishi kerak.
30. Arizaning 71-kodli “Talabnoma beruvchi” grafasida talabnoma beruvchi toʻgʻrisida quyidagi maʼlumotlar keltiriladi:
yuridik shaxsning rasmiy nomi (taʼsis hujjati boʻyicha) yoki jismoniy shaxsning toʻliq F.I.O, shuningdek:
rezidentlar uchun STIR yoki JSHSHIR, joylashgan joyi yoki turar joyi manzili;
norezidentlar uchun ism va nomlarning transliteratsiyasi hamda BIMT ST.3 standarti boʻyicha mamlakat kodi (agar u oʻrnatilgan boʻlsa).
Patent bir necha shaxs nomiga soʻralayotganda yuqorida keltirilgan maʼlumotlar ularning har biri uchun alohida keltiriladi.
31. Arizaning ustuvorlikni belgilash toʻgʻrisidagi iltimosnoma koʻrsatilgan grafasi vakolatli organga talabnoma kelib tushgan sanadan oldinroq ustuvorlik soʻralayotganda toʻldiriladi.
Konvensiya ustuvorligi soʻralayotganda arizaning 33-kodli “BIMT ST.3 standarti boʻyicha talabnoma topshirilgan mamlakat kodi” grafasida birinchi talabnoma topshirilgan mamlakat kodi koʻrsatiladi.
32. Talabnoma beruvchi tomonidan ishlar uning vakili orqali amalga oshirilganda, arizaning 74-kodli “Vakil” grafasida quyidagi maʼlumotlar keltiriladi: vakilning toʻliq F.I.O yoki ismi, roʻyxat raqami (patent vakili boʻlsa), joylashgan joyi oyi (pochta manzili), telefon raqami.
33. Arizaning “Ilova qilingan hujjatlar” grafasida talabnomaga aloqador hujjatlar biriktiriladi.
Foydali model tavsifida “Nukleotidlar va aminokislotalar ketma-ketligi roʻyxati” boʻlimi mavjud boʻlganda tegishli grafalarda sahifalarning umumiy miqdori koʻrsatiladi.
Talabnomada koʻrsatilgan nukleotidlar va aminokislotalar ketma-ketligi roʻyxati mazkur Reglamentning 24-bandiga muvofiq taqdim etiladi.
34. Arizaning 72-kodli “Muallif” grafasida quyidagi maʼlumotlar keltiriladi:
muallifning familiyasi, ismi, otasining ismi, fuqaroligi, shuningdek:
rezidentlar uchun JSHSHIR, ish joyi, lavozimi va ilmiy darajasi, BIMT ST.3 standarti boʻyicha mamlakat kodi;
norezidentlar uchun BIMT ST.3 standarti boʻyicha mamlakat kodi (agar kod belgilangan boʻlsa).
35. Foydali model nomi aniq, qisqa boʻlib, foydali model mohiyatiga mos kelishi, foydali model tegishli boʻlgan obyektning umumiy tushunchasini aniqlanishi va obyektning vazifasini tavsiflanishi (uning bajaradigan funksiyasini yoki texnikaning qaysi sohasiga oid ekanligini koʻrsatishi) kerak.
36. Foydali model nomi, qoida tariqasida, Xalqaro patent tasnifining (keyingi oʻrinlarda — XPT) maʼlum rubrikasiga mos kelishi kerak. Foydali model mohiyatiga mos rubrikani aniqlash mumkin boʻlmaganda, foydali modelning nomi umumqabul qilingan terminologiyaga muvofiq koʻrsatiladi.
37. Foydali model nomida “masalan” va “xususan” kabi iboralar qoʻllanilmaydi.
38. Foydali model nomi atamaga xos yoki tavsiflovchi boʻlishi mumkin.
Atamaga xos nomlash texnikaning shu soha mutaxassisiga maʼlum boʻlgan obyektning muhim belgilari majmuini ular sanab oʻtilgani yoki sanab oʻtilmaganidan qatʼiy nazar, tavsiflashi kerak.
Tavsiflovchi nom obyektning vazifasi va uning texnikaga oid bir yoki turli xil sohalarda bajaradigan funksiyasi haqida tasavvur berishi kerak.
39. Foydali model nomi birlikda ifodalanadi, birlikda ishlatilmaydigan nomlar, umumiy tuzulma formulasi bilan aniqlanadigan kimyoviy birikmalarga oid foydali modellarning nomlari bundan mustasno.
40. Alohida kimyoviy birikmaga oid foydali model nomiga kimyoda qabul qilingan nomenklatura boʻyicha nomi kiritiladi, shuningdek, uning qanday aniq vazifada ishlatilishiga doir koʻrsatmasi, biologik faol birikmalar uchun biologik faollik turi keltiriladi.
Tuzilishi aniqlanmagan yuqori molekulyar birikmalarni olish usullariga oid foydali model nomiga birikmaning nomi va zarur boʻlganda, uning vazifasi toʻgʻrisida koʻrsatma kiritiladi.
Aniqlanmagan tarkibli modda-aralashmani olish usuliga oid foydali model nomiga vazifasi toʻgʻrisida koʻrsatma yoki ushbu moddaning biologik faollik xususiyatlarini koʻrsatuvchi tushunchalar kiritiladi.
41. Mikroorganizm shtammi, oʻsimlik yoki hayvon hujayralari turlariga (liniyalari) oid foydali modellar nomiga biologik obyektning lotin tilidagi oila turkumi va turiga oid nomi, shtamm turi va vazifasi koʻrsatilgan holda kiritiladi.
Genetik konstruksiyaga taalluqli foydali modelga uning vazifasi koʻrsatilgan holda nomlanishi kiritiladi.
42. Avvaldan maʼlum boʻlgan qurilma, usul, modda, shtammni yangi maqsadda qoʻllanilishiga oid boʻlgan foydali model nomi tegishli obyekt uchun qabul qilingan qoidalarga binoan tuziladi va avvaldan maʼlum boʻlgan obyektning yangi vazifasini tavsiflaydi.
43. Biri ikkinchisini olish (tayyorlash), amalga oshirish yoki foydalanish uchun moʻljallangan obyektlarga oid foydali modellar guruhining nomi bitta foydali modelning toʻliq nomi va ikkinchisining qisqartirilgan nomini oʻz ichiga oladi.
Biri boshqasida foydalanish uchun moʻljallangan obyektlarga oid foydali modellar guruhining nomi guruhga kirgan foydali modellarning toʻliq nomi bilan ataladi. Variantlarga oid foydali modellar guruhining nomi bitta foydali modelning nomidan iborat boʻlib, “variantlar” degan soʻz bilan toʻldiriladi.
44. Foydali model nomi zarur boʻlganda lotin alifbosi simvollarini va arab raqamlarini oʻz ichiga oladi.
Foydali model nomiga atoqli otlar, norasmiy iboralar, abbreviaturalar, reklama, tovar belgilari va xizmat koʻrsatish belgilari, geografik koʻrsatkichlar, tovar kelib chiqqan joy nomlari, firma nomlari, geografik nomlar, “va boshqalar” soʻzlari hamda foydali modelni aniqlash maqsadlariga xizmat qilmaydigan boshqa soʻzlar kiritilmaydi.
45. Tavsif foydali model nomini keltirish bilan boshlanadi. Talabnoma berilayotgan foydali model tegishli boʻlgan XPT amaldagi tahriri rubrikasi belgilanganda, ushbu rubrikasining indeksi foydali model nomi oldida keltiriladi.
Tavsif quyidagi boʻlimlarni oʻz ichiga oladi:
foydali model oid boʻlgan texnika sohasi;
texnika darajasi;
foydali model mohiyati;
chizmalar va boshqa materiallar roʻyxati (agar ular boʻlsa);
foydali modelni amalga oshirish mumkinligini tasdiqlovchi maʼlumotlar;
nukleotidlar va aminokislotalar ketma-ketligi roʻyxati (agar foydali modelni tavsiflash uchun bunday ketma-ketlikdan foydalanilgan boʻlsa).
Tavsif boʻlimi oʻrniga manbalarda (adabiyot, avval topshirilgan talabnomadagi foydali model tavsifi, muhofaza hujjatidagi foydali model tavsifi va boshqalarda) keltirilgan maʼlumotlarga havola qilinishi mumkin emas.
46. Tavsifning “Foydali model oid boʻlgan texnika sohasi” boʻlimida foydali model qoʻllanadigan soha koʻrsatiladi. Bunday sohalar bir nechta boʻlganda, ular orasidan qaysi birida koʻproq qoʻllanilishi koʻrsatiladi.
47. Tavsifning “Texnika darajasi” boʻlimida talabnoma beruvchiga maʼlum boʻlgan foydali model analoglari keltiriladi.
Foydali modelning analogi sifatida foydali modelning ustuvorlik sanasigacha ommaviy tarzda oshkor etilgan axborot manbaidan maʼlum boʻlgan, foydali modelning muhim belgilari majmuiga oʻxshash belgilar bilan tavsiflangan va foydali model bajaradigan vazifani amalga oshiradigan vosita koʻrsatiladi.
48. Analogni taʼriflashda ochib berilgan axborot manbalarining bibliografik maʼlumotlari, analogning belgilari talabnoma berilayotgan foydali modelning muhim belgilari bilan mos keladiganlari ajratib koʻrsatilgan holda keltiriladi, shuningdek, texnik natija olishga toʻsqinlik qiluvchi sabablar koʻrsatiladi.
49. Foydali model analoglari orasidan foydali modelga muhim belgilar majmui boʻyicha eng yaqin boʻlgan analog ajratib koʻrsatiladi.
50. Foydali model aniq vazifaga yoki biologik faol xususiyatlarga ega boʻlgan, aniqlanmagan tarkibli aralashmani olish usuliga oid boʻlganda, analog sifatida xuddi shunday vazifaga va biologik faol xususiyatga ega boʻlgan aralashmalar olish usuli koʻrsatiladi.
Foydali model yangi alohida kimyoviy, shuningdek, yuqori molekulyar birikma olish usuliga yoki gen injeneriyasi obyektiga oid boʻlganda, unga oʻxshash analogni olish usuli haqida maʼlumotlar keltiriladi.
Modda produtsentiga (mikroorganizm shtammi, oʻsimlik va hayvon hujayralari turlari (liniyalari)) oid boʻlgan foydali modelning eng yaqin analogini tavsiflashda hosil boʻladigan modda haqida maʼlumotlar keltiriladi.
Foydali model avval maʼlum boʻlgan mahsulot yoki usulni yangi maqsadda qoʻllashga oid boʻlganda, uning analoglariga xuddi shu vazifada ishlatiladigan maʼlum mahsulot yoki usul kiritiladi.
Foydali modellar guruhini tavsiflashda analoglar haqidagi maʼlumotlar har bir foydali model uchun alohida keltiriladi.
51. “Foydali model mohiyati” boʻlimida foydali model texnik natijaga erishish uchun muhim boʻlgan belgilar majmui orqali ifodalanib, uni amalga oshirish yetarli ravishda toʻliq ochib berilishi kerak.
