Sanoat usulidagi intensiv mevali bogʻlar barpo etish va eskirgan bogʻlarni yangilashni qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida (PF-108-son)
09.06.2026
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI PREZIDENTINING
FARMONI
Iqtisodiy jihatdan samarasiz, kam hosilli bogʻ va tokzorlarni (keyingi oʻrinlarda — eskirgan bogʻlar) yangilash, sanoat usulidagi intensiv bogʻ va tokzorlarni (keyingi oʻrinlarda — sanoatlashgan bogʻlar) barpo etish orqali qoʻshimcha qiymatli mahsulotlar yaratish, sanoatlashgan bogʻlarni oqilona va aniq hisob-kitoblar asosida joylashtirish maqsadida qaror qilaman:
I. Asosiy maqsad
1. Mazkur Farmonni qabul qilishdan koʻzlangan asosiy maqsad etib 2026 — 2028-yillarda 172 ming gektar sanoatlashgan bogʻlar barpo etish belgilansin.
II. Eskirgan bogʻlarni yangilash va sanoatlashgan bogʻlarni barpo etish parametrlari va mexanizmlari
2. Quyidagilar:
(a) Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlarda 2026 — 2028-yillarda sanoatlashgan bogʻlarni barpo etish tadbirlariga biriktirilgan masʼullar roʻyxati 1-ilovaga muvofiq;
(b) Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlarda 2026 — 2028-yillarda sanoatlashgan bogʻlarni barpo etish reja-grafigi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga koʻra:
(a) 2026-yil 1-iyuldan boshlab 5 gektar va undan ortiq yer uchastkalarida eskirgan bogʻlarni yangilash va sanoatlashgan bogʻlarni barpo etish tadbirkorlik subyektlarining murojaatlari boʻyicha va ularning takliflari asosida 15 kungacha boʻlgan muddatda begʻaraz asosda Agrosanoatni rivojlantirish agentligi tomonidan (keyingi oʻrinlarda — Agentlik) ishlab chiqiladigan texnik shartlar yoki texnik-iqtisodiy asosga (keyingi oʻrinlarda — bogʻ yaratishga doir hujjatlar) muvofiq;
(b) Agentlik, Kosmik tadqiqotlar va texnologiyalar agentligi hamda tuman (shahar) hokimliklari tomonidan eskirgan bogʻlarni yangilash va sanoatlashgan bogʻlarni barpo etish boʻyicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarning monitoringi 3-ilovaga muvofiq sxema asosida amalga oshiriladi;
(v) bogʻ yaratishga doir hujjatlarda belgilangan chora-tadbirlarni bajarish natijasida sanoatlashgan bogʻlarni yaratishdan koʻzlangan maqsadga erishilmaganda, tadbirkorlik subyektlariga nisbatan javobgarlik choralari qoʻllanilmaydi va ular tomonidan qilingan xarajatlar Agentlik tomonidan qoplab beriladi.
4. Belgilansinki, 2026-yil 1-iyuldan boshlab:
(a) eskirgan bogʻlarni yaroqsiz deb topish, ular oʻrnida sanoatlashgan bogʻlar barpo etish yoki haydaladigan yerlar turiga oʻtkazish toʻgʻrisida xulosani (keyingi oʻrinlarda — xulosa) qabul qilish vakolati Agentlikka ham beriladi;
(b) Agentlik tomonidan xulosa berilgan sanadan boshlab:
(i) 12 oy davomida yangi bogʻ va tokzorlar barpo etilmagan taqdirda, ushbu bogʻlar joylashgan maydonlar uchun yer soligʻi va suvdan foydalanganlik uchun soliq stavkalari 3 baravarga oshiriladi;
(ii) 24 oy davomida yangi bogʻ va tokzorlar barpo etilmagan taqdirda, ushbu bogʻlar joylashgan maydonlarda suv olish taqiqlanadi.
