Qurilish uchun topografik karta va planlarni tuzish hamda koʻpaytirish. Qoidalar toʻplami (33-son)
13.05.2010
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qoʻmitasining
shaharsozlik normalari va qoidalari
1. QOʻLLANILISH DOIRASI
“Qurilish uchun topografik karta va planlarni tuzish hamda koʻpaytirish. Qoidalar toʻplami” SHNQ 1.02.07-09 “Qurilish uchun injenerlik qidiruvlar” majburiy holatlari va talablarini rivojlantirish maqsadida ishlab chiqildi.
Ushbu qoidalar toʻplami meʼyoriy hujjat boʻlib, u 1:10000 masshtabdagi karta hamda 1:500-1:5 000 masshtablardagi topografik planlarni tuzish va koʻpaytirishda umumiy texnik talablar hamda qoidalarni, kartalashtiriladigan hududni oʻzlashtirish va foydalanish uchun zarur boʻlgan xuddi shu masshtablardagi topografik karta va planlarni tuzish hamda koʻpaytirishning tegishli bosqichlarida bajariladigan loyiha, dala va hisob-kitob ishlari ayrim turlarining tarkibi hamda hajmini belgilaydi.
Ushbu hujjat qurilish uchun topografik karta va planlarni tuzish va koʻpaytirish tarkibi, hajmi, uslubi hamda texnologiyasini belgilaydi va Oʻzbekiston Respublikasi hududida qurilish uchun muhandislik qidiruvlari sohasida faoliyat olib boruvchi yuridik shaxslar tomonidan qoʻllashga moʻljallangan.
2. QOʻLLANILGAN NORMATIV HUJJATLAR
1. QMQ 1.02.07-97 “Qurilish uchun injenerlik qidiruvlari”.
2. GKKINP-02-109-05 “Osnovnie polojeniya po sozdaniyu, obnovleniyu i soderjaniyu topograficheskoy karti masshtaba 1:10 000”.
3. GKKINP-02-067-03 “Instruksiya po topograficheskoy syemke v masshtabax 1:5000, 1:2000, 1:1000 i 1:500”.
4. SHNQ 1.02.07-09 “Qurilish uchun muhandislik izlanishlari. Asosiy qoidalar”.
5. SHNQ 1.02.08-09 “Qurilish uchun injenerlik-geodezik qidiruvlar. Qoidalar toʻplami”.
6. GKKINP-05-046-02 “Obshiye trebovaniya k sozdaniyu sifrovix topograficheskix kart”.
7. QMQ 1.01.01-09 “Qurilish sohasida meʼyoriy hujjatlar tizimi. Asosiy holatlar”.
8. QMQ 1.01.03-96 “Qurilish sohasida meʼyoriy hujjatlar tizimi. Meʼyoriy hujjatlar bayoni va rasmiylashtirish qoidalari”.
9. “Nastavleniye po sostavleniyu i podgotovke k izdaniyu topograficheskix kart masshtabov 1:10 000, 1:25 000, 1:50 000 i 1:100 000”, 1960-y. nashri.
10. “Uslovnie znaki dlya topograficheskoy karti masshtaba 1:10 000”, 1977-y. nashri.
11. “Uslovnie znaki dlya topograficheskix planov masshtabov 1:5 000, 1:2 000, 1:1 000, 1:500”, 1989-y. nashri.
12. “Klassifikator topograficheskoy informatsii (Informatsiya, otobrajayemaya na kartax i planax masshtabov 1:500, 1:1 000, 1:2 000, 1:5 000, 1:10 000)”, 1986-y. nashri.
3. ASOSIY HOLATLAR
3.1. 1:10 000 masshtab topografik kartasi va 1:5 000, 1:2 000, 1:1 000 hamda 1:500 masshtablar topografik planlari, shu jumladan raqamli koʻrinishda, [2] va [3] da belgilangan nomenklatura varaqlari ramkalarida tuziladi.
3.2. Buyurtmachining qoʻshimcha talabiga koʻra shaharlar, shahar tipidagi posyolkalar va qishloq aholi punktlarining planlari tuzilgan raqamli topografik kartalar (RTK) hamda raqamli topografik planlar (RTP) nomenklatura listlarini bir-birlariga ulash yoki qattiq asosda tuzilgan topografik karta va planlar nomenklatura varaqlari nusxasini montaj qilish yoʻli bilan tuzilishi mumkin.
Planlar ramkasiga shaharlar, shahar tipidagi posyolkalar va qishloq aholi punktlari, shuningdek kartografik materialda belgilangan tartibda tasdiqlangan chegaralar doirasidagi shahar atrofi va eng yaqin boʻsagʻalari kiritiladi.
Shahar, shahar tipidagi posyolka va qishloq aholi punktlari planlarining kompanovkasi shunday bajariladiki, planlar varaqlari, ramkadan tashqi hoshiyalarda joylanadigan bezash elementlari va tushuntirish matnlari bilan birga, 594×1261 mm (A0) yoki 841×1189 mm (A1) oʻlchamda boʻlsin.
Shahar, shahar tipidagi posyolka va qishloq aholi punktlari planlari ramkalarining tomonlari boʻlib toʻgʻri burchakli toʻr (koordinatalar toʻri) chiziqlari xizmat qiladi, ular planlarda plan masshtabidan qatʼiy nazar 10 sm oralab oʻtkaziladi.
3.3. Topografik karta va planlarni tuzishda asosiy kartografik materiallar sifatida tuzilayotgan karta masshtabidan yirikroq yoki shu masshtabdagi zamonaviy topografik karta hamda planlardan foydalaniladi.
Joy tasvirini, boshlangʻich materiallardagi maʼlumotlarni tuzish uslublari va umumlashtirish darajasi tuziladigan karta masshtabi yoʻl qoʻyadigan chegarada, lekin uning koʻrimliligi hamda oʻquvchanligi uchun zararsiz holda, ushbu materiallarning aniqligi va toʻlaligini saqlash imkoniyatini berishi kerak.
Topografik karta va planlarni tuzishda [9], [10] va [11] talablariga amal qilish kerak.
3.4. Tuzish ishlarini boshlashdan avval asosiy boshlangʻich kartografik materiallarni yigʻish va oʻrganish amalga oshiriladi.
Materiallarni oʻrganishda quyidagilar aniqlanadi:
a) matematik va geodezik asos;
b) kartada joy obyektlarini tasvirlashning aniqligi va batafsilligi, turli elementlarning klassifikatsiyasi hamda ularni tasvirlash usuli, shartli belgilar tizimi;
v) geografik nomlar berilishining toʻgʻriligi.
3.5. Asosiy boshlangʻich kartografik materiallarni oʻrganish natijalari boʻyicha tahririy koʻrsatmalar tuziladi, ularda ushbu Qoidalar toʻplamining kartalashtiriladigan rayonning xususiyatlariga, asosiy boshlangʻich kartografik materiallarning tavsifi va sifatiga oid koʻrsatmalari aniqlashtiriladi.
Tahririy koʻrsatmalar quyidagi maʼlumotlarni oʻz ichiga olishi kerak:
a) kartalashtiriladigan hududning taʼrifi;
b) asosiy boshlangʻich kartografik materiallarning tavsifnomasi va ularning joylashish sxemasi;
v) kartalarni tuzish uslubiyotini asoslash va qoʻllash.
Barcha koʻrsatmalar ravshan, aniq va toʻliq boʻlishi lozim.
Tahririy koʻrsatmalar ilovalariga planni tuzishda foydalaniladigan asosiy kartografik materiallar sxemasi, tuzuvchilik varaqlari orasidagi svodkalar sxemasi va kichik uchastkalarda bajarilgan generalizatsiyalash hamda umumlashtirish namunalari kiritiladi.
3.6. Topografik karta (plan) koordinatalar sistemasi tuziladigan karta (plan) uchun qabul qilingan koordinatalar sistemasidan farq qiladigan materiallar boʻyicha tuzilgan taqdirda, kartografik materiallarda tuzish uchun qabul qilingan koordinatalar sistemasida koordinatalar toʻri chiziladi.
Toʻr trapetsiya ramkalari burchaklaridan ularni toʻgʻri burchakli koordinatalariga butun ish uchastkasi uchun hisoblanadigan tuzatmalarni hisobga olib, yoki tayanch geodezik punktlardan ularni tuzuvchilik listi uchun qabul qilingan koordinatalar sistemasidagi koordinatalar boʻyicha tuzilishi mumkin. Bunda toʻrni tuzish uchun varaqda kamida uchta tayanch punktlariga ega boʻlish kerak.
RTKlarni (RTPlarni) tuzishda nomenklatura listlari ramkalari, koordinatalar toʻri hamda kartalar (planlar) matematik asosining boshqa elementlari toʻgʻrisidagi raqamli axborot korrektirovkalanadi.
3.7. Kartani tuzish jarayoni qaysi bosqichda ekanligidan qatʼiy nazar, u quyidagi hollarda kartani tuzishdan oldin va tuzish davrida joyda roʻy bergan oʻzgarshilar toʻgʻrisidagi materiallar boʻyicha tuzatiladi:
a) Oʻzbekiston Respublikasi davlat chegarasi va maʼmuriy-hududiy boʻlinishi chegaralari holatining oʻzgarishlari;
b) aholi punktlarining qayta nomlanishi, ularning maʼmuriy ahamiyati va tipining oʻzgarishlari;
v) temir yoʻllar va avtomobil yoʻllari klassining oʻzgarishlari.
3.8. Karta va planlarni tuzish ishlarining uslubiyoti hamda texnologiyasi asosiy boshlangʻich kartografik materialning masshtabi va tavsifiga qarab aniqlanadi, ular tuziladigan kartaning (planning) eng kam vaqt va mablagʻ xarajatlari bilan yuqori sifatli boʻlishini taʼminlashi lozim.
Topografik karta va planlar quyidagi usullarda tuzilishi mumkin:
a) kompyuter texnologiyalaridan foydalanib;
b) boshlangʻich materialning koʻk nusxalari boʻyicha;
v) boshlangʻich materialining jigarrang yoki qora nusxalari boʻyicha.
