34-modda. Qoʻshimcha va qayta sud ekspertizalari
Sud-ekspertlik faoliyati toʻgʻrisida (O‘RQ-1152-son) · Sana: 11.06.2026 · Amalda
Qoʻshimcha sud ekspertizasi xulosadagi boʻshliqlarning oʻrnini toʻldirish uchun tayinlanadi va shu yoki boshqa sud eksperti (sud ekspertlari komissiyasi) tomonidan oʻtkaziladi.
Xulosa asoslantirilmaganda yoki uning toʻgʻriligiga shubha tugʻilganda yoxud unga asos qilib olingan dalillar ishonchli emas deb topilganda yoki sud ekspertizasini oʻtkazishning protsessual qoidalari jiddiy buzilganda, qayta sud ekspertizasi tayinlanadi. Bunda qayta sud ekspertizasi birinchi (oldingi) sud ekspertizasi xulosasi berilgan obyektlarga nisbatan avval qoʻyilgan savollar yuzasidan tayinlanishi shart.
Qayta sud ekspertizasi tayinlanganda sud eksperti (sud ekspertlari komissiyasi) oldiga ilgari qoʻllanilgan tadqiqot usullarining ilmiy asoslantirilganligi toʻgʻrisidagi masala qoʻyilishi mumkin.
Qayta sud ekspertizasini tayinlash toʻgʻrisidagi qarorda yoki ajrimda qayta sud ekspertizasini tayinlagan organning (shaxsning) birinchi (oldingi) sud ekspertizasi xulosasiga qoʻshilmaganligi sabablari koʻrsatilishi lozim.
Qayta sud ekspertizasini oʻtkazish boshqa sud ekspertiga (sud ekspertlari komissiyasiga) topshiriladi. Birinchi (oldingi) sud ekspertizasini oʻtkazgan sud eksperti (sud ekspertlari komissiyasi) qayta sud ekspertizasini oʻtkazishda hozir boʻlishi va tushuntirishlar berishi mumkin, lekin u tadqiqot oʻtkazish va xulosa tuzishda ishtirok etmaydi.
Qayta sud ekspertizasi muayyan sud ekspertizasi mutaxassisligi (turi) boʻyicha, qoida tariqasida, kamida uch yil ish stajiga ega boʻlgan sud ekspertlari tomonidan oʻtkaziladi.
Agar bir vaqtning oʻzida ham qoʻshimcha ham qayta sud ekspertizasini tayinlash uchun asoslar yuzaga kelsa, qayta va qoʻshimcha ekspertizalar alohida-alohida tayinlanadi.
