40-modda. Ekspert fikri
Sud-ekspertlik faoliyati toʻgʻrisida (O‘RQ-1152-son) · Sana: 11.06.2026 · Amalda
Sud-ekspertlik tuzilmalarining sud ekspertlari jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlariga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadigan roʻyxatga koʻra shartnoma asosida, shuningdek tezkor-qidiruv faoliyati hamda xizmat tekshiruv doirasidagi soʻrovnomalarga muvofiq mavjud sud ekspertizasi turlari boʻyicha tadqiqotlar oʻtkazishi mumkin. Bunda tadqiqot natijalari yuzasidan yozma ravishda ekspert fikri beriladi.
Ekspert yoki ekspertlar komissiyasi tadqiqotlarni oʻtkazib boʻlganidan keyin tegishincha ekspert yoxud ekspertlar komissiyasi tarkibiga kiruvchi har bir ekspert imzosi bilan tasdiqlangan ekspert fikrini rasmiylashtiradi.
Ekspert fikrida:
tadqiqot oʻtkazilgan sana va joy;
tadqiqot oʻtkazishning asosi;
tadqiqot buyurtmachisi (yuridik yoki jismoniy shaxs) toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
ekspert (uning familiyasi, ismi, otasining ismi, maʼlumoti, ixtisosligi, ish staji, ilmiy darajasi, ilmiy unvoni, egallab turgan lavozimi) va tadqiqot oʻtkazish topshirilgan muassasa yoki tashkilot haqidagi maʼlumotlar;
ekspert oldiga hal etish uchun qoʻyilgan savollar;
ekspertga taqdim etilgan tadqiqot obyektlari va hujjatlari;
qoʻllanilgan usullar koʻrsatilgan holda, tadqiqotlarning mazmuni va natijalari, shuningdek agar ekspertlar komissiyasi ishlagan boʻlsa, bu tadqiqotlarning kim tomonidan oʻtkazilganligi;
tadqiqot natijalarining baholanishi, qoʻyilgan savollarga berilgan asosli javoblar.
Tadqiqot natijalarini tasvirlovchi materiallar ekspert fikrida aks ettiriladi yoki unga ilova qilinadi hamda uning tarkibiy qismi boʻlib xizmat qiladi. Tadqiqotlarning oʻtkazilishi, shart-sharoitlari va natijalarini hujjatlashtiradigan materiallar sud-ekspertlik tuzilmalarida yoki boshqa tashkilotda qonunchilikda belgilangan muddatlarda saqlanadi.
Tadqiqot oʻtkazilishi tugaganidan keyin ekspert fikri, tadqiqot obyektlari va hujjatlar tadqiqot buyurtmachisiga (yuridik yoki jismoniy shaxsga) yuboriladi.
Sud-ekspertlik tuzilmasi ekspert fikrini taqdim etishda shartnoma talablarini bajarmaganligi yoki lozim darajada bajarmaganligi uchun qonunchilik hujjatlariga muvofiq javobgar boʻladi.