5. Aholi tomorqasi va dehqon xoʻjaliklarining yer maydonlaridagi eskirgan bogʻlarni yangilash sxemasi 4-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
III. Eskirgan bogʻlarni yangilash va sanoatlashgan bogʻlarni barpo etishni moliyaviy qoʻllab-quvvatlash choralari va imtiyozlar
6. 2026-yil 1-iyuldan boshlab bogʻ yaratishga doir hujjatlar asosida eskirgan bogʻlarni yangilash va sanoatlashgan bogʻlarni barpo etishni moliyaviy qoʻllab-quvvatlashning quyidagi choralari joriy etilsin:
(a) tijorat banklari orqali 7 yil muddatga 3 yillik imtiyozli davr bilan yillik 14 foiz stavkada (shundan, bank marjasi 4 foiz) milliy valyutada har bir gektarga 120 million soʻmgacha miqdorda kreditlar. Bunda kredit taʼminoti sifatida quyidagilar taqdim etiladi:
(i) bozor bahosi qiymatida yer uchastkasiga boʻlgan ijara huquqi. Bunda ijara shartnomasi shartlarida garovga qoʻyishga taqiq mavjud boʻlmasa, ijarachi (yer egasi)ga ijara huquqini hokimlik va boshqa davlat idoralari bilan kelishmasdan garovga qoʻyish huquqi beriladi;
(ii) qarz oluvchi tomonidan likvidli mol-mulk, kreditni qaytarmaslik xatarlaridan sugʻurta polisi va boshqa turdagi garov taʼminoti;
(b) mazkur bandning “a” kichik bandida nazarda tutilgan kreditlar boʻyicha tegishli yildagi toʻlovlarni tegishli yilning 31-dekabriga qadar qaytargan tadbirkorlik subyektlariga ushbu kredit boʻyicha toʻlangan foiz toʻlovlarining 5 foizlik punkti Agrar sohada toʻlovlar agentligi tomonidan kompensatsiya qilish tartibi joriy etiladi;
(v) xalqaro moliya institutlaridan meva-sabzavotchilik sohasi uchun jalb qilingan resurslar hisobidan ochilgan kredit liniyalaridan tadbirkorlik subyektlariga milliy valyutada ajratiladigan kreditlar boʻyicha yillik stavka 14 foiz (shundan, bank marjasi 4 foiz) etib belgilanadi;
(g) xorijiy davlatlardan “in-vitro” usulida yetishtirilgan va sertifikatga ega mevali koʻchatlarni import qilish uchun tadbirkorlik subyektlariga tijorat banklari orqali 18 oygacha muddatga milliy valyutada yillik 14 foiz stavkada (shundan, bank marjasi 4 foiz), har bir mevali koʻchat uchun 5 AQSH dollarigacha ekvivalentida kreditlar ajratiladi;
(d) mazkur bandning “a” kichik bandida nazarda tutilgan kredit, shuningdek, 2025-yil 1-sentabrdan keyin tadbirkorlik subyektlarining oʻz mablagʻi yoki boshqa mablagʻlar hisobidan barpo etilgan sanoatlashgan bogʻlarni parvarishlash xarajatlarini qoplashga boshlangʻich uch yil davomida har yil yakunida Agentlikning xulosasi asosida har bir gektar uchun 5 million soʻm miqdorida Agrar sohada toʻlovlar agentligi tomonidan subsidiya beriladi.
7. 2027-yildan boshlab “Uzagrostar xolding” kompaniyasi muassisligidagi ixtisoslashgan kompaniyalar (keyingi oʻrinlarda — ixtisoslashgan kompaniyalar) tomonidan yuridik shaxslar ustav kapitalida ishtirok etish orqali tadbirkorlik subyektlari bilan sanoatlashgan intensiv bogʻ yaratish boʻyicha investitsiya loyihalari amalga oshirilsin. Bunda:
(a) ixtisoslashgan kompaniyalar tadbirkorlik subyektining ustav kapitalida loyiha miqdorining 50 foizigacha boʻlgan miqdorda mevali koʻchatlar yoki loyiha doirasida foydalaniladigan asosiy vositalar koʻrinishida ulushdor boʻlib ishtirok etadi, qolgan qismida tadbirkorlik subyekti yer uchastkasiga boʻlgan ijara huquqi va loyiha doirasida foydalaniladigan boshqa mol-mulk bilan ishtirok etadi;
(b) tadbirkorlik subyekti kiritayotgan ulushining 150 foizi miqdorida koʻchmas mulk yoki bank kafolati koʻrinishida garov taʼminoti taqdim etilgandan soʻng ulush kiritilishi amalga oshiriladi;
(v) ixtisoslashgan kompaniyalar tomonidan kiritilgan ulush qayta baholanmagan holda 7 yil davomida tadbirkorlik subyektiga yoki boshqa salohiyatli investorlarga realizatsiya qilinadi va ushbu ulush toʻliq sotib olingandan keyin garov tadbirkorlik subyektiga qaytariladi;
(g) ixtisoslashgan kompaniyalar tomonidan Agentlikning ijobiy xulosasi mavjud boʻlgan, kamida ikki yil faoliyat yuritgan va yillik daromadi besh milliard soʻmdan kam boʻlmagan, ijobiy kredit tarixiga ega, kredit hamda soliq toʻlovlaridan muddati oʻtgan qarzdorligi mavjud boʻlmagan tadbirkorlik subyektlari ustav kapitaliga ulush kiritiladi.
8. Joriy yildan boshlab mazkur Farmonga muvofiq resurslar hisobidan tijorat banklari tomonidan sanoatlashgan bogʻlarda ishlatiladigan suvni tejaydigan sugʻorish texnologiyalari, mevali koʻchatlar va qishloq xoʻjaligi texnikalarini xarid qilish (shu jumladan, ularni joriy etish yoki ekish xizmatlari) uchun islomiy moliya operatsiyalarini (tovarni nasiyaga sotish kabi) koʻrsatish yoʻlga qoʻyilsin.
9. 2026-yil 1-avgustdan boshlab zamonaviy suv tejovchi texnologiyalar joriy qilingan sanoatlashgan bogʻlarda burgʻilangan quduqlardan olingan suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq stavkasi besh yil muddatga 1 soʻm miqdorida belgilansin.
