Yuk ortish va tushirish ishlarida yukchilar uchun ishlarning xavfsizligi qoidalarini tasdiqlash toʻgʻrisida (3844-son)
02.06.2026
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI VAZIRLAR MAHKAMASI HUZURIDAGI SANOAT, RADIATSIYA VA YADRO XAVFSIZLIGI QOʻMITASINING
QARORI
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2026-yil 2-iyunda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 3844]
Oʻzbekiston Respublikasining “Davlat tili haqida”gi Qonuni, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 8-sentabrdagi PF-161-son “Islohotlarni huquqiy jihatdan taʼminlash samaradorligini oshirish hamda ijtimoiy munosabatlarni tartibga solishda vazirlik va idoralarning masʼuliyati va tashabbuskorligini kuchaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoni hamda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2000-yil 12-iyuldagi 267-son “Mehnatni muhofaza qilishga doir meʼyoriy hujjatlarni qayta koʻrib chiqish va ishlab chiqish toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qoʻmitasi qaror qiladi:
1. Yuk ortish va tushirish ishlarida yukchilar uchun ishlarning xavfsizligi qoidalari ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi, Sogʻliqni saqlash vazirligi, Transport vazirligi, Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakil, Oʻzbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi hamda Savdo-sanoat palatasi bilan kelishilgan.
3. Mazkur qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Rais A. RAFIQOV
Toshkent sh.,
2026-yil 6-may,
42-son
Kelishildi:
Transport vaziri I. MAXKAMOV
2026-yil 5-may
Favqulodda vaziyatlar vaziri A. IKRAMOV
2026-yil 31-mart
Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vaziri Sh. XIDOYATOV
2026-yil 28-mart
Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vaziri B. ZAXIDOV
2026-yil 18-fevral
Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakil A. BURIYEV
2026-yil 14-fevral
Kasaba uyushmalari Federatsiyasi raisi K. RAFIKOV
2026-yil 13-fevral
Sogʻliqni saqlash vaziri A. XUDAYAROV
2026-yil 2-fevral
Savdo-sanoat palatasi raisi D. VAXABOV
2026-yil 20-yanvar
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qoʻmitasining 2026-yil 6-maydagi 42-son qaroriga ILOVA
Yuk ortish va tushirish ishlarida yukchilar uchun ishlarning xavfsizligi
QOIDALARI
Mazkur Qoidalar yuk ortish va tushirish ishlarini bajarishda yukchilar uchun ishlarning xavfsizligiga oid talablarni belgilaydi.
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Qoidalar tashkiliy-huquqiy va mulkchilik shaklidan qatʼi nazar, tashkilotlarda (bundan buyon matnda tashkilotlar deb yuritiladi) yuk ortish va tushirish ishlarini bajarish bilan bogʻliq boʻlgan xodimlarga, shuningdek yuridik shaxs tashkil etmasdan tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanuvchi jismoniy shaxslarga nisbatan tatbiq etiladi.
2. Ushbu Qoidalarda quyidagi tushunchalar qoʻllaniladi:
uzun oʻlchamli yuklar — maxsus temir yoʻl platformalari yoki traylerlarda tashiladigan alohida guruhdagi yuklar (yirik mashinalar, metall konstruksiyalar detallari va qismlari);
yuk ilish moslamasi — harakatlanish paytida yukni ishonchli ushlab turish uchun unga mahkamlanadigan mexanik moslama;
konteyner — kamida 1 m3 hajmli, yuklarni idishsiz, birlamchi oʻramda yoki yengillashtirgan idishda tashish uchun moʻljallangan koʻp martalab foydalaniladigan idish;
topshiriq-ruxsatnoma — taʼmirlash va boshqa ishlarni olib borish uchun xodimlarga koʻpriksimon va koʻchma konsol kranlarining kran yoʻllariga va oʻtish galereyalariga chiqish huquqini beruvchi ruxsatnoma;
xavfli yuklar — oʻziga xos xossalari va xususiyatlari tufayli muayyan omillar mavjud boʻlgan taqdirda tashish, yuk ortish va tushirish ishlari jarayonida tashilayotgan yuklar, texnika vositalari, qurilmalar, bino va inshootlar, boshqa obyektlarning portlashi, yonishi yoki shikastlanishiga, shuningdek odamlar hayoti va sogʻligʻiga, atrof-muhitga zarar yetkazilishiga sabab boʻlishi mumkin boʻlgan moddalar, materiallar, buyumlar, chiqindilar;
stroplar — yuklarni boshqa joyga koʻchirishda yuklarni ilib olish va ushlab turish uchun ilmoq, ilgak yoki boshqa ilib olish moslamalari bilan taʼminlangan kanat;
yuk ilish sxemasi — yukni koʻtarish va boshqa joyga koʻchirish vaqtida uning barqaror va xavfsiz ushlab turilishini taʼminlash uchun stroplarni yukka mahkamlash tartibi va usullarini koʻrsatuvchi sxema.
3. Ish beruvchi mazkur Qoidalarga muvofiq, ishlab chiqarish xususiyatlarini inobatga olgan holda mehnatni muhofaza qilish boʻyicha yoʻriqnomalar hamda texnologik jarayonlar va uskunalardan foydalanish boʻyicha hujjatlarni ishlab chiqadi yoki mavjudlarini qayta koʻrib chiqadi.
4. Mazkur Qoidalarning talablariga rioya etilishini nazorat qilish yuk ortish va tushirish jarayonida ish beruvchi tomonidan amalga oshirilishi lozim.
5. Xodimlarning mehnatni muhofaza qilish boʻyicha bilimlarini sinovdan oʻtkazish Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 24-dekabrdagi 819-son qarori bilan tasdiqlangan Mehnatni muhofaza qilish boʻyicha yoʻl-yoʻriqdan oʻtkazish, oʻqitish va bilimlarni tekshirish, malaka oshirish hamda qayta tayyorlash toʻgʻrisidagi nizomga muvofiq amalga oshirilishi lozim.
6. Mehnatni muhofaza qilish, mehnat xavfsizligi va gigiyenasi talablarini samarali bajarish, xavfni identifikatsiya qilish, kasbga oid (kasbiy) xavf-xatarlarni baholash va boshqarish Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 21-iyuldagi 454-son qarori bilan tasdiqlangan Mehnatni muhofaza qilishni boshqarish tizimi toʻgʻrisidagi namunaviy nizomga muvofiq amalga oshiriladi.
2-bob. Umumiy xavfsizlik talablari
1-§. Mehnatni muhofaza qilish xizmatini tashkil etish
7. Tashkilotlarda mehnatni muhofaza qilish borasidagi ishlarni tashkil qilish Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 24-dekabrdagi 819-son qarori bilan tasdiqlangan Tashkilotlarda mehnatni muhofaza qilish ishlarini hamda mehnatni muhofaza qilish xizmati faoliyatini tashkil etish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga muvofiq amalga oshiriladi.
8. Oʻzbekiston Respublikasi “Mehnatni muhofaza qilish toʻgʻrisida”gi Qonunining 12-moddasiga muvofiq ishlab chiqarish faoliyatini amalga oshiruvchi, xodimlarining soni ellik kishi va undan ortiq boʻlgan har bir tashkilotda mehnatni muhofaza qilish talablariga rioya etilishini taʼminlash, ularning bajarilishi ustidan nazoratni amalga oshirish maqsadida mehnatni muhofaza qilish xizmati tashkil etiladi yoki mehnatni muhofaza qilish boʻyicha tegishli tayyorgarlikka ega boʻlgan mutaxassis lavozimi joriy etiladi. Ellikta va undan ortiq transport vositasi mavjud boʻlgan tashkilotda yoʻl harakati xavfsizligi xizmati ham tashkil etiladi yoki yoʻl harakati xavfsizligi boʻyicha mutaxassis lavozimi joriy etiladi.
Xodimlarining soni ellik nafardan kam boʻlgan tashkilotda mehnatni muhofaza qilish xizmatini tashkil etish yoki mehnatni muhofaza qilish boʻyicha mutaxassis lavozimini joriy etish toʻgʻrisidagi qaror ish beruvchi tomonidan mazkur tashkilot faoliyatining oʻziga xos xususiyati hisobga olingan holda qabul qilinadi.
Mehnatni muhofaza qilish xizmati va yoʻl harakati xavfsizligi xizmati tashkilotning mustaqil tarkibiy boʻlinmalari boʻlib, ular bevosita ish beruvchiga boʻysunadi.
9. Xodimlar yuk ortish va tushirishda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 20-oktabrdagi 649-son qarori bilan tasdiqlangan Yongʻin xavfsizligi qoidalarining talablariga amal qilishi kerak.
10. Har bir tashkilotda rahbarning buyrugʻi (boshqaruv qarori) bilan mazkur Qoidalar asosida bilimlari tekshiruvdan oʻtgan rahbarlar va mutaxassislar orasidan yuk ortish va tushirish ishlarini xavfsiz amalga oshirish uchun masʼul shaxs tayinlanadi.
11. Tashkilotning yuk ortish va tushirish ishlarini xavfsiz amalga oshirish uchun masʼul shaxsning majburiyatlari mansab yoʻriqnomasida belgilanishi kerak.
12. Mehnatni muhofaza qilish va sogʻlom hamda xavfsiz mehnat sharoitlarini taʼminlash boʻyicha chora-tadbirlarni amalga oshirish ustidan nazorat tashkilotning mehnatni muhofaza qilish xizmati yoki mehnatni muhofaza qilish boʻyicha mutaxassis tomonidan olib boriladi.
13. Yuk ortish va tushirish ishlariga rahbarlik qiluvchi shaxs quyidagilarga majbur:
ish boshlanishidan oldin ish olib boriladigan hududning muhofaza zonasini belgilash va uning xavfsizligini taʼminlash;
mazkur ishlarni bajaradigan xodimlarda tegishli malaka koʻnikmalariga ega ekanini tasdiqlovchi hujjatlarning mavjudligini tekshirish;
yuklarni ortish, tushirish, koʻchirish usullari toʻgʻri tanlanganligi va ishlarni xavfsizlik talablariga muvofiq olib borilayotganligini nazorat qilish;
avariya yoki xodimlarni shikastlanish holatlari sodir boʻlganda zudlik bilan ishlarni toʻxtatish va darhol xavfni bartaraf etish boʻyicha zarur boʻlgan choralar koʻrish;
yuk ortish va tushirish ishlari ikkita kran yordamida bajarilganda, shuningdek yuk ilish sxemasi ishlab chiqilmagan yuklarni ortish va tushirish ishlarini bajarish jarayonida mazkur ishlarga bevosita rahbarlikni taʼminlash;
yaroqliligi boʻyicha maʼlumot mavjud boʻlmagan, shuningdek nuqsonli yuk ilish moslamalari va idishlarni qoʻllashga yoʻl qoʻymaslik.
2-§. Yuklarni ortish va tushirish, omborga joylashtirish ishlarini amalga oshirishda xavfli va zararli ishlab chiqarish omillari
14. Yuklarni ortish va tushirish hamda omborga joylashtirish ishlarida xodimlarga salbiy taʼsir koʻrsatishi mumkin boʻlgan xavfli va zararli omillar quyidagilardan hosil boʻladi:
a) chang;
b) zararli gazlar va bugʻlar;
v) havo haroratining yuqori yoki past boʻlishi;
g) shovqin;
d) havo namligi;
e) ish joyini yetarli darajada yoritilmaganligi;
j) toʻgʻridan-toʻgʻri va aks etgan yorugʻlikning yaltiroq taʼsiri;
z) ish joyining ahamiyatli darajada balandlikda joylashganligi;
i) harakatlanayotgan mashina va mexanizmlar, yuk koʻtarish kranining harakatlanuvchi qismlari, koʻtarilayotgan yoki koʻchirilayotgan yuklar, yuk ilish moslamalari (stroplar, ilgaklar, qisqichlar), shuningdek transport vositasi va temiryoʻl transporti bilan bogʻliq xavflar;
k) elektr yuritmali kranlarda qisqa tutashuv natijasida elektr tokining inson tanasi orqali oʻtishi bilan bogʻliq yuqori kuchlanish xavfi.
15. Yuk ortish va tushirish ishlari olib boriladigan joylaridagi havoning tozaligini SanQvaN 0324-16 “Ishlab chiqarish binolarining mikroiqlimning sanitariya-gigiyenik normalari” va SanQvaN 0294-11 “Ish joylari havosidagi zararli moddalarning ruxsat etilgan miqdorining gigiyenik talablari”ga muvofiq taʼminlashi kerak.
3-§. Yuklarni tashish jarayonlariga qoʻyiladigan talablar
16. Transport vositasida yuklarni tashish Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 1-avgustdagi 213-son qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasida avtomobil transportida yuklarni tashish qoidalarining talablariga muvofiq amalga oshiriladi.
17. Transport vositasida xavfli yuklarni tashish Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 16-fevraldagi 35-son qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasida xavfli yuklarni avtomobil transportida tashish qoidalarining talablariga muvofiq amalga oshiriladi.
18. Katta hajmli va ogʻir vaznli yuklarni transport vositasida tashishda harakat xavfsizligi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 26-dekabrdagi 342-son qarori bilan tasdiqlangan Katta hajmli va ogʻir vaznli yuklarni avtomobil transportida tashishda harakat xavfsizligini taʼminlash qoidalarining talablariga muvofiq amalga oshiriladi.
19. Temir yoʻl transportida yuk tashish Oʻzbekiston Respublikasi temir yoʻl transportida yuk tashish qoidalariga (roʻyxat raqami 3457, 2023-yil 21-sentabr) muvofiq amalga oshiriladi.
20. Mazkur Qoidalarda belgilangan yuklarni tashish boʻyicha talablar yuklarni tashish sohasida qabul qilingan qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilmagan qismi boʻyicha amal qiladi.
4-§. Yuklarni ortish va tushirish ishlarini qoʻlda bajarishga qoʻyiladigan talablar
21. Yuk ortish va tushirish ishlarini bajarishda va yuklarni qoʻlda tashishda quyidagi talablarga rioya etilishi kerak:
uchi oʻtkir, kesuvchi, sanchiladigan buyumlar va asboblar faqat gʻilof, penallardan foydalangan holda koʻtarilishi;
qattiq idishdagi yuklar faqatgina qoʻlqop bilan koʻtarilishi;
shisha idishlar mustahkam taglikka oʻrnatilishi, boʻsh shisha idishlarni esa uyachalarga ega maxsus qutilarda saqlash taʼminlanishi;
siniqlari va yoriqlari boʻlgan shisha idishlardan foydalanmasligi;
nosoz, mixlari chiqib turgan, qirrali idishlarda yuklar tashilmasligi;
xodimlar uchun qoʻlda koʻtariladigan va tashiladigan yuklarning ogʻirligi Ishlab chiqarish muhiti omillarining zararliligi va xavfliligi, mehnat jarayonining ogʻirligi va tigʻizligi koʻrsatkichlari boʻyicha mehnat sharoitlarining gigiyenik tasnifiga (0069-24-son SanQvaN) (hisob raqami 241, 2024-yil 25-mart) muvofiq boʻlishi;
oʻn sakkiz yoshgacha boʻlgan xodimlar uchun koʻtarishlari va tashishlari mumkin boʻlgan yuklarning ogʻirligi Oʻn sakkiz yoshgacha boʻlgan xodimlar koʻtarishlari va tashishlari mumkin boʻlgan ogʻir yuk normalarining chegarasini belgilash toʻgʻrisidagi nizom (roʻyxat raqami 1954, 2009-yil 12-may) talablariga javob berishi.
5-§. Yuklarni joylashtirish jarayonlariga qoʻyiladigan talablar
22. Kukunsimon va sochiluvchan materiallarni tashishda ularni changitmasdan ortish, tashish va tushirishni taʼminlovchi maxsus temiryoʻl vagonlari hamda sement tashuvchi avtomashinalardan foydalanilishi lozim.
23. Kukunsimon materiallarni tashish uchun moʻljallangan idishlardan foydalanishning barcha bosqichlarida, shu jumladan ular ishlab chiqarish jarayonida qoʻllanilguniga qadar, qadoqning butligi va materialning xavfsiz saqlanishi taʼminlanishi hamda ular ortiqcha qayta joylashtirishni (oraliq yuklash-tushirish ishlarini) talab etmasligi kerak.
24. Zararli va agressiv suyuq moddalarni tashish uchun maxsus sisternalardan foydalanilishi lozim.
25. Qovushqoqligi yuqori boʻlgan yoki tez muzlaydigan moddalarni saqlash va tashishda ularning kimyoviy xossalarini oʻzgartirmaydigan, shuningdek atmosferaga zararli gazlar ajralib chiqishiga yoʻl qoʻymaydigan isitish tizimi qoʻllanilishi lozim.
26. Xavfli moddalarni ortish, toʻkish, sisternalardan boʻshatish hamda ularni yuvish ishlari xodimlarning ushbu moddalar bilan toʻgʻridan-toʻgʻri aloqasini istisno etuvchi, shuningdek havoga zararli moddalar ajralib chiqishining oldini oluvchi usullar orqali amalga oshirilishi lozim.
Suyuqlikni quyish va toʻkish ishlarini boshlashdan oldin sisternaning ichki boʻshligʻini atmosfera bilan bogʻlovchi klapanning texnik sozligi va ishga yaroqliligi tekshirilishi shart.
27. Yuklarni temir yoʻl transportiga joylashtirish Oʻzbekiston Respublikasi temir yoʻl transportida yuk tashish qoidalarining (roʻyxat raqami 3457, 2023-yil 21-sentabr) talablariga muvofiq amalga oshirilishi lozim.
28. Temir yoʻl yaqinida ortish uchun tayyorlangan yuklar balandligi 1200 mmgacha boʻlganda chekka relsning tashqi chegarasidan kamida 2 metr masofada, balandligi bundan yuqori boʻlganda esa kamida 2,5 metr masofada joylashtirilishi va mahkamlanishi shart.
29. Yopiq vagonlarda yuklar joylashtirilganda ikki tomonda joylashgan eshiklarning erkin ochilishiga xalaqit qilmasligi kerak. Zaruratga koʻra, vagon eshiklari qalinligi kamida 40 mm boʻlgan taxtalar yoki qalqonlar bilan toʻsilishi kerak.
Vagon eshiklari ochilganda xodimlar yuk tushib ketish ehtimoli mavjud boʻlgan xavfli hududda boʻlmasliklari kerak.
30. Yuklarni transport vositasi kuzovi yoki temir yoʻl vagonida barqaror va xavfsiz joylashtirish uchun yogʻoch yoki metall tirgaklar, tayanch rampalar hamda shchitlardan foydalanilishi lozim.
31. Transport vositasiga ortishda yuk yoʻlning oʻtish joyidan 3,8 m dan ortiq baland koʻtarilib turmasligi va eni 2,5 m dan ortiq boʻlmasligi kerak.
32. Transport vositasi kuzovining bortlarini ochish va yopish ishlari kamida ikki nafar xodim tomonidan amalga oshirilishi lozim. Bunda, yukning barqaror va xavfsiz joylashtirilganligi oldindan tekshirilishi shart.
33. Yuk ortish va tushirish maydonchalari, estakadalar, koʻprikchalar, taxta zinalar soz va toza holatda boʻlishi, qish kunlarida qor va muzlardan tozalanishi hamda qum, shlak va sirpanchiqlikka qarshi ashyolar sepilishi kerak.
34. Yuk ortish va tushirish ishlari amalga oshiriladigan hududlar, shuningdek piyodalar va transport vositalari harakatlanadigan oʻtish joylari yetarli darajada tabiiy va sunʼiy yoritish SHNQ 2.01.05-24 “Tabiiy va sunʼiy yoritish” shaharsozlik normalari va qoidalari talablariga muvofiq boʻlishi lozim.
Yuk ortish va tushirish ishlari olib boriladigan joylarda begona buyumlar, materiallar va boshqa ashyolarni saqlashga yoʻl qoʻyilmaydi.
35. Yuk ortish va tushirish maydonchalari transport vositalari orqaga harakatlanib kelib toʻxtaganda ularning harakatini cheklash uchun yoʻlka va toʻxtatgich bilan jihozlangan boʻlishi lozim.
36. Kanat va yuk ortish qurilmalari bilan boʻladigan ishlarni qoʻlqoplardan foydalangan holda bajarish kerak.
37. Yuk ortish va tushirish ishlarini bajarishda yuk bilan bogʻliq ishlar qoʻlqoplarda, yuk koʻtarish mexanizmlari qoʻllanilganda esa qoʻlqop va kaskalarda olib borilishi kerak.
38. Platforma bortlarining zanjirlari dastlab oʻrta qismidan, soʻngra platformaning yon tomonlaridan ochilishi lozim. Bunda, xodim platforma bortidan kamida 1 m masofada joylashishi shart.
Vagon lyuklari lyuk koʻtargichlar yordamida berkitilishi kerak.
Lyuk koʻtargichlar mavjud boʻlmagan taqdirda yarim vagon lyuklarini yopish ishlari kamida uch nafar xodimdan iborat brigada tomonidan amalga oshirilishi lozim.
Bunda:
ikki nafar xodim yordamchi moslamalar (lomlar) yordamida lyuk qopqogʻini koʻtaradi;
uchinchi xodim yordamchi moslamalarni (lomlarni) maxsus teshikka joylashtirib, qopqoqni yarim vagon ramasiga zichlaydi;
qopqoq mustahkamlanadi hamda saqlagich sektorlari (qulflari) oʻrnatiladi.
39. Transporter tasmasi nosoz holatda boʻlganda yoki toʻsatdan toʻxtab qolganda konveyerda ishlashga, harakatlanayotgan tasmani tozalashga, shuningdek transporter ishlab turgan vaqtda transporter tasmasi hamda barabanlari ostida toʻplangan toʻkilmalarni tozalashga yoʻl qoʻyilmaydi.
Konveyer ishlayotgan vaqtda uni taʼmirlash, konveyer fermasining holatini oʻzgartirish yoki uni almashtirish taqiqlanadi.
40. Yukning fizik-kimyoviy xususiyatlariga taʼsir koʻrsatuvchi meteorologik sharoitlar oʻzgarganda (masalan, zaharlilik darajasi oshganda), yuk ortish va tushirish ishlari darhol toʻxtatilishi hamda bu haqda masʼul shaxsga zudlik bilan xabar berilishi lozim.
6-§. Yuklarni koʻchirish jarayonlariga qoʻyiladigan talablar
41. Yuklarni boshqa joyga koʻchirish ishlarini amalga oshirish uchun tashkilot tomonidan transport-texnologik sxema ishlab chiqilishi lozim.
42. Tashkilotda transport vositalari harakatini tashkil qilish uchun harakat sxemasi ishlab chiqilgan va koʻrinarli joyga oʻrnatilgan boʻlishi kerak.
43. Shovqin darajasi yuqori boʻlgan sexlarda transport vositalari harakati haqida xodimlarni ogohlantirish va xabar berish uchun ovozli signalga qoʻshimcha ravishda yorugʻlik signalizatsiyasi ham qoʻllanilishi lozim.
44. Transport vositalarida tashiladigan gaz toʻldirilgan ballonlar turidagi yuklarni joʻnatuvchi va qabul qiluvchilar transport vositasi kuzovi poli balandligida mazkur yuklarni xavfsiz ortish va tushirishni taʼminlaydigan maxsus jihozlangan platformaga ega boʻlishlari lozim.