Belgilar erishiladigan texnik natijaga taʼsir koʻrsatadigan (texnik natija bilan sabab-oqibat bogʻlanishiga ega) boʻlganda muhim belgilar hisoblanadi.
Ushbu boʻlimda foydali model hal qilishi kerak boʻlgan vazifa foydali model amalga oshirilganda erishiladigan texnik natija koʻrsatilgan holda ochib beriladi, shuningdek foydali modelni tavsiflovchi barcha muhim belgilar keltiriladi, eng yaqin analogdan farqlanuvchi belgilar ajratiladi, bunda soʻralayotgan huquqiy muhofaza hajmi tatbiq qilinadigan barcha holatlarda texnik natijani olishni taʼminlaydigan belgilar yigʻindisi va foydali modelni faqat aniq holatlarda, bajarilishining aniq shakllarida yoki undan foydalanishning alohida sharoitlarida tavsiflovchi belgilar koʻrsatiladi.
52. Nukleotidlar yoki aminokislotalar ketma-ketligidan belgini tavsiflash uchun foydalanilganda ularning ketma-ketliklari “SEQ ID NO …”ning roʻyxatidagi raqami koʻrinishida taqdim etiladi.
53. Belgining tavsifini ushbu belgi ochib berilgan axborot manbaiga havola qilingan holda almashtirishga yoʻl qoʻyilmaydi.
Biron-bir sohadagi umumeʼtirof etilgan bilimlarga asoslangan dalillarni axborot manbaini koʻrsatmasdan keltirish mumkin.
54. Texnik natija oʻzi bilan foydali modelni namoyon qiluvchi vositani amalga oshirishda (tayyorlashda) yoki undan foydalanishda olinishi mumkin boʻlgan texnik samara, xususiyat, hodisa va boshqalarning tavsifini ifodalaydi.
Foydali model bir nechta texnik natijani olishni taʼminlaganda ularni koʻrsatish tavsiya etiladi.
Texnik natija, shu jumladan:
ishqalanish koeffitsiyentini kamaytirish (oshirish);
qisilib qolishining oldini olish;
tebranishini kamaytirish;
biror organda qon aylanishini yaxshilash;
dori-preparat taʼsirini toʻplash yoki uning zaharliligini kamaytirish;
ishchi organning muhit bilan aloqasini yaxshilash;
signal shaklining oʻzgarishini kamaytirish;
suyuqlik sizib oʻtib ketishini kamaytirish;
yorilishining oldini olish;
vaksinaning immunogenligini oshirish orqali ifodalanishi mumkin.
55. Foydali model yaratilishida maʼlum vazifaga ega boʻlgan texnik vositalar koʻlamini kengaytirish yoki birinchi marta shunday texnik vositalar olish vazifasi hal qilinayotganda, texnik natija shu vazifani amalga oshirishdan iborat boʻladi va buni maxsus taʼkidlash talab qilinmaydi.
56. Foydali modellar guruhi uchun mazkur Reglamentning 51, 52 va 54-bandlarida koʻrsatilgan maʼlumotlar har bir foydali model uchun alohida keltiriladi.
57. Mikroorganizm shtammi, oʻsimlik va hayvon hujayralari turlarini (liniyalari) tavsiflashda ularning oʻzlari kelib chiqqan yoki eng yaqin shtammdan farq qiluvchi belgilari koʻrsatiladi.
58. Avval maʼlum boʻlgan mahsulot yoki usulni yangi maqsadda qoʻllashga oid foydali modelni tavsiflashda maʼlum obyektning tavsifi keltiriladi va ular koʻrsatilgan adabiyotning bibliografik maʼlumotlari beriladi hamda uning maʼlum boʻlgan va yangi vazifasi koʻrsatiladi.
59. Qurilmani tavsiflash uchun quyidagi belgilar ishlatiladi:
konstruktiv element mavjudligi;
elementlar orasidagi bogʻliqlik mavjudligi;
elementlarning oʻzaro joylashganligi;
elementning yoki umuman qurilmaning bajarilish shakli, xususan, geometrik shakli;
elementning parametrlari va boshqa tavsiflari hamda ular oʻrtasidagi oʻzaro bogʻliqlik;
element yoki umuman qurilma tayyorlangan material;
element funksiyasini bajaruvchi muhit.
Qurilmani taʼriflash uchun umuman qurilmada yoki uning biror elementida qurilmaning ishlashi yoki vazifasini bajarishi uchun taʼsir etmaydigan (soʻzli, tasviriy yoki aralash) belgilardan foydalanish mumkin emas.
60. Usulni tavsiflash uchun quyidagi belgilar ishlatiladi:
harakat yoki harakatlar majmuining mavjudligi;
harakatlarni vaqt boʻyicha bajarish tartiblari (ketma-ket, bir vaqtda, har xil kombinatsiyalar va boshqalarda);
harakatlarning bajarish shartlari, rejim, moddalar, birlamchi xomashyo, reagentlar, katalizatorlar, qurilmalar, mikroorganizm shtammlari, oʻsimlik va hayvonlar hujayralarining turlari (liniyalari) va boshqalar.
61. Kimyoviy birikmalarni tavsiflash uchun quyidagi belgilar ishlatiladi:
belgilangan tuzilmaga ega boʻlgan quyi molekulyar birikmalar uchun sifat jihatidan tarkibi (maʼlum elementlar atomlari), miqdoriy tarkibi (har bir elementning atomlar soni), atomlar orasidagi bogʻlanish va ushbu atomlarning kimyoviy tuzilish formulasi koʻrinishida ifodalangan molekuladagi oʻzaro joylashganligi;
belgilangan tuzilmaga ega boʻlgan yuqori molekulyar birikmalar uchun kimyoviy tarkibi va makromolekulaning bir boʻgʻimining tuzilishi, makromolekulaning umuman tuzilishi, boʻgʻimlarning davriyligi, molekulyar massa, molekulyar massaning taqsimlanishi, makromolekulaning geometriya va stereometriyasi, uning uchidagi va yonidagi guruhlari;
aniqlanmagan tuzilishga ega boʻlgan alohida birikmalar uchun fizik-kimyoviy xususiyatlari, olish usuli va ushbu birikmani boshqalardan farqlash uchun zarur boʻlgan boshqa tavsiflari;
gen injeneriyasi mahsulotlariga taalluqli boʻlgan alohida birikmalar uchun nukleotidlar ketma-ketligi (nuklein kislotalar fragmentlari hollarida) yoki tabiiy xaritasi (rekombinant nuklein kislotalar va vektorlar hollarida), aminokislotalar ketma-ketligi hamda ushbu birikmani boshqalardan farqlash uchun zarur boʻlgan boshqa fizik-kimyoviy tavsiflari.
62. Kompozitsiyalarni tavsiflash uchun quyidagi belgilar ishlatiladi:
sifat jihatidan tarkibi (ingrediyentlar);
miqdoriy tarkib (ingrediyentlar miqdori);
kompozitsiya tuzilishi;
ingrediyentlar tuzilishi.
Tarkibi aniqlanmagan kompozitsiyalarni tavsiflash uchun ularning fizik-kimyoviy va foydalilik koʻrsatkichlari hamda ularni olish usulining belgilari ishlatilishi mumkin.
63. Yadroviy parchalanish yoʻli bilan olingan moddalarni tavsiflash uchun quyidagi belgilar ishlatiladi:
sifat jihatidan tarkibi (element izotopi), miqdoriy tarkib (proton va neytronlar soni);
asosiy yadroviy tavsiflari, yaʼni yarim parchalanish davri, nurlanish energiyasi va koʻrinishi (radioaktiv izotoplar uchun).
64. Mikroorganizm shtammlarini tavsiflash uchun quyidagi belgilar ishlatiladi:
shtammning oilasi va turining nomi (lotin tilida);
kelib chiqishi (ajratib olinish manbai, nasli);
genotaksonomik va xemotaksonomik tavsiflari;
morfologik, fiziologik, shu jumladan, madaniy yetishtirish jihatlari;
biotexnologik tavsifi (yetishtirish sharoitlari, shtammdan hosil qilinadigan foydali moddaning nomi va xususiyati, faollik (mahsuldorlik) darajasi;
tibbiyot va veterinariya sohasidagi mikroorganizmlar shtammlari uchun virulentlik, antigen tuzilishi, serologik xususiyatlari;
gibrid mikroorganizmlar shtammlari uchun gibridlash prinsipi.
65. Oʻsimlik yoki hayvonlar hujayralari turlarini (liniyalari) tavsiflash uchun quyidagi belgilar ishlatiladi:
passajlar miqdori;
kariologik tavsifi;
oʻsish (kinetik) tavsiflari;
hayvon organizmida oʻstirish tavsifi (gibridlar uchun);
morfogenezga qobiliyati (oʻsimlik hujayralari uchun).
66. Mikroorganizmlar, oʻsimlik yoki hayvon hujayralari (liniyalari) konsorsiumlarini tavsiflash uchun mazkur Reglamentning 64 va 65-bandlarida qayd etilgan belgilarga qoʻshimcha ravishda quyidagi belgilar ishlatiladi:
seleksiya va moslashtirish faktorlari va sharoitlari;
taksonomik tarkibi, miqdori va ustun boʻlgan komponentlar;
umuman konsorsiumning tipi va fiziologik xususiyatlari;
ushbu konsorsiumni boshqasidan farqlash uchun imkon beradigan boshqa belgilar.
67. Genetik konstruksiyalarni tegishli ravishda tavsiflash uchun mazkur Reglamentning 59-bandida nazarda tutilgan belgilardan foydalaniladi, bunda konstruktiv elementlar boʻlib enxanser, promotor, terminator, tashabbuskor kodon, linker, oʻzga gen fragmenti, marker, flankirlovchi qism boʻlishi mumkin.
68. Transformatsiyalangan hujayrani tavsiflash quyidagi belgilardan foydalaniladi:
transformatsiyalovchi element;
hujayra tomonidan oʻzlashtirib olinadigan belgilar (xususiyatlar);
hujayra kelib chiqishiga doir maʼlumotlar (prokariotik hujayra uchun urugʻ, oila turkumi va turi);
taksonomiyaga xos belgilar;
tabiiy genom mutatsiyasi;
hujayrani madaniylashtirish sharoitlari va ushbu hujayrani boshqasidan farqlash uchun yetarli boʻlgan boshqa tavsiflari.
69. Transgen oʻsimlikni tavsiflash uchun quyidagi belgilardan foydalaniladi:
genomda modifikatsiyalangan elementning mavjudligi;
oʻsimlik tomonidan oʻzlashtirib olinadigan belgilar;
oʻsimlikning kelib chiqishi;
taksonomiyaga tegishliligi va ushbu oʻsimlikni boshqasidan farqlash uchun yetarli boʻlgan boshqa tavsiflari.
70. Transgen hayvonni tavsiflash uchun quyidagi belgilardan foydalaniladi:
hayvon genomiga transformatsiyalangan gen va DNK hamda kodlovchi yoki ekspress maqsadli mahsulot;
hayvon tomonidan oʻzlashtirib olinadigan belgilar (xususiyatlar);
hayvon tomonidan hosil qilinadigan modifikatsiyalangan mahsulot;
hayvonning tegishliligi (tipi, zoti va boshqalar) va ushbu hayvonni boshqasidan farqlash uchun yetarli boʻlgan boshqa tavsiflari.
