Moliyaviy xizmatlar ommabopligini oshirish, kichik va oʻrta biznesni qoʻllab-quvvatlashni kengaytirishga doir navbatdagi chora-tadbirlar toʻgʻrisida (PQ-204-son)
26.05.2026
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI PREZIDENTINING
QARORI
[Koʻchirma]
Tadbirkorlik subyektlariga ishonchli raqamli moliyaviy infratuzilma yaratish va sunʼiy intellekt texnologiyalaridan foydalangan holda moliyaviy xizmatlar koʻrsatishni joriy etish orqali ularning ommabopligini yanada oshirish maqsadida qaror qilaman:
I. Maqsadlar
1. Quyidagilar 2030-yilga qadar raqamli infratuzilma yaratish orqali moliyaviy xizmatlar ommabopligini oshirishning maqsadlari etib belgilansin:
(a) kichik va oʻrta biznes subyektlariga ajratiladigan kreditlar portfelini 3 baravarga oshirib, uning yalpi ichki mahsulotdagi ulushini 20 foizga chiqarish;
(b) banklar tomonidan taʼminotsiz onlayn mikrokreditlarni oʻrtacha 1 soat ichida ajratish imkonini yaratish va ushbu mikrokreditlar ulushini 60 foizga chiqarish;
(v) kredit tarixiga ega boʻlmagan kichik va oʻrta biznes subyektlariga moliyaviy xizmatlardan foydalanish imkoniyatini kengaytirish.
II. Raqamli moliyaviy platforma va muqobil skoringni joriy etish
2. Markaziy bankning kichik va oʻrta biznes subyektlariga moliyaviy xizmatlar koʻrsatishga oid quyidagi takliflari maʼqullansin:
(a) 2026-yil 1-iyulga qadar kredit olish uchun ariza berish hamda mazkur ariza boʻyicha bir nechta banklarning takliflarini olish imkonini beruvchi raqamli moliyaviy platforma (keyingi oʻrinlarda — Platforma)ni ishga tushirish. Bunda:
(i) kichik va oʻrta biznes subyektlariga taalluqli maʼlumotlar Platforma orqali 1-ilovaga muvofiq “Raqamli hukumat” tizimining Raqamli maʼlumotlar platformasidan olinadi va banklarga taqdim etiladi. Bunda ushbu maʼlumotlar 2027-yil 1-iyunga qadar begʻaraz asosda olinadi va taqdim etiladi;
(ii) Platformada qayta ishlangan va taqdim etilgan maʼlumotlar asosida banklar oʻzlarining ichki qoidalaridan kelib chiqib, tijorat takliflarini kichik va oʻrta biznes subyektlariga tanlab olish va foydalanish uchun taqdim etadi;
(b) 2026-yil 1-dekabrdan boshlab sunʼiy intellekt texnologiyalaridan foydalangan holda Platforma doirasida muqobil skoring modelini joriy etish;
(v) tijorat banklari tomonidan ikki oy muddatda sunʼiy intellekt texnologiyalaridan foydalangan holda mahallalarning ixtisoslashuvi va “oʻsish nuqtalari”ni hisobga olgan holda biznes gʻoyalarni ishlab chiqish va moliyalashtirish imkoniyatlarini shakllantirish orqali tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlashga yoʻnaltirilgan “AI maslahatchi” dasturini ishga tushirish.
3. Belgilansinki, muqobil skoring modelini yaratish va qoʻllash doirasida:
(a) 2-ilovada keltirilgan maʼlumotlar:
(i) 2028-yil 1-iyunga qadar tashkilotlarning zaxira maʼlumotlar bazalaridan axborot xavfsizligi va kiberxavfsizlik talablariga rioya etgan holda masofadan turib himoyalangan aloqa kanallari orqali toʻgʻridan-toʻgʻri begʻaraz asosda olinadi;
(ii) 2028-yil 1-iyundan boshlab “Raqamli hukumat” tizimining Raqamli maʼlumotlar platformasi orqali olinadi;
(b) skoring natijalari skoring oʻtkazilgan subyekt va banklarga oʻrnatilgan tartibda kredit byurolari orqali taqdim etiladi.
4. Platformani yuritish va muqobil skoring oʻtkazish maqsadida Markaziy bank huzuridagi “Axborotlashtirish bosh markazi” MCHJ ishtirokida masʼuliyati cheklangan jamiyat shaklida alohida yuridik shaxs (keyingi oʻrinlarda — Platforma operatori) tashkil etishga ruxsat berilsin. Bunda Platforma operatorining axborot tizimlari va resurslari “Axborotlashtirish bosh markazi” MCHJda joylashtiriladi.