Transport vositalari yuk ortish yoki tushirish punktiga kelganda, yuk joʻnatuvchi yoki qabul qiluvchi haydovchidan yoʻl varaqasi hamda yuk hujjatlarini talab qilishi, haydovchi esa ularni taqdim etishi shart.
45. Gaz yoki suyuqlik toʻldirilgan ballonlar hamda idishlardagi yuklarni ortish va tushirish, shuningdek ularni transport vositalarida tashish uchun mahkamlash ishlari yuk joʻnatuvchi yoki yuk qabul qiluvchi nazorati ostida amalga oshirilishi lozim.
Bunda, haydovchini yuk ortish va tushirish ishlariga jalb etish yoʻriqnomada nazarda tutilgan hollarda hamda mazkur shartlar shartnomada belgilangan taqdirdagina ruxsat etiladi.
46. Yuk koʻtarish va transport bilan bogʻliq ishlar yongʻin xavfsizligi talablariga rioya etgan holda quyidagi choralar orqali amalga oshirilishi lozim:
tez alangalanuvchi va yonuvchi suyuqliklarning oqib chiqishi hamda toʻkilishiga yoʻl qoʻymaslik;
tez alangalanuvchi va yonuvchi suyuqliklar bugʻlarining ochiq holda ajralib chiqishiga yoʻl qoʻymaslik;
alanga olish manbalarida uchqun chiqishiga yoʻl qoʻymaslik;
ish muhiti koʻrsatkichlarini portlash yoki alangalanish xavfini istisno etuvchi chegaralarda saqlab turish;
xodimlarni xavfli ishlab chiqarish omillari taʼsiridan himoya qilish choralarini amalga oshirish;
tashkilotning buyrugʻi asosida ishlab chiqarishlar, sexlar va uchastkalarning rahbarlari zimmasiga yongʻinga qarshi tartibga hamda yongʻinga qarshi profilaktik chora-tadbirlarga rioya etilishi uchun javobgarlikni yuklash.
47. Yuk koʻtarish kranlari yordamida yuk ortish va tushirish ishlarini xavfsiz amalga oshirish maqsadida tashkilot maʼmuriyati ish joylarini foydalanishga ruxsat etilgan yuk ilish moslamalari, idishlar va yuklar roʻyxati, ularning oʻlchamlari, ogʻirligi, ilish nuqtalari va saqlash joylari, shuningdek yuk ilish sxemalari bilan taʼminlashi lozim.
7-§. Ishlab chiqarish jarayonlarida yuk ortish va tushirish ishlariga qoʻyiladigan talablar
48. Ishlab chiqarish jarayonlarida yuk ortish va tushirish ishlari ushbu Qoidalar va qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda olib borilishi kerak.
49. Yuklarni omborlarga joylashtirish tartibi, saqlash joylari va joylashtirish oʻlchamlari, shuningdek piyodalar hamda transport vositalari harakatlanishi uchun oʻtish yoʻlaklari oʻlchamlari koʻrsatilgan texnologik kartalar asosida amalga oshirilishi lozim.
50. Texnologik kartalar omborxona rejasi yoki joylashtirish maydonchasi koʻrinishida tuzilishi hamda unda yuk taxlamlarining joylashuvi va oʻlchamlari, transport vositalari va temir yoʻl kirish yoʻllari, xodimlar harakatlanishi uchun oʻtish yoʻlaklari, kranlar uchun relsli yoʻllar va xizmat koʻrsatish hududlari, shuningdek oʻziyurar strelali kranlar hamda yuk ortish va tushirish transport vositalari oʻrnatiladigan joylar koʻrsatilishi lozim.
51. Yuklarni ildirish ishlari yuk ilish sxemasiga muvofiq, mazkur yuklarni tashish hujjatlarida koʻrsatilgan yechib olinadigan yuk ilish moslamalari, idishlar va boshqa vositalardan foydalangan holda amalga oshirilishi lozim.
52. Ogʻirligi nomaʼlum boʻlgan yuklarni boshqa joyga koʻchirish ishlari ularning haqiqiy ogʻirligi aniqlangandan soʻng amalga oshirilishi lozim. Yukning ogʻirligi yuk koʻtarish mashinasining yuk koʻtarish qobiliyati yoki yuk ilish moslamasining ruxsat etilgan imkoniyatidan ortiq boʻlgan taqdirda, bunday yuklarni koʻtarish taqiqlanadi.
53. Tashkilotlarda yuklarni xavfsiz koʻtarish, koʻchirish, burib siljitish, shuningdek ortish va tushirish ishlarini taʼminlash maqsadida yuklarning turi, ogʻirligi va shaklini inobatga olgan holda yuk ilish sxemalari ishlab chiqilishi lozim.
54. Yuk ilish sxemasi (yuklarni bogʻlash, mahkamlash hamda kanat, zanjir va boshqa ashyolardan ishlangan stroplar yordamida yuk koʻtarish mashinalari ilgagiga ilish usullari) yuk iluvchilar, kranchilar tomonidan oʻrganib chiqilishi va ularga imzo qoʻydirgan holda berilishi va ishlar olib boriladigan joylarga ilib qoʻyilishi kerak.
55. Yuk ilish sxemasi ishlab chiqilmagan yuklarni boshqa joyga koʻchirish ishlari krandan xavfsiz foydalanish uchun masʼul shaxs rahbarligi ostida amalga oshirilishi lozim.
56. Yuklarning ogʻirligi va ogʻirlik markazi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar mavjud boʻlmaganda yuklarni koʻtarish ishlari masʼul shaxsdan maʼlumotlarni olgandan soʻng olib boriladi.
Ushbu maʼlumotlarni aniqlash ushbu Qoidalarning 1-ilovasiga muvofiq olib borilishiga yoʻl qoʻyiladi.
57. Yuk ilish sxemalarini ishlab chiqishda quyidagilarga rioya etilishi kerak:
zavodda ishlab chiqilgan buyumlarning ogʻirligi va ogʻirlik markazi ushbu buyumlarning texnik hujjatlarida koʻrsatilgan boʻlishi;
dastgoh, mashina, mexanizmlar va boshqa uskunalarning massasi dastgoh yoki mashinalarning staninasiga yoki ramasiga biriktirilgan zavod taxtachasida koʻrsatilgan boʻlishi;
qadoqlangan yukning ogʻirligi, ogʻirlik markazi va yukni ildirish joyi yukning qoplamasida koʻrsatilgan boʻlishi.
58. Transport vositalarini sochiluvchan yuklarni ortish joylariga toʻgʻri joylashtirish uchun ortish nuqtalarida yoʻnaltiruvchi belgilar oʻrnatilishi va harakat chiziqlari belgilanishi lozim.
59. Yuk koʻtarish mexanizmlari yordamida yuk ortish va tushirish ishlari amalga oshirilayotganda, maydonchalarda, transport vositalarida, yuk ilish moslamalarini ilish va yechish jarayonida, shuningdek yuk 200 — 300 mm dan ortiq boʻlmagan balandlikka koʻtarilib, uning toʻgʻri ilinganligi tekshirilayotgan paytda yuk iluvchidan tashqari boshqa shaxslar boʻlishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
60. Yuk iluvchi yukning ishonchli ilinganligini tekshirgandan hamda yuk pol (maydoncha) sathidan 1 m dan ortiq boʻlmagan balandlikka koʻtarilgandan soʻng xavfsiz joyga oʻtishi shart.
61. Transport vositasida yuk ortish yoki yuk tushirish ishlari amalga oshirilayotganda uning oʻz-oʻzidan harakatlanib ketishining oldini olish choralari koʻrilgan boʻlishi kerak.
62. Qirralari va uchlari oʻtkir, kesuvchi yuklarni ortish va tushirishda yuk ilish moslamalari shikastlanishini oldini oluvchi taglik (paddon) va qistirmalar qoʻllanilishi kerak.
63. Elektr magnitli va greyferli kranlar bilan yuklarni koʻtarish va boshqa joyga koʻchirish hududlari toʻsiqlar bilan oʻralgan boʻlishi kerak.
64. Toʻsiqlar tegishli ranglarga boʻyalgan va ogohlantiruvchi belgilar bilan jihozlangan boʻlishi kerak.
65. Yuk ortish va tushirish ishlari olib boriladigan maydonchalarning chegaralari belgilangan boʻlishi kerak.
66. Yuklarni bir nechta kranlar bilan boshqa joyga koʻchirish ishlari amaldagi qonunchilik hujjatlari talablariga muvofiq olib borilishi kerak.
67. Yuklarni vilkasimon ushlash moslamasiga ega avto va elektr yuklagichlar yordamida boshqa joyga koʻchirishda yuk vilka elementlariga nisbatan bir tekis joylashtirilishi hamda avtoyuklagichdan foydalanish qoʻllanmasi talablariga muvofiq pol sathidan 300 — 400 mm balandlikka koʻtarilgan boʻlishi lozim.
Yuklarni yuklagichlar yordamida tashishda yoʻl qiyaligi ramaning ruxsat etilgan qiyalik burchagidan oshmasligi lozim.
68. Yukning ogʻirlik markazi vilkasimon ushlash moslamasining barqarorligini taʼminlaydigan tarzda joylashtirilishi, bunda yukning tayanch yuzasidan chiqib turgan qismi chap va oʻng tomonlarda simmetrik ravishda bir xil boʻlishi hamda tayanch yuzasi uzunligining uchdan bir qismidan oshmasligi lozim.
69. Vilkasimon ushlash moslamasiga ega avto va elektr yuklagichlar yordamida idishlarni tashish hamda ularni shtabelga joylashtirish ishlari donalab joylashtirish usulida amalga oshirilishi lozim.
70. Katta oʻlchamli yuklarni avto va elektr yuklagichlar yordamida boshqa joyga koʻchirish ishlari orqaga yurish orqali hamda faqat yuklarni ortish va tashish ishlariga masʼul shaxs yuklagichni kuzatib borgan holda amalga oshirilishi lozim.
Mazkur masʼul shaxs yuklagich haydovchisiga harakat yoʻnalishini koʻrsatishi, ogohlantiruvchi signallar berishi hamda yuklagichning xavfsiz harakatlanishini taʼminlashi shart.
8-§. Idishga solingan donali yuklarni ortish va tushirish jarayoniga qoʻyiladigan talablar
71. Yuklar transport vositalarida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 12-apreldagi 172-son qarori bilan tasdiqlangan Yoʻl harakati qoidalari talablariga muvofiq tashilishi kerak.
Bunda:
yuk haydovchi va atrofdagilarga xavf tugʻdirmasligi, haydovchiga koʻrinishni cheklamasligi, transport vositasi barqarorligini buzmasligi, yoritish va signal asboblari hamda raqam belgilarini berkitmasligi, qoʻl signallarini qabul qilishga xalaqit qilmasligi, shovqin va chang chiqarmasligi, yoʻl hamda atrof-muhitni ifloslantirmasligi kerak;
transport vositasining gabaritlaridan oldi yoki orqa tomonga 1 m dan, yon tomonga gabaritning chetki qismidan 0,4 m dan ortiq chiqib turgan yuk “Katta oʻlchamli yuk” taniqlik belgisi bilan belgilanishi, sutkaning qorongʻi vaqtida va yetarlicha koʻrinmaydigan sharoitda esa, bunga qoʻshimcha ravishda oldi oq rangli chiroq yoki yorugʻlik qaytargich, orqasi esa qizil rangli chiroq yoki yorugʻlik qaytargich bilan belgilanishi kerak.
72. Transport vositalari (tirkama) kuzoviga yuk ortish ishlari kabina tomonidan orqa bort tomon yoʻnalishda, yuk tushirish ishlari esa teskari ketma-ketlikda amalga oshirilishi lozim.
Yuklar transport vositalariga tashish jarayonida siljimaydigan va agʻdarilib ketmaydigan tarzda joylashtirilishi hamda oʻrnatilishi kerak. Zarur hollarda yuklar qoʻshimcha ravishda mahkamlanishi lozim.
73. Idishga solingan donali yuklar taglik (paddon), konteyner va boshqa qadoqlash vositalaridan foydalangan holda tashilishi kerak.
Qadoq ichidagi yuklar siljitmaydigan tarzda mahkamlangan boʻlishi kerak.
74. Yuk taglik chetlaridan 20 mm dan ortiq chiqib turmasligi lozim. Uzunligi 500 mm dan ortiq boʻlgan mustahkam qutilar uchun ushbu masofani 70 mm gacha oshirishga ruxsat etiladi.
75. Konteyner qopqoqlari yuklarni boshqa joyga koʻchirish uchun boshqa buyumlardan tozalangan boʻlishi kerak. Konteynerlarni ildirish ishlari yuk ilish sxemasiga muvofiq amalga oshirilishi kerak.
76. Konteynerlarni qoʻlda ildirish va ilingan konteynerlarni yechish ishlarini bajarishda yuk iluvchining xavfsizligi narvonlar, ikki tomonlama ochiladigan narvonlar hamda boshqa moslamalardan foydalanish orqali taʼminlanishi lozim.
77. Konteynerlarni koʻtarish, tushirish yoki boshqa joyga koʻchirish paytida ularning ustida, ichida va yonida joylashgan konteynerlarda xodimlar boʻlmasligi kerak.
78. Yogʻoch-taxta materiallarni transport vositalariga yuklashda ularning namligi oʻzgarishi natijasida koʻtariladigan yukning ogʻirligi oshishini inobatga olib qadoqlangan koʻrinishda yuklash kerak.
79. Yogʻoch-taxta materiallarini ortish va tushirish joylarida qadoqlar yoki taxlamlarning agʻdarilib ketishini istisno etuvchi moslamalar nazarda tutilishi lozim.
80. Sochiluvchan yuklarni ortish va tushirish ishlari ish joyi havosining ifloslanishini istisno etuvchi mexanizatsiyalashtirilgan usullarda amalga oshirilishi kerak.
Sochiluvchan yuklarni shtabeldan olishda agʻdarilish xavfini keltirib chiqaruvchi boʻshliqlar hosil qilgan holda yukning pastki qismidan olishga yoʻl qoʻyilmaydi.
81. Yarim vagonlardan sochiluvchan yuklarni tushirishda lyuklarni, xodimlarning xavfsiz masofada boʻlishlarini taminlaydigan maxsus moslamalar yordamida ochish kerak.
82. Sochiluvchan yuklarni yarim vagonlardan estakadada joylashgan, balandligi 2,5 m boʻlgan yoʻllarda tushirish ishlarini amalga oshirishda lyuklarni ochish maxsus supachalardan foydalangan holda bajarilishi lozim.
83. Bunkerlar, minora va boshqa sigʻimlarni sochiluvchan ashyolardan boʻshatishda (ortishda) sigʻimlarning yuqori qismida xodimlarning sigʻim ichiga tushib ketishining oldini oluvchi maxsus qurilmalar (toʻrlar, lyuklar, toʻsiqlar) boʻlishi kerak.
84. Xodimlar katta oqimli yoki tortib ketish xususiyatiga ega sochiluvchan yuklar ustidan oʻtishi zarur boʻlgan hollarda traplar yoki butun harakatlanish yoʻli boʻylab toʻsiqli oʻtish toʻshamalari oʻrnatilishi lozim.
Xodimlar sochiluvchan materiallar ustidan harakatlanishda xavfsizlik arqoni bilan jihozlangan saqlagich belbogʻlardan foydalanishlari shart.
85. Sochiluvchan yuklarni tepalikda joylashgan agʻdarma transport vositalaridan tushirishda, shuningdek xandaq va zovurlarni tuproq bilan toʻldirish ishlarida joylashgan agʻdarma transport vositalari tabiiy qiyalik chetiga kamida 1 m masofada joylashtirilishi lozim.
86. Agʻdarma transport vositalarini shibbalanmagan joylarga kirishiga, shuningdek toʻxtatgich bruslar bilan jihozlanmagan estakadalardan turib yukni boʻshatishga yoʻl qoʻyilmaydi.
9-§. Yuklarni transport vositasi kuzoviga joylashtirishga qoʻyiladigan talablar
87. Idishsiz yuklarni ortishda yuk kuzovi bortlaridan yuqori chiqib turmasligi hamda kuzov poli maydoni boʻylab bir tekis joylashtirilishi lozim.
88. Kuzov bortlaridan chiqib turadigan donali yuklar takelaj vositalari (kanatlar, zanjirlar) yordamida bogʻlab mahkamlanishi lozim.
Yuklarni bogʻlashishlarini bajarayotgan xodimlar ortish va tushirish maydonchasida xavfsiz joyda turishlari kerak.
89. Transport vositasidagi yukning umumiy balandligi harakat yoʻnalishidagi koʻprik osti yoʻllari va koʻpriklar balandligidan, shuningdek yer sathidan yukning eng yuqori nuqtasigacha 3,8 m dan oshmasligi lozim.
90. Qutili, bochkali va boshqa donali yuklar harakat vaqtida (toʻsatdan tormoz berish, joyidan qoʻzgʻalish yoki keskin burilishlarda) kuzov poli boʻylab siljib ketmasligi uchun zich, boʻsh joy qoldirmasdan joylashtirilishi lozim.
Yuklar orasidagi boʻshliqlar mustahkam qistirmalar va tirgaklar bilan toʻldirilishi kerak.
91. Bochkali idishlardagi yuklarni bir necha qator qilib joylashtirishda ularni xodacha boʻylab yoki yon tomoni bilan dumalatib joylashtirish lozim.
Suyuqlik toʻldirilgan bochkalar tiqin qismi yuqoriga qaratilgan holda oʻrnatilishi kerak. Bochkalarning har bir qatori orasiga taxtali qistirmalar qoʻyilishi, chetki qatorlari esa ponalar bilan mahkamlanishi lozim. Ponalar oʻrniga boshqa buyumlardan foydalanishga yoʻl qoʻyilmaydi.
92. Panjarali yashiklarda joylashtirilgan, ichida suyuqlik boʻlgan shisha idishlar tik holatda oʻrnatilishi lozim. Bunday yuklarni yotqizib joylashtirish taqiqlanadi.
93. Panjarali yashiklardagi shisha idishli yuklarni tashishda pastki qatorni shikastlanishdan muhofaza qiluvchi mustahkam qistirmalar qoʻllanmasdan ularni ikki qator qilib bir-birining ustiga joylashtirishga ruxsat etilmaydi.
94. Harakat jarayonida yuklarning siljib ketishi yoki agʻdarilishiga yoʻl qoʻymaslik maqsadida kuzovdagi har bir yuk alohida tartibda mahkamlanishi lozim.
Suyuqlik bilan toʻliq toʻldirilmagan sisternali transport vositalari burilishlarni past tezlikda amalga oshirishi lozim.
95. Qoplardagi yuklar shtabellarda bogʻlab joylashtirilishi lozim. Yirtiq idishlardagi yuklarni shtabelga taxlash taqiqlanadi. Shtabelning balandligi 6 m dan oshmasligi kerak.
96. Idishlarni koʻzdan kechirish ishlari koʻzdan kechirish tartibi va usullarini, shuningdek aniqlangan shikastlanishlar va nosozliklarni bartaraf etish usullarini belgilaydigan yoʻriqnomalar asosida amalga oshirilishi lozim.
97. Yuk iluvchilar idishlardan foydalanishdan oldin ularning texnik holatini koʻzdan kechirishlari shart.
98. Ishlar amalga oshiriladigan joylarda yaroqsiz yoki shikastlangan idishlarni saqlash va ulardan foydalanishga yoʻl qoʻyilmaydi.
10-§. Idishlarga yuklarni ortish va ularni tashishga qoʻyiladigan talablar
99. Idishga uning nominal brutto massasidan ortiq miqdorda yuk ortilishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
100. Yukni ortishda idishda deformatsiyalar paydo boʻlmasligini taʼminlashi kerak.
101. Idishga joylashtirilgan yuk uning bortlarining yuqori chekka qismidan kamida 100 mm past sathda joylashtirilishi lozim.
102. Shtabeldagi idishlarning ochiladigan qismi yopiq holatda boʻlishi lozim.
103. Idishlarni agʻdarish ishlari maxsus moslamalar bilan jihozlangan yuk koʻtarish qurilmalari yordamida amalga oshirilishi lozim.
104. Idishlarni sudrab tortish yoki qirrasiga burib siljitishga yoʻl qoʻyilmaydi.
105. Idishlar tamirlangandan yoki foydalanishga topshirilgandan soʻng ularni sinov yuklamasi bilan sinash talab etilmaydi.
106. Qutidagi yuklarni boshqa joyga koʻchirishda qoʻllarni shikastlanishdan muhofaza qilish maqsadida har bir quti oldindan koʻzdan kechirilishi lozim.
Chiqib turgan mixlar va temir oʻramlarning oʻtkir chetlari qayirilishi yoki tekislanishi va xavfsiz holatga keltirilishi lozim.
107. Shtabelning yuqori qismidagi quti yoki kiplarni olish zarurati tugʻilganda, yonma-yon joylashgan yuklarning barqaror holatda ekanligi hamda ularning agʻdarilib ketmasligiga ishonch hosil qilinishi lozim.
108. Quti va kiplarni yopiq omborxonalarda joylashtirishda asosiy oʻtish yoʻlaklarining kengligi kamida 3 — 5 m dan kam boʻlmasligi lozim.
109. Bochkalar, barabanlar va rulonlardagi yuklarni qoʻlda dumalatib ortishga faqat omborxona poli, vagon poli yoki transport vositasi kuzovi bir sathda joylashgan hollarda ruxsat etiladi.
110. Agar omborxona poli vagon poli yoki transport vositasi kuzovi sathidan past joylashgan boʻlsa, bochkali yuklarni ortish va tushirish quyidagi tartibda amalga oshirilishiga ruxsat etiladi:
massasi 80 kg gacha boʻlgan yuklar — qoʻlda yoki ikki nafar xodim tomonidan dumalatish orqali;
massasi 80 kg dan ortiq boʻlgan yuklar — kanatlar yoki mexanizatsiya vositalari yordamida.
111. Bochkali yuklarni, ularning ogʻirligidan qatʼi nazar, yelkada tashish taqiqlanadi.
112. Dumalatib pastga tushirilayotgan yukning oldi tomonida turish, shuningdek bochkali yuklarni xodacha orqali yuqoriga dumalatib chiqarish paytida yukning orqa tomonida turish taqiqlanadi.
113. Yuklarni yotiq tekislik boʻylab ularning chet qismidan itarish orqali siljitishga yoʻl qoʻyilmaydi.
11-§. Yechib olinadigan yuk ilish moslamalariga qoʻyiladigan talablar
114. Ishlatish jarayonida yechib olinadigan yuk ilish moslamalari davriy ravishda koʻzdan kechirib turilishi lozim:
stroplar — kamida har oʻn kunda;
qisqichlar, ushlagichlar, traverslar (koʻtargichlar) va idishlar — oyiga kamida bir marta;
kam foydalaniladigan stroplar — foydalanishga topshirilishidan oldin.
Stroplar maxsus tashkilotlar tomonidan tayyorlangandan yoki taʼmirlangandan soʻng ular nominal yuk koʻtarish qobiliyatining 1,25 baravaridan kam boʻlmagan yuklama bilan sinovdan oʻtkazilishi lozim.