10. Iqtisodiyot va moliya vazirligi Soliq qoʻmitasi bilan birgalikda bir oy muddatda mazkur Farmonning 9-bandidan kelib chiqib, Soliq kodeksiga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritishni nazarda tutuvchi qonun loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
IV. Moliyaviy resurslar
11. Belgilansinki, bogʻ yaratishga doir hujjatlar asosida sanoatlashgan bogʻ barpo qiladigan tadbirkorlik subyektlariga 5-ilovaga muvofiq moliyaviy qoʻllab-quvvatlash paketi taqdim etiladi.
12. Iqtisodiyot va moliya vazirligi:
(a) mazkur Farmonning 6-bandi “a” va “g” kichik bandlarida nazarda tutilgan kreditlarni moliyalashtirish uchun tijorat banklarining buyurtmasiga asosan 7 yil muddatda qaytarish sharti bilan:
(i) 2026-yilda — respublika budjetining 2026-yil I choragi yakuni boʻyicha daromadlarning rejadan oshirib bajarilgan qismi hisobidan 300 milliard soʻm ajratsin;
(ii) 2027-yildan boshlab — respublika budjetida har yili 500 milliard soʻm ajratishni rejalashtirsin;
(b) mazkur Farmonning 6-bandi “b” va “d” kichik bandlarida nazarda tutilgan kompensatsiya va subsidiyalarni moliyalashtirish uchun:
(i) respublika budjetining 2026-yil I choragi yakuni boʻyicha daromadlarning rejadan oshirib bajarilgan qismi hisobidan 20 milliard soʻm miqdoridagi mablagʻlarni Agrar sohada toʻlovlar agentligining talabnomasiga binoan ajratsin;
(ii) 2027-yildan boshlab haqiqiy talabdan kelib chiqib, zarur mablagʻlarni respublika budjetida koʻzda tutsin;
(v) mazkur Farmonning 8-bandida nazarda tutilgan islomiy moliya operatsiyalari uchun:
(i) tijorat banklarining buyurtmasiga asosan 7 yil muddatda qaytarish sharti bilan respublika budjetining 2026-yilda Agentlikka ajratilishi rejalashtirilgan budjet ssudasini maqbullashtirish hisobiga 100 milliard soʻm ajratsin;
(ii) 2027-yildan boshlab haqiqiy talabdan kelib chiqib, zarur mablagʻlarni respublika budjetida koʻzda tutsin;
(g) Agentlik tomonidan respublika hududida sanoatlashgan bogʻlar yaratish loyihalarini moliyalashtirish uchun:
(i) respublika budjetining 2026-yil I choragi yakuni boʻyicha daromadlarning rejadan oshirib bajarilgan qismi hisobidan 100 milliard soʻm miqdoridagi mablagʻlarni Agrosanoatni rivojlantirish va qoʻllab-quvvatlash davlat maqsadli jamgʻarmasiga ajratsin;
(ii) 2027-yildan boshlab — respublika budjetida har yili 150 milliard soʻm ajratishni rejalashtirsin.
13. Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Agentlik va Savdo-sanoat palatasining Agrosanoatni rivojlantirish va qoʻllab-quvvatlash davlat maqsadli jamgʻarmasiga ajratilgan quyidagi mablagʻlarning soʻndirish muddatini 2028-yil 1-iyulga qadar uzaytirish va uzaytirilgan muddat davomida ushbu qarzdorlik summalariga foiz, penya va boshqa jarimalar hisoblamaslik toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin:
(a) Davlat budjeti hisobidan ajratilgan budjet ssudasi boʻyicha 333,8 mlrd soʻm miqdoridagi qarzdorlik;
(b) “Savdoni rivojlantirish kompaniyasi” AJ tomonidan ajratilgan 9 million AQSH dollari miqdoridagi qarzdorliklarni (asosiy, hisoblangan foiz va penyalar). Bunda Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi tomonidan “Savdoni rivojlantirish kompaniyasi” AJga ajratilgan 9 million AQSH dollari miqdoridagi mablagʻlarni qaytarish muddati mutanosib ravishda uzaytirilsin hamda uzaytirilgan muddat davomida mazkur mablagʻlar boʻyicha foiz, penya va boshqa jarimalar hisoblanmasin.
14. Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Agentlik, “Savdoni rivojlantirish kompaniyasi” AJ bir hafta muddatda mazkur Farmonning 13-bandida nazarda tutilgan qarzdorliklar boʻyicha tegishli shartnomalarga oʻzgartirishlar kiritilishini taʼminlasin.
