Fond birjasi va qimmatli qogʻozlarning birjadan tashqari savdosi tashkilotchisi faoliyatini litsenziyalash tartib-taomillari toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida (3851-son)
09.06.2026
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI Istiqbolli loyihalar milliy agentligi direktorining
buyrugʻi
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2026-yil 9-iyunda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 3851]
Oʻzbekiston Respublikasining “Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari toʻgʻrisida”gi va “Qimmatli qogʻozlar bozori toʻgʻrisida”gi qonunlari hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 18-dekabrdagi PF-254-son “Kapital bozorida investitsiya muhitini yaxshilashga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Farmoni va 2017-yil 27-iyuldagi PQ-3150-son “Oʻzbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq buyuraman:
1. Fond birjasi va qimmatli qogʻozlarning birjadan tashqari savdosi tashkilotchisi faoliyatini litsenziyalash tartib-taomillari toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur buyruq 2026-yil 1-iyuldan eʼtiboran kuchga kiradi.
Direktor D. LI
Toshkent sh.,
2026-yil 7-may,
18-son
Oʻzbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi direktorining 2026-yil 7-maydagi 18-son buyrugʻiga ILOVA
Fond birjasi va qimmatli qogʻozlarning birjadan tashqari savdosi tashkilotchisi faoliyatini litsenziyalash tartib-taomillari toʻgʻrisidagi
NIZOM
Mazkur Nizom fond birjasi va qimmatli qogʻozlarning birjadan tashqari savdosi tashkilotchisi faoliyatini litsenziyalash, litsenziatlar faoliyatini nazorat qilish va ularning hisobini yuritish tartibini belgilaydi.
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizomda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
asoslantirilgan mulohaza — qonunchilikda belgilangan talablarga qoʻshimcha ravishda litsenziyalovchi organ tomonidan qoʻllaniladigan, koʻrib chiqilayotgan masalaning haqiqiy mazmuni rasmiy mazmunidan ustuvorligini nazarda tutuvchi professional baholash. Asoslantirilgan mulohaza litsenziyalovchi organ tomonidan fond birjasi va qimmatli qogʻozlar bozorining professional ishtirokchilari faoliyati ustidan nazoratni amalga oshirish doirasida olingan axborotga, jismoniy va yuridik shaxslardan, xalqaro tashkilotlardan, davlat organlaridan, shu jumladan chet el nazorat organlari hamda tashkilotlaridan, boshqa ochiq manbalardan olingan va asoslantirilgan mulohazani shakllantirish uchun muhim boʻlgan boshqa axborotga asoslanadi;
axborot tizimi — litsenziyalovchi organning fond birjasi va qimmatli qogʻozlarning birjadan tashqari savdosi tashkilotchisi faoliyatini litsenziyalashni masofaviy shaklda amalga oshirish uchun moʻljallangan maxsus elektron tizimi;
benefitsiar mulkdor — fond birjasi va qimmatli qogʻozlarning birjadan tashqari savdosi tashkilotchisini bevosita yoki bilvosita taʼsis etuvchi yoxud uning ustav jamgʻarmasidagi (kapitalidagi) ulushlariga (aksiyalariga) bevosita yoki bilvosita egalik qiluvchi yoxud ushbu shaxsga bevosita yoki bilvosita egalik qiladigan yoxud uni nazorat qiladigan jismoniy shaxs;
fond birjasi — ommaviy va oshkora birja savdolarini oldindan belgilangan joyda va belgilangan vaqtda oʻrnatilgan qoidalar asosida tashkil etish hamda oʻtkazish orqali faqat qimmatli qogʻozlar savdosi uchun sharoitlar yaratib beruvchi yuridik shaxs;
litsenziat — fond birjasi va qimmatli qogʻozlarning birjadan tashqari savdosi tashkilotchisi faoliyatini amalga oshirish uchun litsenziyaga ega boʻlgan aksiyadorlik jamiyati hisoblanadigan yuridik shaxs;
litsenziya talabgori — litsenziyani olish uchun murojaat qilgan yuridik shaxs;
litsenziyalovchi organ — Oʻzbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi;
qimmatli qogʻozlar bozorining professional ishtirokchisi — qimmatli qogʻozlar bozorida professional faoliyatni amalga oshiruvchi yuridik shaxs;
qimmatli qogʻozlarning birjadan tashqari savdosi tashkilotchisi — investorlarga vositachilarni jalb etmay turib savdoda ishtirok etish imkoniyatini beruvchi, qimmatli qogʻozlar savdosini tashkil etish boʻyicha faoliyatni buyurtmalar qabul qilish punktlaridan, maxsus kompyuter savdo tizimlaridan foydalangan holda amalga oshiruvchi yuridik shaxs.
2. Litsenziya nomi — “Birja faoliyati uchun litsenziya”.
Litsenziyalanadigan faoliyat turi — “Fond birjasi va qimmatli qogʻozlarning birjadan tashqari savdosi tashkilotchisi faoliyati”.
3. Fond birjasi va qimmatli qogʻozlarning birjadan tashqari savdosi tashkilotchisi faoliyatini litsenziyalash litsenziyalovchi organ tomonidan ushbu Nizomning 1-ilovasida keltirilgan sxemaga muvofiq amalga oshiriladi.
4. Fond birjasi va qimmatli qogʻozlarning birjadan tashqari savdosi tashkilotchisi faoliyatini amalga oshirish uchun yuridik shaxslarga cheklanmagan muddatga namunaviy litsenziya (bundan buyon matnda litsenziya deb yuritiladi) beriladi.
5. Fond birjasi va qimmatli qogʻozlarning birjadan tashqari savdosi tashkilotchisi faoliyatini amalga oshirish huquqi litsenziya berilgan paytdan boshlab kuchga kiradi.
6. Litsenziyani boshqa yuridik shaxsga oʻtkazish, shu jumladan faoliyatni amalga oshirish huquqini berish, litsenziyaga boʻlgan huquqlarni shartnoma orqali berish va (yoki) ulardan boshqa shaxs foydasiga voz kechish taqiqlanadi.