III. Kichik biznes loyihalarini moliyaviy qoʻllab-quvvatlash
5. Belgilansinki, 2026-yil 1-iyuldan boshlab “Kichik biznesni uzluksiz qoʻllab-quvvatlash” kompleks dasturi (keyingi oʻrinlarda — Dastur) doirasida qoʻshimcha ravishda:
(a) avval Dastur doirasida mikrokreditdan foydalangan va ijobiy kredit tarixiga ega boʻlgan tadbirkorlik subyektlariga mikrokreditning garovsiz qismi 100 million soʻmdan 200 million soʻmgacha oshiriladi;
(b) “Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi” AJ (keyingi oʻrinlarda — Kompaniya) tomonidan quyidagilar taqdim etiladi:
(i) kichik tadbirkorlik subyektlariga kredit (lizing) miqdoridan qatʼi nazar, uning 5 milliard soʻmgacha qismi uchun belgilangan tartibda foiz xarajatlarini qoplash uchun kompensatsiya;
(ii) har yili Dastur asosida qoʻllab-quvvatlangan, oʻz faoliyatini kengaytirgan va yuqori koʻrsatkichga ega boʻlgan 100 ta tadbirkorlik subyektiga faoliyatini raqamlashtirish, xalqaro standartlarni va yashil texnologiyalarni joriy etish bilan bogʻliq xarajatlari uchun 300 million soʻmgacha grant.
IV. Qaror ijrosini tashkil etish, taʼminlash va nazorat
6. Markaziy bank:
(a) 2026-yil 1-avgustga qadar mazkur qarorga 2-ilovadagi maʼlumotlarni taqdim etuvchi tashkilotlar bilan birgalikda muqobil skoring doirasida maʼlumot almashinuviga oid texnologik yoʻriqnomalarni tasdiqlasin hamda maʼlumotlar almashinuvini yoʻlga qoʻysin;
(b) 2026-yil 1-avgustga qadar oʻz maʼlumotlar bazasidan bank sirini tashkil etuvchi maʼlumotlarni moliyaviy texnologiyalar bozori ishtirokchilariga taqdim etishni nazarda tutuvchi qonun loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;
(v) 2027-yil 1-mayga qadar oʻzini oʻzi band qilgan shaxslarga tadbirkorlik faoliyati uchun kredit ajratish jarayonida ularning toʻlov qobiliyatini mazkur qarorga 2-ilovada keltirilgan tegishli maʼlumotlar asosida baholash imkonini beruvchi skoring modelini tijorat banklari bilan birgalikda ishlab chiqsin;
(g) 2028-yil 1-aprelga qadar nobank kredit tashkilotlari, lizing kompaniyalari va moliyaviy texnologiyalar bozori ishtirokchilari xizmatlarini Platformaga ulash imkoniyatini yaratsin.
7. Platforma operatori:
(a) har ikki yilda kamida bir marotaba:
(i) Platformaning kiberxavfsizlik talablariga muvofiqligi boʻyicha “Kiberxavfsizlik markazi” DMda ekspertizadan oʻtkazilishini;
(ii) oʻzi tomonidan raqamlashtirish talablariga rioya etilishi boʻyicha Raqamli texnologiyalar vazirligi tomonidan auditdan oʻtkazilishini taʼminlasin;
(b) har chorakda Platforma orqali taqdim etilgan kredit takliflari natijalarini tahlil qilib, Markaziy bankka monitoring qilish uchun taqdim etib borsin.
8. Iqtisodiyot va moliya vazirligi ikki oy muddatda tadbirkorlikni rivojlantirish boʻyicha vakolatlar, vazifalar va qoʻllab-quvvatlash mexanizmlarini yagona tizim va vakolatli organda jamlashni nazarda tutuvchi qaror loyihasini Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga kiritsin.
9. Kompaniya ikki oy muddatda grant taqdim etiladigan 100 ta tadbirkorlik subyektini aniqlash tartibini tasdiqlasin hamda har yili may oyiga qadar grantlar taqdim etiladigan tadbirkorlik subyektlari roʻyxatini jamoatchilikka eʼlon qilib borsin.
11. Markaziy bank manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
12. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsan javobgar etib Bosh vazir oʻrinbosari J.A. Qoʻchqorov hamda Markaziy bank raisi T.A. Ishmetov belgilansin.
13. Qaror ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun masʼul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2026-yil 26-may,
PQ-204-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 26-maydagi PQ-204-son qaroriga 1-ILOVA
Raqamli moliyaviy platforma orqali “Elektron hukumat” tizimining Raqamli maʼlumotlar platformasidan olinadigan va taqdim etiladigan maʼlumotlar
ROʻYXATI
Izohlar:
* Muassis va rahbar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar shaxsga doir maʼlumotlar subyektining roziligi asosida olinadi.
** Maʼlumotlar toʻplamlarini taqdim etuvchi tashkilotlar rahbarlari ushbu maʼlumotlarning toʻliqligi, tizimlashtirilganligi, ishonchliligi va aniqligiga masʼul hisoblanadi.
*** Mazkur maʼlumotlarni ular olingan sanadan boshlab 20 kunga qadar Platforma bazasida saqlashga ruxsat beriladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 26-maydagi PQ-204-son qaroriga 2-ILOVA
Muqobil skoring doirasida almashiladigan maʼlumotlar toʻplamlari
ROʻYXATI
Izohlar:
* Muassis va rahbar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar shaxsga doir maʼlumotlar subyektining roziligi asosida olinadi.
** Maʼlumotlar toʻplamlarini taqdim etuvchi tashkilotlar rahbarlari ushbu maʼlumotlarning toʻliqligi, tizimlashtirilganligi, ishonchliligi va aniqligiga masʼul hisoblanadi.