4. RAQAMLI TOPOGRAFIK KARTALARNING (RAQAMLI TOPOGRAFIK PLANLARNINNG) TUZUVCHILIK VARAQLARINI MONTAJ QILISH (TIKISH)
4.1. Asosiy boshlangʻich kartografik materiallar sifatida raqamli topografik kartalar (RTK) va raqamli topografik planlar (RTP) mavjud boʻlgan hollarda kartani tuzish kompyuter texnologiyasini qoʻllab amalga oshiriladi. Bunda RTKni (RTPni) tuzish jarayonida tuzish uslubida foydalaniladigan dasturiy va axborot taʼminoti [6] da belgilangan talablarga mos kelishi kerak.
4.2. Raqamli topografik karta va planlarning boshlangʻich nomenklatura varaqlari ramkadan tashqi bezaksiz tuzuvchilik originali nomenklatura varagʻining ramkalarida dastur modulidan foydalanib montaj qilinadi (tikiladi). Montaj qilishda (tikishda) koordinatalar toʻrining chiziqlari tutashtiriladi. Tutashtirish aniqligi ±0,2 mm chegarasida boʻlishi kerak.
4.3. Montaj qilish yakunlangandan keyin tuzilayotgan karta RTK (RTP) nomenklatura varaqlarining ramkalari dasturiy qoʻllashdan foydalanib, tomonlar va diagonallarni oʻlchash hamda ularning uzunliklarini nazariy oʻlchamlar bilan solishtirish yoʻli bilan kalibrovka qilinadi. Varaq tomonlari va diagonallar uchun farq ±0,2 mm dan oshmasligi kerak.
4.4. Raqamli topografik kartani (planni) tuzishda joy tafsilotlari va relyefni tanlash, umumlashtirish hamda generalizatsiyalash ishlari klassifikatordan va tuziladigan karta masshtabining shartli belgilari bibliotekasidan foydalanib amalga oshiriladi.
RTKni (RTPni) tuzish 6.1 — 6.4 bandlar talablari bilan belgilangan ketma-ketlikda bajarilishi kerak.
5. TUZUVCHILIK VARAQLARINI GRAFIK SHAKLDA MONTAJ QILISH
5.1. Koʻk nusxalar boʻyicha, proyeksiyalovchi asboblarni qoʻllab toza asosda va jigarrang yoki qora nusxalar boʻyicha tuzish asosiy boshlangʻich kartografik materiallar grafik shaklda qogʻozda yoki shaffof plastikda mavjud boʻlgan hollarda hamda ular boʻyicha raqamli topografik karta va planlarni tuzish qandaydir sabablarga koʻra mumkin boʻlmagan hollarda nazarda tutiladi.
5.2. Tuzuvchilik originalini tayyorlash uchun, tuziladigan karta yoki plan masshtabida olinadigan asosiy kartografik materiallarning chizma qogʻozdagi (koʻk, jigarrang yoki qora), uning varaqlari ramkalariga qattiq asosda joylangan nusxalari asos boʻlib xizmat qiladi.
Nusxalarni montaj qilishdan oldin qattiq asosga quyidagilar tushiriladi: 10 sm oraliqdagi toʻgʻriburchakli toʻr; topografik karta yoki plan nomenklatura varaqlari ramkalarining burchaklari; kartografik materiallarni montaj qilish uchun tanlab olingan tayanch punktlar; ramkalar tomonlarining chiziqlari.
Barcha grafik tuzilishlar va tayanch punktlarni tushirish aniqligi ±0,2 mm chegarasida boʻlishi kerak.
5.3. Montaj uchun moʻljallangan asosiy kartografik materiallarning nusxalari fotografik nuqsonlardan (dogʻlar, xira pardalar, notoʻgʻriliklar va boshq.) holi boʻlishi kerak, ularning ramkalari oʻlchamlari nazariy qiymatlariga teng boʻlishi yoki montajda kesiklarsiz tuzatiladigan qiymat miqdoridan kam boʻlishi kerak (koʻpi bilan 1%). Oʻlchamlari nazariy qiymatlardan katta boʻlgan nusxalar montaj uchun yaroqsiz hisoblanadi.
5.4. Qattiq asosdagi nusxalarni montaj qilish ramkalarning burchaklari, toʻgʻriburchakli toʻr va tayanch geodezik punktlarning shartli belgilari boʻyicha bajariladi. Montaj qilish aniqligi ±0,2 mm chegarasida boʻlishi lozim. Qiymati 0,2 mm dan ortiq boʻlgan nomuvofiqliklar va nusxalar qoplanuvlariga yoʻl qoʻyilmaydi.
5.5. Joy tafsilotlari va relyefni tanlash, umumlashtirish hamda generalizatsiyalash ishlari montaj qilingan tuzuvchilik originalida 6.1 — 6.4 bandlar talablariga va tahririy koʻrsatmalarga muvofiq amalga oshiriladi. Tanlash, umumlashtirish va generalizatsiyalash natijasida olingan tasvir tuzuvchilik originalida tush bilan chizib mustahkamlanadi. Shartli belgilar, odatda, qoʻlda chizilishi lozim. Tushirishi katta aniqligini talab qilmaydigan, bajarish uchun murakkab shartli belgilar, nomlarga oid yozuvlar va ramkadan tashqi bezash elementlari fotootpechatkalar koʻrinishida yopishtirilishi mumkin.
6. TOPOGRAFIK KARTA (TOPOGRAFIK PLAN) MAZMUNINING ELEMENTLARINI TUZISH KETMA-KETLIGI
6.1. Topografik karta yoki planlarni tuzish ishlarini bajarishning qabul qilingan uslubiyoti va texnologiyasidan qatʼiy nazar, joy tafsilotlari hamda relyefni tanlash, umumlashtirish va generalizatsiyalash, shuningdek tuzuvchilik originalini rasmiylashtirish, shu jumladan raqamli koʻrinishda, quyidagi talablarni hisobga olgan holda bajariladi:
a) barcha shartli belgilarning oʻlchamlari, shuningdek yozuvlar shriftlarining oʻlchamlari va tavsifi berilgan masshtabdagi karta hamda plan uchun belgilangan shartli belgilar va shriftlarga mos boʻlishi kerak;
b) turli obyektlarning shartli belgilari belgilarning oʻzaro yaqinlashgan joylarida bir-biri bilan qoʻshilib ketmasligi kerak. Ular orasidagi masofa 0,2 mm dan kam boʻlmasligi kerak;
v) joy obyektlari nomlariga oid yozuvlar va ularning tavsiflari [10], [11] talablariga muvofiq joylashtirilishi hamda yaxshi oʻqilishi kerak;
g) raqamli topografik karta va planlar tuzuvchilik originalining rasmiylashtirilishi plotterda bosib chiqarilgan yuqori sifatli nusxalar olishni taʼminlashi kerak;
d) qattiq asosdagi tuzuvchilik originalining rasmiylashtirilishi yuqori sifatli rastr nusxalari va koʻpaytirish maqsadida kalkada oqqa koʻchirilgan varaqlarni chizish uchun nusxalar olishni taʼminlashi kerak.
6.2. Karta va planlarni tuzish fonli boʻyoqda tasvirlanadigan oʻsimliklar maydonlarining konturlarini tanlash hamda ularni boʻyashdan boshlanishi kerak.
Undan keyin karta va plan tarkibining ayrim elementlarini tuzish, odatda, quyidagi tartibda amalga oshiriladi:
a) geodezik punktlar;
b) gidrografiya;
v) aholi punktlari kvartallari, sanoat, qishloq hoʻjaligi obyektlari va ijtimoiy-madaniy obyektlarning chegaralari;
g) kvartal ichida solingan imoratlar;
d) yoʻl tarmogʻi va yoʻl inshootlari;
e) relyef;
j) oʻsimliklar qoplami va gruntlar;
z) qoʻshni varaqlar bilan svodkalash (ulash);
i) ramkadan tashqi bezash.