2-bob. Litsenziya talablari va shartlari
7. Quyidagilar fond birjasi va qimmatli qogʻozlarning birjadan tashqari savdosi tashkilotchisi faoliyatini amalga oshirishga qoʻyiladigan litsenziya talablari va shartlari hisoblanadi:
a) birja faoliyatini amalga oshirish va qimmatli qogʻozlar bozori sohasidagi qonun hujjatlariga rioya qilish;
b) ishlab turgan elektron birja savdo tizimi mavjudligi;
v) tuzilgan birja bitishuvlari bajarilishining kafolatlanishi tizimi mavjudligi;
g) qonunchilik hujjatlariga muvofiq axborotning maxfiyligini taʼminlash;
d) quyidagilarni nazarda tutuvchi birja savdosi qoidalarining mavjudligi:
birja aʼzolarining birja savdolariga qoʻyilishi;
qonunchilik hujjatlariga muvofiq qimmatli qogʻozlar bozorida investitsiya vositachisi yoki investitsiya aktivlarining ishonchli boshqaruvchisi sifatida professional faoliyatni amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziyaga ega boʻlgan birja aʼzolarining fond birjasida (fond boʻlimlarini tashkil etgan boshqa birjalarning ham) birja savdolariga qoʻyilishi;
birja tovarlariga narxlar kotirovkasi va ular toʻgʻrisidagi axborotni oshkor qilish tartibi;
narxlar bilan manipulyatsiya qilish va maxfiy axborotdan qonunga xilof ravishda foydalanishga yoʻl qoʻymaslik;
j) ustav fondini bazaviy hisoblash miqdorining 5 800 baravaridan kam boʻlmagan miqdorda pul mablagʻi koʻrinishida shakllantirish;
z) filiallar mavjud boʻlgan taqdirda, birjaning barcha aʼzolariga ushbu savdolarda bir vaqtning oʻzida qatnashish imkoniyatini bergan holda markazlashtirilgan birja savdolarini oʻtkazish;
i) birja tovarlariga talab va taklif nisbati asosida ularga kotirovkani amalga oshirish;
k) axborotni qonunchilik hujjatlariga muvofiq oshkor qilish;
l) litsenziyalovchi organning talabiga koʻra birja faoliyatini amalga oshirish bilan bogʻliq axborotni begʻaraz asosda taqdim etish;
m) birja savdolarini faqat Oʻzbekiston Respublikasining butun hududida barcha birja aʼzolari bir paytda va teng kirishini taʼminlovchi elektron tizimda oʻtkazish;
n) quyidagi shaxslarning litsenziatga rahbarlik qilishiga yoʻl qoʻymaslik:
moliya-iqtisod, yuridik, matematika yoki axborot texnologiyalari mutaxassisliklaridan kamida bittasi boʻyicha oliy maʼlumotli boʻlmagan shaxslar;
qimmatli qogʻozlar bozoridagi professional faoliyatni amalga oshiruvchi tashkilotlarda, fond birjalarida yoxud iqtisodiy, moliyaviy va yuridik faoliyat sohalarida, axborot texnologiyalari sohasida yoki koʻrsatib oʻtilgan yoʻnalishlar boʻyicha kamida ikki yillik ish stajiga ega boʻlmagan shaxslar;
yakka tartibdagi ijro etuvchi organ vazifasini bajargan, kollegial ijro etuvchi organ tarkibiga kirgan, qimmatli qogʻozlar bozori professional ishtirokchisi, fond birjasi, kredit, sugʻurta yoki auditorlik tashkilotining taʼsischilari boʻlgan shaxslarning aybi bilan litsenziya talablari va shartlari buzilganligi sababli, mazkur yuridik shaxsning faoliyat turini amalga oshirish uchun berilgan litsenziyasi amal qilishi toʻxtatilgan paytda, agar bunday toʻxtash paytidan boshlab uch yildan kam vaqt oʻtgan boʻlsa;
iqtisodiy jinoyatlar, shuningdek, jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish, terrorizmni moliyalashtirish va ommaviy qirgʻin qurollarini tarqatishni moliyalashtirish, uyushgan jinoyatchilik, korrupsiya va boshqaruv tartibiga qarshi jinoyatlar sodir etganlik uchun sudlanganligi olib tashlanmagan yoki oʻtalmagan boʻlsa;
o) fond birjasining ijroiya organi va uning tuzilmaviy boʻlinmalari rahbari I toifali qimmatli qogʻozlar bozori mutaxassisi malaka guvohnomasiga ega boʻlishi;
p) ularning nomidan qimmatli qogʻozlar bilan operatsiyalarni, qimmatli qogʻozlar bozorida xizmat koʻrsatish va (yoki) ishlarni amalga oshirish boʻyicha majburiyatga ega boʻlgan fond birjasining xodimlari II toifali qimmatli qogʻozlar bozori mutaxassisining malaka guvohnomasiga ega boʻlishi;
r) litsenziya egasi va (yoki) oxirgi benefitsiar mulkdor sifatida litsenziya egasining ustav kapitalida quyidagi shaxslarning ishtirok etishiga yoʻl qoʻyilmasligi:
ushbu bandning “n” kichik bandida koʻrsatilganlar;
jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish, terrorizmni moliyalashtirish va ommaviy qirgʻin qurollarini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish sohasidagi xalqaro hamkorlikda ishtirok etmayotgan davlatlarda doimiy yashovchi, joylashgan yoki roʻyxatdan oʻtgan shaxslar, shuningdek, shu davlatlarda roʻyxatdan oʻtgan kompaniyalar;
s) litsenziya egasining ustav kapitalidagi ulushlarni jismoniy va yuridik shaxslarga, shu jumladan, norezidentlarga realizatsiya qilishni litsenziyalovchi organ bilan kelishish;
t) litsenziatning rahbariyati (direktor va uning oʻrinbosarlari) almashishini litsenziyalovchi organ bilan kelishish.