115. Stroplar va idishlarni koʻzdan kechirish ishlari ixtisoslashtirilgan tashkilot tomonidan ishlab chiqilgan, koʻrik oʻtkazish tartibi va usullari, yaroqsizlik belgilari, shuningdek aniqlangan buzilishlarni bartaraf etish usullarini belgilab beruvchi yoʻriqnoma asosida amalga oshirilishi lozim.
12-§. Yarim vagonlar, platformalar, transport vositalariga yuk ortish jarayoniga qoʻyiladigan talablar
116. Transport vositalariga yuklar ularni tushirish jarayonida qulay va xavfsiz ildirish imkoniyatini taʼminlaydigan tarzda ortilishi lozim.
117. Yarim vagonlar, platformalar, avtomashinalar va boshqa transport vositalarida ortish va tushirish ishlari ularning muvozanati buzilishiga yoʻl qoʻymagan holda amalga oshirilishi kerak.
118. Tayyor metall mahsulotlarni yarim vagonlarga ortishda ular yarim vagonning butun kengligi boʻylab kesimi 40x100 mm² boʻlgan taxtalardan tayyorlangan koʻndalang qistirmalar ustiga taxlanishi kerak.
119. Tayyor metall mahsulotlarning alohida uyumlari biri-biriga parallel ravishda yon tomonlarga ogʻishiga yoʻl qoʻymagan holda joylashtirilishi kerak.
Kesim oʻlchami 180 mm gacha boʻlgan har bir tayyor metall mahsulotlarning diametri 6 mm dan kam boʻlmagan ikki ipli oʻralgan sim bilan:
metall uzunligi 6 m gacha boʻlganda ikki joyidan;
metall uzunligi 6 m dan katta boʻlganda uch joyidan bogʻlanishi kerak.
120. Kesim oʻlchami 180 mm dan ortiq oʻlchamdagi tayyor metall mahsulotlar har bir uyumi diametri 6 mm boʻlgan ikki ipli koʻndalang oʻralgan sim bilan:
metall uzunligi 9 m gacha boʻlsa — ikki joyidan;
poʻlat uzunligi 9 m dan katta boʻlsa — uch joyidan bogʻlanishi kerak.
121. Diametri 111 — 450 mm boʻlgan quvurlar transport vositalariga qoʻshni qatorlar orasiga kesimi kamida 35×100 mm² boʻlgan taxtadan tayyorlangan, kamida uchta qistirma qoʻyilgan holda joylashtirilishi kerak.
122. Temir-beton buyumlar va konstruksiyalarni yarim vagonlar hamda platformalarga ortishda ularni taxlash ishlari kesimi kamida 40×100 mm² boʻlgan taxtadan tayyorlangan ikkita koʻndalang yogʻoch taglik ustida amalga oshirilishi lozim.
123. Konstruksiyalarni yarim vagonlarda shtabel qilib taxlashda shtabel qatorlari orasiga eni taglik enidan 40 mm dan koʻp boʻlmagan qistirmalar joylashtirilishi lozim. Bunda, qistirmalar tagliklar ustiga vertikal oʻq boʻyicha joylashtirilishi lozim.
124. Taglik va qistirmalar yuk uzunligi boʻyicha bir tekisda va platforma yoki yarim vagon oʻrtasiga nisbatan mutanosib joylanishi kerak.
13-§. Xizmat koʻrsatuvchi xodimlarning xavfsizligiga qoʻyiladigan talablar
125. Elektr magnitli va greyferli kranlar yordamida yuk ortish va tushirish ishlari amalga oshirilayotganda platformalarda, transport vositalarida, yarim vagonlarda va boshqa harakatlanuvchi tarkiblarda odamlarning boʻlishi taqiqlanadi.
Yuk iluvchining ish joyi texnologik hujjatlarda belgilangan boʻlishi hamda doimiy ish joylari tegishli tarzda jihozlanishi (estakada qurilmalari, bostirmali maydonchalar va boshqalar bilan taʼminlanishi) lozim.
126. Yuk ortish va tushirish ishlarini amalga oshirishga oid hujjatlarda yuk iluvchi uchun har bir yukni koʻtarish va tushirish jarayonida xavfsiz joylar koʻrsatilgan holda ishlarni bosqichma-bosqich bajarish tartibi nazarda tutilgan boʻlishi lozim.
127. Yuklarni joylashtirishda qoʻllaniladigan usullar quyidagilarni taʼminlashi kerak:
shtabellar, qadoqlar va yuklarning barqarorligini;
koʻtarma-transport uskunalarining osma ushlagichlari yordamida shtabellarni mexanik ravishda qismlarga boʻlish va yuklarni koʻtarish imkoniyatini;
shtabelda yoki uning atrofidagi xodimlar xavfsizligini;
xodimlarning shaxsiy himoya vositalari, yongʻin oʻchirishning birlamchi vositalari va texnikalaridan xavfsiz foydalanish imkoniyatini;
yopiq omborxonalarda tabiiy va sunʼiy shamollatishda havo oqimining aylanishini;
elektr uzatish, muhandislik kommunikatsiya va energiya taʼminoti tizimida muhofaza zonalari talablariga rioya qilinishini.
128. Yuklarni tashish xavfsizlik talablariga javob beradigan transport vositalarida amalga oshirilishi kerak.
129. Tashkilotning transport vositalari davlat raqam belgisiga yoki tashkilotning ichki roʻyxat raqamiga ega boʻlishi kerak.
130. Yuklarni tashish ushbu yukning tashish boʻyicha texnologik hujjatlarida koʻrsatilgan idishlarda yoki jihozlarda amalga oshirilishi kerak.
131. Avto va elektr yuklagichlarni qattiq va tekis qoplamali maydonlarda ishlatish kerak.
132. Yuklarni yuklagichlar bilan boshqa joyga koʻchirishda texnologik hujjatlarga muvofiq maxsus moslamalarni (vilkali ushlagichlar, ilgaklar, choʻmichlar) qoʻllash kerak.
133. Mayda yoki muvozanatini yoʻqotish xavfi mavjud yuklarni tashishda vilkali ushlagichli yuklagichlar harakatlanish paytida yuklarni tirab turish uchun saqlagich ramka yoki karetka bilan jihozlangan boʻlishi kerak.
134. Vilkali ushlagichlarning uzaytirgichlari mustahkam mahkamlanadigan va ularni ushlagichda ushlab turadigan tegishli zanjir yoki moslamalar bilan jihozlangan boʻlishi kerak.
135. Avtoyuklagich haydovchisining koʻrish doirasini cheklaydigan yirik oʻlchamli yuklarni boshqa joyga koʻchirish ishlari maxsus ajratilgan va yoʻl-yoʻriqdan oʻtkazilgan signalchi kuzatuvida amalga oshirilishi lozim.
136. Odamlarni transport vositasida tashishga faqat transport vositasini ishlab chiqargan korxona hujjatlariga muvofiq bajarilgan oʻtirgichlar mavjud boʻlgandagina ruxsat etiladi.
137. Transport vositasi kuzovida yukchilarni tashishga ruxsat etilmaydi.
Agar ish xususiyatidan kelib chiqib ekspeditor yoki yukchini tashish zarurati yuzaga kelsa, ular transport vositasi kabinasida joylashtirilishi shart.
14-§. Yuk ortish va tushirish ishlarini olib borish hududini jihozlashga qoʻyiladigan talablar
138. Yuk ortish va tushirish ishlari olib boriladigan joylar yuklar va koʻtarma-transport mashinalardan tushadigan yuklamalarni qabul qilish imkoniyatiga ega boʻlgan, tekis qattiq qoplamali yoki tuproqli maxsus ajratilgan hududda joylashtirilishi kerak.
139. Yuk ortish va tushirish ishlari olib borish uchun maydonlar 5° dan ortiq boʻlmagan, avto va elektr yuklagichlar qoʻllanganda esa 3° dan koʻp boʻlmagan qiyalikka ega boʻlishi kerak.
140. Yuk ortish va tushirish ishlari olib boriladigan joylar ogohlantiruvchi belgilar bilan jihozlangan boʻlishi kerak.
141. Yuk ortish va tushirish ishlari olib boriladigan joylarga kirish yoʻllari qattiq qoplamaga ega boʻlishi va soz holatda saqlanishi kerak.
Yuk ortish va tushirish ishlari olib boriladigan joylarda transport vositalarining harakati tashkilot maʼmuriyati tasdiqlagan sxema boʻyicha tashkil qilinishi, kirish va chiqishda, burilish va transport vositalarini tushirish (ortish)ga qoʻyishda maxsus chiziqlar va yoʻl belgilari bilan tartibga solib turilishi kerak.
142. Yoʻllarning zovurlar, xandaqlar va temir yoʻl tarmoqlari bilan kesishgan joylarida oʻtish uchun toʻshamalar va koʻpriklar oʻrnatilishi kerak.
143. Oʻtish yoʻllari kengligi transport vositalarining ikki tomonlama harakatlanishida kamida 6,2 m va bir tomonlama harakatlanishida kamida 3,5 m boʻlib, yoʻllarning burilish joylari tegishli ravishda kengaytirilgan boʻlishi kerak.
144. Yuk ortish va tushirish maydonchalari ishlarni xavfsiz bajarish uchun normal oʻlchamlarni taʼminlashi kerak.
145. Omborxonalarda va qisqa muddatli saqlash joylarida saqlanayotgan idishga solingan donali yuklarni ortish va tushirish maydonchalarida transport vositasi kuzovining poli balandligiga teng boʻlgan balandlikda platformalar, estakadalar, rampalar qurilgan boʻlishi kerak.
Transport vositalari kirish tomonidagi rampalarning kengligi 1,5 m dan kam boʻlmasligi va 5° dan katta boʻlmagan qiyalikka ega boʻlishi kerak.
Transport vositalari harakatlanishi uchun moʻljallangan estakadalar kengligi 3 m dan kam boʻlmasligi kerak.
15-§. Ishlab chiqarish binolariga (xonalari) qoʻyiladigan talablar
146. Yertoʻla va yarim yertoʻla xonalarda joylashgan, zinalar soni bittadan ortiq yoki balandligi 1,5 m dan yuqori boʻlgan zinalarga ega omborxonalar yuk tushirish uchun lyuklar, traplar hamda yuk koʻtargichlar bilan jihozlangan boʻlishi lozim.
147. Birinchi qavatdan yuqorida joylashgan hamda zinalar soni bittadan ortiq yoki balandligi 2 m dan yuqori boʻlgan omborxonalar yuklarni tushirish va koʻtarish uchun koʻtargichlar bilan jihozlangan boʻlishi lozim.
148. Yuk ortish va tushirish ishlarini olib borish joylari yetarli darajada yoritilgan boʻlishi kerak.
Zarur hollarda katta maydonlarni yoritish uchun projektorli qurilmalardan foydalanish mumkin.
149. Ishlab chiqarish binolarida yuk ortish va tushirish ishlarini olib borish uchun mikroiqlimning koʻrsatkichlari SanQvaN 0324-16 “Ishlab chiqarish binolarining mikroiqlimning sanitariya-gigiyenik normalari” talablariga muvofiq boʻlishi kerak.
150. Pol maydoni bir xodim uchun 100 m² dan ortiq toʻgʻri keladigan ishlab chiqarish xonalarida SanQvaN 0324-16 “Ishlab chiqarish binolarining mikroiqlimning sanitariya-gigiyenik normalari” talablarida belgilangan harorat, nisbiy namlik hamda havo harakati tezligi koʻrsatkichlari faqat doimiy ish joylarida taʼminlanishi lozim.
151. Ish joyi havosidagi zararli moddalar miqdori SanQvaN 0294-11 “Ish joylari havosidagi zararli moddalarning ruxsat etilgan miqdorining gigiyenik talablari”da belgilangan ruxsat etilgan konsentratsiya chegarasidan oshmasligi lozim.
Bunda:
ish joyi havosida bir vaqtning oʻzida bir xil yoʻnalishda taʼsir koʻrsatuvchi bir nechta zararli moddalar mavjud boʻlganda, ularning haqiqiy konsentratsiyalarini tegishli ruxsat etilgan konsentratsiya chegarasiga nisbatlari yigʻindisi birdan oshmasligi lozim;
ish joyi havosida bir vaqtning oʻzida turli yoʻnalishda taʼsir qiluvchi bir nechta zararli moddalar mavjud boʻlsa, har bir modda uchun belgilangan ruxsat etilgan konsentratsiya chegarasi alohida tartibda qoʻllaniladi.
152. Ish joylaridagi ruxsat etilgan shovqin darajalari, uskunalarning shovqin chiqarish xususiyatlari, shovqindan himoya qilish, tebranishlar Ish joylaridagi shovqin, tebranish, infratovush va ultratovush darajalariga doir sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlari (0111-26-son SanQvaN) (hisob raqami 399, 2026-yil 28-aprel) talablariga muvofiq belgilanadi.
153. Ishlab chiqarish binolarida ishlar oli borilayotganda temir yoʻl transportida yuk ortish va tushirish ishlarini olib borishdan oldin yoʻl va strela holatini hamda temir yoʻl vagonlarining qoʻl tormozlarini mustahkamligini tekshirish kerak.
154. Ishlab chiqarish binolari ichidagi relsli yoʻllar pol sathi bilan bir tekisda boʻlishi lozim. Tashkilot hududidagi relsli yoʻllar esa tekis, ishonchli mahkamlangan va bir xil turdagi relslardan tashkil topgan boʻlishi kerak.
155. Katta oʻlchamli yuklar ortiladigan joylarda temir yoʻllarda yukning balandligi va kengligi boʻyicha ruxsat etilgan oʻlchamlarni belgilab beruvchi oʻlchovli darvozalar oʻrnatilishi lozim.
156. Temir yoʻllar boʻylab rels kallagi sathida xodimlarning xavfsiz harakatlanishini taʼminlovchi toʻshamalar oʻrnatilgan boʻlishi kerak.
157. Boshi berk temir yoʻl izlari tirgaklar bilan jihozlanishi lozim.
158. Yuk ortish va tushirish maydonchalarining oʻlchamlari transport vositalari va yuklar oʻrtasidagi masofa kamida 1 m boʻlishi lozim.
159. Ishlab chiqarish binolar yaqinida yuk ortish va tushirish ishlari amalga oshirilganda bino bilan yuklangan transport vositasi oʻrtasidagi masofa kamida 0,8 m boʻlishi, bunda yoʻlka hamda toʻxtatuvchi bruslar nazarda tutilishi kerak.
16-§. Ishlab chiqarish uskunalariga qoʻyiladigan talablar
160. Yuk ortish va tushirish ishlarida qoʻllaniladigan ishlab chiqarish uskunalari montaj qilish, foydalanish va taʼmirlash jarayonlarida, shuningdek alohida yoki texnologik tizim tarkibida qoʻllanilganda xavfsiz boʻlishi lozim.
161. Yuklarni koʻtarish va boshqa joyga koʻchirish ishlari ikkita kran yordamida amalga oshirilganda, yukni bogʻlash va ildirish ishlari kranlar bilan ishlarning xavfsiz bajarilishi uchun masʼul shaxsning bevosita rahbarligi ostida bajarilishi lozim.
17-§. Ish maydonchasida transport vositalari va yuk koʻtarish mashinalarini joylashtirishga qoʻyiladigan talablar
162. Yuk ortish va tushirish maydonchasida yuklarni ortish yoki tushirish uchun transport vositalari oʻrtasidagi masofa quyidagilardan kam boʻlmasligi lozim:
transport vositalari qatori ichida — 10 m;
yuk tushirish maydoni boʻylab — 1,5 m;
ombor devorigacha — 0,5 m;
yuk shtabeligacha — 1 m.
163. Yuk koʻtarish mashinalaridan binolarning qismlarigacha hamda uskunalarning chiqib turgan elementlarigacha boʻlgan masofa mazkur Qoidalarning 2-ilovasida belgilangan meʼyorlardan kam boʻlmasligi lozim.
164. Koʻpriksimon va koʻchma konsol kranlar kabinasiga kirish mustahkam boʻlishi hamda turgʻun zinalar va chiqish maydonchalari bilan jihozlangan boʻlishi lozim.
165. Kran yoʻli boʻylab joylashgan oʻtish galereyasi balandligi kamida 1 m boʻlgan suyanchiqlar, pastki qismida balandligi kamida 0,1 m boʻlgan yaxlit himoya toʻsigʻi bilan jihozlangan hamda har 200 m masofada zina orqali chiqish yoʻliga ega boʻlishi lozim.
166. Galereyalar, maydonchalar va oʻtish yoʻllari uzunligi hamda eni boʻylab sirpanishning oldini oluvchi materiallardan, jumladan botiq-boʻrtma yoki teshikli poʻlat listlardan tayyorlangan toʻshamalar bilan jihozlangan boʻlishi lozim.
167. Chiqish maydonchalari va galereyalardagi zinalarning eni kamida 0,6 m, kranlarda esa kamida 0,5 m boʻlishi lozim.
Zinapoya qadamlarining oʻlchami quyidagicha belgilanadi:
tik zinalar uchun — 300 mm;
qiya zinalar uchun — 250 mm;
minora kranlarining qiya zinalari uchun — 200 mm.
Qiya zinalar ikki tomondan balandligi kamida 1,0 m boʻlgan suyanchiqlar bilan jihozlangan boʻlishi kerak.
Balandligi 2,5 m dan ortiq boʻlgan tik zinalar zinadan 700 mm masofada oʻrnatilgan, qadami 0,8 m dan oshmaydigan himoya yoylari bilan toʻsilgan boʻlishi lozim.
Zina balandligi 10 m dan yuqori boʻlganda har 6 m koʻtarilganda suyanchiqli toʻsiqlar bilan maydoncha qurilishi kerak.
168. Yuk koʻtarish mashinalarini oʻrnatishda yukni koʻtarish jarayonida poʻlat arqonlarning qiya tortilishiga yoʻl qoʻyilmasligi, shuningdek yukni koʻchirish vaqtida uskunalar, yuk shtabellari hamda boshqa obyektlardan kamida 0,5 m xavfsiz masofa taʼminlanishi lozim.
169. Kranni yerdan turib yoki radio orqali boshqarishda kran harakatining barcha yoʻnalishlari boʻyicha kranni boshqaruvchi xodim uchun erkin harakatlanish yoʻli taʼminlanishi lozim.
170. Strelali oʻziyurar kranni oʻrnatish ishlari kran pasportida koʻrsatilgan qiyalik meʼyorlaridan oshmaydigan, shibbalangan va tuproq bilan tekislangan maydonchada amalga oshirilishi lozim.
171. Strelali oʻziyurar yoki temir yoʻl kranlarida ish boshlashdan oldin kran chiqariladigan tayanchlarga oʻrnatilishi hamda tayanchlar ostiga turgʻun va mustahkam tagliklar qoʻyilishi lozim.
172. Havo elektr uzatish tarmoqlarining muhofaza hududlarida kranlarni oʻrnatish ishlari mazkur tarmoqlar egalari bilan kelishilgan holda amalga oshirilishi lozim.
173. Elektr uzatish tarmoqlarining eng chetki simlaridan yoki 42 V kuchlanishli havo elektr tarmogʻidan 30 m dan kam masofada transport vositasi, pnevmogʻildirakli va gusenitsali (temir yoʻlli kranlardan tashqari) oʻziyurar strelali kranlarni oʻrnatish hamda ulardan foydalanish ishlari topshiriq-ruxsatnoma asosida amalga oshirilishi lozim.
18-§. Turli turdagi yuklarni saqlash, taxlashga qoʻyiladigan talablar
174. Yuklarni tashishda xavfli va zararli ishlab chiqarish omillari paydo boʻlishini istisno etuvchi vositalardan foydalanish kerak.
175. Yirik oʻlchamli va ogʻir vaznli yuklar tagliklarga bir qator qilib taxlanishi kerak.
176. Joylashtirilayotgan yuklar yiqilish, agʻdarilish va toʻkilish xavfini istisno etgan holda, ishlab chiqarish jarayoniga yoki joʻnatish uchun ortish ishlariga erkin kirib-chiqish imkoniyatini hamda xavfsiz ish sharoitlarini taʼminlaydigan tartibda taxlanishi lozim.
177. Yuklarni taxlashda, shu jumladan yuk ortish va tushirish maydonchalari hamda vaqtinchalik saqlash joylarida yuklarni binolar devorlariga, ustunlarga va uskunalarga zich qilib joylashtirishga, shuningdek shtabellarni bir-biriga zich qilib taxlashga yoʻl qoʻyilmaydi.
178. Yuk bilan devor yoki ustun oʻrtasidagi masofa kamida 1 m, yuk bilan bino tomi oʻrtasidagi masofa kamida 1 m, shuningdek yuk bilan yoritish chirogʻi oʻrtasidagi masofa kamida 0,5 m boʻlishi lozim.
179. Quti va kiplardagi yuklar shtabellarga mustahkam taxlanishi kerak.
180. Qop va qogʻoz qoplardagi yuklar shtabellarga bogʻlab taxlanishi kerak.
181. Qoʻl bilan ortishda shtabellar balandligi 3 m dan, yuk koʻtarish mexanizmlari qoʻllanilganda 6 m dan oshmasligi kerak.
182. Nosoz, yaroqsiz idishlarni shtabelga taxlashga ruxsat etilmaydi.
183. Yuklarni taxlash usullari quyidagilarni taʼminlashi lozim:
taxlanayotgan shtabellar, qadoqlar va yuklarning barqarorligi;
shtabellarni mexanizatsiyalashtirilgan tarzda ajratish hamda koʻtarish transport vositalarining osma ushlagichlari orqali yuklarni koʻtarish imkoniyati;
shtabelda yoki uning atrofida ishlayotgan xodimlarning xavfsizligi;
xodimlarning shaxsiy himoya vositalari, birlamchi yongʻin oʻchirish vositalari va texnikalaridan soz holatda hamda xavfsiz foydalanish imkoniyati;
yopiq omborxonalarda tabiiy va sunʼiy shamollatish (ventilyatsiya) sharoitida havo oqimining erkin aylanishi;
elektr uzatish tarmoqlari, muhandislik kommunikatsiyalari va energiya taʼminoti muhofaza hududlariga oid talablarga rioya etilishi.
184. Yuk ortish va tushirish ishlari vaqtida harakatlanuvchi tarkibdan yuk tushib ketishi ehtimoli mavjud boʻlgan hududda odamlar va transport vositalarining boʻlishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
185. Temir yoʻl va yer usti kran yoʻllari yaqinida joylashtiriladigan yuklar rels kallagining yukka eng yaqin tashqi chegarasidan shtabel balandligi 1,2 m gacha boʻlganda kamida 2 m, shtabel balandligi 1,2 m dan ortiq boʻlganda esa kamida 2,5 m masofada joylashtirilishi lozim.
186. Yuklarni taxlashda (sochiluvchan yuklar bundan mustasno) ularning qisilib qolishi yoki maydoncha qoplamasiga muzlab yopishib qolishining oldini oluvchi choralar koʻrilishi lozim.
187. Shtabellar qatorlari orasidagi masofa yuklarni xavfsiz joylashtirish va tushirish imkoniyatini, shuningdek yongʻinga qarshi belgilangan oraliqlarga rioya etilishini taʼminlaydigan tarzda belgilanishi lozim.