71. Avval maʼlum boʻlgan qurilma, usul, modda, shtammni yangi maqsadda qoʻllashni tavsiflash uchun yangi maqsadda qoʻllanayotgan obyektning identifikatsiya qilish uchun yetarli boʻlgan qisqa tavsifi va uning yangi vazifasiga doir koʻrsatmasidan foydalaniladi.
72. Tavsifning “Chizmalar va boshqa materiallar roʻyxati” boʻlimida tasvirlangan chizma figuralari va boshqa materiallarning qisqacha taʼrifi keltiriladi.
73. “Foydali modelni amalga oshirish mumkinligini tasdiqlovchi maʼlumotlar” boʻlimida foydali modelni talabnoma beruvchi tomonidan koʻrsatilgan vazifada amalga oshirish mumkinligi ifodalanadi.
Mohiyati umumiy tushuncha bilan ifodalangan, xususan, funksional umumlashtirish darajasida keltirilgan belgidan foydalanish bilan tavsiflanuvchi foydali modelni amalga oshirish imkoniyati bevosita talabnoma materiallarida bunday belgini hosil qilish uchun vositalarni yoxud uni olish usullari yoki bunday vosita va usullarning maʼlum ekanligi toʻgʻrisidagi koʻrsatmani ifodalash bilan tasdiqlanadi.
Tavsifning ushbu boʻlimida foydali modelni amalga oshirganda, olinishi mumkin boʻlgan va hal qilinayotgan vazifa tavsiflanayotganda “Foydali model mohiyati” boʻlimida koʻrsatilgan texnik natijaga erishish imkoniyatini tasdiqlovchi maʼlumotlar ham keltiriladi.
Foydali modelni tavsiflash uchun miqdorlar oraligʻi koʻrinishida ifodalangan miqdoriy belgilardan foydalanilganda, texnik natijaga shu oraliqda erishish mumkinligi koʻrsatiladi.
74. Qurilmaga oid foydali modelga uning konstruksiyasining (statik holatdagi) tavsifi chizma figuralariga izoh berilgan holda keltiriladi. Konstruktiv elementlarning tavsifdagi raqamli belgilari chizma figuralaridagi raqamli belgilariga mos kelishi kerak va ularni ketma-ket taʼriflash davomida birdan boshlab oʻsish tartibida keltiriladi.
Qurilma konstruksiyasini tavsiflashdan keyin uning harakati yoki undan foydalanish usuli konstruktiv elementlar va chizma figuralariga, zarur hollarda esa boshqa izoh beruvchi materiallarga (epyuralar, vaqt boʻyicha diagrammalar va boshqalar) raqam bilan izoh berilgan holda beriladi.
Qurilma funksional darajada tavsiflangan boʻlib, koʻrsatilgan amalga oshirish shakli dasturlangan koʻp funksiyali moslamadan foydalanishni nazarda tutganda unda qurilmadagi aniq biriktirilgan funksiyani bajarishi mumkinligini tasdiqlovchi maʼlumotlar beriladi. Bunday maʼlumotlar sifatida algoritm, xususan, hisoblash algoritmi keltirilganda, uni koʻpincha bloksxema yoki agar mumkin boʻlsa, tegishli matematik ifoda koʻrinishida beriladi.
75. Usulga oid foydali modelni tavsiflash uchun moddiy obyekt ustida bajariladigan harakatlar ketma-ketligi, shuningdek harakatlar olib boriladigan shart-sharoitlar, agar zarur boʻlsa, aniq rejimlar (harorat, bosim va boshqalar) ishlatiladigan qurilmalar, moddalar, shtammlar koʻrsatiladi. Usul biror ustuvorlik sanasigacha maʼlum boʻlgan vositalar — qurilma, modda va shtammlardan foydalanish orqali tavsiflanganda foydali modelni amalga oshirish mumkin boʻlgan holda ushbu vositalarni izohlash yetarlidir.
Nomaʼlum vositalardan foydalanilganda ularning tavsiflari keltiriladi, zarur hollarda grafik tasvirlar ilova qilinadi.
Usulda yangi moddalardan foydalanilganda, ularni olish usuli ochib beriladi.
76. Umumiy tuzilish formulasi bilan tavsiflangan kimyoviy birikmalar guruhini olish usuliga oid foydali modellar uchun shu usul bilan guruhdagi birikmalarni olish misollari keltiriladi. Guruhning kimyoviy bogʻlanish tabiati har xil radikallardan iborat birikmalarni oʻz ichiga olganda ushbu birikmalarni olishni tasdiqlash uchun yetarli boʻlgan misollar keltiriladi. Guruhga kirgan birikmalarni olish uchun maʼlum usullar bilan tasdiqlangan tuzilish formulalari va fizik-kimyoviy tavsiflari keltiriladi. Tavsifda yangi birikmalarning vazifasi va biologik faol xususiyatlari haqida maʼlumotlar ham keltiriladi.
Tuzilishi aniqlanmagan kimyoviy birikmalarni, tarkibi va tuzilishi aniqlanmagan aralashmalarni olish usuliga oid foydali modellar uchun ushbu birikma yoki aralashmani boshqalardan farqlash uchun zarur boʻlgan maʼlumotlar keltiriladi. Birikma yoki aralashmalarni olish uchun boshlangʻich reagentlar haqida maʼlumotlar, shuningdek, birikma yoki aralashmaning talabnoma beruvchi tomonidan koʻrsatilgan vazifasini amalga oshirish mumkinligini tasdiqlovchi maʼlumotlar, xususan, bu vazifani keltirib chiqaruvchi xususiyatlar keltiriladi.
77. Inson yoki hayvonlardagi kasalliklarni davolash, ularga tashxis qoʻyish yoki ularning oldini olish usuliga oid foydali modellar uchun kasallik etiopatogeneziga taʼsir koʻrsatuvchi aniqlangan omillar yoki etiopatogenez va tashxis koʻrsatkichlari orasidagi bogʻlanishni keltirib chiqaruvchi omillar haqida maʼlumotlar keltiriladi. Bunday maʼlumotlar boʻlmaganda usulning koʻrsatilgan holat yoki kasallikni davolash, tashxis qoʻyish yoki oldini olishga yaroqliligini tasdiqlovchi haqiqiy maʼlumotlar keltiriladi.
78. Tuzilishi aniqlangan yangi individual kimyoviy birikmaga oid foydali model uchun maʼlum uslublar bilan isbotlangan tuzilish formulasi, fizik-kimyoviy konstantalar keltiriladi va yangi birikma birinchi marta olingan usul ochib beriladi.
79. Gen injeneriyasi mahsulotlariga taalluqli boʻlgan alohida birikmalar uchun ketma-ketliklar roʻyxatidagi nukleotidlar ketma-ketligining raqamiga doir koʻrsatma (nuklein kislotalar fragmentlarida) yoki tabiiy xarita (rekombinant nuklein kislotalar va vektorlar holatida), ketma-ketliklar roʻyxatidagi aminokislotalar ketma-ketligining raqamiga doir koʻrsatma hamda ushbu birikmani boshqalaridan farqlash uchun zarur boʻlgan fizik-kimyoviy va boshqa tavsiflar keltiriladi. Yangi birikma birinchi marta olingan usul tavsiflanadi va ushbu birikmadan maʼlum vazifa boʻyicha foydalanish imkoniyati koʻrsatiladi.
Nukleotidlar yoki aminokislotalar ketma-ketligidan belgini tavsiflash uchun foydalanilganda ularning ketma-ketliklari roʻyxatidagi raqami “SEQ ID NO …” koʻrinishida erkin matnda taqdim etiladi.
80. Biologik faol birikma uchun faollik va zaharlilik miqdori tavsiflarining koʻrsatkichlari, zarur boʻlganda esa tanlab taʼsir qilish va boshqa koʻrsatkichlari keltiriladi.
81. Foydali model insonlar yoki hayvonlardagi maʼlum holatlar yoki kasalliklarni davolash, tashxis qoʻyish yoki profilaktika qilish vositasiga oid boʻlganda tavsifda uning ishlatilishi natijasida kasallik etiopatogeneziga koʻrsatadigan taʼsirini tushuntiradigan omillar haqida maʼlumotlar keltiriladi. Bunday maʼlumotlar boʻlmaganda koʻrsatilgan kasalliklarni davolash, tashxis qoʻyish yoki profilaktika qilish uchun yaroqliligini tasdiqlovchi maʼlumotlar keltiriladi.
82. Foydali model tuzilishi aniqlangan kimyoviy birikmaga taalluqli boʻlganda, maʼlum boʻlgan uslublar bilan isbotlangan tuzilish formulasi, fizik-kimyoviy konstantalar keltiriladi, birikma olingan usul tavsiflanadi va foydali modeldan koʻrsatib oʻtilgan vazifasi boʻyicha foydalanish imkoniyati keltiriladi.
83. Yangi kimyoviy birikma mikroorganizmlar shtammi, oʻsimlik yoki hayvon hujayralari turlaridan (liniyalari) foydalanish orqali olinganda ushbu shtamm va tur (liniya) ishtirokida yangi kimyoviy birikmani olish usuli, shtamm va tur (liniya) haqida maʼlumot, shuningdek, shtamm va tur (liniya) saqlash uchun topshirilganligi haqida maʼlumotnoma taqdim etiladi.
84. Foydali model oraliq birikmaga oid boʻlganda uni avvaldan maʼlum boʻlgan oxirgi mahsulotga aylantirish uchun qayta ishlash imkoniyati yoki undan aniq vazifada ishlatiladigan yoki biologik faol xususiyatga ega boʻlgan yangi mahsulot olish mumkinligi keltiriladi.
85. Foydali model nuklein kislotalar yoki oqsillarga taalluqli boʻlganda ketma-ketlik roʻyxatidagi ketma-ketlik raqami (nuklein kislotalar uchun — nukleotidlar, oqsillar uchun — aminokislotalar) hamda ushbu mahsulotni boshqalardan farqlashga imkon beradigan fizik-kimyoviy va boshqa tavsiflar keltiriladi. Bunda mahsulot olingan usul bayon qilinadi va ushbu mahsulotdan belgilangan vazifa boʻyicha foydalanish imkoniyati koʻrsatiladi.
86. Foydali model kompozitsiyaga (tarkiblar, aralashmalar, qotishmalar, eritmalar va boshqalarga) oid boʻlganda kompozitsiya tarkibiga kirgan ingrediyentlar, ularning xususiyatlari va miqdoriy nisbatlari koʻrsatilgan misollar keltiriladi. Bunda kompozitsiyani olish usuli tavsiflanadi. Kompozitsiyada biror ingrediyent sifatida yangi modda qoʻllanilganda uni olish usuli ham tavsiflanadi.
Keltirilgan misollarda har bir ingrediyentning miqdori foydali model formulasida keltirilgan chegaralarda boʻlgan birliklarda beriladi (foydali model formulasida ingrediyentlar nisbati foizlarda ifodalanganda (massa yoki hajmi boʻyicha) koʻrsatilgan barcha ingrediyentlar yigʻindisi 100 foizga teng boʻladi).