3-bob. Litsenziya olish uchun taqdim etiladigan hujjatlar
8. Litsenziya olish uchun litsenziya talabgori litsenziyalovchi organga quyidagi hujjatlarni axborot tizimi orqali taqdim etadi:
a) yuridik shaxsning nomi va tashkiliy-huquqiy shakli, pochta manzili, soliq toʻlovchining identifikatsiya raqami (STIR), faoliyatni amalga oshirish joyi, elektron pochta manzili, bankning nomi va bankdagi hisobvaragʻi, arizani toʻldirish sababi (yangi litsenziya olish yoki qayta rasmiylashtirish), litsenziya talabgorining litsenziya talablari va shartlariga rioya qilishi toʻgʻrisidagi roziligi aks ettirilgan ariza;
b) litsenziya talabgorining mulki, boshqaruv va shaxsiy tarkibiy tuzilmasi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
v) litsenziya talabgorining rahbariyati (direktor va uning oʻrinbosarlari) va taʼsischisi haqida mazkur Nizomning 2-ilovasida keltirilgan maʼlumotlar. Bunda, taʼsischilar haqidagi maʼlumotlar oxirgi benefitsiar mulkdorgacha (oxirgi benefitsiar mulkdor ham) koʻrsatiladi;
g) litsenziya talabgorining rahbariyati (direktor va uning oʻrinbosarlari) va taʼsischilari chet el fuqarolari boʻlganda, mazkur Nizomning 7-bandi “n” kichik bandida nazarda tutilgan jinoyatlar boʻyicha belgilangan tartibda legallashtirilgan yoki apostil qoʻyilgan holda tegishli xorijiy mamlakatning vakolatli organidan olingan sudlanmaganlik haqidagi maʼlumotnoma hamda uning Oʻzbekiston Respublikasi davlat tiliga notarial tartibda tasdiqlangan tarjimasi;
d) litsenziya talabgorining mutaxassislari, mansabdor shaxslari va nazoratchisining litsenziyalovchi organ tomonidan tasdiqlanadigan malaka talablariga muvofiqligi haqidagi hujjat nusxasi;
j) soliq organi tomonidan qabul qilingan oxirgi hisobot sanasidagi buxgalteriya balansi nusxasi (yangi tashkil etilgan yuridik shaxslar bundan mustasno);
z) ustav fondini bazaviy hisoblash miqdorining 5 800 baravaridan kam boʻlmagan miqdorda pul mablagʻi koʻrinishida shakllanganligini tasdiqlovchi bank maʼlumotnomasi;
i) birja savdosi qoidalarining (qimmatli qogʻozlar savdosini tashkil qilish qoidalarining) elektron nusxasi.
Litsenziya talabgori qimmatli qogʻozlarning birjadan tashqari savdosi tashkilotchisi sifatida faoliyatni amalga oshirish uchun qoʻshimcha ravishda quyidagi hujjatlarni taqdim etadi:
a) birjadan tashqari savdoni tashkil etish boʻyicha dasturiy vositani sotgan (bergan) tashkilot bilan tuzilgan birjadan tashqari savdoni tashkil etish boʻyicha dasturiy vositadan tijorat maqsadida foydalanish uchun mualliflik litsenziyasi shartnomasi nusxasi;
b) kliring faoliyatini amalga oshirish uchun dasturiy vositalarni tijorat maqsadida ishlatishga mazkur dasturiy vositani sotgan (bergan) tashkilot bilan tuzilgan mualliflik litsenziyasi shartnomasining nusxasi;
v) tegishli dasturiy taʼminotning texnik tavsifi;
g) qimmatli qogʻozlarni muomalaga kiritish va muomaladan chiqarish tartibotlari, qimmatli qogʻozlar narxlari kotirovkasi toʻgʻrisidagi qoidalarni oʻz ichiga oluvchi qimmatli qogʻozlar savdosi qoidalarining elektron nusxasi;
d) kliring xizmatini amalga oshirish qoidalari;
j) bank rekvizitlari koʻrsatilgan holda kliring xizmatini koʻrsatish uchun litsenziya talabgorining alohida bank hisobraqami mavjudligi toʻgʻrisidagi tijorat bankining yozma tasdiqnomasi;
z) Qimmatli qogʻozlarning markaziy depozitariysi va tijorat banki bilan qimmatli qogʻozlar va pul mablagʻlarida hisob-kitoblarni taʼminlash boʻyicha mos ravishda tuzilgan shartnoma nusxasi;
i) qimmatli qogʻozlar bilan birjadan tashqari savdolar tashkilotchisining qatnashchilarini savdolarga qoʻyish tartibi.
9. Litsenziya talabgorining rahbariyati (direktor va uning oʻrinbosarlari) va taʼsischilari Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi boʻlganda, litsenziyalovchi organ mazkur Nizomning 7-bandi “n” kichik bandida nazarda tutilgan holatlarni oʻzi mustaqil tarzda tekshiradi.
10. Litsenziya olish uchun taqdim etiladigan hujjatlar litsenziya talabgorining rahbari tomonidan tasdiqlanishi (imzolanishi) shart.
Arizaga ilova qilinadigan hujjatlar va maʼlumotlar oʻqish mumkin boʻlgan yuqori sifatda “PDF”, “PNG” yoki “JPEG” formatlarda boʻlishi lozim.
Litsenziya talabgoridan ushbu Nizomda nazarda tutilmagan hujjatlarning taqdim etilishini talab qilishga yoʻl qoʻyilmaydi.
11. Litsenziya talabgori litsenziya olish uchun ariza va unga ilova qilinadigan hujjatlarni axborot tizimi orqali dam olish va bayram kunlaridan qatʼi nazar har kuni 24 soat davomida yuborishi mumkin.
Bunda arizalar ish vaqtidan keyin yoki dam olish va bayram kunlari kelib tushganda, navbatdagi ish kuni litsenziyalovchi organ tomonidan ariza qabul qilingan kun hisoblanadi.
12. Qabul qilingan arizalar toʻgʻrisidagi maʼlumot litsenziyalovchi organning rasmiy veb-saytida joylashtiriladi.
4-bob. Arizani koʻrib chiqish, litsenziya berish yoki litsenziya berishni rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qilish
13. Litsenziya berish yoki berishni rad etish toʻgʻrisidagi qaror litsenziya talabgorining arizasi qabul qilingan kundan eʼtiboran yigirma ish kuni ichida qabul qilinadi.
Litsenziyalovchi organ arizani koʻrib chiqish muddati davomida hujjatlarni tekshirishi, zaruratga koʻra boshqa davlat organlarida mavjud, qaror qabul qilish uchun zarur boʻlgan maʼlumotlarni axborot tizimi orqali mustaqil ravishda olishi, shuningdek litsenziya talabgorining litsenziya talablari va shartlariga muvofiqligini belgilaydigan qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa harakatlarni amalga oshirishi mumkin.
Litsenziyalovchi organ tomonidan litsenziya olish uchun taqdim etilgan hujjatlarni koʻrib chiqish uchun yigʻim undirilmaydi.
14. Arizaga kiritilgan maʼlumotlar axborot tizimi orqali idoralararo hamkorlik tizimlarida mavjud maʼlumotlar asosida dastlabki tarzda avtomatik ravishda taqqoslanadi va tekshiriladi.