188. Omborxonalar va yuklarni vaqtincha saqlash maydonchalarida shtabellar orasida kengligi kamida 1 m boʻlgan oʻtish yoʻlaklari, shuningdek transport vositalari, tashilayotgan yuklar hamda yuk ortish-tushirish mexanizmlarining oʻlchamlariga mos transport harakati yoʻllari tashkil etilgan boʻlishi lozim.
189. Harakatlanuvchi tarkibga yuklarni joylashtirishda vagon teng ravishda yuklanishi kerak.
190. Vagonga tushadigan yuklama oʻrtasidagi farq quyidagi meʼyorlardan oshmasligi kerak:
toʻrt oʻqli vagonlar uchun — 10 t;
olti oʻqli vagonlar uchun — 15 t;
sakkiz oʻqli vagonlar uchun — 20 t.
191. Har bir vagonga tushadigan yuklama mazkur turdagi vagon yuk koʻtarish quvvatining yarmidan oshmasligi, yukning umumiy ogʻirlik markazining koʻndalang siljishi esa vagon boʻylama oʻqining vertikal tekisligidan 100 mm dan oshmasligi kerak.
192. Yuklar tagliklarga taxlanishi, oʻqlar orasidagi masofa 700 mm dan kam boʻlmasligi kerak.
193. Yuk platformaning orqaga tushiriladigan bortlariga tiralib turmasligi kerak.
Bunda, platformaning tushirilgan bortlari boʻylama toʻsinlardagi halqalarga mahkamlanishi, ular mavjud boʻlmaganda esa diametri kamida 4 mm boʻlgan sim yordamida yon tutqichlar va orqa toʻsinga bogʻlab qoʻyilishi lozim.
194. Yukning yarim vagon yoki platformaning oxirgi toʻsini chegarasidan chiqib turishi 400 mm dan oshmasligi kerak.
195. Ochiq harakatlanadigan tarkibda yuklarni joylash va mahkamlash uchun oʻragichlar, tirgaklar, ustunlar, tagliklar, qalqonlar, turniketlar va boshqa moslamalar hamda koʻp ishlatiladigan standart mahkamlagichlar qoʻllaniladi.
196. Yuk ortish ishlarini boshlashdan oldin vagon poli, yukning tayanch sirti, tagliklar, qistirmalar, bruslar hamda oʻralgan yuklar sirti qor, muz va boshqa iflosliklardan tozalangan boʻlishi lozim.
Qish mavsumida vagon pollari va tagliklarning yuk tayanadigan qismlari sirpanishining oldini olish maqsadida yupqa qatlamda toza quruq qum bilan qoplangan boʻlishi kerak.
197. Platforma poli sathidan yon tomon ustunlarining balandligi 2,8 m dan oshmasligi, kalta ustunlarning balandligi esa bort balandligidan kam boʻlmasligi lozim.
198. Yuklarni mahkamlash uchun tortgichlar (oʻragichlar) sim, metall sterjen, tasma, zanjir yoki poʻlat arqonlardan tayyorlangan boʻlishi mumkin.
Bunda, har bir tortgichning bir uchi yuk konstruksiyasiga, ikkinchi uchi esa yukni mahkamlash uchun moʻljallangan vagon qismlariga ishonchli tarzda mahkamlangan boʻlishi kerak.
199. Yuk joʻnatuvchi yuklarni tashishga jarayonida poyezdlar harakatining xavfsizligi va yuklarning butligi taʼminlanishi kerak.
200. Platforma va yarim vagonlarda ortish va tushirishda quyidagilar taqiqlanadi:
tishli greyferlar bilan yuklarni tushirish va greyferlarni platforma yoki yarim vagon poliga kuch bilan urib tushirish;
greyfer bilan platforma bortiga, yarim vagon kuzovining qoplamasiga va yuqori oʻralmasiga urish;
chigʻir yordamida ortishda troslarni yarim vagon kuzovining yuqori bogʻlovchi qismiga tegizish;
100 °S dan ortiq haroratdagi yuklarni ortish;
sochiladigan yuklarni gidravlik usulda ortish va tushirish;
yogʻoch bortli toʻrt oʻqli platformalarga bosh va yon tashqi tirgak skobalariga kalta tirgaklar oʻrnatmasdan sochiluvchan yuklarni ortish;
temir-beton plitalar, konstruksiyalar va shunga oʻxshash yuklarni yarim vagon kuzovi devorlariga tayantirilgan qiya holatda ortish;
alohida boʻlaklarining ogʻirligi 100 kg dan ortiq boʻlgan boʻlakli yoki muzlab qolgan rudalar, toshlar hamda boshqa sochiluvchan yuklarni greyfer, bunker yoki choʻmichni vagon poli yoki yuk sathidan 2,3 m dan yuqori balandlikda ochish orqali ortish;
elektr magnitli kranlar bilan elektr magnitni oʻchirib qoʻyib va yuklarni vagon polidan yoki yuk yuzasidan 0,5 m dan yuqori balandlikdan yukni tashlash orqali ortish va ogʻir vaznli yuklar (quymalar, xomashyo boʻlaklari, toʻsinlar) yuqoridan tashlamasdan joylashtirish;
yuklarni vagonlarning metall qismlariga payvandlash yoki teshish orqali mahkamlash;
platformalar bortlari va yarim vagon eshiklarini yechish.
201. Yuk tushirilgandan soʻng qabul qiluvchi yuk qoldiqlari va chiqindilardan tozalanib, tirkamalar, bruslar, tortqichlardan boʻshatilishi, yarim vagon lyuk qopqoqlari hamda platforma yon tomon zulfinlaridan simlar olib tashlanib, platforma bortlari, yarim vagon eshiklari va lyuklari yopilishi kerak.
19-§. Metall prokat mahsulotlarini tashish va joylashtirishga qoʻyiladigan talablar
202. Metall prokat mahsulotlarini tashish uchun ularning turi va guruhiga qarab bortli platformali transport vositalari, yarim tirkamali shatakchilar, metall tashuvchilar hamda tirkamali yogʻoch aravali transport vositalari qoʻllaniladi.
Metall prokat mahsulotlari quyidagi tartibda tashilishi lozim:
uzun oʻlchamli prokatlar (poʻlat prokatlar, burchaklar, shvellerlar va qoʻshtavrlar) — shtabellar yoki bogʻlamlar koʻrinishida;
poʻlat kanatlar — buxta yoki barabanlarga oʻralgan holda;
oʻrama toʻrlar — yumshoq poʻlat sim bilan bogʻlangan holda;
yassi toʻrlar — qadoqlarga bogʻlangan holda;
kichik gabaritli metall buyumlar (mixlar, boltlar, gaykalar, shaybalar, vintlar) — idishlarga joylashtirilgan holda;
elektrodlar — qogʻozga oʻralgan va qutilarga joylashtirilgan holda;
rangli metallar va qotishmalar — taxlamlarga oʻralgan hamda idishlarga joylashtirilgan holda.
Uzun oʻlchamli metallarni tirkama-yogʻoch aravalarda tashishda tirkamaning erkin burilishini taʼminlash maqsadida transport vositasi kabinasi bilan yuk oʻrtasida har ikki tomonga 90° burilish imkonini beruvchi yetarli oraliq taʼminlanishi lozim.
Tashuvchi transport vositasi kuzovining old qismida yukning kabinaga shikast yetkazishining oldini olish maqsadida poʻlat toʻsiq oʻrnatilgan boʻlishi lozim.
203. Bogʻlamdagi dumaloq yoki kvadrat kesimli metall sterjenlarni yarim vagondan tushirishda ilgakli stroplar qoʻllanilishi, bogʻlam yoki sterjenlar esa “sirtmoq” usulida mahkamlanishi lozim.
Yuk 1 m gacha koʻtarilgandan soʻng yuk iluvchi yuk ilish ishlarining toʻgʻri bajarilganligiga ishonch hosil qilishi, ishlarni bajarish rejasi yoki texnologik kartalarda belgilangan xavfsiz joyga chiqishi hamda shu joydan yukni koʻtarish uchun signal berishi shart.
204. Yarim vagondan metall listlarni tushirishda quyidagi talablarga rioya qilinishi lozim:
yordamchi strop kranning nominal yuk koʻtarish qobiliyatidan oshmaydigan yuk ostiga keltirilishi, strop sirtmogʻi kran ilgagiga ilinishi va ilgak asta-sekin tortib koʻtarilishi kerak. Yuk iluvchilar ishlarni bajarish rejasi yoki texnologik kartalarda belgilangan xavfsiz joyga chiqishlari;
katta yuk iluvchi signaliga muvofiq kran mashinisti yukni 0,5 m dan ortiq boʻlmagan balandlikka koʻtarishi, hosil boʻlgan tirqishga esa yuk iluvchi asosiy stropni kiritishi kerak. Shundan soʻng yuk joyiga tushirilishi, yordamchi strop ilgakdan yechilishi va uning oʻrniga asosiy stroplar ilinishi.
Yuk iluvchilar xavfsiz joyga oʻtgandan keyin kran mashinisti katta yuk iluvchi signali asosida yukni taxlash joyiga koʻchiradi. Taxlash ishlari tagliklar yoki qistirmalar ustida amalga oshirilishi kerak.
205. Elektr magnitli kran yordamida yarim vagondan metall listlarni tushirishda quyidagi talablarga rioya qilinishi lozim:
yukning holati tekshirilishi, bunda magnit shayba yordamida qalinligi kamida 14 mm boʻlgan listlarni tushirishga ruxsat etilishi;
kran mashinistiga magnit shaybani yukka tushirish joyi koʻrsatilishi, shundan soʻng yuk iluvchi kran mashinistiga koʻrinadigan xavfsiz joyga oʻtishi va yukni koʻtarish uchun signal berishi;
yuk yarim vagon bortidan kamida 0,5 m balandlikka koʻtarilib, boshqa joyga koʻchirilishi va taxlash joyiga 1 m dan ortiq boʻlmagan balandlikkacha tushirilishi, soʻng qoʻl asboblari (uzun dastakli ilgaklar, tortqilar va boshqalar) yordamida uning holati toʻgʻrilanib shtabelga taxlanishi.
Mazkur tartib tushirish ishlari toʻliq yakunlangunga qadar saqlanishi shart.
206. Metall prokat mahsulotlari metallning xususiyatlari, oʻlchamlari, oʻralish turi, yuk oqimining jadalligi hamda tashish usullari inobatga olingan holda shtabellar yoki stellajlarga, bogʻlamlarda yoki alohida holda, ochiq, yopiq va yarim yopiq omborxonalarda joylashtirilishi lozim.
207. Ochiq maydonchalarda harorat va havo namligi oʻzgarishlari, atmosfera yogʻinlari hamda quyosh nurlarining toʻgʻridan-toʻgʻri taʼsiri natijasida oʻz xususiyati va sifatini yoʻqotmaydigan metall prokat mahsulotlari joylashtirilishi lozim.
208. Quyosh nurlarining toʻgʻridan-toʻgʻri taʼsiri va yogʻinlar natijasida ishga yaroqsiz holga kelishi mumkin boʻlgan metall prokat mahsulotlarini saqlash uchun soyabonlar oʻrnatilishi lozim.
209. Metall prokat mahsulotlarini joylashtirishda shtabellar yoki stellajlar qatorlari orasida kengligi kamida 1 m boʻlgan, shuningdek qatordagi shtabellar yoki stellajlar orasida kengligi kamida 0,8 m boʻlgan oʻtish yoʻlaklari boʻlishi lozim.
210. Metall prokatlarni qoʻlda taxlashda shtabel yoki stellajlarning balandligi 1,5 m dan oshmasligi kerak.
211. Metall prokat mahsulotlarini mexanizatsiyalashtirilgan tarzda taxlashda shtabel yoki stellaj balandligi polga tushadigan ruxsat etilgan yuklama, taxlash sxemasi, shtabel yoki stellajning barqarorligi hamda mexanizmlar bilan ishlarni xavfsiz bajarish talablaridan kelib chiqqan holda, 20 t gacha yukni joylashtirish imkoniyatini hisobga olgan holda belgilanishi lozim.
Bunda, yuk iluvchining shtabel yoki stellajning yuqori qismiga xavfsiz chiqishi va metall ustida turmagan holda yukni ildirish uchun maxsus maydonchalar, moslamalar yoki zinalar boʻlishi kerak.
212. Kesimi 160 x 160 sm va undan ortiq boʻlgan quymalar va buyumlar poldagi shtabelga donalab taxlanishi kerak.
Ilgak yordamida ushlashda shtabel balandligi 2 m dan oshmasligi, yukni koʻtarish vositalari bilan avtomatik ushlashda esa 4 m dan oshmasligi lozim.
213. Metall prokat mahsulotlarini shtabellar yoki stellajlarga taxlashda poʻlat arqonlarni erkin boʻshatish imkoniyati taʼminlanishi lozim. Yukning barqarorligini taʼminlash maqsadida taxlamlar va bogʻlamlar orasiga qalinligi kamida 40 mm boʻlgan toʻrtburchak metall qistirmalar oʻrnatilishi kerak.
Qistirmalarning uchlari shtabel va stellaj chegaralaridan 100 mm dan ortiq chiqib turmasligi lozim.
214. Stellajlarga taxlanayotgan metall prokat mahsulotlarining ogʻirligi stellajning yuk koʻtarish qobiliyatidan oshmasligi lozim.
Har bir stellajda uning yuk koʻtarish qobiliyati aniq koʻrsatilgan boʻlishi kerak.
215. Metall prokat mahsulotlarining dumalab ketishiga yoʻl qoʻymaslik maqsadida stellaj uyachalarini ustunlar balandligidan ortiq toʻldirish taqiqlanadi.
216. Metall prokat mahsulotlarini shtabelga joylashtirish ishlari oldindan polga yotqizilgan tagliklar ustida amalga oshirilishi lozim.
Taglik sifatida temir yoʻl shpallari, bruslar va shunga oʻxshash materiallardan foydalanish mumkin.
Metall prokat mahsulotlarini omborxona poliga yoki maydoncha tuprogʻiga toʻgʻridan-toʻgʻri, tagliksiz holda taxlashga yoʻl qoʻyilmaydi.
217. Maʼlum bir sortli va bir xil profildagi metall prokat mahsulotlari shtabellarga archasimon yoki tirama stellajlarga taxlanishi lozim.
Quvurlar esa qatorlar orasi qistirmalar bilan ajratilgan holda shtabellarga joylashtirilishi kerak.
218. Archasimon stellajlar bir tomonlama yoki ikki tomonlama qilib bajarilishi hamda 12 qavatgacha boʻlishi mumkin.
219. Archasimon stellajlarda prokat mahsulotlarini taxlash balandligi quyidagicha boʻlishi lozim:
elektr yuklagichlar yordamida taxlashda — 4,5 m gacha;
kran-shtabelyorlar yordamida taxlashda — 8 m gacha.
Tirama stellajlarda esa taxlash balandligi 2 m dan oshmasligi lozim.
220. Qalin listli poʻlatlar tayanch maydonchalari tayanch ustunlar tomon qiya joylashgan stellajlarga qirrasi bilan yoki qalinligi kamida 200 mm boʻlgan yogʻoch qistirmalar ustiga yotqizilgan holda taxlanishi lozim.
221. Yupqa listli poʻlatlar list oʻramlariga koʻndalang joylashtirilgan yogʻoch tagliklar ustiga yon tomoni bilan taxlanishi lozim.
Ogʻirligi 5 t gacha boʻlgan taxlamdagi yupqa listli poʻlatlarni maxsus stellajlarga ularning chetlarida bukilish hosil boʻlishining oldini olgan holda taxlashga ruxsat etiladi.
222. Maʼlum bir sortli va bir xil profildagi prokatdan tayyorlangan yarim tayyor mahsulotlar va tayyor buyumlar idishlarga joylashtirilishi lozim.
223. Tilimli materiallar (metall polosalar, lentalar) ularni tashish uchun qulay tarzda olib chiqish imkoniyatini taʼminlaydigan konstruksiyaga ega moslamalarda saqlanishi lozim.
224. Oʻramlarda keltiriladigan metall buyumlar (poʻlat kanatlar, simlar) yopiq xonalarda saqlanishi hamda yogʻoch toʻshama ustiga tik holatda ikki qavatdan ortiq boʻlmagan tarzda taxlanishi lozim.
225. Sovuq prokatlangan metall tasmalar tekis yogʻoch tagliklar ustiga karkasli stellajlarga joylashtirilishi lozim.
Taxlash ishlari qavatlar boʻyicha amalga oshirilishi, bunda har bir keyingi qavatlar avvalgisiga nisbatan oʻram radiusining yarmi miqdorida siljitib joylashtirilishi kerak.
Uchinchi qavat birinchi qavat kabi, toʻrtinchi qavat esa ikkinchi qavat kabi joylashtiriladi va shu tartib davom ettiriladi. Yuqori qavatning eng chetiga oʻramlar taxlanmasligi kerak.
226. Elektrodlar quruq yopiq xonalarda zavod qadogʻida saqlanishi hamda tagliklar ustiga karkasli stellajlarga joylashtirilishi lozim.
227. Metall buyumlar joylashtirilgan shtabellar va stellajlar temir yoʻl izlari yoki asosiy harakat yoʻllariga parallel ravishda joylashtirilishi lozim.
Shtabellar (stellajlar) temir yoʻl izlariga eng yaqin relsdan kamida 2,5 m masofada joylashtirilishi kerak.
228. Metall prokat mahsulotlari, metall konstruksiyalarni elektr uzatish tarmoqlari joylashgan hududda mazkur tarmoqlarni ekspluatatsiya qiluvchi tashkilot bilan kelishmasdan saqlash taqiqlanadi.
20-§. Yogʻoch va yogʻoch-taxta materiallarini tashish va joylashtirishga qoʻyiladigan talablar
229. Yogʻoch tashish yoʻllari va yogʻoch kesiladigan maydonlar texnik pasportga ega boʻlishi lozim. Ularda “Texnologik yoʻl” ogohlantiruvchi belgisi oʻrnatilgan boʻlishi kerak.
Ushbu yoʻllarning texnik holati, shu jumladan koʻpriklar va boshqa inshootlar, transport vositalarining belgilangan tezlikda va mazkur yoʻl uchun belgilangan maksimal yuk meʼyoridan oshmagan holda xavfsiz harakatlanishini taʼminlashi lozim.
230. Avtopoyezd gabaritidan chiqib turgan daraxt shoxlari va daraxtlar oʻlchami 400×400 mm, eni 50 mm boʻlgan qizil va oq rangli diagonal chiziqlarga ega ogohlantirish belgilari bilan belgilanishi lozim.
231. Yogʻoch tashuvchi avtopoyezdlar kabinalarida odamlarni tashish taqiqlanadi.
232. Aravacha va vagonchalarni qoʻlda harakatlantirish faqat itarish orqali amalga oshirilishi lozim. Harakatlanayotgan aravacha, vagoncha oldida turish taqiqlanadi.
Aravacha va vagonchalarning harakat tezligi 5 km/soat dan oshmasligi, aylanma yoʻllar orqali oʻtishda esa 3 km/soat dan oshmasligi kerak.
Relsda harakatlanadigan alohida vagonchalar orasidagi oraliq masofa 10 m dan kam boʻlmasligi kerak.
233. Yogʻoch materiallarni ortish va tushirish joylarida yogʻoch materiallarining agʻdarilib ketishining oldini oluvchi moslamalar qoʻllanilishi lozim.
234. Yogʻoch materiallarni temir yoʻl transportiga ortish uchun doimiy, koʻchma yoki koʻtarib yuriladigan maxsus estakadalardan foydalanilishi lozim.
235. Yogʻoch materiallarni kranlar bilan ortishda greyferlar qoʻllanilishi kerak.
Yogʻoch materiallarni ortish ishlarida qoʻllaniladigan stroplar yuk iluvchining vagon, platforma yoki boshqa harakatlanuvchi tarkib ustiga chiqmasdan turib ish bajarish imkonini beruvchi, masofadan yechiladigan maxsus moslamalar bilan jihozlangan boʻlishi lozim.
236. Temir yoʻl vagonlariga yogʻoch materiallarni ortish tasdiqlangan sxemalarga muvofiq olib borilishi kerak.
237. Yogʻoch materiallar yuklanadigan yogʻoch toʻplash joyi bilan yogʻoch konveyeridan tashlab tushiriladigan yogʻoch toʻplash joylari orasidagi masofa, konveyerdan tushirib yuboriladigan xodalar uzunligidan kamida ikki barobar katta boʻlishi kerak.
238. Yogʻoch materiallarini tushirishda quyidagi xavfsizlik talablariga rioya qilinishi lozim:
harakatlanuvchi tarkibni tushirish ishlarini boshlashdan oldin qulflar, ustunlar va qistirmalarning sozligi hamda butligi tekshirilishi;
ustunlari yoki ularning qulflash moslamalari nosoz boʻlgan sseplar yoki avtomashinalar yogʻoch materiallarining harakatlanuvchi tarkibdan oʻz-oʻzidan dumalab ketishining oldini oluvchi qoʻshimcha mexanizmlar yoki moslamalar qoʻllangan holda tushirilishi;
qulflarni ochishda tushirilayotgan tomonga qarama-qarshi tomonda turishi.
239. Tushirilayotgan platformalar (vagonlar) oʻrtasida kamida bir platforma uzunligiga teng masofa saqlanishi lozim.
240. Suvdan yogʻoch materiallarni kranlar yordamida chiqarishda chiqarilayotgan yogʻoch materiallar bogʻlami hajmi kranning yuk koʻtarish qobiliyatiga muvofiq boʻlishi nazorat qilinishi lozim.
Yogʻoch materiallar bogʻlamlarini ildirish ishlari bonlar ustida amalga oshirilishi kerak.
241. Suvdan yogʻoch materiallar bogʻlamlarini chigʻirlar yordamida chiqarish ishlari yukning barqaror va xavfsiz harakatlanishini taʼminlovchi yoʻnaltiruvchi qiya tushirgichlar boʻylab amalga oshirilishi lozim.
242. Yogʻoch materiallarni suvdan elevator orqali chiqarishda konveyer ilgaklariga yogʻoch materiallarni bir tekis joylashtirish, ikki va undan ortiq, shuningdek diametri ilgak ogʻzidan katta yoki qiyshaygan yirik yogʻoch materiallarni ilishga yoʻl qoʻymaslik kerak.
Ish toʻxtatilganda konveyer (elevator) zanjirlarida yogʻoch materiallarni qoldirish taqiqlanadi.
243. Yogʻoch materiallarni saqlash maydoni tekislangan, tuprogʻi zichlangan va yerusti suvlarini chiqarib yuborish tizimi bilan taʼminlangan boʻlishi lozim.
Har bir shtabel uchun nam usulda saqlashda balandligi kamida 15 sm, quruq usulda saqlashda esa kamida 25 sm boʻlgan taglik taxtalardan tashkil etilgan asos tayyorlangan boʻlishi lozim.
Tuprogʻi boʻsh boʻlgan hududlarda taglik taxtalar ostiga yogʻoch toʻshama yotqizilishi lozim.
244. Omborxonalarda saqlanishi lozim boʻlgan yogʻoch materiallar turlari boʻyicha (daraxt turlari va oʻlchamlari) saralangan boʻlishi kerak.
245. Yogʻoch materiallari omborxonasida yogʻoch materiallarini mexanik shikastlanishdan, yorilib ketishdan, zamburugʻlar va hasharotlar bilan zararlanishdan, shuningdek ortiqcha namlanishdan muhofaza qilish choralari koʻrilishi lozim.