87. Shtammga taalluqli boʻlgan foydali model uchun shtammning nomenklatura maʼlumotlari va kelib chiqishi, ozuqa (ekiladigan va fermentatsiyalanadigan) muhitining miqdoriy va sifat jihatidan tarkibi, madaniy yetishtirish sharoitlari (harorat, pH, O2 ning solishtirma massa oʻtkazilishi, yoritilganligi va boshqalar), fermentatsiya vaqti, biosintez tavsifi, foydali (maqsadli) mahsulot, mahsulot chiqishi, shtammning faollik (mahsuldorlik) darajasi va uni aniqlash (testlash) usullari toʻgʻrisida maʼlumotlar koʻrsatiladi. Maqsadli mahsulotning (yangi maqsadli mahsulot produtsentlari, masalan, antibiotiklar, fermentlar, monoklonal antitanachalar va boshqalar uchun) ajratib olish va tozalash usuli ochib beriladi.
88. Mikroorganizmlar konsorsiumlari, oʻsimlik va hayvon hujayralari uchun quyidagi maʼlumotlar koʻrsatib oʻtiladi:
komponentlar mavjudligini tekshirish usuli;
ajratib olish (seleksiya) usuli va seleksiya olib borilgan belgilar;
uzoq muddat davomida yetishtirilayotganda konsorsiumning barqarorligi;
oʻzga mikroorganizmlar tomonidan zararlanishga chidamliligi.
89. Shtamm, oʻsimlik yoki hayvon hujayralari turlariga (liniyalari) yoxud ular ishlatiladigan usulga taalluqli foydali modelni amalga oshirish imkoniyati shtamm yoki turni (liniya) olish usulini tavsiflash bilan tasdiqlanganda, agar shtammni olish usulining tavsifi yetarli boʻlmasa, shtamm yoki turning (liniya) saqlash uchun topshirilganligi (depozitariy nomi va obyektni roʻyxatdan oʻtkazish raqami) toʻgʻrisidagi maʼlumotlar taqdim etiladi.
Bunda saqlash uchun topshirish sanasi foydali model ustuvorligi sanasigacha boʻlishi kerak.
90. Shtamm, oʻsimlik yoki hayvon hujayralari turi (liniya) yoki konsorsium obyekti eng kamida patent amal qilishi muddati ichida hayotiyligini taʼminlashni kafolatlaydigan xalqaro depozitariyga yoki milliy depozitariyga joylashtirilganda, patentlash jarayoni uchun saqlash uchun topshirish amalga oshirilgan deb hisoblanadi.
91. Nukleotidlar va aminokislotalar ketma-ketligi roʻyxati toʻrtta va undan koʻp aminokislotalardan iborat yoki oʻnta va undan koʻp nukleotidlardan iborat tarmoqlanmagan boʻlsa, tavsifning “Foydali model mohiyati” boʻlimida ushbu ketma-ketliklar batafsil ochib beriladi. Bunda har bir ketma-ketlikka alohida raqam beriladi. Ketma-ketliklar raqamlari birdan boshlanishi va tartib bilan butun songa oshib borishi kerak.
Nukleotidlar va aminokislotalar ketma-ketligi roʻyxatidagi har bir ketma-ketlikning raqami foydali model tavsifi, formulasi yoki grafik tasvirlarda koʻrsatilgan uning raqamiga muvofiq boʻlishi kerak.
92. Nukleotidlar va aminokislotalar ketma-ketligi hech boʻlmaganda quyidagilarning biri yordamida taqdim etilishi kerak:
faqat nukleotidlar ketma-ketligi bilan;
faqat aminokislotalar ketma-ketligi bilan;
nukleotidlar ketma-ketligining tegishli aminokislotalar ketma-ketligi bilan.
Mazkur bandning toʻrtinchi xatboshisida nazarda tutilgan holatda aminokislotalar ketma-ketligi alohida raqamga ega boʻlgan aminokislotalarning alohida ketma-ketligi sifatida taqdim etilishi kerak. Nukleotidlar va aminokislotalar ketma-ketligining roʻyxati oʻzi bilan foydali model tavsifining bevosita tarkibiy qismini namoyon qilganligi bois mazkur ketma-ketliklar tavsifning biron-bir joyida batafsil keltirilmaydi.
Nukleotidlar va aminokislotalar ketma-ketligi roʻyxati oʻzining bayon qismida erkin matn — neytral til leksikasi foydalanilmagan ketma-ketliklar tavsifini bayon qiluvchi jumlalarni oʻz ichiga olganda ushbu erkin matn foydali model tavsifining ketma-ketliklar roʻyxatidagi ketma-ketlik raqamini aynan oʻsha koʻrinishda oʻz ichiga olgan boshqa boʻlimlarida takrorlanishi kerak.
93. Avvaldan maʼlum boʻlgan qurilma, usul, modda, shtamm va hujayralar turini (liniyasi) yangi vazifada qoʻllanilishiga taalluqli foydali model uchun ushbu vazifani amalga oshirish imkoniyatlarini tasdiqlovchi maʼlumotlar keltiriladi.
94. Foydali modelning formulasi tavsif va chizmalarga toʻliq asoslangan boʻlishi kerak, yaʼni foydali modelni uning tavsifida mavjud boʻlgan va chizmalarda koʻrsatilgan tushunchalar bilan taʼriflanadi.
95. Foydali modelning formulasi uning mohiyatini ifodalashi kerak, yaʼni talabnoma beruvchi tomonidan koʻrsatilgan texnik natijaga erishish uchun yetarli darajada foydali modelning muhim belgilari majmuini oʻz ichiga oladi.
96. Foydali model belgilarining foydali model formulasida ifoda etilishi ularni identifikatsiya qilishi, yaʼni maʼlum boʻlgan texnika taraqqiyoti darajasi asosida ularning maʼnosi va mazmuni mutaxassislar tomonidan bir xil maʼnoda tushunilish imkoniyatini taʼminlashi kerak.
97. Foydali model formulasidagi belgi taʼrifini axborot manbaiga havola qilish bilan almashtirish mumkin emas. Agar belgini tavsif yoki chizmalarga havola qilmasdan taʼriflashning iloji boʻlmasa, mazkur Reglamentning 96-bandi talablariga rioya etilganda belgi taʼrifi bunday havola qilish bilan almashtirilishi mumkin.
98. Nukleotidlar va aminokislotalarning ketma-ketligidan foydali model formulasidagi belgini tavsiflash uchun foydalanilganda ketma-ketliklar roʻyxatidagi uning raqami “SEQ ID NO...” koʻrinishida keltiriladi.
99. Foydali model formulasi umumiy tushunchadagi belgilar bilan taʼriflanganda ushbu belgilar doirasidagi aniq hollarda koʻrsatilgan texnik natijani berganda foydali modelning belgisi umumiy tushunchalar bilan tavsiflanishi mumkin.
Koʻrsatilgan muqobilidan tanlab olingan har bir belgi foydali modelning boshqa belgilari bilan birgalikda bir xil texnik natijani olishni taʼminlaganda, belgi muqobil tushunchalar koʻrinishida ifoda etilishi mumkin.
100. Foydali modelning formulasi bir zvenoli va koʻp zvenoli boʻlishi hamda tegishlicha bir yoki bir necha bandlarni oʻz ichiga olishi mumkin.
101. Bir zvenoli formula foydali modelning tayyorlanishi yoki undan foydalanishning aniq hollarida rivojlantirishlar va aniqlashtirishlarga ega boʻlmagan muhim belgilar majmui bilan bitta foydali modelni tavsiflash uchun qoʻllanadi.
102. Foydali modelning koʻp zvenoli formulasi foydali modelning tayyorlanishi va undan foydalanishning aniq holatlarida rivojlantirishlar hamda aniqlashtirishlarga ega boʻlgan muhim belgilar majmui bilan bitta foydali modelni yoki foydali modellar guruhini tavsiflash uchun qoʻllanadi.
Bitta foydali modelni tavsiflovchi koʻp zvenoli formula bitta mustaqil bandga va undan keyin keluvchi unga bogʻliq bandlarga ega boʻladi.
Foydali modellar guruhini tavsiflovchi koʻp zvenoli formula bir necha mustaqil bandlarga ega boʻlib, ulardan har biri guruhning foydali modellaridan birini tavsiflaydi. Shu bilan birga guruhning har bir foydali modeli tegishli mustaqil bandga boʻysunuvchi bogʻliq bandlarni jalb etish bilan tavsiflangan boʻlishi mumkin.
Koʻp zvenoli formula bandlari birdan boshlab ularni bayon etish tartibida ketma-ket arab raqamlari bilan raqamlanadi.
103. Foydali modellar guruhini tavsiflovchi formulani bayon etishda quyidagi qoidalarga amal qilinadi:
alohida foydali modellarni tavsiflovchi mustaqil bandlarda, qoida tariqasida, formulaning boshqa bandlariga havola qilinmaydi, agar bandga havola qilinsa, havola qilinayotgan bandning mazmuni toʻliq takrorlanmasdan bayon etiladi;
bogʻliq bandlar oʻzlari boʻysungan mustaqil bandlar bilan birga guruhlarga birlashtiriladi, shu jumladan, guruhdagi turli foydali modellarni taʼriflash uchun bir xil mazmundagi bogʻliq bandlar kiritiladi.
104. Formulaning bandi, qoida tariqasida, eng yaqin analogning belgilari bilan mos keluvchi, shu jumladan, foydali modelning vazifasini koʻrsatuvchi umumlashtiruvchi tushunchani oʻz ichiga oladigan muhim belgilarga ega boʻlgan cheklovchi qismdan va foydali modelni eng yaqin analogidan farqlaydigan muhim belgilarni oʻz ichiga oladigan farqlovchi qismdan iborat.
Formula bandi cheklovchi va farqlovchi qismlarga boʻlib tuzilganida cheklovchi qism bayon etilganidan soʻng “shu bilan farqlanadiki” soʻz birikmasi kiritiladi va bundan keyin bevosita farqlovchi qism bayon etiladi.
105. Quyidagi holatlarda foydali model formulasi bandi cheklovchi va farqlovchi qismlarga boʻlinmasdan tuziladi:
kimyoviy birikma;
mikroorganizm shtammi, oʻsimlik va hayvon hujayralari turi (liniyasi);
avval maʼlum boʻlgan qurilma, usul, modda, shtammni yangi maqsadda qoʻllanishi;
analoglarga ega boʻlmagan foydali model.
106. Formulaning bandi bitta jumla koʻrinishida bayon etiladi.
107. Foydali model formulasining mustaqil bandi faqat bitta foydali modelga taalluqli boʻladi va bitta jumla koʻrinishida bayon etiladi. Foydali modellar — variantlar faqat muqobil koʻrinishda ifodalangan belgilar bilan farqlanganda formulaning bitta mustaqil bandida bir qancha foydali modellarni — variantlarni tavsiflashga yoʻl qoʻyiladi.