V. Farmon ijrosini tashkil etish, taʼminlash va nazorat
15. Agentlikning Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlar boʻlimlari Sanoatlashgan intensiv bogʻ va uzumzorlarni rivojlantirish boʻyicha loyiha ofislari (keyingi oʻrinda — loyiha ofislari) etib qayta nomlansin. Bunda:
(a) loyiha ofislari faoliyati alohida yuridik shaxs tashkil etmagan holda yoʻlga qoʻyiladi;
(b) Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 12-maydagi “Oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi, fitosanitariya va veterinariya sohalarida yagona davlat boshqaruvi va nazorat tizimini joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-84-son Farmoni bilan Qishloq xoʻjaligi vazirligiga oʻtkazilgan shtat birliklari hisobidan loyiha ofislariga qoʻshimcha 4 tadan shtat birliklari ajratiladi;
(v) Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisining hamda viloyatlar hokimlarining qishloq va suv xoʻjaligi masalalari boʻyicha oʻrinbosarlari loyiha ofislari bilan birgalikda tegishli hududda eskirgan bogʻlarni yangilashga, sanoatlashgan bogʻlarni barpo etish ishlarini tizimli ravishda tashkil etishga, bogʻ va tokzorlar boʻyicha statistik maʼlumotlar sifatli shakllantirilishiga masʼul hisoblanadi.
16. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 19-maydagi “Soliq organlari faoliyatini institutsional jihatdan takomillashtirish va soliq maʼmuriyatchiligida zamonaviy yondashuvlarni joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-95-son Farmoni bilan tuman fermerlari kengashi huzuridagi Fermer xoʻjaliklarida buxgalteriya hisobi va hisobotini yuritish markazlari “Soliq servis” AJ tasarrufiga oʻtkazilishi belgilanganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
17. Belgilansinki:
(a) 2026-yil 1-iyuldan boshlab Fermer xoʻjaliklarida buxgalteriya hisobi va hisobotini yuritish markazlarining agronom shtat birliklari Agentlikning tuman (shahar) loyiha ofislariga oʻtkaziladi;
(b) Agentlik yangi oʻtkazilayotgan agronom shtat birliklarining vakant oʻrinlarini malakali agronomlar bilan toʻldirish, xalqaro ekspertlarni jalb qilgan holda agronomlar malakasini oshirish choralarini koʻradi;
(v) tegishli hududda eskirgan bogʻlarni aniqlash, ularning egalariga bogʻlarni yangilash hamda samaradorligini oshirish boʻyicha sifatli maslahat xizmatlarini koʻrsatish loyiha ofislari hamda ularga oʻtkazilgan agronomlarning asosiy vazifalari hisoblanadi.
18. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga koʻra 2026-yil 1-avgustdan boshlab:
(a) Agentlik yangi mevali koʻchat navlarini (klonlarni) sotishga ixtisoslashtirilgan xorijiy seleksiya markazlari bilan muzokaralar oʻtkazish, Oʻzbekiston ehtiyoji uchun zarur mevali koʻchat navlarini tanlash hamda tashabbuskorlar bilan mevali daraxtlar koʻchatlarini olib kelishni tashkil qiladi;
(b) Oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi qoʻmitasi olib kelinishi rejalashtirilgan yangi mevali koʻchat navlarini (klonlarni) import qilish masalasida xorijiy davlatlar milliy karantin tashkilotlari bilan muzokaralar olib boradi va import fitosanitariya talablariga muvofiqligini nazoratdan oʻtkazadi;
(v) Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Agentlik manfaatdor tashkilotlar hamda tadbirkorlik subyektlari bilan birgalikda xalqaro tajriba asosida respublikada mavjud “in-vitro” laboratoriyalari va koʻchatxonalari imkoniyatlarini kengaytirish va ularning sonini koʻpaytirishga doir sharoitlar (subsidiyalash va ragʻbatlantirish mexanizmlarini) yaratish choralarini koʻrib boradi.
19. Agentlik:
(a) ikki oy muddatda (2027-yildan boshlab har yili 1-fevralga qadar) tumanlar kesimida tegishli hududga mos koʻchat navlari va ularning texnik parametrlari toʻgʻrisidagi tavsiyaviy xarakterga ega maʼlumotlarni Agentlik va tuman hokimliklarining rasmiy veb-saytlari, Agroportal va ijtimoiy tarmoqlarda eʼlon qilib borsin;
(b) “Uzagrostar xolding” kompaniyasi, Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Raqamli texnologiyalar vazirligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari bilan birgalikda 2026-yil 1-avgustga qadar:
(i) sanoatlashgan bogʻlar, shu jumladan, ularda joriy qilingan zamonaviy suv tejovchi texnologiyalar va burgʻilangan quduqlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni “Raqamli qishloq xoʻjaligi” yagona integratsion platformasiga toʻliq kiritish va ular boʻyicha maʼlumotlar bazasini shakllantirish;
(ii) “Raqamli qishloq xoʻjaligi” yagona integratsion platformasini soliq organlarining axborot tizimlari bilan integratsiya qilish;
(iii) sunʼiy intellekt asosida hosildorlikni prognozlash, kasallik va zararkunandalarni erta aniqlash, agrotexnik tadbirlarni rejalashtirish, suv xaritasini ishlab chiqish va avtomatlashtirilgan boshqaruv tizimlari orqali “aqlli bogʻ va tokzor” texnologiyalarini bosqichma-bosqich joriy qilish choralarini koʻrsin.