Yogʻoch materiallar kamida oyiga bir marta koʻzdan kechirilishi kerak.
246. Zich shtabellarni taxlash va ajratish ishlari greyferli kranlar, changakli va manipulyatorli ushlagichlar bilan jihozlangan yuklagichlar, oʻzi yechiladigan stroplar bilan jihozlangan chigʻirlar, yogʻoch ushlagichlar va ishlarni xavfsiz bajarishni taʼminlovchi boshqa moslamalar yordamida amalga oshirilishi lozim.
247. Omborxonaga kelib tushayotgan dumaloq yogʻoch materiallarining yuqori tomoniga shartli belgili tamgʻa tushirilgan boʻlishi lozim.
248. Shtabellar va qadoqlarni taxlash hamda ajratish ishlarida ularning ustiga chiqish va tushish shtabelning old yoki orqa qismidagi qiya yuza orqali yoki qoʻyma zinadan foydalangan holda amalga oshirilishi lozim.
249. Dumaloq yogʻoch materiallari shtabelining balandligi uning uzunligining chorak qismidan ortiq boʻlmasligi hamda shtabelga taxlanayotgan yogʻochlar uzunligining bir yarim baravaridan oshmasligi lozim.
250. Shtabel balandligi quyidagilardan oshmasligi lozim:
qoʻlda taxlashda — 1,8 m;
changakli yuklagich yordamida taxlashda — 3 m;
kabelli kran yordamida taxlashda — 6 m;
koʻprikli, minorali, portal va xarrak kranlar yordamida taxlashda — 12 m.
Balandligi 7 m va undan ortiq boʻlgan shtabellarni shakllantirish va ajratish ishlari greyferlar yordamida amalga oshirilishi lozim.
251. Dumaloq yogʻoch materiallari shtabelini taxlashda quyidagi talablarga rioya qilinishi kerak:
alohida yogʻoch materiallar shtabel chegarasidan 0,5 m dan ortiq chiqib turmasligi;
qistirmalar shtabelning boʻylama oʻqiga nisbatan simmetrik ravishda, yogʻoch materiallar uchidan har ikki tomonda 1 m dan ortiq boʻlmagan masofada joylashtirilishi;
shtabel balandligi boʻyicha qatorlar orasidagi qistirmalar bir vertikal tekislikda joylashtirilishi;
shtabel boʻylab qoʻyiladigan qistirmalar bir chiziq boʻyicha joylashtirilishi, ularning tutashgan joylardagi uchlari esa kamida 1 m uzunlikda bir-birini qoplab turishi;
bir shtabelga uzunligi oʻrtasidagi farq ignabargli daraxtlar uchun 1 m dan, bargli daraxtlar uchun esa 0,5 m dan oshmaydigan dumaloq yogʻoch materiallarni taxlashga ruxsat etiladi;
qatorli shtabelning uchlari qiyalikka ega boʻlishi lozim, bunda har bir keyingi qator oldingisidan har ikki tomondan bir xoda diametri miqdorida qisqaroq qilib taxlanishi, har bir qatorning chetki xodalari esa qistirmalar uchida tayyorlangan, chuqurligi qistirma qalinligining yarmidan oshmaydigan uyalarga joylashtirilishi;
zich qatorli va bogʻlamli shtabellar oxirida xodalarning oʻz-oʻzidan dumalab ketishini oldini oluvchi moslamalar boʻlishi lozim. Bunday moslamalar mavjud boʻlmaganda shtabel uchlari xodalarning tabiiy dumalash burchagiga teng qiyalikka ega boʻlishi.
252. Temir yoʻl yonidagi omborxonalarda bir xil uzunlikdagi dumaloq yogʻoch materiallari bir shtabelga taxlanishi lozim.
253. Daryo boʻyidagi omborxonalarda oqizish uchun moʻljallangan dumaloq yogʻoch materiallarni uzunligi oʻrtasidagi farq 2 m dan oshmagan holda bir shtabelga taxlashga ruxsat etiladi.
254. Chigʻirlar yordamida zich taxlangan yogʻoch materiallari shtabellarini shakllantirish jarayonida shtabel ustidagi xodimlar chigʻir ishlayotgan vaqtda shtabel chetida turmasliklari hamda harakatlanayotgan kanatga 1 m dan yaqin masofada kelmasliklari lozim.
Ilgaklari boʻshatilgan yogʻoch materiallarning toʻplami tagidan kanatlarni tortishda esa xodimlar chigʻirdan stroplar uzunligidan kam boʻlmagan masofada joylashishlari kerak.
255. Yogʻoch materiallarni kran bilan zich va bogʻlamli shtabellarga joylashtirishda bogʻlamlarni tushirish paytida xodimlar taxlash joyidan kamida 10 m masofada boʻlishlari kerak.
Bogʻlamlarni shtabelga taxlash joyiga borishga, bogʻlam balandligi 1 m dan oshmagan holatga keltirilgandan keyin borishga ruxsat etiladi.
Bogʻlamlarni yoʻnaltirish, qistirmalarni toʻgʻrilashga faqat uzunligi 1,5 m dan kam boʻlmagan changaklarda bajarishga ruxsat etiladi.
256. Yogʻoch-taxta materiallarni shtabellarga taxlashda uzun tomoni omborning transport oʻtish yoʻli boʻylab joylashtirilishi kerak.
Har bir shtabel balandligi boʻyicha har 30 sm oraliqda kesimi kamida 125×125 mm boʻlgan gorizontal qistirmalar oʻrnatish orqali bogʻlamlarga ajratilgan boʻlishi lozim.
Qistirmalarning uchlari shtabel chegarasidan chiqib turmasligi lozim. Yogʻoch materiallari omborxonaga kelib tushgan kundan boshlab ikki kun ichida shtabellarga taxlanishi kerak.
Namligi 25 % dan yuqori boʻlgan yogʻoch materiallari tabiiy quritishni taʼminlovchi soyabonlar ostidagi shtabellarda saqlanishi lozim.
257. Quruq yogʻoch materiallari shtabellarini taxlash, ajratish va qayta taxlash ishlarini yomgʻir vaqtida amalga oshirishga yoʻl qoʻyilmaydi.
258. Shtabellarni taxlash, ajratish va qayta joylashtirish ishlarida quyidagi talablarga rioya qilinishi lozim:
qoʻshni shtabellarda bir vaqtning oʻzida ish olib bormaslik;
taxlanayotgan yoki ajratilayotgan shtabellardan 10 m dan yaqin masofada boʻlmaslik;
qoʻshimcha kanatlarni qoʻllagan holda chigʻir bilan zich shtabelni qulatishda unga 20 m dan yaqin joyda turmaslik;
shtabellarni tik ravishda kesishga, xodalarni yumalatishga yoʻl qoʻymaslik.
259. Bogʻlamli shtabellarni chigʻirlar bilan ajratishda pastki qatordan bogʻlamlarni tortishga ruxsat etilmaydi.
Bunda, shtabellarni pogʻonali usulda yoki qatorlar boʻyicha ajratish usuli qoʻllanilishi lozim.
260. Zich shtabellarni chigʻirlar yordamida ajratishda zanjirli amortizatorlar, yogʻoch ushlagichlar va ishlarni xavfsiz bajarishni taʼminlovchi boshqa moslamalar qoʻllanilishi lozim.
261. Zich va bogʻlamli shtabellarni kranlar yordamida ajratishda kran tomonidan stroplar tushirilayotgan va stroplangan bogʻlam koʻtarilayotgan vaqtda xodimlar shtabel ustida ildirish joyidan 10 m dan yaqin masofada boʻlmasligi lozim.
262. Shtabelga taxlanayotgan yogʻoch materiallar qadoqlari bir xil balandlikda boʻlishi lozim. Vertikal qatordagi qadoqlarning eni ham bir xil boʻlishi kerak.
Qadoqlar uzunligi oʻrtasidagi farq ularning oʻrtacha uzunligining 20 % dan oshmasligi lozim.
263. Avtoyuklagichlar yordamida taxlanadigan yogʻochtaxta materiallari shtabellarining balandligi 7 m dan, kranlar yordamida taxlanadiganlari 12 m dan, qoʻlda shakllantiriladiganlari esa 4 m dan oshmasligi lozim.
264. Shtabellarni qoʻlda shakllantirishda shtabel ustida bir vaqtning oʻzida ikki nafardan ortiq xodimning ishlashi taqiqlanadi.
265. Tugallangan har bir vertikal qadoqlar qatori avtoyuklagich yoki kran yordamida inventar tom bilan yopilishi lozim.
Qadoqlarning alohida vertikal qatori ustida taxtalardan qoʻlda tom shakllantirishga yoʻl qoʻyilmaydi.
266. Faner va shponlar shtabelga tayanish joylarida joylashtiriladi. Tayanish joylarning asosi gorizontal boʻyicha tekislangan va tabiiy shamollatishni taʼminlash uchun poldan kamida 0,2 m baland boʻlishi kerak.
267. Faner shtabelining balandligi mexanizatsiyalashtirilgan tarzda taxlashda 5,2 m dan, qoʻlda taxlashda esa 1,5 m dan oshmasligi lozim.
268. Faner va shponlarni devor va ustunlarga zich qilib taxlashga yoʻl qoʻyilmaydi. Devor yoki ustun bilan shtabel oʻrtasidagi masofa kamida 0,8 m, qoplama bilan shtabel oʻrtasidagi masofa kamida 1 m, yoritish chiroqlari bilan shtabel oʻrtasidagi masofa esa kamida 0,5 m boʻlishi lozim.
Koʻndalang qatordagi shtabellar orasidagi masofa kamida 0,5 m, boʻylama qatordagi shtabellar orasidagi masofa esa kamida 0,2 m boʻlishi kerak.
269. Shtabellardagi yogʻoch materiallari qadoqlari ignabargli daraxt yogʻochidan tayyorlangan, kesimi 100×100 mm boʻlgan yogʻoch brus-qistirmalar bilan ajratilgan boʻlishi lozim.
270. Yogʻoch plitkalar shtabellarga poldan kamida 0,1 m balandlikka va qurish imkoni bor boʻlgan joylarga taxlanishi kerak.
271. Plitalarni yuklagichlar bilan stoplarga taxlash balandligi 4,5 m dan oshmasligi kerak.
Kranlar xizmat qiladigan mexanizatsiyalashtirilgan omborlarda plitalarni stoplarga 4,5 m dan yuqori taxlashga ruxsat etiladi.
272. Ogʻirligi 50 kg dan ortiq boʻlgan alohida yogʻoch materiallari qadoqlarini qayta yuklashda, shuningdek ogʻirligi 50 kg gacha boʻlgan yogʻoch materiallar yoki qadoqlarni 3 m dan ortiq balandlikka koʻtarishda texnika vositalarini qoʻllash majburiy hisoblanadi.
273. Avtoyuklagichlardan uzunligi 6 m dan kichik boʻlgan yogʻoch materiallarni ortishda va shtabellashda foydalanish mumkin.
274. Omborxonalarda yogʻoch materiallarini kesish va yorish ishlari uchun chiqindilardan muntazam tozalab turiladigan maxsus joylar ajratilgan boʻlishi lozim.
275. Yogʻoch materiallari shtabelini taxlashda koʻtarilayotgan qadoqdan uning harakat yoʻnalishiga qarshi tomonga kamida 3 m uzoqlikda turish kerak.
Qadoqni yoʻnaltirish ishlarida dastasi uzunligi kamida 1 m boʻlgan ilgakdan foydalanilishi lozim. Ushlash moslamalari yuk toʻliq tushirilgandan soʻng yechilishi kerak.
Yogʻoch materiallari qadoqi ostidan stroplar qadoqning agʻdarilib ketishiga yoʻl qoʻymagan holda qoʻlda tortib chiqarilishi lozim.
276. Shtabel chetida yoki qadoqlar orasidagi qistirmalar uchida turishga, shuningdek shtabel ustiga chiqish yoki undan tushish uchun krandan foydalanishga yoʻl qoʻyilmaydi.
277. Yongʻin xavfsizligi talablaridan kelib chiqib, binolardan dumaloq yogʻoch va yogʻoch materiallari shtabellarigacha boʻlgan masofa mos ravishda kamida 15 m va 30 m boʻlishi lozim.
278. Uzunligi transport vositasi kuzovi uzunligidan 2 m dan ortiq boʻlgan yogʻoch materiallari aravali tirkamalar yordamida tashilishi lozim.
279. Yogʻoch materiallarini transport vositasidan tashlab tushirish va ularni bir vaqtning oʻzida shtabelga taxlashga yoʻl qoʻyilmaydi.
280. Yogʻoch materiallari transport vositasi kuzovidan diametri kamida 15 sm boʻlgan maxsus yogʻoch materiallar orqali tushirilishi lozim. Maxsus yogʻoch materiallarning yuqori uchlarida ularni transport vositasi kuzoviga mahkam oʻrnatish uchun maxsus metall ilgaklar boʻlishi kerak.
281. Kuchli shamol (6 ball va undan yuqori), jala quyganda, qalin tuman (koʻrish masofasi 50 m dan kam) yoki qor yogʻishi vaqtida balandligi 2 m dan ortiq boʻlgan shtabellarni taxlash va ajratish ishlarini amalga oshirish taqiqlanadi.
282. Bogʻlamni ildirish ishlari yakunlangandan soʻng yuk iluvchi yuk harakatlanish zonasining qarama-qarshi tomoniga kamida 15 m masofaga chekinib, shundan keyin mashinistga signal berishi lozim.
Koʻtarilgan yuk ildirish joyidan 15 — 20 m masofaga olib ketilgandan keyingina navbatdagi bogʻlamni ildirishga ruxsat etiladi.
Yuk iluvchining shtabel oldiga qaytishiga faqat yukni ushlash moslamalari shtabelga teggandan soʻng ruxsat beriladi.
283. Yogʻoch materiallarga antiseptik bilan ishlov berilgandan soʻng ularni yelkalarda koʻtarib tashish taqiqlanadi.
Maxsus kiyim-bosh va himoya vositalari (brezent kurtka, shim, rezina etik va qoʻlqoplar) bilan taʼminlanmagan xodimlarni antiseptik bilan ishlov berilgan yogʻoch materiallari bilan ishlashga yoʻl qoʻyilmaydi.
21-§. Sochiluvchan va mayda boʻlakli materiallarni tashish va joylashtirishga qoʻyiladigan talablar
284. Qum, chaqiq tosh, shagʻal, keramzit, perlit, aglokorit va shunga oʻxshash materiallarni ortish, tushirish ishlari choʻmichli yoki greyferli ekskavatorlar, turli xil kranlar, frontal yuklagichlar, konveyerlar, avtoyuklagichlar yordamida amalga oshirilishi lozim.
285. Muzlab qotgan yuklar sochiluvchanlik xususiyatini tiklash va tushirish ishlarini taʼminlash maqsadida yumshatilishi lozim.
Bunday yuklar qish mavsumida muzlab qotishning oldini olishga qaratilgan profilaktik choralar bilan taʼminlanishi lozim, jumladan:
materialni suvsizlantirish;
material qatlamlarini muzlamaydigan qoʻshimchalar bilan ajratish;
materialni granula holatiga keltirish;
muzlab qotishni toʻliq bartaraf etmaydigan, biroq muzlagan massa mustahkamligini kamaytiruvchi moddalar qoʻshish.
286. Muzlab qotgan yukning sochiluvchanlik xususiyatini maxsus isitish xonalarida qizdirish orqali tiklash katta energiya sarfini talab qiladi va keng qoʻllash uchun tavsiya etilmaydi.
287. Muzlab qotgan materiallarning sochiluvchanlik xususiyatini tiklashning mexanik usullari ustuvor hisoblanadi hamda bunday ishlar burgʻilab yumshatuvchi mashinalar, osma tebratma-yumshatuvchi agregatlar va tebratma-zarbli mashinalar yordamida amalga oshirilishi mumkin.
288. Vagonlarni tushirishdan keyin qolib ketgan materiallardan tozalash ishlarida tebranishli qurilmalar, siqilgan havo, gaz yoki suv oqimi orqali yukka dinamik taʼsir koʻrsatuvchi moslamalar, shuningdek choʻtka va kuraklardan foydalanilishi mumkin.
289. Doimiy (statsionar) tushirish mashinalari ishlayotganda temir yoʻl platformalari va yarim vagonlarni tushirish fronti boʻylab harakatlantirish manyovr qiladigan chigʻir yoki qurilma yordamida amalga oshirilishi lozim.
290. Yarim vagonlarning pastki lyuklari qoʻl yoki mexanik yuritmali, yarim vagonning har ikki tomoni boʻylab joylashtirilgan statsionar portallarga osib qoʻyiladigan maxsus moslamalar yordamida yopilishi lozim.
291. Barcha turdagi tushirish mashinalari ishlayotgan vaqtda qabul qilish qurilmasi ichida va harakatlanuvchi tarkib kuzovida boʻlishi, shuningdek yuk ortish-tushirish punktida temir yoʻl vagonlari harakatlantirilayotganda manyovr qurilmalari ish hududida boʻlish taqiqlanadi.
292. Baland yoʻllar va estakadalarda yuklash bunkerlari ostidagi xavfli maydonlar koʻrsatib qoʻyilgan boʻlishi lozim.
293. Yuklagich choʻmichini shtabeldagi materialga tezlik bilan kelib urish orqali toʻldirish taqiqlanadi.
294. Koʻp choʻmichli yuklagichdan foydalanishda quyidagilar taqiqlanadi:
yuklagichni uning pasportida koʻrsatilgan meʼyorlardan ortiq boʻlgan koʻndalang yoki boʻylama qiyalikka ega maydonchada harakatlantirish va ishlatish;
turli buyumlar bilan toʻsilib qolgan joylarda yuklagichda ishlash;
dvigatel ishlab turgan vaqtda shnek va zanjirdan har qanday buyumlarni olib tashlash;
burilish vaqtida shnek aylanishini ishga tushirish;
ishlayotgan shnekka 1,5 m dan yaqin masofada yaqinlashish.
295. Koʻchma tasmali konveyerlarni maydoncha boʻylab uzoq masofaga yoki notekis yuzada harakatlantirishga yoʻl qoʻyilmaydi. Konveyerlarni koʻchirish vaqtida elektr uzatuvchi simlar ajratilgan boʻlishi lozim.
Konveyerlar joylashgan oʻtish va harakat yoʻllari konveyer gabaritidan kamida 1 m chiqib turadigan soyabonlar bilan himoyalangan boʻlishi kerak.
22-§. Kukunsimon materiallarni tashish va joylashtirishga qoʻyiladigan talablar
296. Kukunsimon va changsimon materiallarni (sement, gips, ohak) idishsiz tashish yuklash va oʻzini oʻzi tushirish qurilmalari bilan jihozlangan transport va temir yoʻl vositalarida, shuningdek suv orqali tashishda sement tashuvchi kemalar yordamida amalga oshirilishi kerak.
297. Sement, gips va kukunsimon ohak qisqa masofalarga maxsus konteynerlar orqali tashilishi mumkin.
298. Avtotsement tashuvchilar silos turidagi omborxonalardan yuklash lyuklari orqali yoki yopiq temir yoʻl vagonlaridan sement qabul qilishda oʻzini oʻzi yuklash tizimi orqali yuklanishi lozim.
Tushirish ishlari avtotsement tashuvchining pnevmatik tizimi yordamida amalga oshiriladi.
299. Vagon-sement tashuvchilar silos turidagi omborxonalardan yuklash lyuklari orqali yuklanishi lozim. Yuklash ishlari tugagandan keyin lyuklar germetik tarzda yopilishi kerak.
Tushirish ishlari sementni qabul qiluvchi obyektning pnevmatik tushirish tizimi orqali amalga oshirilishi lozim.
300. Bunker tipidagi vagon-sement tashuvchilarni boʻshatish ishlari oʻz oqimi bilan amalga oshirilishi lozim.
Tushirish jarayonida osilib qolgan materiallar tebratkich yoki uzaytirilgan dastakli maxsus kuraklar (temir kosov) yordamida tushirilishi kerak.
Vagon sisternasi qoplamasiga (kuvalda, lom va boshqa vositalar bilan) urib yuk qoldiqlarini tushirish taqiqlanadi.
301. Tushirish ishlari yakunlangandan soʻng vagon-sement tashuvchining lyuk qopqoqlari belgilangan holatgacha yopilishi lozim.
Vagonning yuklash va tushirish lyuklarini ochiq holda qoldirish taqiqlanadi.
302. Konteynerlar yuklash uchun pnevmatik yoki gravitatsion tizimlar, tushirish uchun esa aero-pnevmatik yoki materialni toʻliq yoki qismlab chiqarish imkonini beruvchi gravitatsion tizimlar bilan jihozlangan boʻlishi mumkin.
Konteynerlar metalldan yoki rezina-kordli materiallardan tayyorlangan yumshoq konstruksiyali boʻlishi mumkin.
303. Sement, ohak kukuni va boshqa kukunsimon materiallarni temir yoʻlning yopiq vagonlaridan tushirishda soʻruvchi yoki soʻruvchi-haydovchi turdagi tushirgichlar qoʻllanilishi lozim.
304. Kukunsimon materiallarni pnevmatik tashishda pnevmatik vintli va oqimli nasoslar, pnevmatik kamerali nasoslar, shuningdek aeratsion tashish usulidan foydalanilishi mumkin.
305. Harorati 40 °S va undan yuqori boʻlgan sementni qoʻlda tushirish ishlarini amalga oshirishga yoʻl qoʻyilmaydi.
Maxsus kiyim-bosh, respirator va changga qarshi himoya koʻzoynagisiz xodimlarni kukunsimon materiallar bilan ishlashga qoʻyish taqiqlanadi.
306. Bunker tipidagi vagonlar lyuklari va yopiq vagonlar eshiklarini ochishda maxsus richaglardan foydalanish lozim.
Lyuk qopqogʻi tushib ketishi mumkin boʻlgan hududda turish taqiqlanadi.
307. Pnevmatik tushirish tizimiga ega vagon-sement tashuvchilarning yuqori lyuklarini hamda barcha turdagi avtotsement tashuvchilar lyuklarini ochishga idish ichida bosim yoʻqligi tekshirilgandan keyingina ruxsat etiladi.
308. Kukunsimon materiallar toʻldirilgan sisternani tayanch ustunlarga oʻrnatishga faqat tekis va qattiq gruntli yuzada yoki maxsus qistirmalar qoʻllangan holda ruxsat etiladi.
309. Sement tashiydigan avtotsisternadagi bosimni 0,15 MPa dan ortiq koʻtarish taqiqlanadi.
310. Kompressorni qaytarish klapanisiz, xavfsizlik klapanisiz yoki himoya qoplamalari yechib tashlangan holda ishlatishga yoʻl qoʻyilmaydi.
311. Kukunsimon materiallar solingan konteynerlarni temir yoʻl va transport vositalarining harakatlanuvchi tarkibiga ortishda xodimlarning platforma ustida boʻlishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
312. Estakadaning sement va boshqa changsimon materiallarni ortish va tushirish joylarida vagon tomida xavfsiz ishlash uchun toʻsiqlar nazarda tutilishi kerak.
