24-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligining shaharsozlik renovatsiyasi sohasidagi vakolatlari
Shaharsozlik renovatsiyasi toʻgʻrisida (O‘RQ-1149-son) · Sana: 10.06.2026 · Amalda
Oʻzbekiston Respublikasi Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi:
koʻchmas mulk obyektlarining texnik holatini aniqlash komissiyalarining xulosasi asosida tegishli yer uchastkalaridagi eskirgan, yashash va foydalanish uchun yaroqsiz boʻlib, avariya holatiga kelib qolgan uy-joylar reyestrini tuzadi, kelgusida ularni shaharsozlik renovatsiyasi dasturlariga kiritish yuzasidan takliflar tayyorlaydi;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari hamda manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda:
shaharsozlik renovatsiyasi dasturlarini amalga oshirish uchun zarur boʻlgan shaharsozlik hujjatlarini ularni amalga oshirish uchun belgilangan muddatlarga muvofiq ishlab chiqilishini taʼminlaydi;
shaharsozlik renovatsiyasi dasturlarini ularni amalga oshirish uchun belgilangan bosqichlar hamda muddatlarga muvofiq ishlab chiqadi va amalga oshiradi;
shaharsozlik hujjatlarining ishlab chiqilishini, tasdiqlanishini, amalga oshirilishini va bajarilishini nazorat qiladi;
uy-joy fondining texnik holatini va shaharsozlik hujjatlarini hisobga olgan holda uy-joyni buzish muddatini, navbatini belgilashda ishtirok etadi;
tasdiqlangan shaharsozlik hujjatlari doirasida shaharsozlik renovatsiyasi dasturlariga muvofiq turar va noturar joy toifasidagi obyektlarning, muhandislik infratuzilmasi obyektlarining qurilishi jarayonini monitoring qiladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