Ariza quyidagi hollarda avtomatik tarzda qabul qilinmaydi:
notoʻgʻri yoki yolgʻon maʼlumotlar kiritilganligi axborot tizimi orqali aniqlanganda;
litsenziya talablari va shartlariga rioya etilishi tasdiqlanmaganda;
litsenziyalar elektron reyestrida (bundan buyon matnda litsenziyalar reyestri deb yuritiladi) litsenziya talabgorining ayni bir xil faoliyat boʻyicha kiritilgan va amalda boʻlgan litsenziyasi mavjud boʻlgan taqdirda;
litsenziya talabgorining ayni bir xil faoliyati muayyan muddatga toʻxtatilganda;
litsenziya talabgorining tegishli faoliyat bilan shugʻullanishi sudning qaroriga (hukmiga) asosan muayyan muddatga taqiqlanganda.
15. Tarkibi litsenziyalovchi organ rahbari tomonidan tasdiqlangan ekspert komissiyasi oʻn besh ish kunidan oshmaydigan muddat ichida taqdim etilgan hujjatlarni koʻrib chiqadi hamda ular asosida litsenziya berish yoki litsenziya berishni rad etish toʻgʻrisida xulosa tayyorlaydi.
16. Litsenziyalovchi organ ekspert komissiyasi xulosasi asosida toʻrt ish kuni ichida litsenziya berish yoki ushbu Nizomning 20-bandida nazarda tutilgan holatlarda litsenziya berishni rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi.
17. Litsenziyalovchi organ tegishli qaror qabul qilingan kundan boshlab bir ish kuni ichida litsenziya talabgorini qabul qilingan qaror toʻgʻrisida xabardor qiladi.
Litsenziya berishga qaror qabul qilinganligi haqidagi xabarnoma litsenziya talabgoriga bank hisobraqami rekvizitlari va davlat boji toʻlash muddati koʻrsatilgan holda yuboriladi.
Litsenziya berganlik uchun Oʻzbekiston Respublikasining “Davlat boji toʻgʻrisida”gi Qonunida belgilangan miqdorda davlat boji undiriladi (chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonalar bundan mustasno).
18. Litsenziya talabgori xabarnoma yuborilgan kundan boshlab oʻttiz kundan ortiq boʻlmagan muddatda davlat boji toʻlovini amalga oshiradi.
Litsenziyani berish uchun davlat boji toʻlovi belgilangan muddatda amalga oshirilmasligi litsenziyalovchi organ tomonidan litsenziyani berish toʻgʻrisidagi qarorning bekor qilinishi uchun asos boʻladi. Litsenziya berish toʻgʻrisidagi qaror bekor qilinganligi haqidagi maʼlumot litsenziya talabgoriga yuboriladi. Bunda litsenziya talabgori litsenziyani olish uchun umumiy tartibda qayta murojaat qilish huquqiga ega boʻladi.
19. Davlat boji toʻlanganidan soʻng litsenziya QR-kod (matrik shtrixli kod) qoʻyilgan holda elektron shaklda rasmiylashtiriladi hamda litsenziyalovchi organning rasmiy veb-saytiga joylashtiriladi.
Elektron shaklda berilgan litsenziya manfaatdor shaxslar tomonidan qogʻozda chop etilishi mumkin. Bunda, qogʻozda chop etilgan litsenziyalar elektron shaklda berilgan litsenziyalarga tenglashtiriladi.
20. Litsenziyani berish toʻgʻrisidagi arizani rad etish uchun quyidagilar asos boʻladi:
ushbu Nizomning 8-bandida nazarda tutilgan hujjatlarning litsenziya talabgori tomonidan toʻliq boʻlmagan hajmda taqdim etilganligi;
litsenziya talabgorining litsenziya talablari hamda shartlariga muvofiq emasligi;
bir yil muddatga litsenziyani olish yoki sudning qaroriga (hukmiga) asosan shaxsga nisbatan muayyan faoliyat turi bilan shugʻullanish taqiqlanganligi;
litsenziya talabgori tomonidan taqdim etilgan hujjatlarda notoʻgʻri yoki buzib koʻrsatilgan maʼlumotlar mavjudligi;
litsenziya talabgorining rahbari va (yoki) taʼsischilarining mazkur Nizomning 7-bandi “n” kichik bandida nazarda tutilgan jinoyatlarda ishtirok etganligi yoki ishtirok etishda gumonlanayotganligi haqida maʼlumotlar mavjudligi;
litsenziyalovchi organning asoslantirilgan mulohazasi.
Litsenziya toʻgʻrisidagi arizani berishni boshqa asoslarga koʻra rad etishga yoʻl qoʻyilmaydi.
21. Mazkur Nizomning 20-bandi ikkinchi xatboshisida koʻrsatilgan hollar aniqlanganda, agar arizada bartaraf etish mumkin boʻlgan kamchiliklar mavjud boʻlsa, litsenziyalovchi organ ularni bartaraf etish uchun litsenziya talabgoriga muddat beradi. Kamchiliklarni bartaraf etish zarurligi toʻgʻrisidagi xabarnoma litsenziyalovchi organ tomonidan litsenziya talabgoriga bir ish kuni ichida yuboriladi.
22. Xabarnoma taqdim etilgan hujjatlarda aniqlangan kamchiliklar hamda ularni bartaraf etish usullari, shuningdek litsenziya talabgori koʻrsatilgan sabablarni bartaraf qilib, tegishli hujjatlarni koʻrib chiqish uchun takroran taqdim etishi mumkin boʻlgan muddat koʻrsatilgan holda yuboriladi. Xabarnomada koʻrsatilgan muddat kamchiliklarni bartaraf etish uchun zarur boʻladigan vaqtga mutanosib boʻlishi, lekin ushbu muddat oʻttiz ish kunidan ortiq boʻlmasligi kerak.
23. Kamchiliklarni bartaraf etish toʻgʻrisida xabarnoma yuborilgan taqdirda, litsenziyani berish toʻgʻrisidagi arizani koʻrib chiqish muddati toʻxtatib turiladi.
24. Hujjatlar xabarnomada koʻrsatilgan kamchiliklarni bartaraf etmasdan yoki xabarnomada koʻrsatilgan muddat oʻtgandan keyin takroran taqdim etilgan taqdirda, litsenziyalovchi organ litsenziyani berishni rad etish haqida qaror qabul qilishga haqli. Bunda, litsenziya berishni kamchiliklarni bartaraf etish toʻgʻrisida xabarnomada koʻrsatilmagan yangi asoslar boʻyicha rad etishga yoʻl qoʻyilmaydi.
