3-modda. Asosiy tushunchalar
Sud-ekspertlik faoliyati toʻgʻrisida (O‘RQ-1152-son) · Sana: 11.06.2026 · Amalda
Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
davlat sud eksperti — davlat sud-ekspertiza muassasasining oʻz xizmat vazifalarini bajarish tartibida sud ekspertizasini oʻtkazuvchi sud eksperti;
ish — sud ekspertizasi tayinlangan fuqarolik, iqtisodiy, jinoyat ishi (shu jumladan tergovga qadar tekshiruv materiallari), maʼmuriy sud ishlari va maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ishlar, shuningdek tezkor-qidiruv faoliyati, xizmat tekshiruvi hamda jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari yuzasidan toʻplangan hujjatlar;
maxsus bilim — maxsus tayyorgarlikdan oʻtish va (yoki) kasbiy malaka yoxud tajriba orqali oʻzlashtiriladigan hamda fan, texnika, sanʼat, hunar sohasidagi nazariy bilimlar va amaliy koʻnikmalar majmui;
nodavlat sud eksperti — nodavlat sud-ekspertiza tashkilotida yoki sud-ekspertlik byurosida faoliyat yurituvchi va maʼlum bir ekspertiza turi yuzasidan sud ekspertizasini oʻtkazuvchi sud eksperti;
sud eksperti — xulosa berish uchun maxsus bilimlarga ega boʻlgan, belgilangan tartibda sud eksperti sifatida jalb qilingan jismoniy shaxs;
sud ekspertizasi — tergovga qadar tekshiruv, fuqarolik, iqtisodiy, jinoyat, maʼmuriy sud ishlari va maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ish holatlarini aniqlashga qaratilgan hamda sud eksperti tomonidan maxsus bilimlar asosida sud-ekspertiza tadqiqotlarini oʻtkazish va xulosa berishdan iborat boʻlgan protsessual harakat;
sud ekspertining malakasi — maʼlum bir turdagi ekspertiza obyektlarini oʻrganish uchun maxsus tayyorgarlikdan oʻtish orqali kasbiy maʼlumotga ega boʻlgan shaxs tomonidan oʻzlashtirilgan nazariy bilimlar, amaliy koʻnikmalar darajasi;
sud-ekspertlik tuzilmalari — davlat sud-ekspertiza muassasasi, nodavlat sud ekspertiza tashkiloti, sud ekspertlik byurosi, oʻz faoliyatining yoʻnalishi boʻyicha sud-ekspertlik faoliyatini amalga oshiruvchi ilmiy va oliy taʼlim tashkilotlari;
sud ekspertining xulosasi (xulosa) — sud eksperti yoki sud ekspertlari komissiyasi tomonidan tuziladigan hamda sud-ekspertiza tadqiqotlarining olib borilishini va natijalarini aks ettiradigan yozma yoki elektron hujjat;
ekspert fikri — jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlariga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadigan roʻyxatga koʻra shartnoma asosida, shuningdek tezkor-qidiruv faoliyati hamda xizmat tekshiruvi doirasidagi soʻrovnomalarga muvofiq sud ekspertizasi turlari boʻyicha sud-ekspertiza tadqiqotlarining natijalari aks ettirilgan hujjat.
