13-modda. Sud ekspertiga nisbatan qoʻyiladigan kasbiy va malakaviy talablar
Sud-ekspertlik faoliyati toʻgʻrisida (O‘RQ-1152-son) · Sana: 11.06.2026 · Amalda
Davlat va nodavlat sud eksperti lavozimini oliy maʼlumotga ega boʻlgan, muayyan sud-ekspert ixtisosligi boʻyicha tayyorgarlikdan oʻtgan hamda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan tartibda sud ekspertizasini oʻtkazish huquqini beruvchi tegishli guvohnomaga (sertifikatga) ega boʻlgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi egallashi mumkin.
Sud ekspertizasini oʻtkazish huquqini beruvchi tegishli guvohnomaga (sertifikatga) ega boʻlgan davlat va nodavlat sud eksperti tomonidan baholash yoʻnalishidagi tadqiqotlarni amalga oshirish uchun baholovchining malaka sertifikatiga ega boʻlish talab etilmaydi.
Nodavlat sud ekspertlarining kasbiy malakasi darajasini aniqlash hamda ularning bilimlari va koʻnikmalarini muntazam ravishda oshirib borishni taʼminlash maqsadida ular har uch yilda bir marotaba attestatsiyadan oʻtkaziladi, bundan sud-ekspertlik faoliyatini yigirma yildan ortiq muddat amalga oshirgan nodavlat sud ekspertlari mustasno.
Sud ekspertizasining muayyan turi boʻyicha sud eksperti sifatida kamida besh yillik ish stajiga ega boʻlgan shaxslar yoxud soʻnggi ikki yil davomida davlat sud-ekspertiza tashkilotlarida sud eksperti sifatida uzluksiz ishlab kelayotgan shaxslar nodavlat sud eksperti boʻlish uchun sud ekspertizasini oʻtkazish huquqini beruvchi tegishli sertifikatni olish maqsadida qayta tayyorlashdan oʻtmasdan imtihonga qoʻyiladi.
Sud eksperti sifatida jalb etiladigan oʻz faoliyat yoʻnalishi boʻyicha sud-ekspertlik faoliyatini amalga oshiruvchi ilmiy va oliy taʼlim tashkilotining, boshqa tashkilotning xodimi va jismoniy shaxs oliy maʼlumotga, alohida hollarda esa oʻrta maxsus, kasb-hunar yoki professional taʼlim maʼlumotiga ega boʻlishi lozim.
Baholash toʻgʻrisidagi hisobotlarda qoʻllanilgan usullarning ilmiy jihatdan asoslanganligi nuqtai nazaridan sud ekspertizasining kamida uch yil ish stajiga ega boʻlgan sud ekspertlari tomonidan oʻtkazilishiga yoʻl qoʻyiladi.