6.3. Topografik karta va planni tuzishda, shu jumladan raqamli koʻrinishda, qoʻyidagilar hisobga olinishi lozim:
a) davlat geodezik tarmoqlari va tayanch geodezik tarmoqlarning barcha klasslar hamda razryadlar triangulyatsiya va poligonometriya punktlarining, shuningdek sʼyomka tarmoqlarining joyda markazlar bilan mahkamlangan nuqtalarining barchasi, agar tuzuvchilik kartasiga tushiriladigan punktlarning umumiy soni tuziladigan kartaning 1 dm2 maydoniga 10 dan oshib ketmasa, koʻrsatiladi;
b) davlat nivelirlash tarmogʻining asosiy kartografik materialda koʻrsatilgan marka va reperlarining barchasi (devoriy va vaqtinchaliklari bundan mustasno) odatda tushiriladi, bunda saralab olish ularning tuziladigan karta masshtabida har 2 sm dan zichroq joylashuvida amalga oshiriladi;
v) oriyentirlar ahamiyatiga ega joy obyektlari (minora tipidagi baland bino va inshootlar, zavod hamda fabrikalarning trubalari, radiomachtalar, yodgorliklar, tepaliklar, yakka daraxtlar va h.k.) tuzuvchilik kartaslari yoki planilarda birinchi navbatda tasvirlanadi, bunda ularni oʻrnashgan joyi asosiy kartografik materialga aniq muvofiqlikda koʻrsatilishi lozim;
g) aholi punktlarini tuzuvchilik kartalari va planlarida tasvirlash, odatda, quyidagi ketma-ketlikda bajariladi:
oriyentirlar ahamiyatiga ega obyektlar (sanoat obyektlari hamda ijtimoiy-madaniy ahamiyatga ega obyektlar, minora tipidagi inshootlar, machitlar, cherkovlar, temir yoʻllarning aholi punktlaridan oʻtadigan uchastkalari va boshq.) tushiriladi;
koʻchalar va tor koʻchalar, kvartallar tasvirlanadi;
kvartallarning ichki tuzilmasi ishlab chiqiladi, solingan imoratlar (binolar va ularning tavsiflari) koʻrsatiladi;
aholi punktining tashqi konturi ishlab chiqiladi;
aholi punktlari ichidagi va ular atrofidagi oʻsimliklar qoplamining konturlari shartli belgilar bilan toʻldiriladi;
d) aholi punktlarida kvartallar ichidagi imoratlar umumlashtirib aks ettiriladi, bunda jamoat binolari — maktablar, kasalxonalar, klublar va h.k.lar alohida ajratib koʻrsatilishi zarur. Oʻzaro qoʻshilib qoladigan ayrim imoratlar umumlashtiriladi va tuzuvchilik originalida aks ettiriladi. Tuziladigan karta yoki plan masshtabida oʻlchami 1 mm2 dan kichik boʻlgan ayrim imoratlar aks ettirilmaydi;
e) gidrografiyani tuzish suv havzalari maydonlarini boʻyashdan boshlanadi; keyin gidrografiya obyektlari tasvirini uzadigan gidrotexnik inshootlar koʻrsatiladi; undan keyin suv havzalari va daryolarning sohil chizigʻi koʻrsatiladi; yirik ochiq suv oqimlari (kanallar, kollektorlar, suv tashlamalar), sugʻorish tarmoqlari gidrografiyaning kichik obyektlari tasvirini ishlashga bosqichma-bosqich oʻtib aks ettiriladi;
j) tuziladigan topografik karta yoki plan masshtabida ifodalanadigan eni 0,5 mm dan kichik ochiq suv oqimlari (daryolar, kanallar, kollektorlar va h.k.) bitta chiziq bilan tasvirlanadi, bunda bosh irmoqlar yoʻgʻon chiziqlar bilan ajratib koʻrsatiladi; ular tasvirining eni kattaroq boʻlsa, ikkita chiziq bilan koʻrsatiladi;
z) tuziladigan kartada yoʻllar yuqori klasslardan past klasslarga oʻtish ketma-ketligida tasvirlanadi, bunda yuqori klass temir yoʻllar va avtomobil yoʻllarini (shu jumladan yaxshilangan grunt yoʻllarni) tasvirlash butun varaqda bir yoʻla ishlab bitkaziladi, boshqa yoʻllarni tasvirlash esa — yuqori klass yoʻllari yoki boshqa bir chegara bilan chegaralangan alohida uchastkalar boʻyicha bajariladi, bunda shunga eʼtibor berish zarurki, yoʻl shartli belgisining oʻrtasi yoʻlning kartografik materialdagi tasvirlangan oʻrtasiga aniq muvofiq kelishi lozim;
i) relyef shakllarini tasvirlashda asosiy kartografik materialda koʻrsatilgan gorizontallarning tabiiy bir-biriga bogʻlanganligi saqlanishi kerak, yaʼni bir gorizontalning har bir egilishiga qoʻshni gorizontalning egilishi muvofiq kelishi kerak, bunda ayrim hollarda relyef shakllarini yaxshiroq ifodalash uchun gorizontallarni tuziladigan planda ularning asosiy kartografik materialdagi oʻrniga nisbatan qoʻyilishining 1/4 hissasidan oshmaydigan qiymatga surib koʻrsatishga ruxsat etiladi;
k) oʻsimliklar qoplami yoki gruntlarning (qumlardan tashqari) turli koʻrinishlariga ega boʻlgan uchastkalarning chegaralari kartalarda qora rangdagi nuqtali punktir bilan belgilanadi, quyidagi holatlar bundan mustasno:
uchastkalarning chegaralari daryo va turli suv havzalarining sohillari, jarlar hamda qoplangan oʻyiqlarning chetlari, yoʻllar, davlat chegaralari yoki maʼmuriy chegaralar va tegishli shartli belgilar bilan tasvirlanadigan boshqa obyektlar bilan mos kelib qolganda;
ushbu uchastkalar kartada koʻrsatilishi lozim boʻlgan turli toʻsiqlarga (gʻovlar, devorlar, toʻsiqlar, ariqlar va shu kabi obyektlar) ega boʻlsa;
l) obyektlar nomi va ularning tavsiflariga, piketlar balandliklari hamda tushuntirishlarga oid yozuvlar shunday joylashtirilishi kerakki, ular boshqa obyektlar tasvirlarini yopib qoʻymasin va qaysi yozuv qaysi obyektga tegishli ekanligi borasida shubha tugʻilmasin.
6.4. Tuzilgan karta (plan) varagʻi bir vaqtda yaratiladigan yoki oldin tuzilgan qoʻshni kartalar (planlar) varaqlari bilan tutashtirilishi lozim (svodka).
Svodkalashda tarkibning barcha elementlari oʻrnining bir-biriga mos kelishi tekshiriladi. Joyning aniq qiyofadagi konturlari va predmetlari holatidagi farq quyidagilardan oshmasligi kerak:
a) tekis va tepali rayonlarda — 1,0 mm;
b) togʻli va baland togʻli joylarda — 1,5 mm.
Boshqa konturlar uchun farqlar 2,0 mm dan ortiq boʻlmasligi kerak.
Gorizontallar holatidagi farqlar 1-jadvalda koʻrsatilgan chekli meʼyorlarning bir yarim barobar qiymatidan oshmasligi kerak.
* Relyef kesimi 0,5 m oralab boʻlgan 1:2 000 va 1:5 000 masshtablar sʼyomkasida kesim balandligining 1/3 qismi.
** Svodkalashda relyefning xarakterli nuqtalarida gorizontallarning holatidagi farqlar aniqlanadi, nishabliklarda esa gorizontallarning nuqtalar va egilishlar orasidagi balandliklar farqiga mos kelishi lozim boʻlgan qiymatdagi soni hisoblab chiqiladi.
Koʻrsatilgan chekli meʼyorlarga rioya qilingan holda farqlar yondosh originallarning har birida farqning yarim miqdorida surish yoʻli bilan bartaraf etiladi; bunda, agar bu obyektning xarakteriga mos kelmasa, kontur va gorizontallarning ramka chizigʻi boʻyicha keskin egilishiga yoʻl qoʻyilmasligi lozim.
Oldin nashr etilgan kartalar (planlar) bilan svodkalashni bajarishda hamma tuzatishlar yangi sʼyomka originaliga kiritiladi.
Original varagʻining hoshiyalarida va formulyarda svodkalar oʻtkazilganligi hamda ular bilan svodkalash bajarilgan materiallar toʻgʻrisida yozib qoʻyiladi.
Svodkalar bajarilishning toʻgʻriligini brigadir yoki muharrir tekshiradi va imzolaydi.
7. TUZUVCHILIK VARAGʻINI NAZORATDAN OʻTKAZISH VA QABUL QILISH
7.1. Tuzuvchilik originalini nazoratdan oʻtkazish topografiya-geodeziya boʻlimining yoki qidiruv tashkiloti boshqa boʻlimlarining brigadirlari, muharrirlari tomonidan amalga oshiriladigan butun texnologik jarayon davomida muntazam ravishda bajariladi.
7.2. Raqamli topografik kartani (RTK) va raqamli topografik planni (RTP) tuzishda korrekturaga tuzuvchilik originali sifatida uning plotterda chiqarilgan nusxasi yoki RTK (RTP) tuzuvchilik varagʻini oʻz ichiga oluvchi, yechiladigan axborot elituvchi vositaga yozilgan (CD, USB Flash va boshqa tipda) fayl hamda unga formulyar taqdim etiladi.
7.3. Tuzuvchilik originali korrekturasini brigadir yoki korrektor amalga oshiradi.
Korrektor korrekturaga faqat tuzilishi toʻliq yakunlangan varaqni formulyari bilan qabul qiladi.
Qoʻpol nuqsonlar va xatolar aniqlangan taqdirda, tuzuvchilik originali bajaruvchiga shaxsan tekshirib chiqish hamda tuzatish uchun qaytariladi.
Tuzuvchilik originali korrektori tuzilgan kartaning sifati uchun bajaruvchi barobarida javob beradi.
7.4. Tuzuvchilik originali korrektura mulohazalari boʻyicha ijrochi tomonidan tuzatib chiqilgandan soʻng korrektor tuzatish toʻgʻri bajarilganligini tekshiradi, formulyarga tegishli yozuvlar kiritadi, tuzuvchilik originalini imzolaydi va ularni muharrirga (boʻlim boshligʻiga) qabul qilish uchun topshiradi.
7.5. Raqamli topografik kartalar (RTK) va planlar (RTP) tuzuvchilik varaqlarining tarkibi hamda sifatini tahririy koʻrib chiqishda quyidagi koʻrsatkichlar boʻyicha tekshiriladi:
axborotning toʻlaligi;
aniqlik;
obyektlar identifikatsiyalanishining toʻgʻriligi;
obyektlar tarkibi va koʻrsatilishining mantiqan muvofiqligi;
maʼlumotlarning muvofiqlashtirilishi.
Axborotning toʻlaligi.
Raqamli topografik kartalar (planlar) ularning masshtabiga va ishlarning kartalashtiriladigan rayonining holatiga mos keluvchi barcha obyektlarni oʻz ichiga olishi kerak. RTK (RTP) obyektlari [2], [3], [9], [10] va [11] larda nazarda tutilgan mazmun elementlaridan biriga tegishli boʻlishi kerak. Yaratilgan RTK (RTP) varagʻi majburiy tuzilmaviy birlik sifatida [6] talablariga muvofiq maʼlumotnomaviy dalillarni oʻz ichiga oluvchi pasportga ega boʻlishi kerak.
Aniqlik.
Obyektlarning metrikasi va miqdoriy tavsiflari [2], [3] va [6] larda kartaning berilgan masshtabi uchun nazarda tutilgan talablarga muvofiq aniqlikda berilishi kerak.
Obyektlar identifikatsiyalanishining toʻgʻriligi.
Toʻgʻrilikni baholash uchun mezon boʻlib, kodlari notoʻgʻri berilgan obyektlar sonining RTKning (RTPning) yaratilgan nomenklatura varagʻidagi barcha obyektlar umumiy soniga boʻlgan nisbati xizmat qiladi. Foizlarda ifodalangan ushbu nisbat 0,1% dan ortiq boʻlmasligi kerak.
Tahrirlashda aniqlangan barcha xatolar tuzatilishi kerak.
Obyektlar tarkibi va koʻrsatilishining mantiqan muvofiqligi.
Bu koʻrsatkich maʼlumotlarning taqdim etish tuzilmasi va shaklining foydalaniladigan axborot taʼminoti talablariga muvofiqlik darajasini aks ettirishi kerak.
Berilgan masshtab kartalari (planlari) uchun klassifikatsiyalash va kodlash tizimi bilan nazarda tutilmagan kodlar, tavsiflar hamda obyektlar tavsifining qiymatlari tegishli ravishda kodlar, tavsiflar va tavsiflar qiymatlarining umumiy sonidan 0,1% dan oshmasligi kerak.
Raqamli tavsiflash qoidalariga amal qilinmagan va bogʻlanishlar notoʻgʻri belgilangan obyektlar soni RTKning (RTPning) ushbu nomenklatura varagʻidagi obyektlarning umumiy sonidan 0,2% dan oshmasligi kerak.