Tushirish ishlari vaqtida xodimlarning vagon ichida boʻlishi taqiqlanadi.
313. Kukunsimon materiallar uchun moʻljallangan pnevmatik tushirgich ishlayotgan vaqtda soʻrib olish qurilmasiga 1 m dan yaqin kelib turishga ruxsat etilmaydi. Pnevmatik tushirgichning choʻktirish kamerasi atrofidagi boʻsh hudud kamida 0,8 m boʻlishi lozim.
Soʻrib-haydaydigan tushirgichning aralashtirish kamerasida bosim 0,14 MPa dan oshganda shnek uzatmasining elektr dvigateli oʻchirilishi va aralashtirish kamerasiga siqilgan havo berilishi toʻxtatilishi kerak.
314. Pnevmatik vintli koʻtargich uchun aralashtirish kamerasidagi bosim 0,14 MPa dan, pnevmatik vintli nasos uchun esa 0,2 MPa dan oshganda elektr dvigatelini oʻchirish va siqilgan havo berilishini toʻxtatish lozim.
Shundan soʻng aralashtirish kamerasidagi bosim ventil yordamida 0,25 MPa dan oshirmagan holda tartibga solinib, transport quvuri siqilgan havo bilan aralashtirish kamerasidagi bosim 0,03 — 0,05 MPa gacha pasaygunga qadar puflab tozalanishi lozim.
315. Ishlab turgan kompressorlarni (toʻliq avtomatlashtirilganlaridan tashqari) xizmat koʻrsatuvchi xodimlar nazoratisiz qoldirish taqiqlanadi.
23-§. Yigʻma temir-beton konstruksiyalar va mayda donali devor materiallarni tashish va joylashtirishga qoʻyiladigan talablar
316. Temir-beton konstruksiyani ortishda uning transport vositasidagi joylashuvi qurilayotgan inshootdagi ishchi holatiga mos yoki unga yaqin boʻlishi lozim.
Bundan kolonnalar, qoziqlar va boshqa uzun oʻlchamli buyumlar mustasno boʻlib, ular transport vositasining yuk maydonchasida gorizontal holatda joylashtirilishi kerak.
317. Yengil betondan tayyorlangan, egilishga moʻljallanmagan yirik oʻlchamli konstruksiyalar, shuningdek qalinligi 20 sm dan kam boʻlgan buyumlar tashish uchun vertikal holatda oʻrnatilishi lozim.
318. Temir-beton konstruksiyalarini tashishda ular ishlab chiqaruvchi tomonidan tegishli belgilari bilan koʻrsatilgan joylarga oʻrnatilgan yogʻoch tagliklar va qistirmalar ustiga joylashtirilishi lozim.
319. Temir-beton konstruksiyalarini koʻp qavatli qilib ortishda tagliklar va qistirmalar butun shtabel boʻylab qatʼiy ravishda bir vertikal chiziqda joylashtirilishi lozim.
Tagliklar va qistirmalarning eni kamida 25 mm boʻlishi hamda ularning qalinligi tashilayotgan buyumlarning ushlash halqalari va boshqa chiqib turuvchi qismlari balandligidan katta boʻlishi kerak.
320. Buyumlar bilan transport vositasi bortlari oʻrtasidagi oraliq kamida 5 sm boʻlishi lozim.
Qurilish konstruksiyalarini transport vositasining yuk platformasiga mahkamlash ularning tashish jarayonida boʻylama va koʻndalang siljishini, shuningdek oʻzaro toʻqnashishi yoki joyidan qoʻzgʻalishini istisno etishi kerak.
321. Temir-beton devor panellarini vertikal holatda tashishda panellar butun tayanch yuzasi bilan transport vositasi platformasiga yotishi yoki bir-biridan 0,5 m dan ortiq boʻlmagan masofada joylashtirilgan tagliklarga tayanishi lozim.
322. Devor panellari qiya holatda tashilganda ularning pastki va yon yuzalari oʻzaro 0,5 m dan ortiq boʻlmagan masofada joylashtirilgan tagliklarga tayantirilgan boʻlishi lozim.
323. Qoplama panellari gorizontal holatda tashilganda ular qotirilgan detallar joylashgan nuqtalarga tayantirilgan boʻlishi lozim.
324. Vertikal holatda tashilayotgan panellar ikki tomondan, qiya holatda tashilayotgan panellar esa ogʻirlik markazidan yuqori qismida bir tomondan mahkamlanishi lozim.
325. Bir vaqtning oʻzida bir nechta panel tashilganda ular orasiga panellarning oʻzaro tegishi, shuningdek tashish jarayonida urilish yoki ishqalanish natijasida shikastlanishining oldini oluvchi ajratuvchi qistirmalar oʻrnatilishi lozim.
326. Temir-beton qoplama va yopma plitalari gorizontal holatda, qotirilgan detallar joylashgan nuqtalarga tayantirilgan holda tashilishi lozim.
Plitalarni tashishda ularni qalinligi montaj ilmoqlari balandligidan 20 mm ortiq boʻlgan tagliklar ustiga taxlab joylashtirishga ruxsat etiladi.
327. Yukni platformaga mahkamlash uchun diametri 6 mm boʻlgan simli tortqilar yoki tortish moslamalariga ega poʻlat arqonlar, metall kassetalar va turniketlar qoʻllanilishi lozim.
328. Qadoqlarni transport vositalari kuzoviga oʻrnatish, ularni tushirish va ish joyiga uzatishda ishlarni xavfsiz bajarishni taʼminlovchi oʻz-oʻzidan tortiladigan ushlagichlar yoki qadoqning past qismi ostiga kiritiladigan koʻtargich moslamalar qoʻllanilishi lozim.
329. Yuk koʻtarish qobiliyati 60 t boʻlgan yarim vagonlarga mayda donali devor materiallarni bir-biriga zich 2 qavat qilib oʻrnatish joiz.
330. Mayda donali devor materiallarini yetkazib berishda qoʻllaniladigan barcha yuk ushlagich moslamalari yuk koʻtarish nominal imkoniyatidan 1,25 barobar ortiq yuk bilan 10 daqiqa davomida sinovdan oʻtkazilishi hamda ishlarni xavfsiz bajarishga masʼul xodim tomonidan har oy koʻrikdan oʻtkazilishi kerak.
331. Qadoqlarni stroplar bilan ish joylarida tushirish va koʻtarish taqiqlanadi.
24-§. Oʻsimliklar, meva-sabzavot va oziq-ovqat mahsulotlarini tashish va omborga joylashtirishga qoʻyiladigan talablar
332. Oʻsimlik mahsulotlarini omborga joylashtirish (gʻaramlash) uchun moʻljallangan maydoncha gorizontal, begona predmetlardan tozalangan hamda kirish yoʻllari bilan taʼminlangan boʻlishi lozim.
Bunday maydoncha havo elektr uzatish tarmoqlaridan elektr uzatish tarmogʻi tayanchlari orasidagi masofadan kam boʻlmagan masofada, binolardan esa kamida 100 m uzoqlikda joylashtirilishi kerak.
Gʻaramlash ishlari yakunlangandan soʻng ombor maydonchasi perimetri boʻylab eni kamida 3 m boʻlgan haydalgan yoʻlak bilan ajratilgan boʻlishi lozim.
333. Togʻli hududlarda kichik hajmli gʻaramlarni qiyaliklarda joylashtirishga ruxsat etiladi. Bunda, transport vositalarining manyovr qilishi uchun moʻljallangan maydoncha gʻaram hududida 6° dan ortiq boʻlmagan qiyalikka ega boʻlishi hamda qiyalik boʻyicha gʻaramdan yuqori qismida joylashtirilishi lozim.
Bunday maydonchalarda transport vositalarining harakatlanish tezligi 5 km/soat dan oshmasligi kerak.
334. Silos bostirish joylari quduqlar va ichimlik suvi havzalariga bevosita yaqin hududlarda, shuningdek elektr uzatish tarmoqlari ostida joylashtirilmasligi lozim.
Silos bostirish joylarida kirish va chiqish yoʻllarining qiyaligi (xandaqlar, uyumlar va tepaliklarda) 20° dan oshmasligi kerak.
335. Uyumlar va tepaliklar hududning gorizontal uchastkalarida joylashtirilishi lozim.
Togʻli hududlarda xandaqlarni qiyaliklarda joylashtirishga ruxsat etiladi.
336. Qatlam namligi mashinalarning sirpanib ketishiga sabab boʻlishi mumkin boʻlgan hollarda, quyuq tuman sharoitida (koʻrish masofasi 50 m dan kam boʻlganda), qor qoplami mavjud boʻlganda, yer qatlami muzlaganda, shuningdek kunning qorongʻu vaqtida qiyaliklarda ish olib borish taqiqlanadi.
337. Transport vositalarini boʻshatish tomonida xandaq chegaralari xandaq chetidan kamida 1 m masofada belgilangan boʻlishi lozim.
Transport vositalarini boʻshatish tomonida saqlovchi brus oʻrnatilgan boʻlishi kerak.
Transport vositalari manyovr qilishi uchun moʻljallangan maydoncha qiyaligi 6° dan oshmasligi lozim.
Mazkur maydonchada transport vositalari harakat tezligi 5 km/soat dan oshmasligi kerak.
338. Daraxtlarning shox-shabbalari yaqinida ishlash uchun moʻljallangan mashina va mexanizmlar xodimlar xavfsizligini taʼminlovchi himoya toʻsiqlari bilan jihozlangan boʻlishi lozim.
339. Transport vositalari va traktor tirkamalariga yashil massa, urugʻ, don va boshqa texnologik mahsulotlarni ortishda, shuningdek mahsulotlarni saqlash yoki sotish joylariga tashishda kuzovda odamlarning boʻlishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
340. Transport vositasiga idishsiz ortilgan mahsulotlar (sabzavotlar, mevalar, ildizmevali oʻsimliklar) kuzovning butun maydoni boʻylab bir tekisda joylashtirilishi hamda kuzov bortlari balandligidan oshib chiqmasligi lozim.
341. Urugʻ yoki poxollarni gʻaramlashda yoki pichanlashda quyidagi xavfsizlik talablariga rioya etilishi kerak:
a) ishlarga balandlikda ishlash huquqiga ega boʻlgan xodimlar qoʻyilishi, ular orasidan gʻaramlovchi tayinlanishi hamda unga ishlarni tashkil etish va xavfsizlikni taʼminlash majburiyati yuklatilishi kerak;
b) xodimlar quyidagi soz holatdagi vositalar va shaxsiy himoya vositalari bilan taʼminlangan boʻlishlari lozim:
sanchqilar (dastasi tekis va silliq, yoriq va gʻudursiz, qattiq turdagi quruq yogʻochdan tayyorlangan);
tirab qoʻyiladigan yoki arqonli narvonlar;
200 kg statik yuklamaga moʻljallangan xavfsizlik arqonlari;
diametri kamida 14 mm va uzunligi 2 m dan kam boʻlmagan metall sterjenlar;
signal vositalari (bayroqcha va hushtaklar);
shaxsiy himoya vositalari (qoʻlqoplar, himoya koʻzoynaklari va etiklar);
v) gʻaramlash faqat kunning yorugʻ vaqtida va shamol tezligi 6 m/s dan oshmaganda amalga oshirilish kerak, chaqmoq chaqish paytida gʻaramlash taqiqlanadi;
g) gʻaramlashda bir paytning oʻzida gʻaramlovchilar soni 6 tadan oshmasligi va ular gʻaram chetidan 1,5 m dan yaqin boʻlmagan joyda boʻlishlari kerak;
d) gʻaram balandligi 2 m ga yetganda uning atrofida eni 2 m va qalinligi 1 m boʻlgan (xodim gʻaramdan tushib ketgan vaziyatlarda zarb kuchini kamaytirish uchun) poxol qatlami toʻshab chiqilishi kerak;
e) gʻaramlagich bilan gʻaramga poxol uzatilganda gʻaramlovchilar maydalagich panjaradan 3 m dan kam boʻlmagan masofada boʻlishlari kerak;
yo) tanaffus vaqtida gʻaramlovchilarning gʻaramda boʻlishlari taqiqlanadi, gʻaramlagichdan xodimlarni gʻaramga koʻtarish va undan tushirishda foydalanishga yoʻl qoʻyilmaydi;
j) gʻaramlovchini gʻaramga koʻtarish va tushirishda gʻaramning quyi qismiga teskari tomondan kamida 1 m chuqurlikda tik tushirilgan metall sterjen bilan bogʻlangan, yuqori qismidan xavfsizlik arqonlari bilan mahkamlangan tirab qoʻyiladigan va arqonli narvonlardan foydalanish kerak;
z) gʻaramni shakllantirishni tugatish kamida 2 nafar gʻaramlovchi bilan amalga oshirilishi kerak.
Tugunlarni gʻaramga, pichan saroyiga yoki transport vositasi kuzoviga joylashtirish ularni bogʻlagan holda amalga oshiriladi. Bunda, tugunlar kelishilgan holda uzatilishi kerak, taxlovchilar gʻaram chetiga (kuzovga) 1,5 m gacha yaqin kelmasliklari kerak.
342. Idishlarga solinmagan, qadoqsiz mahsulotlarni qoʻlda ortishda xodimlar transport vositasi kuzovining bir tomonida, ortilayotgan transport vositasi bortidan kamida 2 m masofada turishlari kerak.
343. Gʻaramlarni qoʻl bilan ajratishda osilib qolishi va chiqib qolishiga yoʻl qoʻyilmasligi kerak. Ular tagida ishlash taqiqlanadi.
344. Tartibga keltirilmagan gʻaramni bir yoki bir nechta traktor yordamida sudrab koʻchirish ishlari oldindan tanlangan va tayyorlangan harakat yoʻnalishi boʻyicha, masʼul shaxs rahbarligi ostida amalga oshirilishi lozim.
345. Yuk ortish va tushirish ishlarini amalga oshirish uchun qoʻyilgan transport vositasi ishonchli tarzda tormozlangan, dvigateli oʻchirilgan hamda past uzatmaga qoʻyilgan boʻlishi lozim.
Qishda transport vositasi oʻz-oʻzidan harakatlanib ketishining oldini oluvchi choralarni koʻrgan holda dvigatelni oʻchirmaslikka ruxsat etiladi.
346. Issiqxonalarda yuk ortish-tushirish ishlarini bajarishda havo muhitini zararli chiqindilar hamda zaharli gazlar bilan ifloslantirishni istisno etuvchi, mehnatni muhofaza qilish talablariga javob beradigan mashinalar, mexanizmlar va agregatlardan foydalanilishi lozim.
347. Pestitsidlar bilan ifloslangan transport vositalari, idishlar va maxsus kiyim-boshlar maxsus retseptlar asosida zararsizlantirilishi lozim.
348. Transport vositasining turi meva-sabzavot mahsulotlarining turiga qarab tanlanishi kerak.
349. Idishlarga ortilgan mahsulotlarni transportda tashish uchun konveyer tasmalarining harakat tezligi 1,2 m/s dan oshmasligi kerak. Tasma 0,2 m balandlikdagi bort bilan toʻsilgan boʻlishi kerak.
350. Meva-sabzavot mahsulotlarini omborxonaga joylashda quyidagi asosiy talablar bajarilishi kerak:
omborxonaning chiqib turgan konstruksiyalarining quyi qismidan uymaning tepasigacha boʻlgan masofa kamida 0,8 m, shtabel tepasigacha esa kamida 0,3 m boʻlishi;
shtabeldagi qutilar orasidagi masofa kamida 0,02 m, qutili tagliklar orasidagi masofa kamida 0,05 m boʻlishi;
toʻkib joylashtirishda mahsulotlar balandligi kartoshka uchun 5 m, oʻramli karam va sabzi uchun 3 m, lavlagi uchun 4 m, sholgʻom uchun esa 3,5 m dan oshmasligi;
idishlarda joylashtirish balandligi kartoshka, oʻramli karam va lavlagi uchun 4,6 m, sabzi, sholgʻom, olma va nok uchun 5,0 m, pomidor, uzum hamda poliz ekinlari uchun esa 4,5 m dan oshmasligi;
konteynerlarga joylashtirib saqlash boʻlmalariga ortishda 1 m hajmga toʻgʻri keladigan yuk miqdori kartoshka uchun 0,5 t, oʻramli karam uchun 0,3 t, sabzi uchun 0,345 t, lavlagi uchun 0,46 t, sholgʻom uchun 0,38 t, olma va nok uchun 0,29 t hamda poliz ekinlari uchun 0,4 t dan oshmasligi.
351. Kartoshka va sabzavotlarni uyum qilib saqlash uchun maydonchalar reja asosida boʻlishi va zovurlar, ariqlar, atmosfera yogʻingarchiliklarini chiqarib tashlash uchun yomgʻir qabul qilgichlar bilan jihozlangan boʻlishi kerak.
352. Un, shakar, yorma, don va boshqa mahsulotlar uchun idishsiz saqlashga moʻljallangan siloslar, bunkerlar, filtrlar, oʻtkazgich quvurlar va boshqa uskunalar yonmaydigan yoki qiyin yonadigan materiallardan tayyorlanib, statik elektrdan himoyalanish uchun barcha poʻlat elementlari boʻlishi kerak.
353. Un, yorma, don, shakar va shu kabi mahsulotlar idishsiz yoki idishlarda saqlanganda, saqlash binolari polida toʻplangan chang har bir ish smenasida kamida bir marta tozalanishi kerak. Devorlardagi chang esa uning yigʻilish darajasiga qarab muntazam ravishda tozalab turilishi lozim.
Idishsiz saqlanadigan un va yorma saqlash sigʻimlari changni soʻrib chiqarish va havoni tozalashga moʻljallangan, filtrlar bilan jihozlangan aspiratsiya tizimiga ulangan boʻlishi kerak.
354. Ogʻirligi 50 kg gacha boʻlgan qutilar, 70 kg gacha boʻlgan qoplar, shuningdek ekstrakt yoki sochiluvchan mahsulotlar solingan bochkalar qoʻlda taxlanganda shtabel balandligi 2 m dan oshmasligi lozim.
Yogʻ mahsulotlari joylangan bochkalarni taxlashda esa shtabel balandligi kamida xavfsizlikni taʼminlash maqsadida 1,5 m dan oshmasligi kerak.
355. Ogʻirligi 50 kg gacha boʻlgan qutidagi yuklar mexanizatsiya yordamida taxlanganda shtabel balandligi 3,6 m dan, 70 kg gacha boʻlgan qopli yuklarda 3,8 m dan, uchqun chiqaruvchi moddalarda 1,5 m dan, ekstraktli bochkalarda 2,5 m dan, sochiluvchan ashyoli bochkalar joylashtirilganda esa 3,0 m dan oshmasligi kerak.
356. Qadoqlanmagan qutilar va qopdagi yuklarni shtabelga bogʻlagan holda taxlash kerak.
Shtabellarning mustahkamligi uchun har 2 qator qutilardan keyin taxtacha qoʻyish, har 5 qator qoplardan keyin taxtalar qoʻyish lozim.
Qogʻoz qoplardagi yuklarni taxlash har bir qator orasiga taxtali qistirmalar qoʻygan holda amalga oshirilish kerak.
357. Shtabelga qoplarni qoʻlda taxlashda 8 qatordan oshmagan holda, mexanizatsiya yordamida koʻpi bilan 12 qator qilib joylashtirish kerak.
358. Mevali qutilarni tagliklarga joylashda shtabel uzunligi 10 m dan, balandligi esa 4 m dan oshmasligi kerak.
Meva va sabzavotli qutilarni qoʻlda shtabellarga taxlashda 1,5 m balandlikkacha oʻrnatishga ruxsat etiladi.
359. Bochkalar shtabellarga gorizontal (yotiq) holatda, kesilgan piramida shaklida va koʻpi bilan 3 qator qilib taxlanishi lozim. Har bir qator orasiga taxtali qistirmalar qoʻyilishi, shuningdek barcha chetki qatorlar ponalar bilan mahkamlanishi kerak.
Bochkalarni tik holatda taxlashga esa koʻpi bilan 2 qatorgacha ruxsat etiladi. Bunda, qatorlar oʻrtasi taxta qalinligidagi qistirmalar bilan ajratilishi va mustahkamlanishi lozim.
360. Ogʻirligi 100 kg gacha boʻlgan kichik oʻlchamli bochkalarni yotiq holda 6 qator qilib, ogʻirligi 100 dan 150 kg gacha boʻlganda koʻpi bilan 4 qator taxlashga ruxsat etiladi.
361. Balandligi 2,5 m dan ortiq boʻlgan qutilar hamda ikki va undan ortiq qator qilib taxlangan bochkalar shtabellari toʻsiqlar bilan oʻralgan boʻlishi kerak. Bunda, toʻsiq bilan shtabel oʻrtasidagi masofa 1,5 m dan kam boʻlmasligi lozim.
25-§. Savdo omborlari, chakana savdo va umumiy ovqatlanish tashkilotlarida mahsulotlarni tashish va joylashtirishga qoʻyiladigan talablar
362. Yuk tashishga moʻljallangan qoʻl aravachalari soz, mustahkam va boshqarishga qulay, shuningdek joylashtirilgan yuklarning barqarorligini taʼminlovchi yechiladigan yoki mahkamlangan moslamalar hamda ularni qulay harakatlantirish uchun tutqichlarga ega boʻlishi lozim.
363. Uch yoki toʻrt gʻildirakli aravachalarga yuklar aravacha platformasi chegarasidan tashqariga chiqmaydigan tarzda joylashtirilishi kerak.
Aravacha platformasi tashilayotgan yuk turiga mos shaklda boʻlishi, zarur hollarda esa yuklarni mahkamlash uchun maxsus moslamalar bilan jihozlangan boʻlishi lozim.
364. Ogʻirligi 300 kg gacha boʻlgan yukni aravachalarda tashishda oldingi gʻildiraklari boshqariladigan boʻlishi kerak.
365. Yuklarni aravachalarda tashishda quyidagi talablarga rioya qilinishi lozim:
yuk aravacha platformasida harakat vaqtida tushib ketish xavfini keltirib chiqarmaydigan tarzda tekis va barqaror joylashtirilishi;
aravacha uning yuk koʻtarish qobiliyati doirasida yuklanishi;
aravacha yuklangan yoki yuksiz holatda 5 km/soat dan ortiq tezlikda harakatlanmasligi;
aravacha bortlari yopiq holatda boʻlishi, tirgaklari esa ilgak oʻymalariga mustahkam oʻrnatilgan boʻlishi;
aravachani kuzatib borayotgan xodim aravacha harakatlanishi vaqtida tor joylar, darvozalar va eshik oralarida qisilib qolish xavfini oldini olish maqsadida aravacha yonida yurmasligi.
366. Ish boshlashdan oldin aravachaning sozligiga ishonch hosil qilish kerak. Nosoz aravachalardan foydalanish taqiqlanadi.
367. Qiyaligi pastga qarab yoʻnalgan polda yuklarni koʻchirishda xodim aravacha orqasida harakatlanishi kerak.
Gidravlik aravachani toʻxtatish zarurati yuzaga kelganda, bunday harakatni yukni tushirgan holda amalga oshirishga ruxsat etiladi.
368. Baland shtabelga joylangan yukni boshqa joyga koʻchirishda shtabelni ushlab turish uchun ikkinchi xodimni jalb etish kerak.
