Xorijiy tillar va umumtaʼlim fanlarini bilish darajasini belgilovchi milliy va xalqaro tan olingan sertifikatlar roʻyxatiga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida (3515-2-son)
02.06.2026
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI OLIY TAʼLIM, FAN VA INNOVATSIYALAR VAZIRLIGI OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI MAKTABGACHA VA MAKTAB TAʼLIMI VAZIRLIGINING
QARORI
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2026-yil 2-iyunda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 3515-2]
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 23-oktabrdagi PQ-316-son “Kasbiy taʼlim tizimida islohotlarni amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 13-sentabrdagi 578-son “Oliy taʼlim tashkilotlariga oʻqishga qabul qilish jarayonlarini tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash toʻgʻrisida”gi hamda 2025-yil 17-oktabrdagi 652-son “Musiqa madaniyati fani va jismoniy tarbiya fani oʻqituvchilarining bilim darajasi hamda kasbiy mahoratini aniqlash boʻyicha milliy baholash tizimini joriy etish toʻgʻrisida”gi qarorlariga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligining 2024-yil 4-apreldagi 4-q/q-son va Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligining 2024-yil 2-apreldagi 3-mh-son qarori (roʻyxat raqami 3515, 2024-yil 29-may) (Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 29.05.2024-y., 10/24/3515/0376-son) bilan tasdiqlangan Xorijiy tillar va umumtaʼlim fanlarini bilish darajasini belgilovchi milliy va xalqaro tan olingan sertifikatlar roʻyxatiga ilovaga muvofiq oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.
2. Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan kelishilgan.
3. Ushbu qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri K. SHARIPOV
Toshkent sh.,
2026-yil 5-may,
23-son
Maktabgacha va maktab taʼlimi vaziri E. KARIMOVA
Toshkent sh.,
2026-yil 29-aprel,
38-mh-son
Kelishildi:
Iqtisodiyot va moliya vaziri J. KUCHKAROV
2026-yil 21-aprel
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligining 2026-yil 5-maydagi 23-son hamda Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligining 2026-yil 29-apreldagi 38-mh-son qaroriga ILOVA
Xorijiy tillar va umumtaʼlim fanlarini bilish darajasini belgilovchi milliy va xalqaro tan olingan sertifikatlar roʻyxatiga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar
1. 1-bobda:
a) 2-pozitsiya quyidagi tahrirda bayon etilsin:
b) izoh qismida:
1, 2 va 4-kichik bandlardagi “professional” degan soʻz “kasbiy” degan soʻz bilan almashtirilsin;
quyidagi mazmundagi 41-kichik band bilan toʻldirilsin:
“41) 2026-yil 21-yanvar sanasiga qadar 120 ballik tizim asosida olingan, ushbu sanadan keyin 6 (120) ballik tizim asosida olingan (olinadigan) Test of English as a Foreign Language — TOEFL iBT xalqaro sertifikati uchun uning amal qilish muddati tugagunga qadar umumiy oʻrta, oʻrta maxsus, kasbiy, oliy va oliy taʼlimdan keyingi taʼlimga oʻqishga kirish, ishga qabul qilish hamda ustamalar belgilash boʻyicha imtiyozlar qoʻllaniladi;”;
5-kichik band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“5) mazkur qaror bilan tasdiqlangan Roʻyxatning 1-bobi izoh qismi 1 — 41-kichik bandlari barcha boblar uchun qoʻllaniladi.”.
