22-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Ekspert-malaka komissiyasi
Sud-ekspertlik faoliyati toʻgʻrisida (O‘RQ-1152-son) · Sana: 11.06.2026 · Amalda
Nodavlat sud eksperti malakasini olishga talabgor boʻlgan shaxslarning professional darajasini aniqlash hamda ularga sud eksperti malakasini berish boʻyicha qaror qabul qilish, shuningdek ularni davriy attestatsiyadan oʻtkazish, Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligining taqdimnomalarini koʻrib chiqish hamda sud ekspertizasini oʻtkazish huquqini beruvchi sertifikatning amal qilishini toʻxtatib turish va bekor qilish bilan bogʻliq ishlarni koʻrib chiqish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzurida Ekspert-malaka komissiyasi (bundan buyon matnda Ekspert-malaka komissiyasi deb yuritiladi) tashkil etiladi.
Ekspert-malaka komissiyasining tarkibi sud-ekspertlik tuzilmalarining tajribali sud ekspertlaridan, olimlardan hamda jamoat tashkilotlarining, tegishli vazirliklar va idoralarning vakillaridan iborat tarkibda shakllantiriladi. Bunda har bir tashkilot hamda muassasadan bir nafardan ortiq aʼzoning ishtirok etishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
Ekspert-malaka komissiyasining tarkibi Oʻzbekiston Respublikasi adliya vaziri tomonidan tasdiqlanadi.
Ekspert-malaka komissiyasi raisining davlat sud-ekspertiza muassasasi vakillari orasidan tayinlanishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
Ekspert-malaka komissiyasi:
malaka imtihonlarini oʻtkazadi va ularning natijalarini tasdiqlaydi;
sud ekspertizasini oʻtkazish huquqini beruvchi sertifikat berish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi;
nodavlat sud ekspertlarining attestatsiyadan oʻtkazilishini tashkil etadi;
Sud ekspertlarining davlat reyestriga kiritish toʻgʻrisidagi arizalarni koʻrib chiqadi;
jismoniy va yuridik shaxslarning nodavlat sud ekspertlari faoliyati yuzasidan kelib tushgan murojaatlarini koʻrib chiqadi;
nodavlat sud ekspertlarining qonunga xilof harakatlari bilan bogʻliq holatlarni koʻrib chiqadi;
nodavlat sud ekspertining sud ekspertizasini oʻtkazish huquqini beruvchi sertifikatining amal qilishini toʻxtatib turish haqida yoki bekor qilish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi.
Ekspert-malaka komissiyasining malaka imtihonlarini oʻtkazish boʻyicha yigʻilishlari rasmiy veb-saytlarda real vaqt rejimida namoyish etiladi.
Ekspert-malaka komissiyasining nodavlat sud ekspertlarining qonuniy faoliyatiga toʻsqinlik qilishi yoki aralashishi taqiqlanadi.
Nodavlat sud ekspertlarining sud ekspertizasini oʻtkazish huquqini beruvchi sertifikatini berish, uning amal qilishini toʻxtatib turish yoki bekor qilish hamda Ekspert-malaka komissiyasini tashkil etish va uning faoliyat yuritish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