25. Litsenziyani berish rad etilganligi haqidagi xabarnoma litsenziya talabgoriga rad etish sabablari, qonunchilikning aniq normalari va litsenziya talabgori mazkur sabablarni bartaraf etib, hujjatlarni takroran koʻrib chiqish uchun taqdim etishi mumkin boʻlgan muddat koʻrsatilgan holda yuboriladi.
Litsenziya talabgori rad etish sabablarini bartaraf etishga va hujjatlarni takroran koʻrib chiqish uchun taqdim etishga haqli boʻlgan muddat litsenziyani berish rad etilganligi haqidagi xabarnoma olingan kundan eʼtiboran oʻn ish kunidan kam boʻlmasligi kerak.
26. Litsenziya talabgori litsenziya berishni rad etish uchun asos boʻlgan sabablarni belgilangan muddatda bartaraf etgan taqdirda, hujjatlarni takroran koʻrib chiqish, litsenziyani berish yoxud uni berishni rad etish litsenziya talabgorining rad etish sabablari bartaraf etilganligi toʻgʻrisidagi arizasi va rad etish sabablari bartaraf etilganligini tasdiqlovchi tegishli hujjatlar olingan kundan eʼtiboran besh ish kunidan oshmaydigan muddatda litsenziyalovchi organ tomonidan amalga oshiriladi.
27. Hujjatlarni takroran koʻrib chiqishda litsenziyalovchi organ tomonidan litsenziya talabgoriga ilgari bayon qilinmagan rad etish sabablarini keltirishga yoʻl qoʻyilmaydi, bundan ilgari koʻrsatilgan sabablar bartaraf etilganligini tasdiqlovchi hujjatlar bilan bogʻliq rad etish sabablari keltirilishi hamda mazkur Nizomning 20-bandi oltinchi va yettinchi xatboshilarda nazarda tutilgan holatlar mustasno.
28. Litsenziyani berish rad etilganligi haqidagi xabarnomada koʻrsatilgan muddat oʻtganidan yoki mazkur Nizomning 25-bandiga muvofiq hujjatlarni takroran koʻrib chiqish natijasida litsenziya berish rad etilganidan soʻng litsenziya talabgori tomonidan berilgan ariza yangidan topshirilgan hisoblanadi va litsenziyalovchi organ tomonidan umumiy asoslarda koʻrib chiqiladi.
29. Litsenziya talabgori litsenziyalovchi organ tomonidan koʻrsatilayotgan xizmatlardan foydalanishdan ularni koʻrsatishning har qanday bosqichida bosh tortish huquqiga ega.
30. Berilgan litsenziyalar haqidagi maʼlumot litsenziyalovchi organ tomonidan litsenziyalanadigan faoliyat turi boʻyicha alohida yuritiladigan litsenziyalar reyestriga kiritiladi.
5-bob. Litsenziyani qayta rasmiylashtirish tartibi
31. Litsenziat — yuridik shaxs hisoblangan tadbirkorlik subyekti oʻzgartirilganda, uning nomi yoki joylashgan joyi (pochta manzili) oʻzgargan taqdirda, tadbirkorlik subyekti yoxud uning huquqiy vorisi qayta roʻyxatdan oʻtganidan keyin besh ish kunida litsenziyalovchi organga litsenziyani qayta rasmiylashtirish toʻgʻrisida ariza berishi shart.
Yangidan vujudga kelgan yuridik shaxsni davlat roʻyxatidan oʻtkazish sanasida ayni bir faoliyatni amalga oshirish uchun litsenziyasi mavjud boʻlgan yuridik shaxslar — tadbirkorlik subyektlari qoʻshib yuborilgan taqdirda, litsenziyani ushbu bandning birinchi xatboshisida belgilangan tartibda qayta rasmiylashtirishga yoʻl qoʻyiladi.
32. Litsenziyani qayta rasmiylashtirish uchun zarur boʻlgan hujjatlar litsenziat tomonidan mazkur Nizomning 8-bandida nazarda tutilgan tartibda beriladi.
Litsenziyani qayta rasmiylashtirish uchun davlat boji va yigʻim undirilmaydi.
33. Litsenziyani qayta rasmiylashtirish hamda berish litsenziyani qayta rasmiylashtirish toʻgʻrisidagi ariza tegishli hujjatlar ilova qilingan holda litsenziyalovchi organ tomonidan qabul qilib olingan kundan eʼtiboran besh ish kunidan koʻp boʻlmagan muddatda amalga oshiriladi.
Litsenziya qayta rasmiylashtirilguniga qadar litsenziat yoki uning huquqiy vorisi litsenziyani qayta rasmiylashtirish toʻgʻrisidagi arizasi asosida unda koʻrsatilgan faoliyatni amalga oshiradi.
Litsenziya qayta rasmiylashtirilganda litsenziyalovchi organ tomonidan litsenziyalar reyestriga tegishli oʻzgartirishlar kiritadi.
6-bob. Litsenziyaning amal qilishini toʻxtatib turish, tugatish va bekor qilish
34. Litsenziyaning amal qilishi quyidagi hollarda litsenziyalovchi organ tashabbusi bilan toʻxtatib turilishi mumkin:
litsenziya talablari va shartlari litsenziat tomonidan buzilganligi aniqlanganda;
litsenziat tomonidan litsenziyalovchi organning litsenziat zimmasiga aniqlangan qoidabuzarliklarni bartaraf etish majburiyatini yuklovchi qarori bajarilmaganda.
35. Litsenziyaning amal qilishini toʻxtatib turish litsenziyalovchi organ yoki sud tomonidan amalga oshiriladi. Litsenziyaning amal qilishi litsenziyalovchi organ tomonidan oʻn kundan koʻp boʻlmagan muddatga, sud tomonidan esa oʻn kundan ortiq, lekin olti oydan koʻp boʻlmagan muddatga toʻxtatib turilishi mumkin.
36. Litsenziyalovchi organ litsenziyaning amal qilishini toʻxtatib turishga sabab boʻlgan holatlar litsenziat tomonidan bartaraf etilishi muddatini belgilashi shart. Bunda, koʻrsatilgan muddat litsenziat litsenziyaning amal qilishini toʻxtatib turish toʻgʻrisidagi qarorni olgan kundan eʼtiboran besh ish kunidan kam boʻlmasligi kerak.