369. Aravachaning belgilangan yuk koʻtarish qobiliyatidan ortiq yukni koʻtarish yoki boshqa joyga koʻchirish taqiqlanadi, shuningdek aravacha ramasining harakatlanish zonasida hamda yuk harakatlanadigan yoʻlda odamlarning boʻlishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
370. Bochkalarni boshqa joyga koʻchirish uchun moʻljallangan aravachalar dastasining uch qismi saqlovchi tutqichlar bilan jihozlangan boʻlishi, shuningdek yuk aravachadan agʻdarilib ketishi yoki siljishi holatlarida qoʻlni himoya qilish uchun maxsus moslamaga ega boʻlishi kerak.
371. Ish tugagandan soʻng aravacha tekis maydonchaga oʻrnatilishi kerak.
Gidravlik aravachaning ramasi gorizontal holatga tushirilgan boʻlishi kerak.
Aravachaning oʻz-oʻzidan harakatlanib ketmaslik choralari koʻrilishi kerak.
372. Turar joy binolari ichida joylashgan yoki ularga tutash qurilgan tashkilotlarda yuklarni ortish va tushirish ishlari turar joy binosining derazalari va yerosti tonnellari mavjud boʻlmagan yon tomonidan yoki maxsus ortish xonasiga ega boʻlgan magistral tomondan amalga oshirilishi kerak.
373. Balandligi 1,5 m dan ortiq boʻlgan yoki marshlar soni bittadan ortiq zinalarga ega yertoʻla va yarim yertoʻla xonalarida joylashgan doʻkonlarda yuklarni bevosita omborxonaga tushirish uchun lyuklar va traplar jihozlangan boʻlishi kerak.
374. Transport vositasi yuk ortish va tushirish ishlarini amalga oshirish uchun bino yaqiniga qoʻyilganda, bino bilan transport vositasi kuzovining orqa borti oʻrtasida kamida 0,8 m masofa saqlanishi kerak.
375. Hudud iqlimiga bogʻliq holda joylashuviga va doʻkonning savdo maydoni oʻlchamiga bogʻliq holda yuk tushirish platformalari isitilmaydigan yoki isitiladigan xonalarda soyabon ostida joylashishi kerak.
Soyabonlar yuk tushirish platformasini toʻliq va transport vositasi kuzovining 1 m qismini yopishi kerak.
376. Idishlar, konteynerlar, tagliklar va boshqa yukni qadoqlash vositalari quyidagi talablarga javob berishi kerak:
idishlar toza va soz holatda boʻlishi, ularda osilib turgan mixlar, simlar yoki poʻlat tasmalar, shuningdek shikastlanishlar, teshiklar, gʻadir-budurlar, tugunlar, qiyshayishlar va boshqa nuqsonlar boʻlmasligi lozim;
mixlarning chiqib turgan uchlari qayrilgan va yogʻoch ichiga kiritilgan, skobalarning uchlari esa qayrilgan hamda yogʻochga zich qisilgan boʻlishi kerak;
qulflovchi va qayd etuvchi qurilmalar yuk ortish-tushirish, tashish va joylashtirish ishlari vaqtida oʻz-oʻzidan ochilib ketmasligi lozim;
shtabelga joylashtiriladigan idishlar yagona konstruksiya va oʻlchamdagi qayd etuvchi qurilmalar bilan jihozlangan boʻlishi kerak;
qutilar standart yoki namunaviy hamda belgilangan maqsadga muvofiq boʻlishi lozim;
bochkalar toza boʻlishi, ularda teshiklar, chuqurlar, qavariqlar yoki singan mixparchinlar mavjud boʻlmasligi kerak;
qoplar butun va toza boʻlishi, ularning choklarida oʻtkazib yuborilgan tikishlar boʻlmasligi lozim;
quti va ustunchali tagliklar koʻp qavatli shtabellashda barqarorlikni taʼminlash uchun fiksatorlar bilan jihozlangan boʻlishi hamda ular yuk koʻtarish qobiliyatining kamida toʻrt baravariga teng yuklamaga bardosh berishi lozim.
377. Elektr tal yordamida yuk koʻtarishda ilgak halqasini chekka holatgacha, yaʼni oʻchirgichga yetguncha olib borish, shuningdek oʻchirgichdan avtomatik toʻxtatish vositasi sifatida foydalanish taqiqlanadi.
378. Ogʻir vaznli, biroq oʻlchami katta boʻlmagan yuklarni bino zinalari boʻylab koʻchirishga zinapoyalarga yotqizilgan taxtalar ustidan tros yordamida ruxsat etiladi.
Zinapoya boʻylab yuqoriga koʻtarilayotgan yukning orqasida, shuningdek tros yordamida pastga tushirilayotgan yukning oldida turish taqiqlanadi.
379. Ogʻir vaznli yuklarni gorizontal yuza boʻyicha gʻoʻla yordamida koʻchirishga ruxsat etiladi. Bunda, koʻchirish yoʻli barcha begona predmetlardan tozalanishi kerak.
Gʻoʻlalarni yuk tagiga keltirish uchun lom yoki domkratlar qoʻllaniladi.
Yuk agʻdarilib ketmasligi uchun yukning oldi qismiga qoʻshimcha gʻoʻlalar qoʻyish kerak.
380. Yukni qiya tekislik boʻylab tushirishda uning oʻz ogʻirligi taʼsirida yumalab yoki sirpanib ketishi, shuningdek agʻdarilib ketishi ehtimolini bartaraf etuvchi zarur choralar koʻrilishi lozim.
26-§. Neft mahsulotlarini tashish va joylashtirishga qoʻyiladigan talablar
381. Qovushqoq neft mahsulotlarini tashish uchun moʻljallangan transport vositalari (ham temir yoʻl, ham transport vositalari), yuk tushirishni taʼminlash uchun isitish tizimi bilan jihozlanishi kerak.
382. Neft mahsulotlarini transport vositalariga quyish, undan toʻkish nasoslar yordamida yoki rezervuardagi va transport vositasidagi suyuqlik sathlari farqi hisobiga oʻz oqimi bilan olib boriladi.
383. Neft mahsulotlari shu turdagi mahsulot saqlanayotgan rezervuarlarga quyilishi kerak.
384. Bitta stoyakdan faqat etillangan benzin yoki faqat etillanmagan benzin, kerosin va dizel yonilgʻisini qabul qilish uchun foydalanishga ruxsat etiladi. Rezervuarlardan keluvchi quvurlar bevosita stoyak oldida joylashgan joʻmrakka hamda joʻmrakli taroqqa (grebyonka) ulangan boʻlishi lozim.
385. Yonilgʻini omborlarda saqlashda bugʻlanish orqali yoʻqotishlarning oldini olish maqsadida gaz fazasi hajmini kamaytirish, toʻldirish jarayonida bugʻ-havo aralashmasining atmosferaga chiqib ketishiga yoʻl qoʻymaslik, maqbul harorat rejimini taʼminlash hamda boshqa zarur choralar koʻrilishi kerak.
386. Sigʻimni neft mahsulotlari bilan toʻldirishda neft mahsulotlarining harorat taʼsirida hajmi oʻzgarishi hisobga olinishi lozim. Shu munosabat bilan sigʻimning 2 % dan 5 % gacha qismi toʻldirilmasdan qoldirilishi kerak.
387. Neft mahsulotlari idishlarda saqlanganda omborxonalar yongʻinga bardoshli materiallardan qurilgan boʻlishi hamda yengil alangalanuvchi mahsulotlar uchun har biri 200 m² dan oshmaydigan, chaqnash harorati 45°S dan yuqori boʻlgan mahsulotlar uchun esa har biri 1000 m³ dan oshmaydigan alohida seksiyalarga boʻlingan boʻlishi kerak.
388. Hajmi 200 l boʻlgan plastik surkov moyli yogʻoch bochkalar temir yoʻl vagonlariga ikki qavat qilib, kichik hajmli bochkalar esa uch qavat qilib yuklanishi kerak. Bunda, birinchi va ikkinchi qavatdagi bochkalar yon tomoni bilan, uchinchi qavatdagilari esa tiqinlari yuqoriga qaratilgan holda joylashtiriladi.
389. Vagonga 50 l va 100 l hajmdagi bochkalar yuklanganda, barcha bochkalar yon tomoni bilan joylashtirilishi kerak.
390. Bochka qavatlari orasiga taxta toʻshamalar qoʻyilishi, yotqizilgan bochkalar esa qistirmalar yordamida mahkamlanishi lozim.
391. Transport vositasi kuzoviga bochkalar yuklanganda, ular tiqinlari yuqoriga qaratilgan holda yon tomoni bilan joylashtirilishi va tashish vaqtida qoʻzgʻalmasligi uchun mustahkam mahkamlanishi kerak.
392. Omborxonalarda moylar va plastik moylar stellajlarda uch qavatdan ortiq boʻlmagan holda, shtabel uzunasi boʻyicha esa 10 tadan koʻp boʻlmagan bochkalarda saqlanishi kerak.
Bochkalar ostiga yogʻoch qistirmalar qoʻyilishi hamda stellajlar orasida kamida 1,8 m kenglikda oʻtish yoʻli taʼminlanishi lozim.
393. Ogʻirligi 100 kg gacha boʻlgan bochkalarni va xodalarga 30° dan koʻp boʻlmagan qiyalikda yotqizilganda transport vositasiga qoʻlda ortishga ruxsat etiladi.
394. Neft mahsulotlari bilan toʻldirishdan oldin sisterna koʻzdan kechirilishi, uning uskunalari soz holatdaligi, zulfinlari, nafas olish klapanlari, qopqogʻining zichligi hamda ichida qoldiq moddalar mavjud emasligi tekshirilishi kerak.
Sisterna va toʻldirish uchun ajratilgan transport idishi faqat bir xil turdagi neft mahsulotini tashish va saqlash uchun ishlatilishi lozim.
395. Ombordan benzin, dizel yonilgʻisi va moylar birinchi navbatda kamroq toʻldirilgan hamda uzoq muddat saqlanayotgan rezervuarlardan berilishi kerak.
396. Bochkalarning quyiladigan teshiklari moy-benzinga bardoshli rezinadan yoki maxsus kartondan ishlangan qistirmali metall tiqinlar bilan berkitilishi kerak.
397. Neft mahsulotlari saqlangan boʻsh idishlar shtabellarga uzunasi boʻyicha 10 m dan oshmaydigan, eni 6 m va balandligi 2 m qilib joylashtirilishi kerak.
Shtabelning yuqori qismi bilan omborxona bostirmasi konstruksiyasining chiqib turgan qismi oʻrtasida kamida 0,5 m masofa saqlanishi lozim.
Shtabellar devordan kamida 1 m masofada joylashtirilishi, shtabellar orasidagi uzilish kamida 2 m, shtabeldagi har ikki qator bochkalar orasi esa kamida 1 m boʻlishi kerak.
398. Neft-bitumlar idishlarda (kraft qoplar, taxtali yoki metall bochkalar, boshqa mayda idishlar yoki maxsus konteynerlarda) tashilishi kerak.
Yuk ortish va tushirish ishlari avtoyuklagichlar hamda yuk koʻtarish kranlari yordamida amalga oshirilishi lozim.
Bunkerli vagonlar va temir yoʻl sisternalaridan bitumni tushirish, uning oquvchanligini taʼminlash maqsadida maxsus tizim orqali qizdirilgandan keyin amalga oshiriladi.
399. Bitumni qizdirish uchun bugʻ, gaz, moy yoki elektr yordamida ishlaydigan qizdirish tizimlaridan foydalanish mumkin.
400. Neft mahsulotlarini toʻkish va quyish ishlarini amalga oshirish tartibi, shuningdek rezervuarlar, transport vositalari hamda idishlarni ekspluatatsiya qilish elektrostatik uchqunlar yuzaga kelishi xavfsizligi talablariga muvofiq boʻlishi kerak.
401. Tiniq neft mahsulotlarini erkin oqim usulida quyish jarayonida rezervuar va sisternalarda statik elektrlanish hosil boʻlishi mumkin, bu esa elektr razryadi natijasida alanga yuzaga kelishiga yoki neft mahsulotlarining havo bilan aralashmasi portlashiga sabab boʻlishi mumkin, shu sababli sisterna, rezervuar va boshqa sigʻimlarga neft mahsulotlarini erkin oqim bilan quyish taqiqlanadi.
402. Suyuq neft mahsulotlarini quyishda quyish shlangining patrubkasi sigʻimning tub qismigacha tushirilishi kerak.
403. Statik elektrlanishning oldini olish maqsadida estakadaning barcha metall qismlari, quyish uchun moʻljallangan teleskopik quvurlar, shlanglar va uchliklar, shuningdek quyish va toʻkish ishlari vaqtida rezervuarlar hamda sisternalar yerga ulangan (yerlatilgan) boʻlishi kerak.
404. Neft mahsulotlari omborlari sterjenli, trosli va toʻrsimon turdagi yashin qaytargichlardan foydalanilgan holda yashindan himoya qilish tizimi bilan jihozlangan boʻlishi kerak.
405. Sisterna va rezervuarlar qopqoqlarini ochish, shuningdek quyish yoki olish quvurchalari uchliklarini kiritish ishlari ehtiyotkorlik bilan va zarba bermasdan amalga oshirilishi kerak.
406. Zinalar, tutqichlar, maydonchalar, maydonchalar toʻsiqlari, sisternalar va rezervuarlar xizmat koʻrsatuvchi xodimlarning mehnat xavfsizligini taʼminlaydigan soz holatda boʻlishi kerak.
407. Neft mahsulotlari bilan ishlash jarayonida ochiq olovdan foydalanish va chekish taqiqlanadi. Isitish tizimi ishonchli himoyalangan hollarda suyuq bitumlarni qizdirish uchun elektr isitgichlardan foydalanishga ruxsat etiladi.
408. Temir yoʻl transporti yuk ortish va tushirish ishlarini amalga oshirish uchun qoʻyilganda, u boshmoqlar yordamida ishonchli ravishda toʻxtatilgan boʻlishi hamda ishlar olib borilayotgan hududga boshqa harakatlanuvchi tarkibning kirib kelmasligi boʻyicha choralar koʻrilishi kerak.
Neft-bitumli bunker vagonlarni tushirish jarayonida xodimlarning bunkerni agʻdarish hududida boʻlishi taqiqlanadi.
409. Neft mahsulotlarini toʻshama (stellaj) ustida idishlarda saqlashda ularni quyosh nurlarining toʻgʻridan-toʻgʻri taʼsiridan hamda yogʻingarchiliklardan himoya qilish kerak.
Neft mahsulotlarini ochiq joylarda saqlashga faqat yongʻinga chidamli materiallardan tayyorlangan soyabonlar ostida ruxsat etiladi.
410. Neft mahsulotlari omborlari va qayta ortish punktlari portlashdan himoyalangan elektr yoritgichlar bilan jihozlangan boʻlishi, shuningdek ularni yoqish va oʻchirish vaqtida havoda portlash xavfiga ega yonilgʻi-havo aralashmasi mavjud emasligi taʼminlanishi kerak.
411. Neft mahsulotlari bilan xavfsiz ishlash yopiq xonalarda havo muhitini doimiy nazorat qilish hamda neft mahsulotlari bugʻlarining yuqori konsentratsiyasini bartaraf etuvchi samarali shamollatish (ventilyatsiya) tizimi orqali taʼminlanishi kerak. Havo ventilyatorlarining uzatmalari esa yongʻin va portlashdan himoyalangan boʻlishi lozim.
27-§. Yuklarni qoʻl bilan boshqa joyga koʻchirishga qoʻyiladigan talablar
412. Ishchi kiyim yeng uchlarining tugmalari taqilgan yoki bogʻlangan, kiyimlar yigʻishtirilgan va hilpirab turmaydigan holatda boʻlishi, sochlar bosh kiyim ichiga olingan, bosh kiyim esa boshga zich yopishib turishi kerak.
413. Shaxsiy himoya vositalari (qoʻlqop, koʻzoynak, respirator), ish qurollari hamda moslamalar ish boshlashdan oldin tekshirilishi, ular ishga yaroqsiz yoki nosoz holatda aniqlangan taqdirda esa soz va xavfsiz vositalarga almashtirilishi kerak.
414. Doimiy ish maydonchasida ish bajarilganda ish joyida:
yuk ortish va tushirish maydonchalari hamda oʻtish joylari tirband qilinmasligi, maydoncha va oʻtish joylarida teshiklar, chuqurliklar, begona jismlar va sirpanchiq joylar boʻlmasligi kerak (sirpanchiq joylarga qum sepilishi kerak);
yertoʻla va yarim yertoʻlada joylashgan omborxonalarning lyuklari, traplari, koʻtargichlar soz holatda boʻlishi kerak;
ishlar olib boriladigan joylarning yoritilganligi ishlarni xavfsiz olib borish uchun yetarli boʻlishi kerak;
aniqlangan kamchiliklar, nosozliklar toʻgʻrisida bevosita ish rahbariga xabar berish kerak va uning koʻrsatmasisiz ish boshlashga ruxsat etilmaydi.
415. Ogʻirligi 50 kg gacha boʻlgan yuklarni, agar ularni gorizontal yoʻnalishda 25 m gacha masofaga koʻchirish talab etilsa, qoʻlda tashishga ruxsat etiladi. Boshqa holatlarda esa aravachalar, vagonchalar va tallardan foydalanilishi kerak.
416. Ogʻirligi 80 kg dan ortiq boʻlgan yukni bir nafar yukchi tomonidan tashish taqiqlanadi.
417. Ogʻirligi 50 kg gacha boʻlgan bir joydagi yukni koʻtarish yoki tushirish ishlari kamida ikki nafar xodim tomonidan amalga oshirilishi kerak.
418. Ogʻirligi 50 kg gacha boʻlgan yukni xodimning orqasiga koʻtarib berish yoki orqasidan olib tushirish boshqa yukchi tomonidan amalga oshirilishi kerak.
419. Ogʻirligi 80 kg dan 500 kg gacha boʻlgan yuklarni ortish va tushirish yuk koʻtarish mexanizmlarini (tallar, bloklar, chigʻir) qoʻllagan holda, shuningdek qiyaliklar va shu kabilardan foydalanib amalga oshirish kerak.
Bunday yuklarni qoʻlda ortish va tushirish, vaqtinchalik maydonchalarda tajribali brigadir rahbarligi ostida va bir kishiga 50 kg gacha yuk toʻgʻri kelishi sharti bilan ruxsat etiladi.
420. Yuk koʻtarish mexanizmlari va moslamalarni qoʻllagan holda ortish va tushirishda yukchilar, ularning xavfsiz qoʻllanilishiga doir yoʻriqnomalar va qoidalarni bilishlari va ular bilan munosabatda boʻlishga doir malakaga ega boʻlishlari kerak.
421. Boshqa yukchilar bilan hamkorlikda ishlaganda brigadir yoki katta xodimning koʻrsatmalari aniq bajarilishi kerak.
422. Piyoda va transport vositalari oʻtish joylarini tirband boʻlishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
423. Yuklarni nosoz stellajlarga, chorpoyalarga, havozalarga, yuklarni saqlash uchun tayyorlanmagan joylarga taxlashga ruxsat etilmaydi.
424. Agar yuk bir guruh xodimlar bilan tashilayotgan boʻlsa, har kim hamma bilan baravar qadam tashlashi kerak.
425. Uzun oʻlchamli yuklar bir tomon yelkalarda (chap yoki oʻng) tashilishi kerak.
Uzun oʻlchamli yuklarni koʻtarish va tushirishni brigadir yoki katta xodimning koʻrsatmasiga binoan amalga oshirish kerak.
426. Yuklar zambilda tashilganda ikkala xodim baravar qadam bosishi kerak. Zambilda tashilayotgan yukni tushirishga koʻrsatmani orqada kelayotgan xodim berishi kerak.
427. Benzin, kerosin, neft va boshqalarni ortish va tushirishni toʻkish shlanglarini qoʻllagan holda nasos yordamida amalga oshirish kerak.
Sigʻimlarni chelaklab, ochiq quyish orqali toʻldirish, shuningdek neft mahsulotlarini shlanglarsiz toʻkish taqiqlanadi.
428. Changlanadigan ashyolarni ortish va tushirishda himoya koʻzoynaklari va respiratorlar qoʻllanilishi kerak.
429. Kislotalar, ishqorlar va boshqa kimyoviy jadal moddalar boʻlgan yuklarni qoʻlda koʻtarib tashish yoki transportda tashishga faqat toʻqilgan savatlarda yoki maxsus moslamali zambillar yoki yuk tashuvchi qoʻl aravachalar ustida panjaralarda tashishga ruxsat etiladi.
Ushbu moddalar boʻlgan butillarni ortish va tushirishda ularni transport vositasiga oʻrnatish ikkita yukchi bilan amalga oshiriladi.
Kislotali butillarni orqada yoki yelkada tashish taqiqlanadi.
430. Shisha idishlardagi yuklarni transportda tashish paytida yoki omborxonada saqlashda, pastki qatorni sinishlardan saqlovchi tegishli qistirmalarsiz ikki qator qilib taxlash taqiqlanadi.
431. Kislotali va boshqa kimyoviy jihatdan faol moddalardan iborat yuklarni lift va shaxta koʻtargichlaridan tashqari boshqa yuk koʻtarish mexanizmlari yordamida ortish, tushirish yoki boshqa joyga koʻchirish taqiqlanadi.
432. Siqilgan va suyultirilgan gazli ballonlarni faqat maxsus aravachalarda yoki kigiz bilan qoplangan, ballonlar uchun moʻljallangan oʻymalari mavjud moslamalarda boshqa joyga koʻchirishga ruxsat etiladi.
Ballonlarni yelkalarda tashish, koʻtarma-transport vositalarini qoʻllash, ularning agʻdarilishi portlashga olib kelishi mumkinligi sababli taqiqlanadi.
433. Oʻta xavfli yuklarni ortish va tushirish, ishlarni olib borishga javobgar shaxsning rahbarligi ostida yoki ushbu yukni joʻnatish yoki qabul qilishga javobgar xodim tomonidan amalga oshiriladi.
Ishlar oʻta ehtiyotkorlik bilan va maxsus yoʻriqdan oʻtgandan soʻng amalga oshiriladi.
434. Kukunsimon ashyolar saqlanadigan joylarda, shtabel balandligi katta boʻlmagan taqdirda ham, ularning koʻchib ketish ehtimoli mavjudligi sababli yer kovlash ishlarini amalga oshirish taqiqlanadi.
435. Shtabelga joylashtirilgan donali yuklar shtabelning agʻdarilib ketmasligi uchun uning barqarorligi taʼminlangan holda faqat yuqori qismidan olinishi kerak.
436. Ogʻir yuklarni taxlashdan oldin yuk tushirilganda shikastlanishining oldini olish hamda yuk ostidan stroplarni oson yechib olish imkoniyatini taʼminlash maqsadida tagliklar qoʻyilishi kerak.
437. Dumalaydigan yuklarni boshqa joyga koʻchirishda yukchi yuk orqasidan harakatlanishi va yukni oʻziga qarama-qarshi yoʻnalishda itarib borishi kerak.
Bir nechta yukchilar ishlaganda bir-birlariga ish qurollari yoki ishlanayotgan yuklar bilan shikast yetkazib qoʻymasliklari uchun har biri ehtiyotkor boʻlishi kerak.