Formulaning mustaqil bandida muqobil koʻrinishda faqat funksional mustaqil boʻlmagan (yaʼni qurilmaning boʻgʻimi yoki detali, usul operatsiyasi, usulda qoʻllanadigan modda, material, moslama, kompozitsiya ingrediyenti hisoblanmagan) belgilar ifodalanganda bunday mustaqil band faqat bitta foydali modelga taalluqli deb hisoblanadi.
108. Formulaning mustaqil bandi undagi mavjud belgilar majmui turli obyektlarga yoki har biri oʻz vazifasiga ega boʻlgan vositalar majmuiga oid boʻlgan foydali modellarning tavsifini umumiy vazifadagi vositalarning koʻrsatilgan majmuini amalga oshirilmagan holda taʼrifini oʻz ichiga olganda, bir foydali modelga taalluqli deb eʼtirof etilmaydi.
109. Foydali modelning bogʻliq bandi mustaqil bandda keltirilgan foydali modelni faqat uni bajarish yoki foydalanishning aniq holatlarida tavsiflaydigan belgilar bilan foydali model belgilari majmuining rivojlanishi va aniqlanishini oʻz ichiga oladi.
110. Foydali modelning formulasidagi bogʻliq bandning cheklovchi qismi u bogʻliq boʻlgan mustaqil bandning qoʻllanilishini aks ettiruvchi umumlashgan tushunchaga nisbatan qisqartirilgan shakl bilan mustaqil va bogʻliq bandga tegishliligi boʻyicha havola qilinadi.
Bogʻliq band formulaning bir necha bandlariga boʻysunganda ularga havola qilish muqobilidan foydalanilgan holda koʻrsatiladi, soʻng foydali modelning bajarilishi yoki undan foydalanishning aniq holatlarida foydali modelni tavsiflovchi belgilar keltiriladi.
111. Foydali modelni tavsiflash uchun uning bajarilishi yoki foydalanilishining aniq holatlarida bogʻliq bandning belgilari bilan bir qatorda mustaqil bandning belgilari va bu bogʻliq bandning mustaqil bandga boʻysunishidan foydalaniladi.
Foydali modelni tavsiflash uchun formulaning boshqa bir yoki bir necha bogʻliq bandlarining belgilari zarur boʻlganda shu bogʻliq bandning mustaqil bandga tegishli bogʻliq bandlari orqali boʻysunishidan foydalaniladi. Bunda ushbu bogʻliq bandda u bevosita boʻysungan bogʻliq bandgagina havolalar keltiriladi.
112. Foydali model formulasining bogʻliq bandi formulaning oʻzi boʻysungan oʻsha bandining belgilarini almashtiradigan yoki chiqarib tashlaydigan holda bayon etilmasligi kerak.
Foydali model formulasining bogʻliq bandi mustaqil bandning belgilari almashtirilgan yoki chiqarib tashlangan holda shakllantirilganda, ushbu bogʻliq band oʻzi boʻysungan mustaqil band bilan birga bitta foydali modelni tavsiflaydi deb eʼtirof etilishi mumkin emas.
113. Qurilma belgilari statik holatda tavsiflanadi. Qurilmaning konstruktiv elementi bajarilishini tavsiflashda uning harakatlanuvchanligi u tomonidan maʼlum bir funksiya (aylanish imkoniyati, siljish imkoniyati) va boshqalarni amalga oshirish imkoniyatini koʻrsatishga yoʻl qoʻyiladi.
Talabnoma chizmalarni oʻz ichiga olganda formulada eslatib oʻtilgan va ekvivalent konstruktiv elementlarni ifodalaydigan belgilar ularga taalluqli boʻlgan havolaki belgilar bilan birga berilishi mumkin. Havolaki belgilar soʻralayotgan huquqiy muhofaza hajmiga taʼsir etmaydi va faqat formulani toʻliqroq va aniqroq tushunish maqsadlarida keltiriladi.
114. Usul belgisi sifatida harakatni (usul, operatsiya) tavsiflashda feʼllardan foydalanilganda ular aniqlik nisbatida, aniqlik maylida, uchinchi shaxsda bayon qilinadi (qizdiriladi, namlanadi, kuydiriladi va boshqalar).
115. Kelib chiqish tuzilmasi aniq boʻlgan kimyoviy birikmani tavsiflovchi foydali model formulasiga birikmaning nomlanishi yoki belgilanishi kiritiladi. Gen injeneriyasi mahsulotlariga taalluqli birikmalar uchun foydali model formulasiga ketma-ketliklar roʻyxatidagi nukleotidlar ketma-ketligi (nuklein kislotalar fragmenti holatida) raqamiga koʻrsatma va tabiiy xaritaning (rekombinant nuklein kislotalar va vektorlar holatida) soʻzli tavsifi, ketma-ketliklar roʻyxatidagi aminokislotalar ketma-ketligi raqamiga koʻrsatma hamda fizik-kimyoviy va ushbu birikmani boshqalardan farqlash uchun zarur boʻlgan boshqa tavsiflar kiritiladi. Tuzilmasi aniqlanmagan birikmalar uchun foydali model formulasiga nomlanishi, fizik-kimyoviy va ushbu birikmani farqlash uchun zarur boʻlgan boshqa tavsiflar, masalan uni olish usulining belgilari kiritiladi.
116. Kompozitsiyani tavsiflaydigan foydali model formulasiga kompozitsiyaga kiradigan ingrediyentlar va zarur boʻlganda ingrediyentlarning miqdoriy qiymatlariga tegishli belgilari kiritiladi.
Kompozitsiyani tavsiflaydigan formulaga ingrediyentlarning miqdorini koʻrsatadigan belgilar kiritilganda ular bir xil birliklarda, odatda ikkita qiymatlarda, eng koʻp va eng kam (quyi va yuqori) miqdorlarda ifodalanadi.
Kompozitsiya elementlari bittasining miqdori bitta qiymat orqali, boshqalari esa uning qiymatiga nisbatan interval koʻrinishida berilishi mumkin (masalan, ingrediyentlar miqdori kompozitsiya asosiy ingrediyentining 100 massa qismiga yoki 1 litr eritmaga nisbatan keltiriladi).
Kompozitsiya tarkibidagi antibiotiklar, fermentlar, anatoksinlar va boshqalar miqdori kompozitsiyaning boshqa komponentlari birliklaridan oʻzgacha birliklarda koʻrsatilishi mumkin (masalan, boshqa komponentlar massa soniga nisbatan ming birliklarda).
117. Kompozitsiyaga oid foydali model qoʻshimcha ingrediyent kiritish bilan tavsiflanganda, formulaning farqlovchi belgisi “qoʻshimcha ravishda oʻz ichiga oladi” degan iborani qoʻllagan holda tuziladi.
Vazifasi yangi faol komponent bilan belgilanadigan boshqa komponentlar anʼanaviy qoʻllanadigan neytral qismlar boʻlganda formulada shu faol komponentni va uning miqdorini “samarali miqdor” koʻrinishida keltirish mumkin.
Bunday kompozitsiyalarni tavsiflaydigan yana bir variant undagi faol komponentdan tashqari boshqa komponentlarni (neytral qismlarni) umumlashtirma tushuncha “maqsadli qoʻshimchalar” koʻrinishida ifodalanadi. Bunda faol komponentlar va maqsadli qoʻshimchalarning miqdoriy nisbatlari koʻrsatiladi.
118. Foydali model belgisi sifatida murakkab tarkibli maʼlum modda koʻrsatilganda shu moddaning funksiyasini va xususiyatini koʻrsatib, maxsus nomini keltirish mumkin. Bunda foydali model tavsifida shu modda tavsiflanadigan adabiyot koʻrsatiladi.
119. Mikroorganizm shtammi, oʻsimlik va hayvon hujayralari turlarini (liniyalari) tavsiflaydigan formula depozitariyning bosh harflari, saqlash uchun topshirilgan obyektga berilgan roʻyxat raqami va shtamm vazifasi koʻrsatilgan holda biologik obyektning oila turkumlari va turlariga oid lotin tilidagi nomini oʻz ichiga oladi.
120. Foydali model avvaldan maʼlum boʻlgan foydali modelni yangi maqsadda qoʻllashga oid boʻlganda quyidagi tuzilishdagi formula ishlatiladi: “(avval maʼlum boʻlgan foydali model nomi yoki tavsifi keltiriladi) (koʻrsatilgan foydali modelning yangi vazifasi keltiriladi) sifatida ishlatilishi”.
121. Foydali model mohiyatini tushuntiradigan materiallar grafik tasvir (chizma, sxema, grafika, epyura, rasm, ossilogramma kabilar) va jadval koʻrinishida bajarilishi mumkin.
Foydali modelni chizmalar yoki sxemalar bilan ochib berishning iloji boʻlmaganda tasvirlar topshiriladi. Fotosuratlar tasvirlarga qoʻshimcha sifatida topshirilishi mumkin.
122. Referat foydali model tavsifining qisqartirilgan bayoni boʻlib, foydali model haqida maʼlumot olish uchun xizmat qiladi. Unda foydali model nomi, foydalanish sohasi, quyilgan vazifa, foydali model mohiyatining tavsifi keltiriladi.
Referatdagi foydali model mohiyati mustaqil bandning barcha muhim belgilarini saqlab qolgan holda foydali model formulasini erkin tarzda bayon etish orqali taʼriflanadi.
Zarur hollarda foydali model referatiga chizma yoki kimyoviy formula kiritilishi mumkin. Referatga kiritilayotgan chizmalar bilan tavsifga ilova qilinadigan chizmalar bir-biriga mos kelishidan qatʼiy nazar alohida sahifada beriladi.
123. Referatda qoʻshimcha maʼlumotlar, xususan, bogʻliq bandlar, grafik tasvirlar, jadvallar mavjudligi va soni koʻrsatilishi mumkin.
124. Referat matnining hajmi 1 000 ta belgidan oshmasligi kerak.
125. Talabnomaga odob-axloq va ijtimoiy tartibga zid iboralar, chizmalar, rasmlar, fotosuratlar va boshqa materiallar; oʻzga shaxslarning mahsulotlari yoki texnologik jarayonlariga, shuningdek, talabnomalari va muhofaza hujjatlariga nisbatan bayon qilingan kamsituvchi fikrlar; foydali modelga ochiqdan-ochiq taalluqli boʻlmagan yoxud talabnoma materiallarini mazkur Reglamentning talablariga muvofiq deb eʼtirof etish uchun zarur boʻlmagan maʼlumotlar va fikrlar kiritilmaydi.
“Texnika darajasi” boʻlimida maʼlum mahsulot yoki usulni taʼriflashda uning kamchiligini koʻrsatish yoʻl qoʻyib boʻlmaydigan element deb hisoblanmaydi.
126. Foydali modelning formulasi, tavsifi, tushuntirib beruvchi materiallari va referatida standartlashtirilgan atamalar va qisqartmalar, ular mavjud boʻlmaganda esa ilmiy-texnika adabiyotda umumqabul qilingan atama va qisqartmalar qoʻllanadi.
Ilmiy-texnikaviy adabiyotda keng qoʻllanilmaydigan atama va qisqartmalar ishlatilganda, ularning maʼnosi matnda birinchi marta qoʻllanilganda izohlab beriladi.