RTKning (RTPning) tuzilgan nomenklatura varagʻi formati fizik tuzilmasining RTK (RTP) qabul qilingan formatining mantiqiy tuzilmasiga muvofiqligi toʻliq boʻlishi kerak.
Maʼlumotlarning muvofiqlashtirilishi.
RTK (RTP) tuzuvchilik nomenklatura varagʻi va unga yondosh varaqlar tarkibidagi obyektlar haqidagi axborot metrika va semantika qismida toʻla muvofiqlikka ega boʻlishi kerak.
7.6. RTKning (RTPning) tuzilgan nomenklatura varagʻi chegarasidagi oʻzaro kesishadigan obyektlar, agar bu topologik jihatdan talab qilinsa, kesishish joyida umumiy nuqtaga ega boʻlishi kerak (bu bitta nuqtada tatashadigan obyektlar uchun ham tegishli). Yondosh maydonli obyektlarning umumiy chegarasi umumiy metrikaga ega boʻlishi lozim. Chiziqli obyektlarning mos tushib qolgan uchastkalari oʻq chiziqlarning yagona metrikasiga ega boʻlishi kerak.
7.7. Tuzishda qoʻllaniladigan dasturiy vositalar RTK (RTP) sifati nazoratini avtomatik va interaktiv rejimlarda oʻtkazish imkoniyatini berishi kerak.
7.8. Avtomatik ravishda quyidagilar tekshirilishi kerak:
RTK (RTP) nomenklatura varagʻi ramkalarining tuzilmasi va oʻlchamlari;
obyektlarning lozim tavsiflarining mavjudligi va shakllantirilishining toʻgʻriligi;
metrikasiz yoki semantikasiz obyektlarning mavjudligi;
balandlik belgilari va gorizontallarning, gorizontallar balandliklari qiymatlarining muvofiqligi;
takrorlangan nuqta va uchastkalarning, lokalizatsiyalashning diskret, chiziqli va maydonli tiplariga ega obyektlarning mavjudligi;
yopiq obyektning birinchi va oxirgi nuqtalarining mos kelishi;
berilgan fazoviy-mantiqiy bogʻlanishlarni shakllantirishning toʻgʻriligi;
obyektlarning RTK (RTP) nomenklatura varagʻi ramkasiga chiqishlari va tegishli obyektlarning RTK (RTP) nomenklatura varagʻi ramkasidan tashqarida mavjudligi;
obyektlarni toʻplash yoʻnalishining toʻgʻriligi (agar bu raqamli tavsiflash qoidalarida nazarda tutilgan boʻlsa).
7.9. Interaktiv rejimda quyidagilar tekshirilishi kerak:
muayyan obyektlarga berilgan kod, tavsiflar va bogʻlanishlar toʻgʻrisidagi axborotning toʻgʻriligi;
berilgan nuqtalar orasidagi masofalarning aniqlanishi va berilishining toʻgʻriligi;
tuziladigan RTK (RTP) nomenklatura varagʻi masshtabiga muvofiq keladigan topografik shartli belgilarda obyektlar aks ettirilishining toʻgʻriligi;
obyektlar oʻz nomlarining va ularga oid tushuntirish yozuvlari shriftlarining berilgan kodlariga muvofiqligi;
RTK (RTP) nomenklatura varagʻi pasport maʼlumotlarining chiqarilishi.
7.10. Yuqorida keltirilgan koʻrsatkichlar boʻyicha aniqlangan xatolar qoʻllaniladigan dasturiy taʼminot vositalari bilan undan foydalanish qoidalariga muvofiq toʻgʻrilanadi.
7.11. Tahrirlash natijalari RTK (RTP) nomenklatura varagʻining formulyarida aks ettirilishi lozim.
7.12. Yakuniy qabul qilishdan soʻng raqamli topografik kartaning (raqamli topografik planning) tuzuvchilik varagʻi plotterda yoki boshqa yoʻl bilan bevosita operativ koʻpaytirish uchun quyidagi komplektda beriladi:
a) RTK (RTP) tuzuvchilik varagʻi originali maʼlumotlarini oʻz ichiga oluvchi, SD yoki DVD diskda yozilgan fayl;
b) formulyar;
7.13. Yakuniy qabul qilishdan soʻng topografik kartaning (topografik planning) tuzuvchilik varagʻi chizma qogʻozda koʻpaytirishga tayyorlash va koʻpaytirish uchun quyidagi komplektda beriladi:
a) topografik karta (topografik plan) tuzuvchilik varagʻining originali;
b) formulyar.
8. TOPOGRAFIK KARTALAR VA PLANLARNI KOʻPAYTIRISH
8.1. Koʻpaytirish uchun topografik karta (topografik plan) tuzuvchilik varagʻi koʻrinishida berilishi mumkin.
8.2. Tuzuvchilik varagʻining ramkadan tashqi bezalishi, shu jumladan raqamli koʻrinishda, qatʼiyan [9] va [10] shartli belgilar jadvallariga ilova qilingan namunalar boʻyicha bajariladi.
1:5 000, 1:2 000, 1:1 000, va 1:500 masshtablar topografik planlarini ramkadan tashqi bezash uchun ramkadan tashqi bezakli standart ramkalardan ularni planlarning raqamli tuzuvchilik varagʻiga kiritish uchun yoki qogʻozdagi tuzuvchilik varaqlariga bosma ravishda kiritish uchun foydalanishga ruxsat etiladi.
8.3. Tuzuvchilik originallari koʻpaytirish uchun, shu jumladan raqamli koʻrinishda, quyidagi talablarga javob berishi kerak:
a) tuzuvchilik varaqlarining tarkibini toʻla va aniq aks ettirishi;
b) shartli belgilar va yozuvlar shriftlari oʻzining rasmi va oʻlchamlari boʻyicha [9] va [10] shartli belgilar jadvallarida berilgan shartli belgilarga va shriftlar namunalariga mos kelishi kerak;
v) tasvir elementlari va yozuvlar aniq boʻlishi, bir xil va yetarli zichlikka ega boʻlishi kerak; shartli belgilarning bir-biriga yaqinlashish joylarida ular oraligʻi 0,2 mm dan kam boʻlmasligi kerak;
g) ramkalar tomonlarining oʻlchamlari va diagonallari nazariy qiymatlarga teng boʻlishi yoki ulardan, qogʻozda tayyorlangan originallar uchun 0,2 mm dan koʻpga farq qilmasligi kerak.
8.4. Raqamli topografik kartaning (raqamli topografik planning) tuzuvchilik varagʻi grafik koʻrinishda qoʻyidagi maqsadlarda taqdim etiladi:
a) RTK (RTP) tuzuvchilik varagʻi tarkibining toʻlaligi va sifatini tekshirish uchun topografik kartaning (topografik planning) nazorat grafik originalini olish;
b) topografik kartaning (topografik planning) nomenklatura varagʻini kichik tirajda tayyorlash.
8.5. Raqamli topografik kartalarning (topografik planlarning) grafik nusxalari kichik tirajda grafopostroitellarda (plotterlarda) tayyorlanishi mumkin.
Karta va planlarni grafik taqdim etilishi uchun, tuziladigan karta va planlarga format, aniqlik va rang berish borasida qoʻyiladigan talablarni qondiruvchi grafopostroitellar (plotterlar) yaroqlidir.
8.6. Plotterning geometrik xatolarini cheklash maqsadida uni kalibrovkalash imkoniyatining borligi majburiy shart hisoblanadi.
Kalibrovkalash tuzuvchilik varagʻining tomonlarini va diagonallarini oʻlchash hamda oʻlchash natijalarini ularni berilgan tegishli qiymatlar bilan solishtirish yoʻli bilan bajariladi.
Original tomonlari va diagonallarining oʻlchamlari nazariy qiymatlardan 0,2 mm dan ortiq farq qilmasligi lozim. Farqlar yoʻl qoʻyilgan meʼyordan ortib ketgan hollarda, grafik original oʻlchamlarini korrektirovkalash uchun qoʻllaniladigan dasturiy taʼminot vositalari bilan keyinroq hisobga olinadigan parametrlar aniqlanadi.
8.7. Topografik kartaning (topografik planning) chizma asosidagi tuzuvchilik varagʻidan kartaning (planning) nomenklatura varaqni kichik tirajda tayyorlash uchun foydalanadi.
8.8. Kartaning (planning) tuzuvchilik varaqlarini koʻpaytirish, odatda, fotomexanik, elektrografik, yorugʻlik orqali nusxa olish va boshqa usullar bilan amalga oshiriladi. Tuzuvchilik varagʻini kalkaga yoki kam deformatsiyalanadigan plastikka nusxalashga ruxsat etiladi.
8.9. Tayyorlangan nusxalarning tuzuvchilik varaqlariga nisbatan oʻrtacha xatoliklari topografik kartaning (topografik planning) 1 detsimetri uchun 0,2 mm dan oshmasligi kerak.
8.10. Topografik kartalarni (topografik planlarni) koʻpaytirish uchun kartografik materiallar turi va har bir varaq boʻyicha koʻpaytirilgan nusxalar soni ishlarning texnik loyihasi (dasturi) bilan belgilanadi.
8.11. 1:2 000 va 1:5 000 masshtablardagi topografik planlar, odatda, bitta rangda koʻpaytirilishi zarur; lekin qoʻshimcha talablarga koʻra uchta rangli shtrixli topografik planlarning ham koʻpaytirilishi istisno qilinmaydi.
1-ILOVA
Raqamli topografik kartalar va raqamli topografik planlarni tuzishda qoʻllanilgan terminlar hamda taʼriflar
RTK va RTP — raqamli topografik karta va raqamli topografik plan.
RKA — raqamli kartografik axborot.
RTK va RTP NV — raqamli topografik karta va raqamli topografik plan nomenklatura varagʻi.
Raqamli topografik planning diskret obyekti — joylashgan oʻrni bitta nuqtaning koordinatalari bilan taʼriflanadigan RTK va RTP obyekti.
Raqamli topografik planlar obyektlari klassifikatori — raqamli topografik plan tarkibiga kiritilishi lozim boʻlgan raqamli topografik plan obyektlari nomlari va kod belgilarining hamda ularning oʻzgaruvchi alomatlarining (tavsiflarining) tizimlashtirilgan jamlamasini ifodalovchi normativ hujjat.
Raqamli topografik planlarning obyektlarini klassifikatsiyalash — raqamli topografik planlar obyektlari toʻplamini ulardagi mavjud alomatlarga muvofiq kichik toʻplamlarga boʻlish.