438. Yuklarni qoʻlda tashishda yukchi boʻsh, tekis va qisqaroq yoʻlni tanlashi kerak.
Joylangan yuklar ustidan yurish, oldinda borayotgan yukchiga yetib olish va oʻzib ketish, yoʻlni harakatdagi transport vositasi oldidan kesib oʻtish mumkin emas.
439. Uzun oʻlchamli yuklarni yukni mahkamlash moslamalariga (yechib olinadigan yoki koʻtarma ustunlar, pishiq zanjirlar va boshqalar) ega boʻlgan tirkamali transport vositalariga ortishga ruxsat etiladi.
440. Uzun oʻlchamli yuklarni qoʻlda ortish va tushirishni dumalatgan holda kamida ikki kishi bilan bajarish kerak.
441. Ogʻir vaznli va uzun oʻlchamli yuklarni tushirishda yukning kanatlar yordamida xavfsizligi taʼminlanishi hamda shaxsiy xavfsizlik choralariga qatʼiy rioya qilinishi kerak. Uzun oʻlchamli yuklarni dumalatish vaqtida uning harakat yoʻnalishiga qarama-qarshi tomonda turishga, yukni transport vositasi kuzoviga joylashtirishda esa kabina tomonida turishga yoʻl qoʻyilmaydi. Yuklarni transport vositasi kuzoviga joylashtirishda lomdan foydalanish kerak.
442. Ishlar bajarilgandan soʻng ish joyini tartibga keltirish kerak, odamlar va transportlar oʻtish joylari oʻrnatilgan oʻlchovlarga muvofiq ochiq, bemalol boʻlishi, yuk ortish va tushirish vositalari, ish qurollari va moslamalar tozalangan, tartibga keltirilgan va saqlashga topshirilishi kerak.
Barcha kamchiliklar va ish jarayonida aniqlangan nosozliklar toʻgʻrisida ish rahbariga va smena qabul qiluvchiga xabar berishi kerak.
443. Yopiq vagonlar eshigini ochishdan oldin ular toʻgʻri mahkamlanganligiga ishonch hosil qilish kerak.
444. Yopiq vagonlar eshigini ochishda eshik va vagon ichidagi yukning agʻanash ehtimoli mavjudligi sababli eshik qarshisida turish taqiqlanadi.
Yukchilar vagon eshigini ochishda yon tarafda turishlari va eshikni tutqichidan ushlagan holda oʻzlariga tortib ochishlari kerak.
445. Temir yoʻl platformalari bortlarini ochish vaqtida xodimlar bort tushganda uning zarbasi taʼsiriga tushmaslik uchun bortning yon tomonida turishi kerak.
446. Bortli platformalarni yopish quyidagi tartibda amalga oshirilishi kerak: avval yon bort koʻtariladi, bunda bir nafar xodim vagon ichida turib bortni ushlab turadi, qolgan xodimlar esa uzun bortni koʻtaradilar. Mazkur operatsiyalarni bajarish vaqtida bortning qarshisida turish taqiqlanadi. Platformaning nosoz bortlarini ochish va yopish ishlari usta yoki brigadir rahbarligi ostida amalga oshirilishi kerak.
447. Xopperlarning lyuklarini ochish ikki xodim tomonidan amalga oshirilishi kerak.
448. Xopper va yarim vagonlar lyuklarini ochishda xodimlarning vagon ichida boʻlishi taqiqlanadi.
449. Estakadalari mavjud boʻlmagan omborlarda yarim vagonlar va xopperlar lyuklarini ochishda alohida ehtiyotkorlikka rioya qilinishi kerak.
450. Estakada tagida yoki yaqinida odamlar, mashinalar, mexanizmlar boʻlganda estakadada turgan vagonlar lyuklarini ochish taqiqlanadi.
451. Xopperlar va yarim vagonlarning lyuklarini estakadalarda ochishga, toʻshama yoʻlaklar oldin tushirilgan materiallardan toʻliq boʻshatilganidan soʻng ruxsat etiladi.
452. Toʻshama yoʻlaklari mavjud boʻlmagan estakadalarda yopiq vagonlar eshiklarini ochish taqiqlanadi.
453. Lyuklarni yopish ishlari ikki nafar xodim tomonidan maxsus lomlar yordamida bevosita yuk tushirish joyida amalga oshirilishi kerak.
454. Platforma bortlarini yopishdan oldin barcha bogʻlovchi simlar vagondan yechib tashlanishi kerak.
455. Kirkalar, ponalar, oʻyma bolgʻalar va shu kabilar bilan muzlab qolgan yukli vagonlarni tushirish vaqtida vagon ichidagi ishlayotgan xodim yonida ishlayotgan boshqa xodimga shikast yetkazish xavfini tugʻdirmaydigan masofada joylashishi kerak, shuningdek osilib turgan muzlar qulashi, yuk boʻlaklarining sochilib ketishi natijasida ham shikast yetkazmaslik choralari koʻrilishi kerak.
456. Muzlagan yukning bloklarini ajratish ishlari lomdan foydalangan holda olib borilishi kerak.
Qoʻl bilan muzli bloklarni ajratish taqiqlanadi.
457. Yuki muzlab qolgan vagonlarda yukni vagon borti boʻylab kirka bilan urib tushirish taqiqlanadi. Kirka bilan bogʻliq ishlar vagonning butun kengligi boʻylab bir tekisda amalga oshirilishi kerak.
458. Muzlagan yuklarni tushirish ishlari ishlarni xavfsiz olib borishga javobgar shaxs rahbarligi ostida olib borilishi kerak.
459. Platformalardan yogʻoch materiallari yuklarini tushirish brigadir rahbarligi ostida olib borilishi kerak.
Yukning platformada barqaror holatida tushirish quyidagi tartibda amalga oshiriladi:
barcha bogʻlamlar kesiladi;
yukni tushirish tomondagi ustunchalar olinadi;
tushirish xodachalar boʻyicha olib boriladi.
Barqaror boʻlmagan holatda boʻlgan yukni platformadan tushirish quyidagi tartibda amalga oshiriladi:
chetki ustunlar richaglar bilan tirab qoʻyiladi;
barcha bogʻlamlar kesiladi;
tushirish tomondagi oʻrta ustunchalar olinadi;
chetki ustunlar platforma polidan 0,5 m atrofidagi balandlikda kesiladi;
kesilgan ustunlar sathigacha boʻlgan barcha qator tushiriladi.
460. Yogʻoch materiallari yuklari agʻdarilib ketishining oldini olish maqsadida ularni tushirish ishlari gorizontal qatorlar boʻyicha amalga oshirilishi kerak.
461. Sirti muzlagan, shuningdek qor yoki qirov bilan qoplangan taxtalarni tushirish va taxlash (shtabellash) vaqtida ularning ustida yurish yoki turish taqiqlanadi. Bunday taxtalar yukchilar harakatlanadigan yoʻldan olib tashlanishi hamda alohida taxlanishi kerak.
462. Dumaloq bochkasimon yuklarni (rulon, bochka) tushirish xodalardan foydalangan holda brigadir rahbarligi ostida olib boriladi.
Arqonlardan foydalanmagan holda xodalar boʻylab dumalatib tushirish paytida xodalar oraligʻida yoki yon tarafida turish taqiqlanadi.
463. Gʻishtlarni qoʻlda tushirish, oldindan tayyorlab qoʻyilgan tekis maydonchada, qish paytida esa qordan va muzdan tozalangan tekis maydonchalarda amalga oshiriladi.
464. Kislorod ballonlarini tushirish va ortish maxsus ajratilgan va jihozlangan joylarda, maxsus oʻqitilgan, yoʻriqdan oʻtgan va belgilangan tartibda ishlash uchun ruxsat etilgan xodimlar tomonidan amalga oshirilishi kerak.
Kislorod ballonlarini tushirish va ortish kunning yorugʻ vaqtida amalga oshiriladi. Zarur hollarda, ish joyi yetarli darajada yoritilgan boʻlsa kunning qorongʻi vaqtida amalga oshiriladi.
465. Kislorod ballonlarini ortish, tushirish va koʻtarib tashishda quyidagilar taqiqlanadi:
ballonlarni yelkada, orqada koʻtarib tashish, qirrasiga koʻtarib burib siljitish va tushirib boshqasiga ortish, sudrash, tashlash, itarish, ballonlarga urish, boshqa joyga koʻchirishda lomdan foydalanish;
yukchilarni moyli kiyimlarda, moyli iflos qoʻlqoplarda ishga qoʻyish;
chekish va ochiq olovdan foydalanish;
ballonlarni koʻtarib tashishda ventildan ushlash;
ballonlarni ventil qopqogʻisiz transportda tashish;
ballonlarni isitish asboblari, issiq detallar va pechlar yaqiniga joylashtirish, quyosh nurlarining toʻgʻridan-toʻgʻri taʼsirida himoyasiz qoldirish.
466. Ballondan kislorodning sizib chiqishi (vishillash) aniqlanganda xodim zudlik bilan brigadirga xabar berishi kerak.
467. Ballonlarni tushirish va yuklashda ularga moy tushishidan saqlanish kerak.
468. Kislota va boshqa oʻyuvchi moddalarni ortish va tushirish ishlari brigadir rahbarligida olib borilishi kerak.
Yuk ortish va tushirish joylari yaxshi yoritilgan boʻlishi kerak.
469. Qutilarga solingan kislotali shishalar tashilganda yukchilar qutilarning dastasi sozligi va mustahkamligiga ishonch hosil qilishi kerak. Shisha solingan qutilarni taxlaganda bir qator qilib joylashtirish kerak.
470. Kislotali shishalarni va boshqa oʻyuvchi moddalarni yukchi tomonidan yakka holda, yelkada, orqada yoki old tomonda qoʻlda tashish taqiqlanadi.
471. Har bir shisha maxsus chuqurchaga ega boʻlgan ikki kishilik zambilda tashilishi kerak.
472. Singan shishalar yoki shikastlangan idishlar aniqlanganda, ulardagi moddalar taʼsirida kuyish holatlarining oldini olish uchun ishlarni ehtiyotkorlik choralariga rioya qilgan holda amalga oshirish kerak.
3-bob. Ish va dam olish vaqtini tashkil etish tartibi.
1-§. Xodimlarning ish va dam olish vaqtlarini berishga qoʻyiladigan talablar
473. Yuk ortish va tushirish hamda transport ishlari bilan band xodimlarning mehnat va dam olish vaqtini belgilash tartibi ushbu xodimlar faoliyat yuritayotgan tashkilot maʼmuriyati tomonidan Oʻzbekiston Respublikasining Mehnat kodeksiga muvofiq belgilanishi kerak.
474. Ishning tugashi va uning keyingi kuni (smenada) boshlanishi oʻrtasidagi har kungi (smenalar oraligʻidagi) dam olish davomiyligi, shu jumladan dam olish va ovqatlanish uchun tanaffus oʻn ikki soatdan kam boʻlishi mumkin emas.
475. Smena jadvali ish beruvchi tomonidan tegishli kasaba uyushmasi yoki xodimlarning vakillik organlari bilan kelishib, mehnat jamoasi fikrini hisobga olib, oʻrnatilgan ish haftasi davomiyligiga rioya qilgan holda tasdiqlanishi kerak.
476. Smena jadvali, uni kuchga kirishidan bir oy oldindan kechiktirmay xodimlar eʼtiboriga taqdim etilishi kerak. Xodimlarning smena boʻyicha almashishlari baravar boʻlishi kerak. Xodimni ketma-ket ikkita smenaga ishga qoʻyilishi taqiqlanadi.
477. Yuk ortish va tushirish hamda transport ishlarida band boʻlgan xodimlarning qisqartirilgan ish vaqtlari Oʻzbekiston Respublikasining Mehnat kodeksiga muvofiq belgilanishi kerak.
478. Yuk ortish va tushirish hamda transport ishlarida band boʻlgan xodimlarning mehnat va dam olish vaqtini berish tartibi tashkilot kasaba uyushmasi yoki xodimlarning vakillik organlari bilan kelishilishi kerak.
2-§. Xodimlarning sogʻligʻini nazorat qilishga qoʻyiladigan talablar
479. Tashkilotlarda xodimlarning salomatligini nazorat qilish Xodimlarni tibbiy koʻrikdan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga (roʻyxat raqami 2387, 2012-yil 29-avgust) muvofiq amalga oshirilishi lozim.
480. Tashkilot rahbariyati (yoki ish beruvchi) kasaba uyushmasi qoʻmitasi va vakolatli sogʻliqni saqlash organlari bilan birgalikda har yili dastlabki (mehnat shartnomasini tuzayotganda) va davriy (mehnat faoliyati davomida) majburiy tibbiy koʻrikdan oʻtishi lozim boʻlgan xodimlarning roʻyxatini tuzishi hamda xodimlarning koʻrikka kelishini taʼminlashi lozim.
481. Majburiy tibbiy koʻriklar tashkilotga tibbiy xizmatlar koʻrsatuvchi davolash-profilaktika muassasalari tomonidan, ular boʻlmagan taqdirda esa tashkilot joylashgan yerdagi davolash-profilaktika muassasalari tomonidan oʻtkaziladi.
482. Ish beruvchi majburiy tibbiy koʻrikdan oʻtmagan yoxud majburiy tibbiy koʻrik natijalariga koʻra tibbiy komissiyalar tomonidan berilgan tavsiyalarni bajarishdan boʻyin tovlagan shaxslarni ishdan chetlashtirishi shart.
483. Tashkilot rahbariyati oʻz xodimlarining majburiy tibbiy koʻrikdan oʻz vaqtida oʻtishi uchun va majburiy tibbiy koʻrikdan oʻtmagan shaxslarni ishga qoʻyish natijasida fuqarolarning sogʻligʻiga yetkazilgan zararli oqibatlar uchun javobgar boʻladi.
484. Xodimlarni sogʻligʻi tufayli ularga ruxsat etilmagan ishlarda ishlatish taqiqlanadi.
4-bob. Kasbiy tanlov va xodimlarni oʻqitish
1-§. Kasbiy tanlov tartibi
485. Yuk ortish va tushirish hamda transport ishlarini bajarishga ruxsat etilgan xodimlar, mazkur ishlar xususiyatiga mos ravishdagi ishlar boʻyicha kasbiy tayyorgarlikka ega boʻlishlari kerak.
486. Ish beruvchi xodimlarni Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 24-dekabrdagi 819-son qarori bilan tasdiqlangan Mehnatni muhofaza qilish boʻyicha yoʻl-yoʻriqdan oʻtkazish, oʻqitish va bilimlarni tekshirish, malaka oshirish hamda qayta tayyorlash toʻgʻrisidagi nizomga muvofiq mehnat xavfsizligiga oʻqitishni taʼminlashi kerak.
487. Tashkilotlarda mehnatni muhofaza qilish borasidagi ishlarni tashkil qilish Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 24-dekabrdagi 819-son qarori bilan tasdiqlangan Tashkilotlarda mehnatni muhofaza qilish ishlarini hamda mehnatni muhofaza qilish xizmati faoliyatini tashkil etish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga muvofiq amalga oshiriladi.
488. Xodimlarning xavfsizlik talablari boʻyicha bilimlarini tekshirish ishga tushish uchun ruxsat olishdan oldin va belgilangan muddatlarda davriy amalga oshiriladi.
489. Yuk ortish va tushirish hamda transport ishlarini bevosita bajaradigan xodimlar ushbu Qoidalar hamda ular asosida ishlab chiqilgan lavozim va ishlab chiqarish yoʻriqnomalarini oʻrganib, belgilangan tartibda bilimlarini sinovdan oʻtkazishlari va ish jarayonida ularga rioya etishlari kerak.
490. Bilimlari tekshiruvdan oʻtmagan xodimlarning koʻtarma-transport ishlariga rahbarlik qilishlari yoki ularni bajarishlariga ruxsat etilmaydi.
491. Ish beruvchi ushbu Qoidalarga muvofiq quyidagilarga majbur:
xodimlar uchun kasbi boʻyicha yoʻriqnomalarni ishlab chiqishni tashkil etish;
mehnatni muhofaza qilish boʻyicha xodimlarni oʻqitish va bilimlarini belgilangan muddatlarda tekshirishni tashkil etish;
maxsus kiyim-bosh va poyabzal, shaxsiy himoya va gigiyena vositalarining saqlanishi hamda toʻgʻri ishlatilishi ustidan nazoratni tashkil etish;
xodimlarni sut, davolash-profilaktika oziq-ovqati, gazlangan shoʻr suv va shaxsiy hamda jamoaviy himoya vositalari bilan taʼminlash;
mehnatni muhofaza qilish boʻyicha davlat nazorati organlarining qarorlari hamda mansabdor shaxslarning harakatlari (harakatsizligi) ustidan yuqori turuvchi organga yoki bevosita sudga shikoyat qilish;
xodimlardan mehnatni muhofaza qilish va ishlarni bexatar olib borishga doir qoidalarga rioya etilishini talab qilish;
alkogolli ichimlikdan, giyohvandlik yoki toksik modda taʼsiridan mastlik holatini tekshirish uchun xodimlarni tibbiy koʻrikdan oʻtkazish;
xodimlarning ishlab chiqarishda olgan jarohatlarining ogʻir yoki yengilligi, jarohatlanishga olib keluvchi kasalliklar mavjudligi hamda alkogol, giyohvandlik yoki toksik moddalar taʼsirida mast holatda boʻlgan-boʻlmaganligi toʻgʻrisida maʼlumot olish;
mehnatni muhofaza qilish talablariga rioya etganlik uchun xodimlarni mukofotlash va moddiy ragʻbatlantirish choralarini koʻrish;
mehnatni muhofaza qilish talablarini buzganlikda aybdor boʻlgan xodimlarni intizomiy javobgarlikka tortish.
2-§. Xodimlarni oʻqitish, ularning bilimlarini sinovdan oʻtkazish va ularga yoʻl-yoʻriq berishni tashkil etish
492. Tashkilot xodimlari oʻz kasblari va ish turlari boʻyicha belgilangan tartibda oʻqitilishi, ularning bilimlarini sinovdan oʻtkazilishi va ularga yoʻl-yoʻriq berilishi kerak.
493. Mehnatni muhofaza qilish boʻyicha yoʻriqnomalar ishlab chiqiladi hamda tashkilot xodimlarini va ish joylarini ushbu yoʻriqnomalar bilan taʼminlash tashkilot rahbariyati zimmasiga yuklatiladi.
494. Tashkilotlarda xodimlarni mehnat xavfsizligi boʻyicha oʻqitish ustidan nazorat mehnatni muhofaza qilish xizmati yoki ushbu vazifalar yuklatilgan mutaxassis tomonidan amalga oshirilishi kerak.
5-bob. Jamoaviy va yakka tartibdagi himoya vositalarini qoʻllash boʻyicha talablar
495. Xodimlarni xavfli va zararli ishlab chiqarish muhiti omillaridan himoya qilish jamoaviy va yakka tartibdagi himoya vositalaridan foydalanish orqali taʼminlanishi lozim.
496. Jamoaviy himoya qilish vositalariga quyidagilar kiradi:
ishlab chiqarish xonalari va ish joylarining havo muhitini meʼyorlashtirish vositalari (shamollatish va havo tozalash, isitish, havo haroratini, namligini bir xil meʼyorda saqlash va boshqalar);
ishlab chiqarish xonalari va ish joylarining yorugʻligini normallashtirish vositalari (yoritish asboblari, yorugʻlikdan himoya qilish moslamalari va boshqalar);
shovqindan, tebranishdan, elektr va statik toklar urishidan hamda asbob-uskunalar yuzasini yuqori darajadagi haroratdan himoya qilish vositalari;
mexanik va kimyoviy omillarning taʼsiridan himoya qilish vositalari.
497. Jamoaviy himoya vositalari xavfli va zararli ishlab chiqarish omillari boʻlgan xonadagi barcha xodimlarga taʼsir qilganda qoʻllanishi shart va tashkilotni qurish yoki rekonstruksiya qilish loyihalariga kiritilishi lozim.
498. Jamoaviy himoya vositalari xavfli va zararli ishlab chiqarish omillarini ruxsat etilgan miqdorgacha kamaytirish imkonini bermagan hollarda yakka tartibdagi himoya vositalari qoʻllanilishi lozim. Bunday hollarda yakka tartibdagi himoya vositalarisiz xodimlarning ishga jalb qilinishi taqiqlanadi.
499. Yakka tartibdagi himoya vositalaridan foydalanadigan xodimlar ularni qoʻllashi, himoya xususiyatlari va amal qilish muddati toʻgʻrisida maʼlumotlarga ega boʻlishi lozim.
500. Tashkilotda quyidagilar taʼminlanishi shart:
yakka tartibdagi himoya vositalarining zarur miqdori va nomenklaturasi;
himoya vositalarini qoʻllash va toʻgʻri foydalanish ustidan doimiy nazorat amalga oshirilishi;
himoya vositalarining samaradorligi va sozligi tekshirilishi;
yakka tartibdagi himoya vositalaridan xavfli va zaharli moddalar muhitida foydalanilganda ularning degazatsiya va dezinfeksiya qilinishi (bir marta qoʻllaniladigan himoya vositalari bundan mustasno).
501. Turli agressiv moddalar bilan ishlayotganda teri kasalliklarining oldini olish uchun profilaktik pasta va mazlardan foydalanish lozim.
6-bob. Yakuniy qoida
502. Mazkur Qoidalar talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlariga muvofiq javobgar boʻladilar.
Yuk ortish va tushirish ishlarida yukchilar uchun ishlarning xavfsizligi qoidalariga 1-ILOVA
Yuklar materiallarining fizik xususiyatlari
Yuklarni koʻtarish uchun ularning massasi, ogʻirlik markazi va yuk ilish sxemasi maʼlum boʻlishi kerak. Bunda, yukning massasini quyidagicha aniqlanadi:
Oddiy yuklar uchun: Q = mV; murakkab yuklar uchun: Q = m Σ Vi,
Bu yerda:
Q — yuk massasi;
m — materialning solishtirma ogʻirligi (son jihatdan zichlikka teng);
V — yuk hajmi;
Σ Vi — yuk hajmlarining barcha qismlari yigʻindisi.
Ayrim materiallarning oʻziga xos ogʻirligi 1-jadvalda keltirilgan.
Yuklarni ilish nuqtalarini tanlashda yuk koʻtarish vositalarining alohida tarmoqlariga ortiqcha yuklama tushishining oldini olish, shuningdek yukning muvozanatini yoʻqotishi yoki agʻdarilib ketishiga yoʻl qoʻymaslik maqsadida koʻtarilayotgan yukning ogʻirlik markazi joylashuvi aniqlanishi kerak.
Oddiy geometrik shakllarning ogʻirlik markazining hajmi va joylashuvi 2-jadvalda keltirilgan.
Yuk ortish va tushirish ishlarida yukchilar uchun ishlarning xavfsizligi qoidalariga 2-ILOVA
Binolar ichida, ochiq maydonchalarda, elektr uzatish tarmoqlari yaqinida va xandaqlar oldida yuk koʻtarish mashinalarini oʻrnatishning eng kam ruxsat etilgan masofasi
Izoh:
* Asoslangan holatlarda 500 dan 1000 mm gacha ruxsat etiladi.
** 30 m dan kam boʻlganda topshiriq-ruxsatnoma rasmiylashtirilgan holda.