Tavsif va formulada atamalarning yagonaligiga rioya qilinadi. Ushbu talab fizikaviy birliklar va foydalaniladigan shartli belgilarga ham taalluqlidir.
Fizikaviy miqdorlar imkon qadar amaldagi Xalqaro birliklar tizimi birliklari bilan ifoda etiladi.
127. Barcha hujjatlar bevosita reproduksiya qilinib, cheklanmagan miqdorda nusxa koʻchirish imkoniyati boʻlgan tarzda rasmiylashtiriladi.
128. Talabnomaning har bir hujjati alohida sahifadan boshlanadi. Hujjatlar qora rangli matnda A4 formatda taqdim etiladi.
129. Talabnomaning har bir hujjati bir-biriga bogʻliq boʻlmagan birdan boshlanadigan raqamga ega boʻladi. Sahifalarning raqamlari ikkinchi sahifadan boshlab arab raqamlari bilan qoʻyiladi.
130. Hujjatda grafik belgi, lotincha nom, lotin va yunoncha harf, matematik va kimyoviy formula hamda simvollar yozilishi mumkin.
131. Kimyoviy birikmaning tuzilish formulasi odatda alohida figura sifatida (grafik materiallar kabi) raqamlanib, izohli belgilar koʻrsatilgan holda alohida sahifada beriladi.
Kimyoviy tuzilish formulasini yozishda umumiy qoʻllanishdagi belgilar ishlatiladi, elementlar va radikallar oʻrtasidagi bogʻlanish aniq koʻrsatiladi.
Nukleotidlar va aminokislotalar ketma-ketligi roʻyxatini BIMTning tegishli standartiga muvofiq rasmiylashtirish kerak.
132. Foydali modelning tavsifi, formulasi va referatida matematik formulalar mavjud boʻlganda barcha harfli belgilarga formulada qoʻllanilgan tartib boʻyicha izoh beriladi.
Matematik belgilar matematik formulalarda qoʻllanadi, matnda esa ular soʻzlar bilan yoziladi.
133. Grafik tasvirlar (chizmalar, sxemalar, grafiklar, rasmlar kabilar) chizmachilik asboblari yordamida yoki maxsus grafik chizmalar chizish dasturlarida aniq chiziqlar va shtrixlar bilan bajariladi, bunda boʻyashga yoʻl qoʻyilmaydi.
134. Tasvirlarning masshtabi va aniqligi reproduksiya qilish paytida oʻlchamlar 2/3 gacha chiziqli kichraytirilganda hamma detallarni farqlab, aniqlash mumkin boʻladigan tarzda tanlanadi.
135. Har bir grafik tasvir arab raqamlari va “figura” soʻzi bilan (1-figura, 2-figura va boshqalar), ularning tavsif matnida keltirilishi ketma-ketligiga muvofiq alohida raqamlanadi. Grafik tasvir bitta figura bilan tavsiflanganda u raqamlanmaydi.
136. Ikki va undan ortiq sahifalarda joylashgan figuralar bitta figuraning boʻlaklarini tashkil etganda, har xil sahifalarda tasvirlangan figuralardan birortasi tushirib qoldirilmay birlashtirish mumkin boʻlgan holda joylashtiriladi.
137. Chizmalar mazkur Reglamentning 134-135, 140-141-bandlari va texnik chizmalarni tayyorlash qoidalariga muvofiq bajariladi.
138. Chizmadagi har bir element boshqa elementlarga nisbatan mutanosib holda bajariladi, bundan elementni aniq tasvirlash uchun proporsiyalarning bir-biridan farqlanishi zarur boʻlgan hollar mustasno.
139. Chizmalar yozuvlarsiz bajariladi, “suv”, “bugʻ”, “ochiq”, “yopiq”, “A-A” (kesimni koʻrsatish uchun) kabi tushunish uchun oʻta zarur boʻlgan alohida yoki bir nechta soʻzlar bundan mustasno.
140. Chizmalarda oʻlchamlar koʻrsatilmaydi, zarur boʻlgan hollarda ular tavsifda keltiriladi.
141. Chizmalarda tasvirlangan elementlar foydali modelning tavsifiga muvofiq arab raqamlari bilan belgilanadi.
Bir necha figuralarda keltirilgan bir element bir xil raqam bilan belgilanadi. Tavsifda keltirilmagan element chizmaga kiritilmaydi.
142. Grafik tasvir sxema shaklida keltirilganda uni bajarishda standartlashtirilgan shartli grafik belgilar qoʻllanadi.
143. Sxema toʻgʻri burchaklar koʻrinishida elementlarning grafik belgilanishi sifatida taqdim etilganda, bevosita toʻgʻri burchakka raqamli belgidan tashqari elementning nomi keltiriladi.
144. Chizmalar, sxemalar, tasvirlar foydali model tavsifi va formulasida keltirilmaydi.
145. Axborot manbalarining bibliografiya maʼlumotlari ular boʻyicha axborot manbaini topish mumkin boʻlgan holda koʻrsatiladi.
146. Vakil orqali topshirilgan talabnomaga unga talabnoma beruvchi tomonidan berilgan va uning vakolatlarini tasdiqlaydigan ishonchnoma ilova qilinadi. Ishonchnoma oddiy yozma shaklda rasmiylashtiriladi.
Ishonchnoma talabnoma bilan bir vaqtning oʻzida yoki talabnoma topshirilgan sanadan ikki oydan kechiktirilmay taqdim etiladi.
4-bob. Hujjatlarni topshirish
147. Davlat xizmatidan foydalanishda:
rezidentlar Davlat xizmatlari markazlari, vakolatli organning maxsus axborot tizimi (keyingi oʻrinlarda — axborot tizimi), Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (keyingi oʻrinlarda — YIDXP) orqali;
norezidentlar Davlat xizmatidan foydalanish uchun axborot tizimi orqali vakolatli organga talabnoma topshiradi.
Talabnoma vakolatli organga pochta aloqasi orqali ham topshirilishi mumkin. Bunda talabnoma vakolatli organ tomonidan darhol axborot tizimiga kiritiladi.
148. Talabnoma topshirilgandan keyingi bosqichlardagi barcha harakatlar axborot tizimi orqali amalga oshiriladi.
149. Axborot tizimi va YIDXP oʻrtasida axborot almashinuvi “Elektron hukumat” idoralararo integratsiyalashuv platformasi orqali real vaqt rejimida amalga oshiriladi.
150. Arizani axborot tizimi yoki YIDXP orqali topshirishda ariza shakli toʻldirilganidan soʻng talabnoma beruvchi maʼlumotlarning toʻgʻriligini tekshirib, arizani tasdiqlaydi.
Talabnoma beruvchi Davlat xizmatlari markazi orqali murojaat qilganda ariza uning nomidan Davlat xizmatlari markazi xodimi tomonidan toʻldiriladi.
Yuridik shaxs nomidan ariza tashkilot rahbari yoki boshqa vakolatli shaxs tomonidan tasdiqlanadi.
Arizani pochta aloqasi orqali topshirishda u imzolash yoʻli bilan tasdiqlanadi. Bunda tegishli maʼlumotlar qoʻshimcha varaqlarda keltirilganda ularning har biri imzolanadi.
151. Davlat xizmatini koʻrsatishda Oʻzbekiston Respublikasining “Davlat boji toʻgʻrisida”gi Qonunida nazarda tutilgan miqdorda patent boji toʻlanadi va qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda taqsimlanadi.
Patent boji yagona billing tizimi orqali elektron shaklda toʻlanadi.
152. Talabnoma beruvchi tomonidan arizani tasdiqlashning rad etilishi, shuningdek, davlat xizmatini koʻrsatish uchun patent bojini toʻlamaslik davlat xizmatini koʻrsatishni rad etish uchun asos hisoblanadi.
Talabnomani qabul qilishni boshqa asoslar boʻyicha rad etish taqiqlanadi.
153. Vakolatli organ talabnomani qabul qilib, roʻyxatga olgandan soʻng talabnoma beruvchiga talabnomaning qayd raqami, kelib tushgan sanasi koʻrsatilgan xabarnomani tegishli ravishda axborot tizimi yoki YIDXP orqali avtomatik tarzda yoxud pochta aloqasi boʻyicha yuboradi.
5-bob. Talabnoma boʻyicha ishlarni amalga oshirish
154. Talabnoma topshirilgandan keyin yuboriladigan materiallarda talabnoma raqami koʻrsatilishi shart. Talabnoma raqami koʻrsatilmagan materiallar koʻrib chiqilmaydi.
155. Talablarga javob bermaydigan materiallar topshirilganda, Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi “Intellektual mulk markazi” davlat muassasasi (keyingi oʻrinlarda — Markaz) tomonidan tuzatilgan va yetishmagan materiallarni taqdim etish toʻgʻrisida soʻrovnoma yuboriladi.
156. Qonunning 20-moddasiga koʻra talabnoma beruvchi talabnoma topshirilgan sanadan eʼtiboran ikki oy mobaynida talabnomada koʻrsatilgan foydali modelning mohiyatini oʻzgartirmagan holda unga tuzatishlar, aniqliklar va qoʻshimchalar (keyingi oʻrinlarda — tuzatishlar) kiritish huquqiga ega.
157. Belgilangan miqdordagi patent boji toʻlanganda talabnoma boʻyicha tuzatishlar mazkur Reglamentning 156-bandida nazarda tutilgan muddat oʻtgandan keyin ham, lekin patent berish haqidagi qaror qabul qilingunga qadar kiritilishi mumkin.
158. Patent boji toʻlanmaganda, tegishli harakatlar amalga oshirilmaydi va bu haqida talabnoma beruvchiga xabar beriladi. Toʻlangan patent boji belgilangan miqdorga mos boʻlmaganda, talabnoma beruvchi Markaz tomonidan bojning yetishmagan qismini toʻlash haqidagi xabarnoma yuborilgan sanadan eʼtiboran uch oy ichida kerakli summani toʻlashi kerak.
159. Talabnoma materiallariga mazkur Reglamentning 164-bandida nazarda tutilgan oʻzgartirishlardan boshqa tuzatishlar talabnoma beruvchi tomonidan mazkur Reglamentga 3-ilovaga muvofiq ariza berish orqali kiritiladi.
160. Talabnoma materiallaridagi yaqqol koʻrinib turgan va texnik xatolar foydali model roʻyxatdan oʻtkazilgunga qadar toʻgʻrilanishi mumkin. Taklif qilingan tuzatishdan boshqacha boʻlishi mumkin emasligi soha mutaxassisi uchun umumiy bilimlardan maʼlum boʻlganda tuzatish yaqqol koʻrinib turgan deb hisoblanadi.
161. Tuzatishlar imloviy xatoga, bibliografiya maʼlumotlarini koʻrsatishdagi xatolikka va boshqa shu kabi xatolarga oid boʻlganda tuzatish kiritish zarurligi almashtiriladigan sahifalarni taqdim etmasdan talabnoma beruvchining xatida bayon qilinishi mumkin.