37. Litsenziyalovchi organning litsenziyaning amal qilishini toʻxtatib turish toʻgʻrisidagi qarori litsenziatga litsenziyaning amal qilishini toʻxtatib turish sabablari va qonunchilikning aniq normalari koʻrsatilgan holda, qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran bir ish kunidan kechiktirmay yuboriladi.
38. Belgilangan muddat ichida litsenziyaning amal qilishini toʻxtatib turish uchun asos boʻlgan sabab va kamchiliklar bartaraf qilinmasa, litsenziyalovchi organ litsenziyaning amal qilishini toʻxtatib turish muddatini uzaytirish boʻyicha yoki litsenziyani bekor qilish haqida sudga daʼvo ariza kiritadi.
39. Litsenziyaning amal qilishini toʻxtatib turishga sabab boʻlgan holatlar litsenziat tomonidan bartaraf etilgan taqdirda, litsenziat bu haqida litsenziyalovchi organga tasdiqnoma yuboradi.
40. Kamchiliklar bartaraf etilganligi toʻgʻrisidagi tasdiqnoma litsenziyalovchi organ tomonidan maʼlumotlarni tahlil qilish yoki zaruratga koʻra kamchiliklar bartaraf etilganligini joyiga chiqqan holda qonunchilikda belgilangan tartibda oʻrganish orqali amalga oshiriladi.
41. Tahlil yoki oʻrganishlar natijasida litsenziyaning amal qilishini toʻxtatib turishga sabab boʻlgan holatlar litsenziat tomonidan bartaraf etilganligi aniqlangan taqdirda, litsenziyalovchi organ kamchiliklar bartaraf etilganligi toʻgʻrisida tasdiqnoma olingan kundan eʼtiboran uch ish kuni ichida litsenziyaning amal qilishini qayta tiklash toʻgʻrisida qaror qabul qiladi.
42. Agar litsenziyalovchi organ litsenziyaning amal qilishini qayta tiklash haqida yoki qayta tiklashni rad etish toʻgʻrisida uch ish kuni ichida qaror qabul qilmasa, litsenziat mazkur muddat oʻtgandan soʻng litsenziyalovchi organni xabardor qilgan holda oʻz faoliyatini davom ettirishi mumkin.
43. Litsenziat oʻz faoliyatini vaqtincha toʻxtatib turgan taqdirda, litsenziyaning amal qilishini olti oygacha muddatga toʻxtatib turish haqida litsenziyalovchi organga ariza bilan murojaat qilishi mumkin.
Agar litsenziat litsenziyaning amal qilishi toʻxtatib turilganidan keyin olti oy ichida litsenziyaning amal qilishini qayta tiklash toʻgʻrisida litsenziyalovchi organga ariza bilan murojaat etmagan boʻlsa, litsenziyaning amal qilishi tugatiladi.
44. Litsenziyaning amal qilishini toʻxtatib turish va qayta tiklash toʻgʻrisidagi axborot tegishli qaror qabul qilingan sanadan eʼtiboran bir ish kuni ichida litsenziyalar reyestriga joylashtirilishi kerak.
45. Litsenziyaning amal qilishi quyidagi hollarda tugatiladi:
litsenziyalash tartibi bekor qilinganda;
litsenziat tomonidan litsenziyalovchi organga litsenziyaning amal qilishini olti oygacha toʻxtatib turish toʻgʻrisida murojaat berilib, mazkur xatboshida nazarda tutilgan muddat davomida litsenziyaning amal qilishini qayta tiklash toʻgʻrisida litsenziyalovchi organga murojaat qilinmagan taqdirda.
Litsenziyaning amal qilishi ushbu bandning ikkinchi xatboshisida nazarda tutilgan asos boʻyicha toʻxtatilgan taqdirda, litsenziyalovchi organ bu haqida bir ish kuni ichida litsenziatga xabarnoma yuboradi.
46. Litsenziya quyidagi hollarda bekor qilinadi:
litsenziat litsenziyaning amal qilishini ixtiyoriy ravishda bekor qilish toʻgʻrisida murojaat qilganda;
yuridik shaxs tugatilganda — tugatilgan paytdan eʼtiboran yoki uning faoliyati qayta tashkil etish natijasida tugatilganda — qayta tashkil etilgan paytdan eʼtiboran, bundan uning oʻzgartirilishi, shuningdek yangidan yuzaga kelgan yuridik shaxsni davlat roʻyxatidan oʻtkazish sanasida qayta tashkil etilayotgan yuridik shaxsda faoliyatning ayni bir litsenziyalanadigan turini amalga oshirish uchun litsenziya mavjud boʻlgan taqdirda, qoʻshib yuborilishi mustasno;
litsenziat litsenziyaning amal qilishini toʻxtatib turishiga olib kelgan holatlarni litsenziyalovchi organ yoki sud belgilagan muddatda bartaraf etmaganda;
litsenziyalovchi organning litsenziyani berish toʻgʻrisidagi qarorining qonunga xilofligi aniqlanganda;
litsenziat tomonidan mazkur Nizomning 7-bandida belgilangan litsenziya talablari va shartlari muntazam ravishda (bir yil davomida ikki va undan ortiq marotaba) yoki bir marotaba qoʻpol ravishda buzilganda. Bunda, mazkur Nizomning 7-bandi “i”, “j”, “n”, “o”, “p” va “r” kichik bandlarida belgilangan talablar va shartlarning bajarilmaganligi bir marta qoʻpol ravishda buzilish hamda “a”, “b”, “v”, “g”, “d”, “z”, “k”, “l”, “m”, “s” va “t” kichik bandlarida belgilangan talablar va shartlarning bir yil davomida ikki va undan ortiq marta bajarilmaganligi muntazam ravishda buzilish deb hisoblanadi;
litsenziya qalbaki hujjatlardan foydalangan holda olinganligi fakti aniqlanganda.
Ushbu bandning oltinchi va yettinchi xatboshilarida nazarda tutilgan hollarda bir yil davomida qaytadan litsenziya berilmaydi. Mazkur talab litsenziatning muassasasi yoki benefitsiar mulkdori tomonidan tashkil etiladigan yangi tadbirkorlik subyektlariga nisbatan ham tatbiq etiladi.
47. Litsenziyani bekor qilish mazkur Nizomning 46-bandi ikkinchi va uchinchi xatboshilarida koʻrsatilgan hollarda litsenziyalovchi organning qarori asosida besh ish kuni ichida amalga oshiriladi.