Raqamli topografik planlar obyektlarini kodlash — raqamli topografik planlar obyektlarini, ularning alomatlari va ushbu alomatlar qiymatlarini maʼlum qoidalariga muvofiq simvollar ketma-ketligi bilan bir xil maʼnoda belgilash.
Raqamli topografik planning chiziqli obyekti — metrikasi obyekt oʻqining holatini taʼriflovchi RTK va RTP obyekti.
Raqamli topografik plan obyektining metrikasi — raqamli topografik plan tarkibidagi axborotning topografik plan obyektining oʻrnashgan joyi va planli qiyofasini taʼriflovchi bir qismi.
Raqamli topografik plan nomenklatura varagʻi — topografik plan nomenklatura varagʻi ramkasi ichida shakllantirilgan va unga koordinatalar proyeksiyasi, tarkibi, aniqligi, koordinatalar hamda balandliklar sistemalari boʻyicha muvofiq boʻlgan raqamli kartografik axborot.
Raqamli topografik plan obyekti — raqamli kartografik axborotning tuzilmaviy birligi, u joy obyektini yoki raqamli topografik plan tarkibida boʻlishi shart boʻlgan boshqa axborotni normativ hujjatlar talablariga muvofiq aks ettiradi.
Raqamli topografik planning maydonli obyekti — RTK va RTPning metrikasi obyekt chegarasi holatini tavsiflovchi obyekti.
Raqamli topografik plan obyektini lokalizatsiyalash qoidalari — raqamli topografik plan obyekti metrikasini obyekt oʻlchamlari va tuziladigan raqamli topografik plan masshtabi hisobga olingan holda shakllantirish amallarini reglamentlovchi yozma koʻrsatmalar jamlamasi.
Kartografik axborotni raqamli tavsiflash qoidalari — raqamli kartografik axborotning tarkibi, tuzilmasi va shakllantirish tartibini reglamentlovchi tizimlashtirilgan yozma koʻrsatmalar jamlamasi.
RTK va RTP oddiy obyekti — RTK va RTP obyekti, u RTK va RTP obyektlari klassifikatori tarkibida iyerarxiyaning quyi bosqichida taʼriflangan boʻladi.
Raqamli topografik plan obyektining semantikasi — raqamli topografik plan obyekti tarkibidagi axborotning topografik plan obyektining mohiyati va xususiyatlarini tavsiflovchi bir qismi.
RTK va RTP murakkab obyekti — tarkibida RTK va RTPning bir nechta oddiy obyektlari toʻgʻrisida axborot boʻlgan RTK va RTP obyekti.
Raqamli topografik plan obyektini raqamli tavsiflash — topografik plan obyekti haqidagi maʼlumotlarning raqamli koʻrinishdagi formalizatsiyalangan ifodasi, u obyektning fazoviy joylashishining raqamli tavsifini (raqamli topografik plan metrikasi), uning mazmuniy tarkibini (raqamli topografik plan semantikasi) va obyektning fazoviy-mantiqiy bogʻlanishlarini oʻzi ichiga oladi.
2-ILOVA
Raqamli topografik kartalar va planlarni tuzishga qoʻyiladigan umumiy talablar
1. 1:10 000 masshtabdagi RTKlar hamda 1:5 000, 1:2 000, 1:1 000 va 1:500 masshtablardagi RTPlar hududning aynan shu masshtabdagi tegishli topografik planlar varaqlarining ramkalari bilan chegaralangan uchastkalari boʻyicha raqamli kartografik axborot bazasi koʻrinishida tuziladi hamda shakllantiriladi.
2. RTK va RTPlar raqamli topografik plan almashuv formatini, raqamli kartografik maʼlumotlar klassifikatorini, shuningdek kartografik axborotni raqamli tavsiflash qoidalarini oʻz ichiga oluvchi axborot taʼminotidan foydalanib tuzilishi kerak.
3. RTK va RTPlar yer usti avtomatlashtirilgan topografik sʼyomkasi materiallariga, qismlarga boʻlingan originallarni rastrli skanirlash natijalariga (doimiy saqlanadigan diapozitivlarga) yoki oxirgi yillar nashriga oid topografik planlarning tirajli ottisklariga ishlov berish yoʻli bilan, yoki avtomatlashtirilgan stereotopografik sʼyomka hamda raqamli fotogrammetriya usulublari bilan tuzilishi va yangilanishi kerak.
4. RTK va RTPning sifati RTK va RTPni tuzish jarayonidagi koʻp bosqichli nazoratni (RKA) tashkil qilish bilan taʼminlanishi kerak. Boshlangʻich kartografik materiallar nazorati, RTK va RTPni tuzish yoki yangilash jarayonidagi nazorat uning bosqichlari hisoblanadi.
5. RTK va RTPning har bir nomenklatura varagʻiga axborotning alohida tuzilmaviy birligini oʻzida ifodalovchi pasport ilova qilinadi. Pasportda joylashtiriladigan xizmat-maʼlumotnoma maʼlumotlari kartografik axborot klassifikatori boʻyicha kodlar va nomlar hamda muayyan raqamli va matnli qiymatlar vositasida taqdim etilishi kerak. Pasportda quyidagi maʼlumotlar boʻlishi lozim:
a) varaq nomenklaturasi, nomi va masshtabi;
b) RTK va RTPda nomenklatura varagʻining grifi;
v) koordinatalar, balandliklar va varaqlarga boʻlish tizimi;
g) ramka burchaklarining gradusli va toʻgʻri burchakli koordinatalar sistemalarida hamda RTK va RTPning ushbu nomenklatura varagʻi sistemasidagi koordinatalari;
d) RTK va RTP nomenklatura varagʻini tuzishda foydalanilgan boshlangʻich kartografik yoki fotomateriallar haqida maʼlumotlar.
6. RKA massivini shakllantirishda axborotning toʻlaligi, metrikaning aniqligi, kartalashtiriladigan joy holatining plan tuzilgan vaqtga muvofiqligi, shuningdek RKAning RTK va RTP butun masshtablar qatoriga oʻzaro muvofiqlashtirilishi taʼminlanishi lozim.
RTK va RTPlar joyning hozirgi holatini tegishli masshtablar topografik planlariga qoʻyiladigan asosiy holatlarga muvofiq talablarni qanoatlantiruvchi aniqlikda, toʻla va ishonchli qilib aks ettirishi kerak. RTK va RTPlarni tuzishda kartografik, aerokosmik, topografik materiallardan (shu jumladan raqamli shaklda taqdim etilgan), shuningdek ularda joylanadigan maʼlumotlarning toʻgʻriligi, aniqligi hamda hozirgi holatini kafolatlovchi qoʻshimcha va maʼlumotnomaviy materiallardan foydalanish kerak.
7. Raqamli topografik planlar ularning masshtabiga toʻgʻri keluvchi barcha obyektlarni oʻz ichiga olishi lozim.
RTK va RTP obyektlari raqamli topografik plan tarkibining quyidagi elementlaridan biriga tegishli boʻlishi kerak:
a) matematik asos;
b) tayanch punktlar;
v) relyef;
g) gidrografiya va gidrotexnika inshootlari;
d) aholi punktlari;
e) sanoat, qishloq xoʻjaligi obyektlari va sotsial-madaniy obyektlar;
j) yoʻl tarmogʻi va yoʻl inshootlari;
z) oʻsimliklar qoplami va gruntlar;
i) chegaralar va toʻsiqlar.
8. RTK va RTP obyektlarining tarkibi oʻzi ichiga quyidagilarni olishi shart:
a) RTK va RTP obyektining raqami;
b) RTK va RTP obyektining semantikasi;
v) RTK va RTP obyektining metrikasi.
9. Axborot umumiy massividan muayyan obyekt toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni ajratish uchun RTK va RTP obyektining raqami uning kodi bilan birgalikda RTK hamda RTP nomenklatura varagʻining tarkibida noyob (yagona) boʻlishi kerak.
10. RTK va RTP obyektining semantikasi shu obyektning tegishli masshtabdagi topografik planlar tarkibida taqdim etilishiga qoʻyiladigan talablar bilan belgilanadigan hajmda uning miqdor va sifat tavsiflari haqidagi maʼlumotlarni oʻz ichiga olishi lozim. Obyektning semantikasi taʼriflanadigan obyekt va uning RTK hamda RTP tarkibida raqamli berilishining bir maʼnoda muvofiqligini taʼminlashi kerak.
11. RTK va RTP obyekti metrikasini shakllantirish usuli uni taʼriflash uchun qabul qilingan RTK va RTP obyektlarini lokalizatsiyalash xarakteri bilan belgilanishi lozim. Lokalizatsiyalash xarakteri quyidagilardan biri boʻlishi kerak: diskret, chiziqli, maydonli, yozuv.
12. Yaratiladigan RTK va RTP nomenklatura varaqlari yondosh masshtablar RTK hamda RTPlari bilan muvofiqlashtirilishi kerak.
Muvofiqlashtirish quyidagi pozitsiyalar boʻyicha bajariladi:
a) RTK va RTPda yirikroq masshtabdagi RTK hamda RTP tarkibida mavjud boʻlgan obyektlar aks ettiriladi;
b) RTK va RTPda yirikroq masshtab RTK hamda RTP tarkibida mavjud boʻlgan barcha obyektlar, ularning tavsiflari va nomlarining yozuvlari koʻrsatilishi kerak;
v) butun masshtablar qatoriga oid RTK va RTPlarda klassifikatsiyalashning aynanligi saqlanishi lozim;
g) RTK va RTPlarning butun masshtablar qatori boʻyicha balandlik belgilari, sifat hamda miqdor tavsiflari, obyektlarning oʻz nomlariga oid yozuvlarning aynanligi saqlanishi kerak.
13. Raqamli topografik plan obyektlari metrikasining aniqligi, shuningdek obyektlarning miqdoriy tavsiflari hamda RTK va RTP nomenklatura varagʻi pasportining maʼlumotnomaviy maʼlumotlari oʻsha masshtablardagi topografik planlar obyektlariga qoʻyiladigan talablarga muvofiq kelishi lozim.
14. Obyektlarning miqdoriy tavsiflari hamda RTK va RTP nomenklatura varagʻi pasportining maʼlumotnomaviy maʼlumotlari oʻsha masshtablardagi topografik planlar obyektlariga qoʻyiladigan talablarga muvofiq keladigan aniqlikda taqdim etilishi kerak.