162. Mazkur Reglamentning 24-bandiga muvofiq nukleotidlar va aminokislotalar ketma-ketligi roʻyxati oʻzgartirilganda, roʻyxat (.pdf va .docx formatlarda) qaytadan taqdim etiladi.
163. Belgilangan talablarga rioya qilinmaganda talabnoma beruvchi taqdim etilgan talabnoma materiallariga tuzatishlar kiritish lozimligi yoki tegishli sabablarni koʻrsatib talabnoma materiallariga tuzatish kiritish mumkin emasligi haqida xabardor qilinadi.
164. Talabnoma materiallariga talabnoma beruvchini oʻzgartirish toʻgʻrisidagi yozuvlar talabnoma beruvchi tomonidan ariza topshirish orqali kiritiladi. Arizada huquq oʻzga shaxsga oʻtkazilishi koʻrsatilishida mazkur Reglamentning 27 va 30-bandlarida koʻrsatilgan maʼlumotlar boʻlishi kerak.
Ushbu ariza bilan birga huquqni topshiruvchi va huquqni qabul qilib oluvchi tomonidan imzolangan huquq oʻtkazilganligini tasdiqlovchi dalolatnoma mazkur Reglamentga 4-ilovaga muvofiq shaklda taqdim qilinadi.
Belgilangan talablarga rioya qilinganda talabnoma beruvchiga talabnoma materiallariga talabnoma beruvchining oʻzgartirilgani toʻgʻrisida qayd kiritilgani haqida xabar beriladi. Keyingi barcha yozishmalar yangi talabnoma beruvchi bilan olib boriladi.
Talabnoma beruvchiga talabnoma materiallariga oʻzgartirish kiritilgani toʻgʻrisidagi xabarnoma yuborilgan sana huquq yangi talabnoma beruvchiga oʻtgan sana deb hisoblanadi.
Belgilangan talablarga rioya qilinmaganda, talabnoma beruvchi va huquqni qabul qilib oluvchiga taqdim etilgan hujjatlarga tuzatishlar kiritish zarurligi yoki talabnoma materiallariga talabnoma beruvchini oʻzgartirish haqidagi qaydni kiritish mumkin emasligi toʻgʻrisida tegishli sabablar koʻrsatilgan holda xabarnoma yuboriladi.
165. Patent olish huquqi boshqa shaxsga oʻtkazilishi natijasida talabnoma beruvchini oʻzgartirish yoki talabnoma beruvchining nomi (ismi) foydali model davlat roʻyxatidan oʻtkazilgunga qadar oʻzgartirilishi mumkin.
166. Foydali model birligi talabi buzilganda, topshirilgan talabnoma talabnoma beruvchining iltimosiga asosan ikki yoki bir necha talabnomalarga ajratilishi mumkin (keyingi oʻrinlarda — ajratilgan alohida talabnoma).
Ajratilgan alohida talabnomalar boʻyicha birinchi talabnomaning topshirish sanasi, foydali modelga topshirilayotgan talabnomaning ustuvorlik sanasi yoki birinchi talabnoma boʻyicha oldinroq ustuvorlikni belgilash huquqi mavjud boʻlganda ushbu ustuvorlik saqlab qolinadi.
Iltimosnoma erkin shaklda topshiriladi va mazkur Reglamentning 3-bobiga muvofiq rasmiylashtirilgan materiallar ilova qilinadi va belgilangan miqdorda patent boji toʻlanadi.
Mazkur band talablariga rioya qilinganda talabnomani ajratish toʻgʻrisidagi iltimosnoma qanoatlantiriladi va talabnoma beruvchi bu haqida xabardor qilinadi.
167. Talabnoma bilan bogʻliq masalalar talabnoma beruvchi ishtirokida, qoida tariqasida, talabnoma materiallari boʻyicha ekspertiza tomonidan qoʻshimcha tushuntirishlar olish zarurati paydo boʻlgan holatda hamda foydali modelning patentga layoqatlilik shartlariga muvofiqligi toʻgʻrisida ekspertizaning va talabnoma beruvchining pozitsiyasini aniqlash uchun koʻrib chiqiladi.
168. Masalalar talabnoma beruvchi ishtirokida tomonlar savollar bilan tanishib chiqqandan soʻng Markaz taklifiga yoki talabnoma beruvchining erkin shakldagi iltimosnomasiga binoan qoʻrib chiqiladi. Ekspertiza savollari qoʻshimcha ravishda uchrashuvning maqsadga muvofiqligi xabar qilingan soʻrovnomada, talabnoma beruvchining savollari esa bunday koʻrib chiqishni oʻtkazish haqidagi iltimosnomada bayon etiladi.
Soʻrovnoma yuborilganda talabnoma beruvchi talabnomani koʻrib chiqishda qatnashish niyatidan qatʼi nazar, soʻrovnomaga belgilangan muddatda javob berishi shart.
169. Talabnoma beruvchi ishtirokida talabnomani koʻrib chiqish sanasi va vaqti oldindan kelishib olinadi.
170. Talabnoma beruvchi ishtirokida talabnoma muzokaralar yoʻli bilan yoki ekspert kengashida koʻrib chiqiladi.
Savollar bevosita ekspertiza va talabnoma beruvchi tomonidan hal qilinishi mumkin boʻlganda, ular oʻrtasida muzokaralar olib boriladi. Muzokaralar Markazning tegishli tarkibiy boʻlinmasi rahbari yoki Markaz rahbari tayinlagan masʼul xodim ishtirokida oʻtkaziladi.
Masalalarni hal qilish uchun mutaxassislar ishtiroki talab qilinganda, ekspert kengashi oʻtkaziladi.
171. Muzokaralar yoki ekspert kengashi natijalari boʻyicha ikki nusxada bayonnoma tuziladi va unda qatnashchilar, tomonlar keltirgan dalil va takliflar haqidagi maʼlumotlar hamda keyingi ish yuritish haqida xulosalar keltiriladi.
Savollarni koʻrib chiqishda qatnashuvchilarning barchasi bayonnomani imzolaydi. Bayonnomaning bir nusxasi talabnoma materiallariga qoʻshib qoʻyiladi, ikkinchisi talabnoma beruvchiga topshiriladi.
172. Muhokama qilinayotgan masalalar boʻyicha bir xulosaga kelinmaganda, koʻrib chiqishda qatnashuvchilarning alohida fikrlari bayonnomada qayd etiladi. Bayonnoma nusxasining talabnoma beruvchiga topshirilishi ish yuritish toʻxtatilgani toʻgʻrisidagi xabarnomaning (talabnoma chaqirib olinganda) yoki soʻrovnomaning oʻrnini bosishi mumkin (javob berishning belgilangan muddatlari buzilmaganda) va bu holat bayonnomada tegishli yozuv bilan rasmiylashtiriladi.
173. Talabnoma beruvchi talabnomani chaqirib olish huquqiga ega.
Talabnomani chaqirib olish toʻgʻrisidagi ariza talabnomani koʻrib chiqishning istalgan bosqichida, lekin foydali model davlat roʻyxatidan oʻtkazilgunga qadar topshirilishi mumkin. Ariza inobatga olinganligi haqida xabarnoma yuborilgan sanadan boshlab talabnoma chaqirib olingan deb hisoblanadi.
174. Chaqirib olingan talabnoma boʻyicha huquqiy ahamiyatga ega harakatlar amalga oshirilmaydi va kelgusida talabnoma beruvchining huquqlari ushbu talabnomaga asoslanishi mumkin boʻlmaydi (keyingi talabnomani topshirishda chaqirib olingan talabnoma kelib tushgan sana boʻyicha yoki ushbu talabnomaga qoʻshimcha materiallar kelib tushgan sana boʻyicha ustuvorlik soʻrash mumkin emas).
Foydali modellarga topshirilgan boshqa talabnomalar boʻyicha davlat ekspertizasi oʻtkazilayotganda chaqirib olingan talabnoma inobatga olinmaydi.
6-bob. Talabnomani koʻrib chiqish
175. Talabnomaga axborot tizimida avtomatik ravishda ikki harfli va toʻqqiz xonali roʻyxat raqami beriladi, bunda harflar (FM) sanoat mulki obyekti — foydali modelni, talabnoma raqamidagi dastlabki toʻrtta son — talabnoma topshirilgan yilni, keyingi beshta son — shu yildagi har yili birdan boshlanadigan tartib raqamini bildiradi.
176. Talabnomani davlat ekspertizasidan oʻtkazish rasmiy ekspertiza hamda foydali model haqidagi talabnoma ekspertizasini (keyingi oʻrinlarda — talabnoma ekspertizasi) oʻtkazishdan iborat boʻlib, Markaz tomonidan amalga oshiriladi.
177. Rasmiy ekspertizaning vazifasi talabnoma materiallari tarkibi, zarur hujjatlar mavjudligi va ularning belgilangan talablarga muvofiqligini tekshirishdan iborat.
178. Rasmiy ekspertiza natijalari boʻyicha talabnoma beruvchiga Markazning talabnomani koʻrib chiqish uchun qabul qilingani yoki koʻrib chiqish uchun qabul qilish rad etilgani haqidagi qarori yuboriladi.
179. Rasmiy ekspertiza talabnoma axborot tizimida qabul qilingan sanadan boshlab ikki oy oʻtgandan soʻng bir oy davomida oʻtkaziladi.
180. Talabnoma beruvchining yozma iltimosnomasiga koʻra rasmiy ekspertiza belgilangan muddat oʻtmasdan boshlanishi mumkin.
Bunda talabnoma beruvchi iltimosnoma berilgan paytdan boshlab talabnoma materiallariga belgilangan miqdorda qoʻshimcha patent boji toʻlamasdan oʻz tashabbusiga koʻra tuzatishlar kiritish imkoniyatidan mahrum boʻladi.
Talabnoma beruvchining rasmiy ekspertizani belgilangan muddat oʻtmasdan boshlash haqidagi iltimosnomasi chaqirib olinmaydi.
181. Talabnoma kelib tushgan sanadan ikki oy oʻtgandan keyin yoki talabnoma beruvchining tashabbusiga koʻra talabnoma rasmiy ekspertizasini muddatidan oldin boshlash haqidagi iltimosnoma berilgandan soʻng talabnoma materiallariga tuzatish va oʻzgartirishlar kiritishda belgilangan miqdorda patent boji toʻlanadi.
Patent boji toʻlanmagani aniqlanganda, talabnomani koʻrib chiqishda tuzatish va oʻzgartirishlar eʼtiborga olinmaydi va bu haqida talabnoma beruvchiga xabar beriladi.
Talabnoma materiallari boshqa tilda topshirilib, talabnoma materiallarida rasmiy ekspertizani muddatdan ilgari boshlash haqidagi iltimosnoma mavjud boʻlganda, talabnoma beruvchi talabnoma materiallarining tarjimasi olinmagunga qadar rasmiy ekspertizani oʻtkazish mumkin emasligi haqida xabardor qilinadi.