Litsenziya mazkur Nizomning 46-bandi toʻrtinchi — yettinchi xatboshilarida koʻrsatilgan hollarda sud tomonidan bekor qilinadi.
Litsenziyalovchi organ litsenziyani bekor qilish toʻgʻrisida sudga ariza bilan murojaat qilingan kundan eʼtiboran bir ish kunidan kechiktirmay litsenziatga litsenziyani bekor qilish haqida ariza bilan sudga murojaat qilish asoslari va qonunchilikning aniq normalarini koʻrsatgan holda xabarnoma yuboradi.
48. Litsenziya ushbu Nizomning 46-bandi yettinchi xatboshisida koʻrsatilgan asosga koʻra bekor qilingan taqdirda, u berilgan sanadan eʼtiboran bekor qilingan deb hisoblanadi.
49. Litsenziyaning amal qilishini bekor qilish yoki qayta tiklash toʻgʻrisidagi sud qarori qonuniy kuchga kirgandan soʻng litsenziyalovchi organ ushbu maʼlumotni bir ish kuni ichida litsenziyalar reyestriga kiritadi.
50. Litsenziyaning amal qilishini bekor qilish toʻgʻrisidagi litsenziyalovchi organning qarori ushbu qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran bir ish kunidan kechiktirmay litsenziatga litsenziyani bekor qilish asoslari va qonunchilikning aniq normalarini koʻrsatgan holda yetkaziladi.
Litsenziyalovchi organ bekor qilingan litsenziya toʻgʻrisidagi axborotni bir ish kuni ichida litsenziyalar reyestriga kiritadi.
7-bob. Ayrim litsenziya talablari va shartlarini amalga oshirishning maxsus tartibi
51. Litsenziat litsenziyalovchi organ bilan quyidagilarni kelishishi lozim:
litsenziya egasining ustav kapitalidagi ulushlarni jismoniy va yuridik shaxslarga, shu jumladan norezidentlarga realizatsiya qilish;
litsenziatning rahbariyati (direktor va uning oʻrinbosarlari) almashishi.
52. Mazkur Nizomning 51-bandi ikkinchi va uchinchi xatboshilarida koʻrsatilgan holatlarda litsenziat litsenziyalovchi organga quyidagi hujjatlarni axborot tizimi orqali taqdim etishlari kerak:
a) yuridik shaxsning nomi va tashkiliy-huquqiy shakli, pochta manzili, soliq toʻlovchining identifikatsiya raqami (STIR), elektron pochta manzili, bankning nomi va bankdagi hisobvaragʻi, arizani toʻldirish sababi (ustav kapitalidagi ulushlarni jismoniy va yuridik shaxslarga, shu jumladan norezidentlarga realizatsiya qilish yoki rahbariyatni (direktor va uning oʻrinbosari) almashtirishni kelishish) aks ettirilgan ariza;
b) litsenziatning ustav kapitalidagi ulushni sotib olish niyatida boʻlgan potensial oluvchi — jismoniy shaxs haqidagi maʼlumotlar (F.I.O., shaxsni tasdiqlovchi hujjat raqami, JSHSHIR). Chet el fuqarolari uchun ushbu bandning “g” kichik bandida nazarda tutilgan maʼlumotlar qoʻshimcha ravishda taqdim etilishi kerak;
v) litsenziatning ustav kapitalidagi ulushni sotib olish niyatida boʻlgan potensial oluvchi — yuridik shaxsning rahbariyati (direktor va uning oʻrinbosarlari) va taʼsischilari haqida ushbu Nizomning 3-ilovasiga muvofiq shakldagi maʼlumotlar. Bunda, taʼsischilar haqidagi maʼlumotlar oxirgi benefitsiar mulkdorga (oxirgi benefitsiar mulkdor ham) qadar koʻrsatilishi kerak;
g) litsenziatning ustav kapitalidagi ulushni potensial oluvchi — yuridik shaxsning rahbariyati (direktor va uning oʻrinbosarlari) va taʼsischilari chet el fuqarolari boʻlganda, mazkur Nizomning 7-bandi “n” kichik bandida nazarda tutilgan jinoyatlar boʻyicha belgilangan tartibda legallashtirilgan yoki apostil qoʻyilgan holda tegishli xorijiy mamlakatning vakolatli organidan olingan sudlanmaganlik haqidagi maʼlumotnoma hamda uning Oʻzbekiston Respublikasi davlat tiliga notarial tartibda tasdiqlangan tarjimasi.
53. Litsenziyalovchi organ arizani qabul qilgan kundan boshlab oʻn ish kunidan ortiq boʻlmagan muddatda kelishish yoki kelishishni rad etish haqida qaror qabul qiladi.
Bunda, mazkur Nizomning 51-bandi ikkinchi va uchinchi xatboshilarida koʻrsatilgan shaxslar litsenziya talablari va shartlariga muvofiq boʻlgan taqdirda, litsenziyalovchi organ tomonidan ularni kelishish haqida qaror qabul qilinadi. Agar ular litsenziya talablari va shartlariga muvofiq emas deb topilganda, ularni kelishish rad etiladi.
54. Arizani koʻrib chiqish va qaror qabul qilish uchun yigʻim undirilmaydi.
8-bob. Litsenziya talablari va shartlariga rioya etilishini nazorat qilish
55. Litsenziat tomonidan litsenziya talablari va shartlariga rioya etilishi ustidan nazorat litsenziyalovchi organ tomonidan qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
56. Litsenziyalovchi organ litsenziat tomonidan litsenziya talablari va shartlariga rioya etilishini nazorat qilishda oʻz vakolatlari doirasida quyidagilarga haqli:
litsenziatni litsenziya talablari va shartlariga rioya etayotganligi ustidan tekshirishni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakilni xabardor etgan holda qonunchilikda belgilangan tartibda joyiga chiqqan holda oʻtkazish;
litsenziya talablari va shartlariga rioya etilishi ustidan tekshiruvlar oʻtkazilayotganda yuzaga keladigan masalalar boʻyicha litsenziatdan zarur maʼlumotlarni soʻrash va olish;
tekshiruv natijalari asosida litsenziat yoʻl qoʻygan litsenziya talablari va shartlarining aniq qoidabuzarliklarni koʻrsatgan holda dalolatnomalar (maʼlumotnomalar) tuzish;
litsenziat zimmasiga aniqlangan qoidabuzarliklarni bartaraf etish majburiyatini yuklovchi qarorlar chiqarish, bunday qoidabuzarliklarni bartaraf etish muddatlarini belgilash;
litsenziyaning amal qilishini oʻn ish kunidan ortiq boʻlmagan muddatga toʻxtatib turish, shuningdek, sudga litsenziyaning amal qilishini olti oydan ortiq boʻlmagan muddatga toʻxtatib turish yoki litsenziyani bekor qilish tashabbusi bilan murojaat qilish;
litsenziya berish tartib-taomillari sohasidagi huquqbuzarliklar boʻyicha yuridik shaxslarga jarima qoʻllash toʻgʻrisida qaror qabul qilish, uni majburiy undirish boʻyicha sudga daʼvo arizasi kiritish.