2. 2-bobda:
a) nomidagi “professional” degan soʻz “kasbiy” degan soʻz bilan almashtirilsin;
b) “Oʻrta maxsus, professional taʼlimi uchun” blokning nomi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Oʻrta maxsus va kasbiy taʼlim uchun”;
d) 2-pozitsiya quyidagi tahrirda bayon etilsin:
e) 29 — 53-pozitsiyalar quyidagi tahrirda bayon etilsin:
55-pozitsiya quyidagi tahrirda bayon etilsin:
3. 3-bobda:
a) nomidagi “professional” degan soʻz “kasbiy” degan soʻz bilan almashtirilsin;
b) “Maktabgacha, umumiy oʻrta, oʻrta maxsus, professional taʼlim uchun” blokining nomi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Maktabgacha, umumiy oʻrta, oʻrta maxsus va kasbiy taʼlim uchun”;
d) 2-pozitsiya quyidagi tahrirda bayon etilsin:
е) “Oliy taʼlim uchun” blokining 2-pozitsiyasi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
f) izoh qismida:
2-kichik banddagi “professional” degan soʻz “kasbiy” degan soʻz bilan almashtirilsin;
4-kichik bandda:
ikkinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“* umumiy oʻrta, oʻrta maxsus va kasbiy taʼlim muassasalarida faoliyat yuritayotgan pedagog xodimlarga Teaching Knowledge Test (TKT), Teaching English for Speakers of Other Languages (TESOL), Teaching English as a Foreign Language (TEFL), Teaching English as a Second Language (TESL) sertifikatlari Common European Framework of Reference (CEFR) tizimining B2 yoki undan yuqori darajasidagi sertifikat bilan birgalikda qabul qilinadi hamda ularga ustama belgilangan tartibda toʻlanadi, bunda ustama toʻlash muddati Common European Framework of Reference (CEFR) tizimidagi B2 yoki undan yuqori darajadagi sertifikatning amal qilish muddatiga bogʻliq boʻlmaydi, balki Teaching Knowledge Test (TKT), Teaching English for Speakers of Other Languages (TESOL), Teaching English as a Foreign Language (TEFL), Teaching English as a Second Language (TESL) sertifikatlarining amal qilish muddati asosida belgilanadi.”;
quyidagi mazmundagi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“** Teaching Knowledge Test (TKT) xalqaro sertifikati uchun ustama belgilanishida barcha (3 ta) modullardan oxirgi topshirilgan modulning sanasi asos sifatida hisobga olinadi.”.
quyidagi mazmundagi 5-kichik band bilan toʻldirilsin:
“5) kasbiy taʼlim tashkilotlarining pedagoglari xorijiy tilda maxsus fanlarni oʻqitganligi uchun ularning lavozim maoshiga nisbatan milliy va xalqaro tan olingan B2 sertifikati uchun 50 foiz, C1 sertifikati uchun 100 foiz miqdorda har oylik ustamalar beriladi.”.
4. 4-bobda:
a) nomidagi “professional” degan soʻz “kasbiy” degan soʻz bilan almashtirilsin;
b) 4-pozitsiya quyidagi tahrirda bayon etilsin:
d) quyidagi mazmundagi 18 va 19-pozitsiyalar bilan toʻldirilsin:
е) izoh qismida:
3-kichik band quyidagi mazmundagi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“2026-yil 3-iyun sanasiga qadar 700 ballik tizim asosida olingan Scholastic Assessment Test (Digital SAT) sertifikati boʻyicha ustamalar belgilash yuzasidan imtiyozlar uning amal qilish muddati tugagunga qadar qoʻllaniladi;”;
8-kichik banddagi “professional” degan soʻz “kasbiy” degan soʻz bilan almashtirilsin;
quyidagi mazmundagi 12 va 13-bandlar bilan toʻldirilsin:
“12) 2026-yil 3-iyun sanasiga qadar olingan Astrum Certified IT Educator milliy sertifikati uchun uning amal qilish muddati tugagunga qadar (muddati cheklanmagan (belgilanmagan) sertifikatlar uchun sertifikat olingan kundan boshlab uch yildan koʻp boʻlmagan vaqt mobaynida) umumiy oʻrta, oʻrta maxsus, kasbiy taʼlim muassasalarida ustamalar belgilash boʻyicha imtiyozlar qoʻllaniladi. Bunda, 2026-yil 3-iyun sanasidan keyin olingan yuqoridagi sertifikat uchun ustamalar belgilash boʻyicha imtiyozlar qoʻllanilmaydi;
13) *** umumiy oʻrta taʼlim maktablari uchun amal qiladi.”.