15. Dasturiy va axborot taʼminoti quyidagi jarayonlar hamda ayrim operatsiyalarning bajarilishini taʼminlashi kerak:
a) RTK va RTPlarni kartografik, aerokosmik hamda topografik materiallardan foydalanib avtomatlashtirilgan rejimda tuzish va yangilash;
b) RTK va RTPlarni avtomatlashtirilgan hamda interaktiv rejimlarda tahrirlash, shu jumladan RTK va RTP obyektlarini metrik muvofiqlashtirish hamda yondosh nomenklatura varaqlarini svodkalash;
v) tayyor mahsulotni avtomatik interaktiv nazorat qilish;
g) RKAni foydalanuvchilarga taqdim etish, shu jumladan obyektlar tarkibini tanlab olish, berilgan hudud uchun RKAni tikish (toʻplash), RKAni RTK va RTP almashuv formatidan berilgan formatga oʻzgartirish.
16. RTK va RTP obyektlarini klassifikatsiyalash tizimi klassifikatsiyalanishi lozim boʻlgan barcha RTK hamda RTP obyektlarini qamrashi kerak va 1:10 000 masshtabdagi RTK hamda 1:5 000, 1:2 000, 1:1 000, 1:500 masshtablardagi RTPlar uchun yagona klassifikatorni tuzish imkoniyatini berishi kerak.
RTK va RTP obyektlarini klassifikatsiyalash tizimi topografik planlar tarkibini shakllantirishda foydalanilgan prinsiplarni, shu jumladan ularning matematik asosini, shartli belgilar hamda maʼlumotnomaviy axborotni (ramkadan tashqi bezashni) hisobga olgan holda ishlab chiqilishi lozim.
17. Klassifikatsiyalash tizimi va unga muvofiq yaratilgan klassifikatorlar klassifikatsiyalanishi lozim boʻlgan barcha RTK hamda RTP obyektlarining klassifikatsion guruhlarga mansubligini bir xil maʼnoda belgilashi kerak.
18. Klassifikatsiyalash tizimi va unga muvofiq yaratilgan klassifikatorlar moslanuvchan boʻlishi, yaʼni yangi obyektlarni qoʻshish yoki mavjudlarini boshqa obyektlar klassifikatsiyasini oʻzgartirmasdan chiqarib tashlash imkoniyatini berishi kerak.
19. RTK va RTPning har bir klassifikatsiyalanadigan obyekti iyerarxiya quyi darajasining faqat bitta klassifikatsion guruhiga kirishi lozim.
RTK va RTP obyektlari ularga xos boʻlgan alomatlarga muvofiq klssifikatsiyalanadi.
20. RTK va RTP obyektlarining alomatlari asosiy hamda oʻzgaruvchan alomatlarga boʻlinadi.
RTK va RTP obyektlarining ushbu RTK hamda RTP obyekti kiradigan klassifikatsion guruhini bir xil maʼnoda belgilovchi alomatlari asosiy alomatlar hisoblanadi.
RTK va RTP obyektining klassifikatsion guruhlarga kiritishga taʼsir koʻrsatmaydigan alomatlari (tavsiflari) oʻzgaruvchan alomatlar hisoblanadi.
21. Iyerarxiya boʻyicha quyi klassifikatsion guruh oʻz ichiga asosiy alomatlarning aynan bir xil toʻplamiga ega RTK va RTP obyektlarini olishi kerak. Iyerarxiya boʻyicha quyi klassifikatsion guruh obyektlari maʼlum (ehtimol boʻsh) oʻzgaruvchan tavsiflar toʻplamiga ega boʻlishi kerak. Turli naborlardagi oʻzgaruvchan tavsiflar soni hamda ularni mazmuniy ahamiyati RTK va RTP obyektining u yoki bu guruhga tegishli ekanligiga qarab turlicha boʻlishi mumkin.
22. Obyektlar tavsiflari majburiy (ularning obyektda boʻlishi shart) va nomajburiylar tavsiflarga, yaʼni aynan bitta klassifikatsion guruhdan faqat ayrim obyektlar tarkibiga kiritiladigan tavsiflarga boʻlinadi. Obyektlarning xususiyatlarini belgilaydigan tavsiflardan tashqari, turli obyektlar orasidagi oʻzaro bogʻliqlikni (fazoviy-mantiqiy) belgilovchi tavsiflardan ham foydalanishga yoʻl qoʻyiladi.
23. Kodlash tizimi RTK va RTP obyekti tarkibini unga muvofiq keladigan noyob kod belgisiga aylantirishni taʼminlashi kerak.
Kodlash uchun foydalanadigan simvollar quyidagilardan iborat:
a) arab raqamlari 0, 1, 2, 3, 4, 5, 6, 7, 8, 9;
b) lotin alfavitining A dan Z gacha boʻlgan harflari;
v) nuqta (.).
24. RTK va RTP obyektlarini bitta klassifikator doirasida kodlash uchun qoʻllanadigan kodlar bir xil sondagi simvollardan tashkil topishi kerak, shu bilan birga simvollarning ushbu soni 10 tadan oshmasligi kerak.
RTK va RTP har bir obyektining kodi — murakkab, koʻp pozitsiyali boʻladi. Har bir pozitsiya iyerarxiyaning tegishli darajasini, yaʼni ushbu darajaning klassifikatsion guruhga tegishliligini belgilaydi.
25. Har bir klassifikatsion guruh oʻzining noyob kodiga ega boʻlishi lozim.
Klassifiksion guruhlarni kodlash iyerarxik prinsip boʻyicha olib borilishi kerak. Bunda ushbu klassifiksion guruhining kodi oʻzi kirgan barcha guruhlarni bir maʼnoda belgilashi kerak.
26. Har bir tavsif noyob kodga ega boʻlishi kerak. RTK va RTP obyektlari tavsiflarining kodlari 10 tadan oshmaydigan oʻzgaruvchan simvollar miqdoridan iborat boʻlishi mumkin.
27. Agar obyektning sifat tavsifi koʻp qiymatli boʻlsa, u holda kodlash tizimi har bir qiymat uchun oʻzining oʻzgaruvchan 10 tadan oshmaydigan simvollar sonidan iborat noyob kodini nazarda tutishi kerak.
28. 16-bandda koʻrsatilgan masshtablardagi RTK va RTP obyektlarini klassifikatsiyalash va kodlash uchun raqamli topografik planlar obyektlari yagona klassifikatoridan foydalanish lozim.
Bitta masshtabdagi (masshtablar guruhidagi) RTK va RTPlar uchun RTK hamda RTPlarni yaratish va yangilash jarayonida foydalaniladigan texnologik klassifikatorlar axborotni keyinchalik yagona klassifikator bilan belgilanadigan koʻrinishga keltirishni taʼminlashi kerak.
29. Yagona klassifikator barobarida texnologik klassifikatorlar ham ularga kiruvchi obyektlar nomlarini, alomatlarni, alomatlar qiymatlarini va ularning kod belgilarini RTK hamda RTPdan hosilaviy raqamli kartografik mahsulotni yaratish uchun foydalaniladigan obyektlar tarkibi kichikroq boʻlgan klassifikatorlarni tanlash imkoniyatini berishi kerak.
30. Raqamli topografik planlar obyektlarining klassifikatorlari quyidagilarni oʻz ichiga olishi lozim:
a) qabul qilingan klassifikatsiyalash tizimiga muvofiq klassifikatsiyalangan raqamli topografik planlar obyektlarining nomlari va ularning RTK hamda RTP obyektlariga kodlash tizimiga muvofiq berilgan kod belgilari;
b) klassifikatorda foydalanilgan tavsiflarni ularga muvofiq kodlarning qiymati bilan umumiy roʻyxati.
31. Klassifikatorda foydalanilgan tavsiflarning umumiy roʻyxatiga sifat tavsiflarining mumkin boʻlgan qiymatlari toʻplamlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar va miqdor tavsiflari qiymatlarining diapazonlari kiritilishi kerak.
Mumkin boʻlgan qiymatlar toʻplamiga yoʻl qoʻyuvchi sifat tavsifining nomi va kodi RTK hamda RTP obyektlari klassifikatorida koʻrsatilgan qiymatlarning nomlari va qiymatlardan har biriga beriladigan kodlar bilan birga boʻlishi lozim.
32. Klassifikator tarkibiga klassifikatorning oʻzi toʻgʻrisidagi, shu jumladan quyidagi maʼlumotlar kiritilishi kerak:
a) klassifikatordan foydalanish qoidalari toʻgʻrisidagi;
b) klassifikatorni qoʻllash sohasi toʻgʻrisidagi;
v) klassifikatorning tasdiqlanganligi toʻgʻrisidagi;
g) kiritilgan oʻzgartishlar toʻgʻrisidagi va klassifikatordan foydalanish uchun zarur boʻlgan boshqa maʼlumotlar.
Kartografik axborotni raqamli tavsiflash quyidagi asosiy talablarga javob berishi kerak:
a) tegishli masshtablar topografik planlaridagi har qanday axborotni raqamli shaklda berish imkoniyatini taʼminlash;
b) raqamli topografik planlar tarkibiga kiritiladigan kartografik axborotning tuzilmasi va tarkibini belgilash;
v) RTK va RTP obyektlarining raqamli tavsifiga ularning oʻrnashgan joyi hamda planli qiyofasi barobarida mazmuniy tarkibi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni ushbu hujjat talablariga muvofiq aniqlikda, toʻla va toʻgʻri kiritish;
g) RTK va RTP obyektlarini obyektli-oriyentirlangan shaklda berishni amalga oshirish;
d) RKAga ishlov berishda uning talqin qilinishida bir maʼnolilikni taʼminlash;
e) RTK va RTP tuzilmasi hamda tarkibida nazarda tutilgan obyektlar mashinaviy yozuvlarining avtomatik shakllantirilishni taʼminlash.
33. Kartografik axborotni raqamli tavsiflash quyidagi guruhlarga birlashtirilgan qoidalardan foydalanib shakllantirilishi kerak:
a) RTK va RTP obyektlarini lokalizatsiyalash tavsifini aniqlash qoidalari;
b) RTK va RTP obyektlari metrikasini taqdim etish qoidalari;
v) RTK va RTP obyektlari semantikasini taqdim etish qoidalari;
g) RTK va RTP obyektlarining fazoviy-mantiqiy bogʻlanishlarini raqamli tavsiflash qoidalari.