20. Qishloq xoʻjaligi vazirligi:
(a) Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda loyihada ishtirok etuvchi tijorat banklari bilan birgalikda mazkur Farmonning 6-bandi “v” kichik bandida nazarda tutilgan oʻzgarishlardan kelib chiqib, loyiha hujjatlariga tegishli oʻzgartirishlar kiritsin;
(b) xalqaro moliya institutlari ishtirokida meva-sabzavotchilik sohasida amalga oshirilayotgan loyihalar doirasida jalb qilingan konsultantlar bilan birgalikda bogʻ va tokzorlarda mahsulot yetishtirish, hosilni yigʻish va hosildan keyingi jarayonlarda nobudgarchiliklarning oldini olishga qaratilgan tadbirlar majmuidan iborat qoʻllanmalar ishlab chiqsin hamda qishloq xoʻjaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilari orasida doimiy ravishda targʻibot qilib borsin;
(v) Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan birgalikda mazkur Farmonning 6-bandi “b” va “d” kichik bandlarida nazarda tutilgan kompensatsiya va subsidiyalarni ajratish tartiblarini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin. Bunda sanoatlashgan bogʻlarni parvarishlash xarajatlarini qoplashga taqdim qilinadigan subsidiyani ajratish uchun asos boʻladigan Agentlik tomonidan xulosa berish mezonlari, ijobiy va salbiy xulosa berish holatlari aniq belgilansin.
21. Mazkur Farmonga 1-ilovaga muvofiq masʼullar:
(a) reja-grafikka asosan sanoatlashgan bogʻlarni barpo etish loyihalarini oʻz vaqtida va sifatli amalga oshirishga shaxsan javobgar etib belgilansin;
(b) har oy sanoatlashgan bogʻlarni barpo etish boʻyicha loyiha tashabbuskorlari bilan uchrashuvlar oʻtkazsin, yuzaga kelayotgan masalalarni joyida hal qilish choralarini koʻrib borsin.
22. Bosh prokuratura (Toʻxtaboyev) mazkur Farmonda belgilangan vazifalar ijrosi yuzasidan chora-tadbirlar sifatli va oʻz vaqtida amalga oshirilishi, jumladan, loyiha tashabbuskorlariga qoʻllab-quvvatlash choralari taqdim etilishi va sanoatlashgan bogʻlarni barpo etish ishlari belgilangan muddatlarda amalga oshirilishi ustidan nazorat oʻrnatsin.
23. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining va Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim hujjatlariga 6-ilovaga muvofiq oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.
24. Qishloq xoʻjaligi vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
25. Mazkur Farmon ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsan javobgar etib Bosh vazir oʻrinbosarlari J.A. Xodjayev va J.A. Qoʻchqorov, qishloq xoʻjaligi vaziri I.Yu. Abdurahmonov belgilansin.
26. Farmon ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun masʼul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining agrar rivojlanish masalalari boʻyicha maslahatchisi Sh.M. Gʻaniyev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2026-yil 9-iyun,
PF-108-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 9-iyundagi PF-108-son Farmoniga 1-ILOVA
Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlarda 2026 — 2028-yillarda sanoatlashgan bogʻlarni barpo etish tadbirlariga biriktirilgan masʼullar roʻyxati
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 9-iyundagi PF-108-son Farmoniga 2-ILOVA
Respublikada 2026 — 2028-yillarda sanoatlashgan intensiv bogʻlarni yaratish
REJA-GRAFIGI
Izoh:
* Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 8-maydagi PF-83-son Farmoniga 2-ilovasiga qoʻshimcha ravishda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 24-apreldagi PF-68-son Farmoniga 1-ilovasida belgilangan yer uchastkalari inobatga olingan.
** Agrosanoatni rivojlantirish agentligi tomonidan monitoring natijasida 2027-yil 1-dekabr holatidagi eskirgan bogʻ deb topilgan yer maydonlari asosida parametrlarga aniqlik kiritiladi.