57. Nazorat qilish quyidagi shakllarda amalga oshiriladi:
axborot tizimi orqali masofaviy nazorat;
litsenziya talablari hamda shartlariga rioya etilishini asoslar mavjud boʻlgan taqdirda va qonunchilikda belgilangan tartibda joyga chiqqan holda tekshirish;
statistik axborotlarni va litsenziatdan soʻrab olinadigan maʼlumotlarni tahlil qilish.
58. Litsenziyalovchi organ masofaviy nazoratni axborot tizimi imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda litsenziatning xodimlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar, litsenziya talablari va shartlariga rioya qilinganligi toʻgʻrisida taqdim etilgan maʼlumotlar, shuningdek, boshqa vakolatli organlar va idoralardan olingan axborotlar asosida amalga oshiradi.
Masofaviy nazoratni amalga oshirishda litsenziyalar reyestriga kiritilgan litsenziatning litsenziya talablari va shartlarini buzish holatlari toʻgʻrisida axborot tizimi orqali avtomatik ravishda keladigan xabarlar litsenziyalovchi organning shaxsiy kabinetiga kelib tushadi. Ushbu xabar orqali litsenziyalovchi organ litsenziatning faoliyatini tahlil qiladi va oʻrganadi. Bunda litsenziyalovchi organ litsenziya talablari va shartlarining buzilishi holatlarini bartaraf etish boʻyicha litsenziatga koʻrsatma beradi.
Litsenziat masofaviy nazorat asosida litsenziyalovchi organ tomonidan berilgan koʻrsatmada bayon etilgan talablarni oʻn ish kuni ichida bajarishi va bu haqida litsenziyalovchi organga xabar berishi lozim.
Koʻrsatma litsenziat tomonidan oʻz vaqtida ijro etilmaganda yoki bajarilishi taʼminlanmaganda litsenziyalovchi organ “xavfni tahlil qilish” tizimi asosida uning faoliyatini tekshirishi mumkin.
59. Litsenziatning faoliyatini joyiga chiqqan holda tekshirish quyidagilar asosida amalga oshiriladi:
“xavfni tahlil etish” tizimi;
jismoniy va yuridik shaxslarning, shu jumladan, jamoatchilik nazorati subyektlarining murojaatlari.
60. Litsenziya talablari va shartlariga rioya etilishini joyiga chiqqan holda tekshirish oʻn kungacha boʻlgan muddatda oʻtkazilishi lozim.
Litsenziyalovchi organ tomonidan belgilangan tartibda joyiga chiqqan holda oʻtkaziladigan tekshirishdan bosh tortish litsenziyaning amal qilishini toʻxtatib turish uchun asos boʻladigan harakat hisoblanadi.
9-bob. Litsenziyalar reyestrini yuritish tartibi
61. Litsenziyalovchi organ litsenziyalanadigan faoliyat turi boʻyicha litsenziyalar reyestrini yuritadi.
Litsenziyalar reyestrida quyidagilar koʻrsatilgan boʻlishi lozim:
litsenziatning nomi, tashkiliy-huquqiy shakli, litsenziyalanadigan faoliyat turi, joylashgan yeri (pochta manzili), elektron pochta manzili, soliq toʻlovchining identifikatsiya raqami (STIR), telefon raqami;
axborot resursining (tizimning, platformaning) domen nomi;
litsenziyalarning berilgan sanasi va tartib raqami;
litsenziyalarni qayta rasmiylashtirish, oʻzgartirish, amal qilishini toʻxtatib turish, qayta tiklash, amal qilishini tugatish hamda bekor qilish asoslari va sanasi.
62. Litsenziyalar reyestrida mavjud boʻlgan maʼlumotlar litsenziyalovchi organning rasmiy veb-saytiga joylashtiriladi va tanishib chiqish uchun ochiq boʻladi.
10-bob. Yakuniy qoidalar
63. Litsenziat litsenziya talab va shartlarining bajarilganligi yuzasidan litsenziyalovchi organga soxta, yolgʻon yoki notoʻgʻri maʼlumotlar berganligi uchun qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javobgarlikka tortiladi.
64. Litsenziyalovchi organning litsenziyani berishni rad etish, amal qilishini toʻxtatib turish, tugatish va bekor qilish haqidagi qarorlari, shuningdek litsenziyalovchi organ mansabdor shaxslarining harakatlari (harakatsizligi) ustidan belgilangan tartibda sudga shikoyat qilinishi mumkin.
65. Ushbu Nizom talablarining buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilikka muvofiq javobgar boʻladilar.
Fond birjasi va qimmatli qogʻozlarning birjadan tashqari savdosi tashkilotchisi faoliyatini litsenziyalash tartib-taomillari toʻgʻrisidagi nizomga 1-ILOVA
Fond birjasi va qimmatli qogʻozlarning birjadan tashqari savdosi tashkilotchisi faoliyatini litsenziyalash
SXEMASI
Fond birjasi va qimmatli qogʻozlarning birjadan tashqari savdosi tashkilotchisi faoliyatini litsenziyalash tartib-taomillari toʻgʻrisidagi nizomga 2-ILOVA
Litsenziya talabgorining rahbariyati (direktor va uning oʻrinbosarlari) va taʼsischilari haqidagi
MAʼLUMOTLAR
Fond birjasi va qimmatli qogʻozlarning birjadan tashqari savdosi tashkilotchisi faoliyatini litsenziyalash tartib-taomillari toʻgʻrisidagi nizomga 3-ILOVA
Fond birjasi va qimmatli qogʻozlarning birjadan tashqari savdosi tashkilotchisining ustav kapitalidagi ulushini potensial sotib oluvchi — yuridik shaxsning rahbariyati (direktor va uning oʻrinbosarlari) va taʼsischilari haqidagi
MAʼLUMOTLAR