34. Lokalizatsiyalash tavsifiga koʻra RTK va RTP obyektlari quyidagilarga boʻlinishi kerak:
a) diskret;
b) chiziqli;
v) maydonli;
g) yozuvlar.
35. Raqamli tavsifni shakllantirishning murakkabligi boʻyicha RTK va RTP obyektlari quyidagilarga boʻlinishi kerak:
a) oddiy;
b) murakkab.
RTK va RTP nomenklatura varagʻini grafik aks ettirishda qoʻllaniladigan koordinatalar sistemasiga nisbatan oriyentirlashning xarakteri boʻyicha obyektlar quyidagilarga boʻlinishi kerak:
a) standart-oriyentirlangan;
b) nostandart-oriyentirlangan.
36. RTK va RTPning har bir muayyan obyektini raqamli tavsiflash oʻz ichiga quyidagilarni olishi shart:
a) nomeri;
b) metrikasi;
v) semantikasi.
37. RTK va RTP murakkab obyektlarini lokalizatsiyalash tavsifini aniqlash qoidalari uning tarkibidagi lokalizatsiyalash tavsifi murakkab obyektni lokalizatsiyalash tavsifini belgilovchi asosiy obyektni ajratish qoidalarini oʻz ichiga olishi lozim.
Misol: “avtoyoʻl” oddiy chiziqli obyekt tavsifi va “koʻprik” yoki “suv oʻtkazish quvuri” tipidagi bir-nechta oddiy diskret obyektlar tavsifidan iborat “avtoyoʻl” murakkab obyektining lokalizatsiyalash tavsifini aniqlashda unga “avtoyoʻl” asosiy obyektining lokalizatsiyalash tavsifiga muvofiq “chiziqli” lokalizatsiyalash tipini berish lozim.
38. RTK va RTP obyektlarini lokalizatsiyalash tavsifini belgilash qoidalari quyidagilarni tavsiflash zaruriyatini belgilovchi holatlarni oʻz ichiga olishi kerak:
a) joyning bir nechta obyektlarini RTK va RTPning bitta obyekti bilan;
Misol: RTK va RTPning “butazor” obyekti sifatida tavsiflanadigan butalar guruhi, RTK va RTPning “siyrak oʻrmonzor” sifatida tavsiflanadigan yakka turgan daraxtlar va h.k.;
b) RTK va RTPning yagona obyekti sifatida qandaydir xarakterli xususiyatlarga ega joy obyektining alohida qismlari;
Misol: alohida uchastkalari koʻprik, damba, toʻgʻon va h.k.lar boʻyicha oʻtuvchi yoʻl tavsifi yagona obyekt deb beriladi;
v) joy obyektining RTK va RTPning mustaqil obyektlari sifatidagi alohida qismlarini;
misollar:
ayrim uchastkalari chiziqli, boshqa uchastkalari esa — maydonli obyekt sifatida tavsiflanadigan daryo;
“yoʻllar soni” tavsifi yoki “elektrlashtirilgan, elektrlashtirilmagan” tavsifi oʻzgarganda temir yoʻllar uchastkalarini RTK va RTPning mustaqil obyektlari sifatida tavsiflash.
39. RTK va RTP obyektining metrikasi nuqtalarning berilgan koordinatalar sistemasidagi, uning oʻrnashgan joyi hamda planli qiyofasini tegishli masshtab RTK va RTPlariga qoʻyiladigan talablarga javob beruvchi aniqlikda belgilaydigan koordinatalari bilan tavsiflanishi lozim.
40. RTK va RTP diskret obyektining metrikasi quyidagilarni oʻz ichiga olishi kerak:
a) diskret standart-oriyentirlangan obyektda — obyekt markazi oʻrnashgan joy nuqtasining koordinatalari;
b) diskret nostandart-oriyentirlangan obyektda — yoʻnalishni birgalikda beruvchi ikkita nuqta koordinatalari, ulardan biri obyekt markazi oʻrnashgan joyni, boshqasi — obyekt oriyentatsiyasini belgilaydi.
41. RTK va RTP chiziqli obyektining metrikasi obyektning butun uzunligi boʻyicha uning oʻq chizigʻida joylashgan nuqtalar koordinatalari massivi bilan berilishi lozim.
Nuqtalar koordinatalari massivining tarkibi uni quyidagilar bilan shakllantirishning bir qator variantlarini nazarda tutishi kerak:
a) obyektning boshi va oxiri nuqtalarining mos keladigan koordinatalari bilan;
b) obyektning bosh va oxiri nuqtalarining mos kelmaydigan koordinatalari bilan;
v) obyektni keyinchalik qaytadan tiklashda chiziqning egilishini (egri-bugriligini) saqlashni taʼminlovchi nuqtalar zichligi bilan;
g) siniq chiziqning burilish burchaklari uchlarini qayd etuvchi nuqtalar bilan;
d) metrikani raqamli tavsiflashning reglamentlanadigan boshi bilan;
e) metrikani raqamli tavsiflashning ixtiyoriy boshi bilan.
42. Maydonli obyektning metrikasi obyektning chegara chizigʻida uning butun uzunligi boʻyicha joylashgan nuqtalar koordinatalari massivi bilan, birinchi va oxirgi nuqtalar koordinatalarining teng boʻlishi sharti bilan berilishi kerak.
Maydonli obyektni ajratishda raqamli tavsiflash qoidalari obyektlarning quyidagi tiplari mavjudligini inobatga olishi lozim:
a) chegaralari yaqqol aniqlanadigan obyektlar;
b) chegaralarining holati obyektlarning oʻz xususiyatlarini inobatga olib aniqlanadigan obyektlar.
Nuqtalar koordinatalari massivining tarkibi uni quyidagilar bilan shakllantirishning quyidagi bir qator variantlarini nazarda tutishi kerak:
a) obyektni keyinchalik qayta tiklashda chiziqlar egri-bugriligining saqlanishini taʼminlaydigan nuqtalar zichligi bilan;
b) siniq chiziqning burilish burchaklari uchini qayd etuvchi nuqtalar bilan.
43. RTK va RTP obyektining “yozuv” lokalizatsiyalash tavsifiga ega metrikasi quyidagilar tarkibiga kiruvchi nuqtalar koordinatalari massivi bilan berilishi kerak:
a) yozuv boshini bogʻlash nuqtasining standart-oriyentirlangan koordinatasi yozuvlari;
b) kesim boshi va oxiri nuqtalarining nostandart-oriyentirlangan va toʻgʻri chiziq kesimi boʻylab joylashgan koordinatasining yozuvlari;
v) nostandart-oriyentirlangan, egri chiziq boʻylab joylashgan yozuvlar — chiziqning uchta va undan ortiq nuqtalarining koordinatalari.
44. RTK va RTP murakkab obyektining metrikasi uning tarkibidagi barcha oddiy obyektlar metrikasini tavsiflashi zarur. RTK va RTP obyektlarining metrikasi barcha obyektlarning metrik muvofiqligini taʼminlashi kerak. Ushbu talabni taʼminlash uchun RTK va RTP obyektlarning metrikasini berish qoidalari quyidagilarni nazarda tutishi kerak:
a) tutashgan obyektlar metrikasida chiziqli bitta obyekt boshqasiga yoki maydonli obyektga tutashgan hollarga tegishli umumiy nuqtalarning mavjudligi;
b) tutashgan obyektlar metrikasida maydonli bitta obyekt ikkinchisiga tutashgan hollarga tegishli umumiy kesimlarning mavjudligi;
v) chiziqli obyekt RTK va RTP nomenklatura varagʻining ichki ramkasiga tutashgan hollarda obyektning birinchi yoki oxirgi nuqtasining ramka chizigʻida joylashtirilishi;
g) maydonli obyekt chegarasining bir qismining uning RTK va RTP nomenklatura varagʻining ramkasiga tutashgan joyida ramka chizigʻida joylashtirilishi.
45. RTK va RTP obyektlarini raqamli tavsiflash qoidalari RTK hamda RTP obyekti metrikasini berishning reglamentlanadigan va ixtiyoriy boshlanishiga ega obyektlarni belgilashi lozim.
RTK va RTP nostandart-oriyentirlangan diskret obyekti metrikasining birinchi nuqtasi tavsiflanadigan obyektning geometrik markazida yotishi kerak.
46. RTK va RTP chiziqli obyektlarining metrikasini berish qoidalari metrika birinchi nuqtasini tanlashning quyidagi variantlarini nazarda tutishi lozim.
Gidrografiya obyektlarini (daryolar, jilgʻalarni) tavsiflashda ularning metrikasining birinchi nuqtasi obyekt “boshlanishidan etagiga qarab” yoʻnalishida tavsiflanishini taʼminlashi kerak.
Relyefning qiyalik yoʻnalishining tavsifi bilan bogʻliq, kelib chiqishi jihatdan tabiiy yoki sunʼiy boʻlgan obyektlarini (gorizontallar, jarliklar, karyerlar va h.k.) tavsiflashda, metrikaning birinchi nuqtasini tanlash qiyalik yoʻnalishini aniqlash bilan muvofiqlashtirilishi lozim.
Misol: agar qiyalik yoʻnalishi “obyekt chizigʻidan oʻng tomonga-qiyalik boʻyicha pastga” qoidasi bilan berilgan boʻlsa, u holda obyektning chetki nuqtalaridan yuqorida keltirilgan qoidani qanoatlantiradigan bittasi metrikaning birinchi nuqtasi hisoblanadi.
47. RTK va RTP maydonli obyektlarining chegaralarini tavsiflashda boshlangʻich nuqtaning oʻrni ixtiyoriy ravishda olinadi. Bu qoidadan istisnolar tegishli texnologik hujjatlarda taʼriflanishi lozim.
Lokalizatsiya tipi “yozuv” boʻlgan RTK va RTP obyektlari uchun metrikaning birinchi nuqtasi yozuv u boʻylab joylashgan chiziq kesimining chapki chetida boʻlishi kerak.
48. RTK obyektining semantikasi quyidagilarni oʻz ichiga olishi lozim:
a) obyektning, uning RTK va RTP obyektlari klassifikatori boʻyicha nomiga muvofiq kodi;
b) lokalizatsiyalash tavsifi kodi;
v) obyekt tavsiflarining raqamli taʼrifi.