Yer uchastkalarining tumanlar (shaharlar), hududlar va konturlar kesimidagi maydoni oʻlchami Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimlarining qarorlari bilan tasdiqlanadi.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlar kesimidagi yer uchastkalarining maydoni oʻlchamiga Vazirlar Mahkamasi tomonidan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilishi mumkin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 9-iyundagi PF-108-son Farmoniga 3-ILOVA
Agrosanoatni rivojlantirish agentligi, Kosmik tadqiqotlar va texnologiyalar agentligi hamda tuman (shahar) hokimliklari tomonidan eskirgan bogʻlarni yangilash va sanoatlashgan bogʻlarni barpo etish boʻyicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarning monitoringini amalga oshirish sxemasi
* Mazkur ilovadagi tadbirlar Kosmik tadqiqotlar va texnologiyalar agentligiga Davlat budjetidan ajratiladigan mablagʻlar hisobiga amalga oshiriladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 9-iyundagi PF-108-son Farmoniga 4-ILOVA
Aholi tomorqasi va dehqon xoʻjaliklarining yer maydonlaridagi mevali bogʻlarni yangilash
SXEMASI
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 9-iyundagi PF-108-son Farmoniga 5-ILOVA
Bogʻ yaratishga doir hujjatlar asosida sanoatlashgan intensiv bogʻ barpo etadigan tadbirkorlik subyektlariga davlat tomonidan taqdim etiladigan moliyaviy qoʻllab-quvvatlash paketi
Izoh: Tashabbuskorlar qonunchilik hujjatlariga muvofiq boshqa qoʻllab-quvvatlash choralaridan ham foydalanadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 9-iyundagi PF-108-son Farmoniga 6-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim hujjatlariga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 3-iyundagi “Alkogol va tamaki mahsulotlari bozorini tartibga solish hamda ularning noqonuniy aylanmasining oldini olish chora-tadbirlarini kuchaytirish toʻgʻrisida”gi PF-84-son Farmoni 6-bandida:
(a) “b” kichik bandda:
(i) birinchi xatboshidagi “2024-yil 1-iyuldan boshlab, Oʻzbekiston respublika tovar-xomashyo birjasida” soʻzlari “Oʻzbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasi” AJ va “Toshkent tovar xomashyo birjasi” AJ (keyingi oʻrinlarda — tovar xomashyo birjalari)” soʻzlari bilan almashtirilsin;
(ii) uchinchi xatboshidagi “Oʻzbekiston respublika tovar-xomashyo birjasining axborot tizimiga” soʻzlari “tovar-xomashyo birjalarining axborot tizimlariga” soʻzlari bilan almashtirilsin;
(iii) toʻrtinchi xatboshidagi “Oʻzbekiston respublika tovar-xomashyo birjasi” soʻzlari “tovar-xomashyo birjalari” soʻzlari bilan almashtirilsin;
(b) “v” kichik banddagi “Oʻzbekiston respublika tovar-xomashyo birjasining axborot tizimiga” soʻzlari “tovar-xomashyo birjalarining axborot tizimlariga” soʻzlari bilan almashtirilsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 3-iyundagi “Bozor islohotlarini yanada jadallashtirish va Oʻzbekiston Respublikasi milliy qonunchiligini Jahon savdo tashkiloti bitimlariga muvofiqlashtirish boʻyicha navbatdagi chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PF-85-son Farmoni 3-bandining uchinchi xatboshisidagi “Oʻzbekiston respublika tovar-xomashyo birjasining maʼlumotnomasi” soʻzlari “Oʻzbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasi” AJ va (yoki) “Toshkent tovar xomashyo birjasi” AJ maʼlumotnomalari” soʻzlari bilan almashtirilsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 30-sentabrdagi “Respublikada agrosanoat sohasiga yangi bozor mexanizmlarini joriy etish hamda sanoatlashgan bogʻ va tokzorlarni barpo qilishning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-151-son Farmonida:
(a) 3-bandda:
(i) “a” kichik bandning ikkinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“2026-yil 1-iyuldan boshlab yer egalarining 5 gektar va undan ortiq yer uchastkalarida yangi bogʻlarni barpo etish ularning murojaatlari boʻyicha va takliflari asosida Agentlik tomonidan ishlab chiqiladigan loyihaning texnik-iqtisodiy asoslariga muvofiq yer egalarining oʻzlari tomonidan amalga oshiriladi”;
(ii) “b” kichik bandning ikkinchi xatboshisi chiqarib tashlansin;
(b) 7-bandning birinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“7. Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Soliq qoʻmitasi hamda Qishloq xoʻjaligi vazirligining iqtisodiy jihatdan samarasiz, kam hosilli bogʻ va tokzorlarni yaroqsiz deb topish, ular oʻrnida intensiv bogʻ va tokzor barpo etish yoki haydaladigan yerlar toifasiga oʻtkazish toʻgʻrisida xulosani qabul qiluvchi tuman (shahar) komissiyasi yoki Agentlik tomonidan iqtisodiy jihatdan samarasiz va kam hosilli bogʻ va tokzorlar deb xulosa berilgan sanadan boshlab 12 oy davomida yangi bogʻ yoki tokzorlar barpo etilmagan taqdirda ushbu bogʻ va tokzorlar joylashgan maydonlar uchun yer soligʻi va suvdan foydalanganlik uchun soliq stavkalarini 3 baravarga oshirish, 24 oy davomida yangi bogʻ yoki tokzorlar barpo etilmagan taqdirda ushbu bogʻ va tokzorlar joylashgan maydonlarda suv olishni taqiqlash toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin”.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 18-apreldagi “Ishlab chiqarish, eksport va tadbirkorlik faoliyatini ragʻbatlantirish, savdo va sanoat siyosati samaradorligini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-67-son Farmoni 18-bandidagi “Oʻzbekiston respublika tovar-xomashyo birjasi” soʻzlari “Oʻzbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasi” AJ va “Toshkent tovar xomashyo birjasi” AJ” soʻzlari bilan almashtirilsin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2008-yil 21-apreldagi “Shaxsiy yordamchi, dehqon va fermer xoʻjaliklarida chorva mollar koʻpaytirishni ragʻbatlantirishni kuchaytirish hamda chorvachilik mahsulotlari ishlab chiqarishni kengaytirish borasidagi qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-842-son qarorida:
(a) 4-bandning ikkinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Shunday tartib oʻrnatilsinki, bunda chigitni qayta ishlashdan olinadigan shrot va sheluxa “Oʻzbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasi” AJ va (yoki) “Toshkent tovar xomashyo birjasi” AJ orqali toʻla-toʻkis ichki bozor hamda eksportga sotilishi kerak”;
(b) 5-bandning toʻrtinchi xatboshisidagi “Oʻzbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasi” soʻzlari “Oʻzbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasi” AJ va “Toshkent tovar xomashyo birjasi” AJ” soʻzlari bilan almashtirilsin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 13-noyabrdagi “Parrandachilikni yanada rivojlantirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-4015-son qarori 14-bandining ikkinchi xatboshisidagi “Oʻzbekiston respublika tovar xom ashyo birjasidagi” soʻzlari “Oʻzbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasi” AJ va (yoki) “Toshkent tovar xomashyo birjasi” AJdagi” soʻzlari bilan almashtirilsin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 2-martdagi “Elektrotexnika sanoatini yanada rivojlantirish va mahalliy mahsulotlarning raqobatbardoshligini oshirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-5011-son qarori 6-bandida:
(a) toʻrtinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“Iqtisodiyot va moliya vazirligi “Oʻzeltexsanoat” uyushmasi bilan birgalikda ikki hafta muddatda yuqori texnologiyali ishlab chiqarish jarayonini joriy etgan tarmoq korxonalarining roʻyxatini tasdiqlab, “Oʻzbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasi” AJ va “Toshkent tovar xomashyo birjasi” AJga (keyingi oʻrinlarda — tovar xomashyo birjalari) kiritsin va ushbu roʻyxatni zarur hollarda yangilab borsin”;
(b) toʻqqizinchi xatboshidagi “Oʻzbekiston respublika tovar-xomashyo birjasining maʼlumotnomasi” soʻzlari “tovar xomashyo birjalarining maʼlumotnomalari” soʻzlari bilan almashtirilsin.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 24-noyabrdagi “Iqtisodiyot tarmoqlarida birja mexanizmlaridan foydalanishni kengaytirish hamda birja savdolarini tartibga solish tizimini takomillashtirish toʻgʻrisida”gi PQ-430-son qarorida:
(a) 4-bandning uchinchi xatboshisidagi “2027-yil 1-dekabrga qadar faqat Oʻzbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasi” soʻzlari “faqat “Oʻzbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasi” AJ va “Toshkent tovar xomashyo birjasi” AJ” soʻzlari bilan almashtirilsin;
(b) quyidagi mazmundagi 41-band bilan toʻldirilsin:
“41. Vazirlik va idoralar oʻzlariga tegishli axborot tizimlarining “Oʻzbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasi” AJ va “Toshkent tovar xomashyo birjasi” AJning soʻrovlariga muvofiq ularning axborot tizimlari bilan integratsiya qilinishini taʼminlasin”.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 23-dekabrdagi “Zargarlik buyumlarini ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish va mahalliy zargarlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-452-son qarori 2-bandining ikkinchi xatboshisidagi “Oʻzbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasi AJga” soʻzlari “Oʻzbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasi” AJ va “Toshkent tovar xomashyo birjasi” AJga” soʻzlari bilan almashtirilsin.
10. Vazirlar Mahkamasining 2004-yil 13-avgustdagi “Fargʻona neftni qayta ishlash zavodi ishlab chiqarish quvvatlarini ishga qoʻshishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi 392-son qarori 3-bandining uchinchi xatboshisidagi “Respublika tovar-xom ashyo birjasi” soʻzlari “Oʻzbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasi” AJ va “Toshkent tovar xomashyo birjasi” AJ” soʻzlari bilan almashtirilsin.
11. Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 18-oktabrdagi “Chorvachilik va baliqchilik tarmoqlarining ozuqa bazasini mustahkamlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 845-son qarorida:
(a) 1-banddagi “Oʻzbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasi” AJ” soʻzlari “Oʻzbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasi” AJ va “Toshkent tovar xomashyo birjasi” AJ” soʻzlari bilan almashtirilsin;
(b) 1-ilovada:
(i) 11-banddagi “Oʻzbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasi” AJga” soʻzlari “Oʻzbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasi” AJ va “Toshkent tovar xomashyo birjasi” AJga” soʻzlari bilan almashtirilsin;
(ii) ilovada:
“Tadbirlar” ustunining “V bosqich” boʻlimidagi “Oʻzbekiston respublika tovar-xomashyo birjasi” AJga” soʻzlari “Oʻzbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasi” AJ va “Toshkent tovar xomashyo birjasi” AJga” soʻzlari bilan almashtirilsin;
“Masʼullar” ustunining “V bosqich” boʻlimidagi “OʻzRTXB” AJ” soʻzlari “Oʻzbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasi” AJ va “Toshkent tovar xomashyo birjasi” AJ” soʻzlari bilan almashtirilsin.
12. Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 13-avgustdagi 649-son qarori bilan tasdiqlangan Qorakoʻlchilik bilan shugʻullanadigan subyektlar tomonidan yetishtirilgan qoʻy terisi, qorakoʻl terisi va junni xarid qilish, shuningdek, ularga ozuqa maqsadlari uchun omixta yem, arpa doni, paxta shroti va sheluxasini sotish tartibi toʻgʻrisidagi nizomning 10-bandi birinchi xatboshisidagi “Oʻzbekiston Respublika tovar xom ashyo birjasi” AJga” soʻzlari “Oʻzbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasi” AJ va “Toshkent tovar xomashyo birjasi” AJga” soʻzlari bilan almashtirilsin.
13. Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 1-martdagi “Oʻzbekiston Respublika tovar-xom ashyo birjasi” AJ birja savdolarida qimmatbaho metallarni sotish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi 186-son qarorining 1-bandi quyidagi mazmundagi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“Belgilansinki, mazkur Nizom talablariga muvofiq “Toshkent tovar xomashyo birjasi” AJga qimmatbaho metallarni sotishga ruxsat beriladi”.
14. Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 2-oktabrdagi 834-son qarori bilan tasdiqlangan Zargarlik buyumlarini ishlab chiqarish, import qilish va ularning realizatsiyasi monitoringini amalga oshirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomda:
(a) 3-bandning “g” kichik bandidagi “Oʻzbekiston Respublika tovar xom ashyo birjasi” soʻzlari “Oʻzbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasi” AJ va “Toshkent tovar xomashyo birjasi” AJ” soʻzlari bilan almashtirilsin;
(b) ilovaning “Subyektlar” ustunining “1-bosqich” boʻlimidagi “Oʻzbekiston Respublika tovar xom-ashyo birjasi” soʻzlari “Oʻzbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasi” AJ va “Toshkent tovar xomashyo birjasi” AJ” soʻzlari bilan almashtirilsin.
15. Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 14-oktabrdagi “Don, un va non yetkazib berish tizimiga bozor mexanizmlarini toʻliq joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 866-son qarorida:
(a) 2-bandning uchinchi xatboshisidagi “Oʻzbekiston Respublikasi tovar-xom ashyo birjasining rasmiy veb-saytida” soʻzlari “Oʻzbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasi” AJ va “Toshkent tovar xomashyo birjasi” AJning rasmiy veb-saytlarida” soʻzlari bilan almashtirilsin;
(b) 3-bandning ikkinchi xatboshisidagi “Oʻzbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasi” soʻzlari “Oʻzbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasi” AJ va “Toshkent tovar xomashyo birjasi” AJ” soʻzlari bilan almashtirilsin.
16. Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 27-dekabrdagi “Tovar-xom ashyo birjalarida fyuchers savdolarini joriy qilish hamda mahsulotlarni avtotransportda tashish xizmatlarining elektron logistika savdo portalini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 777-son qarorining 4-bandi birinchi xatboshisidagi “OʻzRTXBga” soʻzi “Oʻzbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasi” AJ va “Toshkent tovar xomashyo birjasi” AJga” soʻzlari bilan almashtirilsin.
17. Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 4-martdagi 109-son qarori bilan tasdiqlangan Qimmatbaho metallarni birja savdolari va toʻgʻridan-toʻgʻri shartnomalar asosida sotishda chegirmalar berish uchun zargarlik buyumlarini ishlab chiqaruvchi tadbirkorlik subyektlarining roʻyxatini shakllantirish va yuritish tartibi toʻgʻrisidagi nizomda:
(a) 12-banddagi “Oʻzbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasi” AJ” soʻzlari “Oʻzbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasi” AJ va “Toshkent tovar xomashyo birjasi” AJ” soʻzlari bilan almashtirilsin;
(b) 1-ilovada:
(i) “Tadbirlar” ustunining “4-bosqich” boʻlimidagi “Oʻzbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasi” AJ” soʻzlari “Oʻzbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasi” AJ va “Toshkent tovar xomashyo birjasi” AJ” soʻzlari bilan almashtirilsin;
(ii) “Subyektlar” ustunining “5-bosqich” boʻlimidagi “Oʻzbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasi” AJ” soʻzlari “Oʻzbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasi” AJ va “Toshkent tovar xomashyo birjasi” AJ” soʻzlari bilan almashtirilsin.
18. Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 30-sentabrdagi “Mahalliy metiz ishlab chiqaruvchi korxonalar faoliyatini qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 615-son qarori 1-bandining birinchi xatboshisidagi “Oʻzbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasi” soʻzlari “Oʻzbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasi” AJ va “Toshkent tovar xomashyo birjasi” AJ” soʻzlari bilan almashtirilsin.
19. Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 17-oktabrdagi 682-son qarori bilan tasdiqlangan Mis xom ashyosini qayta ishlash faoliyatini amalga oshiruvchi korxonalar roʻyxatini shakllantirish, yuritish va ularni roʻyxatdan chiqarish hamda ularning faoliyatini monitoring qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizomning 2-bandi uchinchi xatboshisidagi “Oʻzbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasi” aksiyadorlik jamiyatining elektron savdo maydonchasida” soʻzlari “Oʻzbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasi” AJ va “Toshkent tovar xomashyo birjasi” AJning elektron savdo maydonchalarida” soʻzlari bilan almashtirilsin.