182. Rasmiy ekspertiza oʻtkazish davomida quyidagilar tekshiriladi:
talabnoma tarkibida mazkur Reglamentning 19 — 24-bandlarida nazarda tutilgan hujjatlarning mavjudligi;
talabnomani rasmiylashtirishga oid talablarga rioya qilingani;
Qonunning 14-moddasi toʻrtinchi qismida nazarda tutilgan hollarda talabnoma topshirish tartibiga, jumladan, vakilning vakolatlarini tasdiqlaydigan ishonchnomaning mavjudligi va toʻgʻri rasmiylashtirilishiga rioya qilingani;
talabnoma foydali model sifatida muhofazalanadigan obyektlarga oid texnik yechimga berilgani;
oldinroq ustuvorlikni soʻrash asoslangani;
foydali modelni XPTning amaldagi tahriri boʻyicha toʻgʻri tasniflangani (talabnoma beruvchi tomonidan tasniflanmagan boʻlsa, tasniflanadi);
talabnomani topshirish uchun belgilangan miqdorda patent boji toʻlangani.
183. Patent boji belgilangan miqdordan kam toʻlanganda talabnoma beruvchiga uch oy ichida talabnomani topshirish uchun toʻlangan patent bojini va formulaning mustaqil bandlari sonini muvofiqlashtirish haqida xabarnoma yuboriladi.
184. Belgilangan miqdordagi patent boji mazkur Reglamentning 183-bandida nazarda tutilgan muddatda toʻlanmaganda, foydali modellar guruhi uchun talabnoma yuzasidan ekspertiza talabnoma beruvchi tomonidan tanlab olingan bandlar boʻyicha yoki tanlangan bandlar haqida koʻrsatilgan muddatda xabar berilmaganda, formulada birinchi boʻlib koʻrsatilgan bandlar boʻyicha oʻtkaziladi.
185. Talabnomani rasmiy ekspertizadan oʻtkazishda talabnoma hujjatlari talablar buzilgan holda rasmiylashtirilgani aniqlanganda talabnoma beruvchiga kamchiliklar koʻrsatilgan va huquqiy asoslar keltirilgan soʻrovnoma yuboriladi.
186. Soʻrovnoma yuborish uchun quyidagilar asos boʻladi:
talabnomada mazkur Reglamentning 19-bandida nazarda tutilgan hujjatlar yoki ulardan birining mavjud emasligi;
talabnoma vakil orqali topshirilganda ishonchnomaning mavjud emasligi yoki uni rasmiylashtirish qoidalari buzilgani;
arizani toʻldirishda mazkur Reglamentning 25 — 34-bandlari talablariga rioya etilmagani;
patent bojlari toʻgʻri toʻlangani bilan bogʻliq masalalarni aniqlash zarurati;
boshqa tilda topshirilgan materiallarning tarjimasi mavjud emasligi;
mikroorganizm shtammi, oʻsimlik va hayvon hujayralari turi (liniyasi) saqlash uchun topshirilgani haqidagi hujjat mavjud emasligi;
talabnoma materiallaridan bevosita nusxa koʻchirishga, ularni saqlashga toʻsqinlik qiladigan va tavsifni nashr etishga tayyorlash imkoniyatini bermaydigan kamchiliklar aniqlangani;
tavsifda mazkur Reglamentda nazarda tutilgan biron-bir boʻlimning mavjud emasligi (agar tegishli boʻlimda bayon qilinishi kerak boʻlgan maʼlumotlar boshqa boʻlimda keltirilgan boʻlsa, soʻrovnoma yuborilmaydi), shuningdek, formula yoki tavsifda biron-bir belgi xususiyatini ushbu belgi ochib berilgan adabiyot manbaiga havola qilish bilan almashtirilgani;
talabnomada hamma tanisha olmaydigan axborot manbaiga berilgan izohlar yoki undagi baʼzi maʼlumotlarni nashr etish mumkin emasligi haqida koʻrsatmalar mavjudligi;
formula bandini bitta jumla koʻrinishida bayon qilish talabi buzilgani;
formulada huquqiy muhofaza soʻralayotgan foydali model turi koʻrsatilmagani;
formulada tegishli obyekt belgilari oʻrniga uning ishlatishdagi koʻrsatkichlari va isteʼmol xususiyatlari, uni amalga oshirish va undan foydalanishda kelib chiqadigan samara va hodisalar haqida maʼlumotlar keltirilgani;
talabnoma materiallarining bir-biriga mos emasligi;
talabnoma foydali model sifatida eʼtirof etilmaydigan obyektlarga berilgani;
talabnoma boʻyicha ustuvorlik soʻrash bilan bogʻliq savollar paydo boʻlgani.
187. Talabnoma beruvchi taqdim etgan javobda soʻralgan barcha hujjatlar va maʼlumotlar boʻlmaganda, soʻrovnoma takroran yuborilishi mumkin.
188. Rasmiy ekspertiza soʻrovnomasiga javob taqdim etilmaganda, javob berish uchun belgilangan muddat buzilganda yoki bu muddat ichida uni uzaytirish haqida iltimosnoma kelib tushmaganda, talabnoma chaqirib olingan deb hisoblanadi. Bunda talabnoma boʻyicha ish yuritish toʻxtatiladi va bu haqida talabnoma beruvchiga xabarnoma yuboriladi.
189. Talabnoma materiallari belgilangan talablarga zid emasligi haqidagi xulosaga kelinganda, talabnoma topshirilgan sanani belgilash va talabnomani koʻrib chiqishga qabul qilish toʻgʻrisidagi rasmiy ekspertizaning qarori qabul qilinadi va talabnoma beruvchiga yuboriladi.
190. Rasmiy ekspertiza tomonidan talabnoma materiallarining Qonun va mazkur Reglament qoidalariga zid ekanligining aniqlanishi talabnomani koʻrib chiqish uchun qabul qilishni rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qilishga asos boʻladi.
191. Talabnomani koʻrib chiqishga qabul qilish yoki talabnomani koʻrib chiqishga qabul qilishni rad etish toʻgʻrisidagi qarorda tegishli qarorni qabul qilish asoslari keltiriladi.
192. Talabnoma mohiyati biron-bir texnika sohasiga oidligini aniqlash maqsadida foydali model XPTning amaldagi tahriri boʻyicha tasniflanadi.
Tasniflash rasmiy ekspertiza va talabnoma ekspertizasini oʻtkazish bosqichlarida amalga oshiriladi.
193. Formula tasnif indekslarini tanlash uchun asos boʻladi. Talabnoma XPTning turli rubrikalariga tegishli bir necha obyektlarni oʻz ichiga olganda barcha mos tasnif indekslari aniqlanadi. Bunda birinchi indeks foydali model nomi bilan aniqlanadi. Rasmiy ekspertiza bosqichida aniqlangan tasnif indekslari talabnoma ekspertizasini oʻtkazish jarayonida oʻzgartirilishi mumkin.
194. Patent boji formuladagi bandlar uchun belgilangan miqdordan kam toʻlanganda patent boji va formulaning mustaqil bandlari sonini muvofiqlashtirish natijasida dastlab formula tarkibida boʻlgan baʼzi bandlar chiqarib tashlanishi mumkin. Bunda qarorda talabnoma faqat tuzatilgan formulaga nisbatan koʻrib chiqishga qabul qilingani koʻrsatiladi.
195. Davlat ekspertizasi davomida formulaga kiritilgan tuzatishlar boshqa foydali modelga oid alohida bandlar paydo boʻlishiga olib kelmasligi kerak, talabnomaning dastlabki materiallarida mavjud foydali model mohiyatini oʻzgartirmagan holda kiritilgan bandlar bundan mustasno.
196. Talabnoma koʻrib chiqish uchun qabul qilinganda, talabnoma ekspertizasi talabnoma topshirilgan sanadan oʻn ikki oy oʻtgandan soʻng ikki oy davomida oʻtkaziladi.
Patent boji belgilangan miqdorda toʻlanganda, talabnoma beruvchi patent boji kelib tushganlik fakti haqida xabardor qilinadi.
Patent boji rasmiy ekspertizaning talabnoma koʻrib chiqishga qabul qilingani toʻgʻrisidagi qarori talabnoma beruvchiga yuborilgan sanadan eʼtiboran uch oy ichida toʻlanadi. Koʻrsatilgan muddat oʻtkazib yuborilgan taqdirda, talabnoma chaqirib olingan deb hisoblanadi.
197. Patent boji rasmiy ekspertizaning talabnoma koʻrib chiqishga qabul qilingani toʻgʻrisidagi qarori talabnoma beruvchiga yuborilgan sanadan eʼtiboran uch oy ichida toʻlanadi. Koʻrsatilgan muddat oʻtkazib yuborilgan taqdirda, talabnoma chaqirib olingan deb hisoblanadi va talabnoma beruvchiga bu toʻgʻrisida xabarnoma yuboriladi.
198. Talabnoma ekspertizasini oʻtkazish uchun patent boji belgilangan miqdordan kam toʻlanganda, patent bojini formulaning mustaqil va bogʻliq bandlari soniga uch oy ichida muvofiqlashtirish zarurligi haqida xabarnoma yuboriladi. Bunda talabnoma beruvchi ekspertiza oʻtkazilishi kerak boʻlgan foydali modellarga tegishli formula bandlarini koʻrsatadi yoki ekspertiza oʻtkazilmaydigan bandlar chiqarib tashlangan formulani taqdim etadi yoxud qoʻshimcha patent boji toʻlovini amalga oshiradi.
199. Talabnoma foydali modellar guruhiga oid boʻlganda, talabnoma ekspertizasi talabnoma beruvchi tomonidan tanlangan bandlar yuzasidan yoki tanlangan bandlar haqida belgilangan muddatda xabar berilmaganda, formulaning birinchi boʻlib koʻrsatilgan bandlari yuzasidan oʻtkaziladi.
200. Talabnoma beruvchi foydali model uchun talabnomani ixtiro uchun talabnomaga oʻzgartirganda, talabnomaning foydali model uchun talabnoma sifatida koʻrib chiqilishi toʻxtatiladi.
201. Talabnoma ekspertizasi doirasida quyidagilar amalga oshiriladi:
foydali model ustuvorligini belgilash, agar u Qonunning 18-moddasi ikkinchi — toʻrtinchi qismlariga koʻra soʻralsa;
foydali model formulasini mazkur Reglamentning 94 — 120-bandlarida keltirilgan talablarga muvofiqligini tekshirish;
qoʻshimcha materiallarni mazkur Reglamentning 268 — 275-bandlariga muvofiq tekshirish;
talabnomaning dastlabki materiallarida yoki talabnomani koʻrib chiqishda eʼtiborga olingan qoʻshimcha materiallarda keltirilgan formulada taʼriflangan foydali modelning patentga layoqatlilik shartlariga muvofiqligini tekshirish.
202. Talabnomaning ustuvorligi talabnoma vakolatli organga topshirilgan sana boʻyicha belgilanadi.
Talabnomada foydali modelning ustuvorligi Qonunning 18-moddasi ikkinchi — toʻrtinchi qismlariga koʻra soʻralmaganda, ustuvorlik tartibida ariza, tavsif, formula va chizmalar (agar ular foydali model mohiyatini tushunish uchun zarur boʻlsa) boʻlgan talabnoma vakolatli organga topshirilgan sana boʻyicha belgilanadi.
https://neolex.uz/uz/laws/law-8269366