RTK va RTP obyekti tavsifining raqamli taʼrifi quyidagilarni oʻz ichiga olishi kerak:
a) tavsifning, uning RTK va RTP obyektlari klassifikatori boʻyicha nomiga muvofiq kodi;
b) mazmuni (agar mavjud boʻlsa);
v) bogʻlash nuqtasining (nuqtalarining) koordinatalari (zaruratga koʻra).
49. Tavsifning mazmuni, agar RTK va RTP obyektlari klassifikatoriga muvofiq tavsif koʻp mazmunli boʻlsa, quyidagi variantlardan biriga muvofiq kelishi lozim:
a) miqdor tavsiflari uchun — uning son qiymati;
b) sifat tavsiflari uchun — tegishli mazmunning kodi.
50. Fazoviy-mantiqiy bogʻlanishlarning raqamli taʼrifi RTK va RTP obyektlarining metrik muvofiqlashtirilishi bilan taʼminlanishi hamda ularning oʻzaro bogʻlanishlarining tavsifi toʻgʻrisidagi axborotni oʻz ichiga olishi kerak.
Qoidalarga muvofiq metrik muvofiqlashtirish bir-biri bilan kesishadigan va tutashadigan obyektlarning (chiziqli, maydonli, diskret) raqamli tavsifiga koordinatalari bir xil nuqtalarni (umumiy nuqtalarni), yondosh obyektlarning (chiziqli va maydonli) raqamli tavsifiga esa — metrikaning umumiy uchastkasini kiritish bilan taʼminlanishi lozim.
RTK va RTP obyektlarining oʻzaro bogʻlanish tavsifining raqamli taʼrifi obyektlar semantikasining raqamli tavsifiga tavsiflanadigan obyektning boshqa obyektlar bilan munosabatlari toʻplamini belgilovchi maxsus tavsiflarni kiritish bilan taʼminlanishi kerak.
51. RTK va RTPning sifatini nazorat qilish raqamli planni yaratishning barcha bosqichlarida amalga oshiriladi, chunonchi ishlar boshlanishida (boshlangʻich kartografik materialning sifatini boshlangʻich nazorat qilish), RTK va RTP larni yaratish jarayonida (RKA sifatini nazorat qilish), yakuniy bosqichda (RTK va RTP nomenklatura varaqlarini nazorat qilish hamda qabul qilib olish).
52. RTK va RTP sifatini nazorat qilish jarayonida uning anʼanaviy kartografiya bilan bogʻliq umumiy talablar barobarida, maxsus (modelli) talablarga ham muvofiqligi tekshirilishi lozim.
Umumiy talablarga quyidagilar kiradi:
a) semantik maʼlumotlarni ravshanligi;
b) obyektlarni identifikatsiyalash tizimining toʻgʻriligi;
v) vektorizatsiyalashning “silliqligi”, aniqligi va metrik axborot uchun belgilanganligi.
Maxsus talablarga quyidagilar kiradi:
a) topologik munosabatlarga rioya qilinganligi;
b) obyektlar shaklining aniq berilishi;
v) obyektlarning oʻzaro joylashuv mantiqi hisobga olinganligi;
g) “atoqli ot” tipidagi tavsif uchun — obyektning matn shakldagi atoqli oti.
53. Sifat nazorati tizimini dasturiy qoʻllash vositalari quyidagi protseduralarni avtomatik nazorat qilishni taʼminlashi kerak:
a) RTK va RTP nomenklatura varagʻi ramkasining oʻlchamlarini tekshirish;
b) metrikasiz yoki semantikasiz obyektlar mavjudligini tekshirish;
v) obyektlarning mavjudligi shart boʻlgan tavsiflarining borligi va ular shakllantirilishining toʻgʻriligini tekshirish;
g) obyektlarning yoʻl qoʻyilmaydigan kodlaridan foydalanish, tavsiflar va tavsiflarning mazmuni boʻyicha tekshirish; balandlik belgilari va gorizontallarning muvofiqlashtirilganligini nazorat qilish;
d) gorizontallarga berilgan balandlik qiymatlarini nazorat qilish.
54. RTK va RTP sifatini interaktiv nazorat qilish borasida dasturiy qoʻllash vositalari quyidagi protseduralarning bajarilishini taʼminlashi kerak:
a) axborotni nazorat qilish uchun rastrli tag qatlamdan (podlojkadan) foydalanish;
b) muayyan obyektlarga berilgan kod, tavsiflar va bogʻlanishlar toʻgʻrisidagi axborotni berish;
v) berilgan nuqtalar orasidagi masofalarni oʻlchash;
g) RTK va RTP nomenklatura varagʻi tarkibining turli elementlarini qoplash (birlashtirish);
d) RTK va RTP obyektlari grafik tasvirini topografik shartli belgilarda rastrli tag qatlam (podlojka) bilan bir vaqtda displey ekraniga chiqarish;
e) obyektlarning oʻz nomlari va tushuntirish yozuvlarini shriftlarining berilgan kodlariga muvofiq chiqarish;
j) RTK va RTP nomenklatura varagʻining pasport maʼlumotlarini berish.
55. RTK va RTPning sifati quyidagi koʻrsatkichlar boʻyicha baholanadi:
a) karta tarkibining toʻlaligi;
b) kartaning aniqligi;
v) RTK va RTP obyektlari identifikatsiyalanishining toʻgʻriligi;
g) RTK va RTP obyektlari tuzilmasi hamda berilishining mantiqiy muvofiqlashtirilganligi;
d) RTK va RTP nomenklatura varagʻi pasportining toʻldirilishi toʻgʻriligi.
56. RTK va RTPning aniqligi rastr tag qatlamidan (podlojkasidan) (yoki nazorat grafik nusxasidan) foydalanib tekshiriladi hamda obyektlarning boshlangʻich kartografik materialdagi tegishli obyektlarga nisbatan farqi bilan tavsiflanadi.
57. 1:5 000 — 1:500 masshtablardagi RTK va RTPlarda obyektlarining kontur nagruzkasi farqlari tekis hududlar uchun 0,20 mm dan, togʻli hududlar uchun — 0,30 mm dan oshmasligi kerak; oʻsimliklar qoplami va gruntlarning konturlari holatidagi farq 0,40 mm dan oshmasligi kerak.
58. RTK va RTP gorizontallarining holatidagi xatoliklar boshlangʻich kartografik materialdagiga nisbatan quyidagilardan oshmasligi kerak:
a) yassi tekis hududlarda kesim balandligining ikkidan bir qismidan;
b) past togʻli va baland togʻli hududlarda kesim balandligining uchdan bir qismidan;
v) gorizontallar relyef shaklini toʻgʻri aks ettirishi va balandlik belgilari bilan muvofiqlashtirilishi kerak.
Bunda relyefning asosiy tuzilmaviy chiziqlari hamda xarakterli nuqtalarining holati (suv ayrigʻichlar, talveglar, togʻ bellari, qiyaliklarning bukilish joylari, choʻqqilar, chekkalar va h.k.) ularning boshlangʻich kartografik materialdagi holatiga muvofiq kelishi kerak.
59. RTK va RTPda siniq chiziqlarning ketma-ket ulanishida oʻz ifodasini topgan chiziqli obyektlar boshlangʻich kartografik materialda ushbu obyektlarga xos boʻlgan tavsifni saqlab qolishi lozim. Ravon koʻrinishli chiziqli obyektlar siniq burchaksimon egri-bugri burilishlarsiz boʻlishi kerak; shu bilan birga chiziqlarda burchaksimon burilishlar boʻlgan taqdirda, qiyshaytirilgan (silliqlangan) burchaklarga yoʻl qoʻyilmaydi.
Chiziqli obyekt konturining chizigʻi bazaviy chiziqqa nisbatan muntazam siljishlarga ega boʻlmasligi lozim va chiziqli obyektning rastrli tasvirining biror-bir chetiga yaqin joylashmasligi kerak.
Karta masshtabida aks ettiriladigan joy obyektlarining geometrik shakli boshlangʻich kartografik materialga qatʼiy muvofiq kelishi kerak.
60. RTK va RTP obyektlarining toʻgʻri identifikatsiyalanganligini nazorat qilish obyektlar kodlarining hamda obyektlar tavsiflarining toʻgʻri belgilanganligini tekshirishni oʻz ichiga oladi.
61. RTK va RTPda kodsiz obyektlarni boʻlishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
62. Mantiqiy muvofiqlashtirilganlikni nazorat qilish RTK va RTP maʼlumotlarining tarkibi hamda berilishining quyidagi talablarga muvofiqligi darajasini belgilaydi:
a) RTK va RTP berilishining formati;
b) raqamli tavsiflash qoidalari;
v) klassifikatsiyalash va kodlash tizimi.
63. RTK va RTP nomenklatura varagʻining sifatini nazorat qilish uning pasporti toʻldirilishining toʻlaligini hamda toʻgʻriligini tekshirishdan boshlanadi. Pasportsiz, notoʻliq yoki notoʻgʻri toʻldirilgan pasport bilan RTK va RTP nomenklatura varagʻi qabul qilinmaydi.
64. Raqamli kartografik materialni raqamlashtirish sifati, tarkibining toʻlaligi va toʻgʻriligi nazorat grafik nusxasidan (NGN), raqamlashtirish bayonnomasi hamda kodlash qaydnomalaridan (vedomostlaridan) foydalanib nazorat qilinadi.
Raqamli kartografik materialni grafopostroitelda tayyorlash ham raqamlashtirish jarayonida, ham u yakunlangandan soʻng bajarilishi mumkin. NGNda chiziqli va maydonli obyektlar konturlari va soddalashtirilgan shartli belgilar geometriyasi aks ettiriladi, chiziqli va maydonli obyektlar uchun, talab qilingan hollarda, raqamlashtirish yoʻnalishi koʻrsatkichi aks ettiriladi. Raqamlashtirish bayonnomasi NGN olingandan keyin tayyorlanadi. NGN va raqamlashtirish bayonnomasi boʻyicha aniqlangan xatolar RKAni toʻgʻrilash uchun operatorga beriladigan korrektura mulohazalari varagʻida qayd etiladi.
65. Quyidagi materiallar bosqichma-bosqich tekshirilishi va qabul qilib olinishi lozim: boshlangʻich kartografik material, kodlash qaydnomalari (vedomostlari), raqamli kartografik materialni hamda NGN formulyarlari, semantik axborot listingi, shuningdek RKA birlamchi massivlari, ishlov berish uchun topshiriladigan RKA massivlari va saqlash formatida shakllantirilgan RKA massivlari.
